Ortiqboy Abdullayev. Sog‘inch davri

G‘oyat iste’dodli, kamtarin, zahmatkash shoir Asqar Qosimovni talabalik yillaridan bilardim. Yanglishmasam, bizdan uch yil keyin o‘qigan edi.

O‘sha yillarda fakultetimizda yuqori kurs talabalari tomonidan tayorlanadigan “Filolog” devoriy gazetasi chiqib turardi. Barcha materiallar talabchanlik bilan tanlab olinardi. Bu davrlarda partiya qo‘mitasi va komsomolning nufuzi baland bo‘lib, devoriy gazetadagi har bir she’r, maqola yoki hajviy lavhayu rasmlar ularning nazaridan o‘tardi. Shunga qaramasdan bu devoriy gazeta she’rga shaydo talabalarni ilhomlantirgani aniq. Men hassos shoir Rauf Parfi (u paytlar Tursun Parfi deb yozar edi), Asqar Qosimovning ilk she’rlarini ana shu gazetada o‘qiganman. Rauf aka ko‘proq sarbastda yozgani uchun tushunishim qiyinroq kechardi, chunki u kezlar she’riy vazn haqida tuzukroq ma’lumotga ega emas edim.

Asqarning she’rlari esa xalqona ohanglarda yozilgani uchun tez “hazm” bo‘lardi, ayni zamonda aksari misralarida hazinlik, norozilik ohanglari sezilib turar, ammo kosa tagida nimkosa tarzida aytmoqchi bo‘lgan fikrlarini, muddaosini ilg‘ab olish mumkin edi. U Cho‘lpon ijodiga g‘oyibona muxlis bo‘lganini, buyuk shoirning goho dardchil, goho jangovar ohanglariga ergashganini, o‘zi ham istibdod kishanlariga qattiq o‘rab tashlangan ona-yurt – nochor Turkiston bir kuni zulm zanjirlaridan xalos bo‘lishini chin yurakdan orzu qiluvchi e’tiqodi mustahkam ijodkor ekanini keyinroq anglab yetdik.

Mening omadim kulib to‘rtinchi kursga o‘tganimizda – yozgi ta’til paytida professor G‘ulom Karimov rahbarligidagi o‘zbek adabiyoti kafedrasining yetakchi dom­lalari Xumsonda – bizning uyimizda, bir kun mehmon bo‘lishdi. So‘ngra Ugam tog‘lari oralig‘idagi Baxmal ko‘liga boramiz deb yo‘lga otlandik. Rahmatli otam yo‘lboshchi, jiyanim va men mayda-chuyda ishlarni bajaruvchi, rahmatli A’lo Ashrapov bosh oshpaz, qolganlar yordamchi. Hamma ishlarimiz ko‘ngildagidek bo‘ldi-yu, lekin Baxmal ko‘liga yeta olmadik. Yo‘l biz o‘ylagandan ko‘ra uzoq va og‘ir ekan. Qo‘shimcha ulov zarur bo‘ldi. Sayohatning oxirgi bosqichiga homiylik qilayotgan rahmatli O‘rinboy pochcham muhim topshiriqlar bilan band bo‘lib qolib, bizni ko‘zlangan manzilga boshlab bora olmadi. Lekin hech kim xafa bo‘lmadi, chunki go‘zal tog‘lar bag‘rida, toza havo qo‘ynida edik. Atrofdagi tog‘larga, yashil archalarga boqib to‘ymasdik. Ugam daryosining so‘lim qirg‘og‘iga chodir tikib olgandik. O‘n kun qanday o‘tgani sezilmadi ham. Shu bahonada men domlalar bilan aka-ukadek yaqin bo‘lib qoldim. Sayohatdan qaytganimizdan keyin yana omadim keldi. Ozod domla meni Abdulla Qahhor bilan tanishtirdi. Xullas, men ana shu baxtiyor kunlarimizda adabiyot haqida ham, ona yurtimizning qismati haqida ham birorta auditoriyada gapirib bo‘lmaydigan va hech qayerda bosib chiqarish mumkin bo‘lmagan juda ko‘p gap­larni eshitib, ko‘zim moshdek ochilgan edi. Shu tufayli bo‘lsa kerak, Asqar hamda Rauf aka yozgan ayrim she’rlar tagidagi teran ma’nolarni anglashim oson kechdi.

Asqarning o‘zi bilan ham yaxshilab tanishib oldim. Universitetni bitirib, yarim yil ishlaganimdan keyin sirtqi aspiranturaga taklif qilishdi.

