Otauli. Oqbuloq

Zamonaviy o‘zbek adabiyotida xalq og‘zaki ijodi xazinasiga eng yaqin shoirlar Hamid Olimjon bilan Mirtemir ekanini barcha biladi. Birinchi she’riyatni baayni tog‘ cho‘qqisidan sharillab-sharqirab oqib tushayotgan sharshara desak, ikkinchi she’riyat ona yer bag‘ridan sizib chiqayotgan sokin-sirli buloqqa mengzaydi. Buloq bo‘lganda ham, qorabuloq emas, oqbuloq!

Mirtemir domla she’riyatidan el dos­tonlariga xos baxshiyona ruh ufurib turadi. Dostonlardagi kabi, Mirtemir ijodida ham bilgamishlik, botirlik, yurtsevarlik, do‘stlik, saxiylik, ezgulik, qo‘ying-chi, ko‘pdan-ko‘p insoniy fazilatlar ulug‘lanadi va, aksincha, bilimsizlik, qo‘rqoqlik, sotqinlik, yovlik, baxillik kabi ko‘pdan-ko‘p illatlar qoralanadi.

Mana, Mirtemir domlaning 1976 yilda yozilib, to‘rt jildlik asarlarining 1982 yilda nashr etilgan ikkinchi jildidan joy olgan “Baxshiyona to‘rtliklar”idan biri “Men”ni o‘qib boqaylik:

Ha, men turkistonlik. Turkistondanman.
Olis bobolarning oltin tuprog‘i.
Munglik va jafokash bir jahondanman.
Jafokash jahonning qadim aymog‘i.

Bu quyma asarni nega muallif “ruboiy” emas, “to‘rtlik” deb atagan? Qolaversa, nega uning oldiga “baxshiyona” degan aniqlovchi qo‘shgan? Buning sabablarini chuqurroq o‘ylab qarasangiz, tagma’nolari buloqdek qaynab chiqib keladi. Birinchidan, domlaning iborasi bilan javob bersak, ha, u turkis­tonlik. Buning mohiyatini anglayapsizmi? O‘zining turkistonlik ekanidan faxrlanish, ko‘ksini kerib baralla ayta olish uchun kishi qanchalik ona tili va adabiyotini, o‘z tarixi-yu o‘zligini yaxshi bilishi, yaxshi ko‘rishi kerak. Butun turkiy xalqlar she’riyati, ayniqsa, dostonlari, qo‘shiqlari, termalari, laparlari, aytishuvlari asosida arabcha ruboiy va murabba’ emas, aynan turkiy to‘rtlik yotgani yo‘qmi?! Xalq og‘zaki ijodi ummonidan qonib suv ichgan Ahmad Yassaviy, Boborahim Mashrab va Muhammad Aminxo‘ja Muqimiy kabi shoirlar ijodida aruziy bayt, masnaviy, ruboiy, muxammas, musaddas, murabba’ kabilarga qaraganda aynan turkiy barmoq vaznidagi to‘rtlik yetakchi ekani barchaga ko‘rinarli-bilinarli-ku!.. Ikkinchidan, qadimdan el qo‘shiqlari-yu dos­tonlarini baland ovozda kuylovchi kishi baxshi deb atalgan. “Baxshi” so‘zi qozoqchada “baqsы”, turkmanchada “baqshi”, qirg‘izchada “baqchi” deyiladi. Xullas, Mirtemir baxshi o‘z to‘rtligida ana shularga imo-ishora qilmoqda.

