Taniqli adabiyotshunos Umarali Normatovga xat
Assalomu alaykum, muhtaram ustoz!
Tiriklik, tirikchilik tashvishlariga o‘ralashib, Sizdan tez-tez xabar ololmayotgan ukangizni ma’zur tutasiz, avvalo. Sog‘-omon yurganingizga, Sizga umrbod hamrohlik qilayotgan hayrat hissiga ko‘z tegmasin, iloyim.
Uzoq o‘ylab, ko‘pchilikni ko‘z oldimdan o‘tkazib, bu izhorni Sizga yo‘llash eng to‘g‘risi bo‘ladi, degan to‘xtamga keldim. Umid qildimki, bizni goh qiynayotgan, goh yupatayotgan quyidagi o‘y-mulohazalar Sizga ham yot emas…
Keyingi paytlarda odamni bezovta qiladigan bir savol miyadan chiqmay qolgan: bizning – o‘zbeklarning badiiy-estetik tafakkurimiz hozir qay ahvolda, ayniqsa, dunyodagi ilg‘or xalqlar tafakkuri darajasiga solishtirganda biz qayerlardamiz? Dunyoni-ku, mayli qo‘ya turaylik, o‘zimizning bundan o‘ttiz-qirq yillar ilgari yetishganimiz manzillarga qiyoslasak-chi?
Axir, bu manzillarda bino bo‘lgan adabiy obidalar ko‘rku salobati chakana edimi? Erkin Vohidov va Abdulla Oripov, Rauf Parfi va Omon Matjon, Anvar Obidjon va Shavkat Rahmon, Usmon Azim va Abduvali Qutbiddin she’riyati, Shukur Holmirzayev va Murod Muhammad Do‘st, Erkin A’zam va Tog‘ay Murod, Xayriddin Sulton va Xurshid Do‘stmuhammad, Olim Otaxon va Nazar Eshonqul nasri adabiyotimiz bo‘y-u bastini mintaqamizdan olislarda ham ko‘rinadigan darajada yuksaltirgan, badiiy ijodning aksariyat yo‘nalishlarida dunyoga yetib yurishimizni ta’minlab bergandi.
Hozir o‘ylab qaralsa, masalan, qariyb yarim million nusxada bosiladigan adabiyot gazetasida chiqqan Sizning “Junbush” nomli maqolangiz milliy adabiyot tanasiga yopisha boshlagan hayosizlik, uyatsizlik illatlaridan, bugun butun dunyoni mo‘r-malaxdek bosib borayotgan “ommaviy madaniyat”dan ogohlikka ilk da’vat bo‘lmaganimidi? Yozuvchilar uyushmasidan quvvat oladigan o‘sish-o‘zgarishlar shiddati, uyushma zallariga sig‘may, yo‘lak va zinalarga siqilgancha, ochiq eshikdan eshitilayotgan qizg‘in muhokamalardan bahramand bo‘layotgan talabalar ko‘zidagi hayrat yolqini odamning yodidan chiqishi mumkinmi? Balki bu – so‘zga, ijodga, adabiyotga muhabbat va ixlosning, ularni har qanday manfaatdan ustun ko‘rgan, badiiy so‘zni xushomadgo‘ylik, yolg‘on hamda nafsiy istaklar yo‘lida xizmat qildirishni o‘ziga or bilgan chinakam adabiy muhitning sog‘inchidir…
Albatta, o‘zimizni yupatish (to‘g‘rirog‘i, chalg‘itish)ning yo‘llari ko‘p. Axir, bugun ham she’r deganlari, hikoya va roman deganlari kam yozilyaptimi, odamlar o‘qimay qo‘ygan bo‘lsa, yozuvchi va shoirda nima ayb? qabilidagi “izoh-u tushuntirish”larni istagancha to‘qish va shu bilan yana “yorqin yo‘l”da davom etaverish mumkindek ham. Biroq…
Biroq boyagi – miyani parmalayotgan qaysar savol yana ochiq qolaveradi-da: holimiz ne, qayerdamiz-u, qayon ketmoqdamiz? Axir dunyoning ilg‘or adabiyoti, falsafasi, estetik izlanishlari ruhoniyatning ne-ne manzillarini kashf qilib olg‘a borayotgan, olam va odamga xos qirralarni qanchalar kutilmagan rakurslardan ko‘rsatish mumkinligini isbotlayotgan bir paytda biz nimamiz bilan kimni ishontira olyapmiz?.. (Hayratlantirish haqida-ku gapirmay qo‘ya qolaylik.)
