Aleksandr Pushkin va Shavkat Rahmon… Bu ikki otashnafas shoir tug‘ilgan davr orasidagi tafovut bir yuz ellik yilni tashkil etadi. Pushkin o‘ttiz sakkiz, Shavkat Rahmon esa qirq olti yil umr ko‘rgan. Pushkin Rossiyaning uyg‘onish davrida yashagan bo‘lsa, Shavkat Rahmon qalami O‘zbekistonda mustaqillikka erishish harakatlari avj olgan pallalarda charxlandi. Pushkin Pyotr Birinchi haykali haqida “Mis chavandoz”nomli she’riy qissa yaratgan bo‘lsa, Shavkat Rahmon xuddi o‘sha haykalga “Jez otliq” nomli she’rini bag‘ishladi…
Ikki yuz yildan beri jahonning mashhur shoirlari qatorida kelayotgan Aleksandr Pushkin “Mis otliq” she’riy qissasini 1833 yilda yozgan. Asar so‘zboshisida shoir: “Bu qissada tasvir etilgan voqea ayni haqiqatga asoslangan. Toshqinga doir tafsilotlar o‘sha vaqtdagi jurnallardan olindi. Qiziquvchilar V.N. Berx tuzgan axborotni ko‘rib chiqishlari mumkin,” deya qisqagina izoh berib o‘tadi. “Mis otliq” she’riy qissasi ko‘p tarmoqli asar. Asarning asosiy qirrasi Pyotr Birinchi shaxsiyati, qudrati bilan bog‘langani bois qiziqarlidir. Ba’zi manbalarda ta’kidlanishicha, Pushkin bu asarini buyuk polyak shoiri Adam Mitskevichning shu mavzudagi she’riga javob tariqasida bitgan. Ma’lumki, Pushkin Rossiyaga kelgan A. Mitskevich bilan do‘st tutinadi. Uning ba’zi balladalarini ruschaga o‘girgan. Adam Mitskevich ham Pushkin qalamiga mansub “Xotiralar”ni polyak tiliga tarjima qilgan. Xulosa yasab aytish joizki, o‘n to‘qqizinchi asrdayoq Pyotr Birinchi shaxsiyati timsoli – mis otliq obrazi talqini an’anaviy tus olgan.
V.Bryusov “Mis otliq” dostoni haqida so‘z yuritarkan, uning birlamchi xususiyati sifatida “fabula va mazmunining mos kelmasligi”ni ko‘rsatadi. Dostonning qisqacha mazmuni quyidagicha: Peterburgning qoq markazida o‘z xalqining taqdiri, asos solgan buyuk imperiyasining kelajagi haqida chuqur o‘yga tolgan kelbatli mis otliqning haykali savlat to‘kib turardi. Haykalning qarama-qarshi tomonida fatarot bo‘lgan kulba va chaylalar, bechoralik va yo‘qsillikning mumtoz namunasiga aylanib qolgan baliqchilarning boshpanalari ko‘rinardi. Ana shunday kulbalarning birida aftodahol, turmushi ham, dunyoqarashi ham, orzulari ham haminqadar bo‘lgan kichik amaldor – Yevgeniy o‘ziga munosib Parasha ismli qizning muhabbati bilan xayol surib umrguzaronlik qiladi. Milodiy 1824 yilda kunlarning birida Neva daryosida qattiq to‘fon ko‘tarilib, sel Yevgeniyning kulbasini ham, Parasha va uning beva onasini ham o‘zining halokatli domiga tortadi. Hijronda Peterburgning sel bosgan ko‘chalarida yarim tungacha tentirab yurgan Yevgeniy shaharning markazida bu ofatlar mis otining tuyog‘igacha ham kelmagan Pyotr haykalini ko‘rib qoladi-yu o‘zining barcha nafrat va g‘azabini unga sochadi. To‘satdan uning nazarida haykal jonlanib, u tomon ot solgandek tuyuladi. Yevgeniy bir amallab otliqdan qochib qoladi, ammo bu dahshatli qo‘rquv oqibatida aqldan ozib, bir necha oydan so‘ng vafot etadi…
Evgeniyning armonli muhabbati va uning boshiga tushgan kulfat va musibatning tasviridan tashqari dostonda syujetga unchalik aloqasi bo‘lmagan bo‘limlar, batafsil tasvirlar ham borki, bu Pushkinning aytmoqchi bo‘lgan gapi syujetdan ko‘ra ancha teran va salmoqli ekanligiga ishora qiladi. Shu sababdan, “Mis otliq” dostoni ko‘plab adabiyotshunoslar, tanqidchilar tomonidan tahlil va tadqiq qilingan1.
“Jez otliq” she’ri esa Shavkat Rahmonning maslakdoshlaridan biri, marhum Asqar Mahkam tomonidan “Adabiyot ibodati” essesida batafsil tahlil etilgan bo‘lib, “Hurriyat” gazetasida “Shavkat Rahmonning she’riy bashorati” nomi bilan alohida maqola shaklida ham e’lon qilingan. Bizning maqsadimiz esa Pyotr Birinchi haykalining Pushkin va Shavkat Rahmon talqinida qiyoslab, aloqadri hol xulosa chiqarish.
Dastlab ikkita she’rning sarlavhalari haqida. Pushkinning dostoni “Mednыy vsadnik” (“Mis otliq”)2 deb atalsa, Shavkat Rahmon bu haykalga bag‘ishlangan she’riga “Jez otliq” deb sarlavha qo‘yadi. Bilamizki, jez – mis va rux birikmasidan hosil bo‘lgan qotishma metall. Aynan ana shu metall ixtirosidan keyin qurol-yarog‘, aslaha yasash avj olib, yer yuzining turli go‘shalarida miloddan avvalgi 2-ming yillikda ilk davlatlar paydo bo‘la boshladi. Teranroq nazar tashlaydigan bo‘lsak, jez ixtirosi – insoniyat tarixida zulm va zo‘ravonlik, bosqin va urushlar davrini boshlab bergandek taassurot qoldiradi. Yana bir qiyos: Rossiya mamlakati yarmi Osiyo, yarmi Yevropa qit’asi hududida joylashgan “jez” o‘lka. Shavkat Rahmon talqinida Pyotr haykali ikki qit’ani o‘z hukmiga bo‘ysundirib, bepoyon imperiyaga asos solmoqchi bo‘lgan sarkarda sifatida gavdalanadi.
Pushkin dostonida haykal qiyofasida rus imperiyasi asoschisining ulug‘vor o‘ylarga cho‘mgan holati jonlantiriladi:
U, yaydoq to‘lqinlar sohilida jim
Ulug‘vor o‘ylarga tolib turardi:
Uzoqlarga qarar. Qarshida lim-lim
Daryo to‘lib-toshib to‘lqin urardi;
Daryoda bir qayiq yolg‘iz, notavon
Suzardi. Mox bosgan botqoq qirg‘oqda
Faqir chuxonlilar qurmishdi oshyon,
Kulbalar ko‘rinar yaqin-yiroqda;
Tumanlar ortiga yashiringan kunda –
Oftob nurlaridan bebahra o‘rmon
Tinmay shovullardi.
U o‘ylar hamon:
Shvedga biz tahdid qilamiz bundan.
Takabbur qo‘shnining jig‘iga tegib,
Biz bunda bir shahar etamiz barpo.
Dengiz kirg‘og‘iga tirab oyoqni,
Bunda Yevropaga darcha ochmoqni
Tabiat bizlarga ko‘rmishdir ravo3.
Asarning kirish qismidayoq mis otliq haykali bahonasida shoir ruslarning shon-shavkatga to‘la tarixini yodga oladi. Ilk satrlarda shvedlar “xatga tushgan” bo‘lsalar, sal keyinroq finlarga ishora qilinadi:
Bunda tabiatning o‘gay va o‘ksik
O‘g‘li – baliqchi fin ko‘p mahal burun.
