Adabiyot sevgisi yuragimga sut bilan singgan bo‘lsa kerak, shu tuyg‘u bir paytlar adashib kirib qolganim va bir yil o‘qiganim Politexnika institutidan hujjatlarimni oldirib, ToshDUning filologiya bo‘limiga topshirtirgan. Ha, texnikadan ko‘ra adabiyotni yaxshi ko‘rardim, lekin shu adabiyotning bir qanoti bo‘lgan she’rni (o‘qirdim-u) yodlashga kelganda xafsalasizlik qilardim. Birinchi bosqichda darslarni boshlaganimizdanoq ustoz Umarali Normatov o‘zining takrori yo‘q zavqlari va shavqlari bilan biz talabalar o‘zimizcha adabiyotga sevgi deb yurgan yalqov tuyg‘ularimizni, yonolmay tutunqiragan hislarimizni qo‘zg‘ab, alangalatib yubordi. Lekin shunda ham, tan olishim kerak, she’rni sevishda va sevib she’r o‘qishlarda men boshqalardan ancha orqada edim. Talaba kursdoshlarim o‘tirishlarda, paxta dalalarida mushoiralar, bahri baytlar qilishsa, men maktab darsliklaridan yodlab olganim ayrim misralarni takrorlab zo‘rg‘a qutulib ketardim. Ularga qarab ham havas qilardim, ham ichimdan o‘ksinardim − adabiyotni shularchalik yaxshi ko‘rmaymanmi, deb o‘zimdan xavotirlanardim.
Baxtimga bu holat uzoqqa cho‘zilmadi. Ikkinchi bosqichdami o‘qib yurganimizda bir guruh yosh shoirlarning ilk kitoblari chop etildi. Kechagacha adabiyotchi talabalarning bahslari, talashib-tortishishlari boisi bo‘lgan Erkin Vohidov, Rauf Parfi, Abdulla Oripov nomlari qatoriga endi bu jajji kitobchalarning mualliflari Shavkat Rahmon, Usmon Azim va yana bir necha shoir akalarimizning ismlari ham qo‘shila boshladi.
Bulardan qo‘limga birinchi bo‘lib Shavkat Rahmonning “Rangin lahzalar” kitobi tushdi va… shu qadar sho‘ng‘ibman, bitta she’rinimas, ikkita she’rinimas, to‘lasicha butun kitobni yodlab chiqdim! Keyin yana bir shoir akamizning, undan keyin Usmon Azimning kitoblarini ham bitta she’rini qo‘ymay yodlab oldim. Shunday qilib, yuragimning qat-qatida bekinib yotgan she’rni sevish va anglash sandiqchasi ochilib ketdi go‘yo[1].
Shavkat Rahmonning istarali u ilk kitobi “Vatan” to‘rtligi bilan boshlanardi:
Joylashgansan shunchalar chuqur…
O‘z tubiga yashirgan yurak.
Senga yetib bormaklik uchun
Uzun umrim yetmasa kerak.
