Olimjon Bo‘riyev. Tarjimami, tajriba?

Ma’lum davrlar elimiz o‘z dini, islomiy qadriyatlardan mahrum bo‘lib kelgani sir emas. Istiqlol sharofati bilan Qur’oni karim, Payg‘ambarimiz hadislari, «Chor kitob», Imom Buxoriy va Termiziylar jamlagan sahih hadislar tarjimalari jild-jild holida nashr etildi. Turg‘unlik yillari nafaqat diniy, balki so‘fizmga oid asarlar ham nashr etilmaganligi bois, hurriyat shamoli tasavvufshunos qalamkashlar fikr jamolini ochib, madaniy merosning yana bir qirrasidan millatimiz bahramand bo‘ldi. Avvallari o‘zbek kitobxonlari Jaloliddin Rumiyning nomini eshitib, asarlarini o‘qishni orzu qilardi. Bugunga kelib, mutasavvuf shoirning bir emas, bir necha asarlari kitobxonlarga armug‘on etildi: «Ichindagi ichindadir», «Masnaviyi ma’naviy» (sharhi bilan tarjima), «Masnaviyi ma’naviy» (she’riy tarjima), shuningdek, shoirning Shamsi Tabriziy taxallusi bilan yozilgan g‘azallari tarjimasidan namunalar matbuotda e’lon qilindi. Mazkur tarjimalarning eng salmoqli va diqqat-e’tiborga tushadigani «Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi» nashriyoti 2001 yilda nashr etgan Mavlono Jaloliddin Rumiyning Jamol Kamol tarjimasidagi “Masnaviyi ma’naviy”dir (1-jild). Kitobga filologiya fanlari doktori Ibrohim Xudoyor (Eron) va Ja’far Muhammad muharrirlik qilishgan. So‘zboshi muallifi filologiya fanlari doktori Orif Usmon.
Kitob Orif Usmonning «Ma’naviyat dengizi» sarlavhali mufassal so‘zboshisi bilan ochiladi. Tasavvufshunos olim kitobxonlarga «Mavlaviya» tariqati haqida tushuncha berib, juda ko‘p qimmatli, haligacha matbuotimizda zikr etilmagan ma’lumotlarni keltiradi. Ayniqsa, uning Shamsi Tabriziyga doir fikrlari maroqlidir. Mushtariylarni kitob mutolaasiga chorlovchi so‘zboshi shunday yakunlanadi: «Olti kitobdan iborat «Masnaviyi ma’naviy»ning o‘zbek tiliga o‘girilishi madaniy hayotimizda yirik voqea, adabiyotimizning aytsa arzigulik, salmoqli yutug‘idir.
Ma’naviyat masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan hozirgi sharoitda «Masnaviyi ma’naviy»ning nashr etilishi muhim ahamiyatga ega bo‘lib, u yoshlarimizni ma’naviy barkamol qilib tarbiyalashda dasturulamal bo‘lib xizmat qilishiga shak-shubha yo‘q».
Asarda Jaloliddin Rumiyning Ollohga hamdu sano tariqida yozgan muxtasar nasriy ibtidosidan keyin tarjima «Debocha»si keladi:

Tingla naydin, chun hikoyat aylagay,
Ayriliqlardin shikoyat aylagay.
Men qamish erdim, kesib keltirdilar,
Nolishimdin el hama oh urdilar.
Aylasin yuz pora ko‘ksimni firoq,
So‘ylagaymen sharhi dardu ishtiyoq.
Kim yiroq tushsa, yo‘qotsa aslini,
Izlagay boz ro‘zg‘ori vaslini.
Davralar ko‘rdim necha nolon bo‘lib,
Jufti badholonu xushholon bo‘lib.

Asliyat:

Bishnav az nay chun hikoyat mekunad,
Az judogiho shikoyat mekunad.
K-az nayiston to maro buridaand,
Az nafiram mardu zan nolidaand.
Sina xoham sharha-sharha az firoq,
To bigo‘yam sharhi dardi ishtiyoq.
Har kase ki dur mond az asli xesh,
Boz jo‘yad ro‘zgori vasli xesh.
Man ba har jam’iyate nolon shudam,
Jufti xushholonu badholon shudam.

