Qo‘ldosh Pardayev. Muqimiy “sayohatnoma”si matni tarixidan

Milliy adabiyotimiz tarixida XIX asr oxiri-XX asr boshlari Qo‘qon adabiy muhitida yetishib chiqqan ijodkorlar adabiy merosi alohida o‘rin tutadi. Bu adabiy muhitning zabardast namoyandasi Muhammad Aminxo‘ja Muqimiy asarlari hamisha mutaxassislar diqqat markazida bo‘lgan. Shoir ijod namunalari yuzasidan ko‘plab tadqiqotlar yaratilgan. Taassufki, ularda Muqimiy asarlari sho‘ro davri mafkurasi talabiga ko‘ra bir tomonlama talqin qilingan. Natijada shoir nazmiy merosi o‘zining asosiy mohiyatidan uzoqlashtirildi. Ya’ni asarlari tahrirga uchradi, qisqartirildi, manbalarda qolib ketdi. Bu esa, o‘z navbatida, shoir adabiy merosini yangicha mezonlar asosida xolis va haqqoniy o‘rganish zaruratini kun tartibiga qo‘yadi.

Muqimiy milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyotida “Sayohatnoma” janrini boshlab bergan. Unda davr ziddiyatlari, chor hukumatining xalq boshiga solgan kulfatlari, zolim va adolatsiz hokim guruhlar ayovsiz tanqid qilindi, xarob va vayron qishloqlar tasvirlandi. Shoir “Sayohatnoma”si o‘z vaqtida mutaxassislar tomonidan o‘rganildi[1]. “Sayohatnoma”ning joriy nashrlardagi matnini asliyat va unga yaqin variantlarga qiyoslash natijalari ularda ko‘plab matniy tafovutlar borligini ko‘rsatadi. Bu esa, o‘z navbatida, asar talqiniga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatgan. Eng yomoni, ular Muqimiyning dunyoqarashini, muayyan voqelikka nisbatan nuqtai nazarini to‘laqonli ifodalamaydi, ba’zan esa teskari tasavvur uyg‘otadi.

Professor G‘.Karimov: “Sayohatnoma”lar 51 band, 204 misra she’rni o‘z ichiga oladi. Keyingi vaqtlarda topilgan “Isfara sayohatidan” nomli parcha ham qo‘shilsa ular 244 misraga yetadi”,[2] – deya bahstalab fikrlar bildiradi. Izlanishlarimiz natijasida shoir “Sayohatnoma”si jami 77 band, 308 misradan iborat ekanligi ma’lum bo‘ldi. Afsuski, 16 band, 64 misra she’r joriy nashrlardan tushirib qoldirilgan. Bundan tashqari, ba’zi bandlar sho‘ro mafkurasi talabiga ko‘ra tahrir qilingan.

“Sayohatnoma” matni faqat to‘rt qo‘lyozma bayozda uchraydi. Shundan shoirning 7521, 1325-raqamli o‘z qo‘lyozma bayozlarida “Sayohatnoma”ning “Qo‘qondan Isfaraga” qismi 21 band, 5666-raqamli qo‘lyozma bayozda asli 30 band bo‘lgan “Qo‘qondan Shohimardonga” qismi 12 band tarzida berilgan. Qolgan 18 bandi tushirib qoldirilgan. 6352-raqamli qo‘lyozma bayozda esa “Sayohatnoma”ning ikkita qismi matni to‘liq holda berilgan (“Qo‘qondan Shohimardonga” – 30 band, “Qo‘qondan Farg‘onaga” – 15 band). “Sayohatnoma”ning “Isfara sayohati” deb nomlangan qismi qo‘lyozma bayozlarda uchramaydi. Yagona nusxasi faqat Xodi Zarifov kitobida 11 band holda uchraydi. Bu haqda quyiroqda fikr bildiramiz. Asarning qo‘lyozma manbalardagi matni ikki xil tahrirda berilgan.

a) muallif tahriri;

b) kotib tahriri.

Muallif tahriri. “Sayohatnoma”ning “Qo‘qondan Isfaraga” qismi matni 7521-raqamli bayozdan 1325-raqamli bayozga shoir tahriridan so‘ng qayta ishlanib ko‘chirilgan. Birgina misol. 7521-raqamli bayozda (24b-sahifa) “Sayohatnoma”ning 9-bandi:

Gar mevasi bir tup sotar,
Bir pulni yuz yerdin tugar,
Bersa gadoga non agar,
Ming yilda ham dushvor ekan.