Bir o‘qishimdayoq esimda qoldi. Nimasi meni o‘ziga tortdi, nimasi yuragimga tegib ketdi − u paytlar tuzukli tushuntirib berolmasidim ham. Sodda so‘zlar, turkona ohang. Hozirgi yoshlar mendagi bu hissiy qabul sabablarini uncha anglab yetmasligi mumkin. Chunki u paytlar vatan haqida qanaqa she’rlar yozilgani va o‘qilgani ko‘plariga qorong‘i. Vatan ko‘pincha yuzalarda bo‘lardi, vatanni sevish ham yuqorilardan talab etilgani uchun o‘sha yuqorilarga yoqadigan tarzda sevilar va bayon qilinar edi. Shavkat Rahmonning Vatani esa juda chuqurlarda (buning ustiga, odamni o‘ylantiradigan uch… nuqtasi bilan) joylashgan. Yerning emas, dengizlarning emas, yurakning chuqurlarida. U ko‘z-ko‘z qilinmaydi, uni “yurak o‘z tubiga yashirgan”. Yomon ko‘zlardan, yomon niyatlardan va… soxta muhabbatlaru soxta sifatlardan asragan. Axir, soxta muhabbat izhorlari uni xo‘rlashi mumkin, u bunday yuzakiliklardan baland turadi. Chuqurliklarda yuksaklik xos unga! Unga hatto sevgi izhor qilinmaydi. Minbarlarni egallab, ko‘kraklarga mushtlab u haqda jar solinmaydi. U yuraklarda bo‘ladi, unga bog‘liq tuyg‘ular tomirlarda oqadi. U sog‘inib izlanadi, axtariladi. Ayniqsa, mustamlaka sharoitida. Ayniqsa, xalqning erki o‘z qo‘lida bo‘lmaganida… Uni chinakam sevgan kishi uni topish va anglab yetish uchun qiyin safarga (“Oh, voy, muncha yo‘l og‘ir…”) otlanadi. U shunchalar chuqurlarda joylashgani, yurak uni shunchalar tubiga yashirganidan “unga yetib bormaklik uchun uzun umr yetmas”ligi ham mumkin…
Bugun Shavkat aka oramizda yo‘q. Yaratganning hikmati bilan u qirq olti yoshida, umrining ayni kuch-g‘ayratga to‘liq pallasida ilohiy rahmatga qovushdi. Bugun endi biz orqada qolganlar bu insonning tugal umriga va tugal ijodiga yalpi ko‘z tashlasak, yaxlit xulosalar chiqarsak bo‘ladi. Shu nuqtadan boqilsa, mening nazarimda, Shavkat Rahmon butun ijodi bilan, butun o‘y-xayoliyu qayg‘ulari, dardlari bilan shu Vatan sari − mushtdekkina yuragi tub-tubiga yashirgan, o‘zigina taniydigan, suygan va sog‘ingan ana shu sirli makon sari yurdi, talpindi. Bir paytlar shirin orzular og‘ushida “Senga yetib bormaklik uchun Uzun umrim yetmasa kerak”, deb chamalagan yigirma besh yasharlik yosh shoir taqdirning buyuk yozug‘i ila, qirq olti yoshida, og‘ir kasalga chalinib, o‘lim bilan olishib yotgan pallalarida bitilgan (balki) oxirgi she’rida ortida qolayotgan olamga “Abadiyat oralab O‘shga (“Vatanga” deb o‘qing. – N.M.R.) qachon yetamiz?” deb savol qo‘ydi!
Ayt, ey xasta bulbulim,
O‘shga qachon yetamiz?
Yashil bog‘lar sarg‘ardi,
Mag‘iz bo‘ldi gujumlar.
Oh, voy, muncha yo‘l og‘ir,
Bulbulim…
Ulkan soat o‘rtasida
Madorim yo‘q yurmoqqa,
Qashqirlar davrasida
Sudralaman turmoqqa.
Shunda qolib ketsam gar
netamiz?
Abadiyat oralab
O‘shga qachon yetamiz?
Qorli tog‘lar bag‘rida
Begim − O‘shim ko‘rindi,
Sulton − O‘shim ko‘rindi…
“Ey xasta bulbulim…” derkan, Shavkat Rahmon yurakni − o‘zi ardoqlab, umr bo‘yi suyib-sog‘inib yashagan Vatanni “o‘z tubiga yashirgan yurak”ni nazarda tutadi. Va: “Ey yuragim − ey xasta bulbulim, bu ahvolda Vatanga qachon yetamiz?!” deydi. Vatanni axtarib yo‘lga chiqayotganida shoir “Senga yetib bormaklik uchun Uzun umrim yetmasa kerak” deb tusmollagan edi, ammo bu tusmoli tagida qachondir bir kun Vatanga yetishish ilinji ham bor edi, umidvorlik bor edi, lekin shoirning yuragiga yashiringan Vatan chindanam juda-juda chuqurliklarda ekan, afsus, unga yetib borishga Shavkat Rahmonning taqdirda belgilangan umri yetmadi. Va xasta shoir kasalxona to‘shagida, o‘zidan tobora ustun kelayotgan o‘lim bilan olishib yotarkan (“Mening har qadamim muqaddas, mening har qadamim o‘limga qarshi”), qisqa umri ichida u sirli, u mahram Vatan sari qilgan bu og‘ir yo‘lchiligining so‘ngini endi armon ila “abadiyat oralari”ga havola qildi. “Shunda qolib ketsam gar netamiz? Abadiyat oralab O‘shga qachon yetamiz?” deya… so‘nik nigohini so‘ng bor (xayolan) uzoqdagi “qorli tog‘lar bag‘ri”ga yo‘lladi…
Shoir bir umr talpingan u Vatan qanday vatan edi? Uning o‘xshashi, cheki-chegarasi bormi o‘zi? Qayerda boshlanib qayerda tugardi u Vatan? Tugarmidi? Izlagan topadigan narsami U? Vatanni topdim degan bormi bu dunyoda? Qancha yil yashash kerak Uni topish uchun? Vatanning nimaligini bilgan bormi?
