Po‘lat Zohidov. Kun tug‘ardin kun botarg‘a so‘zi yetgan zot

Turkiylar shajarasi ustida kuyinib bosh qotirgan ulug‘ olim, Xorazm shohi Abulg‘oziy Bahodirxon (1603 – 1664) kajraftor tarix silsilasidan hayratga kelib, faylasufona hasrat bilan shunday degandi: “Bu dunyo bir rabotqa o‘xshar, odam farzandlari karvonga o‘xsharlar, biri ko‘char, biri qo‘nar”.

Darvoqe, rabot – karvonsaroy, mudofaa uchun moslangan qal’aband manzilgoh hisoblanadi. Xalqda majoziy ma’no kasb etgan “rabot” so‘zi o‘zbek mumtoz adabiyoti buyuklaridan birining nomi–nisbasiga aylanganini bilasizmi? Quyida adib Rabg‘uziy (XIII – XIV asrlar) nisbasi, adabiyot va arxitektura dalolati bilan o‘zbek xalqi etnogeneziga doir muhim aniqlik topilgani haqida so‘z boradi.
Qariyb yetti asr davomida xalqimiz ajoyib olim, tarjimon, o‘ta kamtar alloma Nosiruddin Rabg‘uziyning bizgacha yetib kelgan yagona asari “Qisasi Rabg‘uziy” kitobini sevib o‘qib, qissaxonlardan eshitib kelgan. Aslida payg‘ambarlar qissalaridan iborat mazkur badiiy obida mohiyat e’tibori bilan islom ma’rifatiga mansub bo‘lgani bois ham, ayniqsa, sho‘rolar davrida omma uchun zararli hisoblangan, asar ustida esa durustroq tadqiqot ham o‘tkazilmagan.
Rabg‘uziy asarida qayd etilgan me’morlikka aloqador bir tarixiy ma’lumot, aniqrog‘i, bir ishorat e’tiborimizni tortganiga ancha bo‘lgan. Kitobda nomi zikr qilingan Raboto‘g‘uz – Raboti o‘g‘uz manzilini Xorazm sarhadlaridan qidirish kerak edi. Amudaryo va Sirdaryo quyi oqimi oralig‘ida saqlangan juda ko‘p arxeologik yodgorliklar – qadimgi qal’alar, qo‘rg‘onlar vayrona holda hamon sukut saqlaydi, qadimgi nomlar o‘rnini esa ko‘pincha afsonaviy rivoyatlar qatlami bosib qolgan. Garchi dastlabki nomi saqlanmagan bo‘lsa-da, Amudaryoning ko‘hna o‘zani qirg‘og‘idagi qadimgi, nisbatan ancha katta qal’a qoldiqlari Raboto‘g‘uz ekanligini aniqlashga muyassar bo‘ldik.

 

O‘G‘UZ YuRTI. Dastavval, adib Rabg‘uziyning e’tirofga molik quyidagi ta’kid so‘zlarini eslab o‘taylik: “Bu kitobni tuzgan, to’at yo‘linda tizgan, ma’siyat yobonin kezgan, oz ozug‘lig‘, ko‘p yozug‘lig‘ Raboto‘g‘uzning qozisi Burhon o‘g‘li Nosiruddin…”, ya’ni bundan qozizoda adib Rabg‘uziy Raboti o‘g‘uz nomli markazda tavallud topgani va qadimiy turkiy o‘g‘uz qavmiga mansub ekani ma’lum bo‘ladi. Muallifning e’tirof etishicha, “Qisasi Rabg‘uziy”ni yozish niyati 650 hijriy (milodiy 1250) yil atrofida paydo bo‘lgan. Raboti o‘g‘uzning yangi begi, beklar avlodidan chiqqan To‘qbug‘a (bug‘a – dono ma’nosida) ham islom dinini qabul qilgach ustozi kabi, Nosiruddin kunyatini oladi, Qur’on o‘qishga ixlos qiladi. Navqiron bek iltimosiga ko‘ra, Rabg‘uziy o‘z asarini 710 hijriy (milodiy 1309/1310) yili hokimga bag‘ishlov madhi bilan tuhfa etadi.