Hartugul, yaqinda o‘qib tugatganim bir kitob o‘sha miya va ruhni bir muddat bo‘lsa-da yupatishga, ertangi kunga nedir ilinj bilan boqishga undadi meni. Ayni kayfiyatni, avvalo, Siz bilan o‘rtoqlashishni istadim.
Bu – umidbaxsh adib Muhammad Sharifning “Tolko‘prik” deya oddiygina nom berilgan, biroq ichida oddiylikdan nom-nishon bo‘lmagan nihoyatda jiddiy kitobi.
Xo‘sh, bu kitobga jamlangan 15 ta hikoya, muallifning xorijiy safarlardan olgan taassurotlari hamda “S.A. xotiralari” nomli qissa nimasi bilan meni bu qadar ta’sirlantirdi?
Avvalo, mazkur asarlarning barchasida muallif tasvirlanayotgan voqelikka nisbatan ob’ektiv, realistik pozitsiyada turadi. Bu jihatni alohida va avvalo ta’kidlayotganim esa bejiz emas. Zero, o‘zini shoir-u yozuvchi sanab yurguvchi ko‘plab qalamkashlar aynan shu masalada, demakki, shu bilan boshlangan qolgan barcha jihatlarda ham riyoga yo‘l qo‘yishyapti. Deylik, Vatan, xalq, millat mavzulariga faqat “muqaddas”lik sifatidan kelib chiqib yondashish va shu asosda kitobiy, balandparvoz, yuzaki tavsiflardan najot qidirishdan-da xunuk ojizlik bo‘lmasa kerak.
Holbuki, Vatan, xalq, millat qandaydir mavhum, xayoliy, eyforik tushunchalar emas, balki aniq, konkret, qo‘l bilan ushlab, jon bilan sezish mumkin bo‘lgan, hamma narsadan-da tirikroq qadriyatlardir. Ularning dardi, og‘rig‘i, tuyg‘ulari har birimiznikidan seziluvchanroq, o‘tkirroqdir. Sizu men chalinadigan dard, og‘riq ularniki oldida nima? Zotan, Vatan, xalq, millat tumov bilan, tomog‘ yoki oshqozon dardi bilan og‘rimaydi. Ularga kelgan yoxud ular tufayli keladigan dardu tashvishlar zalvori odamni yo u yoqli yo bu yoqli qiladi-qo‘yadi. Muhammad Sharifning “Otamakon”i ayni shu haqiqatni nihoyatda yangi, bizning adabiy tajribamizda uchramagan makon va qahramonlar misolida ongu shuurimizga quyadigan hikoya bo‘lgan.
Voqelikka nisbatan halol, xolis va mardona nazar, shu nazar oynasida ko‘ringan reallikni bo‘yab-bejamay ifodalash (bu – quruq va natural tasvir degani ham emas!), eng muhimi – taqdiridan hikoya qilinayotgan qahramonlar ruhiyatidagi jamiki tovlanishlar va o‘sha reallik o‘rtasidagi aloqadorlikni teran his qildira olish yozuvchining aksariyat asarlaridagi eng muhim qiymat tuyuldi. Ifodadagi rang, ohang, ritm me’yori shunchalar saqlanib, umummanzarada ular shunchalar uyg‘unlashtiriladiki, biz bularning bari muallifning qora ishi – yozishi, matn orasiga qo‘shishi, o‘chirishi, yana qayta yozishi… natijasi ekanini xayolimizga ham keltirmaymiz. Zero, hikoya ichra ko‘rayotganimiz odam, manzara, holat aslida ko‘zga juda issiq, o‘zimiz ham bilgan, biroq bunchalar his qilmagan jihatlari bilan endi ko‘nglimizga ko‘chadi.
