Shar’iy Juzjoniy. Jadidchilik harakatida Hoshim Shoyiq afandining o‘rni

Qadim buyuk turk davlatining asos­chilaridan biri Bilga Xoqonning bitik toshlarda yozdirib qoldirgan: “Ey turkiy elim, o‘zliginga qayt, o‘zligingni angla – yanada yuksalgaysan!”, degan da’vati yuz yil oldin Turkiston mustaqilligi uchun kurashgan jadidlar milliy ozodlik harakatining hayotiy shioriga aylangan edi.

Turkistonda jadidlar harakati xalqni zamonaviy ilm-fanga oshno qilish va shu yo‘lda turli sohalarda islohotlar o‘tkazish orqali muxtoriyat va erkinlikka erishishni maqsad qilgan edi. Tarix fanlari doktori Sayyid Akbar A’zamxo‘jayev bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Turkis­ton bo‘yicha “Sho‘roi islomiya”, “Turon”, “Sho‘roi ulamo”, “Ittifoqi muslimin”, “Ittifoq”, “Me’rojul islom”, “Miftahul maorif” va boshqa bir qator tashkilotlar mavjud edi. Jadidchilik harakati davomida ularning o‘z matbuoti shakllandi. 1905 yildan 1913 yilgacha jadidlar Toshkentda “Xurshid” (muharriri Munavvar Qori), “Shuhrat” (muharriri Abdulla Avloniy), “Taraqqiy”, Samarqandda “Samarqand”, Toshkentda “Sadoi Turkiston” (muharriri Abudulla Xo‘jayev), “Osiyo” va “Tujjor”, Buxoroda “Buxoroi sharif”, “Turon”, Qo‘qonda “Sadoi Farg‘ona” gazetalari va Samarqandda “Oina” (muharriri Behbudiy), Toshkentda “Hayya alassolah” (muharriri Abdurahman Sodiq o‘g‘li) jurnallarini nashr qilishdi.

Biz ushbu maqolamizda ana shunday inqilobiy g‘oyalar o‘zanida o‘sib ulg‘aygan va jadidlar harakatining rahbarlaridan biri, Afg‘onistonda mustaqil Buxoro jumhuriyatining elchisi bo‘lgan taniqli alloma Hoshim ­Shoyiq Afandi hayoti va faoliyati haqida so‘z yuritmoqchimiz.

Afg‘onistonda Shoyiq Afandi laqabi bilan shuhrat qozongan domla Muhammad Yoqub Muxlis o‘g‘li Muhammad Hoshim 1886 yil Marg‘ilon shahrida tug‘ilgan. So‘ng­ra oilasi bilan Buxoro shahriga ko‘chib kelib, Buxoro madrasalarida ta’lim olib, arab tili va adabiyoti, fiqh, mantiq va kalom ilmlarini o‘sha zamonning mashhur olimlaridan o‘rgandi va qori Hoshim nomi bilan tanildi.

Hoshim Shoyiq o‘sha davrda Turkiston ziyolilari orasida keng yoyilib borayotgan jadidlar harakati bilan chuqur aloqada edi. Ayniqsa, bu harakatning yetakchilaridan biri Mahmudxo‘ja Behbudiy bilan uning aloqasini Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi kutubxonadagi hujjatlardan topishga muvaffaq bo‘ldik.

Kutubxonaning jadidlar matbuoti saqlanadigan bo‘limida 1905 yildan 1913 yilgacha nashr etilgan gazeta va majallalar qatorida Mahmudxo‘ja Behbudiy bosh muharrirligida nashr qilingan “Oina” jurnalining 1322 hij­riy-qamariy yil robiul-avval oyi, 12-sonining oxirgi betlaridan birida quyi­dagi javob bor.

“Javob: Buxoroda janobi Shoyiqqa!

Bergan odamingizdan idorag‘a yetgani bir so‘m 45 tiyin, unga yarasha kitob yuborildi. Mushtariy bo‘lg‘onlarga “Oina” yuborilib turibdur. Ehtimolki, pochta muvazziydan (tarqatuvchisidan) boshqa kishi olib egasiga bermasa gazeta va majallaning ham o‘g‘ri va muftxoni bo‘lib, bu ham badaxloqning biridur”.

