Hamidjon Homidiy. Odamush-shuaro – Abu Abdulloh Rudakiy

Abu Abdulloh Ja’far binni Muhammad binni Abdurahmon Odam 858 yili Samarqand shahri yaqinidagi Panjrudak qishlog‘ida dehqon oilasida tug‘ilgan. Dastlabki ta’limni oila muhitida olgan Ja’far Samarqand madrasalarida zamonasidagi barcha bilimlarni puxta egallaydi, Qur’on hofizi darajasiga yetadi; xalq she’riyati, qo‘shiqlarini sevib kuylab yuradi; mashhur mashshoq va badihago‘y Abu Abbos Baxtiyordan musiqa ilmini o‘rganadi; barbat, rud, ud, chang, qonun asboblarini chalishda shuhrat qozonadi; musiqalarga o‘zi she’rlar bitib, ularda Rudakiy taxallusini qo‘llay boshlaydi.
Arablar istilosiga barham berilib, markazlashgan davlat barpo etilgach, Xurosonu Movarounnahrda ilm-fan, madaniyat, adabiy hayot, hunarmandchilik, savdo-sotiq gurkirab rivojlanadi. Ayniqsa, davlatning qudrati Amir Nasr II Somoniy (914 — 943) davrida yanada oshadi. U shaharu qishloqlardan, uzoq-yaqindan ahli hunar, ilm-adab ahlini markaz Buxoroga to‘playdi, ularning faoliyatiga sharoit tug‘dirib beradi, homiylik qiladi. She’riyat va musiqada shuhrati oshgan Rudakiy ham saroyga chaqirtiriladi. Natijada shoir butunlay ijodga sho‘ng‘ib ketadi: qasidalar, g‘azallar, ruboiy, qit’a, dostonlar yaratadi. Uning obro‘si ortib, boyligi ham oshib boradi. Bu xususda mashhur tarixchi, adib va adabiyotshunos Muhammad Avfiy «Lubob ul-albob»(1222) tazkirasida quyidagilarni yozgan: «Rudakiy usta cholg‘uchi bo‘lib yetishgach, uning ovozasi butun olamga yoyildi. Xuroson amiri Nasr binni Ahmad Somoniy uni o‘zining yaqin kishilari qatoriga qo‘shgach, u yuqorilab ketdi, uning boyligi esa haddan tashqari ko‘pa¬yib ketdi… Undan keyingi shoirlar orasida hech kimga bunday boylik nasib etmadi va hech kim uning¬dek baxt egasi bo‘lolmadi».
Haqiqatan ham, Rudakiy Somoniy amirlarining eng «yaqin nadimi» (Avfiy), xushxon hofiz, mohir mashshoq, nuktasanj shoir sifatida beqiyos obro‘ga ega edi. Somoniy amirlarining barcha safarlarida shoir asarlarining qo‘lyozmalari Turondan Xuroson shaharlariga tuyalarga yuklab olib borilib, ko‘z-ko‘z qilib yurilishi ham buni tasdiqlaydi. X asrning o‘rtalariga kelib saroydagi ahvol og‘irlashadi. O‘z homiysi va do‘stlaridan judo bo‘lgan, qartayib qolgan, saroy atrofidagi mashmashalardan zada Rudakiy umrining oxirgi yillarini o‘z qishlog‘ida o‘tkazib, 941 yili vafot etgan.
Qadimiy sarchashmalarda Rudakiyning shaxsiyati, taqdiri haqida rang-barang ixtilofli fikrlar mavjud: ayrim olimlar shoir tug‘ma ojiz edi, deyishsa, ba’zi tadqiqot va maqolalarda u qand kasaliga giriftor bo‘lgani uchun qariganida ko‘r bo‘lib qolgan, degan fikr¬ni uqtiradilar. Bizningcha, Rudakiyning «modarzod ko‘r» bo‘lgani haqiqatga yaqin. Zeroki, Homer, Abu A’lo al-Maariy, Ahmad Yugnakiy singari buyuk ijodkorlar ham tug‘ma ojizliklariga qaramay, o‘z asr¬larining yagonasi bo‘lganlar.
