Matnshunoslikning bugungi ahvoli xiyla mavhum. Chunki qaysi bir soha bo‘lmasin, unda ishlarni muvofiqlashtiruvchi boshqaruv tizimi yo‘q ekan, sohaning eng zarur dolzarb vazifalari aniqlanib, ularni bajarish maqsadida izchil, tizimli, tartibli ish olib borilmas ekan, u yo‘nalish shakllanmaydi, takomillashmaydi, rivojlanmaydi.
Ilmiy hayotda matnshunoslik hamisha sermuammo, bahs-munozarali soha bo‘lib kelgan. Ayniqsa, XX asrning 80-yillarida matnshunoslik ilmiy-ijtimoiy jarayonda har qachongidan ham dolzarb soha bo‘lib kun tartibiga ko‘tarildi. Sohaning turli muammolarini ko‘tarib, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida, “Sharq yulduzi” jurnalida, “Adabiy meros” nomli ilmiy tadqiqotlar to‘plamida eng nufuzli olimlar bahsli maqolalar bilan chiqdilar. Ayniqsa, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining o‘nlab sahifalarida bahs-munozara qizg‘in tus oldi. Xususan, akademik Alibek Rustamov, professor Abduqodir Hayitmetov, atoqli matnshunos olim Vahob Rahmonovning jonkuyarlik bilan yozgan maqolalari bahs-munozaraning unutilmas sahifalari bo‘lib qoldi. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Til va adabiyot ilmiy tadqiqot institutida professor Sodirxon Erkinov rahbarligidagi “Matnshunoslik” bo‘limi ochildi. Biroq bo‘lim matnshunoslikning ilmiy-nazariy muammolarini o‘rganishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ymadi, balki mumtoz badiiy asarlar matnini nashr qilishdek an’anaviy amaliy ishlar bilan shug‘ullandi. Ko‘p o‘tmay, bu bo‘lim ham qumga singib ketgan suvday yopilib ketdi. Uzoq davom etgan bahs-munozaralarda ko‘tarilgan dolzarb muammolar yechimsiz qoldi.
Matnshunoslik sohasidagi rahbar tashkilot mamlakat va fan tarixida XX asrning 40-yillarida bo‘lganligini quyidagi ma’lumotdan bilishimiz mumkin. Navoiy “Farhod va Shirin” dostonining nasriy bayoni bilan birgalikda chop etilgan nashrida bosmaga tayyorlovchi G‘afur G‘ulomning muxtasar ma’lumotnomasi bor. Unda akademik olim va shoir shunday deydi: “Men bosmaga tayyorlab bo‘lgandan so‘ng, Navoiy yubileyi komitetining tekstologiya komissiyasi bu asarni O‘zbekiston davlat xalq kutubxonasida saqlangan qadim nusxalar bilan solishtirib, tekshirib chiqdi. Men asoslanib tayyorlagan nusxalardagi kamchiliklarni topib, uni to‘latdi” (Alisher Navoiy. Farhod va Shirin. T., 1956, 23-bet). G‘.G‘ulom bu ma’lumotni 1940 yilda yozgan. Mazkur matnshunoslik komissiyasining tarkibida S.Mutallibov (rais), O‘zR FA muxbir a’zosi A.Nasriddinov (Boqiy), matnshunos olimlar P.Shamsiyev, I.Odilov, A.Azizov, H.Zarifov, Ulfat va boshqa olimlar faoliyat ko‘rsatganlar. Ushbu komissiya ham Alisher Navoiy tavalludining 500 yilligini nishonlash munosabati bilan tuzilgan “Navoiy yubileyi komiteti” huzurida tashkil topgan bo‘lib, ma’lum muddat faoliyat ko‘rsatgan, shekilli, keyingi yillar ilmiy jarayonida izi ko‘rinmaydi. Shu tariqa matnshunoslik ishlari nazorat va muvofiqlashtirishsiz qolib ketgan.
Hozirgi davrda matnshunoslik ishlari tartibsiz, pala-partish davom etmoqda. Matbuotda soha bo‘yicha oyda-yilda bitta-yarimta maqola e’lon qilinadi, xolos.
