O‘tgan asr, savodsizlik va chala savodlilikni tugatish ustida ish olib borilayotgan davr ekan. Yoshi katta bir kishi maktabga kelibdi. Muallim uning qo‘liga kitob tutqazganida nimalargadir aqli yetishini bildirish uchundir:
— Chapdan o‘nggami, o‘ngdan chapga? — deb so‘ragan ekan.
Bizning avlodimiz kitobni qo‘liga berib, o‘qing deganingizda shunday holatdagi kishilarni necha bora uchratgan. Buni eslashimga sabab, bizda yozuv (alifbo) jabr chekkan soha. Bilasiz, ayrim xalqlarda ming yillik alifbo o‘zgarmay saqlangan (ana, hazrat Navoiy aytmoqchi, Armaniya bunga bir misol). Albatta, bizda ham O‘rxun-Enasoy yozuvi asralib, hozirgacha davom etib kelsa, go‘zal ish bo‘lar edi. Lekin buning iloji yo‘q. Tarixni tahrir qilib bo‘lmaydi.
Qisqasi, bu kun arab alifbosida ham, kirill va lotin alifbosida ham bemalol o‘qib ketaveradigan kishilar bizda oz emas. Xalqimiz bilimli, ma’rifatli xalq. Shunga qaramay, kechirasiz, yigirmanchi asr tugab, yigirma birinchi asr dadil odimlayotgan ayni paytda, menda ba’zan savodsizlik va chala savodlilikni tugatish ustida ish nihoyasiga yetmagandek taassurot uyg‘onadi. Bu gapga ishonmasangiz, ko‘chaga chiqib qarang, kamida yigirma-o‘ttiz foiz shiorlaru peshtaxtalarda xato yozuvlarga ko‘zingiz tushadi. Shu o‘rinda haqiqat yuzasidan aytish kerak, yozuvlarda savod darajasi ancha ko‘tarilgan, oldin bo‘lmagan erkin ruh ham shoyon ko‘rinadi.
Goho yozuvlar no‘noq tarjimaga o‘xshaydi. Bir necha yangi imorat peshtoqida o‘qlovdek harflar bilan: “Biz ochildik”, deb yozishganini o‘qidim. “Ishga tushdik”, degan ma’noni o‘zbek tilida kim bunday ifodalaydi? “X” bilan “H” harflarini keltirganda kirillchada qancha xatoga yo‘l qo‘yilsa, lotinchada undan ham ko‘p xatoga yo‘l qo‘yilyapti. Umuman, menga “ko‘chadagi yozuvlar” alohida o‘rganiladigan masala bo‘lib tuyuladi.
Agar ijodkor sifatida meni gazeta-jurnallar, kitoblar holati, adabiy asar tilining avvaldan qanday kelgani-yu, bu kungi namoyishi qiziqtirmasa, balki gapni uzoqdan boshlamasdim.
Yurtimizda mustaqillik yillari shunday katta o‘zgarishlar ro‘y berdi va ro‘y berayaptiki, buni faqat badbin kishilar ko‘rmasligi mumkin. Obodonlik deysizmi, ravon yo‘llar deysizmi, bilim dargohlarida ko‘ringan tubdan o‘zgarishlar, sport, ayniqsa, bolalar va yoshlar sportiga, yosh avlodning har jihatdan kamol topishiga ko‘rsatilayotgan e’tibor deysizmi… Sanasa, canoq yetmaydi! Yana muhimi, mustaqil mamlakat sifatida dunyo bizni tanidi, biz ham oldin hech qachon bo‘lmagan miqyosda dunyoni tanib borayapmiz. Bu kun dunyoda yuz bergan e’tiborga loyiq voqea yarim soat-bir soat o‘tmay internetga ko‘chadi. Radio, televideniyedagi “Axborot”dan ham eshitasiz. Shunday katta taraqqiyot sharoitida ba’zi gazetalarimiz oddiy “xabarnoma”ga aylanib qolayotgandek taassurotim bor. Norasmiy gazetalar, haftaliklar, jurnallar o‘quvchini Butun Dunyo bilan tanishtirib, o‘tgan va hozirgi mashhur shaxslar haqida hikoyalar, gohida tirik taniqli kishilar bilan suhbatlar berib borayotgani yaxshi. Ularning muqovalarida aksar jahondagi bir kimsalarning katta suratlari bosilayotgani ham mayli. Biroq ularning muqovasidan sahifalarigacha yurt, bunyodkor xalq qiyofasi deyarli ko‘rinmaydi. Ularda negadir O‘zbekiston kam. Gapning isboti uchun birgina misol. “Domashniy doktor” degan haftalik