Rudakiy ijodiy merosi haqidagi mulohazalar ham turli-tuman. As-Saolibiy(XI asr), Muhammad Avfiy, Nizomiy Aruziy Samar¬qandiy(XIII asr), Davlatshoh Samarqandiy(XVI asr) kabi olimlar shoir asarlarining hajmini bir million baytdan uch million baytgacha taxmin qiladilar. Bu raqam qay darajada mubolag‘ali bo‘lmasin, muttasil badiiy ijod bilan shug‘ullangan, doim badiha tarzida she’r aytib yurgan Rudakiy merosi ulkan bo‘lgani tabiiy. Yuksak vatanparvarlik ruhidagi «Buxoro» qasidasining yaratilish tarixi ham bu mulohazani quvvatlaydi. Afsuski, mo‘g‘ul yag‘mosining vahshiyligi tufayli O‘tror, Sa¬marqand va Buxoro kitobxonalaridagi dastxatlar kuyib, kul bo‘ldi. Shuning oqibatida Rudakiy asarlaridan bizgacha ikki ming baytdan ziyodroq namunalar saqlanib qolgan, xolos. Ammo ana shu boqiy misralarning o‘ziyoq Rudakiy dahosini tasavvur qilish imkonini beradi.
IX — X asrlarda hali forsiy adabiy til to‘la shakllanib ulgurmagan, unda yetarli darajada badiiy ijod ne’matlari yaratilmagandi. Ana shunday bir sharoitda Rudakiy xalq og‘zaki ijodi injulariga suyangan holda forsiy adabiy tilning poydevorini qurdi, forsiy tildagi adabiyotga asos soldi. Bu sohada aytarli an’ana bo‘lmagan yerda lirik turning barcha janrlarida mumtoz asarlar yozdi. «Kalila va Dimna», «Sindbondnoma» singari masnaviylarni yaratdi. Badiiy ijodning barcha sohasida birinchi bo‘ldi. Shuning uchun ham zamondoshlari uni «Odam ush-shuaro — shoirlar Odam Atosi» degan nom bilan sarafroz etdilar. Haqiqatan ham, Rudakiy she’rlarini ko‘zdan kechirar ekanmiz, ularda haqiqiy ishq bilan majoziy ishq, inson¬do‘stlik, vatanparvarlik, ilm o‘rganish, kasb-hunar egallash, insof va diyonat, adolat va adolatli shoh, ona tabiatga mehr, atrof-muhitni avaylab-asrash g‘oyalari betakror nafis obrazlilikda tasvirlanganining guvohi bo‘lamiz. Shoir g‘azallarida oshiq ruhiy kechinmalarini qay yo‘sinda bokira tarzda ifodalashga erishsa, ma’shuqa chiroyini undan-da go‘zal vositalarda tasvirlaydi. Masalan, bir bayt¬da yorning sadafdek tishlarini yomg‘irdan so‘ng nihol shoxchasida tizilib qolgan shaffof donachalar — qatraboronga o‘xshatsa, boshqa bir baytda «yuzingdan pardangni ko‘targaningda quyosh xijolatdan yuzini berkitdi, ya’ni o‘zini bulut orqasiga oldi», deydi. Ma’shuqa etaklarini yer yuzidan sudrab o‘tgani uchun tuproq poklanib, «suv bo‘lmasa tayammum» etib, ibodat qilish joiz bo‘lgan ekan. Bunday tasvir mavlono Lutfiyda ham uchraydi. Oshiq ertalab bog‘ sayriga chiqsa, anhordan gulob hidi anqirdi. Yorab, yorim mendan oldin chiqib ariq boshida yuz-qo‘lini yuvdimikan, deb o‘yga toladi oshiq. Ruhiy holat tabiat chiroyining turfa unsurlari ta’rifi orqali chiziladi:

Bahor oyi yetib kelib, qish oyini etdi yag‘mo,
Fazo yuzin qopladi chang, qonga to‘ldi dashtu sahro.

Ilk bahorning ko‘z yoshidan shoxlar oldi yuziga rang,
Hamal oyin xush hididan bo‘ldi tuproq anbaroso.

Layli yuzi kabi lola keng sahroda kulib turar,
Majnun ko‘zi kabi bulut qon yoshini qilur daryo.

Oqar suvdan kelmoqdadir har soatda gulob hidi,
Mening yorim ariq ichra gul yuzini yuvmish go‘yo.

Rudakiy asarlarida ilm egallashga da’vat, insonni sharaflash, bu dunyoda «bani odamga yaxshilik qilib» yashashga undov, Olloh tomonidan berilgan qisqa umrni ilm o‘rganib, uni ijtimoiy-foydali mehnatga sarflashga da’vat yetakchi motivlardan hisoblanadi:

Shu oddiy ko‘z bilan boqmagil, balki,
Bilim ko‘zi bilan boqqil jahonga.
Jahon dengiz erur yaxshi ishingdan,
Kema yasab o‘tgil nargi tomonga.

Shoir asarlarida shodu xurramlik, Navro‘zi olam tarovatiyu, sharobning hayotbaxsh fazilati, yorning nozu karashmasiyu, do‘stlar diydorining farahbaxsh qudrati, xayr-ehson, insof va muruvvat, rahm-shafqatli bo‘lish ham masnaviylariyu qasidalarida, qit’ayu ruboiylarida zo‘r musiqiylikda tarannum etiladi.
Rudakiy qasida janrining eng mumtoz namunalarini yaratgan. «Buxoro», «Mayning onasi», «Qarilikdan shikoyat» singari asarlarida shoir, bir tomondan, vatanparvarlik, insondo‘stlik, mehnatsevarlik, umrning qadriga yetish xususida jo‘shqin fikrlar yuritsa; ikkinchi tomondan, go‘zal tabiatni sevish, hamisha shodu xurram yashashga undaydi. Somoniy zodagonlar mad¬higa bag‘ishlangan qasidalarda esa, shoir ko‘proq ularning davlat ravnaqi yo‘lidagi xizmatlarini, xalq farovonligini oshirishdagi sa’y-harakatlarini ta’riflashga intilgan. Rudakiy asarlari o‘ta sodda, ravon bir usulda — sahli mumtane’ — osonu nomumkin usulida yozilgan. O‘tmishda juda ko‘p forsiygo‘y shoirlar uning asarlariga o‘xshatma, tazminlar yozgan. Ammo biron ijodkor Rudakiy darajasiga yetolmagan. Jumladan, «Bo‘yi jo‘yi Mo‘liyon oyad hame…» deb boshlanadigan Buxoro qasidasiga fors-tojik adabiyoti klassiklaridan 120 shoir nazira yozgan. Ammo birontasi asl matn darajasiga yetolmagan: vazn, ohangini topganlar mavzuda qoqilgan, mavzuni nishonga to‘g‘ri ola olganlar esa, musiqiylik, qofiyani uddalay olmaganlar…
Shuning uchun ham o‘tmishda yashab o‘tgan buyuk so‘z san’atkorlari Rudakiy dahosini munosib qadrlagan, uning she’riy qudratiga yuksak baho berishgan. Jumladan, zabardast lirik shoir, birinchi shohnomanavis Daqiqiy uni shunday ta’riflaydi:

G‘azal rudakiyvor bo‘lgay go‘zal,
Rudakiycha g‘azal yoza olmadim.
Juda nozik xayol bilan urinib,
Bu parda ichiga yo‘l topolmadim.

Abu Abdulloh Rudakiy o‘zi kuylagan vatanparvarlik, ma’rifatparvarlik, xalqlar do‘stligi g‘oyalari bilan barcha zamonlarda bashariyatga xizmat qilaveradi. Shoir ijodi qadim ul-ayyomdan beri o‘zbek xalqiga juda yaqin. Bobur «Muxtasar» risolasida shoir asarlaridan namunalar keltirgan, Po‘latxon Domullo Qayumiy o‘z tazkirasida shoir ijodini yoritgan. Ustozlarimiz S.Ayniy, N.Mallaev, Sh.Shomuhammad hamda M.Muinzoda Rudakiy hayoti va ijodini tahlil qilib, asarlarini tarjima etib, tar¬g‘ib qilishda zahmat chekkanlar.

Hamidjon Homidiy, professor
“Ma’rifat” gazetasidan

RUDAKIY HIKMATLARI

Jahonning shodligi to‘plansa butun,
Do‘stlar diydoridan bo‘lolmas ustun.

***

Kimda-kim hayotdan olmasa ta’lim,
Unga o‘rgatolmas hech bir muallim.

***

Ilmdan yaxshiroq xazina yo‘qdir,
Qo‘lingdan kelgancha terib ol uni.

***

Odamlar qalbining charog‘i bilim,
Balodan saqlanish yarog‘i bilim.

***

Badbaxt erur kimki, bermas ham yemas,
Eb ham ehson qilgan xushbaxt umrbod.