Akademik ilmiy tadqiqotlar yaratish sohasida ham matnshunoslik bo‘yicha jiddiy o‘sish-o‘zgarishlar kuzatilmaydi. Keyingi yillarda bu sohada yoqlanayotgan dissertatsiyalarda ham muayyan mumtoz asarlar bo‘yicha qayerda qanday qo‘lyozmalar bor, ularning o‘zaro farqi nimada kabi sarhisob, tasnif, muqoyasalardan nariga o‘tilmaydi. Hatto XX asrda dissertatsiya yozishga arzimaydi deb hisoblangan ayrim mavzular olinib, ular yuzasidan siyqa ishlar yozib yoqlanmoqda.
Xo‘sh, matnshunos kim o‘zi? Matnshunos olim qanday salohiyat va fazilatlarga ega bo‘lishi lozim? Matnshunos ilmiy mutaxassislar tayyorlashda nimalarga e’tibor berish kerak?
Matnshunoslik kasbi faqat adabiyotshunoslik yoki faqat tilshunoslik ishi emas. Matnshunoslik – umumfilologik faoliyat. Ya’ni matnshunos, birinchi navbatda, ham adabiyotni, ham tilni birday mukammal bilishi lozim. Ikkinchidan, matnshunos juda katta matn jamg‘armasiga ega bo‘lmog‘i shart. Ya’ni u cheksiz darajada badiiy adabiyot o‘qigan bo‘lishi va ularning katta qismini yoddan bilishi zarur. Badiiy adabiyot yodgorliklari matni uning xotirasida shunchaki o‘rnashgan emas, balki barcha yozuv xususiyatlari bilan muhrlangan bo‘lishi taqozo etiladi. Matnshunos – fenomenal xotira egasi bo‘lishi maqsadga muvofiq. Matnshunos matnlarni tahlil, tabdil qilar ekan, u xotirasidagi yozuv xususiyatlari bilan qiyosiy ish olib bormog‘i lozim. Uchinchidan, bo‘lg‘usi matnshunos ko‘p tillarni bilmog‘i talab etiladi. Xususan, o‘zbek mumtoz adabiyoti matnlari bilan ishlaydigan mutaxassis, ona tili bilan birgalikda, fors va arab tillarini to‘liq bilishi lozim. Uchala til bo‘yicha bir xilda – mukammal bilimga ega bo‘lishi maqsadga muvofiqdir. To‘rtinchidan, bo‘lg‘usi matnshunos Islom dini bo‘yicha mukammal bilimga ega bo‘lishi lozim. Chunki milliy adabiy merosimiz diniy manbalar bilan sug‘orilgan. Mumtoz adabiyotni diniy manbalardan ajratib o‘rganib bo‘lmasligini XX asr tajribasi yaqqol ko‘rsatib berdi.
Yuqorida bayon etilgan mulohazalardan kelib chiqib, matnshunoslik fanining eng asosiy vazifalarini aniqlash mumkin. Birinchi navbatda, “Imlo va matnshunoslik komissiyasi” tuzilmog‘i maqsadga muvofiq. Chunki ushbu komissiya sohadagi ishlarni tashkil etuvchi, boshqaruvchi, tartibga soluvchi, nazorat qiluvchi eng muhim mexanizm bo‘ladi. Nima uchun “Imlo va matnshunoslik”, matnshunoslikning o‘zi emas? Chunki matnshunoslik muammolarining katta qismi imlo bilan chambarchas bog‘liqdir. Mumtoz asarlar asl manbadan hozirgi zamon yozuviga tabdil qilinar ekan, muayyan imlo qoidalariga asoslanish lozim bo‘ladi. Hozirgacha matnshunoslik uchun ana shunday maxsus imlo qoidalari yaratilmagan. Matnshunoslik faoliyatining eng og‘riqli joyi ham shunda. Demak, imlo va matnshunoslik komissiyasi mumtoz matnlarni hozirgi yozuvga tabdil qilishga asos yaratuvchi maxsus imlo qoidalarini tuzishi va amalga tatbiq etishi lozim. Mana shu qoidalar asosida matnlar nashrlari imloviy jihatdan birxillashtirilishi, ya’ni unifikatsiya qilinishi zarur. Shunda matnshunoslik sohasidagi boshboshdoqlik o‘z-o‘zidan barham topadi.