Ustoz Ozod Sharafiddinov ilmiy rahbar etib tayinlandi. Natijada boshqa domlalar bilan ham yanada qalinlashib ketdik. Kafedra majlislarida bemalol qatnashadigan bo‘ldim. Ana o‘sha davrda Asqar yana bir dadil chiqish qilgan edi. Bu haqda shoirning do‘sti Shodmon Otaboyev shunday xotirlaydi: “O‘tgan asrning oltmishinchi yillari oxirlari edi. Yozuvchilar uyushmasining Xadicha Sulaymonova ko‘chasidagi eski binosida bo‘lib o‘tgan bir adabiy anjumanda Asqar yurtning mustaqil emasligi, millatning kamsitilayotgani ochiq-oydin ifodalangan she’rini o‘qib yubordi. Shoirning bu chiqishi ochiqdan-ochiq isyon edi”. (Asqar Qosimov. “Ey, qaro ko‘zim” to‘plami, “Tafakkur” nashriyoti, T.:  – 2011, 7-bet.)

Bu chiqish katta shov-shuvlarga sabab bo‘lganidan xabarim bor. Uyushma rahbarlari karaxt. Bu shakkok yigitga qanday jazo berish kerak? Fakultetda hamma g‘imirlab qolgan; muhokama ustiga muhokama. Shoirni talabalar safidan chiqarishdan oson ish yo‘q. Ammo shunday iste’dod egasi haqiqatni ochiq ayta olgani uchun qurbon bo‘lib ketishiga yo‘l qo‘yish g‘irt adolatsizlik. Talabalarda katta norozilik uyg‘onishi mumkin. Eshitishimcha, hamma domlalar, jumladan, G‘ulom aka, Ozod domla, Umarali Normatovlar murosa yo‘lini topish uchun ko‘p harakat qilishgan va fakultet rahbarlari rektoratni zo‘r-bazo‘r ko‘ndirib, qat’iy hayfsan bilan ishni tinchitishga erishgan edi. Shundan keyin Asqar go‘zal lirik she’rlar yozib, rasmiy tilda aytganda “tinch” yurdi, lekin 5-kursda yana “asliga” qaytdi. Fakultet gazetasida ikki-uchta she’ri chiqdi-yu, avvalgidek boshi g‘alvaga qoldi. Devoriy gazeta mutasaddilari qanday yurak yutib bu she’rlarni chiqardi – menga qorong‘i. Ochig‘ini aytganda, u she’rlarda hech qanday zamonidan norozilik yoki da’vatkor ruh yo‘q edi. Kimdir “fidoyilik” qilib, Asqarning she’rlarida Cho‘lponing ruhi bor, u millatchilik g‘oyalarini ustalik bilan yashirib targ‘ib qilmoqchi, degan g‘irt bema’ni, kurakda turmaydigan gap­larni tarqatgan shekilli, dekanimiz Anvar Shomaqsudov shiddat bilan kafedraga bostirib kirdi. Ichkarida domla G‘ulom Karimov bilan nimanidir muhokama qilib o‘tirgan edik. Xullas, men dekan bilan kafedra mudirining tortishuviga tasodifan guvoh bo‘lib qoldim. Anvar aka Asqarni qoralaydi, qattiq chora ko‘rish kerak, deb talab qiladi. G‘ulom aka talaba – shoirni yoqlashga urinadi. G‘alati bir manzara. Dekan esa, uni boshqa himoya qilolmaymiz, deb dag‘dag‘a qiladi. Shunda men ham tilim qichib, gapga aralashdim. Dekanimiz avvaliga menga e’tibor bermagan edi, birdaniga rangi o‘zgarib keskin gapirdi: “siz nima qilib o‘tiribsiz bu yerda?” Men, kafedra mudirining topshirig‘ini bajarib o‘tiribman, deb xotirjam javob berdim.

– Chiqing bu yerdan, gapga aralashmang! – deb buyurdi dekan.

Noiloj xonadan chiqdim. Ular qattiq tortishayotganini ko‘nglim sezib turibdi. Anchadan keyin dekan qovog‘ini solib chiqdi va menga xo‘mrayib bir qaradi-yu, indamasdan o‘z kabineti tomonga qarab tez-tez yurib ketdi.

Dekan, G‘ulom aka, boshqa domlalar Asqarga nima deyishganidan xabarim yo‘q. Faqat gazetani o‘sha kuniyoq olib qo‘yishdi. O‘qish tamom bo‘lguncha, boshqa “favqulodda hodisa” yuz bermadi.

