1964 yil, iyun. Saratonning issiq kunlaridan biri, men har safargidek ma’ruza zalida malaka oshirishga kelgan shifokorlar bilan mashg‘ulot o‘tkazayotgan edim. Kutilmagan mehmon ma’ruza zali yoniga kelib, kimlardandir: “Shabot Xo‘jayevichni qayerdan topsam bo‘ladi?”, – deb so‘rayotganini eshitdim. Men bu mo‘tabar allomani ko‘rishim bilanoq, xayolimdan bemor kishi shifokorni axtaradi degan fikr o‘tdi. Ma’ruzani shu ondayoq to‘xtatib, oldilariga chiqdim. U kishi akademik Muhammadjon O‘rozboyev ekan. Yoshlikdan do‘stlari bo‘lmish, hamshahari Abdulla Qahhor betobligini, kunlar o‘tgan sari kasallik og‘irlasha borayotganligini, dori-darmon kor qilmayotganligini aytdi va do‘stlari Shabot Xo‘jayevichga Abdulla Qahhorni ko‘rsatish lozim deyishganini ma’lum qildi.
Shu zahoti Abdulla Qahhorning uylariga borib, bemor to‘shakda yotganligini ko‘rdim. Yuragida katta o‘zgarishlar sodir bo‘lgani, ayni vaqtga kelib dard qaytganligini bildim. Meni va oilaning qadrdoni akademik O‘rozboyevni dasturxonga taklif qilishdi. Suhbat ancha davom etgach, bemor Abdulla Qahhor menga murojaat qilib: “Meni otaliqqa olib, o‘zingiz kelib nazorat qilib turing”, degan iltimosini bildirdi. Shu kundan boshlab, deyarli kunora, uch kunda bir kelib, tekshirib, bemorga hamdard bo‘lib, Abdulla Qahhor xonadoni yaqinlaridan biri bo‘lib qolgan edim.
1965 yil. Bir kuni kechqurun Abdulla Qahhor telefon qildi. Hol-ahvol so‘rashgandan so‘ng: “Ertaga kunning ikkinchi yarmi — soat 5 larda biznikiga o‘tiradigan bo‘lib kelsangiz, maslahat bor”, – dedilar. Ertasiga keldim, odatdagidek, aytilgan vaqtda Kibriyo xonimning qo‘lbola palovlari damlangan ekan, suzib keldilar. Ovqatlanib bo‘lgach, Abdulla Qahhor: “Ruxsat bersangiz, sizning nazoratingizda bugun “Hamza” teatrida “Ayajonlarim” pesasining premerasini birgalikda ko‘rsak”, – deb taklif qildi. Rozilik bersam, xayolimda Abdulla Qahhorning yuraklaridagi dard asoratlari batamom tugamagan, o‘qtin-o‘qtin xuruj qilib turadi. “Yo‘q”, – degan javob adib uchun birinchi premerani o‘zi kuzata olmasligi tufayli unga ruhiy jihatdan jarohatdek tuyuladi. Bildimki, Abdulla Qahhorning o‘zlari ham ziyraklik bilan bu holatni sezib turibdi. “Sizning nazoratingizda xotirjam bo‘laman”, – dedi u. Yaxshi kayfiyat bilan teatrga yo‘l oldik. Zal tomoshabinlar bilan liq to‘la, deyarli aksariyat Abdulla Qahhorning muxlislari yig‘ilgan.
Muallifni gulduros qarsaklar bilan kutib olishdi. Birozdan so‘ng parda ochildi va spektaklning birinchi premerasida qatnashuvchi aktyorlar hayajon bilan asar muallifi Abdulla Qahhorni qutlab, “Ayajonlarim” spektaklini boshlashga ruxsat so‘rashdi…
Asarni zavq bilan kuzata boshladik. Asar qahramonlaridan biri bo‘lmish Rahimjon shosha-pisha uyiga keladi, ammo xotini Saida ko‘ziga ko‘rinmaydi. Rahimjon onasiga murojaat qilib: “Saida qani?” – deb so‘rashga ulgurmasidan, onasi: “Ketkazib yubordim”, – deydi. Rahimjon onasiga qarab: – “U bo‘g‘oz edi. Nima qilib qo‘ydingiz”, – deyishi bilanoq onasi: “Voy o‘lay, undoq ekan, qaytar”,– deb baqiradi…
Men tomoshabin sifatida spektaklni kuzatar ekanman, ayrim so‘z va iboralarni yondaftarimga kishibilmas yozganlarimni Abdulla Qahhor o‘ziga xos ziyraklik bilan kuzatib o‘tirgan ekanlar. Spektaklni tomoshabinlar juda katta hayajon bilan kutib olganliklari, mazmuni jihatidan o‘ta milliy ruh bilan sug‘orilgan asar ekanligi bilan tabrikladim. Shu bilan birga hozirgi davr yoshlari va ota-onalarning dunyoqarashlari, urf-odatlarga munosabati, tushunchalari hamda ayniqsa, tafakkuri mutlaqo boshqacha ekanligi juda jozibali ifodasini topganligini aytdim.