Ikkinchidan, matnshunos kadrlar tayyorlashni takomillashtirish lozim. Agar haqiqiy matnshunos qanaqa bo‘lishi lozimligi haqida yuqorida tavsif etilgan talabdan kelib chiqadigan bo‘lsak, hozir mamlakatda birorta mukammal matnshunos tayyorlaydigan o‘quv yurti yo‘qligi ma’lum bo‘ladi. Bugina emas, ayni paytda yurtimizda birorta komil matnshunos yo‘q, desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki filologiya fakultetida tilga ixtisoslashtirilayotgan talabalar tilni chuqur o‘rganadi, adabiyotdan chala bo‘lib chiqadi. Adabiyotga ixtisoslashtirilayotgan talabalar adabiyotni chuqur o‘rganadi, til ilmidan chala bo‘lib chiqadi. Har ikki ixtisos toliblariga ham eski o‘zbek yozuvi, fors va arab tillari juda kam – bir, ikki, nari borsa, to‘rt semestr o‘qitiladi, xolos. Shunda ham, fors tili o‘qigani arab tilini, arab tilini o‘qigani fors tilini o‘qimaydi. Ilohiyot ta’limi mutlaqo berilmaydi. Bunday o‘quv tizimi o‘tgan asrdan beri shunday saqlangan. Shuning uchun o‘tgan asrda ham birorta komil matnshunos yo‘q edi. Porso Shamsiyevga o‘xshagan bitta-yarimta matnshunos bundan mustasno. Chunki Porso Shamsiyev Buxoroda – fors-o‘zbek zullisonayn muhitda tug‘ilib o‘sgan, oliy filologik ta’lim olishdan tashqari, Mir Arab madrasasida o‘qib, arab tili va diniy ta’limni o‘zlashtirgan, ustiga-ustak, ruslashtirish avjiga chiqqan zamonga to‘g‘ri kelib, rus tilini ham mukammal o‘rgangan butun matnshunos edi. Sharqshunoslik institutida ham Sharq tillaridan biri (qo‘shimchasi bilan – ikkitasi) o‘rgatiladi, lekin matnshunoslik uchun zarur bo‘lgan fors va arab tillari birdaniga to‘liq bakalavriatda to‘rt yil o‘rgatilmaydi. Tilshunoslik va adabiyotshunoslik ta’limi u yerda ham chala bo‘ladi. Sharqshunoslik institutini bitirgan mutaxassislarda filologiya fakultetini adabiyot yo‘nalishida bitirgan mutaxassislarchalik badiiyatni his qilish tuyg‘usi kuchli bo‘lmaydi. Tabiiyki, Sharqshunoslik instituti bitiruvchilarida ham diniy ma’lumot yetarli darajada shakllanmaydi, chunki din asoslari u yerda ham o‘qitilmaydi. Biz dinshunoslik fanini nazarda tutayotganimiz yo‘q. Ushbu fan XX asrda, XXI asrning yigirma yillarida ham oliy o‘quv yurtlarida o‘qitildi. Lekin u fanning yo‘rig‘i boshqacha. U, asosan, dunyo dinlarining tarixi, tasnifi, g‘oyalari haqida umumiy ma’lumot berardi, xolos. Matnshunos uchun esa, Islom dinining g‘oyaviy dunyosi, mazmun-mohiyati, obrazlari muhim. Islom institutlaridan ham matnshunos olimlar yetishib chiqishiga umid bog‘lash mumkin, lekin ularning ta’lim tizimida ham yetishmovchiliklar ko‘p. Zotan, matnshunos kadrlar tayyorlash ularning vazifalari sirasiga kirmaydi. Men bir necha yil Toshkentdagi Imom Buxoriy nomidagi Islom institutida “Ma’naviyat asoslari” fanidan dars berib ko‘rdim. U yerda Islom dini ta’limoti mukammal o‘rgatiladi, arab tili madrasada to‘rt yil, undan so‘ng bakalavriatda yana to‘rt yil o‘rgatiladi. Sakkiz yillik ta’limdan so‘ng, ilm toliblari arab tili bo‘yicha komil mutaxassis bo‘lib yetishishlari mumkin. Tabiiyki, arab va eski o‘zbek yozuvi yuzasidan ham kamolot hosil qilsalar kerak. Lekin Islom institutlarida fors tili juda kam o‘qitiladi. Fors tili ham loaqal 4 yil o‘qitilsa edi, talabalar bu sohada ham yetuk bo‘lib chiqar edilar. Shuningdek, o‘zbek mumtoz adabiyoti ham bu o‘quv yurtida juda kam o‘qitiladi, o‘zbek tilshunosligi mutlaqo o‘qitilmaydi. Albatta, bu fanlarni to‘liq o‘qitish ham bu o‘quv yurtlarining vazifasiga kirmaydi. Ular, asosan, imom xatiblar, otin oyilar va arab tili mutaxassislari tayyorlaydilar. Biz ularni har tomonlama yetuk matnshunos qayerdan chiqarkin, degan ilinj bilan sarhisobga tortdik, xolos.