Uchinchidan, to‘rtlikning zamirida yaratuvchining o‘zi tug‘ilib o‘sgan ulug‘ tuproqning nechog‘li bebaholigini teran anglashi, faqat o‘zbek she’riyati emas, butun turkiy she’riyatning buloqboshida turuvchi ikki avliyo shoirimiz – Ahmad Yassaviy bilan Adib Ahmad (Ahmad Yugnakiy) tug‘ilib o‘sgan Turkistondek qutlug‘ yurt bolasi ekanidan quvonish, ulkan mas’uliyat tuyg‘usi, ulug‘ ota-bobolarga yetuk izdosh bo‘lish ishtiyoqi, jafokash jahonning, xususan, uning bir jafokash aymog‘i bo‘lgan turkiy ellarning tarix tubidan elas-elas eshitilayotgan mung­li sas-sadolarini kelajak avlodga yetkazish ilinji, qo‘ying-chi, ko‘pdan-ko‘p gaplar bor. To‘rtlikdagi birgina “aymoq” degan so‘ng­gi so‘zga qarang! Ma’lumki, arab tilidan o‘zlashtirilgan “qabila”, “qavm”, “xalq” va “millat” so‘zlariga “urug‘”, “aymoq”, “el” va “ulus” degan qadim turkiy so‘zlar ma’no jihatidan to‘g‘ri keladi. Xalqimiz “Elga el qo‘shilsa – davlat”, deb bilib aytgan. Xuddi shunday, bir elning so‘ziga ikkinchi elning so‘zi qo‘shilsa, tilning kuchiga kuch qo‘shiladi. Agar bu so‘zlar ahil-totuv bo‘lmay, bir-birlarini sig‘dirmay, kutkilab boshlasa, tabiiyki, til zaiflashadi. Mirtemir domla o‘z davrida unutilishga mahkum etilgan “aymoq” degan qadim turkiy so‘zimizni hayotga qaytarib, uning ona tilimizda “qavm” so‘zi bilan bir qatorda yashashga haqli ekanini uqtirib turibdi!

Mirtemir domla boshlab bergan “baxshiyona to‘rtliklar” an’anasini bir qator katta-kichik shoirlar ijodiy o‘stirishga astoydil urindilar. Biroq, afsuski, bu o‘ziga xos kashfiyot-topilmaning tub ildizi butun holda emas, chala-yarim tushunildi va har ikki so‘z anchagina biryoqlama talqin qilindi.

To‘rtliklardan yana biri “Birga edik”ni o‘qib, mag‘zini chaqaylik:

Birga edik chog‘i poda boqqanda,
Tog‘u tosh guldirab chaqmoq chaqqanda.
Birga edik chog‘i do‘l ham yoqqanda,
Chetda qoldik nechun do‘lana qoqqanda.

Birinchidan, do‘stu yorning bevafoligi. Elning “Jon kuydirmasang, jonona qayda, Toqqa chiqmasang, do‘lona qayda” hikmatli gapi har bir kishini mehnatga undaydi. Uzoq yillar turli qiyinchiliklarni birga yengib o‘tgan do‘st-yor, toqqa chiqib do‘lana terishdek eng og‘ir ishga kelganda o‘zini bir chetga tort­sa, qo‘llab-quvvatlamasa, alam qilmaydimi kishiga? Ikkinchidan, elimizning “O‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q, xirmonda hozir” va “Holva hokimga, kaltak yetimga” degan hikmatli gaplariga uyg‘un go‘zal to‘rtlik bu! Odam bolasini ishlatib-ishlatib, mehnatining rohatini ko‘rishga kelganda “sig‘dirmay” ichitorlik bilan chetlatish-chetlashtirish insofdanmi, axir! Bunday tagdor hikmatli gapni Mirtemir domladek ko‘p jabru jafolarni boshidan o‘tkazgan, taqsimotlar chog‘ida ko‘pincha atayin chetda qoldirilgan shoirgina yoza oladi.

Mana, Mirtemir domlaning “Kuning kelipti-da…” deb nomlangan yana bir xalqona hikmatli to‘rtligi.

Shopirib-shopirib Shodmonjonga suz,
O‘pirib-o‘pirib O‘rmonjonga suz.
Qarama hech kimning qosh-qovog‘iga,
Sanamay sakkiz de, o‘ylamay to‘qqiz.