tib bo‘yicha foydali maslahatlar, suhbatlar berib boradi. O‘qishli nashr. Ammo shu yil haftalikning 35-sonini qo‘lingizga olganingiz zahoti muqovada: “O‘zbekiston respublikasi mustaqilligi kuni bilan tabriklaymiz” deb yozilgani-yu, Politseymako degan qaysidir artistning suratini ko‘rasiz. Surat ostida haligi “tabrik”dan ham kattaroq harflarda: “Hammom mening jon jahonim”, degan yozuv. Bu endi oddiy hurmatga ham kirmaydi. Umuman, o‘z yerida uchinchi, to‘rtinchi, hatto o‘ninchi darajadagi allabirovlarning bizning matbuotimizda katta-katta suratlari bosilishi shartmi? Birodarlar, insof kerak! Jo‘n bir krossvord, skanvordlar hammasi shular nomi bilan to‘lgan. Yana deng, mana shu krossvord, skanvordlarda: “Leninni eslaysizmi?” qabilidagi bu kun birovga tiqishtirishning o‘zi ortiqcha savollarga ko‘zingiz tushadi. Ularni tuzganlar hayot uchun mas’ul kishilarning baribir ko‘zi tushmaydi, deb o‘ylashsa kerak-da? Bu nima, bizda muqovada surati berilishiga arziydigan shaxslar bo‘lmaganmi? Yoki hozir targ‘ib qilishga munosib shaxslar yo‘qmi? Kichik bir holatlar ham bu kungi hayot zarralari ekanligini, ulardan ma’lum tasavvur paydo bo‘lishini unutmaslik kerak.
Mustaqillik yillari gazeta-jurnallar, kitoblardan tortib hayotning o‘zida o‘zbek tili maydoni kengayib, yanada boy va ko‘rkam manzara kasb etgani suyunchli. Eslang, aslida bisotimizda bor “istiqlol”, “ogohlik”, “tadbirkor”, “qadriyat”, “zahira”, “tamaddun” singari necha o‘nlab so‘zlar oldingi davrlarda butkul ishlatilmas, ochig‘i, o‘z tiling boyligidan tugal foydalanishga yo‘l ham berilmas edi. Ulkan shoir akamiz Erkin Vohidov ko‘pincha suhbatlarda bir gapni ta’kidlaydi. Buyuk Alisher Navoiy turkiy tildagi (bu kungi o‘zbek tilidagi) har bir so‘z qog‘ozga ko‘chib, adabiyotda muhrlanib qolishiga harakat qilgan. Shu boisdan, Navoiy asarlarida bo‘lgan til ko‘lami kishini hayratga soladi. Bu fikrga ilova tariqasida aytsak, dunyoda inson uchun, ayniqsa, ijodkor uchun tilning (har bir so‘zning) ranginligi, tovlanishlarini his etib, bahramandlik tuyishdan kattaroq baxt topilmaydi. Tilni bekordan Ona demaydilar. Unga bo‘ysunish va nima “dard”lari borligini tushunish bilim, savod darajasiga bog‘liq.
Ustozlar G‘afur G‘ulom, Maqsud Shayxzoda bilimdon shoir bo‘lish bilan birga, faylasuf ekanliklaridan ikki og‘iz so‘zda olam-jahonni ko‘rsatishar edi. G‘afur aka “coat kapgiri” deganidayoq inson hayotining harakatda va omonat ekanligi aks etadi. Shayxzoda domla “qabriston fuqarolari” deganida o‘tganlarning ruhi tirik, ular yonimizda turganligi ko‘rinadi.
Bizning yoshlik paytimiz, o‘tgan asrning ellik-etmishinchi yillari orasida to‘rtta she’ri yoki birgina hikoyasi gazeta-jurnalda bosilgan yosh ijodkor adabiy davraga ham, o‘quvchilarga ham tanila boshlar, nomi tilga tushar edi. Taxminan Ikkinchi jahon muhorabasidan keyingi davrga va hatto o‘sha elliginchi-etmishinchi yillarga qiyoslaganda dunyoda taraqqiyot hayotni necha asrlarga teng oldinga surib yubordi. Yurtimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng hayot, ayniqsa, juda ilgarilab ketdi. Bu kun to‘rtta kitobi chiqqan, qissalar, romanlar yozgan ijodkorni ham ba’zan adabiy davraning o‘zi taniyvermaydi. O‘quvchi (kitobxon) esa gohida biz taniqli deb bilgan ijodkorning ham nomini eslamasligi ehtimolga yaqin.