Qadimdan sharq falsafasida Ud – sevinch tori bo‘lsa, Nay – g‘am-qayg‘uni ifodalovchi musiqa asbobidir. Jaloliddin Rumiy nechun so‘zni «nay» hikoyatidan boshladi? Nay nima o‘zi? Ushbu savolga javob shudirki, nay – bu dunyoviy dardu g‘am. Shu nuqtai nazardan, mutarjim qanday ish tutganini bir tahlil qilib ko‘raylik. Birinchi bayt ancha mashhur bo‘lib, avvallari ham asliga yaqin tarjima qilingan edi. Bu matnda ham tarjimaga e’tiroz yo‘q. Nayni tingla, ayriliqlarning azobini so‘zlamoqda. Qaysi ayriliq azobini, kimlarning hasratini degan savolga keyingi baytda javob topamiz: «Men qamish edim, kesib keltirishib, fig‘onimdan erkak-ayol oh urdilar». Ha, erkak va ayol deyilmoqda, «el hama» emas. Demak, bor yo‘g‘i bir erkagu bir ayol. Ular kim edi? Ular o‘sha shodlik ma’vosi – jannatdan zaminga shayton kasri ila quvg‘in bo‘lgan Odam Ato va Momo Havvo erdilar. Rumiy tasavvuf shoiri, uning har bir majoziy ishorasi tagida yana bir gap bor. Afsuski, ba’zida tasavvufshunoslar bu masalaga yuzaki qarashadi. Odam Ato va Momo Havvoni hasratdan yig‘latgan nay – g‘am yana haddan oshib: «Firoq – ayriliqdan ilma-teshik bo‘lgan siyna – ko‘kraklarga ishtiyoq dardini so‘zlashni istayman», deydi. Nayning nima uchun bunday shafqatsizlik qilishi keyingi baytda ma’lum bo‘ladi: «Har kimki o‘z asli (o‘z jannati)dan uzoqda qoldi, Oldingi hayotini yana qo‘msaydi», ya’ni Odam ila Havvo yerda g‘amdan «yum-yum» yig‘lab, jannatni sog‘inadi, siqiladi, yuragi g‘amga to‘ladi. Men ularning chok-chok siynalaridan g‘amni yuvib turaman, deb inson bu dunyoda g‘am chekishga mahkumligi va uni ketkazish vositasiga muhtoj ekanligini ma’lum qiladi. Keyingi baytda esa, Odam ila Havvoni yig‘latgan nay ancha keyin, odamlar ko‘payganda sodir bo‘ladigan voqealarga e’tibor qaratadi: «Men har bir jamomat – ko‘pchilik yig‘inida yig‘laganimda yomon ahvoldagi bechoralar va shodu xursandlarga juft-hamdam bo‘ldim», deydi. Demak, nayning ingrashi mahzunga ham, masrurga ham bir xil ta’sir qilar ekan. Nima demoqchi hazrati Rumiy? Yuqoridagi she’riy tarjimada asliyat bilan solishtirilganda muddao to‘la hosil bo‘lmaganligi bilinadi.
O‘n uchinchi bayt tarjimasi: «Qonli yo‘llardin hikoyat aylagay, Ne emish savdoyi Majnun, so‘ylagay». Ushbu baytda «lagay» radifi olib tashlansa, «ay-so‘y» o‘zagi she’riy qofiya talabiga javob bermasligi ko‘zga tashlanadi. Asliyat: «Nay hadisi rohi purxun mekunad, Qissaihoi ishqi Majnun mekunad», ya’ni «Nay purxun (qonli) yo‘llar hikoyasini aytib, Majnun ishqi qissalarini so‘zlaydi». Yuqoridagi baytda «nay» so‘zi vaznga sig‘magani bois tushirib qoldirilgani uchun «qonli yo‘llardan» kim hikoyat aylayotgani mavhum bo‘lib qolgan. Rumiyning har bir bayti, ya’ni ikki misra to‘liq ifodaga ega. Baytning mazmuniga putur yetkazmaslik uchun «ega» va «kesim»ni to‘la saqlash kerak edi. Yuqoridagi o‘n ikki misra tahlili, kitobning 25-sahifasi, dostonning boshlanishidir. Qolgan misra va baytlarni ham birma-bir solishtirib chiqishga, afsuski, imkon yo‘q, aks holda maqola cho‘zilib, qiziquvchilarni urintirib qo‘ygan bo‘lardik. Muxtasar aytadigan bo‘lsak, «Masnaviy»ning ilk satrlaridan Rumiy fikri shohtomiri – nabzini topolmagan mutarjim asarning mazmun, musiqa ohangini ilg‘ab, o‘z ona tilida shunga muqobil san’at asari yaratolmagan. Fikrimiz dalili uchun kitobning 29-sahifasidan misol keltiramiz:

Ustuxon bo‘ldi kanizak sarg‘ayib,
Shoh esa o‘rtandi ko‘zdin yosh quyib.
Sharbat ichsa, hosili safro edi,
Ichdi bodom yog‘i, battar qurg‘adi.

Mazkur to‘rt satrning qofiyalari: «sarg‘ayib – quyib, edi – qurg‘adi» o‘zaro qovushmaganidek, boz ustiga asliyat ma’nosiga ham putur yetgan:

On kanizak az mariz chun mo‘y shud
Chashmi shah az ashki xun chun jo‘y shud.
Az qazo sirkangabun safro namud,
Ravg‘ani bodom xushki mefuzud.

Mazmuni: «Ul kanizak kasallikdan qil kabi ozib, Shohning ko‘zi qonli yoshdan arig‘ bo‘ldi. Qazo (qismat)dan sirka va asal safroga aylanib, bodom yog‘i quruqligini oshirardi» (yoqib jizg‘anak qilardi).
Kitobning 105-sahifasidagi ushbu baytni ko‘raylik:

Ovladi gardun qushini domlari,
Ham fazilatga do‘nib nuqsonlari.

Deyarli har sahifada qovushmay kelayotgan bayt qofiyalariga yana bir misol: «domlari – nuqsonlari». Ko‘plab uchraydigan bunday qofiyalangan baytlar she’riy tarjima qonun-qoidalariga to‘g‘ri keladimi? «Domlari» – ya’ni tuzoqlari «ov qilishi» mumkinmi? Axir, u tuzoq-ku! Yo qopqondir. U faqat kelib ilingan ovni tutishi mumkin. «Ov qilmoq» esa jonli odamga yoki hayvonga xos. Chunki ular harakat qila oladi. Ikkinchi misra: «Ham fazilatga do‘nib nuqsonlari» – ayri holda yaxshi jaranglagani bilan asliyat muqobili emas:

Domhoshon murg‘i garduni girift,
Nuqshoshon jumla afzuni girift.

Mazmuni: «Tuzoqlari samoviy qushlarni tutgach, barcha (aybu gunohlari) nuqslari ziyoda bo‘ldi». Rumiy mazkur baytda ovi baroridan kelgan shaxsning nafsga berilishi ila gunohga g‘arq bo‘lganini anglatmoqda. Mutarjim esa asliyatga teskari fikrni ifodalagan. Kitobning 110-sahifasidagi ushbu bayt ham qofiyalanmagan:

Ilm bois, jumla jonzotlarki bor,
Odamiy oldida ojiz, bemajol.

Asliyati:

Odamiro z-in hunar bechora gasht,
Xalqi daryoho va xalqi ko‘hu dasht.

