Adabiyot tarixida epistolyar janr alohida o‘rin tutadi. Adib va shoirlarning turli yozishmalari orqali biz ularning ruhiy dunyosi, ijodiy olamiga chuqurroq kirib boramiz. Olmon adabiyotining yirik vakili, shoir Fridrix Shillerning (1759–1805) boy, rang-barang, keng qamrovli ijodida zamonasining adabiyot, fan, madaniyat, san’at arboblari bilan yozishmalari muhim ahamiyat kasb etadi. Ijodining kattagina qismi adibning turli maktublaridan iborat bo‘lib (52 bosma toboqdan ziyodroq), ular Y.V.Gyote, V.Humbolt, V.Shlegel, I.Kant, G.Kyorner, A. Ifland va boshqalarga yozilgan xatlardir. (Faqat Y.V.Gyotega yo‘llagan maktublarining soni 200 dan ziyod – Sh.K). Mazkur xatlarda Shiller nafaqat buyuk shoir va dramaturg, ayni zamonda isyonkor talaba, hech vaqosi yo‘q darbadar, keyinchalik jurnalist, tarjimon, nihoyat, tarix va falsafa professori siymosida namoyon bo‘ladi.
Y.V.Gyote kotibi Ekkermanga (18.01.1825[1]) Shiller haqida “u hafta sayin o‘zgarib bormoqda. …har safar uchrashganimizda u menga donishmandroq, mulohazakorroq, oqilroq bo‘lib ko‘rinmoqda. Uning maktublari u haqdagi yorqin xotiralarimning eng ajoyibi va ular adib ijodining eng saralaridir. Uning oxirgi maktubini xazinamning eng qutlug‘, eng muqaddas mulki sifatida e’zozlayman”, – degan edi.
– Shu payt, – deb xotirlaydi X. P. Ekkerman, – Gyote o‘rnidan turdi-da, 1805 yil, 25 aprel kuni Shiller o‘limidan ikki hafta oldin, og‘ir xastalik chog‘ida yozgan maktubni olib chiqdi. “Mana qarang va o‘qib chiqing… Ko‘ryapsizmi, uning fikrlari qanchalik aniq va teran. Uning uslubida horg‘inlik, ishonchsizlik, tushkun kayfiyatni payqamaysiz. U ajoyib inson edi, endi yetilgan, kuchga, bilimga to‘lgan paytda bizni tark etdi”.
Vyurtemberg harbiy akademiyasi o‘n to‘qqiz yoshli talabasi F.Shillerning o‘z kursdoshi Sharfenshtaynga yo‘llagan maktubi o‘sha davr nemis adabiyotining “Bo‘ron va hujum” davriga xos bo‘lgan sentimental tuyg‘ular bilan yo‘g‘rilgan edi. Do‘stlik, o‘zidan kechish darajasida ishlash, Vatan istiqboli uchun kurash mavzusi shoir maktublarining asosiy mohiyatini belgilaydi. Do‘stlik uning uchun hissiyotlar olami bo‘libgina qolmay, balki insonni ma’nan va ruhan shakllantiruvchi adabiy-ijtimoiy faoliyatdir. Bu o‘rinda shoirning ilk xatlari orasida kursdoshi Vilhelm Petersenga yo‘llagan maktubini eslash o‘rinli. Unda Shiller do‘stidan “samarasiz xushomad va maqtovlarni bir chetga qo‘yib, endigina bosilib chiqqan “Qaroqchilar”ni atroflicha tahlil etish va mulohazalarini bildirishni” so‘raydi. “Shunchaki oldi-qochdi va yuzaki muvaffaqiyatli chiqqan o‘rinlar va xatolar ro‘yxatini emas, balki dramatik talqinning chinakam tahlilini, asardagi tugun va yechimlar, dialoglarning nechog‘li tabiiy yoki aksincha ekanligini aytishingga umid bog‘lab, pesani senga yuboryapman”.