Uchinchidan, matnshunoslik yo‘nalishidagi ilmiy ishlarni muvofiqlashtirish, ya’ni koordinatsiya qilishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish zarur. Sohadagi ilmiy ishlarni o‘z holiga, o‘z oqimiga tashlab qo‘yish ma’qul emas. Bu ketishda ilmiy rahbarlar shogird tanlab, ularga duch kelgan elliginchi yoki yuzinchi darajali mavzuni beraveradi, yosh olimlar ishni osongina bitirib, yoqlab, diplomini olaveradi, lekin ilmning rivojiga bundan hech qanday manfaat bo‘lmaydi. Ilmiy rahbarlar tez shogird chiqarishdan manfaatdor, chunki oyligi, qo‘shimcha haqi ko‘payadi, soxta nufuzi ortadi. Yosh olimlar ham oson mavzuni olib, tez yoqlashdan manfaatdor, chunki lavozimi ko‘tariladi, oyligi oshadi. Hatto oliy o‘quv yurtlari ham bundan manfaatdor, chunki sun’iy ravishda bo‘lsa-da, ilmiy salohiyat ko‘tariladi, reytingi oshadi. Ammo ilm-fan bundan manfaatdor emas, u bir nuqtada depsinib turaveradi. Shuning uchun “Imlo va matnshunoslik komissiyasi” tarkibida “Muvofiqlashtirish (koordinatsiya) kengashi” ham tuzilishi kerak va bu kengash fandagi eng aktual muammolarni aniqlab, ro‘yxat qilishi lozim. Tadqiqotchilar ana shu ro‘yxatdan mavzu tanlab olishlari maqsadga muvofiqdir. Har bir tadqiqot bir muammoni hal etsa ham, matnshunoslik ilmining qator muammolari peshma-pesh yechimini topib boradi.
To‘rtinchidan, mumtoz adabiyot matnlarini nashr etish, sharhlash, tushuntirish, nasriy bayonlarini yaratish ishlari ham pala-partish davom etmoqdaki, buni ham qonun-qoida kuchi bilan tartibga solish zarur. Bu sohada, hattoki, kim oshdi ko‘pkarisi jarayonlari boshlanib ketdi. Hammaga ma’lumki, to‘g‘ri kelgan odam bunday nozik va murakkab ishni uddalay olmaydi. Bunday ishlarga ma’naviy huquqi bor mutaxassislargagina izn berilishi maqsadga muvofiq. Bu sohada ma’naviy huquq masalasi birinchi o‘rinda turadi. Mumtoz badiiy asarlarni nashr etishga har qanday mutaxassisning ma’naviy huquqi bormi? “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonundan kelib chiqadigan bo‘lsak, ha, har qanday mutaxassis, hattoki har qanday fuqaro mumtoz adabiy asarlarni chop etish (yuridik) huquqiga ega. Lekin mumtoz asarlar matnini bekamu ko‘st, professional darajada nashrga tayyorlash uchun har kimning ham ma’naviy huquqi bo‘lmaydi. Chunki har qanday mutaxassis mumtoz matnlarni a’lo darajada nashrga tayyorlashga ixtisoslashmagan. Shuning uchun ham, masalan, ko‘plab navoiyshunoslar orasidan Porso Shamsiyev, Hamid Sulaymon, Solih Mutallibov, Abduqodir Hayitmetov, Aziz Qayumov kabi atoqli olimlar Navoiy asarlarining ilmiy-tanqidiy matnlarini, mukammal nashrlarini amalga oshirishga layoqatli deb topilgan va ularga ana shu sharafli vazifa ishonilgan. Boshqa ko‘plab mutaxassislar o‘zlarini bu ishga layoqatli, ma’naviy huquqqa ega deb hisoblamaganlar. Yuqorida nomlari zikr etilgan yirik allomalar uzoq yillar mobaynida olib borgan zahmatli izlanishlari, tortgan azobu uqubatlari, orttirgan kasbiy barkamolligi evaziga shunday ma’naviy huquqqa erishganlar.
