Yigirmanchi yillar o‘zbek matbuotining shakllanishi va rivojida atoqli adib Abdulla Qodiriyning alohida o‘rni bor. Shu ma’noda yozuvchining publitsistik merosini o‘rganish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir. Bunday tadqiqot adib dunyoqarashining shakllanishini va ijodini o‘rganish barobarida, o‘sha davr ijtimoiy-tarixiy vaziyatini ko‘rsatuvchi muhim manba sifatida ham ahamiyatga ega.
Qodiriy ijodiy merosini ikki yirik turkumga ajratsak, birinchi turkumga, albatta, kichik asarlari kiradi. Biroq shu vaqtgacha adibning kichik asarlari adabiyotshunoslar tomonidan alohida o‘rganilmagan. Yozuvchi publitsistikasini o‘rganish bu adib shaxsiyatini anglash tomon tashlanadigan dadil qadam bo‘ladi.
Nihoyatda murakkab davrda ijod qilgan Qodiriy adabiy merosini o‘rganganda ijodiy faoliyatidagi ayrim uzilishlar e’tiborimizni tortdi. Bu o‘rinda 1918, 1920-1921 yillar nazarda tutilmoqda. Buning sababini bilish uchun adib tarjimai holiga yuzlandik. O‘rganish mobaynida Qodiriyning aniq ilmiy ma’lumotlarga asoslangan biografiyasi to‘liq emasligiga guvoh bo‘ldik. Biz qanday tarjimai holga asoslanib keldik? U qachon va nima sababdan yozilgan?
Shu vaqtgacha adabiyotshunoslik Qodiriyning o‘zi tomonidan 1926 yilda sud hukmiga havola qilgan tarjimai holiga tayanib kelmoqda. Nohaq tuhmatlardan o‘zini himoyalash uchun yozilgan mazkur tarjimai hol o‘sha davr talablariga atayin moslashtirilgani uning mazmunidan ayon bo‘ladi. Murakkab davrda yashagan yozuvchi siyosiy mafkura bilan murosa qilmay iloji yo‘q edi. Qolaversa, bu ma’lumotning o‘zi ham siyosiy mahkamalar tomonidan necha bor “tahrir qilingan”i ehtimoldan xoli emas. Mazkur tarjimai holda yozuvchi ijodining shakllanishiga oid qator masalalar yashirilgan yoki atayin chetlab o‘tilgan. Qodiriy dunyoqarashiga bog‘liq jarayon esa inqilobiy o‘zgarishlar davri ruhi va mafkurasiga monand bayon qilingan. Unda: “Boshida boy oilada tug‘ildimmi yoki kambag‘al oiladami, albatta, bilmadim”, deyilgan. Noiloj qolgan yozuvchi o‘zining “boy, kambag‘al”ligini aniq ayta olmaydi. Yozuvchi buning oqibatini his etib, ijtimoiy kelib chiqishini shu tarzda bayon qilishni ma’qul ko‘rgan. Muallif faoliyatidagi uzilish sababini izohlash maqsadida H.Qodiriyning “Otam haqida” va yozuvchining kichik asarlari jamlangan “Diyori bakr” to‘plamiga murojaat qildik. Qodiriyshunoslikda nihoyatda qimmatli hisoblangan ikki manbada ham aynan yozuvchining “tahrir qilingan” tarjimai holiga tayanilgani bizni hushyor torttirdi. Demak, aniq ma’lumotlarga asoslangan holda yozuvchi biografiyasini tartibga keltirish eng avvalgi vazifalardan biridir.
1918 yilda yozuvchining matbuotda “ko‘rinmasligi” navbatdagi savol sifatida e’tiborimizni tortdi. “1918 yilning boshlarida “Eski shahar oziq komiteti”ni boylar qo‘lidan olinub, komitetning raislig‘iga o‘rtoq Sultonxo‘ja Qosimxo‘jayev tayinlangan edi va men mazkur komitetning o‘zbekcha sarkotibligiga kirdim”, deb yozadi Qodiriy. Ma’lumotga ko‘ra, yozuvchi bu vaqtda kasabachilik ishlari bilan shug‘ullangan. Rostdan ham, Qodiriy tashkiliy ish bilan mashg‘ul bo‘lib matbuotdan bir oz uzilganmi?
Qodiriy adabiyot maydoniga kirib kelgan yillarda jadidlar zo‘r berib bu maydonda o‘z maqsadlarini targ‘ib qilishardi. Ular o‘z maqsadlarini amalga oshirishning birdan-bir yo‘li eski urf-odatlarga isloh kiritish, isrofgarchilikka chek qo‘yish, to‘y, uloq, qimorbozlik, ichkilikbozlik, xotinbozlik kabi illatlarga barham berish, buning o‘rniga boy, savdogarlar yordami bilan yangi usul maktablarini ko‘paytirish, unda diniy bilimlar bilan bir qatorda dunyoviy ilmlarni ham o‘rgatish orqali millatni g‘aflatdan uyg‘otishdan iborat, deb bildilar. Xuddi mana shu ruh Qodiriy ijodining dastlabki bosqichida ustuvor bo‘lgan. “Baxtsiz kuyov” va “Juvonboz” asarlari bunga dalil.
