Shahnoza Nazarova. Perpendikulyar tasavvurlar

Dunyo folklorshunosligida ertaklarni o‘rganish, tadqiq qilish usullari va yo‘llari doimo yangilanib borgan. Motivlar tizimining o‘sishi va o‘zgarishi oqibatida syujetning vujudga kelishiga ko‘ra tadqiqotlar, asosan, motivlarni tekshirish, kuzatish, tasniflash yo‘nalishida olib borilgan. O‘zbek ertaklaridagi shart-sinov motivi masalasi muallif belgilagan mavzuga bo‘ysungan holda yo‘l-yo‘lakay o‘rganilgan, ammo uning o‘zi maxsus ko‘rib chiqilmagan motiv hisoblanadi. Vaholanki, umuman, badiiy adabiyot, xususan, xalq og‘zaki ijodida yaratilayotgan har bir personaj, obraz, xarakter so‘z san’atkori tomonidan muayyan hayot zaminida harakat qiladi. Uning faoliyatidagi har bir harakat esa shart-sinov bilan uzviy bog‘langan bo‘ladi. O‘zbek folklorshunosligida tush, ot, zamon va makon masalalari keyingi yillarda alohida diqqat bilan o‘rganildi[1]. Bu tadqiqotlar xalq og‘zaki ijodida obraz yaratish, real hayotni tasvirlash, badiiy mahoratga baho berish kabi bir qator ilmiy muammolarning hal etilishini ta’minladi. Biroq xalq og‘zaki ijodidagi badiiy asarni harakatga keltiruvchi omil uning qahramoni va uning taqdirisiz folklor namunasini tasavvur qilish mumkin emas. Inson taqdiri esa hayot tomonidan uning oldiga qo‘yiladigan shart-sinov bilan uyg‘un holda bog‘lanadi. Biz tanlagan mavzuning ahamiyati aynan ana shu maqsad bilan belgilanadi.

Umumiy adabiyotshunoslik qiyoslar, tiplar, farqlar-tafovutlarning ilmiy izohini tadqiq etish orqali amalga oshirilmoqda. Shu jihatdan muammoning o‘rganilishidagi boshlang‘ich davrni A.N.Veselovskiy, J.J.Frezer, V.Ya.Propp, K.Levi-Stros, A.N.Samoylovich, V.M.Jirmunskiy, Ye.M.Meletinskiy, V.P.Anikin va boshqa olimlar tadqiqotlari bilan belgilash mumkin. Bu olimlar motiv masalasi, xususan, shart-sinov motivi genezisiga doir izlanishlar yuzasidan nazariy va amaliy asoslarni yaratib berdi. K.Levi-Stros miflar strukturasini tadqiq qilish orqali syujetlar tizimini hosil qilgan umumiy tsiklga yo‘l ochdi. V.Ya.Propp ko‘rsatib o‘tgan motivlar ilk bor tartibga tushdi, ularning tarixiy va marosimiy ildizlarini tekshirish boshlandi. J.J.Frezer motivlarning marosim orqali dastlabki mifologik va badiiy tafakkurga borib tutashishini asoslashga imkon beruvchi boy manba to‘pladi. A.N.Veselovskiy ishning nazariy negizini – motiv muammosini davri uchun yetarlicha hal qilib berdi. A.N.Samoylovich o‘zbek ertaklarini tekshirar ekan, ikki yetakchi motivni ko‘rsatadi: jumboq aytish (yoki yolg‘on hikoya aytish), sinov motivi[2].

H.Zarif, M.Afzalov, M.Saidov, K.Imomov, G‘.Jalolov, X.Egamov, J.Yusupov, M.Jo‘rayev, T.Sobitova, Sh.Turdimov, J.Eshonqul kabi o‘zbek olimlari muammoga daxldor va yondosh izlanishlarni olib bordilar[3].

Qahramonning sinovdan o‘tishi barcha xalqlar folklori janrlarida turli darajada va turli ko‘rinishlarda uchraydi. Har bir yangi janr zarurat. O‘zgacha ifodalash zarurati. Syujet va motiv munosabati o‘sha janr, o‘sha ifoda bilan bog‘liq tarzda ham o‘zgaradi. Motiv modifikatsiyasi ertaklarda boshqacha, qo‘shiqlarda, dostonlarda boshqacha. Dostonda ifoda ishontirish, qo‘shiqda qo‘zg‘atishga qaratilgan bo‘ladi. Biz tadqiq etmoqchi bo‘lganimiz ertak intuitiv bilimlarni tartibga soladi. Ertak ishonchni ko‘zlagan ifoda emas. Bu ularning ishlanganlik darajasi har xilligini ko‘rsatadi. Folklor asarlari tadqiqi uchun manbaning ishlanganlik darajasi qancha past bo‘lsa, shuncha yaxshi. Bunday aniqlik sabab biz shart-sinov motivini tekshirishda ertaklarni ob’ekt qilib oldik.

