Salim Ashur. Yurakdan chiqqan so‘z

O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillaridan boshlab so‘z san’ati hududlarida o‘ziga o‘rin izlaganlar orasida Rustam Musurmonning ovozi ajralib turadi. Bu ovozda xalqona ohanglar, baxshiyona to‘lg‘onishlar, yuraklarni tebratgan to‘lqinlar, bo‘g‘izlarda to‘lqinlangan tovushlar sado beradi.

She’rning kichik unsuri so‘z bo‘lsa, so‘zning kichik unsuri – tovush. Rus­tam dastlabki ijodiy qadamlaridanoq barchaga uslub va usul jihatidan yangi, ya’ni tovushlar bilan ishlaydigan shoir bo‘lib tanildi. Ayni ma’noda yozganlari original – yangicha asarlar sifatida e’tirof etildi. Bahor qir-adirlarda tabiat rang­larini – atlas sepini yoyib o‘z husnu tarovatini namoyon etgani kabi ko‘klam oshuftasi bo‘lgan yangi nafasli shoir she’rlarida tovushlar rangini yoyib ko‘rsatdi. Go‘yo so‘z qafasida, til doirasida siqilgan tovushlarni qushlar kabi erkka uchirdi. Rustamning shoir­lik idroki bilan tovushlarda qanotlar o‘sdi…

Bu she’rlarni o‘qib, ehtimol, ilk bor tovushlar “ta’mi”ni sezdik, bu – qadim-qadimdan xalq dostonlari-yu, baxshilarning aytimlarida ajdodlardan o‘tib kelayotgan ohang, buzilmay kelayotgan marom edi. Borliq – bir butun, Dunyo – yagona va yaxlit ulkan ohangdan, Kurrai arz uzilmasdan va buzilmasdan kelayotgan ulkan maromdan iborat. Yer shari ohang va marom bilan bir butun holda aylanadi. Yo beshikmi, belanchak kabi tebranadi. Rustam yaratgan ohang va marom ana shu uzluksiz marom va ohang­ga ularning bir uzvi sifatida ulandi. “Sovchi”, “Ovutish”, “Bul kecha”, “Darvish”, “Bozbarak”, “Umr tasviri” she’rlari ana shunday yangiligi bilan turli davralarda yoddan o‘qiladi.

“Ruhimning dovushi” she’rida:

Toki nafas olmoqda cholg‘u
Hayotining shartidir navo.
Kuy barhayot, musiqa mangu,
Men – nay nafas olayotgan havo:
– I–fu–u–uvv…
– I–fu–u–uvv…

So‘nggi ikki misradagi tovushlarga alohida ma’no yuklangan. Ayni o‘rinda tovushlar so‘z vazifasini bajaradi.

Rustam Musurmonning uslubiga ko‘ra, tovushlar hayajon, hayrat, ehtiros, muhabbat yoki nafratni ifoda etadi. Tovush so‘z, hatto jumladan katta va ko‘p ma’no-mazmun kasb etadi.

Yoki “O‘llala” she’rida:

– O‘llala yor, o‘llala,
So‘zingni ayt, o‘llala.
Qaro deysan ko‘zini,
Ko‘zini ayt, o‘llala.
– Ana olu va olu,
Qara, olu va olu.
Ohularning ichida
Sara olu va olu.

Ushbu parchada so‘zlar tarkibidagi “a”, “o‘”, “l”, “u”, “o” tovushlari so‘zlar va she’r jarangini, ohangdorligini oshirgan.

“Tilsim”, “Xirgoyi”, “Cho‘milish”, “Ko‘hna ohang” she’rlari o‘z kuyi bilan “tug‘ilgan”. Ular musiqiy sozning turli pardalarida yangragan ohanglarga o‘xshab jaranglaydi.

Shoir o‘sadi, o‘zini yangilaydi. Shaxs sifatida dunyoqarashi o‘zgaradi. Qalamga keladigan mavzular doirasi kengayadi. Endi uning so‘z va fikr o‘rovi tarix, inson, Vatan, jamiyat hodisalarini qamrab oladi. Ushbu jarayon muntazamdir.

Shu ma’noda, 2022 yili “Adib” nashriyotida chop etilgan “Bir juft so‘z” kitobida Rustam Musurmonning shoir idroki quvvatga to‘lgani, shoir tasavvuri yetilgani kuzatiladi. Bu quvvat, avvalo, shoir ongi va so‘zi ustoz­lar­­ning badiiyat bulog‘idan, ohanrabosi ulkan ma’naviy xazina bo‘lgan tariximizdan, Vatan ma’nosini ang­lash sezimidan bahramand bo‘lgani tufayli kuch olganmi, deysiz. Bu uzviylik, avvalo, millatni millat etgan qadriyatlarga qalb va jon rishtalari bilan bog‘langan ildizlardir.