Oradan yillar o‘tib, Gotfrid Kyorner siymosida F.Shiller o‘zining bir umrlik norasmiy tanqidchisi va ilhomchisini kashf etadi. G. Kyorner nozik did egasi bo‘libgina qolmay, samimiy va sadoqatli, shu bilan bir qatorda qattiqqo‘l hakam edi. “Qaroqchilar” 1781 yil may oyida dunyo yuzini ko‘rgan. Mazkur asarning Manxaym teatrida 1782 yil 13 yanvarda sahnalashtirilgani yosh Shiller hayotida muhim voqea bo‘lgan. Asar premerasining muvaffaqiyati va pesaning Germaniya teatrlari sahnalari bo‘ylab tantanavor odimi Shiller hayotiy yo‘lini belgilab bergan asosiy hodisadir. Manxaym teatri rahbarlaridan biri baron fon Dalbergga yosh dramaturg yo‘llagan maktublar alohida e’tiborga loyiqdir. Dunyoqarashi frantsuz klassitsizmi ruhida tarbiyalangan Dalberg didiga Shiller “Qaroqchilar”i qanchalik ziddiyatli bo‘lib ko‘rinmasin, uning pesaga qiziqishi keyinchalik asarning tomoshabinlar tomonidan qizg‘in kutib olinishiga sabab bo‘ldi.
Shiller 1781 yil 6 oktyabrda Dalbergga yozgan xatida “Qaroqchilar”ni qay tarzda sahnabop qilib qayta ishlaganini quyidagicha bayon etadi:
“Menga yangi, shu bilan birga badiiy mukammal asarni yaratish avval bitilgan asarni qayta ishlashdan ko‘ra afzalroq ko‘rinadi. Menga xatolarni tuzatish, pesa kompozitsiyasini o‘zgartirish, sahna imkoniyati chegaralangani bois parter va galereyalar noqulayligi va boshqa shartliliklar tufayli muvaffaqiyatli o‘rinlarni boy berish malol keldi”. Baron Dalbergni yuqorida qayd etilgan “ikir-chikir”lar emas, balki pesada ifodalangan siyosiy hodisalarning dolzarbligiga qaratilgan tanqid xavotirga solardi va shu sababli Shillerdan pesadagi voqealarni ikki yuz yil oldingi German imperiyasidagi Maksimillian II hukmdorlik qilgan davrga ko‘chirishni talab qilgan. “Bunday qilish menga ma’qul emas. Chunki asarda keltirilgan personajlar zamonaviy va ma’rifatli kishilardir. Shu sababli pesadagi voqealar sodir bo‘ladigan vaqtni o‘zgartirish asarning badiiy yaxlitligiga putur yetkazadi. Men esa buni hech qachon xohlamayman”, – deb javob bergan edi adib. Dalbergning qayta-qayta iltimoslariga Shiller atroflicha asoslangan, rad etishning imkoni bo‘lmaydigan misollar bilan javob beradi (12.12 .1871).
Shiller maktublarni egasiga yo‘llar ekan, uning fikrlariga ijobiy munosabatda bo‘ladi. Noma so‘ngida esa xolis xulosasini aytishdan qaytmaydi, shu zahotiyoq o‘zining yuqori martabali mulozimligi yodiga tushib, “otaning farzandga qayishgani uchun ma’zur tutishini” iltimos qiladi. (Bu o‘rinda asar muallifi sifatida o‘z pesasida ilgari surilgan g‘oyalarni himoya qilishi nazarda tutiladi – Sh.K).