Mana, kelib-kelib “hukumatti osmonida” uchib qo‘ygan “ayblanuvchi Bozorov Adham”ning bizga ilk bor tanishtirilishi: “Qoramag‘iz, siyrak qoshlari ostidagi qo‘y ko‘zlari cho‘kkan o‘rta yashar kishi o‘zini dadil tutishga harakat qilar, lekin uniqib, titilib ketayozgan shimining pochasi shabadada qolgandek tinimsiz hilpirardi. U o‘rnidan turgach, sud zalining salobati bosibmi yoki hozirgina hakam o‘qib eshittirgan ayblovning zalvoridan gangibmi, qiynalib yutindi, negadir ko‘ylagining tugmalarini bir-bir paypaslab ushlab chiqdi”.
Murod Muhammad Do‘st, boya qumsaganimiz, shiddatkor adabiy hayot jo‘sh urgan zamonlarda “Galatepaga qaytish” degan o‘qishli qissa yozgan, unda “Dunyo – bayt-ul-jafo, g‘amgusor yo‘q, dillarimiz gung va besharh qoladi! Gung va besharh!…” degan armonni bitgandi. Muhammad Sharifning eslayotganim “Parvoz” hikoyasi qahramoni, “ayblanuvchi Bozorov Adham”ning ham qalbi shu kunga qadar gung va besharh qolayotgan, aksariyat qishloqdoshlari uni “o‘zi, qistaloq, ro‘zg‘ori zo‘rg‘a tebranib turibdi. Otasi bechora ishga yaramay qolgan, bunda onasi kasalmand, xotini bog‘chada ishlaydi, olgan puli nimayam bo‘lardi, bu yoqda to‘rtta mishiqisi bor… Bu qoramoyga botib traktor tuzatadi…” deb bilishardi. Suddan keyin ham bu fikr shundayligicha – o‘zgarmay qolishi-da bor gap. Biroq bu qoramoyga botgan traktorchining ham bir paytlar osmoniy orzulari, o‘shalarga mos ko‘ngil istaklari, mayllari bo‘lgani, hayot ularning aksariyatini yerparchin qilgan bo‘lmasin, gohida hayotning o‘sha qoqsuyak panjalaridan bir muddat bo‘g‘zini bo‘shatib, bir marta keladigani dunyoda o‘zgalarga emas, hech qursa o‘ziga o‘zini isbotlagisi, ko‘rsatgisi, u-da odam – INSON ekanini bildirgisi kelganini ilg‘agani va bizga yoddan chiqmaydigan qilib ilg‘atgani uchun ham Muhammad Sharifni ijodkor, yozuvchi atayapman. Bu ilg‘ov, sezim ham ochiq-oshkora, publitsistik tilda emas, boshqa bir obrazlar, jumladan, Bozorov Adhamning sinfdoshi, “ko‘ylagining yoqasi sarg‘ayib yorilgan, shimining tizzasi suzilgan, titilib ketgan qayishining uchi yonboshida pichoq qinidek osilib qolgan kishi”ning sudda tutila-tutila bergan javoblari orqali hosil qilinadi.
Umuman, “Parvoz”ni, xuddi Sizning cheksiz hayratingizni qo‘zg‘agan Abduqayum Yo‘ldoshevning “Puankare” nomli hikoyasi singari, milliy adabiyotimizda voqelikka, mavzuga yondashish, muallif maqsadini izhor etishning nisbatan yangi, kutilmagan usulini taklif etgani bilan ham qimmatli asarlar, desak bo‘ladi, nazarimda. Zero, ularda tuyg‘u va o‘ylarning daqqi talqini, odam shaxsiyatiga tepadangina nazar, o‘quvchiga aql bo‘lish-u nasihatgo‘ylik qilishdek iste’dodsizlik qusurlari uchramaydi, mualliflarning inson hodisasiga nisbatan shafqatli yondashuvi sezilib turadi. Fridrix Shiller: “Yozuvchilar insoniyatning buyuk advokatlaridir” deganida, ajabmaski, ayni shunday asarlarni nazarda tutgan bo‘lsa.