Biroq keyingi davrda ma’naviy huquq tushunchasi unutildi. Mumtoz asarlar matnshunosligida mahorat qozonmagan, tanilmagan va keng jamoatchilik tomonidan tan olinmagan ayrim mutaxassislar Navoiy merosining ulkan nashrlariga bosh qo‘shishga jur’at qilishdi. Oqibatda, Navoiy to‘la asarlar to‘plamining ayrim jildlari yaroqsiz mahsulotga aylandi. Xuddi shuningdek, shoir Mirzo Kenjabekning Zahiriddin Muhammad Boburning 6 jildlik kulliyotini (Bobur. Kulliyot. 6 jildlik. “Zilol buloq” nashriyoti, T., 2021) nashrga tayyorlovchi bo‘lgani ham juda g‘alati. U – yetuk shoir, lekin matnshunos va adabiyotshunos olim emas. (Nashrdagi nuqsonlar haqida alohida maqola yozilar). Yoki adabiyotshunos Sayfiddin Rafiddinovning Ogahiy “Ta’viz ul-oshiqin” devonini nashr etgani (Ogahiy. Ta’viz ul-oshiqin. “Adabiyot” nashriyoti, T., 2023) ham xuddi shunday nokasbiy munosabat. U – fors-arab tillarini biladi, mumtoz matn bilan shug‘ullanadi, lekin ogahiyshunos emas. Boshqa nuqsonlarini qo‘ya turaylik, u hatto, devonni atoqli matnshunoslar G‘ulom Karimov va Subutoy Dolimov nashri bilan solishtirib o‘rganmagan. Shunga oid nuqsonlar ko‘zga yaqqol tashlanib turibdi.
Ma’naviy huquq bilan layoqatlilik, ya’ni kompitentlilik yaqin tushunchalar. Buning ma’nosi shuki, biror ish yo sohaga layoqatli, ixtisoslashgan, o‘sha sohaning egasi bo‘lgan odamgina o‘sha ishni bajarishga ma’naviy huquqi bor hisoblanadi. Har ishning o‘z ustasi bor, xalq “Chumchuq so‘ysa ham, qassob so‘ysin”, deydi. Hozir matnshunoslik bo‘yicha mutaxassis bo‘lmagan, ya’ni matnshunoslikka layoqatsiz kishilar o‘zlaricha sharhlar, tabdillar yozib, kitob chiqarishga ruju qilib qoldilar. Bu ham matnshunoslik sohasining saviyasini pasaytirib yuboryapti. Bunga yozuvchi Bahodir Qobulning Alisher Navoiy “Mahbub ul-qulub”, “Muhokamat ul-lug‘atayn”, “Tarixi anbiyo va hukamo”, “Tarixi muluki ajam”, “Munojot” asarlariga yozib nashr etgan tabdillari (1-kitob. G‘.G‘ulom NNMIU, T., 2021. 2-kitob. “Adabiyot” nashriyoti, T., 2022) yaqqol misol bo‘la oladi. Yana bir katta xato shundaki, bunday asarlar Alisher Navoiy nomidan nashr etilyapti, ya’ni muqovaga yirik harflar bilan ulug‘ shoirning nomi yozib qo‘yilgan. Go‘yoki bular Alisher Navoiyning asarlari. Asliyat bilan tabdilning farqiga bormaydigan oddiy kitobxon shunday tushunishi mumkin. Bunday hol boshqa tabdil kitoblarda ham yuz bergan.
Albatta, boshqa soha kishilari ham mumtoz matnlarni tushunishlari, o‘zlariga xos bayon etishlari mumkin. Biroq bu – ular sohaning atoqli intellektual salohiyatli vakillari bajarishi mumkin bo‘lgan barcha ishlarga layoqatli degani emas. O‘z ma’naviy huquqini bilgan va huquqiy madaniyatga ega bo‘lgan nomutaxassis odam bunga da’vo ham qilmaydi.
Nusratullo Jumaxo‘ja,
filologiya fanlari doktori, professor
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 48-49-son

