Muayyan ijodiy kontseptsiyasiga ega bo‘lgan shoir yoki adibgina adabiyot olamida munosib e’tirof qozona oladi. Ijodiy kontseptsiya, o‘z navbatida, ijodkorning adabiy-estetik idealida to‘laqonli namoyon bo‘ladi. Jumladan, chinakam shoir she’riyatga faqat o‘zigagina xos talablar asosida yondashadi; ijodda qat’iy mezonlarga tayanadi, undan zarracha ham og‘ishmaydi; yuksak ideallarni kuylaydi; she’riyati va shaxsi mutanosib keladi. Shavkat Rahmon ana shunday shoirlardan.
U she’riyat, adabiyot olamiga o‘tgan asrning 70-yillarida – murakkab va ziddiyatli bir davrda kirib keldi. Ko‘ngil ko‘zi, tafakkuri ochiq odamlarga, ijodkorlarga oson bo‘lmagani ayon o‘sha kezlari. Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi singari zabardast shoirlar tufayli milliy she’riyat yashasinchilik kayfiyatidan xalos bo‘lib, asl ildizlariga – inson mohiyatini, millat ruhiyatini inkishof etish yo‘liga qaytgan edi o‘sha davrda. Haqiqiy she’riyatdan bahramandlik, faqat bugina emas, Xudo bergan tug‘ma iste’dodi bois Shavkat Rahmon o‘zining shaxs va ijodkor sifatidagi yo‘lini aniq belgilab ola bildi. 1975 yili yozgan bir she’ridagi mana bu misralar ham fikrimizni tasdiqlaydi:
Ko‘zingizni oching, qo‘rqmang,
Ziyodan qamashsin, og‘risin, mayli,
Mayliga, yashamak bo‘lsin qiyinroq
Ochiqligi tufayli…
Qiynang, o‘z holiga qo‘ymang yurakni
Yashamaslik uchun yuraksiz…
Muqaddas hislar cho‘kib borayotgan, go‘zal tuyg‘ular, orzular qadrsizlangan istibdod zamoni edi u davr. Shoirning tili “keskir so‘zlardan”, nozikta’b dili iztirobdan qonagani sababini tushunish mumkin. Qalblarini zulmat bosgan, bir-birini aldab, bir-birining motamidan shod kimsalar holi unga azob berdi. O‘sishdan to‘xtagan, didiga olamni moslagan, kelajak tashvishi bir yoqda qolib, o‘zining tashvishin rostlagan kishilar ahvoliga achindi. Uning fikricha: “Chidamak mumkinmas, mumkinmas sira, Hamoqat hayqirsa, boqilsa o‘g‘ri. Fahsh yursa, menman, deb toza, bokira, To‘g‘riligi uchun qiynalsa to‘g‘ri”. Kimsalar bo‘g‘izlarida mumdek qotib ketgan saslarni, ulug‘vor boshlarini ming yillab ko‘tarolmay yotgan kaslarni ko‘rganda shuning uchun ham qalbi hasratlarga to‘ldi. Jamiki tirik zotning o‘z tabiatiga xiyonat qilmasligini xohladi. Buning uchun, birinchi navbatda, ichdagi xoinni – nafsu havoni, hirsu hasadni, bug‘zu adovatni o‘ldirmoq zarurligini angladi, anglatishga urindi. Olamni ko‘ngil ko‘zi bilan ko‘rishga undadi, odamlarni jaholat makriga aldanib qolishdan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi. Xayollarni chaqmoq kabi yoritguvchi lahzalarga intildi.
Sodiq qoldim tabiatimga,
yashamadim yuz xil turlanib –
degan so‘zlari uning “shaxsiyati she’riga ko‘chganidan” (Nurulloh Muhammad Raufxon ta’biri) dalolat beradi. Uning she’riyatga talabi ham ana shu shaxsiyatdan kelib chiqqanini kuzatish mumkin:
Shoirning yo‘li bu – dunyoning yo‘li,
U bashar qalbida lovillagan oh –
deb yozgan edi u bir she’rida. Darhaqiqat, ijodning tabiati asli shunday. Faqat o‘zini, o‘z nafsinigina o‘ylagan xudbin shuning uchun ham haqiqiy ijodkor darajasiga ko‘tarila olmaydi. O‘zgalar dardi butun ko‘lami bilan his etilgan ondan boshlanadi haqiqiy ijod. Chin shoir shu bois hazrat Alisher Navoiy yo‘lini tutadi: “…himmat etagiga foniy dunyo moliga muhabbat g‘uborini, bu jahon ashyosiga qiziqish gardini yuqtirmaydi” (Xondamir ta’biri).
