Knut Pederson 1859 yil 4 avgustda Norvegiyaning Lom tumanida qishloq tikuvchisi Peder Pederson xonadonida dunyoga keladi. Oila kambag‘allik va qiyinchilik tufayli mamlakatning eng shimoliy nuqtasi Xamaraga ko‘chib o‘tganida Knut 3 yoshda edi. Uning ota-onasi tog‘asiga tegishli Hamsun fermasini ijaraga olib ishlay boshlaydi.
Biroq oila og‘ir ahvolga tushib, tog‘adan qarz bo‘lib qoladi. To‘qqiz yoshli Knut fermada mol boqib tog‘asiga xizmat qilishga majbur bo‘ladi. Murg‘ak bola uchun azobli kunlar boshlanadi. Nihoyatda badjahl va qattiqqo‘l tog‘a xudojo‘y bo‘lishiga qaramay, kichkinagina xatoni ham kechirmas, rahm-shafqat unga begona edi. Hamsun 15 yoshga to‘lganida bag‘ritosh tog‘asining tahqirlariga chiday olmay, uydan qochib ketadi va mustaqil hayotni boshlaydi.
Knutning o‘smirlik yillari darbadarlikda o‘tadi, son-sanoqsiz sarguzashtlarni boshidan kechiradi: dastlab etikdo‘zga shogird tushadi, bir vaqtning o‘zida maktabda savod chiqaradi. Ko‘p o‘tmay etikdo‘z ustadan qochib, kemaga xizmatkorlikka yollanadi. U sotuvchi, aravakash, go‘lax bo‘lib ishlaydi, gazetaga kichik-kichik maqolalar yozib kun kechiradi. U erishgan eng oliy “mansab” – qishloq politsiya noziriga kotiblik edi. O‘sha paytlarda u o‘zining ilk hikoyalarini yoza boshlaydi. Tanqid va ko‘ngliga tegadigan gap-so‘zlardan qo‘rqqani bois Knut bu mashg‘ulotini sir tutar edi. Aynan shu sabr-toqat yosh yozuvchining mahoratini sayqallagan bo‘lsa ajab emas.
Hamsun tosh teruvchi bo‘lib ishlagan davri haqida shunday yozgan: “Tosh tashish, ko‘chalarga terib chiqish – yomon ish emas, eng muhimi, halol ish. Biroq mehnatdan dag‘allashib ketgan qo‘llarda qalam ushlolmay qolasan”. Knut o‘zining qalamini nisbatan erta va ishonch bilan qo‘lga oladi. “G‘alati odam” qissasini yozib chop ettirganida u 18 yoshda edi. Oradan bir yil o‘tib “Uchrashuv” deb nomlangan katta balladasini nashrdan chiqaradi. Bu ikki kitob o‘quvchilar e’tibori va mehrini qozonadi. Shundan so‘ng Hamsun butunlay o‘zini badiiy ijodga bag‘ishlaydi. Iste’dodiga qiziqib qolgan badavlat bir savdogardan tuzukkina moddiy yordam olgach, sevgi mavzusidagi “Frida” nomli qissasini qo‘ltig‘iga qistirib, yorug‘ orzular og‘ushida Kopengagenga – o‘sha davr Skandinaviya ma’naviy hayotining markaziga jo‘naydi. Afsuski, Knut yangi qissasini qaysi noshirga taklif etmasin, barchasi rad etadi. Cho‘ntagidagi pullar qorday erib tugaydi. Oxiri Hamsun o‘z vataniga qaytishga majbur bo‘ladi. Taniqli norveg dramaturgi Bernsonni izlab topib, unga “Frida” qissasini beradi. Mashhur adib qo‘lyozmani ochar ekan, bir jumlaga norozi nigoh bilan ko‘z tikadi: “Yigit yig‘ladi”. Qissaning bir necha betini varaqlab, yana nazar soladi, so‘ng to‘ng‘illaydi: “Eh, yigit haliyam yig‘layapti-ku!” Keksa dramaturg qarshisida hayajonlanib turgan yosh yozuvchiga aktyorlik bilan shug‘ullanishni maslahat beradi. Hamsun “Frida” muvaffaqiyatsiz chiqqanini tushunib yetadi, uzoq ikkilanishlardan so‘ng asarini yoqib yuboradi… Ammo irodasi sinmaydi.
