
Ayrim adabiyotshunos va tanqidchilarning maqolalarida, mamlakatimizda Andrey Platonov kabi yozuvchi va uning 50 yilcha bosilmay qolib ketgan «Kotlovan» qissasi kabi asar yo‘q, degan fikrlar bildirildi. Bu haqiqatga unchalik to‘g‘ri kelmaydi, chunki O‘zbekistonda ham 50 yildan ziyodroq davrda unutilgan qissalar, yozuvchilar bor.
O‘shanday asarlardan biri «Gulisurx» («Qizil gul») qissasi bo‘lib, uning muallifi Buxoro inqilobida qatnashgan va Sovetlar hokimiyatini mustahkamlash uchun kurashgan Hoji Mirbobo Muhsinzodadir. 1934 yili Toshkentda O‘zbekiston Davlat nashriyoti o‘zbek tilida, lotin alifbosida Mirbobo Muhsinzodaning «Gulisurx» nomli qissasini nashr qilgan (Mas’ul muharrir — N. Oxundiy, adabiy muharrir — Davron) edi.
«Gulisurx» qissasini Moskvadagi V. I. Lenin nomli SSSR Davlat kutubxonasida saqlanayotgan nusxasidan surat-nusxa oldirib, o‘qib chiqdik. Qissada inqilob arafasida Buxoro amirligidagi adolatsizliklar, mehnatkashlarning og‘ir hayoti, taraqqiyparvarlarning amirlikka qarshi mardona kurashlari o‘z aksini topgan. Asarning bosh qahramoni kambag‘al dehqon o‘g‘li Jumanazar Sharqiy Buxoro (Tojikiston)ning G‘arm viloyatida Orifboy eshigida xizmat qilib, o‘z mehnat haqini ololmaydi. U qochib amirlik poytaxti Buxoro shahriga keladi. Bunda kishilarni ishlatib, haq to‘lamay boylik orttiradigan baliqpaz Hoji Mirbadal qo‘l ostida ishlaydi. U bilan har yili bahorda Bahovaddin ziyoratgohida bo‘ladigan Gulisurx (qizil gul) sayiliga borib baliqpazlik qiladi.
Yozuvchi o‘z qissasida qadimiy xalq sayili, uning o‘ziga xos tomonlarini tasvirlash bilan bu sayildan tekinxo‘r savdogarlar va riyokor ruhoniylar o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanganini hikoya qiladi.
Hoji Mirbadal boshda har ish kuni uchun 2 tangadan ish haqi berishni va’da qilib, Jumanazarni mardikorlar bozoridan olib kelgan bo‘lsa-da, o‘z va’dasida turmaydi. Jumanazar ikki yarim oy tongdan xuftongacha ishlaydi. Haqini talab qilganida, janjaldan so‘ng xo‘jayin zo‘rg‘a 10 tanga beradi. Jumanazar Bahovaddinda Ko‘saso‘fi xizmatiga kiradi. Ko‘saso‘fi ziyoratga keluvchi ommaning soddaligi, ishonuvchanligidan foydalanib, ularni aldaydi. Shu yo‘l bilan pul-mol yig‘adi. Jumanazardan foydalanib yolg‘on-yashiq «mo‘jizalar» ko‘rsatadi. Jumanazarning undan ixlosi qaytib ketmoqchi bo‘lganida uni tuhmatga giriftor qiladi, mirshablarga topshirib, Buxoro zindoniga tashlatadi.
1917 yil fevral burjua-demokratik inqilobi bo‘lib, Rus podshosi taxtdan qulagach, Buxoro amiri ham xalq g‘azabidan qo‘rqib «Bayonnoma» («Manifest») e’lon qiladi, unda ayrim islohotlar o‘tkazaman, deb va’da beradi. Yosh buxoroliklarning bir qismi bu bayonnomaga ishonmay, uni tabriklash va namoyishga chiqish kerak emas, deb hisoblasa, ikkinchi qismi, biz kutgan islohot davri keldi, deb «Bayonnoma» bergan amirni tabriklash uchun namoyishga chiqadi. Namoyishchilar orasida qissaning muallifi Hoji Mirbobo Muhsinzoda ham bor edi. Namoyishchilar Sarrofon toqidan Xiyobon maydonigacha kelib, miting qiladilar. Unda Fayzulla Xo‘jayev va boshqalar nutq so‘zlaydilar. So‘ngra saroydan xabar olib kelish maqsadida 3 kishini foytunga o‘tqazib saroyga yuboradilar. Bular saroy oldidagi registon maydoniga kelganlarida tayoq, temir va toshlar bilan qurollangan bir necha ming mullabachcha, mudarris va amaldorlar shovqin ko‘tarib, jadidlarni jazolashni talab qiladilar. Uch jadid saroyga kirgach, qushbegi ularni qamatadi, Hoji Mirboboni 75 tayoq urdirib, saroyning Obxona zindoniga tashlaydi. Qissa qahramoni Jumanazar bu hodisalarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, dahshatga tushadi. Ertasi kuni Sadriddin Ayniy va Mirzo Nazrulloni ham Obxonaga keltirib, 75 tayoqdan uradilar. Kogondan rus askarlari kelib bularni Obxonadan qutqazib, Kogon shifoxonasiga olib boradilar. Jumanazar ham qamoqdan qutilib, shularga ergashadi.