Spektakl premerasidagi his-hayajon tufayli Abdulla Qahhor salomatligiga salbiy ta’sir bo‘lmadimi, degan xayolda ertasi kuni xonadonlariga tashrif buyurdim. Hol-ahvol so‘rashilgandan so‘ng Abdulla Qahhor so‘radilar: “Rahimjon va Saidalar yosh, zamonaviy shifokorlar, bo‘lajak jarayonlarga o‘z munosabatlarini ifoda qila olganlarmi-yo‘qmi, tomoshabin sifatida kuzatganlaringizni aytsangiz”,– deb mendan fikr so‘radilar. Nimalarga e’tibor berganim va yondaftarimga nimalarni yozganlarim bilan qiziqdilar. Asar naqadar dolzarb ekanligini, yosh avlodning kattalarga an’anaviy munosabatlari ijobiy yoritilganligi menda katta taassurot qoldirganligini so‘zlab berdim va shu bilan barobar, bizlar, ayniqsa, shifokorlar, Rahimjon kabi – ayol kishini “bo‘g‘oz” edi degan so‘z bilan emas, “homilador edi” deb ifodalashimizni aytdim. — “Yaxshi e’tibor beribsiz! Bo‘g‘ozlik faqat hayvonlarga nisbatan aytilishini unutibman”, dedilar. Bir-ikki oy o‘tgandan so‘ng “Ayajonlarim”ning yana bir bor premerasi bo‘ldi. Bu safar Rahimjon onasiga qarab: “Nima qilib qo‘ydingiz, u bo‘lajak farzandimga homilador edi-ku”, – deb “bo‘g‘oz” so‘zini “homilador”ga aylantirishi Abdulla Qahhorning takliflarga naqadar e’tibor bilan qarashini bildirardi…
1968 yil. Aprel oyining boshlari. Har safardagidek, kechqurun soat 10 larda telefon orqali mayin tovush bilan: “Domla, ertaga ishga borish oldidan kelib ketsangiz. Maslahatli gap bor”, dedilar. Bilmadim, har safar telefon qilganlarida o‘zlariga yaqin kishi, shifokor bo‘lganligim uchunmi, huzuriga chorlaydigan bo‘lsa, albatta, bir maslahat bor deb yo‘qlar edilar. Ertalab ish oldidan xonasiga bordim, dasturxon ertalabki nonushtaga har safargidek muhayyo, Kibriyo xonimni yoniga o‘tqazib, suhbatga chorlab, shunday dedilar: “Kecha uyga bir guruh shifokorlarni boshlab kelgan markaziy shifoxona bosh shifokori, professor Said Ma’rupovich A’zamxo‘jayev (jarroh), Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi muovini, professor O‘ktam Oripovich Oripov va boshqalar uy sharoitida konsilium o‘tkazishib, qaror qabul qilishdi. Qaror bo‘yicha, qandli diabet kasalligining asorati bo‘lmish chap oyog‘imdagi yarani tuzatish uchun Moskvaga – Kreml shifoxonasiga borishim lozim ekan. Bu masala bo‘yicha moskvalik shifokor-olimlar bilan kelishilgan, emish”. So‘ng menga murojaat qilib: “Siz nima deysiz? Boring desangiz boraman, yo‘q desangiz bormayman”, –degan mulohazani aytdilar. Shifokorlik hayotimda birinchi bor o‘ta mas’uliyat hissi bilan savolga javob berishda o‘ylanib qolishim edi.
1968 yil 7 aprel. Bemor Abdulla Qahhorni kuzatib boruvchi hamshira Yulina Vera Ivanovna va Kibriyo xonim birgalikda Moskvaga uchib keldilar. Kutib olganlar bemorni va’da qilingan Kreml shifoxonasiga emas, to‘g‘ri “Dobrinskiy” maydonidagi akademik A.A. Vishnevskiy nomli ilmiy-tekshirish institutiga olib borishdi.
