…Kamina xodimingizni ham she’r va shoirlar, umuman she’rxonlik masalalari ko‘pdan bnyon o‘ylantirib keladi. Bu o‘y, mulohazalarni yuzaga chiqarish, ko‘pchilik bilan baham ko‘rish istagi muhtaram shoirimiz A’zam O‘ktamning “Taraddud” deb nomlangan kitobini o‘qiganimdan keyin qat’iylashdi… Uni o‘qidim, ko‘pdan beri o‘ylab, izlab yurganim she’riyatga duch kelganday bo‘ldim…
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
...O‘zbek she’riyati bog‘ida A’zam O‘ktam daraxtini tez ilg‘ab olasiz. Bu daraxt ko‘p zamonlar ajoyibu g‘aroyib mevalarini armug‘on qilajak. Bu daraxt bog‘ni sarg‘aytirib qo‘ymaydi, doim qayta tug‘ilib, qayta o‘lib, qayta tirilib, shovullab turaveradi.
Rauf Parfi
Bir yo‘l ko‘rinur – ul juda tordir,
Unda o‘zing-la olishmoq bordir…
A’zam O‘ktam
A’zam O‘ktamning o‘zidan oldin she’rlari bilan tanishganman. 1984 yili “Yoshlik” jurnalida uning bir sahifa, ya’ni to‘rt-beshta she’rlari do‘ppi kiyib tushgan surati bilan birga chop qilingandi. O‘sha paytlarda u hali A’zam O‘ktam emas, oddiygina A’zam Xudoyberdiyev edi. Surat va she’rlaridan bo‘lak uning qayerdanligi, qachon tug‘ilganu qayerda ishlashi haqida hech qanday ma’lumot berilmagan, umuman, o‘sha paytdagi(hozir ham) qoidalarga ko‘ra yo‘l tutilgan, shoir haqida uning she’rlari ma’lumot berishi kerakdek. Boshidagi marg‘ilondo‘ppidan uning vodiyligini bilish mumkin edi. Yoshi ham yigirma-o‘ttizlar orasida. She’rlari ham shu yoshdagilarga mos murosasiz, jangari. She’r texnikasini yaxshi o‘rgangan. So‘zni o‘ynatishga usta. Ancha tajribali. Kasbi ham shunga yaqin, yo adabiyot o‘qituvchisi, yo jurnalist bo‘lishi kerak.
“Yoshlik” jurnalini 1981 yilda “Sharq yulduzi”dan farqli o‘laroq, asosan yosh ijodkorlarning asarlarini chop qilish niyatida tashkil qilish mo‘ljallangan bo‘lib, 1982 yilning yanvar oyidan boshlab muntazaam har oyda chiqarilishi rejalashtirilgandi. Uning birinchi bosh muharriri etib shoir Erkin Vohidov tayinlangan. Shoir Sulaymon Rahmon ma’sul kotib sifatida yangi jurnalga ilk avtorlarni tanlashda O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasining yoshlar bilan ishlash bo‘limi maslahatchisi, shoir Mirpo‘lat Mirzo tavsiya qilgan yosh shoirlarning she’rlarini saralab olardi. Mening ushbu jurnalninig ilk ikkinchi sonida (fevral) bir sahifa she’rlarim e’lon qilinishi ham tasodifan yuz bergan.
O‘sha paytlarda (1981 yil, dekabr) men harbiy xizmatdan ta’tilga kelib, yana xizmatimga qaytayotgan paytim, samolyot kechki payt uchgani uchun Yozuvchilar Uyushmasiga (hozirgi Amir Temur hiyoboni yonida joylashgan uch qavatli bino) kirib, tirik yozuvchi va shoirlarni ko‘rib ketmoqchi bo‘lganman. Egnimdagi harbiy kiyim ko‘pchilikning e’tiborini tortar, mendan “Kimning oldiga kelgansiz?” deya so‘rashardi. Ulardan biri meni xonasiga olib kirdi va choy quyib uzatarkan: ”Men yoshlar bilan ishlash bo‘limi konsul’tanti Mirpo‘lat Mirzoman, o‘zlari kim bo‘ladilar, ijod qilib turasizmi?” deb so‘radi. Men she’rlar yozib turishimni, markaziy nashrlarda sira ishtirok etmaganimni aytib, harbiy xizmat paytida yozgan she’rlar daftarimni uzatdim. Mirpo‘lat aka o‘ntacha she’rning yoniga belgi qo‘yib, ularni oq qog‘ozga qo‘lda ko‘chirib berishimni so‘radi. Men ularni ko‘chirib berganimdan keyin, meni boshlagancha boshqa bir xonaga olib bordi. Bu xona hozircha chiqishi rejalashtirilayotgan “Yoshlik” jurnalining taxririyati ekan.
Shoir Sulaymon Rahmon meni suratga tushib kelish uchun Uyushmaga yaqin joydagi suratxonaga jo‘natdi. Kvitansiyani olib qolib, suratni o‘zi borib olishini, she’rlarimni jurnalninig ikkinchi soniga mo‘ljallaganini aytdi va men shu kechasi harbiy xizmatga uchib ketdim. Oradan olti oylar o‘tib, harbiy xizmatni tugallab kelganimdan keyingina “Yoshlik” jurnalining fevral oyi sonida bir sahifa she’rlarim xarbiy formada tushgan suratim bilan, shoira Gulchehra Jo‘rayevaning “Oq yo‘li” ostida chop qilinganini ko‘rdim.
Bularni batafsil yozishimdan maqsad, hamma narsaning boshlanishi oson-u, davom etishi qiyinroq kechishini ta’kidlashdir. “Tuyuldi avval ishq oson-u, so‘ngra chiqdi mushkullar…” (Hofiz Sheroziy) Shundan keyin to 1986 yilgacha, ya’ni uch yildan ko‘proq muddat ichida ( shoir do‘stim Ravshan Fayz she’riyat bo‘limini boshqargunga qadar) “Yoshlik” jurnalida bir sahifa tugul, bittayam she’rimni e’lon qildira olmaganman. Yoshlik insonga bir marta berilganidek, “Yoshlik”da chiqish imkoni ham yosh shoirga bir marta beriladiganga o‘xshardi.
Jurnal chop qilina boshlashi bilan kattayu kichik adabiyot muxlislari orasida shu qadar mashhur bo‘lib ketdiki, unda o‘z mashqlarini chiqarish uchun kelayotganlr va maktublarini jo‘natayotganlarning soni boru sanog‘i yo‘q edi. Endilikda kamdan-kam yosh shoirlarning bir sahifalik she’rlari e’lon qilinar, ko‘pincha bir sahifaga to‘rt-beshtacha shoirning bittadan she’rlari joylashtirilardi. “Adabiyot tramvayi”ga(M. Zoshchenko) o‘xshagan “Yoshlik” jurnalida “ur-yiqit” avjga chiqqandi. Ana shunday tiqilinch-tig‘izlik (“Chas pik”) hukm surgan bir paytda A’zamning bir sahifa she’rlari chop qilingandi. O‘sha yili yana bir an’anaga asos solinib, jurnalda yil davomida e’lon qilingan asarlarga janrlari bo‘yicha “Yil mukofti” berish e’lon qilindi. Mening nazarimda, A’zamning she’rlari she’riyat bo‘yicha “Yil mukofoti”ga munosib topilishi kerakdek edi-yu, ammo mukofotni boshqa bir shoiraga berishdi (O‘sha shoiraning kimligini hech eslay olmadim, eslab qolgan taqdirimdayam kimligini aytib yotmasdim. Mukofotlangan shoira ijodini o‘sha damdayoq bizga ma’lum bo‘lmagan sabablarga ko‘ra to‘xtatgan bo‘lsa kerakki, keyinchalik she’rlari bilan matbuotda qatnashmay qo‘ydi).
* * *
O‘sha paytlarda she’ru hajviyalar yozishdan tashqari adabiy-tanqidiy maqolalar ham yozib turganligim uchun, ustoz munaqqid, “O‘zbekiston Adabiyoti va San’ati” jurnalining o‘sha paytdagi Bosh muharriri o‘rinbosari Ibrohim G‘afurov menga “Yoshlik” jurnalining 1984 yilgi sonlarida e’lon qilingan yosh ijodkorlarning mashqlari tahliliga doir maqola yozishni tavsiya qildi. Bu maqolani yozayotib, jumladan, A’zamning she’rlari xususida batafsil to‘xtalib, bunday xulosa bilan yakunlagandim: “ A’zam Xudoyberdiyevning she’rlaridan she’riyatimizga yangi bir zabardast shoir kirib kelayotganligini his qildim. Jurnaldagi “Yil mukofoti”ga asosiy da’vogarlardan bo‘lsa-da, unga boshqa bir shoira munosib topildi. Hechqisi yo‘q, hali hammasi oldinda!” (“O‘z. AS”. 1985 yil, fevral)
Bu maqolam e’lon qilingan paytida A’zam ToshDU jurnalistika fakultetining bitiruvchisi sifatida amaliyotni o‘zi tug‘ilib o‘sgan Farg‘ona viloyatining Buvayda tuman gazetasida o‘tayogan ekan. Hamkasblari unga maqolani ko‘rsatishib, “Endi bemalol Toshkanga borib ishlasang ham bo‘ladi, seni qo‘llaydirganlar bor ekan!” deya suyunchi olishgan, A’zam choyxonada osh qilgan, maqoladagi o‘sha abzatsni kesib olishib, kosaga solgancha, xuddi ordenni yuvgandek “yuvishgan” ekan (Bularni menga keyinchalik A’zam aytib bergandi).
* * *
…Benihoyat uzundir umr,
Bittagina oq ko‘ylagim bor.
Ushbu satrlarni yozgan payti A’zam 24 yoshlardagi yigit edi (1984). Bu yoshda umr g‘oyatda uzun, imkoniyatlar cheksizdek tuyuladi. Shu o‘rinda Ozarbayjon shoirlaridan birining “Yigitlik va keksalik” degan to‘rtligini eslamasdan o‘tolmayman.
Yigitlikda qo‘llar uzun, tillar qisqa,
Keksalikda tillar uzun, qo‘llar qisqa.
Yigitlikda yillar uzun, kunlar qisqa,
Keksalikda kunlar uzun, yillar qisqa…
A’zamni shu she’ri e’lon qilingandan keyin she’riyatimizda “bittagina oq ko‘ylagi bor” shoir paydo bo‘ldi. A’zamni shu satr bilan tanitadigan, eslaydigan bo‘lishdi: “Anovi shoir bor-ku, bittagina oq ko‘ylagi bor…” Garderobida besh-oltitadan oq ko‘ylagi borlar ham “bittagina oq ko‘ylagi bor” shoirga havas qiladigan bo‘lishdi. A’zamning; “Benihoyat uzundir umr” satri bilan qarama-qarshi kelgan “bittagina oq ko‘ylak”ning mohiyatini tushuntirib o‘tmasak, bu maqtovlarimizning mag‘zi puch bo‘lib qoladi. Umrni, hayotni aslida besh kunlik, uch kunlik, hatto bir lahzalik tarzida baholash ko‘p uchraydi.
Umrni o‘rislar lahzalik bilar,
Tojiklar uch kun deb donolik qilar,
Ajabki o‘zbeklar besh kunni tilar,
Bu umr baribir boqiymas, Tumor…
(“Qizimga xasrat” she’ridan)
Ana shu “besh kunlik umr”ga “bittagina oq ko‘ylak”ka ega holda qaralsa va “yurar yo‘llar”ning “qalin tikanzor”ligi nazarda tutilsa, “benihoyat uzundir umr” degan iqror o‘zini oqlaydi. Shoir nazarda tutayotgan “oq ko‘ylak” inson sha’nini anglatadi. Unga dog‘ tushirmay yashashni maqsad qilganlar uchun umr yo‘li g‘oyat xatarli va uzoq.
...Sotish, sotilishdan osoni yo‘qdir,
Dog‘uli bu yurtga bekor kelibman.
(“Afsus” she’ridan)
Shu o‘rinda yana bir shoirning 1964 yilda, yigirma to‘rt yoshida yozgan satrlarini eslab o‘tishga ijozat bergaysiz:
…Nimanidir axtaraman nondan ham aziz.
Nimanidir axtaraman she’rdan ulug‘roq…
Oradagi yigirma yillik vaqtni hisobga olmasa, ustoz shoir Abdulla Oripovning “O‘ylarim” she’ridan olingan ushbu satrlar dolzarbligi saqlanib turganligi va toabad saqlanib qolajagining guvohi bo‘lamiz. Abdulla aka axtargan o‘sha nimadir aslida IYMON ekanligi, uni axtarish, uni topish, unga ega bo‘lish barobarida uning xizmatida yashash bani basharning eng muqaddas burchlaridan biri bo‘lib qolaverajak.
Shoirlarning hammasi ham ayni yigirma, o‘ttiz yoshlarida ana shunday insonparvar, yurtparvar, iymonparvar bo‘laverishmaydi. Bunday shoirlar yoshiga yarashmagan tarzda nuroniy, o‘ziga va o‘zgalar oldiga zalvorli savollarni qo‘ya biladilar. Shu yoshdagi Mixail Lermontovning “O‘ylarim” she’ridagi ushbu satrlar so‘zimizning isboti bo‘la oladi:
Zamondosh naslimga qarayman g‘amgin,
Uning kelajagi nursiz, sharafsiz…
Umrni nurlantiruvchi, unga ma’no va sharaf baxsh etuvchi iymonga intilish nafas olishdek hayotiy zaruratdir. Iymonga tanaffus e’lon qilib bo‘lmaydi. Iymonli inson uxlab yotganida ham iymonlidir. Iymonsizlik ila hayot kechirib, qariganda iymonli bo‘lib qolish mumkin emas.
Yosh ahmoq yillar o‘tib,
Do‘nar qari ahmoqqa,
deya yozgandi shoir Robert Rojdestvenskiy.
Insoniylik sha’nini, ya’niykim, A’zam aytmoqchi “bittagina oq ko‘ylagi”ni qadrlamagan, “o‘psa netar, yuvsa ketar” tarzida hayot kechirib, bunaqa “oq ko‘ylaklar”ning nechtasini bulg‘ab o‘tadiganlar borib-borib ma’nan yalang‘ochlashib qoladilar. Alal-oqibat, tavba-tazarru fursati yetganida, ijodiy faoliyati mishmishlar tarqatishu ijodkor birodarlarni bir-biriga gijgijlashdan, xusumatlardan ortmaganlar o‘zlarini oqlash uchun, “Tushimga Alisher Navoiy kirdi va: “Sening Yozuvchilar Uyushmasiga nisbatan qilgan gunohlaringni Alloh kechirdi” kabi kurakda turmaydigan yangi mishmishlarni o‘z “tazarrunoma”larida bayon qilgancha, o‘ziga xos piar tashkil qilmoqda. Ha, o‘g‘ri qarisa…
Bunday ijodkor “oka”larga latish shoiri Imant Ziyedonisdan orttirib javob bera olmaymiz:
Shaxsiy manfaat uchun boshga kiymaylik
Bobolar qabridagi gulchambarni biz…
* * *
A’zam bilan yuzma-yuz tanishishim oradan to‘rt yil o‘tib, 1988 yili men “Gulxan” jurnalining “Adabiyot bo‘limi mudiri” sifatida ish boshlaganimda yuz berdi. O‘shanda A’zam “Cho‘lpon” nashriyotida muharrir bo‘lib ishlayotgandi. Ikkala tahririyat ham peshtoqida katta soati bor 16 qavatlik binoning 11 qavatida joylashgan, deyarli har kuni ko‘rishib turardik. Tushlik paytlari foyedagi stol tennisida ikkala tahririyat kuch sinashardik. O‘sha yili taqdir A’zam bahona yana bir ajoyib shoir – Iqbol Mirzo bilan tanishishni tuhfa qildi.
1988 yilninig sentyabr oyida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Do‘rmon Ijod uyida Yosh ijodkorlarning Beshinchi seminar-kengashi o‘tkazildi. Bundan oldingilari – 1984 yilda yosh shoir siftida, 1986 yilda esa she’riyat bo‘yicha ekspert sifatida qatnashganim uchun, bu gal ham shoir Mirpo‘lat Mirzo yigirmatacha seminar qatnashchisi bo‘lgan yosh shoirlarning tayorlab kelgan to‘plamlarini qo‘limga tutqazib, ertangi yig‘ilishga ular asosida tahliliy ma’ruza tayyorlab kelishimni tavsiya qildi. Ularning orasida Iqbol Mirzo taxallusli shoirning she’rlari menga g‘oyat manzur bo‘lib, qiladigan ma’ruzamda uning she’rlariga ko‘proq to‘xtaldim.
Ertasi kuni Do‘rmonga yetib kelganimda A’zam oldimga yoshgina bir yigitni boshlab kelib, uni tanishtirdi – Iqbol! Shu yozda harbiy xizmatdan qaytgan Iqbol A’zamni eskidan o‘ziga ustoz deb bilganidan uni qora tortib, Toshkentga ishga joylashish va adabiyot qozonida qaynab-pishish uchun kelgan ekan. O‘sha seminar-kengashda yosh shoirlardan Iqbol Mirzo va Zebo Mirzolarning yulduzi porladi va hamon nur sochib kelmoqda.
* * *
A’zamning talabalik yillarida Sergey Yeseninga bag‘ishlangan ko‘rgazmali devoriy varaqa fonida tushgan suvrati bor. Qo‘lidagi kitob ham Yeseninning to‘plami bo‘lsa kerak. “Shoirlar qishloqda tug‘ilib, Parijda o‘ladilar” degan gap hamma yurtlar va zamonlarga birday taalluqli. Yesenin she’riyatga oddiy qishloqi cholu kampirlar, omochga qo‘shiladigan otlar, kuchukvachchalaridan ayrilgan ko‘yi oyga qarab uligancha, ko‘zlaridan yulduzdek yosh to‘kkan qanchig‘u pichan uyumlari taratgan bo‘ylarni olib kirgan shoir. A’zamning she’rlarida ham kampirlar, chollar, “otasi qamalgan bolalar”, tumso yeru dalalar aks etgan. Uning “Yakshanba” she’ri Yeseninning “Qarovsiz Rus” she’riga hamohang. Yesenin bu she’rida Lenin boshchiligidagi bolshovoylar davlat to‘ntarishini amalga oshirganidan so‘ng shaharlarda Oliver Tvist singari yetim va qarovsiz bolalar ko‘payib ketganligi, ularning orasida qanchadan-qancha iqtidor sohiblari bo‘lib, ularga mehr-muruvvat ko‘rsatish mavjud hukumatning eng dolzarb vazifalaridan biriligi, ularning kelajagi davlat va xalqning kelajagi ekanligini ta’kidlaydi.
A’zamning “Yakshanba” she’ri ham saksoninchi yillarning ikkinchi yarmida avj olgan “O‘zbeklar ishi” tufayli otalari qamalib ketgan bolalarga achinish tuyg‘usi bilan yo‘g‘rilgan:
Qarashga holim yo‘q ko‘zlariga tik,
Ular ham boshlarin quyi solarlar.
Ko‘zlarda g‘azabmi, uyatmi, hadik,
Jim yurar otasi badnom bolalar…
* * *
A’zam kabi saksoninchi yillarda she’riyatga kirib kelgan yosh o‘zbek shoirlarining lirikasida hozirgidek “o‘ldim-kuydim”lar deyarli uchramasdi. O‘ntacha she’rdan bittasi sevgi haqida bo‘lmasa, turgan-bitgani grajdanlik lirikasi bo‘lib, ijtimoiy mavzularda bo‘lardi. “Avval – Vatan, keyin – jon!” deganlaridek, avval Vatan tashvishi, sevgi esa keyinroq qabilida ijod qilinardi. Axir, tashqarida qandaydir o‘zgarishlar, noroziliklar harakati borayotgandi. Sho‘rolar saltanati ich-ichdan tanazzulga yuz tutgan, iqtisodiy va siyosiy bo‘hron bir paytlar kuch-quvvatga to‘lgan mamlakat hayotini izdan chiqara boshlagandi.
Qishloq do‘konlaridagi peshtaxtalar avvalgidek xilma-xillikdan mosuvo, odamlar un, yog‘, sovun kabi oddiy mahsulotlar kelishini poylab, ulgurganlar ikki-uch qoplab olib, ulgurmaganlar quruq qola boshlagan, kartochka tizimi yo‘lga qo‘yilmagan, ammo bunga majbur bo‘lishsa-da, sotsialistik tuzumga bu narsani yot unsur deb bilishardi. Qishloq va viloyatlardan farqli o‘laroq, Toshkent o‘sha paytlarda hali ham to‘kinlikni qo‘ldan bermagandi. “Katta og‘a”ning ta’siridan qutilish, mustaqillikka erishish, tashqi dunyoga ochilish, qadimdan millatdosh va dindosh mamlakatlar bilan bordi-keldi qilish, tarixni qaytadan yozish, “oq dog‘”larni o‘rganish, xullas, tarixshunosligu elshunoslik, siyosatshunosligu sihatshunoslik bilan shug‘ullanish yozuvchilarning va asosan shoirlarning ishiga aylanib qolgandi.
Saksoninchi yillar o‘zbek she’riyati – O‘zbekiston mustaqilligi tamal toshining asosiy g‘ishtlaridan bo‘lib qoldi. Shavkat Rahmon, Usmon Azim, Xurshid Davron, Yo‘ldosh Eshbek, Muhammad Yusuf kabi zabardast shoirlar yoniga A’zam O‘ktam, Xalima Axmedova, Eshqobil Shukur, Abduvali Qutbiddin, Chori Avaz, Ravshan Fayz, Iqbol Mirzo kabi yosh shoirlar kelib qo‘shilishdi.
Jon talvasasiga tushgan Sho‘rolar saltanati tsenzurasi erkinlik ovozini bo‘g‘ishga harakat qilsa-da, shoirlar yangi va kutilmagan tashbehlar, o‘xshatishlarni ishlatgancha ozodlikka chorlov ohanglarini she’rlariga jo qilgancha, matbuotga olib chiqishni uddasidan chiqishardi. “Kosa tagi nimkosa” tarzida ijod qilish avjga chiqqandi.
Ijtimoiy hayot shoirlarga yangi-yangi mavzularni yetkazib berayotgandi – “O‘zbeklar ishi”, qurib borayotgan Orol muammosi, paxta defolyasiyasi tufayli qishloqlarda, ayniqsa, bolalar orasida turli xastaliklarni avj olayotganligi, o‘ziga o‘t qo‘yayotgan ayollar, omborxonalarga aylantirilgan masjidu madrasalar, qatag‘on qurbonlarining nomlarini ochish va oqlash, Temuriylar tarixi, “Navruz” bayrami va mahalliy atamalarni tiklash va hokazoyu va xokazolar…
Bularning ta’sirida Sharof Boshbekovning “Temir xotin” tragikomediyasi, Tog‘ay Murodning “Ot kishnagan oqshom” qissasi, Erkin Vohidovning “Ruhlar isyoni” dostoni, Murod Muhammad Do‘stning “Lolazor” romani, Mamadali Mahmudovning “Bog‘don qashqiri” qissasi, Alisher Ibodinovning “Quyosh ham olov” hikoyalari, Shavkat Rahmon, Usmon Azim, Xurshid Davron, Muhammad Yusufning turkum she’rlari dunyo yuzini ko‘rdi. Ularning qatorida Chori Avaz hamda A’zam O‘ktamning ham jangovar she’rlari dunyoga keldi.
* * *
…To‘qsoninchi yillar boshi turli adabiy yig‘inlarga juda boy edi. Yozuvchilar uyushmasida o‘tkaziladigan mushoiralar majlislarga, majlislar esa mushoiralarga aylanib ketardi. Uyushmaga yangi a’zo bo‘lgan va shuning ilinjida yurgan yosh ijodkorlar ko‘pincha zalning orqa qatorlarini egallab olardik. Maboda majlis yoki mushoira hay’atidagilar yoxud minbardagi notiq haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan gaplarni tilga olsa, kun tartibidagi masala qolib, boshqa silliqroq mavzularga “o‘tlab ketadigan” bo‘lsa, o‘z-o‘zidan zalning orqa tarafida norozi to‘ng‘illashlar, ma’ruzani bo‘lib tashlovchi qarsaklar paydo bo‘lardi. Bu ishlarning boshida albatta A’zam turardi.
O‘sha yillarda turli ajrashishlar va qayta qo‘shilishlar urfga kirgandi. Ikki Germaniya, ikki Vetnam qo‘shilgan, Chexoslovakiya ikki davlatga bo‘lingan, Moskvadagi Badiiy teatr (MXAT) truppasi bo‘linib ketgan, o‘zimizdagi Hamza teatridan bir guruh aktyorlar boshqa teatrga bosh olib ketishgan va hokozolar yuz bergandi. O‘zimizning Yozuvchilar Uyushmasida ham ana shunday qisqa muddatli bo‘linish yuzaga kelib, bo‘linish tarafdorlari Adiblar Ittifoqini tashkil qilish uchun “Navoiy 30”dagi majlislar zaliga yig‘ilishdi. Yangilanish va mustaqillik tarafdorlari bo‘lgan bu yozuvchilar yangi uyushma Nizomini yaratishga doir masalalarni muhokama qilayotganda orqa qatorni band qilgan yoshlar qandaydir qog‘ozdagi yozuv ostiga imzo chekish uchun bir-birlariga oshira boshlashdi. Menga yetib kelganida, uni o‘qib ko‘rsam, katta yozuvchilardan mustabid tuzum davrida olgan unvon va mukofotlardan voz kechilishini yosh ijodkorlar avlodi talab qilmoqda ekan. Bu talabnomaning ijodkori kim ekan, deya qatorimizda o‘tirganlarga razm solsam, kutganimday A’zam: ”Imzo cheking!” degandek imo qilayapti. Bu talabnomadan bir narsa chiqishiga ishonmasam-da, eldan chiqmaslik uchun imzo chekkancha boshqalarga uzatdim.
O‘zini yosh ijodkor, deb sanaydiganlarning aksariyati imzo chekib bo‘lgach, talabnoma hay’atga uzatildi. Bu talabnomaga hay’atdagilar norozilik bildirishdi. Bunga qarshi yosh ijodkorlar majlisni tashlab chiqishdi. Koridor norozi yoshlarning g‘ala g‘ovuri bilan to‘ldi. Ichkaridan chiqqan kimdir bizdek beboshlarni yo‘lga solish, murosai madora qilish uchun elchilik qilib, oxiri yana ichkariga qaytib kirdik. Ana shunaqa kunlar edi…
* * *
A’zam bilan Chori bir joyda ishlabgina qolmay, ko‘p narsalarda bir xil dunyoqarashga ega, ikkovlari ham shoir Rauf Parfining ashaddiy shogirdlari bo‘lib, deyarli har kuni ustozlarini yo‘qlab turishardi. Ikkalasi xam o‘ta murosasiz, haqiqatni ochiq-oshkor yuzingga aytib qo‘yaverishardi.
“Haq so‘zni bitmoqqa sarflangan siyoh
Jangda tomgan qondek qadrli bo‘lar!”
