Sevara Alijonova. Porloq yulduz (Lu Sin)

Uyg‘oq inson shundayki, o‘tmish va
kelajakni emas, bugunini sevadi.
Lu Sin

Hikmatlarida eng avvalo o‘zini topgan Chin o‘lkasining zabardast yozuvchisi Lu Sin bir umr uyg‘oq insondek yashashga intildi. To‘g‘ri, o‘tmishdan saboq oldi, o‘rgandi, biroq kechagi kun uchun, kechagi xatolar uchun bugunini zoye ketkazmadi. Kelajakka, yorug‘ kunlarga umid qildi, biroq shirin orzular girdobida o‘ralashib qolmadi. U faqatgina buguni, bugungi kun, hozirgi zamon nafasi bilan yashadi. Holbuki, muzaffar adibning “buguni” tarixga-da, kelajakka-da o‘z imzosini qoldirdi.

1881 yil 25 sentyabr tongi Shaosindagi Joular oilasi uchun xushxabar hozirlagandi: orziqib kutilgan o‘g‘il, (bo‘lajak adib) dunyoga keldi. Boboyu buvisining erkatoyi, ota-onasining ovunchog‘iga aylangan bolakayga Jou Shujen deb ism berishdi. Ziyolilar oilasida tug‘ilgan chaqaloqning adabiyotga, ijodga oshno bo‘lishida, albatta, oilaviy muhitning ta’siri katta bo‘ldi. Ayniqsa, Jou “Chan oyi” deb atovchi enagasini, bolalikdagi sevimli kitobi “Dengizlar va ummonlar tarixi”ni ulg‘ayib, katta ijodkor bo‘lganida ham bot-bot eslaydi. Garchi u keyinchalik kasb tanlashda harbiylikni afzal ko‘rgan bo‘lsa-da, mutolaa Jou Shujenning eng sevimli mashg‘uloti bo‘lib qolaveradi.

Dastlab, Jiangnan harbiy akademiyasi, so‘ngra qo‘mondonlik bilim yurtida tahsil olgan Jou ilk bor G‘arb madaniyati va ilmi bilan shu yerda tanishadi. Nemis va ingliz tillarini qunt bilan o‘rganadi, bu tillardagi adabiyotlarga muhabbat qo‘yadi. Tirishqoq va intiluvchan Jou Shujenga omad kulib boqadi, davlat granti asosida Yaponiyaga o‘qishga yuboriladi. U yerdagi tahsili davomida yapon madaniyati, adabiyotini ham o‘rgandi, o‘zining dastlabki adabiy esselarini, “Qadimgi xitoyliklar” asarini yozdi, shuningdek, jujutsu (yapon jang san’ati) bilan ham muntazam shug‘ullandi. Vaqtini oltinga teng bilgan talaba bir yilga borib-bormay, ota-onasining tinimsiz qistovi bilan o‘z yurtiga qaytib keladi. Bu yerda endi uni hayotidagi eng katta “xatosi” kutib turardi. 22 yoshli yigit oyoq tirab turib olishiga qaramay, kattalarning amri vojib, savodsiz bir qishloqdoshi bilan umr yo‘lini bog‘laydi. Muhabbatni majburan, zo‘ravonlik bilan uyg‘otib bo‘lmaydi, deganlaridek, adibning bir umr rafiqasiga ko‘ngli ilimadi. Biroq, erlik vazifasini unutmadi, oilasini moddiy tomondan doimiy ta’minlab turdi.

Hayot unga turli-tuman sinovlar tayyorlab qo‘ygandi. Garchand shaxsiy hayotidagi ko‘ngilsizliklarda otasini sababchi deb bilsa-da, biroq unga juda qattiq bog‘lanib qolgan, mehri bo‘lakcha edi. Surunkali kasalga chalingan otani yetaklab ko‘rsatmagan tabibi, bormagan joyi qolmadi. Tabiblar aniq tashxis qo‘yolmay, adib va uning otasini sarson-sargardon qilishdi. O‘limiga sanoqli damlar qolgandagina otasining bedavo kasallik – silga chalingani ayon bo‘ldi. Shu-shu Jou Shujenning Xitoy xalq tabobatiga na ishonchi qoldi va na hurmati. Nafrat uni alanga bo‘lib chulg‘ab olgan, puf desa olov bo‘lib yonib ketadiganday edi. Mazkur mudhish voqea sabab u taqdirini o‘zgartirishga jazm qildi. Harbiy akademiyadan ketib, G‘arb tibbiyotini o‘rganishni, yetuk shifokor bo‘lishni ko‘ngliga tugdi. Shu tariqa Jou 1904 yili Yaponiyaning Senday tibbiyot akademiyasiga o‘qishga kirdi.