Ijodkor hamma qatori bo‘lishga haqli emas. Tabiiyki, boshqa odamlarga xos ko‘pgina xususiyatlar unga ham xos. Farqi, u o‘z manfaatinigina o‘ylay olmaydi. O‘zgalar dardini ham o‘zinikidek qabul qiladi. Nainki qabul qiladi, go‘zal badiiy shaklda, ta’sirchan so‘zlar vositasida nazmga soladi. “Bashar fojiasini, millat fojiasini o‘z fojiasi bilib o‘rtangan shoir haqiqiy she’r baxtiga muyassar bo‘ladi. She’r yozish o‘lim bilan yuzma-yuz turib gaplashgan bilan barobardir” – o‘zi belgilagan ana shunday mezonlarda turib ijod qildi Shavkat Rahmon. Quyidagi misralar she’riyatning ana shu yuksak talabidan kelib chiqqanligi bilan ahamiyatlidir:
She’riyat,
xalajruh parizod,
uchdingmi kichkina dunyoga,
ko‘ndingmi kundalik yovg‘onga…
Entikib so‘ylaysan shamolga:
orzular chechagi so‘ldi, deb,
burdi yo‘q kimsalar qo‘lida
bag‘ri qon,
bag‘ri qon bo‘ldi, deb.
Kichkina dunyoga uchishga, kundalik yovg‘onga ko‘nishga she’riyatning haqqi yo‘q. U zaminning dardini osmoniy ruhda kuylamog‘i kerak. Muhiblar qalbida go‘zal tuyg‘ularni uyg‘otmog‘i, orzular chechagini gullatmog‘i zarur. Bu chechak burdi yo‘q kimsalar qo‘lida poymol etilib so‘lsa, bag‘ri qonga to‘lsa, she’riyatning ham parvozi so‘nadi. Bunday holda (Xudo asrasin) ijodkor she’riyatdek pok bir poetik voqelik oldida mulzam bo‘ladi, tabiiyki, uning ko‘ziga qaray olmaydi. Mana bu misralarda ana shu og‘ir dardning, ana shu cho‘ng iztirobning obrazli tasviri berilgan:
Og‘irdir ko‘zingga qaramoq,
ko‘zlaring,
o‘ldirar ko‘zlaring…
So‘z – insonga ato etilgan ne’matlarning eng ulug‘i. Olam yaralishining boisi ham, odamzod hayotiga ma’ni bag‘ishlab turgan ham – so‘z. Ayrim ne’matlardan ayrilsa, inson ko‘p narsa yo‘qotmasligi mumkin, mabodo, so‘zdan judo bo‘lsa, hamma narsasini boy beradi; hayotida ma’ni qolmaydi. Shuning uchun ham so‘zga bo‘lgan e’tibor yuksak darajada bo‘lmog‘i shart. So‘z ahlining martabasi shu boisdan ham chandon baland. Modomiki shunday ekan, ijod ahli so‘zlarning saralarini saylamoqqa mas’ul. Shavkat Rahmonning:
Hayotim ma’nisin juda ko‘p o‘ylab,
sayladim so‘zlarning
saralarini… –
deyishi sababi ham so‘z degan ne’matning nechog‘liq ulug‘ligini teran his etganlikdan. Uning “nonday zarur, qilichday keskir so‘zlar” izlashi boisi ham shunda. Shoirlikni u shuning uchun ham “jasorat so‘zining tarjimasi”, deb biladi.
Ijod, ijodkor va so‘z mas’uliyati haqida fikr yuritilar ekan, muhim bir jihatni ta’kidlash kerak: kitobxonga chaqmoqdek ta’sir etishi uchun so‘z haqiqat olovidan taft olmog‘i zarur. Asarlarida shoirning “o‘z qalbi, qiyofasi, a’moli va botini aks etmog‘i” (Bahodir Karim ta’biri) lozim. Ana shu shart bajarilmas ekan, so‘z atalmish beqiyos ne’mat isrof qilingan bo‘ladi; bunday asardan na jamiyatga foyda yetadi, na uning muallifiga. Chinakam ijodkor buni e’tibordan soqit qila olmaydi. Shavkat Rahmon – haqiqatparast shoir. Mana bu misralar ham ushbu fikrni tasdiqlaydi:
Endi ishlash kerak bu kengliklarda,
tokim so‘ylamasin yolg‘onni hech kim,
tokim buyuk tog‘lar saltanatida
egilgan boshlarni qilichlar kessin.