Knut adabiy mehnat evaziga kun ko‘rishga harakat qiladi. Unda-bunda gazetalarda e’lon qilinayotgan maqolalari, qaydlari uchun qo‘liga tegadigan qalam haqi tirikchilik aravasini tortishga juda kamlik qiladi. Hamsun yo‘qchilik girdobiga tushib qoladi. Alaloqibat, ko‘pgina zamondoshlari qatori najot yo‘li sifatida muhojirlikni tanlashga majbur bo‘ladi. 1882 yilda kemada o‘tyoqar bo‘lib Amerikaga suzib ketadi. Hamsun ummon orti o‘lkasida sarson-sargardonlikda hayot kechiradi, fermada yollanma ishchi, cho‘chqaboqar, idora xizmatchisi, do‘konda mol sotuvchi bo‘lib ishlaydi. Viskonsin shtatida og‘ir jismoniy ishlarga duchor bo‘ladi, keyin Minnesotaga o‘tib, ruhoniyga kotiblik qiladi.
Yashash uchun kechgan ayovsiz kurashlar esa bora-bora uning tinkasini quritadi. Hamsunning tomog‘idan qon ketadigan bo‘lib qoladi, shifokorlar unda sil kasalligi boshlanganini aytishadi. U 1884 yili vataniga qaytadi. Ona tuprog‘iga qadami yetgach, dard ham vujudini tark etadi.
Knut yozishdan bir kun ham to‘xtamaydi. Uning fikrlari va tuyg‘ulari, tili, badiiy ifoda uslubi shakllana boradi. Gazetalardagi maqola va ocherklarining dovrug‘idan ilhomlangan Hamsun adabiy faoliyatini qayta tiklashga kirishadi. Ko‘p kitob o‘qiydi. Yevropa adabiy jarayonini izchil kuzatib boradi. U hatto Flober, Zolya, Ibsen haqida ommaviy ma’ruzalar bilan chiqishlar qiladi. Knut jo‘shqin va qiziqarli nutqi hamda keskin adabiy qarashlari bilan o‘z tinglovchilarini hayratga solar edi. O‘sha yillari Nitsshe kitoblarining mutolaasi yosh yozuvchining tafakkurini larzaga soladi. Yana avvalgi holat takrorlanadi: Hamsunning boshiga miskinlik qushi qo‘nadi. 1886 yili chorasizlikdan yana Amerikaga, bu gal gazeta feletonchisi sifatida jo‘nab ketadi. Chikagoda kirakash izvoshda chipta sotuvchi, yirik fermada xizmatchi bo‘lib ishlaydi, so‘ngra Amerikada chiqadigan muhojir norveg nashrlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi. Amerikada u boshidan kechirgan, shohid bo‘lgan voqealar, taqdirlar, qiyofalar keyinchalik “Zakxey”, “Sargardon kunlarda”, “Ayollar g‘alabasi” kabi novellalarida o‘z aksini topadi. Qahr va shiddat bilan yozilgan, otashin his-tuyg‘ularga to‘lib-toshgan bu asarlarda fermalarda qora terga botib mehnat qilishga mahkum, tengsizlik qurboni bo‘lgan yollanma ishchilarning og‘ir hayoti, darbadar olomonning “bo‘ri qonunlari”, katta shaharlardagi insoniy munosabatlarning shafqatsizlarcha toptalayotgani hikoya qilinadi.