Asov suvga tashlab uvada to‘rin
Pastak sohillarda yurardi yolg‘iz…
Shavkat Rahmonning she’ri ham haykalning tasviri bilan boshlanadi. Ammo u otliq haykal siymosida Rossiyaning kelajagi haqida ulug‘vor o‘ylarga cho‘mgan, buyuklargagina xos bo‘lgan sukut ichra mag‘rur turgan sarkardani ko‘rmaydi. Marhum shoir Asqar Mahkam “Adabiyot ibodati” essesida bu to‘g‘rida shunday yozadi: “…Saksoninchi yillarning oxiri, to‘qsoninchi yillarning boshida mamlakatimizda sodir bo‘lgan voqealar xususida o‘ylar ekansiz, millatimiz chinakam fojialar domidan oson-omon o‘tib olganini his qilasiz. 85-yildan boshlangan qatag‘onning yangi oqimi ming-minglab o‘zbek xonadonining sho‘rini quritishga qaratilgan mustamlaka siyosati ekanligi, bu siyosat millat umurtqasini yana yuz yillarga sindirib yuborishni maqsad qilganligini anglash qiyin emas. Milliy urf-odatlarga qarshi boshlangan oshkora tajovuz, Maskovdagi Butirka va Lefortova qamoqxonalarigacha sudrab olib ketilayotgan dehqonlar va generallar, parchalanib, kun fayakun bo‘layozgan sho‘rolar davlatining o‘lim oldi talvasasi edi. Ag‘darilib, manguga yo‘q bo‘layotgan imperiyani “Jez otliq” suvratida tasavvur qilgan shoir yozadi:
Hamon ulug‘ kelbat,
hamon boshi tik,
hamon tog‘ni bo‘lar qilichin zarbi,
quturgan bu hangi ayg‘ir-da tetik,
dunyoga tashlanar ko‘zi och harbiy.
Ko‘zingiz o‘ngida Sankt-Peterburg maydonida savlat to‘kib turgan va Osiyoni butkul rasvo qilgan, yuzlab millatlarning yostig‘ini quritgan Birinchi Pyotr jonlanadi. Uning takabburona kelbati, ostidagi “quturgan hangi ayg‘ir” qilmishlari ko‘lamiga mos. Butun maqsadi, o‘y-xayoli bosqinchilik bo‘lgan “ko‘zi och harbiy” dunyoga tashlanmoqda. Shoirning o‘tkir majoziy tili zamirida bosqinchi quturgan it, och qashqirdek jonlanadi”.
“Mis otliq” asarida esa rus shoirining Rossiyani shvedlar va finlar tahdididan qutqargan, rus xalqi tarixining yangi, shonli sahifasini ochgan imperatorga nisbatan bo‘lgan samimiyati, samoviy quvonchlaridan voqif bo‘lishimiz mumkin. Rus farzandi sifatida Pushkin Rossiyaning Yevropada hukmronlikni qo‘lga kiritayotganidan shodlanadi. Uning fikricha, bu xususiyatni ruslarga tabiatning o‘zi ravo ko‘rgan. Shoir podshoh qiyofasini tasvirlarkan, zavqu shukuhini yashira olmay qoladi. Pyotr sha’niga muhabbatini izhor etayotgan shoir yanada ochiladi, tabiatni o‘z hukmiga bo‘ysundirgan qudratli podshoh haqida yayrab, tilak bildirishga kirishadi:
Yashnayber, Pyotrning ulug‘vor shahri,
Turaber Rossiya kabi mustahkam,
Tabiatning mag‘lub ofati – qahri
Qudrating oldida boshin qilsin xam;
Butunlay unutsin fin to‘lqinlari
Qadim xusumatin, eski alamin,
Yovlikning behuda achig‘- kinlari
Buzmasin Pyotrning mangu oromin[1].
O‘tmishning shiddatli kechgan davrlarida shoirlar voqelik sharhlovchisi sifatida maydonga otilib chiqadilar. Ular voqelikni sharhlash barobarida tarixga murojaat etadilar; millatni uyg‘otish maqsadida tarixdan misollar keltiradilar. Ammo shoirning tarixdan bahramandligi boshqalarning talqinidan doim farq qilib turadi. Shaxs irodasi muammosini falsafiy ta’limotining asosi etib olgan A.Shopengauer ta’kidlaydiki: “Har qanday tarixda haqiqatga nisbatan uydirmalar ko‘proqdir. Shoir bo‘lsa insoniyatning qandaydir bir tomonini ilg‘ab olib, uni o‘z ruhiyatiga singdirib, eng kichik xususiyatlarigacha jonlantirib, aniq ko‘rsatishga qodir bo‘ladi. Shuning uchun ham asl she’riyat hayotning o‘zidir. Unda hech qanday yolg‘on, uydirma yo‘q”. Xuddi shu nuqtai nazardan qaralganda millatimizning uyg‘onishi davrida yozilgan “Jez otliq” she’ri alohida ahamiyat kasb etadi.