“Qasam” she’ridan olingan bu satrlar shoirning sobit e’tiqodidan, qat’iyatidan darak beradi. Ijodkorning ijodkorligi shundaki, u hamma biladigan, o‘rganilgan haqiqatlarni takrorlashdan tiyiladi. Dunyoga o‘zgacha nigoh, teran nazar bilan qaraydi. “Egilgan boshni qilich kesmas”, bu – xalqimizning mashhur maqoli. Mustabid tuzumning adadsiz jabridan, o‘zi mansub bo‘lgan millatning ayanchli qismatidan iztirobda bo‘lgan ijodkor bu naqlni o‘zgartirmoq istaydi. Bu buyuk tog‘lar saltanatida, ya’ni bir zamonlar dunyoning katta qismiga o‘z hukmini o‘tkazgan, taraqqiyotning yuksak darajasiga erishgan, muazzam tarixga ega zaminda millatning aqlli boshlari o‘ziga adolatsizlikni shior qilgan, o‘zgalar yurtiga egalik qilish ilinjida bo‘lgan, havoyi nafsining quliga aylangan tubanlar oldida egilmasligini xohlaydi. “Egilgan boshlarni qilichlar kessin”, degan keskin xulosa zamirida ana shu mohiyat mujassam.
Istibdod zamonida yashar ekan, Shavkat Rahmon ozod ruhli barcha ijodkorlar singari ona xalqining og‘ir qismatiga achindi; uning dardiga malham izladi. She’rlari azbaroyi shoirligini ko‘z-ko‘z qilish, iste’dodini o‘zgalarga namoyish etish uchun yozilgan emas. Aksincha, u millatning fojiasini yurakdan his etdi, uning yorug‘ kunlarga yetishmog‘ini orzu qildi – tuyg‘ulari she’r o‘laroq quyilib keldi. “Shoirlik kasb emas, – deb yozgan edi u, – she’r ham botmon-botmon yozilavermaydi, yozilish sababi bor, vaqti-soati bor. She’r buyuk sevinchdan yoki buyuk fojiadan dunyoga keladi, tanholikda yaraladi, tanholikda o‘qiladi”.
So‘zlarni qayraylik,
do‘stlar, jo‘ralar,
g‘aflat to‘shagida yotmay, shoshaylik:
yashamoq, kurashmoq, o‘lmoq sirlarin
bolakaylar uchun ochaylik….
“Yosh o‘zbek shoirlariga” she’rida u navqiron iste’dodlarga qalb da’vatlarini ifodaladi. Shunchaki rangsiz, ta’sir kuchidan mahrum so‘zlardan na millatga, na ijod ahliga naf yetmasligini uqtirmoq istadi. So‘zlarni qayrash – ana shu muddao ifodasi. G‘aflat – insonning o‘sishdan, jamiyatning taraqqiyotdan mahrum qolishi belgisi. Shoirning: “G‘aflat to‘shagida yotmay, shoshaylik”, deya xitob qilishi sababi shunda. Yashamoq, kurashmoq, o‘lmoq sirlarini ochish – ijoddan ko‘zlangan bosh maqsad. Busiz badiiy asarning biron-bir ahamiyati qolmagan bo‘lar edi. Zero, adabiyot odamlarning hissiyotiga, ruhiyatiga, shuuriga ta’sir etmog‘i, jamiyatning ma’naviy yuksalishiga qanot bag‘ishlamog‘i zarur. Aks holda, u zimmasidagi vazifani bajarmagan bo‘ladi. Mana bu poetik xulosada ana shu teran mohiyatning betakror talqini kuzatiladi:
O‘tkir so‘z qolmasa shoirlaridan,
o‘tkir so‘z qolmasa…
hech narsa qolmas.