Ummon ortida ko‘rgan-kechirganlarining jamlanmasi sifatida “Amerika ma’naviy hayoti” nomli o‘tkir satirik ocherklar to‘plami dunyoga keladi. Hamsun demokratiya sajdagohi hisoblangan ulug‘vor mamlakatning ijtimoiy va ma’naviy qiyofasini hech qanday sarobsiz ko‘ra oladi. U Amerika jurnalistikasi, san’ati, adabiyoti, teatrini chuqur tahlil qiladi hamda ularning riyokor, razil qiyofalarini fosh qiladi, siyosiy va diniy qarashlardagi ikkiyuzlamachilik, o‘z-o‘zini balandparvoz ohanglarda maqtash, boshqa millat vakillariga cheksiz nafrat singari mavjud illatlarni ochib tashlaydi. Amerika jamiyatida “hamma teng” degan cho‘pchaknamo haqiqatning ustidan istehzo bilan kuladi. Hamsun g‘arb liberal jurnalistikasi yorqin ranglarda tasvirlagan “ozodlik diyori” aslida “surat”dagidan anchayin boshqacha ekanini ko‘rsatib beradi. O‘sha davr amerika adabiyotini didsizlik, hayotiy haqiqatdan yiroqlik, manmanlik va erksizlik namunasi sifatida keskin tanqid qiladi. Hatto Uitmenning she’riyati ham uning kinoyali e’tirozlaridan chetda qolmaydi.
Yosh yozuvchi o‘zining adabiy faoliyatidan umidsizlanib, yana Yevropaga, bu safar Kopengagenga qaytib keladi. Gazetada sonma-son e’lon qilinayotgan “Amerika ma’naviy hayoti” majmuasidagi ocherklari katta qiziqishga sabab bo‘ladi. Biroq hech qaysi noshir uni kitob qilib chop etishga xayrixohlik bildirmaydi. Och-nahor, xorlik va zorlikda o‘tayotgan azobli kunlar bir tomondan 30 yashar Knutning madorini quritayotgan, holdan toydirayotgan bo‘lsa, boshqa tomondan shu ko‘rgiliklar yangi “Ochlik” romani uchun mavzu bo‘ladi. Hamsun dastlabki boblar qo‘lyozmasini ko‘tarib “Ny Jord” deb nomlangan haftalik gazetaning bosh muharriri Edvard Brandes huzuriga keladi. Muharrir qo‘lyozmadan ham, muallifning aftoda ahvolidan ham g‘oyat ta’sirlanadi. Matbuotda yozuvchining zo‘r berib, astoydil ishlayotgan yangi badiiy asaridan parchalar paydo bo‘la boshlaydi.
Roman parchalari favqulodda shov-shuv qozonadi. Butun Kopengagen adabiy muhiti hayratda: Hamsun deganlari kim bo‘ldi? U qayerda yashaydi?.. Bozor yo‘laklarida faqirona hayot kechiradigan novcha, biroq yuzida qon yo‘q, eti suyagiga yopishgan bu oriq odamning ziyoratchilari birdaniga ko‘payib qoladi. Shu kundan e’tiboran xuddi ertaklardagi kabi Hamsunning hayoti shon-shuhrat va farovonlik nurlariga ko‘mila boshlaydi. Kechagi “daydi” kutilmaganda mashhurlik tojining sohibi, badavlat mehmonxonalarning aziz mehmoniga aylanadi. Darrov “Amerika ma’naviy hayoti”ni nashr etadigan homiylar ham paydo bo‘ladi. 1890 yilda Hamsunning “Ochlik” romani alohida kitob holida chop etilgach esa Yevropa adabiyotiga o‘z ovoziga ega navqiron va zabardast bir iqtidor sohibi kirib kelgani tan olinadi. O‘sha yildan boshlab adib har yili bittadan emas, ikkitadan roman nashr etadigan bo‘ladi.
Hamsun o‘zi his qilmagan, o‘zi ko‘rmagan narsalar haqida kam yozgan. Lekin uning qaysidir kitobini boshidan to oxiriga qadar avtobiografik asar deb ajratib ko‘rsatish kerak bo‘lsa, bu, shubhasiz, “Ochlik” romanidir. Asar qahramoni – qishloqi bir yigit o‘zining ulug‘ yozuvchi bo‘lish qobiliyatini sezib, yengil hayotdan voz kechadi, muhtojlikda qolsa ham ijod qilishdan qaytmaydi. Hamsunning qahramoni nafaqat ochlikdan, balki muloqotning yo‘qligidan, o‘zini ifoda etish imkonsizligidan iztirob chekadi. Psixologik proza janrida “Ochlik” jahon mumtoz adabiyoti durdonalari qatoridan joy olgan.