1325-raqamli bayozda esa (145 a -sahifa):

Gar mevasi bir tup sotar,
Bir pulni yuz yerdin tugar,
Bersa gadoga non alar,
Ming yilda ham dushvor ekan, –

tarzida “agar” so‘zi “alar” bilan almashtirilgan. Natijada muallif ifodalamoqchi bo‘lgan fikrga aniqlik kiritilgan. Shuni ham ta’kidlash joizki, barcha muqimiyshunos olimlar tadqiqotlari uchun 1325-raqamli bayoz asos qilib olingan.

Kotib tahriri. 5666-raqamli qo‘lyozma bayozda “Qo‘qondan Shohimar­donga” qismidan 18 bandi qisqartirilgan va bandlar tarkibidagi misra, so‘z va jumlalar tahrirga uchragan. Masalan, mazkur “Sayohatnoma”ning 13-bandi mazkur qo‘lyozma bayozda (80b-sahifa):

Ammo nazarda “Roshidon”,
Firdavs bog‘idin nishon,
Jome’lari obi ravon, –

shaklida bir misra qisqartirilib ko‘chirilgan.

6352-raqamli qo‘lyozma bayozda esa (181b-sahifa):

Ammo nazarda “Roshidon”,
Firdavs bog‘idin nishon,
Jome’lari obi ravon,
Sahni gulu gulzor ekan, –

tarzida to‘liq o‘qiymiz.

Yoki mazkur “Sayohatnoma”ning 10-bandi 5666-raqamli qo‘lyozma bayozda (80b-sahifa):

Boz izdihomi voizi,
Badkayf ochilmaydur ko‘zi,
Yuqori boshidin tizi,
Ermaklari gulyor ekan.

6352-raqamli bayozda (182b-sahifa) esa 4-misra “Ermaklari ko‘knor ekan” shaklida uchraydi. Ko‘rinadiki, birinchi banddagi bir misraning tushib qolishi kotibning e’tiborsizligi bo‘lsa, keyingi banddagi so‘z ongli ravishda o‘zgartirilgan.

Bu qo‘lyozmalarni qiyosiy tadqiq qilish natijasida 1325- va 6352-raqamli qo‘lyozma bayozlar tayanch manba sifatida olindi.

Shoir asarlari jami o‘n ikki marta nashr etilgan. Shundan 3 tasi “Asarlar to‘plami”, 9 tasi “Tanlangan asarlar”dir. Ammo bu nashrlar talab darajasida emasligi hamisha mutaxassislarning e’tiroziga sabab bo‘lib kelgan. Jumladan, adabiyotshunos Abdurashid Abdug‘afurov bu xususda bunday yozgan edi: “…Muqimiyshunoslikda yana bir kamchilik – shoir asarlarini qisqartirib, “tahrir” etib va bejab nashr qilishlarda ko‘rinadi”[3]. Biz faqat shoir “Sayohatnoma”si matni kiritilgan joriy nashrlar haqida fikr yuritamiz.

G‘afur G‘ulom tomonidan tayyorlangan (1938, 1942, 1953 yillar) Muqimiy “Tanlanma” asarlarida, Abdulla Olimjonov (1951 yil Muqimiy “Tanlanma” asarlari) va O‘tkir Rashid maktab kutubxonasi uchun nashr ettirgan Muqimiy “Tanlanma” asarlarida (1951 yil), professor G‘.Karimov nashrga tayyorlagan “Tanlangan” asarlari va Muqimiy “Asarlar to‘plami” ikki jildligida “Sayohatnoma” matni uchraydi (1958, 1960, 1973, 1974 yillar)[4].

Ta’kidlash joizki, bu nashrlarning barchasida ham asar matni to‘liq berilgan emas. Bundan tashqari, ularda ko‘plab matniy tafovutlar mavjud. Jumladan, G‘.Karimov xizmati bilan chop etilgan 1958 yilgi nashrdagi “Sayohatnoma”ning “Qo‘qondan Shohimardonga” deb nomlangan qismini 6352-raqamli bayozdagi matnga qiyoslaganda ko‘plab qisqarishlar, bandlar tarkibidagi misra, so‘z va jumlalar o‘zgarishga uchragani kuzatiladi. Bu hol keyingi nashrlarga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatgan. Jumladan, mazkur nashrda asarning 5-bandi quyidagicha berilgan:

Mingboshilik kimning ishi,
Desam, dedi bedonishi,
Bir “Qo‘shtegirmonlik kishi,
Xo‘ja Iso badkor ekan”.