(A’zam O‘ktam)
O‘sha, saksoninchi yillarning oxirlarida namoz o‘qish tugul, ro‘za tutishlarni xam maxfiy bajarishganlaridan, A’zam O‘ktam bilan Chori Avaz namoz o‘qish uchun tinchgina, xoli xona izlab topgunlaricha yoz kunlari o‘n olti qavatli ishxonamiz peshtoqidagi katta soat ostida joylashgan balkonning( o‘n beshinchi qavatda) pana joylaridan foydalanib yurishgan. Aksar xonalarda besh-oltitadan, buning ustiga, turli millat, g‘ayridin hamkasblar ishlashgani uchun (rahbarlarning xonasi bundan mustasno, albatta), oxiri mening oldimga kelishdi. Mening xonam koridorning eng oxirida joylashgan bo‘lib, bir o‘zim ishlardim. “Xonaningizni savob yo‘lida yarim soatlarga ijaraga berib tursangiz, – dedi A’zam vaziyatni tushuntirib. — Agar istagingiz bo‘lsa, bizga qo‘shiling!” Men xonam kalitini A’zamga berib, o‘zim tushlik qilib kelish uchun ko‘chaga chiqib ketdim. Shu-shu, tushlik va asr paytlari xonani A’zam, Chori va Rauflarga qoldirib, o‘zim yo tushlik qilgani yo chekib kelish uchun chiqib ketadigan bo‘ldim. Oradan biror yillar o‘tib, yurtimiz istiqlolga erishdi va A’zamlarning yashirincha namoz o‘qishlari ham nihoyasiga yetib, ishxonaning o‘zida namozxonlarga alohida xona ajratildi.
* * *
Milliy istiqlol harakati borayotgan o‘sha yillarda unga aloqadorligimizni iloji boricha namoyon qilishga tirishardik. Umrining katta qismi Stalin qatag‘onlari, urush va qahatchilik yillariga to‘g‘ri kelgan katta yoshdagilarning ehtiyotkorligidan farqli o‘laroq, nisbatan tinch va to‘kin yillarda voyaga yetgan bizdek yoshlarda tavakkalchilik, yangilikka intilish tuyg‘usi baland edi. Milliy qadriyatlarni tiklashga urinardik. Bu juda qaltis yo‘l bo‘lib, sal me’yoridan oshirib yuborsang millatchiga aylanib, milliy mahdudlik ko‘chasiga kirib qolishing ham hech gapmasdi. O‘sha paytlarda milliylikka qaytishni namoyish qilgim kelib, ishga oq yaktagu oq shim, boshga do‘ppi kiygan holda “g‘oz yurish” ila kela boshladim. Qishloqdan to‘nimni ola kelib, uni kreslomga “kiydirib” qo‘ydim.
Oradan bir hafta o‘tib, dam olish kunlari vodiyga ketgan A’zam mendan ham o‘tgan holda, oq yaktagu ishtonda, oyoqda mahsi-kovush, belida shoyi belbog‘ bilan ishxonaga tashrif buyurdi. Koridordagi g‘ala-g‘ovurni ilg‘ab, xonamdan chiqsam, ikkala tahririyatdagi qiz-juvonlar kimnidir o‘rab olgancha nimalarnidir muhokama qilishyapti. O‘sha paytda ishxonama-ishxona narsa sotib yuradiganlar paydo bo‘lganligidan biror narsa sotishyapti, shekilli deya ularga yaqinlashsam, ayollar olomoni A’zamning egnidagi kiyimlarni tomosho qilishayotgan ekan. “Gap yo‘q! — dedim A’zam bilan qo‘l berib ko‘risharkanman. — Belbog‘ni bog‘labsiz-u, unga pichoqni osib olmabsiz.” “Unisiyam bor!” dedi A’zam va mahsining qo‘njidan qinga solingan chust pichog‘ini olib ko‘rsatganida, ayollar xona-xonalariga tarqashib, tomoshayam tugadi.
* * *
Istiqlol arafasi bo‘lgan 1991 yil boshidan men ham “Cho‘lpon” nashriyotiga muharrir sifatida ishga kirdim va shu paytgacha ijodkor do‘stim bo‘lib yurgan A’zam bo‘lim mudiri sifatida boshlig‘imga aylandi. Qo‘l ostidagi xodim sifatida unga ko‘p aziyatlar yetkazib turardim. Ayni defitsitlar payti bo‘lganligidan, ishxonamizning yonidagi SUMga kamyob mollar chiqarilib turar, xaridorlar ikki-uch soatlab navbatda turib, bitta pasportga bittadan narsa sotib olishardi. Ravshan Fayz ikkalamiz ishdan “quyon” bo‘lgancha uch qavatli SUMda turli navbatlardan joyni band qilib, bir-ikkita narsa xarid qilgancha ishxonaga qaytardik. A’zam meni tergay olmay: ” Stolingizga ish tashlab qo‘ydim, vaqtingiz bo‘lsa ko‘rarsiz”, deya olardi, xolos.
Ko‘pchiligimiz turli viloyatlardan kelganligimiz uchun, juma kunlari tushdan keyin yurtiga jo‘nab ketish, dushanba kuni esa ishga bir-ikki soat kech yetib kelish odat bo‘lib qolgandi. Ana shunday dushanbalardan birida men tong-sahar Bekobod avtostantsiyasidan Toshkentga qatnaydigan avtobusga chiqib olish uchun kimsasiz yo‘lda ketayotsam, bir “Jiguli” yonimdan o‘tib ketib, ancha narida to‘xtadi va birov meni chaqirishga tushdi.