Raboto‘g‘uz nomi paydo bo‘lishi islomiyat davri bilan bog‘liq. Dastlabki rabotlar islom yo‘lida kurashchi g‘oziylarga mudofaa qal’alari vazifasini bajargan. Mazkur manzilda esa asosan o‘g‘uzlar istiqomat qilganiga hech qanday shubha uchun o‘rin qolmaydi. Nihoyat, eng muhim xulosa: Raboti o‘g‘uzda yashab kelgan o‘g‘uzlar eski o‘zbek tilining o‘g‘uz shevasida gaplashgani ma’lum bo‘ladi. Bunday xulosaning isboti uchun “Qisasi Rabg‘uziy” har jihatdan dalolat manbaidir.
Qadimgi o‘g‘uzlar bilan o‘zbeklar shajarasi yagona ekanligini alohida ta’kidlashimizning sabablari bor, albatta. Gap shundaki, hozirgi zamon tarix fanida o‘g‘uzlar – faqat turkmanlar degan noto‘g‘ri tushuncha ancha keng tarqalgan. Holbuki, X – XIII asrlarda O‘rta Osiyoning hamma joyida, ya’ni Yettisuvdan Kaspiygacha bo‘lgan bepoyon mintaqada asosan o‘g‘uzlar, ya’ni bizning ajdodlarimiz yashagan. Bu joylarda ilgari ham, hozir ham asosan o‘zbeklar istiqomat qilayotgani shundan dalolat beradi. Binobarin, o‘sha o‘g‘uzlarning aksariyati hozirgi o‘zbeklarning ajdodlari bo‘lgan. “Qisasi Rabg‘uziy” asarining o‘sha davrdagi o‘g‘uz tili va adabiyotining, ya’ni eski o‘zbek tili va adabiyotining noyob yodgorligi sifatidagi qadr-qimmati ham ana shunda.

RABOTO‘G‘UZ – TO‘QQAL’A. O‘zbek xalqi uchun muqaddas zamin Raboto‘g‘uz xarobalari qadimgi Xorazmning son-sanoqsiz arxeologik yodgorliklari orasidan topilganiga bir necha yil bo‘ldi. Lekin dastlabki taxmin tarix haqiqatiga aylanishi uchun vohadagi juda ko‘p qal’a, qo‘rg‘on qoldiqlarini ko‘rib chiqishga, ulardan topilgan ashyoviy dalillarni tekshirishga to‘g‘ri keldi. Endi qat’iy ishonch bilan aytish mumkinki, o‘sha To‘qbug‘a beklik qilgan qal’a – Raboto‘g‘uz hozirgi davr yodgorliklari ro‘yxatida qisqagina To‘qqal’a nomi bilan qayd etilgan ekan.
Arxeolog olima A.Gudkovaning “To‘qqal’a” kitobidan ma’lum bo‘lishicha, Nukus shahridan G‘arbi-Shimol sari 14 kilometr yurganda, Amudaryoning eski o‘zani (kengligi 200 metrdan oshadi) sharqiy qirg‘og‘i tabiiy do‘ngliklari (tekis atrofga nisbatan balandligi 11 metr) ustida qadimgi qal’aband ulkan xarobalar saqlanib qolgan. Umumiy sahni 8 gektardan ortiq maydon qa’ridan qariyb yigirma besh asrning ashyoviy dalillari topilgan. Bu manzilda miloddan avvalgi V asrdan milodiy XIX asrgacha odamlar yashab kelgan ekan. Ilgari zamonlarda bu mustahkam qal’aband shahriston nomi qanday bo‘lgani noma’lum. Qadimgi qal’a qa’ridan zardushtiylar davriga mansub juda ko‘p sopol, ma’dan parchalari, suyaklar, bitta otashgoh ham topilgan. Qal’a tashqarisidagi qabristondan topilgan sopol tobutchalar – ostadon tashqi bezagida motam marosimi tasvirlarini kuzatish mumkin. VIII asrdan keyingi (ya’ni islomiyat bilan bog‘liq) davrlarga oid son-sanoqsiz qabrlar qalashib yotibdi. Pastlikdagi juda ko‘p uy-joy binolarini toshqin suvlar buzib, yuvib ketgani aniqlangan.