Suratda: (chapdan) Sadriddin Ayniy, Mirzo Abdullo va Mirbobo Muhsinzoda.
Qissada tarixiy haqiqatning badiiy tasvirini ko‘ramiz. Jumanazar, Hoji Mirbadal umumlashgan to‘qima obrazlar bo‘lsa-da, 1917 yil aprelidagi namoyish va yosh buxoroliklarning 75 tayoqdan urilishlari, ularning rus askarlari tomonidan qutqazilishlari tarixiy hodisalardir. Bu qissa muallifning birinchi badiiy nasri bo‘lganidan va, umuman, 30-yillarda o‘zbek hamda tojik nasri endi shakllanayotganidan «Gulisurx»da ayrim badiiylik jihatidan bo‘sh o‘rinlar, naturalistik lavhalar yo‘q emas. Biroq shunday voqealarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan tarixiy shaxs tomonidan yozilganligi asarga bo‘lgan qiziqishni orttiradi. Asar ham badiiy, ham tarixiy-etnografik, ham lingvistik (o‘zbek tilining Buxoro shevasi) material sifatida qimmatga ega.
Mirbobo Muhsinzoda kim?
Uning haqida Buxoro inqilobchilarining yetakchisi Fayzulla Xo‘jayevning uch jildlik asarlarida, mashhur yozuvchi Sadriddin Ayniyning 1921 yilda o‘zbek tilida yozgan va adabiyotshunos hamda tarjimon Rahim Hoshim tomonidan tojik tiliga tarjima qilinib, 1987 yilda Dushanbeda bosmadan chiqarilgan «Buxoro inqilobi tarixi», shuningdek ayrim tarixchilarning kitoblarida ma’lumotlar mavjud.
Bu satrlar muallifi O‘zSSR Oliy Sudi va O‘zSSR prokuraturasiga xat bilan murojaat qilib, ulardan javob oldi. O‘zSSR prokurorining katta yordamchisi, adliya katta maslahatchisi D. S. Nepomnyashchiy 1989 yil 8 fevralda imzo chekkan 13/277—88 raqamli javob xatida yozilishicha, Hoji Mirbobo Mirmuhsinov (Mirbobo Muhsinzoda) 1868 yilda Buxoro shahrida baxmal to‘quvchi kosib oilasida tug‘ilgan. 1917 yil fevral inqilobigacha qorako‘l terisi bilan savdo qilgan. 1930 yillarda adabiy-ijodiy ishlar bilan shug‘ullangan. 1936 yilda uni NKVD hibsga olib, unga «aksilinqilobiy harakatda qatnashish va Sovetlarga qarshi tashviqot olib borish» aybini to‘nkagan. Buxoro oblast sudi prezidiumining 1957 yil 23 dekabrida qabul qilgan qaroriga ko‘ra Mirbobo Muhsinzoda ustiga qo‘yilgan ayblarni isbot qiluvchi dalillar bo‘lmaganidan u (vafotidan keyin) oqlangan.
Yuqorida eslatilgan kitoblar va Mirbobo Muhsinzodani bilgan kishilarning so‘zlariga qaraganda, u 1917 yilning aprelida amir odamlari tomonidan 75 tayoq urilgach, Kogonga kelib, shifoxonada davolanadi, keyin ko‘pgina yosh buxoroliklar bilan Samarqand va Toshkentga keladi. 1918 yilda Toshkentda Buxoro Kommunistik partiyasi tuzilib, uning Markaziy Komiteti saylanganda, Mirbobo Muhsinzoda Markaziy Komitet a’zoligiga kiritiladi. U partiya topshirig‘i bilan Buxoro inqilobiga tayyorlanuvchilar orasida ish olib boradi. 1920 yil sentyabrida Buxoro xalq inqilobi g‘alaba qozongach, M. Muhsinzoda mas’ul lavozimlarda xizmat qiladi. BXShJ (Buxoro Xalq Sho‘rolar Jumhuriyati)da kasaba uyushmalarini tashkil qilishda faol qatnashadi, jumhuriyat kasaba uyushmalari prezidiumining a’zosi sifatida ish olib boradi.
1922 yil yanvarida BXShJ Hukumatining qarori bilan Sharqiy Buxoro ishlari bo‘yicha Muxtor Vakil lavozimiga tayinlanib, bosmachilarga qarshi kurash frontiga yuboriladi. Juda qiyin iqtisodiy va harbiy sharoitda u rahbarlik qilgan otryadlar bosmachilarga qarshi kurash olib boradi.