Bu motivning, bizning hisobda, 20 dan ortiq turlari va ularning har birining yuzlab navlari mavjud. Masalan, taqiq bilan bog‘liq shartlar: muayyan ichimlikni ichmaslik (“Opa-uka”, “Shahzoda Salmon”); sochni kesmaslik; sirli so‘zlarni aytmaslik (“Chol bilan kampir”, “Mehrigiyo”, “Sohibjon va Ahmadjon”); qiz tug‘maslik (“Oltin qiz”); pari yuzidagi 40-pardani ko‘tarmaslik (“Mislabu”); malikaga qaramaslik (“Hasan va Husan”); gapirmaslik (“Besh qiz”, “Sirli tush”, “To‘qliboy”, “Etti ahmoq”, “Kuygan chol”). Sinovdan o‘tolmaganlar mahrumlikka uchraydilar, jazolanadilar. Yoki kuch sinashish bilan bog‘liq motiv ham ertaklarda eng ko‘p va turli shakllarda uchrovchi sinov motividir. Dushmanlarni jismonan, ruhan yengish talab qilinadi. Kuch turli yo‘llar bilan sinab ko‘riladi. Jismonan baquvvatlik poygada chopish, soqqa irg‘itish, o‘q otish, arqonlarni uzish, kurash, daraxtni qo‘porish, ko‘p ovqat yeya olish shakllarida keladi. Ruhiy quvvat esa olovli xonadan omon chiqish, ajdarni yengish, boshqa qiyofaga kirish, kimnidir davolash yo‘llari bilan aniqlanadi. “Momir va Somir”, “Pahlavon Rustam”, “Qorasoch pari”, “Ajdar qush”, “G‘ulom polvon” ertak syujetlarida bu sinov motivining ko‘plab turlarini ko‘ramiz.

Imkon darajasida ayrim shart-sinov motivlari genezisini aniqlashga urinaylik: qizdirilgan temir xonadan omon chiqish sharti. V.Ya.Propp “Sehrli ertaklarning tarixiy ildizlari” kitobida ham, “Ertaklar morfologiyasi”ning “Qahramonga og‘ir topshiriqning yuklanishi” (XXV) qismida ham bu shart haqida fikr bildirmagan. Ushbu sinov motivi “Ahmadlar” ertagida uchraydi. “Etim Ibrohim va ochko‘z do‘kondor” nomli ozarbayjon ertagida zolim shoh va uning tarafdorlari o‘tda kuydiriladi. “Alpomish”dan o‘qiymiz: “Alpomish… Shohimardon pirning tarbiyat qilganidan o‘tga solsa, kuymas edi, qilich solsa, o‘tmas edi, miltiq otgan bilan o‘qi botmas edi…”[4]

X.Egamov tadqiqotlarida olovning aybdorning chindan ham aybdor yoki aybsizligini aniqlab beruvchi vosita ekanligi bayon qilingan. Gunohsiz odam olovdan sog‘-omon chiqib kelgan. Olim fikri isboti uchun “Ramayana”dagi Sitaning olov yordamida pokligini isbotlagani tasvirini beradi[5]. J.Yusupov L.A.Lelekovdan ma’lumotlar keltiradi: Orolbo‘yi qabilalarida qabila boshlig‘i o‘lsa, tanasi to‘rtburchak shaklidagi yog‘och uyga qo‘yilib, yondirilgan. Bu marosim izlari Qo‘yqirilganqal’ada saqlangan. Olim qadim hind yodgorligi “Upanishad”dan parchalar havola qiladi: “O‘lim xudosi Yama jasadga qarata: “Men seni samoviy olovga topshiraman. Bilginki, bu olov boqiy dunyo mahsuli!” der emish. Jism yonsa, ruh olov bilan ko‘kka o‘rlagay, Braxman nuriga qo‘shilib ketgay”[6]. Zardushtiylikda ham marhumlar kuydirilgan, olov muqaddasligi aytilgan. Jism, ruhning olov bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqoti ildizi qayerda? Qaysi dastlabki motiv dinlarga turli ko‘rinishlarda sochilib ketgan? Ertakdagi Ibrohim ismi kimga dalolat? Qur’oni karim guvohligi: “Biz aytdik: “Ey olov, sen Ibrohim uchun salqinlik va omonlik bo‘l!” (Anbiyo surasi, 69-oyat). Dinlarda, badiiy asarlarda sochilib yotgan, marosimlarda uzluksiz turli darajada amalga oshirilgan olov bilan bog‘liq urf-odatlar, shartlar Anbiyo surasidagi Ibrohim a.s.ning jisman, ruhan olov bilan yuzlashishiga ishora qilayotgandek.