Shavkat Rahmon millat o‘zi orzu qilgan istiqlolga erishgan davrda, taassufki, og‘ir xastalikni boshdan kechirdi. Vujudidagi bemorlik uning emin-erkin ijod qilishiga imkon bermadi. Haqsevar bir shoir sifatida zamondoshlarining diyonatli, orli ajdodlarga munosib bo‘lishini, soxta shuhrat, ta’ma haqida xayol surmasligini istadi. Xalqlar o‘z o‘tmishlaridan injularni zarralab-zarralab tergan paytida biz shamolda nogoh ochilib qolgan javohirlarni ham qayta ko‘mganimizdan, buyuk Turon kengliklarida hadsiz xazina yer ostida yotganidan achindi. Bu ma’naviy xazina yuksak bir olamga tutash zina ekanini eslatib, buyuk tariximizdan kengroq miqyosda foydalanishimiz zarurligi haqida kuyinib yozdi. Ijodkorning har daqiqani g‘azab bilan, sevgi bilan to‘ldirib, dunyodagi barcha qora narsani yorug‘ lahzalarda o‘ldirib yashamoq haqidagi obrazli fikrlari zamirida bir olam ma’no bor. Mana bu badiiy umumlashma esa, o‘quvchi qalbiga titroq soladi: “Men o‘zi qanday yashayapman, hayot tarzim vijdon va haqqoniyatga uyg‘unmi?!” singari savollar she’riyat muhibi ko‘nglida beixtiyor g‘alayon ko‘tarilishiga sabab bo‘ladi:
Tokim
Bosh ko‘tarib qaray quyoshga,
Tokim ko‘zlarimda yonsin haqiqat,
Tokim tosh misoli tegmasin boshga
Men yashay olmagan
Har bir daqiqa…
Shavkat Rahmon she’riyatida quyosh, nur, tog‘, vaqt, daraxt singari timsollar ko‘p qo‘llangan. Bu timsollarning har biri zamirida teran mohiyat mujassam. Jumladan, “kunning o‘tkir pichog‘i”, “quyosh tig‘in o‘tkir zarbi”, “quyosh kabi porillab turgan so‘z”, “o‘zga sayyoralardan yorug‘ salomlar aytgani holda bizni zulmatga tashlab ketadigan nur”, “buyuk tog‘larning cho‘kkan boshi”, “erdan o‘sib chiqqan tirik tog‘lar”, “sabru irodadan to‘ralgan tog‘lar”, “oppoq ko‘ylagini yechib, yashil gulli ko‘ylagin kiygan vaqt”, “biri – bekorchilikdan, biri – jaholatdan, biri – to‘qlikdan vaqtni o‘ldirib, qora qoniga bo‘yaganlar”, “goh kunduzni, goh tunni kiyib, tinimsiz aylanayotgan fursat”, “shoxlarida so‘zlar pishgan daraxt”, “sabr daraxtiday o‘sgan odamlar” singari tashbehga, metaforaga boy, obrazli tafakkur mahsuli bo‘lgan misralar buning isbotidir. Teran mohiyat va betakror badiiyatning ana shunday uyg‘unligi shoir nazmining barhayotligini ta’minlab kelayotir.
Zulfiqor ruh kerak,
kerak chin yog‘du,
chin ishq yolqinlari bag‘rimga to‘lsin…
“Zulfiqor” so‘zi keskir, o‘tkir ma’nolarini ifodalaydi. Bu so‘z millat tarixi, ajdodlar e’tiqodi bilan bog‘liq chuqur mazmunni o‘zida mujassam etadi. Shavkat Rahmon zulfiqor ruh, chin yog‘du va chin ishq yolqinlari millatning, unga mansub har bir shaxsning hayotiy a’moliga aylanishini orzu qildi. Mohiyatan, bu orzu ijodkorning badiiy-estetik idealini, hayotiy a’molini belgilaydi. Qat’iy ijodiy kontseptsiyaga tayanib yozilgan ana shunday asarlar, shubhasiz, milliy adabiyotni yuksaltiradi.
“Sharq yulduzi” jurnali, 2015 yil, 1-son
Nurboy Jabborov 1966 yili tug‘ilgan. Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) o‘zbek filologiyasi fakultetini bitirgan. Filologiya fanlari doktori, professor. G‘azzoliy, Ogahiy, Furqat asarlarini tadqiq qilib, qo‘lyozma manbalar asosida ilmiy izohlar bilan nashr ettirgan. Oliy o‘quv yurtlari uchun “Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti” darsligini yozishda qatnashgan. “Ma’rifat nadir?” risolasi hamda o‘zbek mumtoz, milliy uyg‘onish va zamonaviy adabiyot muammolariga doir 400 dan ortiq ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar muallifi.