Tong qorong‘usida uning kimligini bilolmay, mashinaga yaqinlashsam, A’zam vodiydan kelayotgan ekan (U paytlarda vodiyga Bekobod orqali qatnalardi). “O‘tiring mashinaga!” dedi va meni hamrohlariga tanishtirdi. Boshliq va uning xodimi an’anaga ko‘ra ishga kech qolayotgan edik. Meni Sobir Rahimov (hozirgi “Olmazor”) metro bekatida qoldirisharkan, A’zam: ”Men mana bularni falon klinikadagi tanish professorga ko‘rsatib, joylashtirib, xudo xohlasa, tushdan keyin ishxonaga o‘taman, so‘rab qolishsa meni shu o‘rtada yuruvdi deb qo‘yarsiz!” dedi. Men unga javoban: ”Nimalar deyapsiz, boshliqlar kechikmaydi, ular ushlanib qolishadi, xolos!” dedim va bekatda farg‘onacha, a’zamona qahqaha yangradi.
* * *
Inson umri savollardan iborat. Mevali darat bahorda qiyg‘os gulga kirgandek, inson ham umrning turli fasllarida savollardan iborat gullarga burkanadi. Bolalikdagi bu savollarning aksariyati boshqalarga berilsa, bora-bora faqat o‘ziga atalgan savollarga javob izlash tafakkur bandalarining mashg‘ulotiga aylanib qoladi. Savolsiz odamlar esa mevasiz daraxtdek, o‘tinlikka yaraydilar, xolos…
A’zamning ko‘plab she’rlari biror savolga yoki savollar karvoniga asoslangan holda yoziladi yoki savol berish bilan tugaydi:
…O‘zingni kim deya bilding dunyoga?
…Qaysi yo‘lga kiribman,
Qay sori ketti pirim?
…Barin javobin so‘raganingda,
Yuzingga qandoq qarayman?
…“Bideh qon” — “Qon ber”dan
Qolganmi dehqon?
…Bir kun kelsa (Chindan-da kelar),
Qandoq javob beraman ul on:
Qalamlarga til bitsa agar,
Bitsa agar qog‘ozlarga jon?
…Girdobiga tortar o‘jar savollar.
…Kim erdik, kim bo‘ldik, kim bo‘lurmiz biz?
…Kim dindan va’z o‘qir mayxonaga kelib?
Yo …Yildan yilga yetaklab o‘tgan
Orzularim ushalmadi-ku?!
* * *
A’zam bilan tez-tez askiya aytishib turardik. Bir kuni yangi tashkil etilgan “O‘zbekiston tabiati” gazetasida A’zamning bir betcha she’rlari surati bilan bosilib chiqdi. Shunga ishora qilgancha: ”O‘zbekiston tabiati”ga she’rlaringiz bilan katta zarar yetkazibsiz, uni qayta tiklanishiga ancha yillar kerak bo‘ladi!” deb askiya qildim va men ham she’rlarimni ko‘targancha o‘sha tahririyatga borib, Iqbol Mirzoga ularni tashlab keldim. Keyingi hafta mening ham she’rlarim suratim bilan bosilib chiqdi. Endi A’zam menga: ”O‘ebekiston tabiati”ga siz yetkazgan zararning oldida meniki holva-yu, og‘ayni! Endi u qayta tiklanmaydi! Ho-ho-ho-ov!” deya askiya qilgandi.
* * *
O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganidan so‘ng, 1991 yilda Qur’oni Karimni o‘zbek tilidagi tafsirini nashr qilish baxti “Cho‘lpon” nashriyoti chekiga tushdi. Bu ishning boshida turish A’zam boshliq bizning taxririyatga topshirilgandi. U paytlarda hali kompyuterlardan foydalanmasdik, mashinkalangan tekstni tipografiyaga tayyorlashdan oldin bir kishi asliyatni o‘qib, boshqasi matnni tekshirib borishi kerak, bu ishni kaminalari musahheh Shohida opa Soatova bilan amalga oshirardik. Bu ish jarayoni tufayli xonamizga rahbariyatdan bosh muharrir Anvar Obidjon, nashriyot direktori Nurali Qobul, Lavhul Mahfuzning tarjimoni Alouddin Mansur domlani boshlagancha tez-tez kirib turishardi.
* * *
Rauf Parfi shogirdlari orasida Chori Avaz, A’zam O‘ktam va Ilhom Ahror ham ruhan, ham ijodlari bilan ustozlariga yaqin kela olgan shoirlardir.
* * *
Sobiq Sho‘rolar saltanati parchalanib ketganidan so‘ng urush yillari yurtlaridan badarg‘a qilingan qrimtotorlar yurtiga qayta boshladi. A’zam oilasi bilan bir qrimtotorning uyida ijarada turishardi. Uy shoshilinch sotuvga qo‘yiladigan bo‘lib qoldi va ayni qish kunida oladigan xaridor chiqdi.
“Uf tortar ayolim,
Xunob xo‘jayin.
Ichimda o‘zimni so‘kaman nuqul:
“O‘g‘il-qizingga joy hozirlamayin
To‘maris demay o‘l,
Temur demay o‘l!”
Uyning yangi sohiblari ijarachilarning ahvolini tushinishib, to yangi ijaraxona topgunlaricha yashab turishlariga izn berishdi…
* * *
A’zam O‘ktamning she’rlaridan joy olgan ko‘plab satrlar “qanotli so‘z”larga aylanib ketgan. Mana ulardan ayrimlari:
…Shoirmas so‘zni ming ko‘ylarga solgan,
She’rni deb ming ko‘yga kirganlar shoir!
…Tanib, jilmayganing nikohdan ortiq!
…Hammasidan yov qochgani zo‘r:
Bolalaydi botirlar.
…Makkajo‘horizo — bir maydon ayol:
Yo‘rgaklangan bola kuchoqlab
Shukr namoziga saflangan.