№6352-bayozda esa (182a-b-sahifa):

Mingboshilik kimning ishi,
Desam, dedi bir donishi,
Bir “Qo‘shtegirmonlik kishi,
Xo‘ja Iso bekor ekan”.

Bandning 2-misradagi “bir donishi” so‘zining “bedonishi”ga aylantirilishi muallif badiiy niyati butunlay teskari talqin etilishiga olib keladi. 4-misradagi “bekor” so‘zi “badkor” tarzida tahrir qilinishi misralar mazmuniga mos emas.

Professor N.Jabborov mumtoz adabiyot materiallarini o‘rganishda matn tahririning alohida o‘rin tutishini ta’kidlaydi. Olim bu masalani tadqiq qilish o‘zbek matnshunosligining dolzarb vazifalaridan ekanligiga e’tibor qaratib, bunday yozadi: “D.S.Lixachyovning “Tekstologiya” kitobida tahrirning quyidagi turlari ajratib ko‘rsatiladi: 1) g‘oyaviy tahrir; 2) uslubiy tahrir; 3) asarda faktlarni boyitish, kengaytirishga qaratilgan tahrir; 4) bir necha turni o‘zida mujassam etgan qorishiq tahrir. Muallif matn tahririni bu kabi turlarga ajratar ekan, tabiiyki, rus adabiyoti materiallariga asoslanadi. Bizningcha, bu tasnifni o‘zbek adabiyoti materiallariga ham tatbiq etish mumkin”[5].

Matn tahririning mazkur turlari Muqimiy she’riy asarlarida ham keng qo‘llangan. “D.S.Lixachyov fikricha: “Matning “g‘oyaviy tahrir”dan o‘tishi asarning stilistik jihatlari bilan bog‘liq bo‘lishi yoki bog‘liq bo‘lmasligi mumkin. Tahrir ba’zan butun matn tarkibiga, ayrim hollarda uning alohida qismiga aloqador bo‘ladi. Yozma yodgorlikka butunlay tes­kari ma’no yuklanishi, matnda u yoki bu xil “g‘oyaviy tozalash” o‘tkazilgan bo‘lishi mumkin. Hatto asarga unda mutlaqo bo‘lmagan g‘oya qo‘shilishi yoki matnda mavjud bo‘lgan g‘oya “qisqartirilishi” hollari ham uchraydi”[6].

Bunday holni mazkur qismning 8-bandida ham kuzatamiz. Band barcha nashrlarda quyidagicha berilgan:

Unda bo‘lus G‘ozi dedi,
Ham mufti, ham qozi dedi,
Yurt barcha norozi dedi,
Qilg‘on ishi ozor ekan.

6352-raqamli bayozda (181b-sahifa):

Anda bo‘lus hoji dedi,
Ham mufti ham qozi dedi,
Yurti hamma rozi dedi,
Bechora beozor ekan, –

shaklida to‘g‘ri berilgan.

Umuman, davr talabi nuqtai nazaridan bandning barcha misralari tahrir qilingan. Natijada muallifning mufti, hoji va qozilar haqidagi rost gaplari yolg‘onga do‘ngan, matn asliyatdan mutloq yiroqlashgan.

Xo‘sh, nega bunday yo‘l tutilgan? Shoir ijodini dinga qarshi qo‘yib talqin qilinganini e’tiborga olsak, bu masala o‘z-o‘zidan ayonlashadi.

Professor G‘.Karimov bunday yozadi: “5666-raqamli qo‘lyozma bayozda “Sayohatnoma” teksti berilgan, lekin shunday katta o‘zgarish, tuzatish “tahrir” bilan berilganki, asarning g‘oyaviy yo‘nalishi ostin-ustun bo‘lib ketgan”[7], – deya band matnini keltiradi.

Masalaga xolis yondashuv boshqacha xulosaga olib keladi. Bizningcha, birinchidan, 5666-raqamli qo‘lyozma bayozdagi mazkur band aslida to‘g‘ri berilgan. Chunki, 6352-raqamli bayozdagi band bilan qiyoslash shunday xulosa chiqarishga asos bo‘ladi. Ikkinchidan, muqimiyshunos olimlar “Sayohatnoma”ning manbasi haqida biron joyda fikr bildirishmaydi. 6352-raqamli bayozda 30 banddan iborat bo‘lgan mazkur “Sayohatnoma”ning bandlari to‘liq berilgan.

