Qosimjon Sodiqov. Kun burji sobit turur

Mashhur olim Nikolay Kopernikning olamning aylanishi to‘g‘risidagi qarashlari yuzaga chiqqunga qadar, butun G‘arb astronomiya ilmi geotsentrik nazariya ta’sirida yashar edi. U “Markazda Yer emas, quyosh turadi. Yer esa uning tevaragida aylanadi” deganida, boshda afkor omma uni qo‘llab-quvvatlamadi. Keyinchalik ilmiy haqiqat tan olindi va uning qarashlari fanning ulug‘ kashfiyotlari qatoridan joy egalladi.
Bu borada koinot ilmi allaqachon ildamlab ketgan Sharqda qanday qarashlar hukmron ekani kishini o‘ylantirib qo‘yadi ba’zan. Shu o‘rinda X yuzyillikda yashab, ijod etgan ulug‘ adib va faylasuf Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” (“Baxtga eltuvchi bilim; Baxtga eltuvchi bilimlar kitobi”) asarida keltirilgan fikrlarga e’tiborni qaratsak. Faylasufning koinot tuzilishi va olamning yaralishi to‘g‘risidagi o‘y-qarashlari dostonning “Etti kavokib va o‘n ikki burj” bo‘limida yaxshi berilgan.
Yusuf Xos Hojib koinotning tuzilishi to‘g‘risida bahs yuritar ekan, ko‘kdagi yulduzlarni birma-bir sanab o‘tadi. Muhimi, kitobni o‘qib, butun bir astronomik istilohlar sistemasiga duch kelamiz. Shuning o‘ziyoq o‘sha davrda astronomik bilimlar yuqori bosqichda ekanligidan belgi berib turadi. Har bir istiloh koinot jismlarining ko‘rinishi, holati va harakatidan kelib chiqqan holda yasalgan. Bu hodisani o‘sha kezlardagi ayni sohaning taraqqiyoti, qadimgi turkiy tilda istiloh yasash printsiplarining puxta ishlab chiqilgani hamda til an’anasining uzoq asrli takomiliga bog‘laganimiz ma’qul.
Astronomik istilohlarning ma’nosini uqib, ularni farqlash matn mag‘zini chaqishga yo‘l ochadi. Avval “Er yuzi” va “falak” tushunchalari qanday atalgani xususida ikki og‘iz. Muallif “falak”ni — “ko‘k”, “evran”, ora-sira “falak” deb ataydi, “Er kurrasi”, “olam” esa “Er”, “ajun”, “dunyo” yoki “tezginch” deyilgan. “Koinot”ni “er-ko‘k”, deydi. Matnda “er-ko‘k idisi” degan birikmani ham uchratamiz, bu sifat “eru ko‘kning (koinotning) egasi, Tangri”ni bildiradi.
Dostonda falakka “yashil”(“moviy”), yerga esa “yag‘iz”(“kulrang”) sifati berilgan: yashil ko‘k, yag‘iz yer.
Endi yashil ko‘kdagi yulduzlarga ko‘chamiz. Asarda “yulduz” “yulduz” yoki “kavkab”, “yulduzlar turkumi, burj” esa “ev”, “o‘kak”, “buruj” deyilgan. Yulduzlar ilmi bilan shug‘ullanuvchi olimni “yulduzchi” deb aytadi. Yusuf Xos Hojib yulduzchilarga “Etti qat falakning sirlarini yerda yotgan xaschalik bilib ol” (“Eti qat falakni yatur yamcha tut”) degan talabni qo‘yadi. Buning bilan inson yetti falakning sirinigina bilishi mumkin, degan fikrga tayanadi chog‘i(masalan, to‘qqizinchi falak — Arsh a’lo (ediz arsh) sirlarini inson yechishga qodir emas).
