Farg‘ona vodiysining ilk ilmiy tadqiqotchisi, birinchi aspirant va fan doktori, professor Sodirxon Erkinov 1930 yil 30 yanvar kuni Rishton tumanining (Roshidon) qishlog‘ida xizmatchi oilasida tavallud topdi. Otasi Abduhakim aka badiiy adabiyot va so‘z san’atiga oshufta qalb egasi bo‘lib, «Erkin» taxallusida she’riy mashqlar qilgan. U Rishton tumanidagi adabiy yig‘inlar va davralarni ishtirokchisiga aylangan. Shu bilan birga ilk bor qishloq aholisining e’tiborini qozonadi.
Sodirxon Erkinovning o‘smirlik pallalari mash’um Ikkinchi jahon urushining davri va siyosatiga to‘g‘ri keladi. U hali balog‘at yoshiga yetmay turib, turmushning og‘ir sinovli yillarida yelkasiga osib olgan charm sumkasidagi xabar va maktublarni ko‘tarib olgan holda pochtachilik xizmatida ishlaydi.O‘zi tug‘ilib o‘sgan shloq aholisiga frontdan, ularning yaqinlaridan kelgan xatlarni o‘qib berib, kimlarnidir quvontirsa, ba’zan “qora xatlar”ni ham egalariga yetkazishdek og‘ir vazifalarni bajarish bu o‘smirning mas’uliyati sanalardi. Ikkinchi jahon urushi poyoniga yetgach, u pochtachilik kasbini tashlab, tumandagi 1-o‘rta maktabning 10-sinfini a’lo baholarga bitiradi.
O‘z ijodini puxta o‘zlashtirish niyatida Farg‘ona davlat pedagogika instituti (hozirgi Farg‘ona davlat universiteti)ning til va adabiyot fakultetiga o‘qishga hujjat topshiradi va instituti talabasi bo‘ladi. Talabalik yillarida XX asr o‘zbek adabiyotining mashhur ijodkorlari — G‘afur G‘ulom, Shuhrat, Hamid G‘ulom singari shoir va yozuvchilar hamda olimlar bilan bo‘lib o‘tgan adabiy uchrashuvlar uning ijod qilishga ishtiyoqini yanada olovlantiradi.
Ilk bor ijod olamiga kirib kelishini “Men ustoz Bokiy (Mirzo Abdulla Nasriddinov), To‘xtasin Zohidovdan she’riyat va ilm sirlarini o‘rgana boshladim. Institutda o‘qib yurgan paytlarim keksa dotsent Akram Ibrohimov menga o‘ta mehribon edi. Qo‘qon pedagogika institutiga kelganim va Muqimiy uy-muzeyiga rahbar bo‘lgan kezlarimda Inom Rasulov hamda shoir Charxiy menga ilm va adabiyot sirlarini o‘rgatdilar. Shu muzey xodimi shoir Charxiy bilan hamkorlikda she’rlar yozishimiz esimda”, deya eslaydi.
Institutni tugatgach, yosh filolog kadrga Qo‘qon pedinstitutida faoliyat yuritish uchun tavsiya beradilar.1953-1956-yillarda M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining aspiranturasida tahsil oladi. 1958 yili Toshkent davlat Sharqshunoslik institutida “Lutfiy va uning “Gul va Navro‘z” dostoni” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qiladi. Himoyadan so‘ng yosh olim Qo‘qonda ilmiy-pedagogik faoliyatini davom ettiradi. Shundan so‘ng taniqli adabiyotshunos olim Aziz Qayumovning sa’y-harakatlari bilan mazkur shaharda “Adabiyot muzeyi” ochiladi, unga olim mudirlikka tayinlanadi.
Yosh olim ilmiy ishlarini davom ettirish uchunoilasi bilan Qo‘qondan Toshkent shahriga ko‘chib keladi. Akademik Izzat Sulton unga doktorlik dissertatsiyasi yozishni maslahat beradi.

1950 yillar. Chapdan Charxiy, Muqimiyning jiyani Ro‘zimuhammad, folklorshunos olim Oxunjon Sobirov va Sodirxon Erkinov
Sodirxon Erkinovning ilmiy faoliyati o‘tgan asrning 50 yillaridan boshlanib, bu davrda o‘zbek va tojik adabiyoti bo‘yicha qator maqolalarini e’lon qiladi. U g‘azal mulkining sultoni, hazrat Navoiy ta’biri bilan aytganda, “malik ul-kalom” (“so‘z podshosi”) — Mavlono Lutfiy asarlarini o‘zbek va rus tillarida nashrga tayyorlab, keng kitobxonlarga taqdim qiladi. Ushbu nashrlar uchun yozilgan so‘zboshilarda va ilmiy to‘plam, jurnallarda chop etilgan maqolalarida Lutfiy asarlarining mazmu-mohiyatini yanada chuqur boyitib, shoirning ijodiy kontseptsiyasining shakllanishi, kamol topish bosqichlarini qaytadan inkishof etdi. Bu ishlarning samarasi sifatida 1965 yilda uning «Lutfiy» nomli monografiyasi chop etildi.
Sodirxon Erkinov Til va adabiyot instituti tomonidan nashr ettirilgan besh jildlik “O‘zbek adabiyoti tarixi”ning mualliflaridan sanaladi. Rus tilidagi ikki tomlik “O‘zbek adabiyoti tarixi” tadqiqoti uchun hammualliflikda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘ladi.
Olim ko‘p yillar davomida Sharqda “Farhod va Shirin” qissasining shakllanishi, uning o‘zbek, tojik, ozarbayjon, hind, turk va boshqa xalqlar adabiyotidagi o‘rni masalasi ustida jiddiy izlanishlar olib bordi. 1971 yili «Fan» nashriyoti tomonidan “Navoiy “Farhod va Shirin”i va uning qiyosiy tahlili” nomli katta tadqiqotining natijasi bo‘lgan monografiyasi chop etiladi.
Sodirxon Erkinov monografiyasida Alisher Navoiyning mashhur “Farhod va Shirin” dostoni, uning Sharq adabiyotidagi «Xamsa» an’analari asosida yozilganligini ilmiy jihatdan asoslab, uni fors-tojik, ozarbayjon, uyg‘ur va turk adabiyotlarida o‘ziga xos talqin qilingan Farhod obrazi bilan qiyoslagan holda tadqiq qiladi. Shu bilan birga muallifning bu mavzuni yoritishdagi betakror badiiy mahoratini ifoda etadi va qardosh millatlararo adabiyotlar o‘rtasida azaldan davom etib kelayotgan o‘zaro adabiy aloqalarni ham ancha keng bo‘lgan tasavvur imkoniyatlarini ochib berishga harakat qiladi. Monografiyada ushbu masala asosiy mavzu sifatida qo‘yiladi. Asarda Navoiy an’analarining keyingi davr adabiyotidagi o‘rni masalasiga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Kitob nashr etilgach, o‘zbek va Sharq adabiyoti mutaxassislari bildirgan xolis fikrlar, tavsiyalar asosida o‘z tadqiqotini to‘ldirib, 1974 yilda “Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostoni va uni qiyosiy o‘rganishning ba’zi masalalari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Olimning bu mavzudagi tadqiqotini taniqli adabiyotshunos olimlar V.Zohidov, I.Sultonov, A.Qayumov, A.Hayitmetov shuningdek, ozarbayjonlik mashhur professor Hamid Arasli yuqori baholaydilar.
Olimning ilmiy faoliyatida o‘zbek adabiyotining Sharq xalqlari adabiyotlari bilan aloqalarini yaqindan tanishish va tadqiq etish muhim ahamiyat kasb etadi. U Sharqdagi mashhur xamsachilik an’anasining Navoiygacha bo‘lgan tarixi, Navoiy «Xamsa»si an’analarining keyingi Sharq adabiyotida davom ettirilish mavzusi bo‘yicha muttasil shug‘ullanib keldi.
Uning 1977 yilda chop etilgan “Asrlar osha mushoira”, 1985 yilda nashr etilgan “Sharq adabiyotida Farhod qissasi” kitoblari ham ushbu masalalarning qo‘yilishi va ularni hal etishdagi ilmiy tahlilning o‘ziga xos jihatlari ilmiy asoslanganligi bilan ajralib turadi.
1982 yili O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Til va adabiyot instituti tashabbusi bilan G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti tomonidan nashrga tayyorlangan “Asrlar nidosi” (Mumtoz o‘zbek adabiyotidan namunalar) nomli to‘plam (majmua)ning chop etilishida bosh muharrirlik qildi. Olim mazkur majmuaning xalqqa taqdim qilinishida adabiyotshunos olimlar Vohid Zohidov, Aziz Qayumov, Abduqodir Hayitmetov, Suyima G‘aniyeva va Vahob Rahmonovlar bilan hamkorlikda o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik namoyandalari va milliy uyg‘onish davri vakillari, jami 30 dan ortiq ijodkorlarining poetik meroslarini saralab ularni chop ettirishda alohida jonbozlik ko‘rsatdi.
Ilm o‘zlashtirish yo‘lida muttasil izlanishda bo‘lgan olim uzoq yillar mobaynida Til va adabiyot instituti matnshunoslik bo‘limiga rahbarlik qiladi. U Hamza Hakimzoda Niyoziyning to‘rt tomlik, Hamid Olimjonning o‘n tomlik “Mukammal asarlar to‘plami” akademik nashrlarida ham noshir, ham muharrir, ham tahrir a’zosi sifatida faol ishtirok etadi.
Olim 1960 yildan to 2007 yilgacha O‘zFA Til va adabiyot instituti huzuridagi doktorlik dissertatsiyalari himoyasi bo‘yicha Ixtisoslashgan ilmiy Kengash a’zosi vazifasini bajarib keldi. U Til va adabiyot instituti ilmiy, ijtimoiy jarayonlarida faol qatnashib, bir necha aspirantga ilmiy rahbar, doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalarida rasmiy opponentlik qildi. Olim o‘zining ziyrak kuzatuvchanligi va kamtarinligi, mehnatsevarligi, yosh ilmiy izlanuvchilarga do‘stona munosabatlari bilan yuksak ehtiromga sazovor bo‘ldi.
Sodirxon Erkinov turmush o‘rtog‘i Latofatxon aya Abdulhay qizi bilan to‘rt farzandni namunali qilib voyaga yetkazdilar. Ularning farzandi Aftondil Erkinov ota izidan borib, yuksak mumtoz adabiyot bilimdoni sifatida professorlik unvoniga ega bo‘lgan o‘zbek adabiyotini jahonga tanitib kelayotgan olim sanaladi.
Umr yo‘lining barchasini ilmiy faoliyatga qaratgan Rishton tumanidan yetishib chiqqan ilk aspirantning professorlik unvonigacha amalga oshirgan ishlari, adabiyotshunoslik yo‘nalishida qo‘lga kiritgan yutuqlari bugungi kun yosh olimlari uchun o‘ziga xos ibrat sifatida yodga olinadi.
Oybek Barziyev,
Farg‘ona davlat universiteti dotsenti,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori

