Sharq bilan G‘arb xalqlari o‘rtasidagi mushtarak adabiy madaniy aloqalar tarixi olis asrlardan boshlangan. O‘rta asrlardayoq Sharq madaniyati ta’siri ostida Ovrupoda dunyoviy adabiyot, ilm-fan shakllana boshlagan edi. Bu jarayonda buyuk ajdodlarimiz Xorazmiy, Forobiy, Ibn Sino, Beruniy, Sa’di Sheroziy, Umar Xayyom, Alisher Navoiy kabi olim va donishmandlarning ijodi juda katta rol o‘ynagan va Ovrupo madaniyatining shakllanishiga turtki bo‘lgan edi. Natijada Sharq adabiyotiga xos an’anaviy olam go‘zalligini, ishq muhabbatni kuylash nemis adabiyotiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Buning natijasida Gyote va boshqa nemis shoirlari she’riyatida go‘zallikni madh etish, muhabbatni ulug‘lash, insonparvarlik, sevgi-sadoqat, firoq iztirobi tasviri ilohiy muhabbat darajasiga ko‘tarildi.
G‘arb she’riyatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan alloma shoirlardan biri Shamsiddin Muhammad Hofiz Sheroziydir. Hofiz she’rlarining shuhrati Sharqdagina emas, Yevropada ham keng tarqalgan edi.
XVIII asrning oxirlarida Hofiz she’riyatining hayotbaxsh ohanglari Reyn bo‘ylariga yetib kelib, shoirlar, olim, faylasuflarning ham diqqatini o‘ziga jalb etdi; ilk tarjimalari paydo bo‘ldi, ijodiga qiziqish boshlandi. 1791 yili Sharq she’riyatining muhibi Val Hofiz g‘azallaridan bir nechtasini nemis tilida nashr ettirdi. Bu – shoir asarlarining Yevropa tillariga qilingan birinchi tarjimasi edi. Shundan keyin Hofiz ijodiga qiziqish yanada kuchaydi. 1812 yili mashhur sharqshunos Yozef fon Hammer shoir devonining to‘la tarjimasini yaratdi. Bu tarjima Hofiz shuhratining butun Yevropaga yoyilishiga, nemis xalqi orasida bu san’atkorga nisbatan muhabbat uyg‘onishiga sabab bo‘ldi. Shoirlar, she’riyat muxlislari orasida o‘ziga xos “hofizxonlik”, taqlidiy she’rlar yozish avj olib ketdi. Doumer degan tarjimon tuzgan va “Hofiz” nomi bilan nashr etilgan to‘plam ana shunday qiziqish natijasi edi. Doumer Hofizning 200 dan ortiq g‘azaliga o‘xshatma yozadi. Bu she’rlarni Hofiz asarlarining tarjimasi deb bo‘lmaydi, albatta. Lekin uning she’rlaridagi chuqur lirik ma’nolarni sharhlaydigan bu majmua shoir ijodi nemislar orasida yanada kengroq tanilishi va shuhrat qozonishiga katta turtki bo‘ldi. Hammer nash-ri va Doumer to‘plami tufayli Gegel, Gyote, Hofiz ijodi bilan tanishishiga muyassar bo‘ldilar. Shoir g‘azallaridagi chuqur falsafiy-ijtimoiy fikrlar Gegelni o‘ziga maftun etdi, u Hofizni “Genial san’atkor, go‘zal, orombaxsh, ayni choqda, isyonkor she’rlar muallifi” sifatida ta’rifladi.
Mashhur nemis shoiri Iogann Volfgang Gyote 1812 yili Reyn bo‘ylariga qilgan sayohati vaqtida Hammer tarjimasi bilan tanishishga muyassar bo‘ladi. U uch oy davomida uyidan chiqmay, buyuk fors shoirining mashhur g‘azallarini mutolaa qiladi. Hofiz g‘azallarida tarannum etilgan insonparvarlik, mavjud ijtimoiy tuzumga g‘azab-nafrat, go‘zallikka, yashashga muhabbat, xaqiqiy insoniy sevgi Gyotega kuchli ta’sir etdi. Mana shu chuqur taassurot natijasida u 1814–16- yillar orasida sevgi-muhabbat mavzuida yangi, g‘oyatda latif she’rlar yaratadi va “G‘arblik muallifning Sharqiy devoni” (“Sharqu G‘arb devoni”) nomi bilan alohida nazm majmuasi tartib beradi. Gyote o‘z devonidagi she’rlarida Hofiz yaratgan obrazlardan, ijtimoiy-falsafiy fikrlardan foydalandi. Mazkur turkum she’rlarni “Mug‘anniynoma”, “Soqiynoma”, “Hofiznoma”, “Ishqnoma”, “Ranjnoma”, “Forsiynoma”, “Temurnoma”, “Xuldnoma”, “Masalnoma”, “Hikmatnoma”, “Tafsirnoma”, “Zulayhonoma” kabi bo‘limlarga ajratadi. Bu esa nemislar diyorida Hofiz ijodiga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytiradi. Doktor R.Opitsning yozishicha, o‘sha yillarda Hofiz she’rlari o‘qilmaydigan, uning ijodi ustida bahs yuritilmaydigan biron adabiy uyushma yoki to‘garak bo‘lmagan.