Mazmuni: «Dashtu sahro, daryoyu dengizdagi jonivorlar insonning (aql ishlatib ov qilish) hunari oldida ojiz qoldilar». Mutarjim esa «jonzotlarni ilm bois», ya’ni ilmli bo‘lgani uchun «Odamiy oldida ojiz, bemajol», deydi. Asliyatda umuman «ilm» so‘zi yo‘q. Chunki ovchilik uchun ilm olgan mullo bo‘lish shart emas. Ovchilik uchun hunar, hiyla, nayrang, ustomonlik kerak. Mutarjim yuqoridagi mavhum baytda ilmni qay tarafga in’om etmasin – jonzotgami, odamiygami baribir mantiqan o‘rinli emas.
Har bir ijodiy ish qayta-qayta ko‘rib chiqiladi, qusur va nuqsonlari bartaraf etiladi. Ayniqsa, Rumiyning «Masnaviyi ma’naviy»sidek murakkab asar bir zarb ila har qanday tarjimonga bo‘yin bermasligi tabiiy. Mazkur tarjima kitobida uchraydigan turli qusurlar, afsuski, mo‘l. Shulardan biri yana qofiya masalasi: «temir – ul» (296-s), «bul – kelur» (297-s.), «temir – qizil» (298-s.), «rahm – dam» (303-s.), «ul – aksidir» (305-s.), «bot – ahd” (306-s.), «jo‘ram – yaxshiman» (306-s) ”ul —shukur“ (307-s) va hokazolar. Shuningdek, forsiy, arabiy so‘zlar ham izoh berilganiga qaramay tarjimaning g‘alizligini oshirgan:

Bulbasharkim, allamul-asmo begi,
Necha yuz ming ilm ila to‘lmish ragi.
Har ne borkim, har ne bo‘lgay, bori bas,
Bir yo‘la joniga bermish erdi dast.
Ne laqab bermishdi ul, o‘zgarmadi,
Ne demish erdi shitob, sust bo‘lmadi.

(Mutarjim izohi: 1. Allamul-asmo – «Ismlarni o‘rgatadi…» oyatning begi, Odam; 2. Rag – tomir.)
Yuqoridagi satrlar 127-sahifadan o‘rin olgan. Kitobxoniga tushunilishi qiyin bo‘lgan lafzda tarjima qilingan: «ODAM ALAYHISSALOM QISSASI, QAZO UNING NAZARINI MUROOTI SARIHI NAHIYDAN BOG‘LAGACh, TA’VILNI TARK ETGANI» sarlavhali bobdan olindi. Men o‘zim ham tan olishim kerak, ko‘p narsani bilmayman. Oddiy kitobxon sifatida, mazkur bobdan keltirilgan misolning mag‘zini chaqolmadim. Tushunib yetishim uchun asliyat va lug‘at taqozo etiladi. Oddiy kitobxon-chi? Ularda bunday imkon yo‘q-ku! Ha, bir donishmand aytgan ekan: «Echki sotib olishga imkonim boru xohishim yo‘q, qaniydi ot sotib olib, minib sayr qilib yursam. Afsuski, xohishim boru imkonim yo‘q», deb. Qissadan hissa shuki, mutarjim xohish va imkonini mutanosib etib, asarni o‘zbek kitobxonlari tushunib, rohatlanib, qiynalmay o‘qiydigan darajada qayta ishlashi lozim.
Mutarjim hali kitob qilinmagan vaqtli matbuotda bosilayotgan ba’zi baytlarni ham yuqorida bildirilgan e’tirozlar asosida ko‘zdan kechirsa, foydadan xoli bo‘lmasdi:

Oshiqi sun’i Xudo afzal erur,
Oshiqi masnu’ ado kofar erur.

Mutarjim birinchi satrga: «Allohning san’atiga oshiq bo‘lganlar», deb izoh bergan. Ikkinchi misra shundog‘icha tarjima qilinmay qolgan, radifi «buvad – erur» deb o‘girilgan. Asli:

Oshiqi sun’i Xudo bartar buvad
Oshiqi masnu’ ado, kofar buvad.

Mazmuni: «Allohning yaratgani afzal, avlo erur, unga maftunlik esa «oq qog‘oz» — kofar uzra bitilgan she’r – «Masnaviyi ma’naviy» nazarda tutilmoqda, agar uning Alloh so‘zi asosida bitilganiga e’tibor qaratsak, sun’i Xudo – Qur’oni karim degan fikr kelib chiqadi.
Albatta, «Masnaviyi ma’naviy»ni asliyat darajasida tarjima qilish g‘ayri imkondir. Lekin xohish va azmu ko‘shish bo‘lsa, o‘zbek tili – ona tilimiz har qanday asarni tarjima qilish uchun behaddu hudud cheksiz imkonlarga ega. Buyuk Navoiyning qutlug‘ tilida Rumiyni «so‘zlatish» uchun mutarjimga omadlar tilab qolaman.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2002 yil 25-sonidan olindi.