Kitobda jamlab berilgan “Somon yo‘li” nomidagi turkum, biroz ishlov bilan qissaga do‘nishi ham hech gap emas. Negaki, to‘rtala hikoyada ham qishloqda Botir do‘xtir degan “martaba” bilan siylangan, bir qarashda jismi ham, joni ham, ahamiyati ham birovni qiziqtirmaydigan odmigina odamga “bosh qahramon”lik ravo ko‘rilgan. Holbuki…
Holbuki, u “yoshligidan miqti, abjir va chayir bola edi. Mahallasidagi bolalarga bosh bo‘laman deb o‘zini o‘tga-cho‘qqa urar, mahalla sha’ni, qishloq sha’ni deb janjalga bosh suqishdan tap tortmas, to‘ylarda kurash tushar, eshakdek chayir bu boladan bir-ikki sinf yuqorida o‘qiydigan o‘spirinlar ham hayiqib turardi…”
Bular nima ekan, mana shu chayir Botirning hayotida sinfdoshi Zamira, uning yomg‘irpo‘shi, sochining hidi, kumush qo‘ng‘iroqdek jarangdor va yoqimli ovozi bilan yuz ko‘rsatgan qanchalik sehrli onlar kechdi. “Endi u dunyoga boshqacha nigoh tashlardi. Xuddi bir umr chang boylab yotgan deraza oynalarini kimdir yaraqlatib yuvib qo‘yganu tashqarida u shu paytga qadar sezmagan hayot to‘q va boy ranglarda jo‘shqin davom etardi”.
Agar o‘sha hayot va qismat mardlik qilganida, hech qursa, muallif qo‘yib berganida, ularning – Botir va Zamiraning qissasi ham xuddi Tohir va Zuhro, Romeo va Juletta qissalari qadar yuksalar, ular-da ishq-muhabbat bog‘ining gullari, rayhonlari bo‘lib qolardilar. Afsuski, taqdir bu gal ham o‘z bilganidan qolmadi: Botirga u Tohir ham, Romeo ham emasligini, Zamiraga bo‘lsa Zuhro hamda Juletta ishq ertaklarining sevgidan o‘zga tashvishi yo‘q nozaninlari ekanini, XX asr Zuhrosiga, nari borsa, Zamiraga ilinilgan oniy xush damlargina ravo ko‘rilishini eslatib qo‘ydi. Zero, hayotiy zuhrolar eriga qo‘shilib bug‘doy yanchishi, piyoz ekib o‘toq qilishi, qahraton qishni o‘ylab iloji boricha ko‘proq tappi yopishi, bolalarining qornini, egnini butlash uchun zir yugurishi va ba’zida hardamxayol alpozga tushib qoladigan, “ovi yursa tovi yurmaydigan, tovi yursa ovi chopmaydigan” erini, o‘sha Tohiri, yo‘g‘-e, Botirini ensasi qotgancha: “Ha, ish bitdimi?! Piyozga zahar septirdiyizmi? E, qanaqa odamsiz o‘zi, nega tirjayasiz, zahar nima bo‘ldi, zahar” deya tergab turmoqlari kerak…
Botir do‘xtirning, aksariyat qishloqdoshlarinikidan deyarli farq qilmaydigan hayoti manzaralari, bu hayotning butun mazmuni va mohiyati, menimcha, dastlabki hikoyadagi ushbu birgina tasvirda qabariq holda ifoda etilgan: “Aslida, oddiy bir o‘tkinchi bu manzarani ilg‘ashi qiyin, uning nazarida, Botir va bolalar adirda ko‘tarilgan quyun ichida adashib chopib yurgan sharpalardek tuyulardi…”
Bizni yupantiradigani, hayriyatki, yosh yozuvchi shu manzaralarni ilg‘aydi. Hayot, tiriklik va tirikchilik quyuni ichida adashib chopib yurgan sharpalar ODAM ekani, agar ularning sharpaga aylanib qolayozgan jismu joniga vijdon ko‘zi bilan boqolsak, ko‘rayotganimiz achchiq haqiqat ko‘zimizdan yosh bo‘lib qalqib chiqishidan ogoh etadi.