Shundan so‘ng Xo‘ja Hofiz ijodiga bag‘ishlangan maqolalar, tadqiqotlar, shoir asarlarining yangi-yangi tarjimalari, forsiy asl nusxasining nashrlari birin-ketin paydo bo‘la boshlaydi. 1863 yili Leyptsigda mashhur sharqshunos Brokgauz tahriri ostida shoir she’rlarining nemischa tarjimasi, asl nusxalari hamda 80 g‘azalga yozilgan izoh va sharhlar bilan chop etiladi. Nemis olimlari Hofiz asarlarini to‘laroq nashr etish, shoirning hayoti va ijodini mukammalroq yoritish ustida muntazam shug‘ullanadilar. Sharqshunos olim va tarjimon Binkunts fon Rozentsveyg 1858-63 yillar orasida Hofiz g‘azallarini o‘girish, asl nusxalari, to‘la matnlarini tayyorlash ustida ish olib boradi. U 1864 yili ko‘p yillik mehnatining mahsuli bo‘lgan Hofiz g‘azallarining to‘la tarjimasini asl nusxasi bilan birga nashr ettiradi. Bu tarjimada mashhur forsiy g‘azallarning mazmuni va ma’nosi, ularning ilg‘or g‘oyaviy-majoziy hususiyatlari, hofizona nozik badiiy san’atkorlik ancha mukammal aks etgan bo‘lib, u Yevropada Hofiz ijodi xususida olib boriladigan tad-qiqotlarga zamin yaratdi. Bu tarjimada Hofizning hayoti va ijodiga doir qisqacha ma’lumot ham berilgan.
1865 yili Hofiz g‘azallarining ixcham bir nusxasi yana Berlinda bosilib chiqdi. Buni noshir va tarjimon Neselman tayyorlagan. Bu nashrlar ichida Fridrix Bodenshted va doktor R.Opitsning Hofiz hayoti va ijodiga bag‘ishlangan tadqiqotlari alohida diqqatga sazovor.
Fridrix Bodenshted 1876–77-yillar orasida Hofiz she’rlarining yangi go‘zal tarjimalarini yaratadi. “Sheroz bulbuli” nomli bu to‘plamga yozilgan 27 sahifalik so‘z boshida Bodenshted shoirning ijodi, g‘azallariga xos g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari va san’atkorlik mahoratini tadqiq qilishga intilgan.
Shamsiddin Muhammad Hofiz Sheroziy ijodini o‘rganish va targ‘ib qilish borasida nemis olimlari, adiblari yana bir qancha ishlarni bajardilar. Fors-tojik adabiyoti, Osiyo xalqlari adabiyotiga bag‘ishlangan ilmiy ishlarda, to‘plam va kitoblarda Hofiz asarlari, u haqdagi ilmiy maqola, beografik ma’lumotlar munosib o‘rin oldi. Yangi tarjimalar yuzaga keldi. 1919 yildan 1957 yilga qadar Xo‘ja Hofiz devoni ikki marta (Myunxen va Dyusseldorfda), g‘azallaridan majmualar uch marta (Bazel, Hamburg, Myunxenda) tarjima qilinib nashr ettirildi. 1966 yili Leyptsigda chop qilingan “Jahon xalqlari adabiyoti fihristi” nomli katta kitobda fors-tojik adabiyotining boshqa mumtoz adiblari qatori, Hofiz ijodiga ham maxsus bo‘lim ajratilgan.
Keyingi davrlarda yaratilgan Hofiz g‘azallari tarjimalari orasida shoir va tarjimon Valter Vilgelm tomonidan o‘girilib, “Hofiz guldastasi” nomi bilan Leyptsigda (1970) nashr etilgan yangi majmua ayniqsa qimmatlidir.
Nemis olimlari va shoirlari Hofizning ijodi haqidagi tadqiqotlari, asarlarini tarjima qilish va nashr etish orqali bu ulkan san’atkorni Yevropaga tanitdilar. Chunki G‘arbiy Yevropadagi boshqa tillarga qilingan tarjimalarining ko‘pchiligi ana shu nemischa tarjimalar yoki nemis olimlari nashr etgan asl nusxalarga asoslangan.
