O‘zbek milliy uyg‘onish adabiyotini Zokirjon Furqat ijodiy merosidan ayri tasavvur etish mahol. Zotan, XIX asr ikkinchi yarmida milliy o‘zlikni anglash, istibdodga qarshi isyon, erk va ozodlik g‘oyalari dastlab uning asarlarida bo‘y ko‘rsatdi. Shoir yurtning “kuffor bandi ichra sonsiz tugunda qolgan”idan, “oxir ul-amr hukumat gulshani xazon bo‘lib, bulbullar o‘rnini zog‘lar egallagan”idan iztirob chekdi, buning boisi “siyosati Rus” ekanini baralla aytishga jasorat topdi. Vatan va millat boshiga kelgan bu og‘ir musibatga muolaja izladi. “Hamani emdi ko‘z tutgoni bir Sohibqiron bo‘ldi”, deya umid va najotni istibdod girdobidan olib chiqishga qodir yo‘lboshchining tarix sahnasiga chiqishida ko‘rdi. Millatning boshiga davlat humosi qaytajagiga ishondi.
Faqat bugina emas. Shoir o‘zi mansub xalqning zamona ahvolidan ogoh bo‘lmog‘ini, jaholat uyqusidan uyg‘onmog‘ini, ma’rifatdan bahra olmog‘ini orzuladi. Rusiya gimnaziyasi haqida she’r yozar ekan, millat bolalarining shu singari zamonaviy ta’lim maskanlarida o‘qishini istadi. Vistavkani, teatrni vasf etar ekan, shunday madaniy hodisalarsiz taraqqiy etish imkonsiz ekanini angladi va anglatmoqqa urindi. Rusiyaning o‘sha davr fan-texnika sohasidagi yutuqlarini targ‘ib etar ekan, ularga “o‘z naf’imiz uchun mulohaza qilsoq lozim”ligiga urg‘u berdi. Aniqroq aytganda, har bir ishda Vatan va millat manfaatini ustuvor bildi.
Furqat milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyotining “ko‘p va xo‘b” ijod qilgani bilan alohida ajralib turuvchi siymolaridan. Mumtoz she’riyatning deyarli barcha janrlariga mansub qariyb o‘n ikki ming misralik nazmiy merosi, “Ahvolot”, “Qavoidi Chin va umuroti siyosiy” singari salmoqli nasriy, “To‘y xususida”, “Aza xususida”, “Gap xususida” kabi etnografik, aruzga oid “Ilmi she’rning qoidai avzonini bayoni” asarlari, ijtimoiy-siyosiy mavzudagi publitsistik maqolalari buning dalilidir. Bundan tashqari, O‘zbekiston Markaziy davlat arxivida saqlanayotgan dastxatlari Furqatning mohir xattot bo‘lganini ko‘rsatsa, “Zubdat ul-hukamo” (“Hakimlarning sarasi”) deya shuhrat qozongani uning faoliyati nechog‘liq serqirra ekanini, tabobatda ham kamolga erishganini tasdiqlaydi.
Shoirning xorijga ketishi va yurtga qayta olmasligi sabablari shu paytgacha turlicha talqin etilgan. Bu haqda hech qanday asossiz, hujjat-dalilsiz har xil taxminu gumonlar ham bildirilgan. Arxiv hujjatlari va mavjud manbalar tahlili Furqating chet elga ketishiga ikki narsa sabab bo‘lganini ko‘rsatadi: shoirning chor Rusiyasi mustamlaka siyosatini ochiqdan-ochiq qoralab asarlar yozgani; Furqatning ma’rifatparvarlik faoliyati Vatan va millat manfaatlariga asoslangani.
Rusiya mustabid siyosati Turkiston xalqlari hayotining barcha – siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy jabhalarini birday iskanjaga olgani ma’lum. Tabiiyki, millatparvar ziyolilar, jumladan, Furqat ham bunga befarq qaragan emas. G‘afur G‘ulom nomidagi Qo‘qon Adabiyot muzeyi fondida 7050-raqami bilan saqlanayotgan “Sharhu risolat ish-shamsiya va ayyana fiyh il-mantiqiya” asari qo‘lyozmasining hoshiyasiga bitilgan “Munojoti musaddas” buning yorqin dalilidir[1]. 108 misradan iborat mazkur musaddasning joriy imlodagi to‘liq matni manbashunos Ahmadjon Madaminov tomonidan tayyorlanib, dotsent Rustam Tojiboyev so‘zboshisi bilan e’lon qilingan[2].
Yaratganga iltijo, munojot ruhida bitilgan musaddasda shoir bunday yozadi:
Zulmatni girdbodi tegdi, quyunda qolduk,
To‘foni hayrat, eyki, g‘arqi jununda qolduk,
G‘aflat ila o‘tub umr, kulgu, o‘yunda qolduk,
Kuffor bandi ichra sonsiz tugunda qolduk,
Rahm aylag‘il, Xudoyo, bechora, xastalarga,
Ranjuru zoru mahzun, ko‘ngli shikastalarga.