Yusuf Xos Hojib yetti yulduzni shunday ataydi: Zuhal(Saturn) yulduzini “Sekantir”, Mushtariy(Yupiter) yulduzini — “O‘ngay” yoki “Qaraqush”, Mirrix(Mars)ni — “Ko‘rud” yoki “Baqirso‘quna”, Quyoshni — “Yashiq” yoki “Kun”, Zuhra(Venera)ni — “Sevit”, Utorudni — “Arzu”, Oyni “Ay” yoki “Yalchiq”, deydi. Uning zamondoshi Mahmud Koshg‘ariy o‘zining “Devonu lug‘otit turk” kitobida “Mirrix”ni “Baqirso‘qum” deb bergan va uning ko‘rinishi haqida “qizillikda misga o‘xshatiladi” deb yozadi. Mushtariy yulduzini “Qaraqush” deb ataydi va “Bu tong vaqtida chiqadi. Ba’zan buni “Qaraqush yulduz” deb ham ataydilar”, deya qayd etadi.
“Qutadg‘u bilig”da yulduzlarning holati va o‘rni ham yaxshi berilgan. Ularning ba’zilari yuqori, ba’zisi quyi. Yulduzlar ushbu ketma-ketlikda yettita falakka joylashadi. Bulardan eng ustda, ya’ni yettinchi falakda Sekantir(Zuhal) yuradi. U bir burjda ikki yilu sakkiz oy qoladi. Ikkinchisi — O‘ngay(Mushtariy), u bir burjda o‘n ikki oy qoladi. Uchinchisi — Ko‘rud(Mirrix), u qay tomon qarasa, yashnab turgan narsa quriydi. To‘rtinchisi — Yashiq(Quyosh), dunyoni yoritadi. Beshinchisi — Sevit(Zuhra). Undan keyin Arzu(Utorid) keladi. Bulardan eng oldin Yalchiq(Oy) yuradi. U Yashiq bilan qarshi kelsa, to‘lishadi. Oyning joyi va yo‘li birinchi falakda.
O‘n ikki burj bulardan boshqadir. Ular turg‘un yulduzlar bo‘lib, joyi sakkizinchi falakda. Alisher Navoiy “Saddi Iskandariy” dostonida Ollohga hamd o‘qir ekan, “Sakkizinchi gumbazga turg‘un yulduzlarni joylading” deb yozgan edi.
Yusuf Xos Hojib Hamalni — “Qo‘zi”, Savrni — “Ud”, Javzoni — “Erandiz”, Saratonni — “Quchiq” yoki “Saratan”, Asadni — “Arslan”, Sunbulani — “Bug‘daybashi”, Mezonni — “Ulgu”, Aqrabni — “Chadan”, Qavsni — “Yay”, Jadiyni — “O‘g‘laq”, Dalvni — “Ko‘nak”, Xutni — “Baliq” deb atagan.
Burjlarning ayrimlari ikki xonali(juft), ayrimlari bir xonali(toq).
“Qutadg‘u bilig”da Yetti qaroqchi yulduz — “Etikan”, Hulkar esa “Urkar” atalgan.
Burjlarning o‘rni va ketma-ketligini Yusuf Xos Hojib quyidagicha tasvirlaydi: Qo‘zi — ko‘klam burji, so‘ng Ud keladi. Erandiz yulduzi Quchiq bilan yaqindir. Arslon bilan Bug‘doyboshi qo‘shnidir. Ulgu esa Chadan va Yoy bilan eshdir. So‘ng O‘g‘laq, Ko‘nak va Baliq burjlari keladi, bular tug‘sa, osmon yorishadi.
Bularning uchi ko‘klamgi burj, uchi yozgi, uchi kuzgi, uchi qishki burjdir. Yusuf Xos Hojib olamning yaralishiga asos bo‘lgan to‘rt unsurni ana shu burjlarga bog‘laydi. Uning ta’kidlashicha, burjlarning uchtasi o‘t, uchtasi suv, uchtasi yel, uchtasi esa tuproq bo‘ldi. Olam (ajun) va el shulardan yaraldi. Ularning biri boshqasiga yovdir. Bu o‘rinda: “o‘t — suv”, “el — tuproq” qarama-qarshiligi nazarda tutilmoqda. Shundan olamning yaralishidagi ziddiyat qonuni yuzaga chiqadi. Shoirning badiiy talqiniga ko‘ra, Tangri yovga yovni yo‘lladi (davosini qildi) va o‘rtadagi adovatni kesdi. Buning oqibatida qorishmaydigan yovlar o‘zaro yaqinlashdi, ko‘rishmaydigan yovlar orasidan o‘ch ko‘tarildi.
Shoir to‘rt unsur birligini yer va ko‘kdagi jismlarda ko‘radi. Dostonga kiritilgan maktublarning biridagi hamdda shunday deyilgan:

Yashil ko‘k to‘rutti, ko‘turdi ediz,
Kun, Ay birla yulduz bezadi bediz.
Qudisi yag‘iz yer, yashil suv bila,
O‘rusi suzug yel, uza o‘t bila.

(Yashil ko‘kni yaratdi, yuqori ko‘tardi,
Kun, Oy, yulduzlar bilan suratini bezadi.
Quyisi kulrang yer bilan
yashil suvdan iborat.
Yuqorisi suzuvchi yel bilan o‘tdan iborat.)

Yusuf Xos Hojibning ta’kidlashicha, “evran” [ya’ni, falak] doim evriladi[muttasil aylanadi], “tezginch” [ya’ni, Yer kurrasi] tezginadi[charx urib turadi]. Muallif Ollohga hamd o‘qir ekan, yozadi:

Yaratti, ko‘r, evran tuchi evrulur,
Aning birla tezginch yama tezginur.

(Falakni yaratdi, ko‘rgin, doim aylanadi,
Uning bilan charx ham charx uradi.)

Yoki boshqa bir o‘rinda Tangrini alqab “Doim aylanuvchi bu falakni yaratdi” (“To‘rutti bu evran tuchi evrulur”), deydi shoir.
Buning bilan falakning aylanishi, Yer kurrasining tinimsiz harakatda ekaniga ishora etiladi. Koinot istilohlari ham o‘z harakati va holatiga nisbat berib yasalgan: “evran” hamda “evrul”-(aylan-) so‘zlari o‘zakdosh, “tezginch” so‘zi esa “tezgin”-(charx ur-) fe’lidan yasalgan. “Tezginch” klassik adabiyotimizdagi “charx” (ya’ni “olam”) tushunchasiga to‘g‘ri keladi.
Shu o‘rinda muhim bir masalaga e’tibor qaratsak. Yusuf Xos Hojib Oyni ta’riflar ekan, uning tinimsiz harakatda ekanini alohida ta’kidlaydi. Oyning ta’rifi asar qahramonlari Kuntug‘di elig bilan vazir Oyto‘ldi suhbatida yaxshi ochib berilgan. Oyto‘ldi deydi:

Bu Ay o‘rni bo‘ldi evi munqalip,
O‘runsuz bo‘lur munqalip nang qilip.
Bu Ay burji Saratan, bu ev evrulur,
Evi evrulur ham o‘zi chevrulur.
Qayu evka kirsa, bu Ay terk chiqar,
Chiqari uchun terk batarin yiqar.

(Bu Oyning o‘rni o‘zgaruvchan uydir,
U o‘zgaruvchan harakat qilib,
o‘rinsiz bo‘lib qoldi.
Oyning burji Saratondir,
bu uy doim aylanadi.
Uyi aylanadi, shuning uchun
o‘zi ham charx uradi.
Qaysi uyga (burjga) kirmasin,
bu Oy tez qaytib chiqadi,
Chiqish uyi bo‘lgani uchun,
botgan uyini tez tark etadi.)

Oyto‘ldi, o‘z otining ma’nosini izohlar ekan, sifatlarini Oyga mengzaydi:

Bu Ay tug‘sa, ashnu edi az tug‘ar,
Kuninga beduyur, yuqaru ag‘ar.
To‘lun bo‘lsa, to‘lsa, ajunda yarar,
Ajun xalqi andin yaruqluq bulur.
Tugal bo‘lsa, ko‘r, Ay bu ag‘sa ediz,
Yana erlu to‘rchir, ketar ko‘rk mengiz.
Yaruqluqi eksur, yana yo‘q bo‘lur,
Tugar kecha adin, yana-o‘q to‘lur.

