Poshshajon Kenjayeva. Xalq hikoyalarining badiiy in’ikosi

Turk folklorida hali yozma adabiyot paydo bo‘lmasdan oldin “Xalq hikoyalari” nomli janr mavjud bo‘lgan. Bu janrning vujudga kelishi, ommalashishi, an’anaviy janr sifatida shakllanishi haqida qator turk olimlari tadqiqot olib borganlar. A.B.Alptekin, E.Aslan, H.Bayoz, A. Duymaz, M. Ekiji, Sh. Elchin, R. Filizok, E. Guney, D. Kaya, N. Ko‘se, A. Puskulluo‘g‘li, E. Sav, F. Ko‘prulu singari adabiyotshunoslar tadqiqotlarida[1] “xalq hikoyalari”ning o‘ziga xos xususiyati, mavzular ko‘lami batafsil o‘rganishga harakat qilingan. Ayniqsa, “Ko‘ro‘g‘lining paydo bo‘lishi”, “Ko‘ro‘g‘li va Demirjio‘g‘li”, “Oshiq Guruniy”, “Jelaliy va Mehmetbey”, “Kirmanshoh”, “Eshrefbey”, “Latifshoh”, “Odil shoh”, “Varaqa bilan Gulshoh”, “Xurshid va Mohimehri”, “Yarador Mahmud”, “Elif bilan Mahmud”, “Orzu bilan Qambar”, “Oshiq G‘arib”, “Tohir va Zuhra”, “Ali Izzat”, “Gul va Alisher”, “Hotamitoy”, “Dovud o‘g‘li Sulaymon”, “Farhod va Shirin”, “Laylo va Majnun” va “Yusuf va Zulayho hikoyasi” singari mashhur og‘zaki hikoyalar nafaqat turk, balki butun bir turkiy xalqlar folklorida uchraydigan mavzular hisoblanadi. Xalq hikoyalarining kelib chiqishi, uning ta’sir manbasi haqida yirik folklorshunoslar tomonidan turlicha talqin qilingan. Xususan, turk xalq hikoyalari ustida ilk jiddiy tadqiqot olib borgan mashhur olim Fuad Ko‘prulu ularni quyidagicha tasniflaydi:

  1. Turkiy an’analar ta’siridagi mavzular: “Kitobi Dada Qo‘rqut”, “Ko‘ro‘g‘li” dostonlari;
  2. Islom an’anasidan o‘tgan diniy mavzular: “Mavlud”, “Hazrati Hamzaning qahramonliklari”, “Abo Muslim Xurosoniy qissalari”, “Halloji Mansur”, “Shayx San’on” singari nasriy va nazmiy kitoblar;
  3. Eron an’anasidan o‘tgan – aksariyati diniy bo‘lmagan, ba’zan zohiriy, islomiy ma’no berilgan mavzular va fors nasri an’analari tarkibidan o‘tgan hind adabiyotidagi mavzulari: “Kalila va Dimna”, “Shohnoma”[2].

Adabiyotshunos Ali Berat Alptekin tasnifi biroz o‘zgacharoq xarakterga ega. Uning tasnifida makon xususiyatlari bilan bir qatorda Sharq nasriga xos mavzu xususiyatlari ham e’tiborga olingan:

a) turkiy manbalardan yetib kelgan xalq hikoyalari: “Ko‘ro‘g‘li”, “Oshiq G‘arib” va hokazo;

b) arab, fors va hind manbalaridan yetib kelgan xalq hikoyalari: “Laylo va Majnun”, “Farhod va Shirin”, “Yusuf va Zulayho”;

v) ertak-afsona manbalari asosida yaratilgan xalq hikoyalari: “Kirmonshoh”, “Tapdig”, “Latifshoh”, “Shoh Ismoil”;

g) oshiqlar hayotidan ta’sirlangan xalq hikoyalari: “Karam bilan Asli”, “Tufarganli oshiq Abbos va Gulgez pari”, “Gurbaniy va pari”, “Erjishli Emrah va Selvixon” va hokazo[3].

Ismoil Kasapning “Xalq hikoyalari haqida” maqolasida esa quyidagicha tasnifga duch kelamiz:

a) hayotda bo‘lib o‘tgan voqealar;

b) oshiqlar boshidan kechirganlarini rivoyat qiluvchi tarjimai hollar;

v) Abo Muslim, Battol G‘ozi singari diniy rivoyatlar;

g) mavzulari mumtoz she’riy hikoyalardan, arab, hind va fors she’riy to‘plamlaridan olingan hikoyalar[4].

Bu tasnif qisman N. A. Ayzenshteyn tadqiqotidagi tasnifga yaqin keladi. Bu tasnifda bevosita tilga olinmasa-da, realistik, romantik, diniy-ma’rifiy, klassik hikoyachilik singari nazariy terminlarning yetakchiligi seziladi.