Hamshira Vera Ivanovnaning so‘zlari: “Aeroportdan Abdulla Qahhorni to‘g‘ri A.A.Vishnevskiy instituti kasalxonasi qabulxonasiga keltirdilar. Shu daqiqadan boshlab Abdulla Qahhor uchun ketma-ket mutlaqo kutilmagan qator stresslar boshlandi.
1-stress. Qabulxonaga ketma-ket bemorlar olib kelinayapti. Bemorlar ko‘p bo‘lib, qabul tartibi o‘ta murakkab, hatto rafiqasi Kibriyo xonimga ham ruxsat berishmadi. Abdulla Qahhor joylashgan palatada har xil og‘ir bemorlar bo‘lib, ayrimlarining oyog‘i kesilgan, boshqalari turli jarrohlikka tegishli kasallar edi. Shu sharoit va ahvolda Abdulla Qahhor menga murojaat qilib: “Meni qaytarib Toshkentga olib ketinglar”, – dedi. Bunga javoban: “Bu shifoxonada sizni obdon tekshiruvdan o‘tkazishlari zarur, so‘ngra natijaga ko‘ra qaror qabul qilinadi”, deb javob berdim. Ikki kun o‘tgach, Abdulla Qahhor meni kuzatar ekan, nihoyatda xomush va tushkun ko‘rinishda edi. Biroz yonida bo‘lib, xayrlashish uchun qo‘l uzatsam, qo‘limni uzoq vaqtgacha ushlab turib: “Tez kunlarda siz bilan Toshkentda uchrashamiz”,– deb xayrlashdi.
1968 yil 23 may. Rigada “Jigar kasalligiga bag‘ishlangan butun jahon kongressi. Soat 18da mehmonxona ma’muri menga Toshkentdan kelgan telegrammani topshirdi. Mazmuni: “Moskva, A.A.Vishnevskiy nomli ilmiy-tekshiruv institutida Abdulla Qahhorning ahvoli og‘irlashgan, sizni yo‘qlamoqda, tezlik bilan yetib keling” deyilgandi.
24 may soat 8-00 larda samolyotdan tushib, to‘g‘ri Abdulla Qahhorning huzuriga shoshildim. Institutga kirish oldida Toshkentdan kelgan professor S.M.A’zamxo‘jayevga duch keldim. Meni uchratishi bilanoq S.M.A’zamxo‘jayev: “Tez Abdulla Qahhorning oldiga kiring, ko‘zi to‘rt bo‘lib sizni kutmoqda, – dedi va so‘zida davom etib, – meni Abdulla Qahhor qabul qilmadi, ko‘rmay qaytayapman”, – dedi. Shoshilib institutga kirib bordim. Avval institut direktori akademik A.A.Vishnevskiy huzuriga kirdim. Bu katta, nomi ma’lum olim bilan ko‘pdan buyon tanish bo‘lganligim tufayli Abdulla Qahhor ahvolini surishtirdim. U kishi tezlik bilan bemor oldiga kirishim lozimligini, meni kutayotganini aytib, hamshiraga palataga kuzatib ko‘yishni tayinladi.
Palataga kirib kelishim bilanoq Abdulla Qahhor: “Domla, xayriyat, xayriyat, yetib keldingiz”, – dedi-yu, ko‘krak qafasidagi og‘riqqa chiday olmayotganligini, bamisoli qizdirilgan cho‘yanni yurakka tikib qo‘ygandek, chidab bo‘lmas og‘riqni entikib-entikib, aytib berdi.
Ko‘rinishdan ranglari o‘chgan, ko‘zlari olovdek chaqnab, ko‘z soqqalari qizargan, peshonasini durdek sovuq ter qoplagan. Tomir urishi sanab bo‘lmaydigan darajada tez. Xayol tiniq, savollarga javobi ravon, ammo qo‘l-oyog‘i muzdek. Bunday sharoitda har bir shifokor birinchi navbatda bemorni og‘ir ahvoldan olib chiqishi shart. Demak, birinchi navbatda ko‘krak qafasidagi chidab bo‘lmaydigan og‘riqni bartaraf etish, qon bosimiga tezlik bilan ta’sir qilish va bemorni tinchlantirish zarur.