Yuksak iste’dodi bilan tanilgan qori Hoshim jadidlar tomonidan Turkiyaga yuboriladi va 9-10 yil oliy ta’lim olgandan keyin Kavkaz orqali Buxoroga qaytmoqchi bo‘ladi. Ozarbayjonliklar iltimosiga ko‘ra, Bokuda bir muddat turib, maorif sohasida ishlaydi. Bokuning ashrof va a’yonlari o‘z farzandlarini zamonaviy ta’lim olishi uchun uning ixtiyoriga beradilar. Buning evaziga u juda yaxshi daromad topa boshlaydi. Ana shu imkoniyatlardan foydalanib, 400 jilddan ortiq ilmiy va adabiy kitoblarni to‘plab, bir katta kutubxonaga asos soladi. U Bokuda uylanadi va bir qiz ko‘radi.

Shoyiq Afandi o‘z akasi bilan kelishuv asosida o‘n yildan ke­yin Buxoroda bo‘lishi shart edi. Shu sababli vatanga qaytmoqchi bo‘ladi, lekin ozarbayjonliklar uning qaytib ketishiga rozi emasliklarini bildirib: “Sen turk – biz turk, sen musulmon – biz musulmon. Bu yer ham sening vataning. Barcha kerakli sharoitni yaratib berdik. Bu yerda uylanding. Har holda ketishinga rozi emasmiz”, deyishadi.

Oxiri Hoshim Shoyiq qisqa vaqtga borib qaytishga so‘z berib, Buxoroga keladi. Jadidlar uni hurmat bilan kutib oladilar.

Ozarbayjonga qaytib ketish vaqti yetib kelganda uning ketishga jadidlar yo‘l qo‘ymaydilar. “Bizlar seni vatanga xizmat qilish uchun Turkiyaga yuborgan edik, endi zarurat chog‘ida qanday qilib bizlarni tashlab ketasan?..”, deyisha­di ular.

O‘shanda amir Olimxon Afg‘onistonga o‘tib ketgan, Buxoro mus­taqil davlat, deb e’lon qilingan edi. Oliy ta’lim olgan Hoshim Shoyiq tashqi ishlar vaziri va maorif vaziri vazifasini bajaruvchisi etib tayinlanadi. U pedagog mutaxassis bo‘lsa ham, Zakiy Validiy To‘g‘on o‘z xotiralarida ishora qilib o‘tganidek, yosh davlat kelajagi haqida o‘ylardi.

Yosh jadidshunos olim Bahrom Irzayev e’tirof etishicha, Munavvar qori taklifga binoan Buxoroga borib, ta’lim tizimini ko‘rib chiqish uchun Hoshim Shoyiq­ning uyiga borgan va u bilan o‘quv das­turini ishlab chiqqan. Shuning­dek, Rahmat Rafiq ma’lumotiga ko‘ra, Anvar posho o‘rtoqlari Somiybek va Muhyiddinbek bilan Buxoroga kelganda Ozarbayjonda katta shuhrat va e’tibor qozongan Hoshim Shoyiqni qidirib topadi va bir hafta uning uyida yashaydi.

1921 yil Buxoro mustaqil davlati bolsheviklar tomonidan ag‘darilgandan keyin, Hoshim Shoyiq Afandi elchilik vazifasidan iste’fo berib chet elga ketmoqchi bo‘ladi, lekin uning yaqin do‘stlaridan biri Mavlaviy Xol Muhammad “Muosirini suxanvar” kitobida yozishicha, amir Omonulloxon unga murojaat qilib, bizda qoling, sizga ko‘p ehtiyojimiz bor, deb iltimos qiladi. Ustoz Qobulda qoladi. U Ta’lim va tarbiya markazi raisi va maorif vaziri mushoviri lavozimlarida ishlaydi va yangi tashkil etilgan adabiyot fakulteti va qizlar oliy maktabida dars beradi.