Turk xalq hikoyalari qadimiy janr hisoblangan mif, ertak, afsona, rivoyat va dostonlar tarkibida shakllangan. Shuning uchun ham xalq hikoyalarida ba’zan mifologik hikoyalar, afsonaviy va tarixiy qahramonlar, ishqiy mavzular, sehr-jodu, fantastik xususiyatlar ustunlik qiladi.

Turk xalq hikoyalari “Dada Qo‘rqut kitobi” dostonida “boy”, “Ko‘ro‘g‘li” dostonida esa “kol” shaklida ifodalanadi. “Ko‘ro‘g‘li” turkumidagi xalq hikoyalari Ko‘ro‘g‘lining tug‘ilishidan to umrining so‘nggigacha bo‘lgan voqealarni qamrab oladi. “Ko‘ro‘g‘lining tug‘ilishi”, “Ko‘ro‘g‘li va temirchi o‘g‘li”, “Temirchi o‘g‘li va Rayhon arab”, “Ko‘ro‘g‘lining Ayvazni olib qochishi”, “Ko‘ro‘g‘li va Nig‘deli kiyik Ahmad”, “Ko‘ro‘g‘li va Nigorxonim”, “Ko‘ro‘g‘li, Nigorxonim, Hasanbey va Telli Nigor”, “Oqshaharda Telli Nigor janggi”, “Kelo‘g‘lonning Ko‘ro‘g‘li otini olib qochishi”, “Ko‘ro‘g‘lining so‘nggi umri” singari hikoyalar shular sirasiga kiradi.

Shuningdek, folklor asarlari yozma adabiyot ta’sirida yanada taraqqiy topib bordi. Bu haqda akademik T. Mirzayev va folklorshunos olim M. Jo‘rayev shunday fikr bildiradi: “XVIII asrning oxirlarida, xususan, XIX asrning ikkinchi yarmida folklor asarlarini yozma adabiyotga yaqin ruhda qayta ishlash yoki aksincha, yozma adabiyot namunalarini “folklorlashtirish” jarayoni nihoyatda kuchaydi. Buning natijasida turli xarakter va mazmundagi qissalar (“Xalq kitoblari”) paydo bo‘ldi, ayrim baxshilar ijodida yozma adabiyot unsurlari ko‘rina boshladi”[5]. Folklor asarlaridagi bunday kuzatuvlar, jarayonlar turk xalq adabiyotida ham ko‘zga tashlanadi. Xususan, xalq hikoyalari orasida yozma adabiyot namunalaridan parchalar, mavzular, qahramonlar, voqealar paydo bo‘la boshladi. “Hotamitoy”, “Farhod va Shirin”, “Yusuf va Zulayho”, “Laylo va Majnun”, “Mahmud G‘aznaviy”, “Zol o‘g‘li Rustam”, “Malika Dilorom” kabi xalq hikoyalari yozma adabiyotdagi dostonlar ta’sirida yaratildi. Turk xalq hikoyalarida kuzatiladigan aksariyat mavzu ishq-muhabbat hisoblanadi. Ishq-muhabbat mavzusidagi hikoyalarda bosh qahramon sifatida oshiq va ma’shuqa hayotidan lavha tilga olinadi. Ba’zan ularning ishq-muhabbati xalq qo‘shiqlari vositasida ifodalanadi. “Oshiq Guruniy”, “Malikshoh va Gullixonim”, “Varaqa va Gulshoh”, “Xurshid va Mohimehri”, “Alif va Mahmud”, “Orzu va Qambar”, “Asumon va Zeyjon”, “Oshiq G‘arib”, “Tufargonlik oshiq Abbos va Gulgez pari”, “Karam va Asli”, “Gul va Alisher”, “Rozinihon va Mohfiruza”, “Oshiq Hasan”, “Shoh Ismoil”, “Dardli Hasan va Nozlixon”, “Summaniy va Shenlik”, “Emroh va Selvi”, “Otashqalb Umar va go‘zal Zaynab”, “Billurko‘shk”, “Dadal o‘g‘li va turkman go‘zali”, “Surmalik bek va Dilbar sanam” singari qator xalq hikoyalarida ishq-muhabbat mavzusi kuylanadi.

Shunday hikoyalardan biri “Karam va Asli” tillarda doston bo‘lgan hikoya hisoblanadi. Bu hikoyaning yaratilishi, ommalashishi haqida Turkiyada Shukri Elchinning “Karam va Asli hikoyasi”, Ali Duymazning “Karam va Asli hikoyasi haqida qiyosiy tadqiq” nomli dissertatsiyalari bor.