Shoir yigit universitetni tugatganidan keyin G‘afur G‘ulom nashiriyotida ishlay boshladi. Bu yerda, agar yanglishmasam, uning to‘rtta mo‘jaz she’riy kitobi chiqdi, beshinchi – Botir Norboyev to‘plab, nashrga tayorlagan anchagina salmoqli kitobi vafotidan so‘ng bosildi.

Men ham yetmishinchi yillarning o‘rtalaridan “Sharq yulduzi” jurnalida ishlay boshladim. Nashriyotga biror yumush bilan borganda, boshqa do‘stlar qatori Asqarni ko‘rmasdan qaytmas edim. U yozgan she’rlar, dramatik dostonlar va antik shoirlar ijodidan qilgan ajoyib tarjimalarini havas va xayrixohlik bilan o‘qirdim. Asqar ko‘nglimga yaqin shoir va halol, mard inson sifatida yuragimda qoldi.

Ayniqsa, uni menga ko‘rsatgan bir jo‘mardligi, saxovati sira esimdan chiqmaydi. 1983 yilda nashryotga yangi maqolalar to‘plamimni topshirgan edim. U paytlarda ham do‘stim, ham maslakdosh akam Mahkam Mahmudov nashriyotda tanqid va adabiyotshunoslik bo‘limini boshqarardi. To‘plam unga ma’qul bo‘lib, yillik rejaga kiritildi. Asqar adabiy muharrir qilib belgilandi. Juda xursand bo‘ldim. Ma’lum bir muddatdan keyin shoir, menga tez yetib keling, maslahatli ish bor, deb telefon qildi. Zumda yetib bordim. Ko‘raverib o‘rganib qolganimiz – Asqar to‘ladan kelgan, og‘ir-bosiq yigit samimiy kutib oldi. Salom-alikdan so‘ng asosiy maqsadga o‘tdik. Xoli bir xonada gaplashdik. Asqar biroz qimtinib, negadir, xijolat bo‘lib, tortinib sekin gapirdi:

– Ortiq aka, agar yo‘q, demasangiz, bir iltimosim bor…

– Bemalol gapiravering, Asqarjon? – deb dalda berdim.

– Unday bo‘lsa, avvalo to‘plam bilan tabriklayman! O‘qib chiqdim. Maqolalarning hammasi yoqdi…

U yana to‘xtab qoldi.

– Qanday iltimos o‘zi? Aytavering. Agar qo‘limdan kelsa…

U sal ikkilandi:

– Iltimosim shuki, to‘plamning biror joyiga qalam tekiza olmadim…

Unga hayron bo‘lib tikildim.

– Kitobingizning biror joyiga qalam tekiza olmadim. U qanday yozilgan bo‘lsa, shunday chiqaraylik. Agar siz rozi bo‘lsangiz. Nima deysiz?

Yana hayratim oshdi. Shu paytgacha biror muharrirdan bu kabi gap eshitgan emasman. Ularning injiqligi, talabchanligiyu nuqul osmondan kelishini ko‘raverib diydamiz qotib ketgan. Taniqli shoir, tajribali muharrir: “Kitobingiz qanday bo‘lsa, shunday chiqaraylik”, deb tursa – kimga yoqmaydi, deysiz? Ichimda shubhalanaman. Bir balosi bo‘lmasa, shudgorda quyruq na qilur, deyishgan-ku. Yana o‘zimga tasalli beraman: to‘plamga kirgan maqolalarning hammasi matbuotda chiqqan. Shu choqqacha biron tanqidchi yoki adabiyot muxlisi, “falon maqolang yomon”, degan gapni aytgani yo‘q. Qani, bir tavakkal qilaylik-chi…

– Men roziman. Ammo rahbaringiz ko‘nadimi? U yerini nega qisqartirmading, bu yerini nega tahrir qilmading, deb boshingizni qotirmaydimi?

– Siz rozi bo‘lsangiz bas, bu yog‘idan xotirjam bo‘lavering. Faqat iltimosim shuki, buni hech kim bilmasligi kerak.

Men rozi bo‘ldim. Kitob Asqar aytganidek, biror joyi qisqartirilmay, tahrir qilinmasdan bosilib chiqdi. Lekin, uni ko‘rish shoirga nasib etmadi. Kitob bosilish arafasida bevaqt o‘lim Asqarni oramizdan olib ketdi.