Hali Moskva, Toshkent, Dushanbe arxivlaridagi hujjatlar xolisanlillo va xayrixohlik ko‘zi bilan qaralib chiqilganda ko‘p masalalar oydinlashadi.
Mirbobo Muhsinzoda «Gulisurx»ning so‘zboshisida asarni qanday yozgani, unga kimlar yordamlashganini minnatdorlik bilan ta’kidlaydi:
«Men bu «Gulisurx» hikoyasini fantaziyalar kabi xayol olamidan emas, balki, o‘sha asrdagi turmush ko‘rinishlaridan, haqiqiy hayotda qarama-qarshiliklar o‘rtasida (tanlab. — S. A.) oldim.
Bu asar mening birinchi adabiy faoliyatimning namunasidir. Bu asarning materiallarini to‘plashda marhum Halim Ashurov to‘la yordamda bo‘lib, ishlash jihatidan o‘rtoq Muhammadjon Muxtorzoda yordam etganlar».
Bunda eslatilganlardan birinchisi — Halim Ashurov (1897—1933) Buxoro inqilobida faol qatnashib, Sovet hokimiyatini mustahkamlash yo‘lida ko‘p xizmatlar qilgan. Ikkinchisi — Muhammadjon Muxtorov (1908—1971) «Vasfiy» taxallusi bilan o‘zbek va tojik tillarida yozgan she’rlari O‘zbekiston va Tojikiston matbuotida bosilar edi. M. Vasfiy ham 30-yillarning oxirida qatag‘on azobini boshidan kechirgan. U kishi uzoq yillar «Buxoro haqiqati» va «Haqiqati O‘zbekiston» gazetalari redaktsiyalarida ishlagan iqtidorli jurnalist va tarjimon ham edi.
Mirbobo Muhsinzodaning Qosim degan o‘g‘li 1940 yilda Buxoro o‘qituvchilar institutini bitirib, Vobkent rayonida o‘qituvchilik qiladi. O‘sha yillarda Vobkent rayoni xalq maorifi bo‘limi mudiri vazifasida ishlaydi. Uning tengdoshi va o‘rtog‘i, hozir pensioner G‘ulom Halimovning so‘zlariga ko‘ra, Qosim o‘z xohishi bilan Toshkent viloyatiga borib, u yerdagi maktablarda o‘qituvchilik qilib yurgan. Bu satrlar muallifi Toshkent viloyatidagi maktablarning biriga xat yozib, Qosimni biladiganlar bo‘lsa, javob yozsin, deb murojaat qildi. Xat Qosim bilan uzoq yillar birga ishlagan keksa o‘qituvchi Abdurahim Esonboyev va Qosimning qizi Dilbar Qosimovna Mirboboyevaga borib tegibdi. Ulardan yaqinda xat va Qosimning rasmini oldik.
Mehnat veterani A. Esonboyev va Dilbarning yozishlaricha, Qosim Mirboboyev 1914 yilda Buxoro shahrida tug‘ilgan, Ulug‘ Vatan urushida qatnashib, ko‘zi xiralanib qaytib, Toshkent viloyati maktablarida o‘zbek tili va adabiyotidan dars berib yurgan. Uylanib farzand ko‘rgan. 1973 yilda vafot etgan. Hozir xotini Salima — pensioner ekan. Nabiralar inqilobchi va yozuvchi bobolari haqida deyarlik hech narsa bilmas ekanlar.
Ha, Stalin va uning atrofidagi bag‘ritosh, laganbardor, shuhratparast demagoglar hukm surgan yillarda ijtimoiy adolat oyoq osti qilindi. O‘sha mudhish yillarda Mirbobo Muhsinzoda kabi inqilobda qatnashib, Sovet hokimiyatini mustahkamlash yo‘lida jasorat bilan xizmat qilgan, xalq tili bilan aytganda, suv keltirganlar xor-zor, Yejov va Beriya kabi ko‘za sindirganlar aziz bo‘lib, o‘g‘il o‘z otasi haqida gapirmaslikka, nabiralar esa o‘z inqilobchi va yozuvchi bobolarini bilmaslikka majbur bo‘lgan edilar.
Qayta qurish, demokratiya, yangicha fikr yuritish, qonunchilikning tiklanishi tufayli ijtimoiy adolat g‘alaba qilmoqda. Chinakam vatanparvar grajdanlar o‘z xalqi dilidan joy olib, hurmati joyiga qo‘yiladigan, ularning avlodi yorug‘ yuz bilan boshlarini ko‘tarib yuradigan zamon keldi.
«Gulisurx» qissasini yangidan bostirib chiqarish va uning muallifi xotirasini abadiylashtirish (Buxoro shahridagi ko‘chalardan biriga uning nomini berish) zarur. Xususan Buxoro xalq inqilobi 70 yilligini nishonlash arafasida bunday tadbirlarni amalga oshirish xayrli ish bo‘lur edi.
Said Aliyev, filologiya fanlari doktori, professor
«Guliston» jurnali, 1989 yil, 10-son