To‘qqal’adagi zardushtiy o‘g‘uzlar X asrga kelib islom dinini qabul qilgani ma’lum bo‘ldi. Odatga ko‘ra, arxeologlar ko‘proq e’tiborni qadimgi davr qoldiqlarini o‘rganishga qaratib (ya’ni milodiy VII asrgacha), bizni qiziqtirgan X – XII asrlar yodgorliklari bilan unchalik shug‘ullanmagan ekanlar. Shunday bo‘lsa-da, arxeologlarning ba’zi kuzatishlari diqqatga sazovor. IX – XI asrlarda mazkur manzilda yashagan aholi ilgarigi kabi etnik jihatdan hozirgi o‘zbeklar, jumladan, Xorazm aholisi qiyofasi bilan aynan o‘xshashdir.
Akademik Yahyo G‘ulomov “Xorazmning sug‘orilishi tarixi” kitobida Amudaryo quyi oqimidagi aholi yashaydigan yirik manzilgoh – To‘qqal’a haqida ma’lumot beradi. Tarixiy manbalarda (Abulg‘oziy Bahodirxon, Munis, Ogahiy) To‘qqal’a atrofi XVI – XIX asrlar davomida dehqonchilik joylari, deb qayd etilgan. Daryo o‘zani suvsiz qolgan paytlari aholi juda qashshoq hayot kechirgan.
Abulg‘oziy Bahodirxon “Shajarai turk”da To‘qqal’a bilan bog‘liq ba’zi muhim tafsilotlarni yozib qoldirgan: “Biz dunyoga kelmasdan o‘ttiz yil ilgari Amu suvi Xos (Xost) minorasining yuqorisini, uni Qora ayg‘ir to‘qayi derlar, ul yerdin yo‘l yasab oqib, To‘qqal’asina borib, Sir (Orol) tengizina quyg‘on erkandir. Ul sababdin Urganch cho‘l bo‘lubdi”. Demak, 1573 yili Amudaryo Urganch yaqinidagi o‘zanini o‘zgartirib, To‘qqal’a yonidagi eski o‘zandan oqa boshlagan. Natijada To‘qqal’a atrofi yangidan obod bo‘lib, dehqonchilik uchun asosiy shart-sharoit, ya’ni sug‘orish tarmog‘i qaytadan tiklangan. Abulg‘oziy Bahodirxon yana shunday yozadi: “Bizning xon To‘qqal’asining yuqorisidin bir ariq qazdurub tururlar, faqirlar dunyoga kelmasdin bir yil burun (ya’ni 1602 yili) Mezon bo‘lganda saqasini ko‘marlar erdi. Bug‘doyni o‘rgan vaqtda ocharlar erdi. Bir necha yildin so‘ng ariqning kengligi otgan o‘q o‘tmaydigan bo‘ldi”.
Poytaxt Urganchda qurg‘oqchilik bo‘lgan davrlarda “xonning o‘rdusi va sipoh xalqi Amu suvining labinda” ya’ni To‘qqal’aning qibla tomonidan muvaqqat qal’a qurib, istiqomat qilganlar. Bu ham To‘qqal’a atrofidagi joylar mavqei Xorazm xonligi uchun har jihatdan baland bo‘lganini ko‘rsatadi. Ulkan qal’a mahobati har qanday odamni hayratga keltiradi. Mahalliy aholi orasida To‘qqal’ani qadim zamonlarda devlar qurgan degan rivoyat yurarkan. Yahyo G‘ulomov rivoyatlarga asoslanib, qal’a nomining kelib chiqishini “To‘k” (“to‘kmoq” fe’li) so‘zi bilan bog‘laydi. Lekin nimani to‘kmoq ustida gap bormoqda? Bu haqda hech qanday izoh yo‘qqa o‘xshaydi. Arxeolog Gutkova esa shu qal’a tarixiga bag‘ishlangan maxsus tadqiqotida yodgorlik nomini To‘qqal’a deb qayd qilsa-da, lekin bu nomning kelib chiqishi haqida biror fikr bildirmagan. Tarixiy manbalarda yodgorlik nomi To‘qqal’a, Tuqqal’a, Tukqal’a shaklida bitilgan. Bizningcha, yodgorlikning “To‘qqal’a” deb atalishida ko‘proq mantiq, ishonchli tarixiy dalillar borga o‘xshaydi. Taxminimizga asos bo‘lgan ba’zi mulohazalarni aytib o‘tamiz:
Tarixdan ma’lumki, odatga ko‘ra, me’moriy inshootlar, xususan, karvonsaroy va rabotlar o‘z sohiblari nomi bilan atalib kelgan: Ulug‘bek madrasasi, Abdullaxon bandi, Bekrabot va hokazo. Raboto‘g‘uzni qayta tiklab, obod qilgan To‘qbug‘abek nomi aholi orasida keyinroq qal’a nomiga aylangan. To‘qbug‘a qal’asi degan ta’rif qisqargan holda To‘qqal’a nomi bilan dovrug‘ qozongan. “To‘q” so‘zi (“to‘qluq”) qadimgi turkiy nomlarda uchraydi. Amir Temur safdoshlari qatorida To‘qbug‘a, Chinbug‘a, Oqbug‘a, Sari(q)bug‘a nomli sarkardalar bo‘lgan. To‘qqal’a deganda aholi dastlab To‘qbug‘a beklik qilgan rabotni tushungan bo‘lsa, davr o‘tishi bilan mo‘l-ko‘l, boy, farovon joy mazmunini kasb etgan; To‘qqal’a (to‘qlik) nomi To‘kqal’aga (“to‘kmoq” fe’li)ga nisbatan ancha asosli, mazmunan munosib ko‘rinadi;
Buyuk mutafakkir, “Turkiston ahlining qiblai duosi” (Navoiy ta’rifi) “Sulton ul-orifin” Xoja Ahmad Yassaviyning (vafoti 1166 yil) Xorazmdagi ulug‘ shogirdi Sulaymon Boqirg‘oniy (vafoti 1186 yil) tug‘ilgan Boqirg‘on kenti Yahyo G‘ulomovning aniqlashicha, Ko‘hna Urganch va To‘qqal’a yaqinida joylashgan ekan. Demak, mo‘g‘ul istilosi davridagi og‘ir vayronaliklarga qaramay, shu atrofda XIII asrga kelib Sulaymon Boqirg‘oniydek shoir, Nosiruddin Rabg‘uziydek adibni yetishtirgan adabiy-madaniy muhit mavjud bo‘lganligi va “Qisasi Rabg‘uziy”dek adabiy-tarixiy asar o‘zbek tilida yaratilgani, uning Raboto‘g‘uz bilan bog‘liqligi alohida ahamiyat kasb etadi. Bu o‘rinda o‘zbek tili iborasini alohida ta’kidlayotganimizning sababi bor. Ayrim tarixchilar X – XIII asrlarda Amudaryo va Sirdaryo quyi oqimidagi Orol dengiziga yaqin joylarda yashagan o‘g‘uzlar haqida bir yoqlama xulosa chiqarganliklarini yuqorida aytgan edik. Vaholanki, mo‘g‘ul istibdodi davrida o‘zbek tilida ijod qilgan Sulaymon Boqirg‘oniyning kenja zamondoshi, adib Nosiruddin Rabg‘uziy ham o‘zbek tilida (nasriy va nazmiy) badiiy asar yozganiga guvoh bo‘layotirmiz. Demak, Raboti o‘g‘uzda tug‘ilib tarbiya topgan Rabg‘uziyning o‘g‘uz tili eski o‘zbek tilining xuddi o‘zidir. Turkolog olim E.Fozilov aytganidek, “qissa tili bilan bugungi o‘zbek tili orasidagi salkam yetti asrlik vaqt o‘tganiga qaramasdan, bu asar hozirgi zamon o‘zbek tili ilk taraqqiyot davrining yodgorliklaridan biri sifatida qaralmog‘i maqsadga muvofiqdir”.
Olimlar “Qisasi Rabg‘uziy”ning til xususiyatlari O‘rta Osiyodagi turkiy tillarning barchasi uchun mushtarak ilmiy ahamiyatga ega ekanligini e’tirof etsalar-da, mantiqan kelib chiqadigan boshqa muhim xulosaga teranroq nazar solmaydilar. Raboto‘g‘uz farzandi adib Rabg‘uziy turkiy o‘g‘uzlar qavmiga mansub bo‘lgan, “Qisasi Rabg‘uziy” asari esa til jihatidan boshqa turkiylarga nisbatan o‘zbek tiliga nihoyatda yaqin, ya’ni o‘zbek tilining XIII asrdagi Xorazm shevasi desak to‘g‘riroq bo‘ladi. Binobarin, qadimgi tarixiy manbalarda turkiylarning eng katta va qudratli qavmi sifatida ta’riflab kelingan qadimgi o‘g‘uzlar (boshqacha aytganda – g‘uzlar, o‘zlar) vorisi, tarixiy davomi o‘zbek nomi bilan tarix maydoniga chiqqan o‘zbek xalqi ekani namoyon bo‘ladi. O‘zbek so‘zi etimologiyasining o‘g‘uz so‘zi bilan bog‘liqligi xususida tarixchi olimlar N.Norqulov va O‘. Jo‘rayevlar sakkizinchi sinflarning “O‘zbekiston tarixi” darsligida aytib o‘tgan nuqtai nazari ham e’tiborga sazovor. Ana shularga asoslanib, o‘g‘uzlar – qadimgi o‘zbeklar degan xulosaga kelamiz. Bunday xulosa mohiyat e’tibori bilan Markaziy Osiyo tarixidagi o‘g‘uz – o‘z – o‘zbek bilan bog‘liq uch ming yildan ortiq tarixni nihoyatda ziyraklik bilan tahlil qilishni taqozo etadi.