Boshqa qiyofaga kirish shartini olaylik. Taqiqlangan meva yoki ichimlikni iste’mol qilish qahramonni imkoniyatlari cheklangan holatga keltiradi. Ayolga homiladorlik, erkakka transfiguratsiya, ya’ni qiyofa o‘zgarishi xavf soladi. Qahramon jazo muddati tugaguncha niqobda yurishga majbur bo‘ladi.

“Besh qiz” ertagida duo bilan maymunni odam holiga qaytarish va maymundan asl odamga aylanish motivlari bor. Dev jazolash uchun duo bilan qahramonni maymunga aylantiradi, uni malikaning duosi asliga qaytaradi. Jazoning bu turi haqida Qur’oni karimning Baqara (65) va Niso (154) suralari xabar beradi. Shanba kuni baliq ovlamaslik shartini buzgan qavm maymunlarga aylantiriladi.

Ba’zi ertaklarda niqob yordamchi kuchga aylanadi. Ertaklarda o‘zini daryoga tashlagan qizni yutgan baliq haqida hikoya qilinadi. A.Musaqulovning “O‘zbek xalq qo‘shiqlarining tarixiy asoslari” kitobidan o‘qiymiz: “Nil bo‘yidagi xalqlar har yosh qizni yasantirib, Nilga tashlaganlar. Go‘yo shu bilan qiz va er deb bilingan daryoni nikohlaganlar”[7]. Baliqning kimgadir atalgan qizni yutishi qizni daryo nikohidan saqlagan. Baliqning omonatni saqlovchi vosita ekanligi Yunus a.s. qissasiga aloqadordek.

Alohida iqtidor egalarining ko‘rimsiz, yoqimsiz niqobda yashirin (masalan, turli bosh kiyimlarida, turli soch turmaklari bilan, kal, qurbaqa malika, toshbaqa shahzoda qiyofasida) yurishi uchraydi. V.Propp “Sehrli ertaklarning tarixiy ildizlari”da bu hodisani initsiatsiya[8] vaqtida boshga chiziladigan turli hayvon tasvirlari, turlicha qirtishlangan sochlar bilan; nikoh initsiatsiyasida sochning katta magik kuchga egaligi bilan bog‘laydi.

Asarning “Olovli daryoda” qismida initsiatsiya vaqtida kishilarning, dafn marosimida tananing teriga o‘ralgani haqida ma’lumot beradi[9]. O‘zgargan qiyofa, o‘zgargan shakl boshqa olamga olib o‘tuvchi vositadir. “Zulm” ertagida otasining nikohidan qochib qiz kigiz kiyib berkinib yuradi. Yana bir ertakda tulupga solingan qahramonni ovchi qush daryodan olib o‘tadi va o‘liklar makoniga eltadi. “Besh qiz” ertagida bo‘lsa qalandarlar qahramonga nega yig‘layotganlari sirini ochish uchun shart qo‘yadi: “Bozorga borib, bir katta qo‘y olib kel, so‘yib go‘shtini bizlarga ber, o‘zing terisiga kirib tursang, shundan keyin biz senga bu sirlarni aytamiz”. Qahramon shartni bajaradi, ammo terida yotgan vaqti semurg‘ kelib ko‘tarib ketadi va cho‘lu biyobonga olib borib yemoqchi bo‘ladi. Teridan chiqishi bilan semurg‘ qo‘rqib uchib ketadi. Qahramon ikkinchi marta yana cho‘lda qolib ketadi. Xulosa shuki, nimanidir bilish uchun qiyofa o‘zgartiriladi, semurg‘ qiyofasi o‘zgargan qahramonni o‘zga olamga – cho‘lga olib o‘tadi.

Jazoga buyurilgan oshiqlarning xom teriga solib jazolanishi dostonlarda kuylangan.