Barcha nashrlarda quyidagi:

Shersiz emasdur beshalar,
Bordur saxovatpeshalar,
Qilmang yomon andeshalar,
Yaxshilari ham bor ekan, –

bandi “Sayohatnoma”ning “Qo‘qondan Isfaraga” deb nomlangan qismida beriladi. 6352-raqamli bayozda esa bu band “Qo‘qondan Shohimardonga” qismida keladi. Bu haqda adabiyotshunos E.Shodiyev ham quyidagicha fikr bildirgan: “Muqimiy asarlari bilan bog‘liq yana bir masala “Sayohatnoma”larga tegishlidir. “Sayohatnoma”larning hozirgi nashrlarida to‘rtliklar o‘rni sezilarli darajada o‘zgarib ketgan. Oqibatda joy nomlari ham chalkashib ketgan. Keyingi nashrlarda ana shu chalkashliklarni bartaraf qilish kerak”[8].

Barcha nashrlarda “Sayohatnoma” matnlari qisqartirib berilgan. Jumladan, “Qo‘qondan Shohimardonga” qismidan 10 band tushirib qoldirilgan. Shundan 3 bandini 6352-raqamli bayozdan keltiramiz (183b-sahifa):

Tangriga ko‘ngil boylayin,
Borib ziyorat aylayin,
Yondim borolmay naylayin,
Ustod muridi kor ekan.

Armon ziyorat qilmadim,
Bir kecha yotib kelmadim,
Ko‘z birla ko‘rib bilmadim,
Xush bag‘ri fayzosor ekan.

Shokir noyibi volosti,
Himmatda deng hotamtoyi,
Kelganda bir mehmon shavi,
Jonig‘acha isor ekan.

Barcha joriy nashrlarda “Sayohatnoma”ning “Qo‘qondan Farg‘onaga” qismidan ham 5 band qisqartirilib nashr etilgan. Mana o‘sha tushirib qoldirilgan bandlardan 2 tasi:

Belni Muqimiy boyladim,
Shundog‘ yurushni shayladim,
Dunyoni tahqiq ayladim,
Bir mahzi namu nang ekan.

Hurjom bugun savdo bajo,
Baskim ko‘p erkan oshno,
Erkaklari biri ato,
Xotunlari am(m)ang ekan.

Ko‘rinadiki, joriy nashrlardan tushirib qoldirilgan ba’zi bandlar o‘sha davr mafkurasi talabiga ko‘ra kiritilmagan bo‘lsa, ba’zilari sababsiz qisqarishga uchragan.

Ba’zi tadqiqotlarda Muqimiy asarlarining joriy nashrlariga kiritilmagan “Sayohatnoma”lar matni keltirilib talqin qilingan. Lekin manba haqida biron og‘iz fikr yuritilmagan. Ba’zi tadqiqotlarda esa mazkur bandlar og‘zaki materiallar sifatida ta’kidlanadi. Jumladan, Sotti Husayn, Homil Yoqubov va G‘ulom Karimov[9] tadqiqotlarida “Sayohatnoma”ning “Qo‘qondan Farg‘onaga” qismidagi yuqorida keltirilgan band o‘zgartirilib quyidagicha keladi:

Belni Muqimiy boyladim,
Shundog‘ yurushni chog‘ladim,
Dunyoni tahqiq ayladim,
Dunyo qurilgan dor ekan.

Mazkur band yuqorida ta’kidlaganimizdek, shoir asarlarining joriy nashrlaridan tushirib qoldirilgan. 6352-raqamli bayozda esa (182b-sahifa) asliyatga mos berilgan. Ko‘rinadiki, “shayladim” so‘zi “chog‘ladim” so‘ziga, “bir mahzi namu nang ekan” misrasi “dunyo qurilgan dor ekan” tarzida o‘zgartirilgan. Negadir professor G‘.Karimov doktorlik dissertatsiyasida mazkur band manbasi haqida fikr bildirib: “1954 yil SAGU ekspeditsiya materiallaridan. Odamlar og‘zidan yozib olindi”,[10] – deydi.

Yangi topilgan “Sayohatnoma”ning “Isfara sayohati” deb nomlangan qismi faqat X.Zarifovning “Muqimiy hayoti va ijodi” nomli monografiyasida uchraydi. Olimning ta’kidlashicha, mazkur “Sayohatnoma” matni shoir Charxiy tomonidan 1953 yilda tojikistonlik G‘olib Yaqubzoda degan kishi og‘zidan yozib olingan[11].