Shavkat Rahmon yo‘lchi shoir edi. Otamiz Odam (alayhissalom) boshlab bergan va har bir Odam bolasi tug‘ilganida kesiladigan kindigidan uzanib to abadiyatlar qa’riga ulashib ketadigan u olis yo‘lga − Vatanga eltadigan yo‘lga tushgan shoir edi. Ilk (“Rangin lahzalar”) kitobining birinchi she’rini oxirgi (“Saylanma”) kitobining oxirgi she’riga bog‘lab turgan narsa mana shu yo‘lchilikdir. Qolgan barcha she’rlari ham, ayrimlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri, ayrimlari aylanma so‘qmoqlar bilan mana shu yo‘lchilikka qandaydir miqdorda va shaklda bog‘langandir. Ularni Vatan sari chiqilgan yo‘lda shoirning ko‘rgan-kechirganlari, kuzatuvlari, takrorlanmas manzaralar, yo‘ldosh tuyg‘ulari, kutilmagan kechinmalari… desa bo‘ladi.
Masalan, munday qaraganda oddiy bir manzara chizgisi bo‘lib tuyuladigan mana bu she’rini o‘qib ko‘ring. Shunchaki emas, tingislab, manzaraning paytiga va holatiga diqqat qilib, shoirning yo‘lchiligi qirrasidan boqib o‘qing-a:
Kimdir ot yetaklab o‘tar azonda,
uzilar ko‘chaning sahargi tushi.
To‘satdan ot kishnab yuborgan onda
shoshilib eshikni ochdi bir kishi.
Tongda ot yetaklab o‘tib borar kim,
qop-qora olovday lovillar yollar.
Kampirlar alanglab quloq soldi jim,
bir seskanib ketdi nuroniy chollar.
Bomdodga azon aytilar mahali (“azonda”!), ya’ni, tong qorong‘uligida (“qop-qora olovday lovillar yollar”!)… hali ko‘plar sahargi tushini ko‘rib yotgan palla… kimdir ot yetaklab o‘tib qoladi… Albatta, kim ot yetaklab o‘tayotgani ma’lum emas, kimligining ahamiyati ham yo‘q, muhimi yetaklab o‘tilgan va jasorat timsoli bo‘lmish otning o‘zi va ot tuyoqlarining haybatli dupuri… Ko‘chaning sahargi tushi uzilishiga ham jasoratli otning haybatli shu dupur-dupuri sabab…
Ammo chindan ham shu dupur-dupurmi sabab? Dupur-dupur nima o‘zi? Oddiy bir shovqin, xolos. Shovqindan ko‘chaning uyg‘onib ketishi juda jo‘n bir voqelik, hatto she’rga ko‘chirishga arzimaydigan voqelikdir. Demak, bu yerda boshqa narsa bor. Ot tuyoqlarining dupur-dupuri bir paytlar yo‘qotilgan (shoir ich-ichidan qo‘msaydigan, juda ko‘p she’rlarida ko‘ngli tusagan) jasoratdan darak beruvchi sirli tovushlar o‘laroq, sahargi tushini ko‘rib yotgan ko‘chaning o‘zinigina emas, bu ko‘cha ahli yuraklarida qachonlardan beri uxlab yotgan eski xotiralarni ham qo‘shib uyg‘otib yubordi! Xuddi shuning uchun ham, ayniqsa “to‘satdan ot kishnab yuborgan onda” bir kishi shoshilib eshikni ochdi…
