Bolalar adabiyoti – adabiyotning balog‘ati
Alla – adabiyotning beshigi, butun insoniyatning murg‘akligi adabiyoti. Lekin o‘zi murg‘ak emas, yombi adabiyot. Alla qachon paydo bo‘lgan? Hech kim bilmaydi, u nihoyatda qadimiy.
Bolalar adabiyoti adabiyotning bolaligi emas, barkamol adabiyotning qaymog‘i, komil mahsulidir. Balog‘atga yetmagan adabiyotda, millatda bolalar adabiyoti alohida shakllanib rivojlanmaydi. Dunyoda shunday nochor adabiyotlar, millatlar hozir ham mavjud. Mustahkam poydevor bo‘lmasa, bino barpo qilib bo‘larmidi?
Bolalar shoiri bo‘lish mushkul. Buning uchun bolaqalb, bolafe’l, bolatabiat bo‘lish kerak. Ayniqsa, eng kichik yoshdagi bolakayga moslab she’r yozib ko‘ring-chi, uning dilini toping-chi, tilini toping-chi…
Odam jismonan baquvvat, bilimli, har ishda chaqqon, epchil bo‘lishi mumkin. Ammo oqko‘ngil, iymon-e’tiqodli, insonparvar, yurtparvar bo‘lmasa, hayotda o‘zidan yaxshi nom, yaxshi iz qoldirolmaydi. Adabiyot va san’at bolaning ana shunday go‘zal tuyg‘ular, fazilatlar sohibi bo‘lib shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Bunda, ayniqsa, bolalar adabiyoti va uning jonkuyarlarining xizmati kattadir.
Bolalar adabiyotida Quddus Muhammadiy, Qudrat Hikmat, Xudoyberdi To‘xtaboyev, Anvar Obidjon, Kavsar Turdiyeva, Abdurahmon Akbar, Dilshod Rajab kabi shoir va yozuvchilarning bolajonlarga tuhfa etgan asarlari adabiyotimizda salmoqli o‘rin tutadi. Bu ro‘yxatni bugun Tursunboy Adashboyevning nomisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.
O‘spirinlik paytimizda Tursunboy Adashboyevning she’rlarini ko‘p o‘qiganmiz, yod olganmiz. Negadir she’rlardagi satrlar xotiramizga tez o‘rnashib qolardi. Keyinchalik uning she’rlari bolalar yaxshi ko‘radigan shirinlikdek totli ekanligi, shu bois yodlash, ma’nosiga yetish osonligining siridan voqif bo‘ldik.
Shoir sinchkov kuzatuvchi, bolalarni jondan sevuvchi ijodkor ham. Shu bois quvnoq yumor, samimiy hazil mo‘l she’rlarida bola tabiati ko‘zgudagidek ko‘rinadi: she’rlarda bola o‘z ichki olami aksini ko‘radi, goho harakatlarini shoirbobo ko‘rib turganidan xijolat tortadi, bilib qolibdilar-da, deb o‘ylasa, ehtimol. Ha, shoirbobo bolalarni, ularning fe’l-atvorini, orzu-maqsadlarini bilib turadigan bolaqalb shoir.
Tursunboy Adashboyev asarlarida bolalar psixologlari o‘z mutaxassisliklarida qo‘llashlari mumkin bo‘lgan nozik kuzatishlar, xulosalar mavjud. Bu esa bolalar psixologiyasi bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar uchun tayyor ish dasturi bo‘la oladi.
Sakkiz satr
Bolaning xayol osmoni bepoyon, ufqlarga sig‘maydi. Uningcha, mushuk bekordan-bekor ham oftobga chiqaveradi. Kattalar xayoli esa, ularning o‘zi kabi bepoyon kengliklarda behuda suzmaydi.
Bolalar shoiri mohir sehrgar kabi bolaning yengidan, yoqasidan she’r oladi va bunga bolani ishontiradi. Ishontira olmasa, bola ham she’rga ishonmaydi.
– Qarg‘a qaqimchi ekan,
Chumchuq chaqimchi ekan,
G‘oz karnaychi ekan,
O‘rdak surnaychi ekan.
– G‘oz karnaychi bo‘lmasin,
O‘rdak surnay chalmasin.
Karnaychi Shokir tog‘am
Xafa bo‘lib qolmasin.