Raboto‘g‘uz – To‘qqal’a arxeologik yodgorligi o‘zbek adibi Nosiruddin Rabg‘uziy tavallud topgan zamin sifatida aniqlanishi o‘sha manzilga nisbatan alohida ehtirom va e’tibor mas’uliyatini taqozo etishi tabiiydir. 2009 – 2010 yili “Qisasi Rabg‘uziy” asari Raboti o‘g‘uz begi To‘qbug‘abekka tuhfa etilganiga 700 yil to‘ladi.

O‘G‘UZ – O‘Z – O‘ZBEK. Muammo mohiyatini yanada chuqurroq idrok etish uchun ishonchli ilmiy qomuslardan ma’lumot qidiramiz. Avvalgi O‘zbek entsiklopediyasida (13-jild) shunday jumlalarga ko‘zimiz tushadi: “O‘g‘uz tili – … o‘lik til” (5, 631-bet)?? Bu tafsilot juda ajablanarli. O‘g‘uz tilining qadimgi rivojlanish davri VI – XI asrlardagi O‘rxun-Enasoy bitiklaridan boshlangan. Shunday bo‘lsa, rivojlanayotgan til qachon, qay sabablarga ko‘ra to‘satdan “o‘lik til”ga aylanib qoldi? Bu savolga aniq javob berish o‘rniga, noaniq, chalkash, mujmal da’voni uchratamiz. Ma’lumotga ko‘ra, o‘g‘uz tilining qadimgi o‘lik tillari ham bo‘lgan ekan, ya’ni X – XI asrlardagi o‘g‘uz tili, bijanok va uzlar tili, saljuqiylar va eski usmoniy (usmonli turklar) tili. Nihoyat, sho‘ro davrida chop etilgan avvalgi entsiklopediyamiz qat’iy xulosa chiqaradi: “O‘g‘uzlar turkmanlar, ozarboyjonlar, turklar, shuningdek, gagauzlar va qoraqalpoqlar etnogenezida muhim rol o‘ynagan” (5, 631-bet). E’tibor bering: o‘zbeklar nomi hatto tilga ham olinmagan. Axir, o‘zbeklar kelib chiqishi shajarasidagi o‘q tomirni (o‘zakni) o‘g‘uzlar tashkil etishini, o‘g‘uz – o‘z so‘zi (keyinroq o‘zbek) ko‘rsatib turganidek, Xorazm farzandi adib Nosiruddin Rabg‘uziy o‘z ismi sharifi – nisbasi va “Qisasi Rabg‘uziy” asari orqali hech qanday shak-shubhaga o‘rin qoldirmay isbotlab qo‘ygan edi-ku!.
Adib Nosiruddin Rabg‘uziy qutlug‘ nisbasi va noyob mumtoz asari orqali o‘zbek xalqi nomi va etnogeneziga doir muhim ma’lumotni o‘zida mujassamlantirib turibdi. Amudaryo quyi oqimidagi tug‘ilgan yurti Raboti o‘g‘uzni dunyoga tanitar ekan, ayni vaqtda o‘zbekning qadimiy o‘zagi o‘g‘uz ekanligini ham dalolatlab turibdi. “Kun tug‘ardin kun botarg‘a koshki tegsa so‘zlarim”, deb orzu qilgan hazrat Rabg‘uziy xotirasi uchun ham bu ulug‘ saodatdir. Ming ofarin, yoshulli!

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2002 yil 9-sonidan olindi.