Bir tomondan, gazeta-jurnallar, kitoblar ko‘paygani, safimiz to‘lib borayotgani kishini quvontiradi. Ikkinchi tomondan, har yerda imlo xatolardan tortib jumla tuzishdagi g‘alizliklargacha duch kelib, o‘rtamiyona va undan past saviyadagi “adabiyot” hammayoqni “bosib ketib”, mezon buzilgani, ijod talabi yo‘qolgandek holat paydo bo‘lganidan ozor chekasan. Yomon joyi, bunday paytda saviyali asarlar ham soyada, ko‘rinmay qoladi, Adabiyotda shaxslar (yulduzlar) chiqmayotgandek kayfiyat uyg‘onadi. Gap quruq bo‘lmasin uchun misollar keltirish kerak. Ammo bizda bo‘lgan sharq odobimi, o‘zbekchilik deymi, yo‘lingni to‘sadi. Buning ustiga, birovni xafa qilging kelmaydi. Ana, oddiy misol. So‘nggi paytlar bir necha asarda mualliflar “yo‘lka” bilan “yo‘lak” so‘zlarini adashtirib, noto‘g‘ri ishlatganiga ko‘zim tushdi. Uchratganimda, bular ikki so‘z, “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da ham aniq ajratib, tushuntirib berilgan, dedim. Nazarimda, e’tirozim birovning ko‘ngliga o‘rnashmadi. Meningcha, har kim o‘zi ijod yo‘liga qadam qo‘yishdan oldinroq bilim, savod kerakligini o‘ylashi, keyin ham bir umrlik mehnat, mashaqqatni bo‘yniga olishiga to‘g‘ri keladi. Chapdan o‘nggami, o‘ngdan chapga, deb so‘ragan kishi ahvoliga tushmagan durust. Bu kun gazeta va jurnal redaktsiyalaridan ham ko‘ra ko‘proq nashriyotlarda savodli muharrir kam. Kadrlar tayyorlash ehtiyoji sezilyapti.
Badiiy asar tili, so‘z ustida ishlash bizda ming yillik tarixga ega. Turkiy adabiyot peshvosi Koshg‘ariy lug‘at tuzganlaridayoq bu to‘g‘rida mulohaza yuritganlari shubhasiz. Keyinchalik she’riyat (nazm), asosan, yigirmanchi asrgacha ikki yo‘nalishda shakllanib keldi. Xalqning aqli-tafakkurini o‘zida yiqqan, xalqqa xos sodda til(uslub)dagi she’riyat va bu yo‘nalishni “xayolida tutgan”, ammo egallagan bilimga, jahon ahli tafakkuriga ham suyangan, so‘zni “bezash”ga (obrazli ifodaga) ko‘proq e’tibor bergan (ohorli, zodagonga xoc, shohona deymizmi “kiyingan”), birinchi yo‘nalishga nisbatan sal murakkab she’riyat. Albatta, bu “bo‘linish” nisbiydir. Shartli ravishda Yassaviy, Mashrab, Turdi, Muqimiy singarilarni birinchi yo‘nalishga, Ahmad Yugnakiy, Alisher Navoiy, Nodira va boshqalarni ikkinchi yo‘nalishga mansub deyishimiz mumkin. Umuman, bular ikkisi “qorishib” ketgan, birgina Mahorat maktabini tashkil etadi. Deylik, Lutfiy, ayniqsa, Bobur she’riyatida ikki uslubni bir-biridan ajratish o‘limdan qiyin.
Bunday “bo‘linish” eski-qadim (yigirmanchi asrgacha kelgan) nasrda yaqqolroq ko‘rinadi. Biri barchaga tushunarli sodda til(uslub)dagi nasr (dostonlardagi bayonlar, ertaklar, afsonalar va ularga ergashib yozilgan asarlar). Ikkinchisi an’anaviy-tarixiy, aksar kitob tuzish tartibotiga mos, anchayin “oro” berilgan (arab va fors tillari ta’siri sezilgan), o‘qish va tushunish yetarli bilim va savodni talab qiladigan nasr. Bularni “xalq og‘zaki ijodi” va “yozma adabiyot” deb ham qarash racmga kirgan. Xullas, Adabiyotga qiziqqan, So‘z kasbini tanlagan ijodkor tarixga nazar tashlashga, bu ikki yo‘nalishdan xabardor bo‘lishga majbur.
Yigirmanchi asrda zamonaviy tushunchadagi yangi bir nasr yuzaga keldi. Ko‘proq hikoyalar va romanlardan iborat bu nasr o‘sha ikki yo‘nalish zaminida tug‘ilgan (ma’lum daraja hikoyatlar, rivoyatlar ruhini saqlagan, sharqona-o‘zbekcha), shu bilan birga jahon nasriga xos belgilarni olgan edi (Hamza, Mirmuhsin, Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon, hattoki Ayniy domlaning “xotirotga yaqin” asarlari bunga misoldir). Abdulla Qodiriy va Abdulhamid Cho‘lponning xalq orasida shuhrat topgan (hamon o‘qilayotgan) romanlaridan keyin G‘afur G‘ulom hikoya va qissalari, Oybek romanlarida ham “oldingi ruh” bilan “jahon nasri” birlashib ketgani, yangi shaklda “o‘zbekona” til (uslub) “davom etgani” ko‘zga tashlanadi. Biz nomini tilga olgan so‘z san’atkorlarining har birida o‘ziga xos “voqeani ifodalash shakli”, maktabi ham mavjud edi.
