«Muhabbat eski narsa, lekin har bir yurak uni yangilaydi», degan ekan bir donishmand. Muhabbat tuyg‘usi Gyote qalbiga tashrif buyurganida u o‘n to‘rt yoshda edi. Adib bu haqda «O‘z xayotimdan. Poeziya va haqiqat» nomli asarida batafsil hikoya qiladi. Biroz o‘tib uning ko‘ngil bog‘ida Kethen Sho‘nkopfga tug‘ilgan pokiza ishq hissi g‘uncha ochdi. O‘n olti yoshida Gyote yozgan «Anneta», «Ohanglar va qo‘shiqlar», «Yangi qo‘shiqlar», «Do‘st haqida qasida», «Sevishganlar qissasi» asarlarida Kethenga oshiqu beqarorligini yashirib o‘tirmay, g‘oyat ta’sirchan ifodalaydi. Strasburgda yashagan kezlarda esa shoir zezenhaymlik Fridrikaga ko‘ngil beradi. Ilk uchrashuvdan keyinoq u qizga quyidagicha maktub yozadi: «Azizam. Sizni hech ikkilanmay shunday deb atasam, chunki men ko‘zlarning qarashlariga, biroz bo‘lsa-da, ishonaman. Birinchi nazardanoq Sizning yuragingizda do‘stlikka bo‘lgan umid uchqunlarini topdim… Qasam ichamanki, Siz benihoya nozik va go‘zalsiz. Sizni bilganimday, Siz ham meni tanib olishingiz zarur, chunki Sizni shu qadar sevamanki, boshqacha bo‘lishi hech ham mumkin emas». Shu tariqa sevgi sehriga asir bo‘lgan shoir qalbidan sohir tuyg‘ularga yo‘g‘rilgan she’riy misralar tug‘ila boshlaydi. «Zezenhaym qo‘shiqlari» turkumi, «Seni sevamanmi, bilmayman», «Oh, men seni naqadar sog‘indim», «Visol va hijron» kabi ishq iztirobiga to‘la ruhiyat manzaralari tasvirlangan asarlar olmon lirikasiga yangi ruh, yangi yo‘nalishni boshlab olib kirdi. O‘shanda Gyote yigirma bir yoshda edi.
Gyote Fridrika oldiga oxirgi marta borganda, bu so‘nggi tashrifi ekanini unga aytolmaydi. Shoir Frankfurtga kelgach, endi visol xotima topib, hijron damlari boshlanganini chuqur his etadi. «Bunchalar nozik, bunchalar nafis! Yoqimli chehrang da Menga atalgan ma’noli tabassum…» («Visol va hijron») singari mahzun misralar o‘sha damlar kayfiyatidan dalolatdir.
Shoir Frankfurtda Liliya Sho‘nemann bilan tanishadi. Ular hatto nikohdan ham o‘tishadi. «Liliya qo‘shiqlari» turkumiga kirgan she’rlar aynan o‘sha go‘zal xonimga bag‘ishlangan. «Boqiy muhabbatning ko‘z yoshlari qurimaydi. Namli ko‘zlarga bu olam, Bo‘shliqday bo‘lib ko‘rinadi…», deb yozgan edi shoir «Nurli qayg‘u» she’rida. Bu she’r Gyote dil armonining go‘zal badiiy ifodasi bo‘lib qoldi.
Vetslerda Sharlotta Buff bilan tanishuvi Gyotening ruhiyatini tamom o‘zgartirib yubordi. Sharlottaning beqiyos go‘zalligi shoir hayotining mazmuniga aylanadi. Ko‘z o‘ngidan sohibjamolning qiyofasi hech ketmaydi. Olamdagi eng qadrli narsalarni Sharlotta bilan qiyoslab ko‘rib, usiz yashashni tasavvur ham qilolmagan Gyote Lottaning Albertga unashtirib qo‘yilganini eshitganda dunyoga sig‘may qoladi. Bir muddat o‘zini qo‘lga olib, uni unutishga harakat qiladi. Ishqning halokatli girdobidan qutulishning yagona yo‘li Lottadan uzoqlashish, deb o‘ylagan shoir «Baxtli insonlarni tashlab ketmoqdaman, ammo sizlarning yuragingizda mangu yashab qolaman» degan so‘zlar bitilgan maktub qoldirib, Vetslerni tark etadi. O‘shanda Gyote yigirma uch yoshda edi. Adibning kuygan ko‘ngil vasfini «Yosh Verterning iztiroblari» nomli mahzun romanida kuzatish mumkin. «Uning charosdek ko‘zlariga nazar tashlaganim zahoti ruhim tetiklashadi… Aftidan Albert o‘zi kutganchalik baxtli emas… Men esa, agar men… baxtli bo‘lardim», deydi Gyote romanda qahramoni Verter tili bilan. Ushbu satrlarni o‘qigan kishi, qolaversa, asardagi «Muhabbat – bu qaytarib olib bo‘lmaydigan tuhfadir, sevilgan qalbni jarohatlash yoki himoyasiz qoldirishdan-da yomoni yo‘q», degan fikr ham adibning muhabbat taqdiridan dalolatdir.