To‘rtlikdagi har bir o‘zbekona so‘z baayni bo‘zto‘rg‘aydek sayrab va baxshilarimizdek dil-dildan bo‘zlab turibdi. “Shopirib” bilan “o‘pirib”, “Shodmonjon” bilan “O‘rmonjon”, “sanamay sakkiz” bilan “o‘ylamay to‘qqiz” kabi ichki qofiyalarning ohangdorligiga va ularning tagma’nolariga qarang! Sho‘rva, manpar kabi suyuq ovqatlar shopirib, osh, shovla kabi quyuq ovqatlar o‘pirib suzilishidagi o‘xshatish­larni ko‘ring! Bu to‘rtlikning to‘g‘ri ma’nosi – ovqat taqsimotidagi nohaqlikka kesatiq qilinyapti. Uning ko‘chma ma’nosi esa – sho‘ro davridagi o‘zbek elining tabiiy boyliklari talon-taroj qilinishiga ishora qilinyapti.

“Birga edik” va “Kuning kelibdi-da” deya tagdorgina nom bilan atalmagan, oddiygina “Sen” degan to‘rtlikni ham o‘qiylik:

Sen buloq ko‘zini ochganlardanmas,
Duch kelgan buloqdan ho‘plaguvchisan.
Jindak minnatdorlik o‘rniga, nokas,
Qongan bulog‘ingga tuflaguvchisan.

Xalqimizning o‘zidan chiqqan balodek dardi bedavo ko‘rnamaklarga atab aytgan “Tuzini ichib, tuzlig‘iga tuflaydi” degan hikmatli gapi shunday go‘zal to‘rtlikka aylantirilganki, u hazrati Boburning xalq maqollari asosida yaratilgan mashhur ruboiy­laridan zinhor qolishmaydi.

Mirtemir domla “Bo‘z” deb atalgan yana bir to‘rtligida shunday yozadi:

Bo‘z bu, ha-da, bo‘z tuproq.
Qumloq, to‘zon-to‘z tuproq.
Quyunlik, qorbo‘ronlik,
Ne bo‘lsa ham, o‘z tuproq!

“Bo‘za”, “bo‘z yigit”, “bo‘z ot”, “bo‘z dala” singari so‘z va so‘z birikmalari ayon ko‘rsatib turibdiki, “bo‘z” degan so‘z bo‘limsiz bo‘z tup­roqni, ya’ni, qaqragan sahroni anglatmaydi. Qolaversa, bu bo‘z tuproqni shamol, to‘zon, bo‘ron, quyun singari tabiiy ofatlardan ming karra ko‘proq va dahshatliroq ijtimoiy ofatlar butun tarix davomida ozmuncha to‘z-to‘z qilib to‘zondek to‘zg‘itib tashlaganmi. Ayniqsa, to‘rtlikdagi “bo‘z tuproq” bilan “to‘z tuproq”dan ham ko‘proq “o‘z tuproq” so‘z birikmasining zamirida talay gaplar bor! Bu yerdagi “o‘z” so‘zini o‘zlug‘, o‘zak, o‘zgan, o‘zag‘on, o‘zbek singari bir qator o‘zakdosh so‘zlarning ma’nolaridan ayro tushunmaslik kerak.

Turkumdagi jami o‘nta to‘rtlikdan “Hech qurimas”, “Yaxshi”, “Go‘dakligim”, “Tong” deb nomlangan to‘rtta to‘rtlikning mag‘zini chaqishni o‘zingizga havola qilib, “U go‘yo…” deb atalgan so‘nggi to‘rtlikni ham o‘qib uqaylik!

U go‘yo saxiy emish,
Ko‘lik beraman, dermish.
Olmagin ko‘ligini,
Ortadi o‘ligini…

Yodingizda bo‘lsa, “Alpomish” eposimiz “Kishi nimadan saxiy, nimadan baxil bo‘ladi?” degan o‘ta jiddiy savolga yarasha javob tarzida yaratilgan. Ko‘p hollarda saxiyni saxiy, baxilni baxil deb isbotlash oson emas, chunki o‘taketgan baxil ham o‘zini olamda tengi yo‘q saxiy-saxovatli ko‘rsatishga ustasi farang bo‘ladi-da. Mana shunday baxilning asl fe’l-atvorini bundan-da qisqa va lo‘nda ta’riflash mumkinmi sira?! Baxillarning xo‘jako‘rsinga yaxshilik qilgan bo‘lib, so‘ng­ra to o‘lgunicha bu yaxshiligini burunlardan buloq yanglig‘ sitib chiqarishdek yaramas odatlarini hammayam bilavermaydi. Mirtemir domladek ko‘ra-ko‘ra ko‘sa bo‘lgan va bir qarashdayoq odamning ichidagi “olasi”ni ko‘radigan, odam taniydigan sinchkov zotlargina bila oladi.