Tursunboy Adashboyevning “G‘oz karnaychi bo‘lmasin” she’ridan olingan ushbu iqtibos qatida shoir ijodining o‘ziga xos xususiyatlari, individual xarakteri, betakror badiiy bo‘yog‘i aks etgan, deyish mumkin. Qarg‘a, chumchuq, g‘oz, o‘rdak – bolalar badiiy olamining doimiy personajlari, bolalarning sevimli qahramonlari. Qahramonlargina emas, bolalarning ajoyib do‘stlari, o‘rtoqlari. G‘aroyib qahramonlar yetovida bolalar tasavvur olamiga, o‘suvchan hayotga kirish qulay va o‘ng‘ay. Shaffof va mayin chegaradan bolalik, xayol, orzu hududiga o‘tish mumkin. T.Adashboyev shu beg‘ubor maydonga o‘ta olgan.
Yuqorida keltirilgan she’riy parcha dialog shaklida qurilgan. Bu esa she’r o‘qiyotganda bolaning sezgi va tafakkuri hushyor bo‘lishini, idrok oqimi monotonlik (bir xillik)dan zerikmasligini, ya’ni fikriy va hissiy qabullovi faol harakatda bo‘lishini, ob’ekt bilan uzluksiz munosabatga kirishishini ta’minlaydi. She’rning eng muhim jihati esa, “karnaychi” so‘zining ko‘pqatlamli ma’no kasb etishidadir. G‘oz karnaychi, nega o‘rdak emas? Chunki o‘rdak tabiatan anqovroq, fahmsizroq, yon-atrofda kechayotgan voqealarga g‘ozchalik hushyor emas. Shu bois karnaychi bo‘lish o‘rdakka yarashmaydi. Bu mashg‘ulot rosa g‘ozbop-da! Nega? Avvalo, g‘ozning o‘zida “g‘oz”lik odati – bodilik, hovliqmalik, shoshqaloqlik, shu bilan birga, o‘rdakka nisbatan ortiqcha ziyraklik, sezgirlik, voqealar mohiyatini tezroq va aniqroq ilg‘ash kabi xususiyatlar mujassam. Yo‘q, biz emas, bu fe’l-atvorni o‘rdakka ham, g‘ozga ham xalq ijodi – folklor, ertaklar, afsonalar timsol etib bergan. Shu ma’noda, g‘oz karnaychi bo‘lishga juda mos-da. Karnayning o‘zi ham ko‘pincha “suvni ko‘rmay etik yechadi”, elburutdan shovqin ko‘taradi, g‘alog‘ul qiladi, voqea-hodisa, narsa-ashyoning hali “qora”si ko‘rinmay, mohiyatga yetmay, moyaga kirmay turib elga jar soladi. Odatiy sokin muhitni bezovta qiladi. Shu mantiqqa ko‘ra, g‘oz karnayga, karnay g‘ozga rosa mos va munosib. Yuzaki qaraganda, shoir ming yillardan buyon yashab kelayotgan ertaklar ritmi va ohangini yengil taftalogiyaga tortgandek tuyuladi. Ammo bu – aldamchi tasavvur: G‘oz karnaychi bo‘lsa, karnaychi Shokir tog‘a xafa bo‘lib qoladi. Shu shtrix, ya’ni g‘oz va karnay orasida Shokir tog‘a, ya’ni inson she’rga ijtimoiy ma’no yuklaydi.
Ertakdan chiqqan quyosh
XXI asr bolasiga ertak kerakmi? Bola ertakni hayot deb, ertak qahramonini o‘zi bilan yonma-yon yashayotgan o‘rtoq, deb o‘ylaydi. Bola ertakdagi ijobiy qahramonlaru salbiy qahramonlar ham hayotda mavjudligiga astoydil ishonadi. Ertaklar bolaga ta’sir o‘tkazadi, ertak qahramoni kulsa, bola ham kuladi, yig‘lasa, bola ham yig‘laydi. Ertakdagi voqealarda bola o‘zicha ishtirok etadi. Bola Zumrad, Kenja Botir, To‘g‘rivoy bilan do‘st, o‘rtoq bo‘ladi. Bolaning beg‘ubor qalbi ertak qahramonlari singari ezgulik tarafdori, u shu qahramonlar singari yaxshi odam bo‘lishni orzu qiladi. Bolalar hayotni ertak orqali bilib, ertak vositasida oq-qorani ajratadilar.
Bolalarning ezgulik va yovuzlik, yaxshilik va yomonlikni anglashida, ularning bir-biridan farqini ilg‘ashi va mantiqini tushunishida ertaklar muhim ahamiyat kasb etadi. Ertaklar bolalar hissiyotini o‘stiradi, tuyg‘u, tushunchasini rivojlantiradi. Olamni idrok etishni o‘rgatsa, odamga tuyg‘udosh, qayg‘udosh bo‘lishni ma’sum va beg‘ubor tabiatga – bola sajiyasiga yuqtiradi. Ertaklarning shunday farahbaxsh va sururli ta’sirida ulg‘aygan insonlargina madaniyatli, ma’naviyatli bo‘ladilar. Vatanparvar, millatparvar, mehnatsevar, insonparvar bo‘ladiganlar ham shular. Bunday bolalar olamni ota-onalari, bobo-momolari so‘zlagan ertaklar, hayotiy hikoyalar orqali taniydilar. Bugungi bolaning ertaga qanday fe’l-atvor, odatlar egasi bo‘lib kamol topishi bugun tinglayotgan ertaklariga judayam aloqador.
Qanday bola kelajakda komil inson bo‘lib yetishadi?
Orzulari bisyor, xayol dunyosi bepoyon bola, albatta! Orzular yoshu qari – hamma-hammaga birday kuch-quvvat bag‘ishlaydi, yuksaklarga chorlaydi.
Ertagu afsonalarni, allayu dostonlarni tinglab ulg‘aygan bola hech qachon yomon odam bo‘lmaydi, undan buyuk san’atkor, jasur fazogir, mashhur rassom, naziri yo‘q inson, hech bo‘lmasa, oddiygina yaxshi odam chiqishi isbotlangan haqiqat.
Mashhur rus yozuvchisi Valentin Rasputin allaning bola ruhiyatiga, tarbiyasiga ijobiy ta’siri xususida shunday degan edi: “Pushkin enagasi Irina Radionovnaning mungli allalarini emas, bugungi estradani tinglab ulg‘ayganida edi, undan Pushkin emas, Dantes chiqardi”.
Afsuski, keyingi paytlarda televizor va kompyuter ertaklarni bolalar hayotidan tobora ko‘proq siqib chiqarmokda. Bu esa bolalarning tarbiyasiga, axloqiga o‘ziga xos tarzda ta’sir o‘tkazadi. Bugungi bolalar yana yigirma yildan keyin tamomila yangi dunyoqarash, yangi axloq, yangi ma’naviyat, turmushning yangi mezonlari bilan munosabatga kirishgan avlod sifatida hayotga kirib keladilar, siz bilan bizning o‘rnimizni to‘ldiradilar. Bu avlodning to‘qlari ochlariga, ochlari esa to‘qlariga, po‘rimlari yupunlariga, yupunlari esa po‘rimlariga qanday munosabatda, muomalada bo‘lisharkin? O‘rta mezonni topishga muvaffaq bo‘ladilarmi?
Ha, bolalar internetga, mobil telefon va zamonaviy texnologiyalarga tobora berilmoqdalar. Ommaviy madaniyat – olomonchilik madaniyati bilan balo-qazodek kelayotgan madaniyatsizlik, ma’naviyatsizlik bo‘roni hatto aqlini tanib ulgurmagan bolalarga mo‘ljallangan zo‘ravonlik, shafqatsizlik, soxtalik, xudbinlik illatlarini olib kirmoqda. Bunday sharoitda murg‘ak qalb va murg‘ak ongni adabiyotga, she’rga bog‘lab turadigan so‘zni topish, adabiyotga qiziqtirish bolalar shoirining zimmasiga dolzarb mas’uliyat yuklaydi. T.Adashboyevning she’riy ertaklari bolalarga oq-qorani ajratishda, mustaqil fikr sari siljishda, bolalik pallasidan balog‘at fasliga o‘tishda ruhiy ko‘prik, ruhiy quvvat bo‘ladi.