“Qaroqchilar” asarini Manxaym teatrida sahnalashtirish jarayonida siyosiy jihatlari qanchalik pardalanmasin, asar ijtimoiy soxtalik va hukmdorlarning ikkiyuzlamachiligi, o‘sha davr Germaniyasining ijtimoiy-siyosiy tizimiga qarshi qaratilgan da’vat bo‘lib jarangladi. Asar muallif nomi ko‘rsatilmay chop etildi va sahnalashtirildi. Ammo muallif nomi Germaniya bo‘ylab tez tarqaladi va shoir mashhurlik supasidan joy oladi. O‘z asarining premerasida ishtirok etish uchun pinhona Manxaymga borgan talaba o‘quv yurtini ijozatsiz tark etgani uchun ikki haftalik avaxtaga tashlanib, tez orada undan mualliflik huquqi olib qo‘yiladi. Shoir bu voqeadan keyin erkin ijod ilinjida Vyurtemberg gertsogligi sarhadlarini tark etadi. Darbadarlikda Shtutgartdan Manxaymga, so‘ng piyoda musiqachi do‘sti Andreas Shtrayxer bilan birga Gyotening ona shahri Frankfurtga boradilar. O‘sha paytda Shtutgartda bo‘lgan Dalbergga yozilgan maktub uning tushkun kayfiyati va nochor holatidan darak berar edi (30.09.1782). “Quvg‘indaman” degan kalom holatim va ruhiyatim ifodasidir. Shu narsa ayni haqiqatki, birorta ham erksevar ravnaq va mukammallikka mendek muhtoj bo‘lmagan”.
1783 yil baron Dalberg Shillerni Manxaymga taklif etadi. U Xenriyetta fon Voltsogenga (11.09.1783) yo‘llagan maktubida Dalberg dramaturgni Manxaymga taklif etar ekan, qanday shartlar qo‘yganligi, o‘zining betobligi, o‘sha paytda bu shaharda tarqagan bezgak xastaligi minglab kishilar yostig‘ini quritgani haqida yozadi. Garchi shoirning salomatligi yomonlashib, teatr ma’muriyati qo‘ygan shartlarni bajarishga qurbi yetmasa-da, ikki pesa – “Genuyada fiyesko fitnasi” hamda “Makr va muhabbat”ni yozib topshiradi. “Makr va muhabbat” premerasi 1784 yilning 15 aprelida bo‘lib, bu asar asosiga Shiller jamiyat ziddiyatlari – hukmdor oqsuyaklar, mute burgerlik va quyi tabaqa muammolarini qo‘yadi. Meshchanlik tragediyasi deb atalgan bu asar voqealari nemis zaminida o‘sha davr voqeligi fonida sodir bo‘ladi. Tanqidchilar bu asarni birinchi nemis siyosiy-tendentsioz dramasi deb ataganlar.
Shoir hayotining asosiy qismini muhtojlik bilan o‘tkazgandi. O‘shanda teatrlarda paydar-pay qo‘yilgan asarlariga arzimas qalam haqi to‘lanar, noshirlar esa kitoblarini qayta-qayta tekinga nashr qilardi. Ammo Shillerga beradigan birdan-bir taskin bu muxlislarining e’zozi, ehtiromi va qizg‘in muhabbati edi.