Tanqidchi Alrik Gustafson mazkur asarning bosh qahramonini Dostoyevskiy qahramonlariga o‘xshatadi. Hamsun buyuk rus yozuvchisi ijodidan ta’sirlangan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Zero, Knut Hamsunning nabirasi Leyf Hamsun “Moskovskiy komsomolets” gazetasiga bergan intervyusida: “Bobomning ijodxonasida doimo ikkita portret osilgan turardi. Biri – Gyotening, ikkinchisi – Dostoyevskiyning portreti”, deb aytib o‘tadi.
Hamsunning keyingi davrdagi ijodida muhabbat mavzusi paydo bo‘ladi. Hamsun samimiy va biroz ma’yus bo‘yoqlarda tasvirlagan sevgi – tabiat misoli beg‘ubor bo‘lib, qahramonlarining qalbi tuyg‘u va ehtiroslarga shu qadar boyki, o‘quvchini benihoya lol qoldiradi. “Pan”, “Viktoriya”, “Misteriyalar”, “Tentak” kabi shoh asarlarida aynan shunday betakror xususiyatlar mujassam. Boshqa romanlari va hikoyalarida ham yozuvchi turli voqealar, xatti-harakatlar orqali qahramonlarining ruhiyatini muhabbat deb atalmish javhar bilan bezaydi.
Hamsunning 1895-1898 yillarda yaratgan dramatik trilogiyasiga “Saltanat darvozasi oldida”, “Hayot dramasi”, “Kechki shafaq” pesalari kiradi. Tanqidchilar bu asarlar adibning romanlari kabi muvaffaqiyatli chiqmagan degan xulosaga kelishadi.
Ijod osmonida keng quloch ochib parvoz qilayotgan Hamsun she’rlar ham yozar, o‘ziga manzur bo‘lmaganidan ularni yoqib yuborar edi. Keyinchalik o‘ziga ma’qul she’riy tizmalarini yig‘ib, “Yovvoyi xor” nomli to‘plam tayyorlaydi. Bular nasriy asarlari singari yaxshi baho oladi.
Hamsun uchun Inson – hamisha begona shaharlar bo‘ylab kezib yuradigan daydi. Bu haqda o‘zining mashhur e’tirofi ham bor: “Biz hammamiz – Yer yuzidagi daydilarmiz”. Adib nazarida, inson taqdirdan faqat bir narsa – dunyoda mavjudligi uchun minnatdor bo‘lmog‘i kerak. Bizning qayg‘u va musibatlarimiz uchun hayotning o‘zi eng katta mukofot. Hamsunning ko‘pgina romanlari, xususan, “Asr farzandlari”, “Segelfos shahri” asarlarida shu to‘g‘rida hikoya qilinadi. Shuningdek, bu romanlarda ijodkorning unutilgan qadriyatlarga yangicha munosabati aks etgan.
Knutning badiiy asarlarida borgan sari siyosiy tushunchalardan chetda turishga intilish sezilar, oldi-sotdi va manfaatparastlikka qarshi e’tiroz ohangi kuchayib borar edi. Birinchi jahon urushi adibni jamiyatda begona odamga aylantirib qo‘yadi. 1917 yilda nashr etilgan “Er sharbati” romani ana shunday kayfiyatda bitilgan. Unda asriy an’analarga va yerga mehrini saqlab qolgan, qadimiy qadriyatlarni unutib yubormagan Isak va Inger ismli norveg dehqonlari haqida hikoya qilinadi. 1920 yilda Knut Hamsun aynan “Er sharbati”dek monumental asari uchun” (Nobel qo‘mitasi e’tirofi) adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ladi.
“Er sharbati” nashr etilganidan bir yil o‘tgach, yozuvchi Janubiy Norvegiyadan mulk sotib oladi va badiiy ijod bilan jismoniy mehnatni birlashtiradi. To‘rt yil ichida 2 ta romanini chop ettiradi: “Quduq oldidagi ayollar” – unda zamonaviy dunyoning yolg‘on aqidalari bilan zaharlangan, dengiz yoqasidagi mo‘jazgina bir qishloq aholisining qirilib ketishi bayon etiladi; “So‘nggi bob” romani – qishloq sanatoriyasi haqida g‘amgin asar.
Qadim Skandinaviya shuhratini tiklash orzusi Hamsunni natsistlar g‘oyalarini ochiq-oydin qo‘llashga olib keldi, 1934 yilda fashizm ruhida bir necha maqola yozadi. Bundan adibning minglab muxlislari norozi bo‘lib, e’tiqodini o‘zgartirgani uchun uni qoralay boshladilar. Kitoblari to‘g‘risidagi nafrat va la’natlarga to‘lib-toshgan adabiy taqrizlar ta’sirida ruhiy tushkunlikka berilgan Hamsun ma’lum muddat psixoanaliz usuli bilan davolanadi. Shunga qaramay, o‘sha yillari u “Daydilar”, “Avgust” va “Hayot davom etadi” romanlaridan iborat trilogiyani yozib tugatadi. Yozuvchining oxirgi “Halqa tutashadi” nomli romani 1936 yilda nashrdan chiqadi. Unda orzulari ro‘yobsiz qolishga mahkum etilgan bir odamning maqsadsiz hayoti tasvirlanadi.
Fashizm g‘oyalari ta’siriga tushib qolgan Knut Hamsun hatto 1943 yili Germaniyaga borib, Gebbels va Gitler bilan uchrashadi. Oradan ma’lum fursat o‘tgach, 1945 yilning kuzida Oslodagi ruhiy xastalar shifoxonasiga yotqiziladi. To‘rt oy davolangach, qariyalar uyiga o‘tkaziladi. 1947 yili 88 yoshli keksa Hamsun ustidan sud bo‘ladi, dushmanga xayrixohlikda ayblanib, 425 ming kron (o‘sha davr kursi bo‘yicha taxminan 80 ming dollar) jarima solinadi. Yozuvchi 1949 yili, 90 yoshida “O‘t bosgan so‘qmoqlar” nomli kitob yozib, sud jarayonlarini hikoya qiladi. Kitob Hamsunning ayblarini oqlamasa-da, o‘z ijodiga bo‘lgan qiziqishni qayta jonlantiradi. Uning asarlari yana dunyoning turli mamlakatlarida ketma-ket chop etila boshladi.
Knut Hamsunning shaxsiy hayoti bir qadar to‘kis kechgan desak bo‘ladi. U 1898 yili Berglyut Bex ismli ayol bilan oila quradi, undan qiz farzand ko‘radi. Oradan sakkiz yil o‘tgach, er-xotin ajrashishadi. 1908 yilda esa Hamsun o‘zidan 22 yosh kichik bo‘lgan aktrisa Mariya Andersenga uylanadi. Oilada ikki qiz va ikki o‘g‘il dunyoga keladi. Yozuvchi Mariya bilan umrining so‘nggi kuni – 1952 yil 19 fevraligacha birga hayot kechiradi.
G‘oyaviy qarashlaridagi qarama-qarshiliklardan qat’i nazar Knut Hamsun dunyo adabiyotiga o‘zining ulkan hissasini qo‘shdi. U haqda A.Blok, A.Kuprin, K.Paustovskiylar maqolalar va esselar bitishgan. “Er yuzida Knut Hamsun bo‘lib yashash – chinakam qahramonlik”, deya yozgan edi Maksim Gorkiy. Darhaqiqat, shuncha uqubatlarga dosh berib, shuncha sinovlarni yengib o‘tib, Hamsun o‘zining kurashchan hayoti bilan inson irodasi nimalarga qodir ekanligini isbotlab ketdi.
Ibrohim Aziz tayyorladi
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 8-son