1775 yili Gyote Veymarga keladi va bu yerda ministr lavozimiga tayinlanadi. Veymarda shoir o‘zidan yetti yosh katta va yetti farzandning onasi Sharlotta fon Shtayn xonim bilan tanishadi. Ular muayyan vaqt birga yashaydilar. Bu dilbar ayolga Gyote 1700ta xat yozgani haqida ma’lumotlar bor. Jumladan, «Sharlotta fon Shtaynga» «Cheksiz muhabbat», «Oyga», «Yagona Lottaga», «Sirlar», «Etar, bas shunchalar yiroqdaligim…» she’rlari ham ana shu sohibjamol ayolga bag‘ishlangan.
Ular o‘n yil birga turmush qurishadi. Gyotening Italiyaga safari bu yaqinlikka yakun yasaydi. Karlsbadda dam olayotgan Gyote na Gertsogga, na Sharlottaga bir og‘iz so‘z aytmay Italiyaga jo‘nab ketadi.
Italiyaga sayohat Gyotening oliy orzusi edi. Shoir imkon tug‘ilgan mahalda do‘stlari yordamida Yohann Filipp Mo‘ller nomi bilan pochta aravachasida tog‘ yo‘li orqali Italiyaga o‘tib ketadi.
Rimdagi hayot uning ruhiga o‘zgacha surur baxsh etadi. Uyg‘onish davri san’at asarlari bilan tanishuv yetuk shoirning ijodiy imkoniyatlari yanada keng roq ochilishiga turtki beradi. Gyote Italiya safarini tanho o‘tkazdi, deyish qiyin. «Rim elegiyalari»ni o‘qiganda shunga guvoh bo‘lish mumkin. Gyoteshunoslar uning Italiyada o‘ziga tan mahrami topganligini ta’kidlaydilar. Taassurotlari jamlangan kitobining oxirida Gyote milanlik Maddalina Riggi degan ayolni eslatib o‘tadi. Ulug‘ adib ijodi va hayotini tadqiq etgan olimlar bu ayolni «Rim elegiyalari»dagi Faustinaning prototipi degan fikrga kelganlar. «Tungi to‘shakda yolg‘iz bo‘lishdan-da yomoni yo‘q. Ammo muhabbat yo‘llari undan-da azoblidir… Faustina… meni baxtiyor ayladi» kabi «Rim elegiyalari»dagi misralar shundan dalolat bo‘lsa ajabmas.
Taqdir uchratgan har bir qiz va ayolga Gyote juda ko‘p ko‘z yoshlar to‘kkan. Shoir tuyg‘ularining kuchliligi uning go‘zallikka tashnaligi, go‘zallikni teran his qila olgani va undan chinakamiga sevina bilgani, qolaversa, hayotdan imkon qadar ko‘proq narsa olishga intilgani bilan izohlansa kerak. Darvoqe, u kim bilan yaqinlashmasin, munosabatlari doimo nozik va adolatli kechgan. U hech qachon go‘zallikka erishish uchun davlat maslahatchisi yoki vazirlik lavozimlarini suiiste’mol qilmagan, muhabbat yo‘lida martabasini yo‘qotishdan ham cho‘chimagan.
Gyotening Italiyada olti oy bedarak ketishi Sharlottaning g‘ururiga tegadi. Xorijdan qaytgach, Sharlotta uni qabul qilmaydi. Yolg‘iz qolgan shoir Sharlotta bilan o‘tgan o‘n yillik umr endi xotiraga aylanganidan iztirobga tushadi. O‘zining qanchalik nohaq ekanligini bilsa-da, ichki erkinligining chegaralanishini u xohlamas, bu ruhni so‘ndirish bilan barobarligini bilardi.
Yolg‘izlik sahrosida qolgan shoirni taqdir Kristiana Vulpius bilan uchrashtiradi. Shunda uni iztirobli o‘ylar tark etadi, atrofga yog‘du taralganday bo‘ladi. O‘shanda Gyote 39 yoshda edi. Bu davr Gyote hayotida eng baxtli davr bo‘lib qoldi. Nihoyatda go‘zal Kristian Gyotega takrorlanmas hayotbaxsh damlarni, ko‘tarinki ijodiy kayfiyatni baxsh etdi. O‘sha damlarda Gyote Sharlottaga: «Agar Siz meni o‘ylayotgan bo‘lsangiz, eng baxtli Inson haqida o‘ylayotgan bo‘lasiz», deb ayta olardi.