Hofiz ijodi haqida Gyote shunday yozadi: “Ey, Hofiz! Sening so‘zlaring abadiyat kabi buyukdir, uning avvalu oxiri yo‘q erur. Sening kaloming osmon gumbaziday o‘zi alohida olam, g‘azaling matla’dan maqta’sigacha bir xildur, hamma satrlari jamol va kamol qiyomiga yetgan. Biron kun falakning gardishi bilan diydoringga yetmoq nasib etsa, ey, Samoviy Hofiz, yolg‘iz sen bilan va sening yoningda bo‘lishni va sen bilan boda ichish va sen kabi oshiq bo‘lish orzuimdir, chunki bu hayotimning faxri va umrimning manbaidir”.
“Was ich mit auberem sinn mit innerzen kenne Ah alle belehrande, kenn ich durch dich.”
Mazmuni “Men dunyoda nimani bilishga qodir bo‘lsam, bularning barini sen orqali bilaman, Ey dono dilbar”,– deb yozadi.
Ayo, Hofiz! Rahnamo senBizday mastonalarga.
Boshla qadah jarangi-la
Mayxonalarga.
Hofiz Gyoteni o‘ziga sehrlab qo‘ygan edi. Shoir o‘z “Devon”ida Hofizning nomini 32 marta tilga oladi, har esla-ganda shoir fikrlari teranligi va yangiligiga qoyil qoladi.
“Devon”da shoir (Gyote) faqat Hofizgagina murojaat etmaydi, naqllar, afsonalar, hatto Qur’onning ayrim suralari ham unga ilhom beradi.
Qur’oni Karim ilk bor lotinchaga 1422 yili Bazelda Teodor Bibliandr tomonidan tarjima qilingandir. Gyote shunday yozadi: “Biz Ovro‘pa xalqlari butun madaniy imkonlarimizga qaramay Hazrati Muhammad (s.a.v.) zabt etgan pillapoyaning endi birinchi pog‘onasi-damiz, shubha yo‘qki, hech kimsa undan o‘tib ketaolmaydi”. “Insoniyat har jihatdan Hazrati Muhammad (s.a.v.) oldida qarzdordir”. Gyote “Hazrati Muhammadga qasida” nomli asarida: “Qur’on kitoblarning a’losi ekanli-giga islomiy e’tiqod va burch tufayli ishonaman”,– deb yozadi (Ilohiy mo‘jizalar № 2, 4, 5-betlar).
Gyote “Devon”ga Hofiz lirikasining motivlari, obrazlari, qahramonlari bilan birga barcha Sharq shaharlari nomlarini, kiyim-kechak, o‘simliklar, qimmatbaho buyumlar, sharq turmushi, odatlari, e’tiqodiga xos nomlar – hammasi bo‘lib bir yuz o‘n ikki xil nomni keltiradi.
Gyote o‘zining “G‘arbu Sharq Devoni”ning “Hikmatnoma” bo‘limida:
Vaqtingni aylama sarfBehuda bahsga, o‘rtoq.
Nodon-la janjallashma,
Dono ham bo‘lur ahmoq.
“Soqiynoma” bobida:
Abadiydir Qur’oni Karim,Bunga yo‘qdir shak,
U kitoblar kitobi doim,
U kalomi haq.
«Hijrat» she’rida:
Buzildi G‘arb, Janub va ShimolTaxtu tojlar bo‘ldi paymol.
Sen sharqqa, kun chiqarga bor,
Unda qo‘shiq, sevgi bor, may bor.
U tabbaruk havoni shimir
Va boshlagin yangidan umr,–
(Sadriddin Salimov tarjimalari )
deb dil so‘zlarini izhor qilgan. “Yurakdan chiqadigan xushmuomilalik,– deb yozgan edi Gyote, – muhabbat-ga yaqin turadi. Kishiga huzur bag‘ishlaydigan xushmuomilalikning sirtqi ifodasi ana shunday shakllangan”.
Gyotening “G‘arbu Sharq Devoni”ni I. Braginskiy “Bu devon Sharqu G‘arb adabiyotining sintezi, Mag‘ribning Mashriqqa salomi, buyuk Olmon adibining Sharqqa bo‘lgan ulkan ehtiromi, ixlosi nishonasidir”, deb baholagan edi.
Bu adabiy aloqalar zaminida boshqa millatlardan o‘rganish bilan bir qatorda o‘z milliy madaniyati yutuqlarini umumbashariyat mulkiga aylantirishdek muqaddas istak yotadi. Bu jarayon bizning go‘zallik haqidagi tasavvurlarimiz qobig‘ini yorib chiqib, olamning turli burchaklarida yaratilgan madaniy boyliklarning butun hayratomuz rang-barangligini ochib beradi.
Sharq va G‘arb o‘rtasida qadimdan mavjud bo‘lgan azaliy do‘stlik an’analarini yanada yuksaltirishda adabiy aloqalar katta ahamiyat kasb etadi.
Rahim Karimov, professor
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2010 yil, 6-son.