Oldingi davrlarda xalq hikoyalarini og‘izdan-og‘izga o‘tkazuvchi kishilarni “maddohlar” deb atashgan. Ular nainki tinglovchilar vaqtini xush o‘tkazishi, estetik zavq olishi, badiiy-tarixiy ma’lumotlarga ega bo‘lishi uchun, balki xalq orasida milliy-islomiy ma’rifat, odob-axloq (etika) normalarini shakllantirishga ham xizmat qilganlar. Maddohlarning o‘z davridagi vazifasi va maddohlik san’atining ahamiyati bugungi yozuvchi va kitobning ijtimoiy ahamiyatidan kam bo‘lmagan. Turk adabiyoti tarixi manbalarida kelishicha, XV asrda maddohlar-hikoyachilar juda mashhur bo‘lganlar. Ular nasriy, nazmiy, musiqali va musiqasiz usullarda o‘z repertuarlaridagi asarlarni xalqqa yetkazganlar. Jumladan, Arab Nodim, Ayvaz o‘g‘li, Darvish Hasan, Darvish Mehmet, Emin, Hamza, Kichik Ali Chalabiy, Muhsinbey, Umar, Ramazon, Oshiqiy, Balaban, Darvish, Darvish Komil, Firuz, Hamdi, Mustafo Chalabiy, Haqqi va Chalabiy kabi maddohlar repertuarlari turk tadqiqotchilari asarlarida ko‘p eslanadi. Bugungi kunda esa xalq hikoyalarini so‘zlab berish, hikoya qilish yoki kuylash xalq baxshilari tomonidan xalqqa yetkazilmoqda.

«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 10-son

____________________

[1] Bu haqda qarang: Alptekin Ali Berat. Elif ile Yaralı Mahmut Hikayesi. // Türk Folkloru Araştırmaları (27) Ankara-1982. – S.179–205; Alptekin Ali Berat. Dede Korkut Hikayeleri ile Halk Hikayelerinin Münasebetleri. // Türk Kültürü Araştırmaları. Prof. Dr. Şükrü Elçin Armağanı. Ankara-1993; Alptekin Ali Berat. Halk Hikayelerinin Motif Yapısı. Ankara – 1997. 2. Baskı Ankara – 2002; Aslan E. Halk Hikayelerini İnceleme Yöntemleri. Yaralı Mahmut Hikayesi Üzerinde Bir İnceleme. Diyarbakır – 1990; Aslan Ye. Halk Hikayelerinde Kahramanların Kıyafet Değiştirme Motifi ve Arabızengi Tipi // Türkbilig. 2001//2. Ankara. – S. 1–10; Bayaz H. Köroğlu’nun Antep Rivayeti. Ankara – 1981; Duymaz A. Kerem ile Aslı Hikayesi Üzerinde Mukayeseli Bir Araştırma. Ankara-2001; Ekici M. Dede Korkut Tesiri ile Teşekkül Eden Halk Hikayeleri. Ankara – 1995; Elçin Ş. Halk Edebiyatına Giriş. Ankara – 1981; Elçin Ş. Halk Edebiyatı Araştırmaları. Ankara-1988; Filizok R. Ziya Gökalp’ın Eserlerinde Halk Edebiyatı Tesiri Üzerine Bir Araştırma. Ankara – 1991; Güney E.C. Folklor ve Halk Edebiyatı. Istanbul – 1971; Kaya D. Mahmut ile Nigar Hikayesi Üzerine Karşılaştırmalı Bir Araştırma. Ankara-1993; Köse N. Türk Halk Hikayelerinde Gurbet. İzmir – 1997; Püsküllüoğlu A. Türk Halk Öyküleri. Ankara – 1982; Sav E. Halk Hikayeleri. Ankara – 1974; Köprülü M.F. XVII.asır Saz Şairlerinden Kayıkçı Kul Mustafa ve Genç Osman Hikayesi. Istanbul – 1930; Köprülü M.F. Edebiyat Araştırmaları. Ankara – 1966.

[2] Köprülü M.F. Edebiyat Araştırmaları. Türk Tarih Kurumu Yayınları, Ankara-1986. – S. 366–371.

[3] Alptekin A.B. Halk Hikayelerinin Motif Yapısı. 2.Baskı. Akçağ Yayınları, Ankara – 2002. – S.42.

[4] Kasap I. Halk Hikayeleri Üzerine. // Hece. Türk Öykücülüğü Özel Sayısı. Sayı:4. 2000. – S.127.

[5] Alpomish. J.1: O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari. – G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa uyi, 2015. –B.17.

_____________________

Poshshajon Kenjayeva – filologiya fanlari doktori (DSc). 1980 yilda tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetining o‘zbek filologiyasi turkologiya bo‘limini bitirgan. 60 ga yaqin ilmiy maqolalari respublika va xorij jurnallarida nashr etilgan. “Jinlar orasida qolgan qizlar”, “Kutilmagan mehmon”, “Binafsha” nomli bir qator tarjima to‘plamlari chop etilgan.