Kitob chuqur ijtimoiy-falsafiy mazmunga ega bo‘lib, vatanparvarlik ruhidagi zalvorli she’rlar bilan bosh­lanadi. “Buyuk yo‘l”, “Uchinchi Renessans poydevori”, “Muallim”, “Ustyurt. Qoraqalpog‘iston qo‘rg‘oni”, “Ustoz mehri”, “Humo” qasri”, “Yangi uylar” she’rlarida bugungi kunning qaynoq nafasi ufuradi. Bu she’rlarning har biri mazmun-mundarijasiga ko‘ra salmoqli asarga teng. Ularda yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorliklar, yuksalishlar qalamga olingan.

Qalbi mudom uyg‘oq shoir Vatan taraqqiyoti, xalqimizning bunyodkorlik salohiyati bilan yon-atrofimizda kechayotgan buyuk o‘zgarishlar, tikla­nish­lar, mislsiz voqea-hodisalarning ichida yashaydi, ularning faol ishtirokchisiga aylanadi. Hayotdan uzilib, xonanishin bo‘lib yozish Rustam Musurmonning ijod a’moliga xos emas. U el-yurt hamda uning quvonch-tashvishi bilan har dam hamqadam va hamnafasdir.

“Vatanim” she’rida el-yurt madhi, sharafi yanada baland pardalarda tarannum etilgan:

Odam Otaning nasliga beshik bo‘lgan tog‘larim,
Moma Havoning vasliga oshiq bo‘lgan bog‘larim,
Avliyolar isi kelgan mo‘tabar tuproqlarim,
Ohuvva-hay, Vatanim-ay,
Ohuvva-hay, Vatanim!..

Tarix – shoir eng ko‘p murojaat qiladigan mavzulardan biri. “Osmonning sarg‘aygan qopqog‘i”, “Kasbi qo‘rg‘oni”, “Sulton Mirhaydar”, “Xo‘jahayron” kabi she’rlar tarix parchalari kabi taassurot uyg‘otadi. Bu she’rlarda sardobaning yonida tiz cho‘kib, tiriklikka, hayotga shukrona keltirayotgan inson – zamondoshimiz timsoli chizilgan. Ko‘p asrlik minoralar ota-bobolarimiz e’tiqodining ramziga aylangan:

Chanqagan yo‘lchiga suv tutar,
Bepoyon biyobon hovuchi.
Tomchini ummonga teng etar
O‘tmishning chordevor hovuzi –
Sardoba.

Xalq og‘zaki ijodi ruhida bitilgan “Oshi halol”, “Sayil”, “Olacha”, “Bobilqand”, “Bozortepa”, “Rustam taqachi” kabi she’rlarda tabiat yoki har xil voqeliklar bilan bog‘liq urf-odatlar qadriyat sifatida taqdim etilgan hamda ularning ahamiyati badiiy vositalar orqali ochib berilgan.

“Qush qutlug‘ bo‘lsin”, “Sovchi”, “Oshiq yigit”, “Baqan”, “Kelinchak”, “Bol-boli bor…” kabi she’rlarni faqat o‘zbek shoiri yozishi mumkin. Chunki ularda o‘zbekning qalbi, xarakteri, o‘zbekning Vatani tasvirlangan. Bunday she’rlar dunyoqarashni boyitadi. Vatan – eng katta ildiz ekanini uqtiradi. Chunki bu she’rlar milliylik ruhiga to‘yingandir.

Ha, millat qalbining tarixi – she’r­dir.

Har bir shoirning “o‘z so‘zlari” bo‘ladi. Shu ma’noda “o‘tar” – Rustam Musurmon ko‘p ishlatgan so‘zlardan biri. “Buyuk yo‘l” she’rida: “Bog‘lar o‘tar, qushlar o‘tar, gullar o‘tar, onajon, Ko‘llar o‘tar, cho‘llar o‘tar, yo‘llar o‘tar, onajon. Kimlar kelar, kimlar ketar, har ko‘ngilda bir orzu, Kunlar o‘tar, oylar o‘tar, yillar o‘tar, onajon…”. “Yor kelar yo‘lga qarab…” she’rida: “O‘tti, o‘tti, o‘tti-yovv… Hamma o‘tib ketti-yovv… Ul sarvinoo-oz o‘tmadi-uvv…”

Har takrorlanganda “O‘tar”, “o‘tti” fe’llarining ma’nosi kengaya boradi. “O‘tti” fe’lining ikkita “t” bilan yozilishi ohangdorlikni kuchaytiradi. Aslida, bog‘lar, qushlar, ko‘llar, cho‘llar o‘tmaydi, umr o‘tadi, hayot shakli bilan bog‘liq narsalar o‘tadi. Mohiyat o‘zgarishi mumkin, lekin o‘tib ketmaydi. Bu esa hayot abadiyligining qonuniyatidir.