Turli elektron vositalar orqali hayotimizga kirib kelayotgan bolalar o‘yinlari ertaklar o‘rnini, ayniqsa, ota-onalar, bobo-momolar hikoya qilib beradigan afsonayu rivoyatlar o‘rnini bosa oladimi? Bu savolga lo‘nda tarzda shunday javob berish mumkin: Agar yana yigirma, o‘ttiz, qirq yildan keyin zo‘ravonlikka, betizgin raqobatga, o‘zboshimchalikka, uzoqni ko‘ra olmaslik holatlariga, yo ostidan, yo ustidan deydigan tavakkalchilarga, “gibrid” odatlar egalariga, xudbinlarga, “o‘zim bo‘lay” tushunchasini hayotiy shioriga aylantirganlarga ro‘baro‘ kelsangiz, ular o‘z paytida zamonaviy o‘yinlarga mukkasidan ketgan bolalar bo‘lganiga ishonavering. Bundaylar o‘z kaltabinliklari bilan katta ma’naviy o‘pirishlarni, ijtimoiy fojialarni boshlashi mumkin.
Ertak bolaning fantaziyasini tarbiyalaydi, unga orzu, xayol, qanot bag‘ishlaydi. Bolaning nazdida, kundalik turmushni ko‘prangli va serjilo, go‘zal hayotga aylantiradi. Bola ertak tufayli dunyodan hayratlanishni o‘rganadi. Ertak bergan rang-barang xayollar butun umr insonga ruh, kuch va zavq bag‘ishlaydi, g‘ayrat, ilhom va quvvat beradi. Ertak bola tasavvurida ezgulik va yovuzlik chegarasini belgilab beradi. Qahramonlaru botirlar, yomonlaru shotirlar bola nazdida, ertaklardan chiqib, hayotga kirib keladi. Hayot ertakning, ertak hayotning davomi bo‘lib tuyuladi. Bola nazdida, quyosh ham ertakdan chiqib, ertakka botadi…
Ha, XXI asr bolasiga ertak kerak!
Parodiyalar – quvnoq diydiyolar
Rostini aytganda, kitobga mehri tushgan biror xonadon yo‘qki, Tursunboy Adashboyevning, hech qursa, bitta kitobi kirib bormagan bo‘lsa. Aytish joizki, shoirning jahon bolalar adabiyotidan tarjimalari yosh muxlislar va adabiy jamoatchilikning mehrini qozongan.
Korney Chukovskiyning “Do‘xtir Voyjonim”, Jovanni Rabonining “Mushuk kotangensning arifmetika daftari”, Samuil Marshakning “Tentak ovchi” kabi dunyo bolalari qo‘ldan qo‘ymay o‘qiydigan kitoblar va boshqa bir qancha chet el adiblarining bir-biridan qiziqarli asarlari T.Adashboyev tarjimasida o‘zbek bolalarining ham sevimli kitoblariga aylandi. Bundan tashqari, tilimizga o‘girilgan ushbu asarlar bolalar adabiyotida yangi qamrov, keng ufq ochganini, bolalar adabiyoti rivojiga quvvat berganini alohida ta’kidlash joiz.
T.Adashboyev shoir va tarjimonlikdan tashqari, parodiyanavislik ham qiladi. Parodiyani maromiga yetkazib mohir muqallid-shoir darajasini olib, shubhasiz, o‘zbek adabiyotida parodiya janrining “qiroli”ga aylandi. Uchrashuvlarda ko‘p shohidi bo‘lganmiz – ustozdan yangi parodiyalardan o‘qib berishni muxlislar ko‘p so‘rashadi.
Har xil oldi-qochdi, sayoz she’rlarni yumor va satira bilan qalamga olar ekan, shoir parodiyalarni muallifning ustidan kulish uchun emas, adabiyotga, ma’naviyatga chin yurakdan qayg‘urib yozadi. Parodiya muayyan asarga berilgan hazil baho yoki baholarning hazilidir, deyish mumkin. Zero, uning qatida jindekkina haqiqat ham zohir bo‘ladi. Bu bilan shoir adabiyotda tanqidchi-mutaxassisning ishini ham o‘ziga xos tarzda uddalamoqda, deyish mumkin.
Bugun ustozni nuroniy yoshda, deyolmaysiz. Ijodda sermahsul, hayotda serg‘ayrat. Saksonga salobat bilan borayotgan piri badavlat bu insonning fe’li hali-hamon bola atvoridek begard, bolalarcha quvnoq. Ha, chindan ko‘nglida kiri yo‘q inson qarimaydi.
Biz havas qilamiz, xolos.
“Sharq yulduzi” jurnali, 2015 yil, 2-son