Ustoz, Sizga yaxshi ma’lum: har bir iste’dodli ijodkor, uning o‘zi buni xohlaydimi yo‘qmi, bilib yoxud stixiyali tarzdami, o‘zi tug‘ilib ko‘z ochgani makonning, qarog‘i va dimog‘iga dunyoning ilk rangi va iforini bergan yurtning boshqa biror ijodkorda takrorlanmaydigan, takrorlanishi mumkin bo‘lmagan manzaralarini badiiy so‘z polotnolari tarzida dunyoga namoyon qiladi. Muqimiy “Sayohatnoma”sidagi Qo‘qon atrofi qishloqlari, G‘afur G‘ulom “Shum bola”sidagi Toshkent, Shukshin hikoyalaridagi Sibir kengliklari, Gabriel Markes asarlaridagi Makonda… – bunday g‘aroyib go‘shalarning ko‘pini eslash mumkin. Muhammad Sharif ham, aytganimdek, o‘zi bilib yoxud bilmay, Kosonsoyning do‘ppidekkina Go‘rmiron qishlog‘ini go‘yo ko‘zimizga durbin tutib bizga namoyon etib beradi. Uning tabiati – pastu balandliklari, dala va qirlari, ariq va anhorlari, jarlik va ungurlari – bari-barisi nihoyatda tiniq, suratdagidan-da aniq, hayotdagidan-da jonliroq manzara kasb etadi. Mana bu ayrim namunalarning o‘zi aytgan gapim mubolag‘adan holi ekaniga dalil bo‘lsa, ajabmas:
Qishloqda bahor: “… anhorning suvi bo‘tana keladi. Kulol pishitadigan loy rangida bo‘ladi. To‘lib-toshib, to‘lg‘onib-to‘lg‘onib, qirg‘oqlarini yamlab, daraxtlarning ildizlarini yulqilab, yangi kamarlar bunyod qilib oqadi…” Yoz: “Suv tiniqlashadi, sersoya go‘shaning tinchligi buziladi, anhor labida uchib yurgan ninachi va kapalaklar, sershox daraxtlarda poloponlarini yoniga olib mizg‘ib o‘tirgan qushlar birdan cho‘chib ketadi: qiy-chuv bilan kelgan son-sanoqsiz bolalar suvga o‘zlarini gup-gup tashlaydi…” Bu esa kuz: “Balchiq, baliq, baqasholning hidi kelib tursa-da, suv shishadek tiniq, unda ko‘m-ko‘k osmondagi oqish parcha bulutlar, to‘q zangordan sarg‘ish-qirmiziga o‘tayotgan dov-daraxtlar akslanib turadi…” (Hammasi “Tolko‘prik” hikoyasidan.)
Muhammad Sharif, kitobga so‘zboshi yozgan professional adib Erkin A’zam urg‘ulaganidek, “biror holat tasviriga kirishar ekan, aslo shoshmaydi, odatiy tafsilotlarga chalg‘imay, qilqalam tutgan musavvir misol har bir chizgisini erinmay poyoniga yetkazadi”. Bu astoydillik esa muallif tomonidan o‘zining tasvirga ustaligi-yu, xotira quvvatini namoyish qilishga urinishi sifatida anglanmasligi kerak.
