Mirzaali Akbarov. Ruhiy olam iztiroblari (Hermann Hesse)

XX asr jahon adabiyotining ulkan namoyandalaridan biri, Xalqaro Nobel mukofoti sovrindori Hermann Hesse (1877-1962) asarlari eng ko‘p mutolaa qilinadigan olmon adiblaridan sanaladi. Uning qator roman, qissa, hikoyalari, she’rlari, siyosiy, adabiy-tanqidiy ruhdagi asarlari chop etilgan. Ular orasida, ayniqsa, “Cho‘l bo‘risi”, “Marjonlar o‘yini”, “Demian” kabi kitoblari dovrug‘ qozongan. “G‘ildiraklar ostida” romani, “Nyurnbergga sayohat” safarnomasi, “Kurortdagi kishi” qissasi va boshqa ko‘pgina asarlari ham mashhur. Adibning kitoblari dunyo miqyosida 55 tilda 100 milliondan ortiq nusxada chop etilgan. H. Hesse 1946 yilda Shvetsiya Qirollik akademiyasi tomonidan “insonparvarlikning mumtoz g‘oyalarini o‘zida tobora yaqqol namoyon etayotgan jo‘shqin ijodi, shuningdek, yorqin uslubi uchun” Nobel mukofotiga munosib topilgan.

Hermann Hesse 1877 yil 2 iyulda Kalv (Vyurttemberg)da Yohannes Hesse va Mariya Gundert oilasida ikkinchi farzand bo‘lib dunyoga keldi. Otasi kelib chiqishiga ko‘ra boltiqbo‘yilik nemis, onasi shveytsariyalik xonadonga mansub edi. Hessening otasi ma’lumotli missioner bo‘lib, avvaliga Hindistonda qaynotasi Hermann Gundertning yordamchisi sifatida faoliyat yuritgan bo‘lsa, keyinchalik Kalvda noshirlik ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan.

Garchi Hesse umrining talaygina qismi chet ellarda, yot o‘lkalarda o‘tgan bo‘lsa-da, u o‘zi tug‘ilib o‘sgan vatanini ulkan qalb ila sevgan. “Agar men shoir, yozuvchi sifatida o‘rmon, daryo, qir-adiru ko‘kalamzorlar, kashtan soyalari yoki archazorlar haqida yozgan bo‘lsam, bilingki, ular Kalvning qalin o‘rmoni, Nagold daryosi, ajoyib kashtanzorlari va archazorlaridir. Bularning barchasi, hattoki bozor maydoni, ko‘prik va ko‘chalar ham mening kitoblarimdan joy olgan. Men Bremen, Neapol, Vena, Singapur kabi dunyoning go‘zal va ulkan shaharlarida bo‘ldim. Biroq men ko‘rgan hamda bilgan shaharlar orasida eng go‘zali Nagold bo‘yida joylashgan mo‘jaz go‘sha – Kalv shahri bo‘lib qolaveradi…”

H.Hesse nafaqat mashhur yozuvchi, balki hassos shoir va musavvir ham bo‘lgan. H.Hessening ilk kitobi 1899 yilda nashr etilgan – “Romantik qo‘shiqlar” nazmiy to‘plami bo‘lib, undagi she’r­lar soddaligi, samimiyligi va ohangdorligi bilan ajralib turadi.