Rustam Musurmon ijodi xususida mulohaza yuritganda uning tarjimachilik faoliyatiga to‘xtalmaslikning aslo iloji yo‘q. Rustam qoraqalpoq adabiyotini o‘zbek o‘quvchisiga tanishtirishda ter to‘kib mehnat qildi. Uzoq yillar mobaynida Ibrohim Yusupov, Kenesboy Karimov, Xalilla Davlatnazarov, Jiyanboy Izbos­kanov, Baxtiyor Genjamurod va boshqa qoraqalpoq adiblari asarlarini o‘zbekchalashtirdi.

U Lotin Amerikasining XX asrdagi ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri, Nobel mukofoti sovrindori Pablo Nerudaning “Bashariyat qo‘shig‘i” epopeyasidan “Machu-Pikchu cho‘qqilari” dostonini ona tilimizga tarjima qildi. Bu katta ijodiy mehnat bo‘lib, ko‘lami, qamrovi va ahamiyati nuqtai nazaridan Rustam Musurmonning tarjimonlik faoliyatida alohida sahifa bo‘ldi.

Rustam Musurmon jahon adabiyotining yorqin vakili, mojor shoiri Shandor Petyofini o‘zbek o‘quvchisiga yangitdan tanishtirdi. Shandor Petyofidan yangi tarjimalar mojorlarning o‘tmishi o‘zbek xalqining tarixi bilan o‘xshash­ligini ko‘rsatadi. Mojor xalqi ozodlik yo‘lida matonat va qat’iyat bilan kurash olib borgan. Dala-dashtlarda ba’zan ko‘chmanchi, ba’zan o‘troq yashagan. Erkinlikni, kenglik­larni yaxshi ko‘radi. Shundanmi, fikr-o‘ylari, xayol-tasavvuri keng, his tuyg‘ulari toza va chuqur…

Tarjima dillarni, ellarni yaqinlashtiradi, deyilgani shu bo‘lsa kerak.

Maqolaning avvalida bildirilgan mulohazani davom ettirib, o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillariga qaytaylik. Poytaxt markazidagi tepasida hamisha soat yurib turadigan o‘n olti qavatli mahobatli bino. U shaharning hamma yeridan ko‘rinadi. Binoda jurnallarning tahririyatlari joylashgan. Jumladan, “Saodat” jurnali ham. Biz “Saodat”da ishlaymiz. Jurnal tahririyatida ish vaqtidan keyin mushoiralar uyushtiriladi. Shu mushoiralarda yosh shoirlar kuyib, yonib she’r o‘qiydi. Bu borada Rustam ko‘pchilikdan o‘zib ketadi. Biz qor yog‘ib, ko‘chalar oqargan tunlarda, kuz yoki bahorning sokin kechalarida Talabalar shaharchasining daraxtzorlari oralab yoki so‘qmoq, yo‘laklarda she’r hayqirib o‘tib-qaytamiz (“Qo‘riqchi” she’ridan):

Hoy gala-gala, hoy gala,
Karkas keldi bir gala.
Mening bog‘im kichkina-a-a…
Katta bog‘larni tala-aaa…
Hoy gala-gala, hoy gala-aaa…

Rustamning she’rlari qog‘ozga ko‘chishi bilan qo‘lma-qo‘l o‘qiladi, ko‘cha-ko‘yda yoddan aytiladi – o‘sha kezlarda.

Bir haqiqat mavjud: mahorat o‘z-o‘zidan charxlanib qolmaydi. Odam cho‘qqiga uchib chiqolmaydi. Tirmashib, emaklab chiqadi. Shu ma’noda o‘tgan yillarda o‘qish, o‘rganish, izlanish tufayli shoirning mahorati charxlanib bordi. U o‘sha paytlardan buyon Bugun, Hozir sari yurdi. Va oltmish yoshga to‘ldi.

Shoir bir to‘rtligida: “…Yurakdan chiqqan so‘z yurakni topar” deb yozadi. Ha, bugun katta ijodiy xirmon bilan oltmish yoshini qarshilayotgan Rustam Musurmonning shoir yuragidan chiqqan so‘zlar she’riyat muxlislarining yuragidan allaqachon joy olgan. Yurakdan chiqqan so‘z yuraklarni topgan.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 33-son