Tarixdan ma’lumki, Pyotr Birinchi o‘z xalqini shvedlar, finlar zulmidan qutqarishnigina o‘ylagani yo‘q, balki, uning niyati yondosh davlatlarni mustamlakaga aylantirib, Hind okeanigacha sarhadlarini kengaytirish ham edi. Pyotr Birinchining ushbu siyosiy vasiyatini vorislari voqelikka ko‘chirdilar. Pushkin vafotidan o‘ttiz yil vaqt o‘tib, chor Rossiyasi qo‘shinlari O‘rta Osiyo sari yo‘l oldi. Shoir erkparvar bir odam sifatida ruslarning dovrug‘i olamni tutishini orzulagan ediki, bu istak ziddiyatlardan xoli emas. Ya’ni, erkparvarlik goho erkni bo‘g‘ish evaziga paydo bo‘ladi. Natijada, bosqinchi xalq ham mag‘lub ellar barobarida o‘z tinchi, oromini yo‘qotadi, insoniylikning munavvar manzillaridan yiroqlashadi, nafs qutqusiga uchib, ochko‘zlik, xusumat, xudbinlik, manmanlik domiga giriftor bo‘ladi. Ogahiy ta’biri bilan aytganda, bosqinchilik – aslida zo‘ravonlik niqobi ostida yashiringan tilanchilikdir. Ana shu achchiq haqiqat “Jez otliq” she’rida tund, qora bo‘yoqlarda chiziladi:
Ikki yuz yildirki
Ulashib sho‘rish,
Mag‘lublar boshida qahqaha otar,
Hattoki mangu erk timsoli bo‘lmish
Osmon ham ko‘nikib qoldi bu zotga.
Ozmi bu dengizlar,
Ozmi bu yerlar,
Ozmi tojlarini uzatgan yurtlar,
O‘z qonin simirib chirigan erlar,
Baylangan hurlaru talangan durlar[2].
“Mis otliq” dostonining kirish hamda birinchi qismlarida asosan suvoriyning tasviriga e’tibor qaratilgan bo‘lsa, ikkinchi bo‘limda “mag‘rur arg‘umoq” qalamga olinib, Pushkin shu orqali rus xalqi taqdirining qudratli hukmdori Rossiyaning halokat yoqasiga kelib qolgan paytda temir tizgin bilan mahkam ushlab, yuksaklikka ko‘targanini mehr ila ta’riflaydi:
Uning manglayida ne xayollar bor!
Naqadar yashirin kuch-qudrat unda!
Ot-chi, ot olovday tovlanar tunda!
Qaylarga uchasan, mag‘rur arg‘umoq,
Qayerlarga borib bosarsan tuyoq?
Taqdirning qudratli hukmdori, ayt,
Senmasmi, jarlikka kelib
qolgan payt,
Temir tizgin bilan bu yuksaklikda
Rossiyani shunday ko‘targan tikka?
