Muattar Aliyeva. Olmos qirrali tarjimon (Hamid G‘ulom)

Hamid G‘ulom ustozi G‘afur G‘ulom bilan. Toshkent, 1947

Vaqt o‘tgani sayin tarjima san’atining dunyo adabiyotidagi mavqei ortib, xalqlar o‘rtasidagi oltin ko‘prik bo‘lishdek ulug‘ vazifasi tobora sharaf topib boraveradi. Zero, tarjima – xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirishda eng zaruriy, mas’uliyatli soha bo‘lsa, tarjimon – ana shu sohaning bor mas’uliyatini o‘z zimmasiga olgan fidoyi va faol ijodkordir. Biz bu gal ushbu ruknda mazkur sohaning ulkan namoyandalaridan biri – atoqli adib, hassos shoir, dramaturg va tarjimon Hamid G‘ulom haqida so‘z yuritish niyatidamiz. Shu maqsadda ustoz tarjimonning hayot yo‘liga, ijodiga, tarjimalariga nazar solib o‘tamiz. Zero, tarjimonning ijodiy yo‘lini o‘rganish – hamma qatori, tarjimonlikka havas qo‘ygan yoshlar uchun ayniqsa qiziqarlidir.

Adib 1919 yil 25 aprelda Toshkent shahrining Beshyog‘och mavzeidagi Arpapoya mahallasida ziyolilar oilasida tavallud topdi. Hamidning otasi Ubaydulla G‘ulomov muallimlik qilar, shoirlikka, ijodga havas qo‘ygan inson edi. Onasi Qoriya Temur qizi ham o‘sha davrning o‘qimishli ayollaridan bo‘lib, o‘z xonadonida qizlar uchun maktab ochgan, keyinchalik u zamona zayliga ko‘ra, fabrikaga ishga kirib, chevarlik bilan shug‘ullanadi. Afsuski bu oila taqdir sinovlariga juda erta duch keladi, xonadon egasi Ubaydulla navqiron yoshda vafot etadi va ikki yashar Hamid onasining qo‘lida qoladi.

Yosh Hamid shahardagi avval Forobiy nomli maktabda, keyin esa O‘rta Osiyo Industrial Ishchilar fakultetida o‘qib, uni 1936 yilda tamomlaydi, so‘ng Industrial institutda o‘qiy boshlaydi. Ayni vaqtda Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika institutining rus tili va adabiyoti fakultetida ham tahsil ko‘rib, mazkur oliy dargohni 1941 yilda tamomladi. Aytish mumkinki, navqiron Hamidning jahon adabiyoti durdonalari bilan yaqindan tanishishi, rus tili orqali dunyoning eng mashhur asarlarini mutolaa qila boshlashi o‘sha davrda avj olgan bo‘lsa ajab emas. Uning birinchi she’rlari ham 1936 yillardan boshlab vaqtli matbuotda e’lon qilingan. Yosh shoir A.S.Pushkin, M.Yu.Lermontovlarning o‘sha yillari bo‘lib o‘tgan yubiley tadbirlari oldidan o‘zbek tilida tayyorlangan kitoblaridagi she’rlar tarjimasini hozirlash, ularni nashr etish ishlarida qatnashadi. Yosh iste’dodning tarjimonlik faoliyatiga o‘zbek adabiyotining zabardast vakillari Hamid Olimjon, G‘afur G‘ulom, Oybek va boshqalar o‘sha paytlardayoq e’tibor bilan qaraganlar. Masalan, Yozuvchilar uyushmasining raisi H.Olimjon M.Yu.Lermontovning “Mtsiri” dostonini o‘zbek tiliga tarjima qilish ishini adashiga – Hamid G‘ulomga ishonib topshirgani, bu ish bo‘yicha sa’y-harakatlarni dadillik bilan boshlayverishga da’vat qilgani, atoqli shoir G‘.G‘ulom esa undan bu borada o‘zining tajribasi, maslahati va yordamini ayamagani ma’lum. Shu tariqa shoir, yozuvchi va tarjimon Hamid G‘ulom 1941 yil 30 martda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga a’zo bo‘lib kiradi.