Insonning qiyofa o‘zgartirishi Qur’oni karimda ikki payg‘ambar hayoti bilan bog‘liq holatda tilga olinadi. Birinchisi, g‘azab ustida qavmini tark etgan Yunus a.s.ning kemachilar tomonidan suvga uloqtirilishi. Chunki gunohkorni aniqlash uchun tashlangan qur’a uchinchi marta ham Yunus a.s.ni ko‘rsatadi. Yunus a.s.ni kit yutib yuboradi, 40 kunlik ibodatdan so‘ng, tavba muddati tugagach kit og‘zidan omon chiqadilar. Bu Allohning ruxsatisiz qavmini tark etgani uchun berilgan jazo edi. Yunus a.s. gunohlar olamidan dastlabki gunohlarsiz olamga o‘tadilar. Biror jonivor terisiga kirish motivi shu syujetdan o‘sib chiqqandek. Ikkinchi payg‘ambar – Iso a.s. Qur’oni karimning “Niso” surasida aytiladi: “Holbuki uni o‘ldirganlari ham, osganlari ham yo‘q. Faqat (boshqa bir kishi Isoga) o‘xshatib qo‘yildi, xolos”. Biz yon berayotgan fikrlash tarzi boshqa inson qiyofasiga o‘tish motivini mazkur syujetga aloqadordek ko‘rsatadi. Ilohiy kitoblardagi tushunchalar og‘zaki, yozma adabiyotni kesib o‘tgandek va bizni tutash tasavvurlar ichida qoldirgandek bo‘ladi.

“Jahon adabiyoti, 2014 yil, 7-son

[1] Tilavov A. O‘zbek xalq dostonlaridagi ot obrazining tarixiy ildizlari va badiiy talqini: F.f.n. diss… – T., 2000. Qodirov D. O‘zbek sehrli ertaklarida zamon va makon talqini. f.n.n. diss. – T., 2004. Halilova D. O‘zbek folklorida ilon obrazi: f.f.n. diss. – T., 2004. Eshonqul J. O‘zbek folklorida tush motivi va uning badiiy talqinlari: f.f.d.diss… – T., 2011.

[2] Veselovskiy A.N. Poetika syujetov. Sob.soch. t. 2. – SPb., 1913; Samoylovich A.N. Skazka “Sorok nebыlits” po turkmen., uzbeks., kirgiz. variantam (“Jivaya starina”), 1912; Propp V.Ya. Istoricheskiye korni volshebnoy skazki. – L., 1946; Anikin V.P. Russkaya narodnaya skazka. – M., 1959; Propp V.Ya. Morfologiya skazki. – M., 1969; Jirmunskiy V.M. Tyurkskiy geroicheskiy epos. – L., 1974; Levi-Stros K. Strukturnaya antropologiya. M., 1983; Levi-Stros K. Pechalnыe tropiki. – M.: Mыsl, 1984; Frezer J.J. Zolotaya vetv. – M., 1986; Frezer J.J. Folklor v vetxom zavete. – M., 1989.

[3] Afzalov M. O‘zbek xalq ertaklari haqida. – T.: Fan, 1964; Saidov M. O‘zbek dostonchiligida badiiy mahorat. – T.: Fan, 1969; Jalolov G‘. O‘zbek xalq ertaklari poetikasi. – T.: Fan, 1976; Imomov K. O‘zbek satirik ertaklari. – T., 1979; Egamov X. Sovet Sharqi turkiy xalqlari ertakchilik an’analari aloqalari tarixidan ocherklar. – T.: O‘qituvchi, 1982; Sobitova T. O‘zbek dostonlarida konflikt: f.f.n.diss. – B., 1984. Yusupov J. Xorazm ertagi va hayot haqiqati. – T.: Fan, 1996; Turdimov Sh. “Go‘ro‘g‘li” dostonlarining genezisi va tadrijiy bosqichlari. – T.: Fan, 2011.

[4] Alpomish. Doston. – T.: Sharq NMAK, 1998. B.225.

[5] Egamov X. Sovet Sharqi turkiy xalqlari ertakchilik an’analari aloqalari tarixidan ocherk-lar. – T.: O‘qituvchi, 1982. B. 128-129.

[6] Yusupov J. Xorazm ertagi va hayot haqiqati. – T.: Fan, 1996. B. 106-107.

[7] Musaqulov A. O‘zbek xalq qo‘shiqlarining tarixiy asoslari. – T., 1994. B. 8.

[8] O‘smirlikdan er yigitlikka o‘tish marosimi.

[9] Propp V.Ya. Istoricheskiye korni volshebnoy skazki. – L., 1946. S. – 121-122.