Gyote Kristianani doim «mening suyukli kichkintoyim» deya erkalardi. Ba’zan dilini shubha o‘rtaganda: «Men seni qanday sevsam, meni-da sen xuddi shunday sevgin, menga muhabbating kerak, uni men uchun asra», deb tayinlar, «Mendan muhabbating ni darig‘ tutma! Rashkchiligimni bilasan-a, ba’zan Senga mendan boshqa tuzukroq odam yoqib qoladiganday bo‘lib tuyulaveradi, chunki o‘zimga qaraganda chiroyli va bama’ni erkaklar borligini bilaman-da. Bundaylar uchraganda ko‘zlaringni yum, faqat meni degil. Menga esa sendan o‘zga yor darkor emas», deb ko‘p takrorlardi. Kristiana Gyotening rashkidan ranjigan paytlari shoir unga «Mabodo dilingni og‘ritgan bo‘lsam, kechir, azizam, sening muhabbating men uchun bebaho, uni yo‘qotishdan qo‘rqaman, yo‘qotsam bormi, baxtsiz bo‘lib qolaman. Sen yuragimdagi g‘ulg‘ulani to‘g‘ri tushunmog‘ing kerak, chunki qachondan beri mendan yiroqdasan, hozir yonimda bo‘lishingni juda xohlayapman. Men senikiman, boshqa gaplar ortiqcha», deb be to‘xtov maktublar yozardi.
Gyote 58 yoshida Minna Xertslibga, 66 yoshida Marianna fon Villemerga duch keladi. «Bu yoshda odam o‘ylagandan ko‘ra ko‘proq muhabbatning qadriga yetarkan, kuchliroq sevarkan», deb yozgan edi Gyote. Shoirning turli vaqtlarda tushgan suratlari orasida birorta ham ko‘zoynak taqqan surati yo‘q. Shubhasiz, ulug‘ shoir olamga muhabbat ko‘zi bilan boqqan, muhabbat uning ko‘zlariga nur bergan, dunyoni uning nigohida nurlantirib turgan. «Mening she’riyatimda to‘qima yo‘q, faqat ko‘rgan-kechirganlarimni, nimaiki meni ijod qilishga undagan bo‘lsa, shularni qog‘ozga tushirdim, shular haqida gapirdim va sevgan damlarimdagina muhabbat haqida yozdim», deydi shoir.
Taqdir Gyoteni umri nihoyasida o‘zgacha bir muhabbat mayi bilan siyladiki, kutilmagan bu tuyg‘u shoirning so‘lg‘in ruhiga hayot nurlarini indirdi. Bu uning o‘n yetti yoshli Ulrikaga bo‘lgan so‘nggi oshiqi beqarorligi edi. Ishq qushi shoirning so‘nib borayotgan ruhida oshiyon qurdi. Bu aziz tuyg‘u horg‘in ruhidagi mudrab yotgan oxirgi kuchlari, ijodiy imkoniyatlarining uyg‘onishiga turtki bo‘ldi, hayratomuz ijodiy parvoz baxsh etdi, u «Faust»ning chala qismini yozib tugatdi. Bu muzaffar tuyg‘uni qalbida pinhon saqlashga Gyote ojiz edi. Saroyda, butun Veymarda «Gyote – Ulrika muhabbati» duv-duv gap bo‘ldi. Shoir uchun «g‘iybat qash qirlari» ichida yashash oson kechmadi. Ammo hech kim bu yorug‘ hayotbaxsh tuyg‘uni uning qalbidan sug‘urib ololmadi. Alamli paytlarda she’riyat uning dilkash do‘stiga aylandi. Shoir yuragida qatlanib yotgan dardu iztiroblarini nazmga soldi. Pokiza tuyg‘ular qudratidan «Mariyenbad elegiya si» bunyod bo‘ldi. «Satrlarim va hayotimning tub mohiyati sof insoniy muhabbat tantanasidir», degan edi keksa Gyote. Yetmish uch yoshli Kantsler Gyotega havas qilib, «Oh, ahvolim qursin-a, men na sevibman, na sevilibman», deganda ulug‘ shoir hayotining tub mohiyatini, qisman bo‘lsa-da, anglaganini payqash mumkin.
Gyote Ulrikaga uylanmoqchi ham bo‘ladi. Gertsog Karl Avgust Ulrikaning kelajagini ta’minlashni qonuniylashtirishga so‘z beradi. Ammo Ulrika bu taklifni rad qiladi. Hech qanday qonun, ma’muriy choralar muhabbat tuyg‘usidan ustun kelolmaydi. Uni na hashamatli qasr, na Gyotening merosi qiziqtirardi, unga insoniy tuyg‘uning o‘zi yetarli edi. Ulrika umrining oxirigacha Gyote yodi bilan yashadi.
O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2002 yil 11-sonidan olindi.