Boshqacha izhor etsam, badiiy matnda biror tasviriy unsur yo‘qki, ular asar mag‘zini ochish, to‘ldirish, izohlash, boyitishga xizmat qildirilmagan bo‘lsin. Masalan, yuqorida eslatganim – “Parvoz”dagi Bozorov Adham va uning sinfdoshi “shaxtu sumbati”dagi detallashtirilgan tasvirlar bekorgami axir? Tasavvur qiling: mana shu odamlardan biri hammani “uchaman” deb kuydiradi, boshqasi bo‘lsa uning bu shakkokligini, nima qilib bo‘lmasin, “haspo‘shlash” tadorigida… Ahvol shunday bo‘lgandan keyin “osmoni palakdan bir narsa tarillab keldiyu hovliga qarsillab tushdi. Yana nemis bosdi-yov, qoch-a Mahkam, deb bir irg‘ib o‘zimni ayvonga urdim… Tahoratam sindi-da shu joyda…” deya sudga sidqidildan ko‘rsatma berayotgan “sodiq” qishloqdosh Rixsiyev Mahkamboy otadan yomonlik kutib bo‘ladimi?..
Aksariyat tasvir kuchi bilan foje taqdirlardan hikoya qiladigan, qilganda ham, zarracha odamiylik sifati qolgan har qanday ko‘ngilda bir umrlik taassurot qoldiradigan asarlardan yana biri “Tolko‘prik” hikoyasidir. Hajman salmoqlikkina bu hikoyada dialog deyarli uchramaydi, qahramonlarning ayrim suhbatlari ham nihoyatda quyiq tasvir qatiga (ularning namunalaridan yuqorida bir qism bahramand bo‘ldik!) ranglar, ohanglar misol singdirib yuboriladi. Bu quyiq tasvirlar mutolaa asnosida tasavvurga shu darajada singgib, o‘rnashib boradiki, uning fonida bo‘rtib ko‘z oldimizdan o‘tadigan, “labining chap ustida kichik xol qo‘nib turgan” qiz qismatini endi bu kartinadan ayro tasavvur qila olmaymiz.
Tolko‘prik, mana necha davrlar o‘tibdiki, o‘zi bog‘lab turgan ikki qirg‘oq – kunchiqar va kunbotar tomondagi ne-ne kishilar taqdiri, ularning qay bir hislari, tuyg‘ulariga guvoh bo‘lmadi. Qancha avlodlar ajdodlarga do‘ndi, necha sambit qadlar uning o‘zi kabi egildi, sindi. Agar qadlar egilishi, qomatlar sinishi tabiiy, og‘rinmay tan olinadigan ko‘rgulik bo‘lsa, nazarga ilinmagan ko‘ngillar istagi, toptalgan hislar, bevaqt hazonga uchragan tuyg‘ular yig‘isi tolko‘prik bag‘riga singa-singa, uning ichiyu tashini xarob qiladi. “Tolko‘prik, odamlarning yo‘liga o‘zini ko‘prik qilib to‘shagan tol ularning ko‘ngliga ko‘prik sola olmaganidan bo‘lsa kerak, tanasi tars-tars yoriladi”.
Umarali aka, Siz, ayniqsa, yaqin o‘tmishimiz misolida teran anglaysiz: har bir yozuvchi o‘zi yashayotgan davrning ijtimoiy va estetik holati, kayfiyati, adabiy siyosatidan kelib chiqib insho usuli va uslubini tanlaydi, dardiga dasturxon topadi. Shu nuqtai nazardan qarasak, yozuvchining “Xirgoyi”, “Hadik”, “Kuldirgich” hikoyalari uchun topilgan izhor usullari o‘zining kutilmaganligi, yangiligi bilan kishida qoniqish hosil qiladi. Bu asarlardagi yuzaki nihoyatda sokin, oddiy, har qadamda uchraydigan voqealar, holatlar zamiridagi ulkan fojialar, insoniy dard va og‘riqlar, nochorlik va mahkumlik zalvori chakana emas. Aslida ayni fojialar, dard va og‘riqlarni, mahkumliklarni o‘zidan o‘tkazmagan, har kuni tiyrak nigohi, uyg‘oq tafakkuri va sergak vijdoni ila ular bilan yuzma-yuz kelmagan kishidan bu izhorlarni kutib ham, umid qilib ham bo‘lmaydi.