Shoyiq Afandi Ta’lim va tarbiya markazida ishlab, Behbudiyning “Oina” jurnaliga o‘xshash “Oynai irfon” jurnaliga asos soladi va o‘n yilgacha uni o‘z nazorati ostida nashr etib turadi. “Oynai irfon” ilmiy-adabiy jurnal sifatida dunyo ilm va fanidan Afg‘onistonga qarata ochilgan bir darcha edi. G‘arb dunyosining zamonaviy ilm va fani, chog‘dosh adabiy maktablari, mashhur olim, adib va faylasuflarini shu darchadan ko‘rish va ularning nazarlari hamda dunyo­qarashlari bilan oshno bo‘lish mumkin edi. Asosiy maqolalarni ustozning o‘zi yozar yoki tarjima qilardi. Bu jurnal ziyolilar va o‘sib kelayotgan yosh avlod tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etdi. Ko‘p yillardan keyin jurnal nomi “Irfon” deb o‘zgartirilib, yaqin-yaqingacha o‘z yo‘nalishini saqlab keldi. Men ham bu jurnalning hamkorlaridan biri edim.

Professor Zakiy Validiy To‘g‘on o‘z xotiralarida 1923 yil hodisalari haqida ayrim ma’lumotlarni yozib qoldirgan. U yozadi: “Kobul shahriga yetib kelishimiz bilan Buxoro elchisi Hoshim Shoyiqni, Buxoro hukumatining sobiq raisi Usmonxo‘ja va uning do‘stlarini izlab topdik… “Turkiston milliy birligi” raisi sifatida Usmonxo‘ja, Hoshim Shoyiq, Mirzo Hisomuddin va bosh­qalarni chaqirib, bundan so‘ng qanday ishlashimiz haqida batafsil kelishib, ba’zi qarorlar qabul qilish kerakligini aytdim… Qabul qilingan qarorlarga ko‘ra, Mustafo Cho‘qayevni Ovropada vakil etib tayinlash, Hoshim Shoyiq­ni Afg‘oniston hukumati ruxsat bergan taqdirda Yaponiyaga yuborish…”.

Bundan ma’lum bo‘ladiki, Shoyiq Afandi jadidlar harakatining taniqli va ishonchli rahbarlaridan biri bo‘lgan. Shu bois Mustafo Cho‘qayni G‘arb o‘lkalarida Shoyiqni Yaponiyada Turkiston milliy ozodlik harakatining salohiyatli namoyandalari sifatida tayinlashga qaror qilinadi. Lekin Afg‘oniston hukumati, Shoyiq Afandiga bir yirik olim sifatida jiddiy ehtiyoji bo‘lgani uchun, uning chet elga chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi.

1929 yili amir Omonulloxon vatanidan chiqib ketishga majbur qilinadi. Nodirxon inglizlar himoyasi ostida davlat hokimiyati tepasiga ko‘tarilgandan keyin Omonulloxon davlatining oliy rutba rahbarlari va unga yaqin bo‘lgan shaxslarga qarshi ko‘tarilgan tuhmat va istibdodning qora to‘lqini Hoshim Shoyiq va boshqa ma’rifatparvarlarni ham chetlab o‘tmadi. Hoshim Shoyiq Afandi ham so‘roqqa tortilganlardan biri edi.

Hoshim Shoyiq Afandi Afg‘onistonda kechirgan 33 yillik hayoti davomida o‘ziga qarshi qo‘zg‘atilgan tuhmatlardan yetuk aqli, do‘stlari ko‘magi, hokimiyat hay’atiga mansub ayrim ma’rifatsevar kishilar yordamida fojiali oqibatlardan omon qoldi.

Ustoz Hoshim Shoyiq Afandi hijriy 1333 yili (milodiy 1954 yil) sunbula oyining 25 kuni hayotdan ko‘z yumdi. U ustoz Xaliliyga: “Mening yuzimni shimolga qaratib dafn eting­lar”, deb vasiyat qilgan ekan. Nega deb so‘rashganda, “Shu tomondan Buxoro shamoli kelib turadi”, deb javob bergan ekan. Marhum Shoiq Afandidan olti qiz qoldi. Katta qizi Nafisa otasidek yetuk fozila edi, xotin-qizlarning birinchi jurnali “Mirman”ga asos soldi. Ozarboyjonlik qizi Foyiqa Yaqubzoda ustozning vafotidan keyin Kobulga kelib, oila bilan tanishgan ekan.

Shar’iy Juzjoniy,
yuridik fanlar doktori, professor

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 50-son