Aytilgan muolajalar ko‘rilgani tufayli 2-3 soat o‘tar-o‘tmas og‘riqlar kamayib, bemor ancha tinchlandi. Men bilan muloqotni boshlab dedilar: “Domla, ancha o‘zimga keldim, biroq ahvolim ancha og‘ir, ko‘rib turibsiz… Niyatim va sizga bir necha iltimosim borligi tufayli ko‘zim to‘rt bo‘lib kutdim. Xayriyat, ko‘krak qafasimdagi og‘riq ancha tinchidi, so‘zlashga imkoniyatim bor. Demak, siz, shifokor do‘stim, o‘z nazoratingizda meni tezlik bilan Toshkentga olib keting. Do‘rmon bog‘imda, musaffo havodan to‘yib-to‘yib nafas olib, ko‘zimni yumishga roziman…
Abdulla Qahhor naqadar og‘ir ahvolda ekanliklarini ko‘ra turib, uni samolyotda Toshkentga olib ketish bemorga nisbatan kechirib bo‘lmas xiyonat bo‘lsa, shifokor uchun jinoyat bo‘lmog‘ini aytib, bu iltimoslarini bajo qila olmasligimni aytdim.
Shu muloqot daqiqalarida hamshiralardan biri meni yo‘lakka chorladi, yo‘qlayotgan kishi Abdulla Qahhorning qadrdoni, Konstantin Mixaylovich Simonov ekan. Bu tabarruk zot Abdulla Qahhorning dardi og‘irlashganligidan xabardor bo‘lib, bemorni yo‘qlab kelib, mendan kirib ko‘rishga ruxsat so‘rab dedi: – “Mne skazali, chto Vы kak vrach nablyudayete za bolnыm. Mojno li mne yego uvidet? Ne povredit li moy vizit bolnomu?” – deb javob kutdi. Men javob qilib: – “Ne tolko mojno, no i nujno, ibo Vы dlya nego v eti minutы darite silu i optimizm, v chem on ochen i ochen nujdayetsya”, – dedim.
K.M.Simonov bemor yoniga o‘tirishi bilanoq, ahvol qanchalik og‘ir ekanligini payqab, Abdulla Qahhorning o‘ng qo‘lini, ikki qo‘li bilan siqib, ancha vaqt qo‘yib yubormay turdi: “Vы mujestvennыy silnыy chelovek, vperedi vse budet xorosho. Vы ochen i ochen nujnы dlya literaturы, kulturы. Ne takoye Vы preodolevali”.
K.M.Simonovning bu qadar samimiy, do‘stona, iliq so‘zlarini eshitar ekan, ko‘zlari, yuzlariga rang kirib, chehrasi biroz yorishgandek bo‘lib, rahmat va rahmat deya K.M.Simonov bilan xayrlashdi.
Men K.M.Simonovni kuzatib chiqdim. Vaziyatni seza olgan, o‘ta ziyrak adib mendan: “Neujeli nelzya spasti jizni?”, dedi-da, xomush tortib shifoxonani tark etdi.
Shu kun davomida Abdulla Qahhor yonida bo‘ldim. Kechga tomon og‘riqlar kamayib, chehralari yorishgan bo‘lib, menga: “Siz endi mehmonxonangizga boravering. Men o‘zimni durustroq his qilayapman”, – deb ertagacha xayrlashdilar. Kun davomida ko‘krak qafasida og‘riqlar kamayib, bemorning ruhi tetiklashib qolgan edi. Afsus! Kechga yaqinlashib, 24 maydan 25 mayga o‘tar kechasi yana noxushlik ro‘y berib, tong saharga kelib qon bosimi ko‘tarildi. Ko‘krak qafasidagi og‘riq kuchayib, betoqatlanish avj oldi. Ko‘rilgan tadbirlar, ustma-ust qilingan ukollar em bo‘lmadi va soat 10 dan 23 daqiqa o‘tganda, Abdulla Qahhor bu dunyoni tark etdi…
Shu kuni tunda marhumni Kibriyo xonim, jiyanlari Xurshida, shoir Shuhrat, Pirimqul Qodirov va men, tungi soat 2 larda uchgan samolyot bilan Toshkentga olib keldik. Toshkent aeroportiga marhum Abdulla Qahhorni kutib olish uchun bir necha o‘nlab odamlar, hukumat a’zolari, yozuvchilar chiqishdi. Ko‘zim birinchilar qatorida ko‘zlari qayg‘u yoshlari bilan to‘lib turgan, o‘ta ma’yus Ozod Sharafiddinovga tushdi. Bu ustoziga vafodor, sadoqatli shogird bilan salomlasharkanman, uning “Iloji bo‘lmadimi?” – degan savoli hali-hali qulog‘imdan ketmaydi…
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2007 yil, 8-son