Bu kishi kim va u nega eshikni shoshilib (!) ochdi? Ot dupuri va kishnog‘i unga nimalarni eslatdi? Nimalar uyg‘ondi uning yuragida? O‘tgan asr yetmishinchi yillarining (she’r o‘sha paytlari yozilgan. − N.M.R.) kampirlarini bu manzaraga “alanglatib jim quloq soldirgan” narsa nima? O‘tgan asr yetmishinchi yillarining chollarini “bir seskantirib yuborgan” narsa nima? Bu chol-kampirlar har biri yetmishlardan oshgan, balki saksonlarga yetgandir, ular qaysi zamonning odamlari edi va ot dupuri bilan kishnog‘i ularga nimalarni eslatdi?! Aytgancha, she’rning ilk sarlavhasi “Olis xotira” bo‘lganini hisobga olsak, masala oydinlashadi…
Albatta, kichkinagina yurakka siqqan ulkandan-ulkan Vatanning zamonlar ichidagi bir parcha qora tarixidan xabari bor kishilar munday qarashda oddiy va jo‘n bir manzara chizgisi bo‘lgan bu holatni yurak-yurakdan boshqacha va teran his etishadi. Balki “qop-qora devorga suyanib, yop-yorug‘ xayollar surib” yurgan ayrim orzumand kishilar, yorug‘ kunlar kelib qoldimikan, degan o‘yda shosha-pisha eshiklarini ochib ko‘chaga qaragandir[2].
Yoki, masalan:
Ko‘zingizni oching, qo‘rqmang,
ziyodan qamashsin, og‘risin, mayli,
mayliga yashamak bo‘lsin qiyinroq,
ochiqligi tufayli,
satrlarining Shavkat Rahmon ijodi o‘zak masalasiga − Vatan mavzuiga bog‘liq joyi yo‘qmi? Bor! Bor bo‘lganidayam to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanadi. Axir, Vatan sari faqat ochiq ko‘z bilan boriladi! Vatanni faqat ko‘zi ochiqlargina taniydi! Chinakam vatanparvar ko‘zini yirikroq ochadi, mayliga ochiqligi tufayli yashashi qiyinroq bo‘lsin, mayliga ko‘zlari qamashsin va yo og‘risin…
Shavkat Rahmon ijodida bu fikrlarimizga dalillar yana ko‘plab topiladi, lekin… men nima qilmoqchi edim o‘zi? Shavkat aka haqidagi xotiralarimni titkilab, u kishini shaxs sifatida, bir inson sifatida qanday tanishimni yozmoqchi emasmidim?
Shavkat akaning ilk kitobi meni she’rga qanday shavqlantirganini aytdim. “Yashamog‘im zarur har daqiqani, g‘azab bilan, sevgi bilan to‘ldirib, dunyodagi barcha qora narsani yorug‘ lahzalarda o‘ldirib. Tokim bosh ko‘tarib qaray quyoshga, tokim ko‘zlarimda yonsin haqiqat, tokim tosh misoli tegmasin boshga men yashay olmagan har bir daqiqa”; “…qiynang, o‘z holiga qo‘ymang yurakni, yashamaslik uchun yuraksiz”; “Yiqilmak, to‘xtamak mumkinmas, qayerga bo‘lsa ham yurganim yaxshi”; “Yiqilma, o‘zingni ushlagin, otsinlar jaholat toshini, labingni qattiqroq tishlagin, ko‘rsatma ko‘zlaring yoshini”; “Bu so‘zni bir umr aytmay yashadim, har shodlik kelganda yurdim sekinroq. G‘am so‘zin elimdan avvalroq aytdim, baxt so‘zin aytaman eldan keyinroq”… kabi yana ko‘p-ko‘p satrlari ko‘nglimning qay bir burchaklariga o‘rnashib olib, sira tinchlik bermaganlarini soatlab gapirib berishim, bunaqa misollarni ketma-ket o‘rtaga qo‘yishim mumkin. Lekin, qarasam, buning uchun shoirning hamma she’rini qariyb birboshdan ko‘chirib yozishimga to‘g‘ri kelarkan. Yaxshisi, u she’rlarni har kim o‘zi o‘qisin, o‘zi zavqlansin, har kim o‘zi uchun Shavkat Rahmonni o‘zi kashf etsin.