Lekin tarixiy sharoit, dunyoni egallab borgan taraqqiyot natijasida davr o‘zgara borib, adabiyot ham o‘zgara boshladi. Adabiyotda til va uslub ham o‘zgardi. Yildan-yilga endi biz eslagan ikki yo‘nalishdan “uzoqlasha” boshlangani ko‘rinadi. Uctoz Abdulla Qahhor til, co‘z uctaci bo‘lgani holda, uning asarlarida “davr nafasi”, jahon nasri tajribasiga ko‘proq cuyanilgani ceziladi. Qahhor “Chexov ko‘zoynagini qo‘liga olgani”ni bekordan ta’kidlamagandi. Bizning adiblarimiz rus adabiyotiyu, rus tili va o‘zbek tiliga tarjima qilingan asarlar orqali jahon adabiyoti bilan tanishib, ulardan ozmi-ko‘pmi ta’sirlanib, adabiyotimizda bora-bora jahon nasriga “o‘xshash”lik keng o‘rin ola boshladi.
Qariyb bir asr davomida ustozlardan saboq olib, ularga ergashib, lekin o‘z so‘zini aytishga harakat qilib, o‘zbek nasri rivojlanib bordi. “Bu kun nega Qodiriy yoki Cho‘lpon romanlariga o‘xshash asar yo‘q?” degan e’tiroz ba’zan quloqqa chalinadi. O‘rinli savol kishini chuqur o‘ylantiradi. Albatta, o‘tgan davrda ba’zi adiblarimiz, adabiyot eshitgan, ko‘rgan bir voqeani olib bayon etishdangina iborat emasligini unutib, bir xil, rangsiz, goho sxematik-jonsiz asarlar “yaratgan” paytlar uchraydi. O‘z “ildizlari”dan uzilish yetmagandek, jahon nasrini ham puxta bilmaslik, siyosat ta’sirida mazmun muhim, deb shakl (san’atkorlik) bobida o‘ylamaslik ba’zan ularga pand bergani ham rost. Shunga qaramay, haqiqatga rioya qilgan ma’qul. Adabiyot davr va murakkab jarayonlar mahsuli. U o‘z vazifasini bajardi va bajarib kelayotir. Biz bu kun shaxs sifatida Sharqu G‘arb orasida turganimiz, muntazam Sharqu G‘arb bahsi guvohi bo‘layotganimiz bir davrda adabiyot avvalgi zafarlarni qaytarishi emas, yana yangilanib boraverishi qonuniyat.
Keyingi yilarda adabiyotimiz, uning bir bo‘lagi nasr jiddiy ko‘tarilish arafasida turibdi, degan tasavvurdaman. Bir tomondan, ijodkor yoshlar tarbiyasiga ko‘rsatilayotgan e’tibor, ikkinchi tomondan, bu kun e’lon qilinayotgan yaxshi, ta’kidlab o‘tishga loyiq asarlar tasavvurimni kuchaytiradi. Ana, qo‘limda ikki yangi asar. Shu kunlar tanishdim. Iste’dodli adib Erkin A’zamning “Shovqin” romani va yosh adiba Risolat Haydarovaning “Javzo” romani. Erkin kichik bir holatdan katta bir jahoniy mazmunga chiqib boradi. U taniqli, tajribali yozuvchiga xos, tor doiradagi kishilar hayoti ko‘zgusida davr va umuminsoniy qadriyatlarga nazar tashlaydi. Hayotning o‘zi yaratgan turfa qiyofalar galereyasini tuzadi, asar qahramonlari goh yig‘iq, goh parishon holda turli muammolarga duch kelib, doimiy harakatlanib turadilar. Risolat muayyan tarixiy voqeani aniq belgilaydi. Husayn Boyqaro vafotidan keyin ro‘y bergan parokandalik tasviridan xalqimiz uchun doim muhim bo‘lgan ahillik, mehr-oqibat xususida yaxlit ma’no keltirib chiqaradi. Ikkala asarda ham til o‘zbekona, jozibali.
Badiiy asar tili, nasrdagi uslub ijodkor ruhiyatiga bog‘liq hodisa. Ruhiyat yo‘q joyda uslub bo‘lmaydi.
Ruh butunligidan yozish mahorati yuzaga keladi.
Mahoratni esa ijodkorning bilimi, savod darajasi shakllantirib boradi. Aslida ruhni ham shakllantiradigan shudir.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 43-sonidan olindi.