Endi H.G‘ulomning mohir tarjimon, qalami o‘tkir adib va dramaturg bo‘lib yetishishida yana bir jihat – erta boshlangan mehnat faoliyatini ham aytib o‘tish maqsadga muvofiqdir. U o‘spirinlik yillaridayoq savodsizlikni tugatish kurslarida dars berdi, turli gazeta va jurnallar tahririyatlarida mehnat qildi, til o‘rgandi, O‘zbekiston radiosida diktor bo‘lib ishlab, jarangli va ta’sirli so‘zlarni topib ishlatishda tajriba orttirdi. Bilimini, tarjimonlik sohasidagi tajribalarini oshirishga bo‘lgan ishtiyoq navqiron Hamidni Moskvaga – Oliy adabiyot kursiga yetaklab, 1954-1956 yillar mobaynida u mazkur kurslarda tahsil ko‘rdi, 1956-1958 yillarda “Literaturnaya gazeta”ning O‘zbekistondagi muxbiri bo‘lib xizmat qildi. Yozuvchilar uyushmasining Boshqaruv hay’atining kotibi (1958-1965), “Sharq yulduzi” jurnalining bosh muharriri vazifasini bajardi. Ko‘ramizki, rahbarlik lavozimidagi ishlarni ado qilishi, gazeta-jurnallardagi muxbirlik vazifasi, shundan keyingi noshirlik ishlarida to‘plagan tajribalari, asarlari, serqirra ijodi, tarjimalari H.G‘ulomning XX asr o‘zbek adabiyoti tarixidagi tutgan o‘rni va mavqeini belgilab berdi, mustahkamladi, ijodiy faoliyati keng qamrovlar kasb eta boshladi. Uning “Mash’al”, “Mangulik”, “Feruza”, “Binafsha atri”, “Mashrab”, “Toshkentliklar”, “Qoradaryo” romanlari, “Olmos qizi”, “Vafoning uzun yo‘li” kabi qissalari, turkum hikoyalari, ocherk va publitsistik maqolalari dunyoga keldi. Yozuvchi dramaturg sifatida ham shuhrat qozondi. U asosan musiqali dramaturgiya sohasida bastakorlardan To‘xtasin Jalilov, Yunus Rajabiy, Manas Leviyev, Sulaymon Yudakov, Matniyoz Yusupov, Shohida Shohimardonovalar bilan ijodiy hamkorlik qildi. “O‘g‘il uylantirish”, “Toshbolta oshiq”, “Ajab savdolar”, “Dil ko‘zgusi”, “Muhabbat tantanasi”, “Vomiq va Uzro” kabi dramalari, komediyalari mana shunday ijodiy hamkorlik mahsuli bo‘lib, xalq ularni qizg‘in kutib oldi. Mashhur rejissyor Razzoq Hamroyev, atoqli aktyor Sohib Xo‘jayevlar bilan birgalikda yaratilgan “Toshbolta oshiq” musiqali dramasi adibning bu janrdagi cho‘qqi asarlaridan bo‘lib qoldi.

U Istiqlolni cheksiz shodyonalar, ko‘tarinki ruh bilan kutib oldi. O‘nlab she’rlar, publitsistik maqolalar yozdi. Ustoz adib, atoqli shoir va mohir tarjimon, adabiyotimizning sermahsul oqsoqoli Hamid G‘ulomning ijodi Mustaqillik yillarida yanada keng miqyos kasb etdi, mamlakatimizning eng faol ijodkorlari qatorida ardoqlanib, davlatimizning qator orden-medallariga, adabiy mukofotlarga sazovor bo‘ldi. “Assalom, o‘zbegim!” taronasi radio va televideniye orqali hozir ham yangrab turadi.

H.G‘ulomning tarjimonlik faoliyati borasida gap ketar ekan, uning G‘.G‘ulom nomidagi nashriyotga rahbarlik qilgan yillarida (1971–1981) bu dargohda jahon adabiyotining ko‘plab eng mashhur, durdona asarlarini nashr etish borasidagi sa’y-harakatlarga bosh-qosh bo‘lganligini ham aytib o‘tish o‘rinli bo‘lsa kerak. Bu davrda xalqimizni jahon adabiyotining nomdor, yirik namunalari bilan tanishtirish, ularni tarjima qilishga qodir ijodkorlarni topish, tarjimalarni nashr etish rejalarini yo‘lga qo‘yish ishlari qat’iy tus oldi. Natijada Dantening “Ilohiy komediya” (A.Oripov), Gyotening “Faust” (E.Vohidov), Bokachchoning “Dekameron” (Q.Mirmuhamedov), hind xalqining mashhur eposi “Ramayana” (M.Ali), A.Dyumaning “Graf Monte-Kristo” (T.Rustamov), Stendalning “Qizil va qora” (H.To‘rabekov) asarlari, shuningdek, qardosh xalqlar adabiyotidan qilingan tarjima asarlar (“Do‘stlik kutubxonasi” turkumi) nashr etilib, o‘quvchilar qo‘liga yetkazildi. Ustoz tarjimonning qariyb yetmish yillar davom etgan ijodiy faoliyati mobaynida jahonning eng nomdor shoir va adiblarining she’rlarini, poemalarini, dramatik asarlarini qoyilmaqom tarzda tarjima qilib, xalqimizning badiiyat xazinasini boyitganligi chinakamiga ibratli-namunali holdir.

