1) voqealar, sarguzashtlar, kechmishlar va taqdirlardan ta’sirlanish uchun;
2) bilim olish, dunyoqarashlarni boyitish uchun;
3) hayotiy tajriba orttirish uchun;
4) ma’naviyatni oshirish uchun;
5) dardkash topish uchun;
6) muhabbat uchun;
7) zerikkani uchun;
8) vaqtichog‘lik uchun;
9) asardagi tuyg‘ularni olish va yangi tuyg‘ular hosil qilish uchun;
10) kasb taqozosi bilan (ilmiy xodim, munaqqid, murabbiy, pedagog, ommaviy o‘yin-kulgilar tashkilotchisi, aktyor, kinochi, pesalarni sahnalashtiruvchi, junalist,…);
11) maktab va boshqa o‘quv yurtlarida ta’lim topshiriqlarini bajarish uchun;
12) tilni, urf-odatlarni o‘rganish uchun;
13) siyosiy, ijtimoiy, psixologik va boshqa xil ma’lumotlarga ega bo‘lish (davrni o‘rganish) uchun;
14) siyosiy va mafkuraviy kurashlar uchun;
15) asar yozish tajribasini orttirish uchun;
16) badiiy asarga rasmlar chizish va kitob dizaynini ishlab chiqish uchun;
17) asar qo‘lyozmasini tahrir qilish va imloni tuzatish uchun;
18) kitobsevarlardan ortda qolib ketmaslik uchun;
19) o‘zini o‘qimishli ko‘rsatish uchun;
20) suhbatlarda, bahslarda “tili uzun” bo‘lishi uchun;
21) shahvoniy tuyg‘ular uchun;
22) kitob savdosini rivojlantirish uchun (bizning jamiyat, hozircha, bu darajaga yetib kelgani yo‘q).
* * *
Badiiy asarlar qanday maqsadlar bilan o‘qilishini qurbimiz yetganicha sanab chiqdik. Keltirilganlardan boshqacha sabablar ham bo‘lishi mumkin.
* * *
Har qanday dori-darmon uchun ilova qilinadigan yo‘riqnomada, dorining, yuzaga kelishi ehtimol bo‘lgan salbiy xususiyatlarini ko‘rsatish odat bo‘lgani kabi, sara badiiy asarlar ro‘yxatiga ham shunday ilova – ogohnoma yozish lozim ko‘rinadi.
* * *
Kitob o‘qishning sabablari ro‘yxatida salbiylari ham bor. Ulardan ko‘z yumish – haqiqatni yashirish bo‘lardi. Salbiy bo‘lsa ham, kitob o‘qishga turtki beribdimi, shuning o‘zi yaxshi! Chunki kitob o‘qish jarayonida, har qanday odamda yana boshqa qiziqishlar, intilishlar yuzaga keladi, shunda ijobiy sabablar yetakchilik qilib qolsa ajab emas.
Muayyan bir maqsad bilan kitob o‘qishni boshlagan odam o‘sha maqsad bilan cheklanib qolishi kamdan-kam bo‘ladigan hodisa.
Eng sara asarlar ro‘yxatlarida shahvatga urg‘u beradigan kitoblar ham bor. Masalan, “Hurriyat” gazetasi o‘tkazgan so‘rov asosida tuzilgan, 111 ta asardan iborat ro‘yxatda Vladimir Nabokovning “Lolita” romani ham ko‘rsatilgan. Bu asar faqat, shahvatni qo‘zg‘ash uchun yozilgan! O‘ta darajada odobsiz! Uning oldida Stendal va Mopassanning ba’zi asarlari hech gap emas! “Lolita” – G‘arb mafkurasiga juda mos keladigan asar, shuning uchun ham bestseller bo‘lib ketgan, g‘ariblikda yurgan Nabokovga katta obro‘ keltirgan, daromadi ham shunga yarasha bo‘lgani shubhasiz. V.Novodvorskaya tuzgan, 555 banddan iborat ro‘yxatda Nabokov umuman ko‘rsatilmagan.
Shahvoniy tuyg‘ular har bir odamga ta’sir qiladigan kuchli va nozik omil, odamning ixtiyorini olib qo‘yishi mumkin. Bu dunyoda yashashdan maqsad – shahvatni qondirish, deb o‘ylaydigan odamlar bor. Ular adabiyotning asl maqsadini ham shunga bog‘lab qo‘yishgan.
Bunday serdaromad mavzuni qurol qilib olgan yozuvchilar va noshirlar G‘arbda ko‘plab topiladi. Bizdagi ba’zi yozuvchilar ham jiddiy asar yoza turib, shahvoniy bir manzarani “tomizg‘i” qilib qo‘yishadi. Shu bilan shov-shuv qo‘zg‘ab, muxlislarni ko‘paytirmoqchi bo‘ladilar. Bunday an’anadan voz kechish kerak. Kitobsevar yurtdoshlarimiz esa, salbiy ta’sirlardan saqlanishi maqsadga muvofiq.