Adib ko‘hna Sharq olamiga, Sharq adabiyoti va falsafasiga alohida muhabbat bilan munosabatda bo‘lgan, xususan, hind va xitoy mifologiyasi unda katta qiziqish uyg‘otgan. Shu o‘rinda uning 1911 yilning kuzida Hindistonga safari natijasida yozilgan “Siddhartha” romani (“Hind dostoni”) ko‘hna Sharq falsafasi va ma’naviyati e’tirofining mahsuli ekanini ta’kidlash joiz. H.Hesse yana bir mashhur asari – “Marjonlar o‘yini” romanida Sharq va G‘arb donishmandligini birlashtirib, sintez usulini qo‘llashga muvaffaq bo‘ladi. Adibning ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda yaratilgan asarlaridan biri – “G‘ildiraklar ostida” nomli romanida qobiliyatli bir o‘quvchining fojiali taqdirini ochib berish orqali jamiyat va shaxs o‘rtasidagi ziddiyatlar, jumladan, jamiyat, maorif va maktabning yosh avlod tarbiyasi oldidagi yuksak burch va mas’uliyati kabi dolzarb masalalar xususida fikr yuritiladi. “Nyurnbergga sayohat” safarnomasi va “Kurortdagi kishi” qissasi ham mazkur yo‘nalishda yaratilgan asarlar sirasiga kiradi. Safarnomada yozuvchining 1924 yilning kuzida Tessindan Nyurnbergga qilgan ikki oylik sayohati qiziqarli tarzda bayon etiladi. Qissaga esa uning Syurix yaqinidagi kurort shaharcha Baden bilan bog‘liq xotiralari asos qilib olingan. Ushbu asar mazmun-mohiyatiga ko‘ra, muallifning o‘z shaxsiy muammolari, ruh bilan vujud orasidagi, shaxs va jamiyat o‘rtasidagi ziddiyatlar haqida odatdagi badiiy to‘qimalar vositasida emas, balki avtobiografik qissa shaklida hikoya qilishga bo‘lgan ilk urinish sifatida taassurot uyg‘otadi.

Ilk bor 1927 yilda bosilib chiqqan “Cho‘l bo‘risi” romani teran psixologik asar bo‘lib, muallifga olamshumul shuhrat keltirdi. ”Cho‘l bo‘risi”da o‘z-o‘zini tahlil qilish va hal etilmagan ma’naviy-ruhiy ziddiyatlarni yengish yo‘lidagi sa’y-harakatlar qalamga olinadi. Unda muallifning avvalgi asarlarida ozmi-ko‘pmi aks ettirilgan Ruhga murojaat etish uslubi o‘zining yakuniy hamda to‘laqonli ifodasini topgan. Yozuvchi Tomas Mann ushbu roman haqida shunday degan edi: “Cho‘l bo‘risi” eksperimental dadillikda “Uliss” va “Faux Monnayeurs” singari asarlardan qolishmaydigan kitob ekanligini aytib o‘tirishga hojat bormikin? “Cho‘l bo‘risi” menga anchadan buyon haqiqiy kitob mutolaa­si nimaligini qaytadan o‘rgatgan asardir.”

Darhaqiqat, mazkur roman Hesse ijodining durdonasi hisoblanadi. Adib ushbu asar ustida 1924 – 1927 yillar mobaynida ishlagan va u kitob holida dastlab Fisher nashriyotida 1927 yilning yozida – yozuvchi 50 yoshga to‘l-gan chog‘ida bosilib chiqqan. Asarning yaratilishi ko‘p jihatdan adib o‘tgan asrning yigirmanchi yillarida o‘z boshidan kechirgan ruhiy inqiroz bilan bog‘liqdir. Rut Venger xonim bilan bo‘lgan nikohning barbod bo‘lishi, ijo-diy ishlarning majburan to‘xtab qolishi, o‘sha davrdagi pul qadrsizlanishi va boshqa iqtisodiy qiyinchiliklar bilan bog‘liq tang ahvol, shuningdek, Germaniyadagi siyosiy vaziyat – bularning barchasi yozuvchini tushkun bir holatga, boshi berk ko‘chaga olib kiradi.U o‘zini chindan ham yolg‘iz, horg‘in va holdan toygan “cho‘l bo‘risi” yanglig‘ his eta boshlaydi.

Biroq yana shuni alohida ta’kidlash joizki,“Cho‘l bo‘risi” yozib qoldirgan esdaliklar yolg‘izlanib qolgan nevrotik xastaning shunchaki “patologik yozishmalari”gina emas, balki yanada muhimroq bir narsaki, u muayyan davr hujjati, ”davr xastaligi”, ya’ni “Haller mansub bo‘lgan avlod chalingan nevroz kasalligi tarixi” hamdir. Hesse ana shu xastalik alomatlarini chuqur tahlil qilib, ayovsiz fosh etadi. Romanning so‘ngso‘zida shunday satrlar bor: “Men, albatta, kitobxonlarga ushbu qissamni qanday tushunishlari xususida maslahat bera olmayman va bermoqchi ham emasman. Har bir o‘quvchi undan o‘ziga kerakli va foydali xulosani o‘zi chiqarib olaversin! Cho‘l bo‘risi haqidagi hikoya, garchi xastalik va tanglikni tasvir etsa-da, biroq bu xastalik o‘limga olib bormaydi, bu tanglik tanazzul emas, balki aksincha: shifo, davo, muolajadir.”

