Buyuk nemis shoiri Fridrix Shiller 1759 yil 10 noyabrda sartarosh, hammomchi, jarroh, tabib Kaspar Shiller xonadonida 7 yillik urush ayni avjiga chiqqan paytda “urush farzandi” bo‘lib dunyoga keladi. Unga ona qornidayoq o‘g‘il bo‘lsa, Frits deb ism qo‘yishni niyat qilishadi. Biroq, u Fridrix I ga qarshi jang paytida tug‘ilgani uchun (dushmanligiga qaramasdan), unga shu ismni qo‘yadilar. Fritsning bolaligi Lorxda o‘tadi. O‘qish, yozishni shu yerda o‘rganadi. Lorx diqqatga sazovor tarixiy obidalarga boy joy bo‘lib, Frits atrof-muhitni, tarixiy voqeliklarni bolaligidan shoirona idrok qila boshlaydi. Yoshlikdagi pishib yetilmagan xayollari keyinchalik teranlashib borib, muhit va zamon koloriti uning tragediya, dramalarida o‘z aksini topadi.
Frits bolaligidan lotin tili va grek tillaridan boshlang‘ich saboq oladi. Sakkiz yoshida esa Lyudvigsburgdagi mavqei baland lotin maktabiga qabul qilinadi. U o‘n yoshga to‘lmasdanoq Shtutgartda davlat imtihonini muvaffaqiyatli topshirib, lotin, grek va qadimgi yaxudiy tillariga ixtisoslashgan yuqori sinfga o‘tkaziladi.
Frits o‘sha paytlardan jo‘shqin she’rlari bilan atrofidagilarning e’tiborini torta boshlaydi.
Shillerlar oilasi cherkovda o‘tkaziladigan fortepyano kontsertlari, musiqa nazariyasi bo‘yicha ma’ruzalar, adabiyot haqidagi suhbatlarda doim qatnashib turardi. Bu bo‘lajak shoirning ijodiy o‘sishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Keyinchalik Frits cherkovning bunday tadbirlarida o‘z she’rlari bilan faol ishtirok eta boshlaydi, e’tiroflarga sazovor bo‘ladi. Uning she’rlari ilk bor o‘n yetti yoshida “Oqshom”, “Shvabiya jurnali”da e’lon qilinadi.
U Lyudvigsburgdagi maktabni bitirgach, Karl Yevgeniyning “Karlsshule” (“Qullar plantatsiyasi”) harbiy akademiyasida tahsilni davom ettiradi. Fritsning bu yerda frantsuz tili, matematikadan o‘zlashtirishi biroz susaygan bo‘lishiga qaramay, grek tilini yuqori darajada chuqur egallaydi. Tarix, antik adabiyot, nemis klassik yozuvchilarining asarlari, Shekspir ijodi, Klopshtok va Gyote asarlari bilan yaqindan tanishadi. Ezop masallaridan tarjimalar qiladi.
Akademiyani tugatgach, Shtutgart garnizonida polk vrachi bo‘lib ishlay boshlaydi, adliya va tabobat ilmi bilan shug‘ullanadi. U bu faoliyati bilan qanoatlanib qolmay, o‘zini hamisha adabiyot dunyosiga daxldor sezadi. Shiller Shekspir ijodidan dramaturgiyani o‘rgangan bo‘lsa, Volter, Didro, Russo, Lessing, Gyote asarlari uning dunyoqarashining shakllanishiga, badiiy tafakkurining boyishiga xizmat qilgan. Ayniqsa Gyote bilan do‘stlashuvi uning ijodkorlik salohiyatiga katta ta’sir ko‘rsatgan.
Shillerning dramaturgik faoliyati “Qaroqchilar” romantik dramasi bilan boshlanadi. Bu paytda Shiller o‘n sakkiz yoshda edi. Asar 1782 yilda Mannhaym teatrida ilk bor sahna yuzini ko‘radi. P’esa keyinroq Parij teatrida ham sahnalashtiriladi. Shillerning “Genuyada Fiyeskoning fitnasi” – birinchi tarixiy dramasi esa “Qaroqchilar”dek muvaffaqiyatli chiqmaydi.1784 yilda “Luiza Miller” dramasi nashr qilinadi va Frankfurtda teatr direktori Dalberg taklifiga ko‘ra “Makr va muhabbat” nomi bilan sahnalashtiriladi.
U 1790 yilda otasining yaqin birodarlaridan birining qizi Sharlotta fon Lengfeldga uylanadi. Ular Karl, Ernest, Karolina , Emiliya ismli to‘rt farzand ko‘radilar.
Shiller “Musen-Almanach” jurnalini tashkil qiladi. O‘sha davrda shoirning “Shodlikka”, “Gorn sadolari”, “Shunday yoqimliki”, “Prolog”, “Muhabbat tantanasi”, “Qo‘shiq qudrati”, “Hayot poeziyasi”, “Asoratdagi Pegas”, “Metafizik”, “Daho”, “Zamin taqsimoti”, “Umid”, “Hero va Leandr”, “Qo‘lqop”, “Rыtsar Togenburg” singari betakror she’rlari va balladalari yoziladi. Germaniyadagi 30 yillik urush tafsilotlari ifodalangan “Vallenshtayn” trilogiyasi Vaymar teatrida sahnalashtiriladi. Pesalari o‘z davrida yaratilgan yuksak asarlar bo‘lgani uchun ham nemis munaqqidlari Shillerni “Olmon Shekspiri” deb ataydilar.