Eslaganimiz yaqin o‘tmishda ayni dardlar qalbini zada qilgan bir shoir “qurbonlikka so‘ydim o‘z iste’dodimni” deya hayqirgan bo‘lsa, bugun “kelar o‘zga zamonlar, ko‘rinar o‘zga nomlar” qoidasiga amal qilib kun ko‘radigan boshqa bir shoir o‘sha iste’dodni qurbonlikka so‘yish o‘ta soddalik, hatto borib turgan go‘llik bo‘lishini, u bilan podaga qo‘shilinsa, qancha yem, qancha iliq-issiq oshyon nasib etishi mumkinligini “sharaf-la isbotlamoqda”. Albert Eynshteyn degan quvgina mutafakkir esa, hammamizni masxara qilgandek tilini barala chiqarib, biz ikkinchi misolda keltirgan holat aslo iste’dod ishi emasligini ta’kidlagandek, qaysarlar-cha: “Podadagi eng namunali qo‘y bo‘lish uchun, eng avvalo, qo‘y bo‘lish kerak” deya ko‘zini qisib kulimsirab qo‘yadi…
Umuman, Muhammad Sharif kitobidagi barcha hikoyalar ham o‘zi to‘g‘risida shu singari batafsil, ko‘ngildan chiqarib, xumorni yozib gurunglashishga arziydigan yukka, zalvorga ega. “S.A. xotiralari” qissasi ham alohida tadqiqot, jiddiy mulohazalar talab qiladigan asarki, ular haqda yo‘l-yo‘lakay, yuzaki gap aytish ma’qul ish emas, deb o‘yladim.
Kitobga kirgan asarlar matnida bir qalam tekkizish bilan o‘nglash mumkin bo‘lgan o‘rinlar ham ko‘zga tashlanishini esa aytsam, Muhammadjonga og‘ir botmaydi, deb o‘ylayman.
Masalan, gelni sochga “sepish”dan ko‘ra, “surish” to‘g‘riroq bo‘lsa kerak (123-bet). “Amerika prezidenti Jimmi Karter Ittifoqqa atom ham emas, yadro bombasi tashlamoqchi emish” deganini mish-mish gap sifatida berish ham to‘g‘ri emas (247-bet). Zero, atom, vodorod, neytron bombalarining barchasi bir xil – yadro quroli hisoblanadi. Aslida, o‘sha prezident neytron bombasi bilan dunyoga dag‘dag‘a qilgandi. A.Dyumaning muallif qo‘liga tushgan ruschadagi “Tri mushketyora” romani o‘zbek tiliga “Uch mushketyorlar” tarzida emas (284-bet), “Uch mushketyor” deb tarjima qilinadi. Qolaversa, har qancha harbiy hayot tasvirlanmasin, “goroxli bo‘tqa”ni (290-bet) “no‘xotli bo‘tqa” deb atalsa ham, “armiya koloriti” buzilib qolmaydi…
Bular – katta ishlardagi arzimas qusurlar, xolos. Eng muhimi, bizning zamondoshimiz, iste’dodli ukamiz Muhammad Sharif tomonidan ortiqcha shov-shuvsiz, oldindan chang chiqarilmay, birovdan nedir e’tibor va muruvvat kutmay o‘sha katta ishlarning qilinganidir. Muallif bu ishlariga nedir e’tibor va rag‘bat kutayotgan bo‘lsa, menimcha, faqat va faqat o‘quvchi xalqdan – o‘zining o‘tmishi, buguni va ertasiga befarq bo‘lmagan yurtdoshlaridan bu asarlarini o‘qish, uqish e’tiborini kutayapti, xolos.
Sizu biz bu ishga hali yaraymiz, deb o‘ylayman…
Sizga cheksiz hurmat bilan,
Rahmon QO‘ChQOR