Men tug‘ilgan paytlar urush tugab, dasturxonlar to‘kinlashib ulgurgan edi. Uyimizda kitob ko‘p bo‘lardi. Uzun qish kechalari qo‘shnilar yig‘ilishib kitobxonlik, qissaxonlik, dostonxonlik qilishardi. Alim Baxshi Haqqul o‘g‘li degan hassos baxshi bor edi. Shomdan tonggacha “Kuntug‘mish”ni kuylab charchamasdi. Asli zarbandlik. Baxshilikni birovdan o‘rganmagan, qamoqda o‘zi do‘mbira yasab, o‘zi kuylagan. Hoynahoy, adabiyotga, san’atga bo‘lgan ishqimni shu san’atkor olovlantirdi. Bobo-momolarimda adabiyotga ishtiyoqmandlik bo‘lgan-bo‘lmaganini aytolmayman-u, lekin, yaqinda dunyodan o‘tgan tog‘am tuyqus o‘zicha she’r to‘qib qolardi. Harnechuk zotimda ham so‘z san’atiga oshuftalik bo‘lgan deb bemalol gapirsam bo‘ladi. Quyi sinflarda she’r mashq qildim, 10 sinfga kelib o‘zimcha hikoyachilikka o‘tdim. Teshaboy sinfdoshim bitiklarimni maqtardi. Ammo o‘zimning ko‘nglim to‘lmay biror joyga olib borishga jur’at etmaganman.
Ustozlarim haqida gapirsam, eh, ular juda ko‘p! Albatta, ularning avvali – otam. Otamning bor-yo‘g‘i to‘rt sinf hajmidagi savodi bor edi. Biroq u kishi adabiyotni, badiiy asarlarni juda yaxshi ko‘rar, ko‘p va xo‘b mutolaa qilardi, rahmatli. Shuning barobarida, qoruvli, polvon odam edi. Lekin jismoniy kuchini oshkor etmasdilar. “Kuch degani bir daqiqalik. Odam mo‘rt, ojiz. Lekin, polvon bo‘lish kerak. Eng asosiysi, ilm ol, ilm o‘tkinchi emas,” deb qo‘yardilar. Otam haqida haligacha do‘stlari, el-yurt hurmat bilan gapiradilar.
Men ustoz shoir Ibrohim G‘afur ta’sirida mansuralar bitayotganimga ko‘p bo‘ldi. Mansura nima ekanini hech kimdan so‘ramadim, duch kelmadim, lekin Ibrohim akani shoir deyishim sababi, o‘zimcha angladimki, mansura, ilm-nasr aralash she’r yoki nasrdagi nazmdir. Shu mansuralarimda ammalarim, bobolarim, ajdodlarimni qisman-qisman, qisqa-qisqa vasf etdim.
To‘qqizinchi sinfda Miytanda o‘qirdim. Shifoxonada Allanazar Qarshiyev degan otashqalb shoir bilan bir xonaga tushib qoldik. Ikki-uch kunda adabiyotga qarashlarim kengayganday bo‘ldi. Tuzalib chiqayotganda shifokor, daftarimizga hozirning o‘zida bir she’r to‘qib yozib bersangiz, dedi. Allanazar aka qalam uchiga qarab bir daqiqa o‘ylanib turdi-da, daftarga tez yoza ketdi:
Shogirdisiz Ibn Sinoning, Burchingizga sodiq qoling. Talabimiz sizdan katta, Ajalga ham tushov soling!Men bu jafokash zotni ham ustozim deyman. Shuningdek, adabiyot muallimim Fayzulla Normatni ham doim eslayman. Maktabda urong‘ich muallimlarimiz ham bo‘lardi. Ularning darslarida tinch o‘tirardik. Fayzulla aka hech kimga yomon va biror so‘z ortiqcha gapirmas, vazmin edilar. Bilmasangiz, “ko‘proq o‘qish kerak”, deya gajak qilib “2” qo‘yardi. “Ko‘proq” so‘zi “o‘” bilan “u” tovushlari o‘rtasida o‘ziga xos go‘zal bir talaffuzda jaranglardi. So‘zlari aktyor bilan xonanda orasidagi bir mehrli ovoz ohangini taratib turardi. Eng sho‘x, eng to‘polonchi bola ham darsda sehrlanib, sinf suv quyilgandek tinchlanib qolardi. Allanazar aka va Fayzulla akalarni umrim boricha eslayman.