Shiller layptsiglik notanish muxlislaridan hayrat to‘la maktub olganligini Xenriyeta fon Voltsogenga ma’lum qiladi (07.06.1784). “Bir necha kun avval, – deb yozadi Shiller, – Layptsigdan bir banderol oldim. Unda umuman notanish kishilardan asarlarim va menga nisbatan mehr-muhabbat bilan yo‘g‘rilgan to‘rtta xat bor ekan. Maktub yo‘llaganlardan ikkitasi go‘zal xonimlar bo‘lib, ulardan biri menga ajoyib hamyon tikib yuboribdi. Yuborilgan sovg‘a o‘ta nozikligi, did bilan tikilganligi sababli betakror va noyob ekanligi shundoqqina ko‘rinib turibdi. Ikkinchi xonim o‘zi va uch sherigi kimlar ekanligini ajoyib tarzda rasmga muhrlabdiki, manhaymlik barcha rassomlar uning san’atiga tan bermay ilojlari yo‘q. Uchinchisi bo‘lsa menga xush yoqishini o‘ylab, “Qaroqchilar”dagi she’rlarga kuy bastalabdi. Ko‘rdingizmi, azizam, ba’zan do‘stlaringiz kutilmagan quvonchlarga ham musharraf bo‘ladi. Bu yana shunisi bilan quvonchliki, maktublar har qanday ta’madan xoli qalb xayrixohligi bilan bitilgan. Ularda saxiy qalbning ehtiromidan o‘zga niyat yo‘q, muxlislarning yagona maqsadi – asarlarim mutolaasi jarayonida ularga taqdim etilgan quvonchli lahzalar uchun minnatdorchilik izhor etish. Bunday in’om menga har qanday mukofotlardan qadrli. Asar ustida o‘tkazgan minglab mashaqqatli daqiqalarim uchun quvonchli sovg‘adir. Bular haqida o‘yga tolganimda, dunyoda hali meni sevadigan, meni taniganlaridan xursand bo‘ladigan, yuz yil, balki undan ortiqroq yillar o‘tib, odamlar haqimga duo o‘qisalar, qabrim tepasida ko‘z yosh to‘ksalar, o‘shanda, azizam, shoirlik taqdirimdan quvonib, Xudoga shukrona aytaman”.
Fridrix Xuber va Gotfrid Kyornerga yozilgan ilk maktublar yosh Shiller ruhiy olamini anglash uchun muhim adabiy manba bo‘lib xizmat qiladi. Mazkur maktublar Shillerning “Don Karlos”iga singdirilgan samimiyati bilan o‘quvchini hayratga soladi. Layptsigga tashrif buyurgan shoir u yerda Fridrix Xuber va opa-singillar – Xuberning qallig‘i Dora va Kyornerga unashtirilgan Minna bilan tanishadi. Gotfrid Kyorner o‘sha paytda davlat yumushlari bilan Saksoniya poytaxti Drezdenda bo‘lib, shoir bilan xat orqali muloqot qilib turadi.
G. Kyorner xatiga javoban, Shiller (7.10.1785) “Men endi shoir sifatida orzu qilgan ishlarni amalga oshirsam bo‘ladi, deya o‘ylayman”, – deb yozadi. Shiller do‘sti G. Kyorner siymosida ilhomchi, do‘st, sirdoshni kashf etganini yozadi. Darhaqiqat, G. Kyorner uning chinakam do‘sti, o‘quvchisi, tanqidchisi, qolaversa, maslahatgo‘yiga aylanadi. “Shunday qilib, – deya murojaat etadi shoir do‘sti Kyornerga, – qadrdon, sadoqatli do‘st sifatida, haqiqat, shuhrat, baxt sari sayohatimda menga hamrohlik qilishingizda sizga oq yo‘l tilayman… (07.05.1785 y)”.
Ikki maslakdoshning o‘zaro yaqinligi Shillerni Kyorner ishlaydigan va istiqomat qiladigan Drezdenga ko‘chib o‘tishga undaydi. U 1785 yilning oktyabr oyi oxiriga qadar Kyornerning Loshnitsadagi xushmanzara bog‘ida har qanday moddiy tashvishlardan xoli tarzda umr kechiradi.
Layptsig-Drezden shahrida bitgan maktublari Shillerning g‘oyaviy va ijodiy evolyutsiyasini o‘rganish uchun boy material beradi. Ushbu maktublar mazmundorligi va samimiyati bilan ajralib turadi.
Kunlarning birida zamondoshi nemis faylasufyozuvchisi Tomas Abbt (1738–1766) kitobini o‘qib, o‘zini kitob muallifi bilan qiyoslaydi va unda o‘zi bilan mushtarak fazilatlar borligini sezib, quyidagilarni qayd etadi: “Mulohazakorlik va tezlik, xayolparastlik va to‘porilik, sovuqlik va iliqlikni almashinishi kabi holatlarni o‘zimda ham his qilib turaman” (15.04.1785).