Men vaqtida o‘zimning shavkatrahmonimni kashf etganman va bu yaxshi odamni, yaxshi shoirni bir umrga sevib qolganman. Mening shavkatrahmonim qanday odam edi?
Bir paytlar ilk kitobchasini to‘lig‘icha yodlab o‘qib yurganlarimda hali kelajakda bu she’rlarning egasi bilan tanishishimni, tanishish ne, aka-ukaday bo‘lib ketishimni xayolimga ham keltirmaganman, albatta. Yaqinlashib ketganimizdan keyin esa, bu ajoyib inson bilan ming yildan beri qadrdon bo‘lib kelganday edim.
Shavkat Rahmon samimiy kishi edi. Kamgap, bosiq, kamtar… Lekin bu kamgap, bosiq va kamtarligi yuragidagi jasorat va to‘g‘riso‘zlikni to‘smasdi, aksincha, bu maqtalgan xislatlar ichda yashnab yotgan go‘zal xislatlarining tashdagi bir ifodasi edi. Ya’ni, Shavkat aka ichi bilan tashi bir, ichi tashiga, tashi ichiga ters ish qilmaydigan BUTUN ODAMlardan edi. Ko‘zlaridagi, qarashlaridagi mungni, tovushidagi bir oz siniqlikni e’tiqodga aylangan mahram tuyg‘ularini o‘z zamonida ochiq ayta olmaganidan, ichga yashirishga, pardalar bilan o‘rashga majbur bo‘lganidan deb bilaman.
Hatto mustamlakaga, haqsizliklarga, zulmga isyoni ham sokin edi Shavkat Rahmonning. O‘zi ta’rifida (“Avtoportret” she’rida) shoir bunday deydi:
Eng baxtiyor lahzalarda ham
uning sokin isyoni so‘nmas.
Tug‘ilmagan shunchaki aslo,
u hech qachon shunchaki o‘lmas.
“Sokin isyon”… Bu ikki so‘z aslida bir qozonda qaynamaydi − sokinlik isyonni, isyon sokinlikni inkor etadi. Hech ham qovushmaydi ular go‘yo. Lekin Shavkat akani shaxsan tanigan, yaqindan bilganlar bu ikki ters holat uning shaxsiyatida nihoyatda munosib ravishda qovushganini, bir-biri bilan rosa chiqishganini ko‘radi. Shoirning bu sokin isyoni qayg‘uli yoki g‘azabga minilgan onlardagina emas, balki “eng baxtiyor lahzalarda ham” so‘nmaydi. Chunki uning tuyg‘ulari yuzada emas.
Umuman olganda, yuzakilik − haqni so‘ylashda, Vatanni sevishda, insonga mehrda, tarixni tushunishda, hatto she’riy timsollarda ham yuzakilik Shavkat Rahmonning birinchi raqamli dushmanidir. Minbar shoiri bo‘lmaganining sabablaridan birini shunda ko‘raman. O‘zi fitratan o‘ychan, bosiq bo‘lgani uchun uning tuyg‘ulari ichga qarab o‘sgan. Hatto isyonini ham sokinlashtiradigan darajada ich-ichga qarab yuksalgan! Masalan, “Fikr” she’rida shoir o‘zini tinchoqar daryoga o‘xshatadi:
Daryoga aylandim
o‘ychan daryoga,
ruhimda qadimgi osoyishtalik.
Qa’rimga berkitdim dolg‘alarimni,
ruhimga bo‘ysundi dunyo ishlari.