Shoirning bevaqt vafotidan keyin yangi muharrir tayinlanganini aytishdi. Hayron qoldim, ish bitgan, faqat qo‘l qo‘yish qolgan edi, xolos. Muharrir sifatida Asqarning nomi, familiyasi ham qo‘yilganmi, deb so‘radim, eng oxirgi varoqni ko‘rsatinglar, deb talab qildim. O‘zim kutganimdek, oxirgi sahifada faqat yangi muharrirning ismi sharifi yozilgan edi. Asqarning familiyasini qora ramka ichida berasizlar, u asosiy ishni bajaradi-yu, boshqa birov hech qanday mehnat qilmasdan, muharrir sifatida yoziladimi, deb qattiq turib oldim. Talabim inobatga olindi. Asqarning familiyasi birinchi muharrir sifatida qora ramkada berildi, keyin yangi xodimning ismi sharifi…

Men va’damga vafo qilib, bu g‘alati “shart” haqida hech kimga og‘iz ochmadim. Oradan yillar o‘tib, Shodmon Otabekning sa’y-harakatlari tufayli 2011 yilda Asqarning she’rlari va tarjimalari ko‘z ko‘rsa quvonadigan kitob bo‘lib, “Tafakkur” nashriyotida bosildi. Ko‘p o‘tmasdan kitobning taqdimoti ham o‘tkazildi. Ana o‘sha anjumanda boyagi sirni ochib, kitobning qanday chiqarilganini oqizmay-tomizmay aytib berdim. Asqarning jo‘mardligi, saxovatli, mard inson ekanligini yana bir karra ta’kidladim.

Men Asqar yozgan she’rlarni hozir ham sog‘ingan vaqtlarimda o‘qib rohatlanaman. Ulardan zavqlanaman. Ko‘p misralarini yoddan bilaman. Qo‘shiqqa aylangan “Yor-yor” she’rini o‘qish ham, eshitish ham rohat. Kitoblarini varaqlaganimda, “Uzilgan chechaklar” she’rini bag‘rim xun bo‘lib o‘qiyman:

Suv uzra ra’nomi, suv uzra gulmi,
Maylini oqimga topshirgan?
Chindanam daryomi, chindanam suvmi,
Bir dasta chechakni girdobda shopirgan?
Sohilda baqrayib turgan, ey maysalar!
Gapiring,
Tilingiz bor bo‘lsa!
Chechaklar qirg‘oqqa chiqolmay chayqalar…

Shoirning savollar, xitoblariga diqqat qiling. Misralarning mag‘zini chaqib ko‘ring. She’r istibdod yillarida erkidan, haq-huquqlaridan mahrum etilgan xalqimiz qismati haqida ekanligini anglashingiz qiyin emas.

Yoki “Pirpirak” she’rini o‘qing, unda erkinlik, mustaqillikdan mahrum yurt fojiasi chuqur ochilgan. Xalqona ruhda, sodda vaznda yozilgan bu she’r bag‘rida ham olam-olam ma’nolar yashirin. Bunday misollarni xohlagancha keltirish mumkin.

Asqar ijodkor sifatida ayni balog‘atga yetgan, qirchillama yigit yoshida olamdan o‘tdi. U yurtimiz mustaqil respublika bo‘lib, istibdod zanjirlaridan qutulgan kunlarga yetib kela olmadi. Istiqlolni, ozodlikni sog‘inib kutgan oqko‘ngil shoir Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, Elbek, Usmon Nosir singari fidoyi adiblarga qo‘yilgan haykallarni ko‘ra olmadi. Ularning poyiga bir dasta gul qo‘yish unga nasib etmadi. Ammo Asqarning ana shu buyuk ustozlar ruhidan madad olib yozgan go‘zal she’rlari, nodir tarjimalari, dramalari mangulikka daxldor asarlar sifatida yashab qoladi. Men bunga chin dildan, astoydil ishonaman. Asqarning o‘zi “Ey, qora ko‘zim-ko‘zim” she’rida shunday yozadi:

G‘am yema, bo‘tam, aslo
Ey, qora ko‘zim-ko‘zim.
El oldida hamisha
Yop-yorug‘ yuzim-yuzim.
Ayyub yanglig‘ serbardosh,
Talabgor o‘zim-o‘zim.
O‘tkir erur qilichdek
Har so‘zim-so‘zim.

Shoirning o‘z hayoti, she’rlari haqida mana shunday katta ishonch bilan yozishga ma’naviy haqi bor edi.

«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 3-son