…U o‘zini baland olmadi ,
Sen o‘zingni past tutding, xolos.
…Qulog‘imga yetdi yomon gap
Teshib o‘tgach onam ko‘ksini.
…Ertak aytsang o‘g‘lingga,
Uxlatmaslik uchun ayt.
…Muhabbatni ermak deb o‘ylar
Muhabbatdang tug‘ilmaganlar.
…Tingladim: alqar baliq ham
Tama bilmas kimsani .
…Yig‘lab janozamga kelsang- o‘lardim.
…Berganimmas, totgan tuz yodimdadir.
…To‘ygunimcha yeyman pushaymon,
Orqasidan chekaman afsus.
* * *
A’zam bilan yana 1997 yilda bir yilga yaqin Do‘rmondagi Ijod uyida qo‘shnichilikda yashadik. Men “O‘zteleradiokompaniya”ga muharrirlikka ishga kirgandim va yashash joyim bo‘lmagani uchun Uyushma a’zolariga beriladigan bir oylik pansiondan foydalanib, uch qavatli korpusdagi xonada yashay boshladim. A’zam ham shu yerdagi xonalardan birida mendek vaqtincha yashab turgan ekan. Uni ko‘rmaganimga to‘rt-besh yillar bo‘lib qolgandi (1992 yilda men Bekoboddagi “O‘zmetkombinat”ga tarjimon bo‘lib ishga ketgandim). Bu orada ikkalamiz ham do‘stlarimizdan ajralgandik. Chori Avaz 1992 yil kuzida, Ravshan Fayz esa 1995 yilning avgust oxirida vafot etishgandi.
A’zam juda vazminlashgan, ilgargidek yayrab kulmas, o‘zim yo‘qlab bormasam xonasidan chiqavermasdi. Oilaviy muammolari bor bo‘lsa kerak deb o‘ylardim va so‘rab-surishtiravermasdim. Bu orada pansion muddati tugab, yana boshpana izlashga tushdik. A’zam andijonlik shoir To‘lan Nizom ijaraga olgan ikki qavatli chorbog‘da yashay boshladi. Muhammad Yusuf o‘zining chorbog‘idan menga joy berdi. Kech tushgan mahallari uyquga yotishdan oldin bog‘ni aylanib kelish uchun ko‘chaga chiqardim va A’zamni chorbog‘iga ovoz berib, uni ko‘chaga chaqirib olardim. Ikkalamiz poyu-piyoda tungi sayrga chiqib, sal teparoqdagi Shavkat Rahmonning chorbog‘iga yetgach, u yerda yashayotgan yozuvchi Nabijon Boqiyni chaqirib olardik.
Keyin uchovlashib asosiy korpus hovlisiga borib, tashqarida biror tanish kishi o‘tirgan bo‘lsa, yarim soatcha suhbatlashib ortga qaytardik. O‘sha paytlarda korpusda dam olayotgan shoir Sayyor, xorazmlik shoir Matnazar Abdulhakim yoki yozuvchi Shukur Xolmirzayev uchrab qolardi. Shukur akaga yurishdan ko‘ra o‘tirib gaplashish ma’qul kelar va buni shunday izohlardi: “Bir uzoq umr ko‘rgan odam shunday degan ekan: “O‘tirishga imkon borida tikka turmadim, yotishga imkon borida o‘tirmadim!..”
Matnazar akaning gapi esa: ”Yuringlar, sizlar bilan bog‘ni aylanib qaytay!” To‘rtovlashgancha uzum ishkomlari ostidagi qorong‘u yo‘lakda bir tog‘dan, bir bog‘dan gaplashgancha ketar ekanmiz, har kecha yotishdan oldin yengilgina bog‘ aylana yugurishu jismoniy mashqlar bilan shug‘ulladigan yozuvchi Primqul aka Qodirov yonimizdan chopib o‘tib ketar, buni birov bilsa, birov payqamay ham qolardik.
Darvoqe, o‘sha kunlarda Shukur aka A’zamjonning yo‘lini to‘sib: “Uka, har tomonlama to‘kis yigitsiz, ammo bitta kamchiligingiz bor”, deydi. “Qanaqa kamchilik ekan, tuzatamiz, Shukur aka?” deb so‘raydi A’zam kulimsirab. “Surxondaryodan emassiz-da, A’zamjon!” deydi Shukur aka. A’zamjon xandon otib yuboradi. Shu kuni ular o‘rtasida bo‘lib o‘tgan ajabtovur suhbat butun Do‘rmon bog‘iga tarqaladi.
* * *
Ana shunday tungi kezishlariimzdan birida, tepamizdagi osmonda yulduzlar oralab ko‘z ilg‘amas tezlikda suzib o‘tayotgan dumli yulduz – kometa suhbatimiz mavzusi bo‘lib qoldi. Matnazar aka dumli yulduzga ta’rif berib, u har o‘ttiz besh yilda bir marta mana shunday tungi osmonda bir yarim-ikki oy mobaynida ko‘rinib, Yer sayyoramiz yonidan nisbatan abadiy yo‘lida davom etib o‘tishini aytdi: “O‘rtacha sakson yil yashaydigan odam uni umrida ikk marotiba ko‘rishi mumkin. Men buni bolalik paytlarim ko‘rgandim. Endi mana ikkinchi marotiba ko‘ryapman. Uchinchi marotiba ko‘rish nasib qiladimi-yo‘qmi, xudo biladi…”
Uchar yulduz kelar qaytib,
Qaytarmikan o‘chgan yulduz.
Foniylikning diyoridan
Boqiylikka ko‘chgan yulduz.