Akademiyadagi hayoti bevosita ustozi Fujino Genkurou bilan bog‘liq: undan hech kimdan ko‘rmagan mehrni topadi, qat’iylik, adolatni o‘rganadi. Ustoziga bo‘lgan hurmati uning xotiralarida bir umrga muhrlanib, ijodida ham aks etadi, ustozga atab “Janob Fujino” essesini yozadi. Oradan ikki yil o‘tib, 1906 yil, daraxtlar kurtak yoza boshlagan pallada akademiyani to‘satdan, hech kimga lom-mim demay tark etadi. Bu voqeaga muallif “Harbiy xizmatga chaqiruv” nomli asarida alohida to‘xtalib o‘tgan: rus-yapon urushida (1904–1905) hech qanday dalil-isbotsiz bir xitoylikni josus deb topilib, o‘limga hukm qilinganidan yapon yo‘riqchisi ma’ruzasi chog‘ida xabardor bo‘ladi. Bo‘lajak yozuvchi xitoyliklarning o‘z yurtdoshlariga nisbatan loqaydliklaridan iztirob chekadi. So‘ng bu yerdagi jismoniy xastalardan ko‘ra, u yerdagi ruhiy kasallarni davolash muhimroq, degan qarorga keladi va Jou o‘z vataniga qaytadi.

Vatanparvar o‘g‘lon shiddat bilan Xitoyga qaytgach, o‘z ona shahri – Shaosindagi bir qator ilm dargohlarida talabalarga dars bera boshlaydi. 1918 yildan ijodga jiddiy kirishgan adib Lu Sin “porloq yulduz” taxallusi ostida ko‘plab asarlar, hikoya va esselar yozadi. Dastlabki hikoyasini “Telbaning kundaligi” nomi bilan kitobxonlar e’tiboriga havola etadi. Gogol hikoyalaridan ilhomlanib yozilgan bu asarda Xitoyning foydasiz urf-odatlari o‘tkir tanqid ostiga olinadi va mamlakatdagi feodalizmga “madaniylashgan odamxo‘rlik” deya ta’rif beriladi. Mazkur hikoya unga mislsiz shon-shuhrat keltirdi, muallif zamonasining eng nufuzli yozuvchilari qatoridan o‘rin oldi. Xalq e’tirofidan ruhlangan adib “Ah Kyuning haqiqati”, “Tong gulining shomgi zavoli”, “Yovvoyi maysa”, “Xitoy afsonalarining tarixi” kabi kitoblarini birin-ketin chop ettiradi. 1926 yilning 18 martida Syaomen, Amoy va Guanjouda ro‘y bergan talabalar namoyishini bostirish uchun jo‘natilayotgan guruhga a’zo bo‘ladi. Har yomonlikda ham bir hikmat zohir bo‘lganidek, namoyish bahona guanjoulik talaba qiz, bo‘lajak rafiqasi Su Guanping bilan tanishib qoladi. Necha yillardan beri ko‘nglidagiday yorni topolmayotgan Lu Sin talaba qizda qandaydir jilva, o‘zgacha mehr – xullaski, izlayotganini topganday bo‘ladi. Su Guanping bilan umrning oxirigacha baxtli turmush kechiradi, Hay Ying ismli o‘g‘il ko‘rishadi.

Ijodida ham qizg‘inlik, yorqinlik ko‘zga tashlanadi. “Yoshlik” va “Nihol” gazetalarida muharrir sifatida faoliyat olib boradi. Jamoat ishlarida hamisha faol yozuvchi Sharq va G‘arb adabiyoti orasida ko‘prik o‘rnatishga, Osiyo va Yevropa xalqlarining ziddiyatlarga boy turmush tarzini boricha yoritish bilan birga ikki mintaqa madaniyatiga hurmatni shakllantirishga butun umrini bag‘ishladi. Shunday bo‘lishiga qaramay, u o‘z asarlarida Xitoy milliy qahramonini yarata olgan ijodkorlar sirasiga kiradi. Shu bois ham Lu Sin el orasida “oddiy xalq qahramoni” nomi bilan hanuzgacha mashhur. Adib zamondoshlaridan serqirra ijodi, uslubining betakrorligi bilan ajralib turadi. Undagi mahorat, so‘zga chechanlik, topqirlik bilan mushtarak bo‘lib, jasoratga aylangan edi. Axir, vatanida, ko‘z oldida sodir bo‘layotgan chirkin illatlarni qoralash, ularni asarlarida baralla yoritish uchun ham, ikki – umuman boshqa-boshqa qit’a madaniyatini uyg‘unlashtirish uchun ham jasorat kerak emasmi?! Lu Sin o‘zida ana shunday kuch, chidam va jasoratni topa olgandi. Ijodida satira va yumorning keng ishlatilganligi, hikoyalarining so‘zlashuv tilidagi ma’lum ohanglar bilan boyitilganligi bois boshqa tillarga tarjima jarayoni ancha murakkab kechadi. Biroq, adibning qaysiki asari boshqa tillarga tarjima qilinar ekan, o‘quvchilar tomonidan qizg‘in kutib olinadi. Chunki uning asarlaridan o‘zgacha joziba, haqiqat ufurib turadi.

Xitoyliklarning sevimli yozuvchisi Lu Sin taqdirida ham otasining kechmishi takrorlandi, ya’ni, muttasil tamaki chekish oqibatida sil kasaliga yo‘liqdi. Bedavo xastalik adibni 1936 yilning kuzida bu hayotdan olib ketdi. Ismi jismiga monand xitoylik yozuvchi Lu Sin jahon adabiyotida “porloq yulduz” bo‘lib qoldi.

Sevara Alijonova tayyorladi

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 9-son