Shuningdek, matematika o‘qituvchilarim Rustamjon aka Yoqubov, Abdualim aka Razzoqovlarni ham hech qachon unutmayman. Biri qattiqqo‘l, ikkinchisi ko‘ngli bo‘sh muallimlar. Ikkalasini ham yaxshi ko‘ramiz. Umrlari uzoq bo‘lsin. Matematikadan yaxshi o‘qiganim uchun Toshkent Politexnika institutiga kirdim va beshinchi kursga kelganda adabiyotga bo‘lgan ishqim ToshDUga boshladi. O‘shanda bir-biriga “zid”roq o‘quv yurtlari bo‘lgani uchun “almashish” biroz qiyin kechdi. Biroq bu masalada o‘sha paytdagi ta’lim vaziri, filologiya fanlari doktori G‘anijon Abdullayev she’rlarimni o‘qib yordam qo‘lini cho‘zdilar. U kishini ham ustozim deyman. Umrbod unutmayman. Xullas, mening hayotim yordamlar ustiga qurilgan. Kimning hayoti shunday emas!
Eh, talabalik! Yotoqxonalarda, auditoriyalarda uzundan-uzoq she’rxonliklar bo‘lardi. M.M.Do‘st, T.Murod, E.A’zam, S.Hakim, U.Qo‘chqor, A.Suyun, Sh.Qurbon, X.Davron, N.Karim, A.Islom, A.Bag‘ir, Ya.Qosim, M.Kenjabek, S.Said singari biz tengqur adib-u shoirlar, tonggacha she’rxonlik va adabiy suhbatlar qilar, goh mashinada shahar aylanar edik. Buni hech unutib bo‘lmaydi.
Oliygoh tahsilidan so‘ng “Goskomizdat”da katta muharrir, “Yoshlik” jurnalida bosh muharrir o‘rinbosari lavozimlarida ishladim. Shu yillar davomida turkum she’rlar bitdim va bu adabiy izlanishlar hamon davom etmoqda. Alloh umr bersa, boshqa janrlarda ham o‘zimni sinab ko‘rmoqchiman. Mening hali chiqmagan, yozilmagan she’rlarim juda ko‘p. Chiqmaganlari bilan maqtanolmayman. Lekin tahririyatlarda yotib-yotib, ko‘chib-ko‘chib, oxir o‘n yillardan so‘ng chiqib, she’rxonlardan, she’rshunoslardan yaxshi so‘zlar eshitganimdan quvonaman. Adabiyot ortidan shuhrat topdim. Eng muhimi, e’tiqodimni o‘zgartirmadim. Boshda qanday e’tiqodda esam, hozir ham shunday yozmoqdaman. Leninni, uning inqilobini, Kommunizmni, Qizil oktyabrni sharaflab she’rlar bitmadim. Harqalay, bularni hozir qoralashdan ko‘ra, o‘sha paytda sharaflamaganim afzalroqdir.
Hayot bizning istagimizga bo‘ysunmaydi. Hayot go‘zal ersa-da, yozilmagan beshafqat qonunlari, sinovlari ham bor. Xudoga shukurki, bizning avlod bu sinovlardan eson-omon o‘tdik.
Adabiyot – millatning ruhi. Uning rivoji uchun hamma birday yordamchi bo‘lsa, nur ustiga nur bo‘lardi. Har bir ijodiy jamoaning rahbariyat bilan, tahririyatning muallif bilan munosabati sog‘lomlashsa, adabiyot rivojlanadi.