Umuman, Muqimiy “Sayohatnoma”lari matni Muqimiy asarlarining barcha joriy nashrlarida asliyatga nomuvofiq keltirilgan. Tabiiyki, noqis matn asosida xolis va haqqoniy tadqiqot yaratib bo‘lmaydi. Shu jihatdan, shoir “Sayohatnoma”lari matnini matnshunoslik nuqtai nazaridan tadqiq qilib, qayta nashr etish dolzarbdir.

Sharq yulduzi jurnali, 2015 yil, 4-son

Qo‘ldosh Pardayev 1979 yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan. “O‘zbek milliy uyg‘onish adabiyotini o‘rganishda matbuotning o‘rni”, “Al Isloh: milliy adabiyot tarixida tutgan o‘rni” kabi kitob­lari nashr qilingan.


[1] Karimov G‘. O‘zbek adabiyoti tarixi. Uchinchi kitob. – T.: O‘qituvchi, 1987.-B.117-122; Ahmedov S. O‘zbek adabiyotida sayohatnoma // Adabiy meros, 1986, 6-son.-B. 7-116; Zarifov H. Muqimiy hayoti va ijodi. – T.: Fan, 1955.-B.17-19; Olimjonov A. Muhammad Amin Muqimiy. Hayoti va ijodi. – T.: Fan, 1953.-B.19-20; Sotti Husayn. Tanlangan asarlar. – T.: G‘.G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti, 1974.-B.131; Abdug‘afurov A. Muqimiy satirasi. – T.: Fan, 1976.-B.118; Oybek. Asarlar to‘plami. 9-tom. Tadqiqot va maqolalar. – T.: G‘.G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti, 1974.-B.157-164; Qosimov B., Yusupov Sh., Dolimov U., Jabborov N., va boshqalar. Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti darsligi. – T.: Ma’naviyat, 2004.-B.104-106.

[2] Karimov G‘. Muqimiy hayoti va ijodi (Monografiya). – T.: G‘.G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti, 1970.-B.220-235.

[3] Madaminov A. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, 1990 yil, 9 noyabr (Muqimiyning 140 yillik yubileyidagi ma’ruza materiallaridan).

[4] G‘afur G‘ulom. Muqimiy bayozi. Tanlangan asarlar – T.: O‘zdavnashr, 1938.-B.36-41; Muqimiy. Tanlangan asarlar. – T.: Fan, 1942.-B.49-55; Muqimiy. Tanlangan asarlar. – T.: Fan, 1953.-B.55-67; Olimjonov A. Tanlangan asarlar. – T.: Fan, 1951.-B.55-62; O‘tkir Rashid. Tanlangan asarlar (Maktab kutubxonasi). – T.: Fan, 1951.-B.34-37; Karimov G‘. Muqimiy. Asarlar to‘plami. Ikkinchi tom. – T.: Badiiy adabiyot, 1960. -B.87-95; Muqimiy. Tanlangan asarlar (Maktab kutubxonasi).– T.: O‘qituvchi, 1973. -B.77-80; Muqimiy. Asarlar to‘plami. – T.: G‘.G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti, 1974. -B.427-439.

[5] Jabborov N. Badiiy matn tahririning xos xususiyatlari. – “O‘zbek adabiyotshunosligida talqin va tahlil muammolari” mavzuidagi ilmiy-nazariy anjuman materiallari. – T.: “Mumtoz so‘z”, 2014, -B.28.

[6] Ko‘rsatilgan asar. -B.29.

[7] Karimov G‘. Muqimiy hayoti va ijodini o‘rganish tarixidan. O‘rta Osiyo Davlat universitetining ilmiy asarlari. O‘zbek adabiyoti. Yangi seriya, 15-kitob. – T.: O‘qituvchi, 1957.-B.26.

[8] Madaminov A. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, 1990 yil, 9 noyabr (Muqimiyning 140 yillik yubileyidagi ma’ruza materiallaridan.)

[9] Sotti Husayn. Shoir Muqimiy. Tanlangan asarlar. – T.: G‘.G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti, 1974.-B.52; H.Yoqubov. Demokrat shoir. //Sharq yulduzi, 1953, 9-son.-B.99; Karimov G‘. O‘zbek adabiyoti tarixi. – T.: O‘qituvchi, 1987, 3-kitob.-B.122.

[10] Karimov G‘. O‘zbek demokrat shoiri Muqimiy va uning davri adabiyoti. – T.: 1962 yil. Dok. diss-ya.-B.623.

[11] Zarifov X. Muqimiy hayoti va ijodi. T.: Fan, 1955.-B.41.