(Oy tug‘ilganda, boshlab
juda kichik tug‘iladi,
So‘ng kundan-kun ulg‘ayadi,
yuqori ko‘tariladi.
To‘lin bo‘lsa, to‘lsa, olamni yoritadi,
Olam xalqi undan yorug‘liq topadi.
Oy tugal to‘lishib, eng baland
ko‘tarilsa, ko‘rgin,
Yana yemirilib, kamaya boradi,
yuz chiroyi ketadi.
Yorug‘lig‘i kamayadi, yana yo‘q bo‘ladi.
Qayta tug‘ilgach, keyin yana to‘lishadi.)

Yusuf Xos Hojibning ta’rificha, Oy harakatda bo‘lgani uchun yorug‘ligi o‘zgarib turadi. “Kun bilan yuzma-yuz kelganda to‘lishadi” (“Yashiq birla o‘tru baqishsa to‘lir”) deb ta’kidlaydi shoir.
Alisher Navoiy “Saddi Iskandariy” dostonidagi hamd bo‘limida Oyning harakatini shunday tasvirlagandi:

Yana birni soz aylading turfa dayr,
Aning sokinin aylading tez sayr.
Baridin itigrak xiromi aning,
Vale tegmayin yerga gomi aning.
Manozilg‘a bot-bot qilip intiqol,
Atin gah etip Badru gahi Hilol.

(Yana bir falakdan ajoyib butxona yaratib, uning yashovchisini sargardon qilding. Uning yurishi barcha sayyoralardan shu qadar tezki, uning oyog‘i yerga ham tegmaydi. Manzilini tez-tez o‘zgartirib turadi, otini ham goh Badr[to‘lin], goh Hilol[yangi chiqqan Oy] deb o‘zgartirib turadi.)

Yana “Qutadg‘u bilig”ga qaytamiz. E’tiborlisi shundaki, asarda ayrim yulduzlar to‘g‘risida so‘z ketganda ular “yurir” (yuradi) deb ta’riflanadi. Buning bilan muallif ularning harakatini nazarda tutadi.
Endi muallifning koinotdagi boshqa bir jism — Kun va uning holati bilan bog‘liq fikrlariga e’tibor qaratamiz. Asar qahramoni Kuntug‘di, o‘z ismining ma’nosini izohlar ekan, sifatini Kunga o‘xshatadi. Shu o‘rinda Kunni ta’riflab, deydi:

Bu Kun burji Arslan,
bu burj tebramas,
Evi tebramasa uchun artamas.

(Bu Kun burji Arslon[ya’ni Asad]dir, bu burj tebranmaydi, Uyi[ya’ni burji] tebranmaydi, shuning uchun o‘zi buzilib kamaymaydi.)

Yusuf Xos Hojibning ta’rifiga ko‘ra, Kun qo‘zg‘almasdir. Kun burji barqaror, turg‘undir. “Kun burji sabit turur” (Kun burji sobitdir) deb ta’kidlaydi olim boshqa bir yerda. Shuning uchun doim birday yorug‘liq sochib turadi.
Boshqa bir yog‘i, muallifning ushbu fikrlari asosida katta bir masala turibdi. Bu jumboqni shunday tushuntirish mumkin: “Falak va Yer doimiy harakatda. Kun markazda turadi, u turg‘undir. Yer esa uning tevaragida aylanadi”. Bu fikr ulug‘ olimning koinot va uning tuzilishi to‘g‘risidagi falsafiy qarashlarining asosini tashkil etadi.
Ma’lumki, hozirgi zamon astronomiya ilmida Yerning quyosh tevaragida aylanishi to‘g‘risidagi kashfiyot Nikolay Kopernik nomi bilan bog‘lanmoqda. Vaholanki, bu fikrni undan besh yuz yilcha burun ulug‘ mutafakkir Yusuf Xos Hojib aytib turibdi. Uning bu fikrlariga yulduzchi (astronom) olimlarimiz e’tibor qaratishlarini istardik.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 49-sonidan olindi.