“Ko‘lik” so‘zi ona tilimizda jonsiz qurilmani, “ulov” so‘zi esa, ot, tuya, eshak singari yuk ko‘taruvchi jonivorlarni ang­latadi. Biz bugungi kunda “avtomashina” so‘zining yarmini o‘zimizcha tarjima qilgan bo‘lib, “avtoulov” deymiz. Bu bilan bilib-bilmay chigal masalani battar chalkashtirib tashlaymiz. Holbuki, aslida, bu so‘zni “ko‘lik” degan bitta soddagina so‘zda anglatish har jihatdan to‘g‘ri bo‘ladi, chunki bu so‘zda “avto” so‘zining ham, “mashina” so‘zining ham ma’nosi bor-da!..

Keyingi yarim asrlik adabiyotimizda Mirtemirning ijodiy bulog‘idan suv ichib, uning “Baxshiyona to‘rtliklar”iga birmuncha yaqinlashgan asar sifatida xalqchil shoirlarimizdan biri Azim Suyunning “Ey do‘st!” deb atalgan qayirmalarini eslashimiz mumkin. To‘g‘ri, bu to‘rtliklar turkumiga faqatgina Mirtemir to‘rtlik­lari emas, avvalo Yassaviy va Mashrab she’riyati, qolaversa, qardosh qozoq oqinlari ijodining muayyan ta’siri bor. Yassaviyning ko‘pgina hikmatli to‘rtliklarida “Ayo do‘stlar!”, Mashrab she’rlarida esa, “Ey yoronlar!” xitoblari ko‘p qo‘llanganini eslang! Bunday xalqona va baxshiyona ohang bilan yassaviyona va mashrabona ruh shoirning “Oqbuloqni izladim, Qorabuloq duch keldi, Qorabuloq suvidan ichdim, yoronlar!” va “Andiz o‘sgan tog‘larda otlar bevaqt o‘lmag‘ay, Yaxshi bo‘lsa xotinlar, erlar rangi so‘lmag‘ay” deb boshlanuvchi she’rlarida yaqqol ko‘zga tashlangan edi. “Qayir­ma” so‘ziga keladigan bo‘lsak, bu so‘z qozoq birodarlarimizning uzoq tarixga ega aytishuvi chog‘ida ikki oqinning bir-biriga qilgan murojaatini anglatadi. U shuning uchun ham “qayirma” deb ataladiki, aytishuvchi raqibini mardona olishuvda qayi­rib (aytishuv mavzuiga qaytarib, burib, egib, bukib, uddalay olsa, bo‘ynini xam, o‘zini mot qilib) turadi. Qolaversa, qa­yiq bilan qayqidek qayrilgan nishdor qayroqi so‘z degani-da bu aytishuvlardagi har bir to‘rtlik!

Maqolamiz boshida Hamid Olimjon she’riyatini tepadan sharillab oqayotgan sharsharaga, Mirtemir she’riyatini esa, yer bag‘ridan bilqillab chiqayotgan oqbuloqqa mengzadik. Elimizning “suv qilib ichib yuborish” degan iborasi “bir narsani juda yaxshi bilish”ni anglatadi. Har ikki shoir elimizning dostonchiligi-yu baxshichiligini suv qilib ichib yuborishgan va o‘z ijodlarida ularni qonidan-jonidan o‘tkazib tasvirlashgan. O‘z navbatida kelajak urpoq (qadimiy shumer tilidagi “ur” bilan “uruk” va turkiy tilimizdagi “urug‘”, “urganch”, “urgut”, “urumchi” kabi so‘zlarga o‘zakdosh bu so‘z arabcha “avlod” so‘zining ma’nosini to‘la anglata oladi) ularning ijod sharshara-yu buloqlaridan to‘yib-qonib ichishiga ishonamiz.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 23-son