Daryo dolg‘asiz bo‘ladimi?! Yo‘q, bo‘lmaydi. Ammo Shavkat Rahmon sharqiroq, yengiltak soy emas, dolg‘alarini qa’riga − chuqurliklariga berkitgan bosiq-og‘ir, o‘ychan daryodir. Bo‘lmasa, fe’lida o‘jar, fikrida, e’tiqodida, harakatlarida qatiy kishi u. “Ruhida qadimgi osoyishtalik”ni saqlagan bunday o‘ychan daryo bir dolg‘alanmasin! Sokinlik bag‘ridagi dolg‘a agar yuzaga chiqsa nimalar yuz berishi hayotda ko‘p ko‘rilgan.
Yana bir she’rida “Umrim ko‘chkilarday jimjit, shiddatli” degan satrlarni o‘qiymiz. Shiddatini qa’riga yashirgan jimjit ko‘chki… Uning shiddati jimjitligida. To‘g‘rirog‘i, jimjitligining tub-tubida shiddat yashirin. Jimjitlik kosasiga so‘nggi tomchi tomib, bir ko‘chib bermasin bu jimjit ko‘chki!
Bular hammasi Shavkat akadir, Shavkat Rahmonning ich kimligi va ko‘ngil ko‘zgusidir.
Shavkat Rahmonni umrida ko‘rmagan kishi she’rlaridan uning ichki va tashqi suratini osongina chiza oladi. Ishoning, ikki tomchi suvday bir xil chiqadi, g‘irt o‘xshaydi, quyib qo‘yganday o‘zi bo‘ladi! Men Shavkat Rahmonning shaxsiyatini ham, she’riyatini ham shuning uchun yaxshi ko‘raman.
Bugungi ko‘z bilan qaraganda ham, agar Shavkat aka tirik bo‘lganida, ijodi uchun hech kim oldida qizarmagan bo‘lardi. Bolalarini xijolatga qo‘yadigan she’rlar yozmadi u. Chunki u e’tiqodida sodiq turdi, zamona zayliga yurmadi. To‘g‘ri, zamonining ayrim epkinlari ta’sirida yoki yakkahukmron mafkura to‘siqlari bois ayrim haqiqatlardan ko‘plar qatori u ham uzilgani uchun she’rlarida bir oz fikriy toyilishlar seziladi. Lekin, birinchidan, unday she’rlar yoki satrlar judayam oz; ikkinchidan, o‘shalar ham she’r sifatida yomon emas, mazmunida nimadir yaxshiliklar bor; uchinchidan, u zamonni bilgan, u zamonda yashagan odamlar holati hisobga olinsa, sal-pal tushunarlidir. Eng muhimi − Shavkat Rahmon bir shaxs o‘laroq ham, bir shoir o‘laroq ham o‘ziga katta yo‘lni tanlashda adashmadi, borar manzilni ham to‘g‘ri belgiladi. Yo‘ldagi taassurotlarda mayda-chuyda kamchiliklar bo‘lishi tabiiydir.
Shavkat aka kasalxonada ekan, bir gal ko‘rgani borganimizda, uning to‘zimiga, ruhiy tetikligiga qoyil qoldim. Ichimdan o‘tganini o‘zim bilaman: qarshimdagi sevimli kishim, sevimli shoirim tuzalmas dardga chalingan, kunlari, oylari sanoqli qolgan edi, ammo u hech narsa bo‘lmayotganday, o‘lim sharpasi sezdirmasdan boshiga yaqinlashib kelayotganini his etmayotganday edi. Juda chiroyli suhbat bo‘ldi. Hayotdan, adabiyotdan, to‘g‘rilik va egriliklardan gaplashdik. Holbuki, u kunlar Shavkat aka og‘ir darddan azob chekib, “Osmon to‘la havolar bitta menga yetmaydi”, deb turgan kunlar edi. Men Shavkat akaning matonatidan ta’sirlanib, uni ruhan yanada tetiklikka undaydigan bir-ikki film keltirib berdim keyingi safar. Undan keyingi kelganimda esa, o‘sha filmlar haqida suhbatlashdik. Fikr-mulohazalashdik.