Mazkur maktub boshqa jihatlari bilan ham diqqatga sazovor. Undagi adibning ta’lim olish va darbadarlik yillariga daxldor lavhalar o‘quvchini e’tiborini tortadi. “Meni ko‘p narsalarni bilmasligim, talay bilimlarni olishim lozimligi dahshatga soladi va buni taassuf bilan his qilaman, axir hosil ko‘tarish uchun urug‘ sepish lozim-ku”. Xo‘sh, Shiller birinchi navbatda nima bilan mashg‘ul bo‘lish haqida o‘ylar va nimalarni o‘rganishni xohlar edi?
“Kundan-kunga tarix ilmi men uchun qiziqarli tuyilyapti. Bu hafta ichida men o‘ttiz yillik urush to‘g‘risidagi kitobni mutolaa qildim. Kitob o‘y-xayollarimni butunlay band etdi. Menga qolsa, o‘n yillar ichida tarixni o‘rganishdan boshqa ishga qo‘l urmasam. O‘shanda butunlay boshqa odam bo‘lib qolsam kerak. Shunda boy bergan imkoniyatlarimni qayta tiklash mumkin bo‘larmikan, nima deb o‘ylaysan?”.
Tarix saboqlari keyinchalik falsafa ilmi bilan omuxta bo‘ldi. U “Don Karlos”ni 1787 yil yozida nihoyalab, 1797 yilgacha tarixiy-falsafiy asarlar ijodkori sifatida faoliyat yuritdi. Bu – Shillerning Vaymarga ko‘chib o‘tish davriga to‘g‘ri keladi. Shillerning Vaymarga talpinishi bu shaharda Gyote, Gerder Viland va boshqa ijodkorlarning muhitida bo‘lish istagi bilan izohlanadi. Chunki XVIII asrning 70-yillariga kelib, Vaymar madaniy markazga aylangan edi.
1773 yilda bu shaharga Vaymar shahzodalariga murabbiylik qilish uchun yirik nemis ma’rifatparvar shoiri Xristof Martin Viland, 1775 yili Y.V.Gyote va 1776 yildan Gerder taklif etilgan edi. Shoir Kernerga yo‘llagan maktubida (28. 07.1787) Vilandning o‘zi haqidagi fikrlarini bayon etib: “Uning men haqimdagi fikrlari sizning bahongizga deyarli yaqin. Uning aytishicha, tasvirlarim tiniq, jonli kolorit mana man deb turgan emish, ammo tahrirga ehtiyojmand, u asarlarimdan nazokat, mayinlik topa olmagan emish. “Don Karlos” bilan tanishsin-chi, undan keyin yuqoridagi qusurlarni bilish men uchun juda qiziq”. “Don Karlos” bilan tanishgan Viland Shillerga qimmatli maslahatlar beradi. Unda kamida uch pesaga arzirli material borligini aytib, Shillerga g‘oyani taqsimlashda isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikni uqtiradi va Shillerning iste’dodi dramaga moyilligini aytib, yosh dramaturgning o‘ziga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi (14.10. 1787).
Keyinchalik Shiller Viland ta’sis etgan va boshqargan jurnal “Nemis merkuriysi” va “Umumiy adabiy gazeta”da u bilan hamkorlik qiladi.
Shiller 1787 yil iyulida Vaymarga kelgan paytda Gyote Italiyada bo‘lganligi sababli uchrasha olmaydilar. Shu yil sentyabridagi Gyote bilan ilk uchrashuv haqida Shiller do‘sti Kyornerga yozgan xatida (12.09.1788) Gyote haqidagi dastlabki taassurotlarini bildradi. “U (Gyote – Sh.K) mendan nafaqat yosh jihatdan, hayotiy tajriba hamda o‘z ustida ishlash borasida ham ilgarilab ketgan, hayotiy yo‘llarimiz hech qachon kesishmaydi chog‘i. U o‘zgacha zehn va qobiliyat egasi. Bizning dunyo haqidagi tasavvurlarimiz mohiyat-e’tibori bilan turlicha. Dastlabki uchrashuv va muloqotdan keyin bunday xulosaga kelish to‘g‘ri emasdir. Buni hali vaqt ko‘rsatadi”.
