Bolalikning xotiralari nurli chiroqday doim inson yo‘llarini yoritib turadi. Kim biladi, balki bekinmachoq o‘ynab yurgan kezlaring, dugonalar bilan “to‘ptosh”, “beshtosh” o‘ynagan paytlaringdagi beg‘uborliklar she’rning daragiga o‘xshar. Qishloq to‘ylarida Sarvar xola, Robiya xolalarning yurakni sel qiladigan termalaridan ko‘ngilga she’riyatning shu’lasi tushgandir.
Chiroq yonar yog‘ bilan, Bag‘rim to‘la dog‘ bilan. O‘ynamadim, kulmadim O‘zim sevgan yor bilan.Bu dardli misralarni dalalarda sigir boqqanimizda dugonalar bilan takrorlab yurardik. Onalarimiz qaldirg‘ochlar, laylaklar kelganda ularni olqishlab she’r aytishni o‘rgatishardi. Qahraton qish kechalari, dekabrning so‘nggi tunlarida choyxonalarda qo‘llarimiz muzlab ko‘rak chuvirdik. Odamlar uxlab qolmasligi uchun Fayzulla tog‘a “Kuntug‘mish”dan, “Yusuf va Zulayho”dan o‘qirdi. Qiziqchi Ro‘zi bobo xo‘roz bo‘lib qichqirar, turli qushlarning ovozini o‘xshatib “sayrardi”. Dostondagi ohanglar qulog‘imizga surnay tovushiday quyilib qolardi. O‘sha dostonlardagi she’r parchalarini yodlab, ayollar davrasida takrorlab yurardim. Bir o‘g‘lini bo‘ri olib qochib Gurkijon, birini baliq yutib Mohijon atalganini aytayotganimda ayollar ko‘zda yosh bilan tinglardilar. O‘shanda besh-olti yoshlarda edim.
Maktabga borganimda men mo‘jizalar olamini topdim. Muallima Rahima Saloyeva har bir darsining oxirida mendan yodlagan she’rlarimni aytib berishni so‘rardi. She’rni ifodali o‘qishni o‘rgatar, barcha majlislarga meni qunt bilan tayyorlardi. Uchinchi sinfdaligimda qish kunlari shoir Uyg‘un bilan uchrashuv bo‘lgan. Tumanning katta madaniyat klubida tumonat odam. Musiqa o‘qituvchimiz Sharif Ahmedovning g‘ijjagi bunday tadbirlarga shavq va hayajon, fayz qo‘shardi. Qalam qoshli, sochlari etagi bilan barobar Muhabbat Shoyimova opamiz “Dilxiroj”ga, Ibodat opamiz “Jonon” kuyiga raqsga tushganida ko‘kdan farishtalar yog‘ilganday, muhtasham bino charaqlab ketardi. Yoshlik zavqi, jozibasi, qizlarning nafis va chiroyli harakatlari, barmoqlaridan sochilgan nur, qora ko‘zlaridan taralgan iboli ishvalardan hayratlanib tomosha qilardilar. Ana shunday zavqli daqiqalardan so‘ng she’rga navbat keldi: uchinchi sinf o‘quvchisi (men) shoir Uyg‘unning “Men qushlarga don berdim” she’rini dona-dona qilib o‘qib berayotganda… birdan to‘xtab qoldi va ketma-ket ikki-uch marta aksirib yubordi. Kichkina qizaloq o‘zini yo‘qotmasdan kaftlari bilan burnini artdi-da, she’rni davom ettirdi. Ana shu holat Uyg‘un boboda ajib taassurot qoldirgan bo‘lsa kerak, shoir Toshpo‘lat Hamidga qizaloqqa ustozlik qilishni tayinladi.
Qish o‘tib, bahor keldi. Bo‘ston qishlog‘ining tolzor, jiydazor, akas daraxtlari shovullab turgan ko‘chalaridan quvonib-quvonib, qushday uchib maktabga boradigan bo‘lgandim. Ko‘rganlar meni alohida samimiyat bilan ko‘rsatib, Uyg‘unga she’r o‘qib bergan qizcha kelayapti, deyishardi. Bibirajab opam menga bir sidra yangi usti-bosh, kavushcha olib berdilar. Ana shunday kunlarning birida maktabga borsam, Toshpo‘lat Hamidning ayollari meni chetga imladilar. U kishi rus tilidan dars berardilar. Tumanimizning ikki betli gazetasida mening “she’rim” chiqibdi. Muallima menga tayinlab aytdilar: “Kim so‘rasa, o‘zim yozdim degin”. Maktabdagi ochiq maydonchada yig‘ilish bo‘ldi va meni “she’rim” bilan qutlashdi. Dars tugashi bilan xalq maorifi idorasiga chaqirishdi. Bino chorbog‘ning ichida edi. Daraxtzor oralab binoga kirdim. Devorlari qorday oppoq, chiroyli, uzun dahlizdan o‘tib, Toshpo‘lat Hamid o‘tiradigan kabinet ostonasida to‘xtab qoldim. Ko‘lmak yo‘llarda kavushcham loy bo‘lgan edi. Ostonada yechib qoldirdim va iymanib ichkariga kirdim. Mening bunday odobimdan zavqi kelibmi, xursandchilikdanmi, u kishi meni yaxshi kutib oldilar va o‘tirishga taklif qildilar. Hind aktyorlariga o‘xshagan sochlari jingalak, ko‘zlari katta-katta, ko‘rkam, salobatli kishi ekanlar.
– Obbo, sen-ey, she’r yozibsanmi? – dedilar kulib.
– O‘zim yozdim, – dedim muallima tayinlaganiday.
U kishi birdaniga qah-qaha otib kuldilar. Tizzalariga urib, “obbo, sen-ey”, deb meni hayratga solardilar. Nihoyat kulishdan to‘xtab, dedilar:
– Bu she’rni sening nomingdan men yozdim. Sen ko‘p she’rlarni yod bilasan, dostonlardan ham yodaki o‘qiysan. Bir urinib ko‘r, qofiyalar topsang, o‘qituvching turoqni o‘rgatsa bo‘ldi, she’r yozaversang bo‘ladi, – deb maslahat berdilar.
O‘sha lahzalardan boshlab mening murg‘ak ongimda o‘zim ham anglab yetmagan bir orzu kurtak yozdi. Bibirajab opam paxsa devorli uyning bir burchagiga kichkina stolcha qo‘yib berdilar. Kecha-yu kunduz qog‘oz qoralay boshladim. Nimasidir she’rga o‘xshamasdi ularning. Lekin maktab “lineyka”larida, yobonda ayollar davrasida o‘qib berardim. Butun tumanga ”muxbircha” bo‘lib dovrug‘im ketdi.
Har yili may oyida qo‘shiqlar bayrami bo‘lar, bu go‘zal tadbirlarda qo‘shiqlar va she’rlar jarangidan yuraklarimiz junbushga kelar, chorbog‘ sahni yoshlik va bolalikning quvnoq gurungu mushoirasidan Eram bog‘iga aylanardi go‘yo. G‘afur G‘ulom, Uyg‘un, Zulfiya, Quddus Muhammadiy she’rlaridan gumburlatib o‘qirdik. Maktabimiz M. Gorkiy nomi bilan atalardi, shuhrati baland edi. Daraxtlar shoxiga, yon-atrofdagi pastak uylarning tomlariga chumchuqlarday terilib tomosha qilardi bola-baqra.
O‘sha yillar hayajonlari meni she’riyatga shaydo qilgan ekan endi bilsam. Novacha to‘parida kichkinagina kutubxona bo‘lardi. Zaxgina, nimqorong‘u ikki xonadan iborat edi. Qish kunlari maktab, dala va uy ishlaridan ortib kutubxonaga kirishga vaqtim bo‘lmasdi. Yorug‘ yozda kutubxona oldidagi hovuz bo‘yi shiypon vazifasini o‘tardi. Qizlar kashta tikishsa, men kutubxonadan kitob tanlab chiqib, muk tushib o‘qirdim. Pushkinning ertaklari, o‘zbek xalq ertak va dostonlari, sharq xalqlarining afsonayu rivoyatlarini bosh ko‘tarmay o‘qir, ba’zilarini uch-to‘rt bor takroran ko‘zdan kechirardim. Maktab ta’tili paytida ona tili va adabiyot o‘qituvchimiz Murod Xolmurodov darslikdagi asarlar ro‘yxatini berardilar. Qishloq kutubxonasidan topmagan kitoblarimni Bo‘stondagi asosiy kutubxonadan olardim. Muallim Sharif Ahmedovning ko‘rkam, xushtabiat rafiqasi Gulchehra opa menga qiziq kitoblarni tavsiya etardi.
Yozda yulduzlar sayrini tomosha qilib hovlimizdagi baland supada uxlardik. Oyning yorug‘ida alla-mahalgacha kitob o‘qirdim. Ertaklardagi qahramonlarim qismati yuragimga ham azob, ham faxr solardi. Tonggacha ertaklar dunyosida yashardim. Onamning ertaklari esa hech tugamas, sigirimiz paxtani yeb, ipga aylantirib berishini kutardim. Otasining ko‘ziga malham izlab ketgan Kenja qizning sarguzashtlari meni hali-hamon sehrlab keladi. O‘zini qullikdan ozod qilgan xaloskorining mushkuliga yarash uchun “labbay” deb go‘rdan chiqib, kafanini bo‘yniga ilib yugurgan qulning himmatlari ta’rifini tinglab, dilimda ezgulik gullari ochilardi. She’riyatning sehrgar xayollari bilan yashardim. Ana shunday tuyg‘ular menga jur’at bag‘ishlagan va shunday jasorat bilan qishlog‘imdan birinchi bo‘lib Toshkentga o‘qishga kelganman.
Milliy universitet darsxonalari chinakam ijod olamiga olib kirdi va mashqlarimni ilk bor tahririyatga – “O‘zbekiston xotin-qizlari” jurnaliga olib bordim. Gulchehra opa she’rlarimni ancha sayqallab, 1961 yili hozirgi “Saodat”ning avgust sonida chop ettirdi. O‘sha she’rimni har gal o‘qisam, yuragim nurga to‘ladi. Zulfiyaday buyuk ustozning imtihonidan o‘tganimga suyunib yuraman. Talabchan ustoz Ozod Sharafiddinovning ”Zamon. Qalb. Poeziya” kitobini qayta-qayta o‘qirdim, sahifalari yod bo‘lib ketgan edi. Mirtemir domlaning “Men seni”, “Onaginam” she’rlari, “Surat” tilimizdan tushmas edi. Shuhratning “Ishqingda yonib” va “Sening sevging” she’riy kitoblari doimiy hamrohimiz edi. Ijod va hayotda ularning ko‘p mehribonliklarini ko‘rdim. Uyg‘un domla o‘sha uchrashuvdan so‘ng o‘n yil o‘tgach, she’rlarimni matbuotda o‘qib qolib, shoir Barot Boyqobilov orqali meni topib, birinchi ”Oq yo‘l”ni yozib berdilar. Shundan so‘ng o‘zimga bo‘lgan ishonch mustahkamlandi.
Birinchi dostonim “Kelinchak” 1967 yili “Sharq yulduzi” jurnalida chop etilgach, sevimli ustoz Zulfiyaga manzur bo‘ldi. Ilk kitobim “Shabnam” 1971 yili dunyo yuzini ko‘rdi. Hayotimning eng og‘ir kunlarida men uchun unutilmas bayram bo‘ldi. Onam kitobning ilk nusxasini ko‘zlariga surib yig‘lab yubordilar.
– Otangiz o‘g‘illarim o‘ntasi ham yerga yem bo‘ldi, qizlarim birovning xasmi, otim qolmaydi, deb armon qilgan edi. Mana endi Hoji boboning nomi o‘chmaydigan bo‘libdi, o‘rgilay sizdan, – degandilar.
Hayotda mashaqqatlar girdobida qolgan kezlarim mehribon Zulfiyaxonim o‘z farzandiday panohiga oldi. U kishidan boshimni baland tutib yashashni, o‘z qadrim uchun kurashishni o‘rgandim. Mirtemir domla har gal she’rim matbuotda chiqqanida gohi maqtab, ba’zan otalarcha koyib, saboq berganlarini, Shuhrat aka tahrir qilishni, so‘z ustida qunt bilan ishlashni o‘rgatganlarini, Lazizxon Qayumov dono o‘gitlar berib ko‘nglimni ko‘targan kunlarni unutmayman. “Sharq yulduzi” jurnali men uchun chinakam ijod maktabini o‘tadi. Mualliflarning asarlarini mehr bilan, so‘zimni qizg‘anmay tahrir qilishni shoir Husniddin Sharipovdan o‘rgandim. Aziz Saidaxonimning mehri, donishmand To‘xtasin Jalolovning haftada ikki bor ishxonamga kelib, “qizim, bugun qanday yangi shoira topdingiz”, deb xushxabar kutishlari hech esimdan chiqmaydi.
Shu kungacha 29 ta to‘plamim chiqdi: she’rlar, hikoyalar, maqolalar, tarjimalar, badialar. Albatta, ularning mazmun-mundarijasi, saviyasi har xil. Ko‘nglim to‘lmaganlarini ham o‘zimning injiq bolamday qadrlayman. Ayniqsa, “Saylanma” kitobimni dastalayotganda ko‘nglim to‘lmaganlari o‘z-o‘zidan mundarijaga kirmay qoldi. 14 ta doston va balladalarimdan 7 tasi shu kitobimga kirmadi. Ba’zilari mavzusi bois, ba’zilari esa bo‘sh ko‘ringani uchun.
Ha, adabiyot xalqni uyg‘otuvchi qudratga ega. O‘nlab qarorlarning kuchi yetmagan ishlarni birgina she’r, birgina qo‘shiq bilan amalga oshirish mumkin. Adabiyotdan yiroq odamning yuragini po‘panak bosadi. Davralarda ziyoli odam bilan kitob ko‘rmaganning suhbatini darrov farqlaydi kishi. Xalqimiz orzu-umidlarini, kelajagini, buyuk shijoatini kitoblarda, buyuk qahramonlar timsolida ko‘rgan. Xalq Alpomishlaru Go‘ro‘g‘lilarni, qahramonlik va mardlik zavqiga to‘la ertaklarni bejizga o‘ylab topmagan. Ertaklari bo‘lmagan xalqning yerda ildizi bo‘lmaydi. Adabiyot xalq uchun hayot bulog‘i, tafakkur manbai, shunday bo‘lmasa, bunday xalqning ruhi o‘ladi. Adabiyot ona kabi murabbiy vazifasini o‘tashi darkor. Adabiyot – millatning urib turgan yuragi. Yaxshigina eslayman: o‘zbek tili qatag‘onga uchragan yillari bog‘cha bolalarining tilidan “O‘zbegim”, “O‘zbekiston” tushmasdi. Urush yillari jangchilarning ko‘krak cho‘ntaklarida “Qo‘lingga qurol ol”, “Sen yetim emassan”, “Surat”, K. Simonovning “Meni kutgil” she’rlari tumorday saqlanib kelgan.
Adabiyot milliy qadriyatlarning bardavomligi, millatning o‘zlikni anglash yo‘lidagi sa’y-harakatlari qaror topishi, xalqning ma’naviy-axloqiy qatlamlarini mustahkamlash uchun xizmat qilishi kerak. She’riyatda Hamid Olimjon, Zulfiya, Usmon Nosir, Mirtemir an’analariga hozirgi yoshlar amal qilishlarini orzu qilaman. Modern she’rlar deb shakli-shamoyili yo‘q, sovuqdan-sovuq misralarni o‘quvchiga taqdim etayotgan ijodkorlarni qabul qilolmayman. Bir yilda uch-to‘rt kitobini qalashtirib tashlab, o‘quvchining didini buzayotgan “yozuvchinamo”, “shoirnamo”lar ijod erkidan mastu mustag‘raq bo‘lib, kekkayib yurishganidan hayron bo‘lasan kishi. Nazmlarda so‘zbozlik, ikki tomchi suvday bir-biriga o‘xshagan, mazmuni po‘kak she’rlar ko‘payib ketganidan xavotirdaman. Dehqon xirmon ko‘targanda yaxshilab sovuradi, g‘alvir-chig‘il qiladi. Doni-donga, puchagi-puchakka ajraladi. Bug‘doyga tushgan qoramug‘ni bittalab teradi dehqon. Nazarimda, har bir ijodkor o‘z asarlarini mana shunday saralab, keyin o‘quvchiga taqdim etishi kerak. Buning uchun ijodkorga, u kim bo‘lishidan qat’i nazar, kuchli mas’uliyat tuyg‘usi zarur. Adabiyot xalq hayotining, u bosib o‘tgan mashaqqatli yo‘llar tarixining badiiy ko‘zgusi bo‘lsagina, kelajak avlodga xizmat qiladi.
Oilamiz haqida so‘z yuritsam, ikki ijodkor bir yoqa, bir yeng bo‘lib ijod qilamiz. Bir-birimizning yutuqlarimizdan ilhomlanamiz. Birinchi o‘quvchim, baho berguvchim ham Ibrohim aka bo‘ladilar.
Bolaligimda muallimlarim, “Oydin matematikani suv qilib ichgan, matematik bo‘ladi”, deb yurishardi. Meni so‘z sehri o‘z olamiga maftun qildi. Qizimiz Malohatxon raqamlar poeziyasiga maftun bo‘ldi, u texnika fanlari doktori. Nabiralar ham uning yo‘lini tanladi. Balki shajara daraxtining qaysidir novdalarida shoirmi, baxshimi tug‘ilar! Bu yog‘i Yaratganga ayon.
Matbuotda chiqqan ilk she’rim “Tongni qarshilab” sarlavhali edi. Unda “umr bo‘yi yurtim tonglarini bedor kuzatay”, degan satrlar bor edi. Bedor o‘tgan tunlarimdan, mehnat va izlanishda kechgan kunlarimdan topgan shodliklarim, taqdir nasibam uchun shukrona aytaman.
“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 3-son