Istibdod, istiloning avj nuqtasi – mazlum xalqning tarixiy hofizasini mahv etish, uni hissiz, ma’rifatsiz, qultabiat manqurtlar, olomonga aylantirishning ibtidosidir. Mag‘lublarning mol-dunyosi, yer-suvi, inon-ixtiyorini qo‘lga kiritgan kelgindi endi ularning ma’naviy olami, dinu diyonati, tili, madaniyati, tafakkur tarzini o‘ziga moslashtirmoq uchun barcha usul va vositalarni ishga soladi. Rus podsholigi va keyinroq Oktyabr to‘ntarishidan keyin Turonzamin xalqlari boshiga ana shunday ayanchli kunlar solindi. Asrlar davomida dunyo xalqlariga muallimlik qilgan, taraqqiyotning mayog‘i bo‘lgan Turkiston tamaddun qabristoniga aylantirildi go‘yo… Ana shu tarixiy haqiqatni majoziy yo‘sinda ifodalash uchun “Jez otliq” she’rida shoir nafaqat mustamlakachi hukmdor, balki, u mingan otga nisbatan ham nafrat tuyg‘ularini yo‘naltiradi. “Turonday sarg‘aymish ot peshobidan, samoviy xitoblar, aziz kitoblar,” deb yozadi o‘zbek shoiri. Bunday holatga faqat mustamlakachi emas, balki tutqun ellarning o‘zi ham aybdorligini shoir teran his qilgan. Negaki, “sarg‘aygan samoviy kitob” – Qur’oni karimda aytilganidek, “aniqki, to biror qavm o‘zlarini o‘zgartirmagunlaricha Alloh ularning ahvolini o‘zgartirmas” (“Ra’d” surasi, 11-oyat). Shu sababdan, Pushkin mehr ila ta’riflagan podshohga Shavkat Rahmon ikki asrlik g‘aflat uyqusidan endi uyg‘onayotgan mazlum xalq tarafida turib qaramoqda: “Bas, telba suvori, haddingdan oshma, quturgan ayg‘irning jilovini tort, ikki yuz yildirki ellar boshida, tuyog‘ini qayrar bu dahshatli ot”.
Shoirimiz jez otliqni “mash’um saltanatning sohibqironi” deya atarkan o‘ch onlari yaqinlashayotganini bashorat qiladi. Uni mahv etadigan kuch bor. El intiqomi bo‘ridek ergashmoqda. Mazkur she’rda bo‘ri mardlik ramzi, erksevarlik va bo‘ysunmaslik timsoli sifatida keladi. Bunda shoir turkiy qavmlarning islomiyatdan oldin sig‘ingan ma’budi – Ko‘k bo‘ri bo‘lganligiga ham nozik ishora qilgan. Buyuk adib Abdurauf Fitrat Turonni “arslonlar o‘lkasi” qabilida sharaflab, el ruhini qo‘zg‘atmoqchi bo‘lgani ham bor gap:
Ey Ulug‘ Turon, arslonlar o‘lkasi!
Senga ne bo‘ldi?
Holing qalaydir?
Nechuk kunlarga qolding?[3]
Pushkin dostonida mis otliqqa qarshi ikki marta isyon ko‘tariladi.
Birinchi isyon – bu tabiatning isyoni. O‘jar podshoh “takabbur shvedlarning jig‘iga tegish uchun” (Pushkin ta’biri) sizot va botqoqlar, qora o‘rmonlar o‘rniga katta shahar barpo etib, Neva daryosini metin o‘zanlarga soladi. Yuz yil o‘tgan bo‘lsa-da, tabiat insonning bunday o‘zboshimchaligini ko‘tarmasdan, g‘azab daryosi to‘lib-toshadi. Dovul zo‘ri bilan to‘silgan Neva teskari oqib, yo‘lda quturgan yirtqichday o‘shqirib, mozorlardagi tobutlarni oqizardi, boylar va savdogarlar, yo‘qsillar va gadolarning bor-budini kunfayakun qilib, ho‘lu quruqni o‘z domiga tortib, shahar ko‘chalari aro to‘lib oqardi. Tabiatning bu mudhish jazosi oldida o‘sha davrdagi hukmdor ham notavon ekanligini anglab, “Xudo ofat solsa, shohlar ham ojiz,” deya chuqur xo‘rsinishdan o‘zga chora topolmaydi. Faqat Mis otliq tabiatning bu g‘azabini nazar-pisand etmay, Neva sohilida xalqini olg‘a qadam bosishga da’vat etgan ko‘yi o‘zining buyuk va tengsiz hukmdor ekanligini yana bir karra tasdiqlatib olmoqchi bo‘lgandek edi:
Darg‘azab Nevaning ustida yolg‘iz
Turar bir qo‘lini uzatib olg‘a –
Yuksak maqomida mahkam, ulug‘vor,
Mis ot minib olgan buyuk hukmdor.