“Cho‘l bo‘risi” romanida G‘arb va Sharq g‘oyalari, G‘arb va Sharq falsafasi, shu bilan bir qatorda insonning o‘z murakkab “men”iga bo‘lgan quvnoq va vazmin munosabati, o‘z-o‘zini bilish va anglash, o‘z-o‘zini topish sari kontseptsiya yorqin ifodasini topgan. Bu esa Hessening Sharqqa, Sharq falsafasi va an’analariga azal-azaldan ixlosi hamda hurmati sarbaland bo‘lganligidan dalolatdir. “Cho‘l bo‘risi” – teran mazmun va chuqur falsafiy mushohadalarga boy psixologik asar bo‘lib, tili ham shunga yarasha murakkab deyish mumkin, biroq bu narsa asarning kitobxon tomonidan yengil va ravon o‘qilishiga aslo monelik qilmaydi.

“…Men butun bir asrlik olmon adabiyoti bilan shu qadar batafsil tanishib chiqdimki, – deb yozadi Hermann Hesse o‘zining “Jahon adabiyoti kutubxonasi” nomli maqolasida, – hatto mutaxassislar ham u bilan menchalik keng tanishmagan bo‘lsalar kerak. Bir qismi allaqachonlar eskirib ketgan bu kitoblardan men uchun benihoya qadrdon bo‘lgan jonajon ona tilim – olmon tilining muattar bo‘yi ufurib turardi. Bu til ayni XVIII asrda o‘zining gullab-yashnash davriga qadam qo‘yish arafasida turgan edi. Olmon tilini men ana shu majmualardan, ana shu chang bosib yotgan romanlaru qahramonlik dos­tonlaridan o‘rganganman.”

O‘zini u yoki bu millat namoyandasi deb bilgan har bir kishi uchun Hessening quyidagi fikrlari ham ibratomuzdir: “O‘z tilini yaxshi bilmagan, uni sevib ardoqlamagan, parvarishlamagan va himoya qilmagan xalqning shoiri bo‘lish uyatdir.”

Chindan ham Hesse asarlaridan ko‘p narsani o‘rganish mumkin.Uning tili shirali, ta’sirchan, kamalak yanglig‘ turfa bo‘yoqlarga, tagdor, nozik qochirimlarga, ramzlar, o‘tkir iboralarga, teran mazmun va falsafiy mushohadalarga, fantaziyalarga boy. Bundan tashqari, adibning har bir asari zimmasidagi “yuk” nihoyatda salmoqli.

Yozuvchi Hermann Hessening butun hayotini ham bag‘rikenglik va sabr-qanoat bilan yashashning namunasi, deb atash mumkin. Adib butun umri mobaynida o‘z ijodiga suyanib yashadi.U asarlarida ilgari surgan butun dunyoda tinchlik, xavfsizlik, hamkorlik, ahillik va hamjihatlikka erishish g‘oyalariga bugun jahondagi barcha xalqlar, el-elatlar intilib yashayotganining shohidi bo‘lib turibmiz. Bu esa yozuvchi ijodining umrboqiyligiga yana bir dalildir.

Shunisi qiziqki, Germaniyaning o‘zida Hesse ijodiga adabiy tanqidning munosabati aksariyat hollarda salbiy bo‘lgan. Adib nomi o‘tgan asrning ikkinchi yarmida, ayniqsa, 1946 yili unga Nobel mukofoti berilgandan so‘ng, butun dunyoga tanildi. Harvard universitetining sobiq professori Timoti Liri shunday degan edi: “Cho‘l bo‘risi”ning yakuniy qismi bebaho darslikdir.”

Ulug‘ adib Hermann Hesse 1962 yil 9 avgust kuni 85 yoshida Montanola (Shveytsariya)da vafot etdi. Uning qoldirgan boy ma’naviy merosi hali ko‘plab avlodlar qalbidan ham munosib o‘rin olishiga shak-shubha yo‘q.

 Mirzaali Akbarov tayyorladi

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 7-son