Darvoqe, o‘rni kelganda bir gapni aytib qo‘ysam. So‘nggi yillarda matbuotimizda bir an’ana paydo bo‘ldi. Qarang, she’riy turkumlar berilganda qanday bo‘lishidan qat’i nazar tahririyat vatan haqidagi she’rlarni oldinga qo‘yadi. Nima uchun? Axir she’r saviya jihatidan oldinda turmaydimi?! Axir, shoirning har bir she’ri, u xoh gul haqda bo‘lsin yo ko‘ngul, yo xazon, yo ildiz haqda bo‘lsin vatan va ozodlik haqda emasmi? Yo‘qsa, she’r emas. Demoqchimanki, yaxshi shoir emas, yaxshi she’rni oldinga suring, vatanni obod qilgan bo‘lasiz. Zero, adabiyot vatanning mustahkam ustunidir. Hazrat Navoiy O‘zbekistonda tug‘ilmagan, otasi ham, balki bobosi ham, lekin shu yurt u zotning vatanidir. Chunki til ham vatandir! Tildan ham yuksakroq bo‘lgan vatan – millatdir. Vatan tushunchasi murakkab, u faqatgina (tug‘ilgan) joy emas, jim, chuqur suriladigan o‘y hamdir. Buni his etgan odam vazminlashadi, yengil-elpi hayqiriqlarga berilmaydi. Shuning uchun ham ulug‘ shoirlarimizda bu so‘z juda kam, noyob, muqaddas.
Mening she’riyatdagi asosiy ustozim buyuk shoir, kamtarin inson, jasoratli vatandoshim Rauf Parfidir. Odil Yoqubov, Omon Matjon, Jamol Kamol, Ma’ruf Jalil, Mahkam Mahmud singari ustozlardan ko‘p yordamlar ko‘rdim. Buni ham unutmayman. Odil Yoqubovning mendan boshqa ko‘p yoshlarga ham g‘amxo‘rlik qilganiga guvohman. Hatto insoniy yaxshiliklarni unutib, unga qarshi chiqqanlardan ham vaqtida madadini ayamaganidan xabardorman. “Guliston” jurnaliga Murod Xidir huzuriga kelardim, bu donishmand insondan turkiy bag‘rikenglikni xuddi R.Parfidan o‘rgangandek o‘rgandim. “Tafakkur zarralari” kitobini o‘qib quvondim. Men bu kamtarin zotni ham ustozim deyman.
Men shogirdlarim bor deyolmayman. Hamkasb ukalarim, singillarimni ham ustozim deyman, sababi, ulardan ham o‘rganaman. Masalan, Nazar Shukurdan.
Ancha bo‘ldi. Adabiy suhbatlardan birida, bir olim O‘rta Osiyolik yozuvchilar yozganining hammasini G‘arbda bir yozuvchining o‘zigina yoza oladi deb qoldi. Suyagimdan o‘tib ketdi bu gap. Gap zamonaviy nasr haqida ketayotgandi. Nasr qo‘limdan kelmasa-da tarjimasiga kirishdim. Ancha narsa tarjima va tasnif etdim. Xudoga shukur, ba’zi tarjima kitoblarim qayta-qayta nashr etildi. Ishonamanki, yana nashr etilsa, yana o‘zini har tomonlama oqlaydi. Bu kitoblar muhtaram tanqidchilarimiz ro‘yxatidan joy olmasa-da, saviyali o‘quvchilar nazaridan chetda qolmadi.
Jamol Kamol yuksak tarjimalarga qo‘l urdi. Xalqaro e’tiborga sazovor bo‘ldi. Omon Matjon she’rlarini hozirda dunyoning eng mashhur shoiri Yevgeniy Yevtushenko tarjima qildi. Ijodning chet ellarga, jahon miqyosiga chiqishi faqat tarjima etilishi degani emas, e’tirof etilishi hamdir. Masalan, Yevgeniy Yevtushenkoday shoirning O.Matjon she’rlarini tarjima etishi, O.Matjon ijodi o‘sha elda e’tirof etildi demakdir. Adabiyot faqat kompyuterlar qarshisida emas, hayot qo‘ynida, suhbatlarda rivojlanadi. O‘ylaymanki, zikr etilgan bu ulug‘larimizning suhbatlari matbuotda tez-tez yoritilsa, yoshlarga saboq bo‘ladi. Ilgari oynai jahonda tanqidchilar, olimlar, adabiyotshunoslar, shoir va adiblarning davra suhbatlari bo‘lardi. Bahovuddin Naqshband bekorga “yo‘limiz, suhbat yo‘li” demaganlar. Chunki bu kamolot yo‘lidir. Bilasizmi, bir paytlar E.Vohidov, A.Oripov, O. Matjon, R.Parfi, X.Xudoyberdiyevalarning hali e’lon qilinmagan she’rlarining dovrug‘i she’rxonlarga yetib borardi. Bularni uchrashuvlarga, oynai jahonga, matbuotga chorlash, tajribalarini o‘rganish lozim. Bu yoshlarimiz uchun koni foyda.