Shoirning maktublari turli mavzu va g‘oyalarni qamrab olgan. U do‘sti Xubergga murojaat etarkan, shunday yozadi: “Ixtiyorimizga nihoyasiz ko‘p narsa berilgan, ammo bizga berilgan mulkni hammavaqt ham qadrlay olmaymiz. Bu mulk – vaqtdir. Undan oqilona foydalanish bizga o‘zimizni hayratga solarli tarzda o‘zgartirishga yordam beradi”. Vaqt qudratini madh etgan Shiller, o‘ziga ajratilgan umr poyoniga yetayotganidan bexabar edi.
Shillerning xatlari bilan tanishar ekanmiz, milliy koloritga boy rang barang realistik portretlar va lavhalar galereyasiga duch kelamiz. Shiller 1787 yil kuzi va 1788 yil qish kunlari, o‘z ta’kidiga ko‘ra, o‘n ikki va undan ortiq soatlab ishga – ijodga sho‘ng‘ib ketadi.
Shiller ijodkor-tarixchi sifatida o‘z oldiga moziy ilmini “quruq fandan jozibador mashg‘ulotga” aylantirishni niyat qiladi. “Tarix menga qalamimni charxlash va yangi mavzular topishim uchun ko‘mak beradi”, deb yozgan edi Shiller 1788 yil yozida. Darhaqiqat, 1799 yilda – tarixni sinchkovlik bilan o‘rganishning o‘ninchi yili uning tarixiy trilogiyasi – “Vallenshtayn” yaratiladi.
Shu yillar ichida Shiller antik san’atning asrorlari bilan qiziqa boshlaydi. Homerni o‘qiydi, Esxil va Yevripidni tarjima qiladi. Qadimgi yunon pesalarini nemischaga o‘girib, dramaturgiya sir-sinoatlarini egallaydi. Bir muddat o‘tgandan keyin do‘sti Kyornerga yo‘llagan maktubida bu haqda “Toki men yunon tragediyasi haqidagi bilimlarni to‘la-to‘kis o‘zlashtirmas, o‘zimning tragediya haqidagi tusmollarimni aniq tushunchaga aylantirmas ekanman, dramatik mashqlarga qo‘l urmayman. Bundan tashqari, imkon boricha tarix haqidagi qarashlarimni boyitishim zarur”, – deya yozadi.
Adib 1792 yildan Kant falsafasini o‘rgana boshlaydi. Mazkur masala Shiller uchun estetika falsafasining eng muhim muammosiga aylanadi; u nafosatning ob’ektiv mezonini qidirar ekan, san’atning fan sari eltuvchi “ko‘prik” bo‘lishi kerakligini aytadi (13.03.1793). Bu bilan jamiyatni tinch yo‘l orqali qayta qurish asoslarini ob’ektiv qadriyat sifatida yaratmoqchi bo‘ladi. Zero, Shillerga ko‘ra, “chinakam go‘zallik va san’atdagi yetuklik insonni komillikka yetaklashi lozim”.
Ko‘rib turganimizdek, Fridrix Shillerning epistolyar merosi uning hayot va ijod yo‘lini keng, batafsil qamrab oladi. Bu maktublar orqali nafaqat shoir biografiyasi, balki u yashagan vaqtdagi madaniy-ijtimoiy muhit, tarixiy vaziyat va ijodiy jarayon bilan ham tanishamiz. Qolaversa, bunday maktublar har qanday ijodkorning badiiy dunyosiga kirish, uni to‘laroq kashf etish uchun ochqich vazifasini o‘taydi.
Shavkat Karimov,
O‘zDJTU professori
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 11-son
[1] Bu va keyingi o‘rinlarda xat yozilgan sana ko‘rsatilmoqda.