Orada biror haftacha tuzalganday bo‘ldi. Oyoqqa turdi. U paytlar men “Sharq yulduzi” jurnalida ishlardim. Bir kuni tuyqus tahririyatga kelib qoldi. To‘g‘ri bizning xonamizga kirdi. Og‘ir kasallikdan keyin ancha-muncha ozgan, bir oz parishon ko‘rinar edi. Lekin men Shavkat akaning kasalxonadan chiqqanini, o‘z oyoqlari bilan yurib kelganini ko‘rib, xursand bo‘lib ketdim. Bir shoir o‘rtog‘i bilan birga kelibdi. “Kattalarning oldiga kirib ketdi, men siz bilan gaplashgim keldi”, dedi. Va biz to u shoir akamiz kattalarning oldidan chiqqunicha uzoq gaplashib o‘tirdik…
Yoshligida yozgan bir she’rida “Mening har qadamim o‘limga qarshi” deb e’lon qilgan Shavkat Rahmon (“o‘limga qarshi” ifodasini asl ma’nosida “o‘lim sari” deb ham tushunish mumkin. − N.M.R.), bir mo‘min o‘laroq, o‘limning haq ekanini bilardi. Taqdirga tan bermasdan iloji yo‘qligini ham bilardi. Suhbatimiz ruhida shu narsa sezildi. Biz shu gal boshqacha xayrlashdik. Shavkat akani oxirgi ko‘rganim ham o‘sha bo‘lib qoldi.
O‘lim musibati odamlarni birlashtiradi, unda boshqa hodisalarda uchramaydigan shunday noyob xususiyat bor. Xuddi shuning uchun ham Shavkat aka “O‘lim birlashtirar begonalarni” deb boshlanuvchi bir she’rida:
“…Mana, begonalar,
beparvolar yo‘q,
nihoyat odamlar birodar − tengdir.
O‘limga bosh egdim
qo‘rqqanimdanmas,
hurmat qilganimdan boshimni egdim”,
deb yozgan edi. U o‘limini erkakchasiga qarshi oldi. Chunki bu dunyoga u shunchaki kelmaganidek, shunchaki ham yashab o‘tmagan edi. Har kim qatori u ham bir vazifa bilan keldi va shu vazifasini maromiga yetkazib bajardi. So‘ngra vaqtinchaga bizlarni tashlab, erta bir kun hammamiz ham boradigan makonga − bu dunyodagi xizmatlarining mukofotini olishga ketdi. Jisman o‘limi esa biz muxlislarini ma’naviy shaxsi − she’rlari atrofida birlashtirdi.
Ammo men so‘zimni bu hazin ohanglar bilan tugatmoqchi emasman. So‘zning so‘ngini Shavkat Rahmonning o‘ziga bermoqchiman. Yer bilan sirlashib yozgan bir she’ridagi umidbaxsh satrlari shoir chindan ham bu dunyoda bekorga yashab o‘tmaganini bildiradi bizlarga:
Tobora yaqindir
jasorat oni −
mingta quyoshi bor go‘zal daqiqa −
menga ham bir kuni bo‘lur namoyon
ko‘pga nasib bo‘lgan buyuk haqiqat.
Men sevgan daryolar shundoq qolurmi,
meni o‘ylatgan yo‘l qolurmi shundoq?
Men suyangan tog‘lar shundoq qolurmi,
shundoq qolarmikan yuraklarda dog‘?
Nogahon
xayolim yorishib ketar,
eslab kelajakning ulug‘larini.
Men sochib ketaman ko‘hna bag‘ringga
o‘lmas g‘oyalarning urug‘larini.
2011 yil, fevral – mart.
[1] Taqdirning hikmatini qarang, biz talabalarga adabiyotga qanday mehr qo‘yishni o‘rgatgan ustozimiz Umarali Normatov yuragimga she’rlari bilan bir umrga kirib kelgan Shavkat Rahmon oilasi bilan keyingi zamonlarda quda bo‘lishdi. − N.M.R.
[2] Bir she’ridagi “Qop-qora devorga suyanib, yop-yorug‘ xayollar surasan” satrlariga shayx Alouddin Mansur timsolan, mustamlaka (“qop-qora devor”) sharoitida yashayotgan kishining Vatanni ozod ko‘rishni orzu (“yop-yorug‘ xayol”) qilishi, deb ma’no berganida rahmatli Shavkat Rahmonning ko‘zlari yoshlanganini eshitganman. − N.M.R.