Shiller “Mariya Styuart” tragediyasini 1800 yilda yozib tugatadi. Shekspirning “Makbet” tragediyasini nemis tiliga o‘giradi. 1802 yilda “Orlean qizi” tragediyasi dunyoga keladi. Shundan so‘ng dramaturgning “Messinalik kelin”, “Vilhelm Tell” kabi dramalari yaratiladi. Shiller rus tarixidan olingan soxta shahzoda Dmitriy taqdirini yoritishga kirishadi. Biroq asarni tugatish Shillerga nasib etmadi. Asarning birinchi pardasini to‘la, ikkinchi pardasining uch ko‘rinishinigina yozishga ulgurgan adib 1805 yilning 12 mayida 45 yoshida vafot etadi. Gyote bu dramani nihoyasiga yetkazishga urinib ko‘radi, biroq keyinchalik niyatidan qaytadi.
Shillerning shuhrati O‘zbekistonga o‘tgan asrning boshlarida yetib keldi. Uning asarlarini Shamsiddin Sharafiddinov – Xurshid birinchilardan bo‘lib o‘zbek tiliga o‘girdi. 70-yillarda “Qaroqchilar” dramasi Asqad Muxtor tarjimasida hozirgi Milliy Akademik drama teatri sahnasida uzoq vaqt o‘ynaldi. Rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev va uning avloddosh aktyorlari nomini elga tanitgan dasturiy spektakl bo‘lib jarangladi. 80-yillarga kelib, Shiller adabiy merosini o‘rganishda O‘zbekistonda yangi davr boshlandi. Shoir ijodi bo‘yicha izlanish va tarjimalar qilish izchil tus oldi. Tarjimon va tadqiqotchilarning safi kengaydi. Erkin Vohidov, Omon Matjon, Muhammad Alilar tomonidan uning she’rlari o‘zbek tiliga tarjima qilindi. Shoirning 250 yilligiga bag‘ishlab,“Jahon adabiyoti” jurnalida bu tarjimalardan namunalar e’lon qilingan.
Shiller ijodining o‘rganilishini O‘zbekistonda 3 bosqichga bo‘lish mumkin. Birinchi bosqich 1920-1950 yillarni o‘z ichiga oladi. Bu davrda ikki tendentsiya ko‘zga tashlanadi. Birinchisi, Shiller asarlarining ilk bor o‘zbek tiliga tarjima qilinishi, sahnaga qo‘yilishi bilan xarakterlanadi. Ikkinchi bosqich 1960-1990 yillarni qamrab oladi. Mazkur bosqichda Shillerning dramatik, tragik va poetik asarlari tarjima qilinishi bilan ajralib turadi.
Uchinchi bosqich Mustaqillik davriga to‘g‘ri keladi. O‘tmishda shoir ijodidan bilvosita (rus, tatar, ozarbayjon) tarjimalar qilishga, asarlarini sahnalashtirishga e’tibor qaratilgan bo‘lsa, bu davrga kelib asl nusxadan tarjima qilina boshlandi. Dramaturg ijodi yuzasidan ma’ruzalar qilishga, ilmiy va ommabop xarakterdagi maqolalar, risola va monografiyalar yaratishga e’tibor qaratildi.
Shillerning madaniy hayotimizga kirib kelish tarixi o‘zbek professional teatri va dramaturgiyasining shakllanish arafasiga to‘g‘ri keladi. “Makr va muhabbat” Hamza nomidagi teatr jamoasining taklifiga ko‘ra, K.Yashin va M.Hakim tomonidan ruscha M.Mixaylov variantidan qayta tarjima qilingan. Asar 1939 yilda lotin alifbosida nashr qilingan. 30-40 yillar o‘zbek teatr tarixida Shekspir va Shiller davri bo‘lgan. Xalq Shekspir va Shiller asarlarini tomosha qilish uchun teatrlarga intilgan. Bugungi kunga qadar Shillerning “Qaroqchilar”, “Makr va muhabbat”, “Mariya Styuart” singari asarlari sahnalashtirildi. “Qaroqchilar” o‘zbek sahnasida qariyb 100 yilga yaqin vaqt mobaynida yashab kelmoqda. Ilk bor 1920 yillarning boshlarida rejissyor Mannon Uyg‘ur tomonidan sahnaga qo‘yilan bo‘lsa, 1955 yil rejissyor A.O.Ginzburg, 1974 yilda esa B.Yo‘ldoshev sahnalashtirgan. Samarqand davlat rus drama teatrida “Orlean qizi” dramasi asosida spektakl yaratildi. 2009 yilning 27 sentyabrida Toshkentdagi Gyote instituti Nemis akademik ayirboshlash xizmati rahbarligida asarning yangicha talqini nemis tilida o‘zbek sahnasiga chiqdi. Spektakl O‘zDJTU talabalari tomonidan “Ilhom” teatrida nemis tilida ijro etildi.
Shiller jahon adabiyotida ijtimoiy-falsafiy va badiiy-estetik tafakkur kamolotiga ulkan hissa qo‘shgan so‘z san’atkoridir. Nobel mukofoti sovrindori H.Hesse Shiller ijodi masalasida to‘xtalib: “…inson sifatida uning ruhi hamda hayoti men uchun g‘oyatda ardoqli va ulug‘ hodisadir”, degan edi. Ayni chog‘da aytmoq joizki, Shiller ijodining ko‘p qirralari hali ochilmagan, uning talaygina asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilinmagan. “Don Karlos” pesasi, “ozodlik madhiyasi” bo‘lib yangragan “Vilhelm Tell” dramasi, falsafiy va lirik ruh bilan yo‘g‘rilgan she’riyati, elegiyalari, xatlari, bugungi kun o‘quvchisi uchun nihoyatda muhim bo‘lgan estetikaga oid ishlari o‘z tadqiqini kutmoqda.
Roviyajon Abdullayeva
filologiya fanlari nomzodi
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 11-son