Ikkinchi isyon – telba Yevgeniyning “yarim olam shohi”ning bo‘y-bastiga qarab, bor nafrat, vahshat va alamini “Mayli, seni qara!…Mo‘jiz binokor” nidosi orqali o‘z ifodasini topgan. Ammo uning telba xayoli, pajmurda ruhi o‘ziga dushmanlik qiladi – nazarida haykal u g‘azab bilan yuz burib, otining tuyog‘idan Peterburgning tosh ko‘chalarida har tomon chaqmoq sochib, u tomon bostirib kelayotganday tuyuldi va joni boricha yugurib, ko‘nglida paydo bo‘lgan vahm va qo‘rquvdan qutulmoqchi bo‘ladi. Ammo qudrat timsoli oldidagi ojizona bu qo‘rquv uni yengib, oqibatda o‘lim sarmanzili tomon yetaklaydi.
Shavkat Rahmon she’rida esa, jez otliqqa qarshi uchinchi isyon to‘lqinini mushohada etamiz. Bu – ikki yuz yildan beri ezilib kelayotgan mazlum xalqning isyoni. Bu isyon, yuqorida aytib o‘tganimizdek, xalq ruhining uyg‘onishi, “ziyoparvarlik” niqobi ostida istaganicha zulm qilayotgan hokim tuzumdan adolat izlayotgan va oqibat sabr-kosasi to‘lib, butun vujudini intiqom hissi qamrab olgan o‘ziga bek xalqning erkinlik va hurriyat tomon dadil tashlayotgan qadamlarida o‘z ifodasini topayotgandi. Qizil imperiyaning poytaxtida bir muddat yashagan shoir otining tuyog‘ini mazlum ellar boshida qayragan bosqinchi zobitning vorislari nimalarga qodir ekanligini, hamon ularning keskir qilichi tog‘larni bo‘lishini yaxshi bilardi. Ammo u millatining bedor, To‘marislar kabi o‘lmas ruhi sahrolarda qo‘zg‘alib, yaqin kunlarda ikki asrga qadar cho‘zilgan bu asoratdan xalos etishiga ishonardi. Ana shunday zulfiqor ruhgina ruhsiz temirtanlarni, “jez otliq”larni mag‘lub qilishini chuqur his qilgan shoir istibdodning muqarrar halokatini bashorat qiladi:
… Sahroda ko‘rinar tag‘in To‘maris,
tag‘in bir qo‘zg‘atar sabr toshini,
bu safar meshgamas,
qon dengiziga
otar bu zobitning og‘ir boshini…1
Rasul Hamzatov to‘g‘ri ta’kidlaganidek, “chinakam milliy shoir dunyoqarashi, idroki va fikrlashi bilan o‘z davrining, o‘z asrining, o‘z mamlakatining shoiri bo‘lishi kerak.” Ana shu nuqtai nazardan olib qaraganda Pushkin ham, Shavkat Rahmon ham o‘z davrlari va o‘z millatlari oldida shoirlik burchlarini sarbalandlik bilan ado etganlariga guvoh bo‘lamiz. Pushkin “Mis otliq” qissasi orqali Rossiyaning shavkatli onlari, asrlar davomida dunyo taraqqiyoti va tamaddunidan orqada qolgan xalqining yuksalish va rivojlanish tomon muzaffarona yurishlari, rus xalqining tarixida tub burilish yasagan Pyotr Birinchining ulug‘vor o‘ylari ro‘yobga chiqishini bashorat qilgan bo‘lsa, Shavkat Rahmon “Jez otliq” she’rida boshqa xalqlarning boshiga kulfat yog‘dirish orqali o‘zining saodat qasrini qurmoqchi bo‘lgan “mash’um saltanat”ning inqirozga yuz tutishi, Turon xalqlarining asriy orzusi ro‘yobga chiqishini majoziy yo‘sinda ifodalab bera olgan. Shu sababdan, “Mis otliq” dostoni ham, “Jez otliq” she’ri ham nafaqat milliy adabiyotda, balki jahon she’riyati miqyosida o‘ziga munosib o‘rin egallagan she’rlar sirasiga kiradi, deb bemalol ayta olamiz.
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 1-son
__________________________
[1] O‘sha manba. 205-bet.
[2] Shavkat Rahmon. “Abadiyat oralab”, Toshkent, 2012. 350-bet.
[3] Abdurauf Fitrat.” Tanlangan asarlar”, 1-jild, Toshkent, 2000.