Dastlab bolsheviklarning yolg‘on va’dalariga ishongan yozuvchi keyinchalik vaqt o‘tishi bilan zulm saltanatining nayranglariga guvoh bo‘lgach, mustamlaka siyosati mohiyat e’tibori bilan o‘zgarmay qolayotganini, so‘z boshqa, amal boshqa ekanligini asta-sekin anglab yetdi. Adib el orasida buzg‘unchilik, fitna, sinfiy-mafkuraviy adovat avj olib, birodarkushlik urushi boshlanib jafokash xalq bu qonli siyosatning qurboni bo‘layotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi. Shunday sharoitda, yozuvchi norozilik va nafrat tuyg‘usini o‘z vujudiga qamab, ijod qilishni ma’qul bildi. Bu nihoyatda og‘ir psixologik jarayon edi. Yozuvchi haqiqatga yetishuvning o‘ziga xos yo‘lini tanladi. Sirtdan murosaga moyildek ko‘rinsa-da, ammo uning imon qo‘rg‘oni ancha mustahkam edi. Shu bois davr shiorlariga munosabat bildirishda Qodiriy boshqa yozuvchilarga nisbatan bosiqlik, vazminlik va ehtiyotkorlik bilan ish ko‘rgan.
“1920 yilda Kasabalar sho‘rosiga sarkotib bo‘lib ishga kirdim va eski shahar Kasabachilik harakati to‘g‘risida gazetalarda maqolalar yozib turdim”, deb yozadi adib. Qodiriy millat ravnaqi yo‘lida targ‘ibot ishlari bilan shug‘ullanish barobarida amaliy harakat bilan ham xizmat qilgan. Ikkinchidan, bu yillarga atayin to‘xtalishimizning ham sababi bor. 1920—1921 yillarda adibning matbuotda “ko‘rinmasligi” sababi “O‘tkan kunlar”ning yaratilishi bilan bog‘liq emasmikan, degan ishtibohni ko‘ngilga soladi. Yozuvchi tarjimai holi bilan bog‘liq ma’lumotlarda “O‘tkan kunlar” romanining yozilish vaqti, jarayoni haqidagi faktlar deyarli uchramaydi. Yozuvchi buni sir tutganmi yoki tarixiy ijtimoiy siyosat tufayli bu faktlar “yo‘qolib” qolganmi? Bu kabi yechimi qiyin masalalar hali-hanuz javobsiz qolmoqda.
Yozuvchining “Uloqda”(1916) hikoyasi uning adabiyotning asl mohiyatini tushunib yetganligini isbotlovchi dalil bo‘la oladi. Qolaversa, yozuvchi avvalgi asarlarida adabiyotning badiiy estetik qimmatini ma’lum darajada e’tibordan soqit qilgan edi. Uning “Juvonboz”, “Baxtsiz kuyov” asarlari haqida Miyon Buzruk Solihov o‘z kitobida: “Qodiriyning endigina eski maktabdan qutilib matbuotga chiqishga intilgan bir o‘rganchik asari edi”, deb yozadi va “Uloqda” hikoyasini bu ikki asarga solishtirib, “bu ikki asar bir yozuvchiga tegishli ekanligiga ishonish qiyin”, deydi. Oybek ham bu hikoyani o‘qib, unda “voiz o‘rnini san’atkor” egallaganligini alohida ta’kidlaydi. Yozuvchining o‘zi romanining yozilishi haqida “bu vaqtlarda otam yuz yoshlarda edi”, deb yozadi. Otasi Qodirmuhammad boboning 1821—1822 yilda tug‘ilganini hisobga olsak, u yigirmanchi yillarda yuz yoshga kirgan. Hali yuzga yetmagani uchun ham yozuvchi “yuz yoshlarda”, deya tusmollaydi.
Ikkinchidan esa, 1923 yil jurnalda romandan parchalar e’lon qilinib, bosilgan boblar muqaddimasidagi so‘z boshi tagiga “Toshkent, 1920 yil”, deb qayd etilgan. “Uloq”da hikoyasi orqali haqiqiy badiiy asar yozib o‘zini sinab ko‘rgan Qodiriy 1918 yilda “O‘tkan kunlar”ni yozish bilan band bo‘lgani ehtimoldan uzoq emas. 1920 — 1921 yillarda u romanni qayta ishlagan bo‘lishi mumkin.
Qodiriy qisqa hayoti davomida ibratli umr kechirdi. Ijodining dastlabki davrida butun kuch-g‘ayratini xalq farovonligiga safarbar etdi. Bu haqda u shunday yozadi: “Ro‘sto” devoriy gazetasiga muxbir bo‘lib, gazetalarda sotrudnik… “Mushtum” jurnalining muannisi va tahririya a’zosi bo‘lib, to 1924 yilgacha mehnatkashlar manfaatiga xolis ishlab keldim. Xulosa — boshqalarning xizmati daftar bilan sobit bo‘lsa, menim xizmatlarim matbuot bilan ravshandir. Ishchi-dehqonlar yozg‘on asarlarimni suyunib o‘qiydilar va meni yozuvchilar qatoriga kirgazdilar va meni hamon o‘qirlar va unutmaslar…”.
Inson shaxsining evrilishi, davr bilan murosaga borishi nihoyatda murakkab jarayon. Qodiriy bu jarayondan o‘z “men”ini saqlay oldi. Ijodkor ruhidagi kechinmalarni, iztiroblarni anglay olsak, uning asari tub mohiyatiga shu qadar chuqur kira olamiz. Zero, har bir asar ortida ijodkor ruhiyati mujassam. Bu jarayonni nafaqat adabiyotshunoslik ilmi, balki psixologiya, tarix, falsafa bilan bog‘liq holda o‘rganish muammoni oydinlashtirib beradi. Qodiriy ijodini hayoti bilan chambarchas bog‘liq holda tadqiq etish adabiyotshunoslikda hali ochilmagan ilmiy-nazariy muammolar yechimiga ko‘maklashadi.
Sanobar To‘laganova, O‘zR FA Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti ilmiy xodimi
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2015 yil 28-son