Yana bir gap. “Yoshlik” jurnalining o‘tgan sonlaridan birida iqtidorli shoir Nazar Shukurning bir turkum she’rlari “Xotira” rukni ostida e’lon qilingani meni quvontirib yubordi. Deyarli har bir satri san’at darajasida! San’atkorona nigoh bilan kuzatilgan va bitilgan go‘zal hayot manzaralari – ko‘ngil lavhalari… “Somon yo‘li. Bosilmaydi, bu yo‘lning changi, uxlamaydi o‘tib ketgan karvonlar zangi”, “Kipriklarim nayzasiga ilingan osmon, shu tig‘ bilan o‘rtasidan tilingan osmon”, “Yulduzlar-ku olov tuyoq tevalar izi, ko‘zlarimni ochtirmaydi changlari to‘zib” va boshqa barcha satrlari she’riyatimizga yangi nafas olib kirgan shoirlarning peshqadamlaridan ekanini ko‘rsatib turibdi. Lekin tanqidchilarimizning, hatto, jamoatchiligimizning ko‘zi va so‘zi “O‘rgilayin qoshing bilan yuzingdano” kabi qo‘shiqsifat tizmalar atrofida. Men istardimki, uning ham xotira-yubiley kechasi (kelgusi yil Nazar Shukur tirik bo‘lganida oltmishga to‘lardi) o‘tkazilsa. Chunki u oltmishini o‘ttizdayoq to‘ldirib qo‘ygan buyuk iste’doddir. Kelgusida bu qat’iy fikrimni uning ijodi haqidagi maqolalarim bilan dalillashga harakat qilaman.
Men bugungi yoshlarga atoqli shoirlarimiz, mumtoz adiblarimiz asarlarini ko‘p-ko‘p o‘qishlarini tavsiya qilgan bo‘lardim.
Salobatli daryo oqar chayqalib beg‘am, Mening yaxlit hayotimni ikkiga bo‘lib. U qirg‘oqdan eshitilar tanish bir ohang Ammo uning mazmunini bo‘lmagay bilib. O‘sha ohang orom berib quloqlarimga, Quyar asta yuragimga armon dog‘ini. Yo‘llar esa bosh uradi oyoqlarimga, Yodga solib hayotimning yaxlit chog‘ini.Bu she’r katta shoirimiz Ma’ruf Jalil qalamiga mansub. Bu she’rni sharhlash ancha mushkul, mushkul ersa-da go‘zal she’r. Armonlarga limmo-lim. Nazar Shukur “Ko‘ngul osmonida azob naysoni” deganidek. Ha, M.Jalil, Ch.Ergash, T.Jo‘ra, N.Shukur she’rlarini o‘ylashga, chuqur mushohada qilishga majbursan. Bu fikrni hozirda faol ijod etayotgan A.Qutbiddin, E.Shukur, Zebo Mirzo she’rlari haqida ham aytish mumkin. Bu shoirlar dunyo miqyosida fikrlaydilar.
Darhaqiqat, endi oilam haqida gapirsam. Farzandlarimning biri tarixchi, biri filolog, biri esa tirikchilik ishlari bilan bo‘lib ketdi. Nevaralar orasida sport maydonlaridan “Oltin medal” bilan qaytayotganlari bor. Qolganlari ham a’lo baholarga o‘qiyaptilar.
“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 8-son