H.G‘ulom Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma” dostonidan ayrim qismlarni, Uilyam Shekspirning “O‘n ikkinchi kecha yoki turfa hangomalar” komediyasini, Lope de Veganing “Qo‘zibuloq” dramasini, A.S.Pushkinning “Tosh mehmon” dramasini, “Bog‘chasaroy fontani” poemasini, M.Yu.Lermontovning “Mtsiri” poemasini, “Vadim” (tugallanmagan roman)ini, Ibroyim Yusupovning “To‘maris” dostonini, M.Gorkiyning publitsistik asarlarini, Taras Shevchenko, Vladimir Mayakovskiy, Nikolay Tixonov, Konstantin Simonov, Irakliy Abashidze, Karlo Kaladzelarning she’rlarini zavq-shavq ila o‘zbekchaga o‘girdi. Shu o‘rinda ustoz tarjimonning mahoratidan zavqlanish maqsadida Lermontovning “Mtsiri” poemasidan bir parchaning asliyatda va Hamid G‘ulom tarjimasida o‘zbekchada qanday jaranglaganini o‘qib ko‘raylik:

* * *

Ya jdal. I vot v teni nochnoy
Vraga pochuyal on, i voy
Protyajnыy, jalobnыy kak ston
Razdalsya vdrug… i nachal on
Serdito lapoy rыt pesok,
Vstal na dыbы, potom prileg,
I pervыy beshenыy skachok
Mne strashnoy smertiyu grozil…
No ya yego predupredil.
Udar moy veren bыl i skor.
Nadejnыy suk moy, kak topor,
Shirokiy lob yego rassek…
On zastonal, kak chelovek,
I oprokinulsya. No vnov,
Xotya lila iz ranы krov
Gustoy, shirokoyu volnoy,
Boy zakipel, smertelnыy boy!

“Men entikib kutdim. Shu zamon
Zulmatda yov payqagansimon
Qoplon birdan bo‘kirdi. Bu dod
Eru ko‘kka larza tashladi…
Jahli chiqib yirtqich shu zahot
Qumni tirnab qaziy boshladi!
Bir hurpaydi, so‘ngra u yotdi
Va dastlabki kuchli sakrashi
Menda o‘lim vahmin qo‘zg‘atdi…
Ammo mening keldi-da g‘ashim,
Tez va to‘g‘ri bo‘ldi tik zarbim,
Toshdek tayoq bir bolta kabi
Peshonasin yorib tashladi…
U odamdek ingray boshladi
Va yiqildi. Ammoki, shu on
Yarasidan daryo-daryo qon
Oqsa, holi bo‘lsa hamki tang,
Qaynab ketdi halokatli jang!”

Har qanday tarjimonning vazifasi – asliyatdagi voqeani, vaziyatni, holatni xuddi o‘ziday qilib o‘girish, shu bilan birga, o‘z tilining imkoniyatlarini ham suiiste’mol qilmagan holda tarjimada namoyon etish, ayni vaqtda tarjima qilinayotgan tildagi she’riy satrlarni ham asliyatga monand qilib jaranglata olishdir. Ya’ni, tarjimon shoirga nisbatan har qancha “raqiblik qilmasin”, o‘z tilidagi she’riy qonun-qoidalardan kelib chiqqan holda, “o‘lchab berilgan maydon” ichidagina raqiblik hunarini ko‘rsatishga majbur. Yuqorida misol tariqasida keltirilgan satrlarni mutolaa qilganimiz sayin, Hamid G‘ulom tarjimon sifatida nozik, mas’uliyatli, zalvorli vazifani sharaf bilan uddalab chiqqaniga amin bo‘lamiz. Xullas, yosh tarjimonlar o‘z qo‘llarida qalam bilan ustozlar merosini hijjalab o‘qib-o‘rgansalar, mutolaa soatlarini yanada samarali o‘tkazishlari shubhasizdir.

Muattar Aliyeva tayyorladi

“Jahon adabiyoti, 2014 yil, 4-son