Furqat “Zulmat girdbodi, quyun, to‘foni hayrat, g‘arqi junun” kabi timsollar, “Kuffor bandi ichra sonsiz tugunda qolduk” obrazli tasviri vositasida rus mustamlaka siyosatining mohiyatini ochib beradi. Zero, bu istibdod siyosati millat hayotining barcha jabhalarini birday asoratga solgani, milliy istiqlolga, nurli istiqbolga eltadigan barcha yo‘llarni batamom to‘sib qo‘ygani bugun hech kimga sir emas. Binobarin, “…rus ma’muriyati qonunlarni o‘zi istagancha o‘zgartirib, mahalliy aholining iqtisodiy, ijtimoiy, diniy va siyosiy erkinliklarini naq 50 yil davomida poymol etib kelgan”i[3] ham buning dalilidir.
Musaddasning quyidagi misralari ham istibdod iskanjasida qolgan yurt taqdiriga kuyinish hissi bilan yo‘g‘rilgan:
Qoziyu mufti, a’lam doim hazinu ma’yus,
Din posini tutay deb zindoni g‘amda mahbus,
Bechoralar na qilsun bo‘lsa siyosati Rus,
Qo‘ymaydi bir tarafdin xalq ichra nangu nomus,
Rahm aylagil, Xudoyo, bechora, xastalarga,
Ranjuru zoru mahzun, ko‘ngli shikastalarga.
Ushbu misralarda mustamlaka siyosatining adolatsizlikka, zulmga asoslangani, hatto qozi, mufti, a’lam kabi huquq posbonlarining o‘zlari ham haqsizlik girdobida qolgani ifodalangan. Ularning “Din posini tutay deb g‘am zindonida mahbus” bo‘lishi sababini Furqat ochiq-oydin ko‘rsatib o‘tadi: “Bechoralar na qilsun bo‘lsa siyosati Rus?!”
Xo‘sh, o‘sha paytdagi Rus siyosati nimaga asoslangan edi? Manbalarda bu haqda quyidagicha ma’lumot beriladi: “…chor hukumatining zolim generallari Turkiston o‘lkasiga qo‘yilg‘on “missioner”, ya’ni din buzuvchi Ostroumovlarning takliflari bo‘yicha, Turkiston o‘lkasining xalqini ko‘r kabi istibdod qorong‘usida qoldirmoqning maslahatida “russkiy-tuzemniy” maktablar ochmoqqa kirishdilar. Madrasa vaqflarini boniy, vaqf qilg‘uvchilarning avlodlariga buyurib berib, sotib yemoqlariga farmoyish qilib, musulmonlarning juma namozlarida podshoning nomini (xutbaga) qo‘yib o‘qimoq, “Qur’on”ning “val-mushrikin” degan joylaridan “mushrik” iboratlarini chiqarmoq kabi behuda ishlarni amr qildilar. Shahar hokimlari, qozi va amaldorlar ham maktabdorlarni chaqirib, oq podshoning nomini jami odamlarga bildirib, masjidlarda, namozlarda duo qildirish, hatto maktablardagi yosh bolalar o‘qiydigan Eshon So‘fi (So‘fi Olloyor)ning “Chahor kitob”i degan savod kitoblaridagi “azobi qabr kofirlargadir, chun ko‘rar go‘rning azobin ba’zi mo‘min”dek bo‘lg‘on baytlarini va “kofir”, “mushrik” degan iboratlarini yo‘qotib, yangi bosiladirg‘on kitob va “Qur’on”lardan yuqorida aytilgan kalimalarni chiqarishdek farmoyishlar qildilar. Musulmonlarni nihoyat ezib, qisib, hatto ko‘chadan pristuf o‘tib qolsa, yo beixtiyor ko‘rmay qolg‘on va o‘rnidan turmagan musulmonlar bo‘lsa, qaytib kelib urib, qamar edilar”[4].
Shoir musaddasning boshqa bir bandida istibdod iskanjasida qolgan yurt iqtisodiyoti ham inqirozga yuz tutganini, ahli bozor nochor qolib, tijoratning kasodga uchraganini chuqur iztirob bilan tasvirlaydi:
Uch yil bo‘lurki qolmish nakbatga ahli bozor,
Ko‘rmas tijoratidin ko‘p naf’ xayli tujjor,
Ahli hunarda ham yo‘q chandone ravnaqi kor,
Yo‘qdur O‘zungdin o‘zga bir mehribonu g‘amxor,
Rahm aylagil, Xudoyo, bechora, xastalarga,
Ranjuru zoru mahzun, ko‘ngli shikastalarga.
“Uch yil bo‘lurki qolmish nakbatga ahli bozor” misrasi asarning Qo‘qon xonligi rus qo‘shinlari tomonidan bosib olinganiga uch yil bo‘lgan paytda, ya’ni 1879 yili yozilganini ko‘rsatadi.
Faqat bugina emas. Shoirning fikricha, ma’naviyat bobida ham tanazzul jarayoni boshlangan: “Zaifalardin sharmu hayo, ag‘niyolardin judu saxo, bir-birga oshnodin mehru vafo yo‘qolgan. Faqr ahlidan qanoat, shayxdan riyozat, so‘fidan ibodat tobora barham o‘lgan. Dono zalilu nodon aziz bo‘lgan. Elning fe’lu xo‘yi ketib, guftugo‘yi faqat shikoyat bo‘lib qolgan. Shuning uchun ham el kuffor ahli ichra hayron bo‘lib qolgan, na hukm qilsa darhol buyrug‘ini olgan, olig‘-solig‘ berib tolgan”.
Manbalarning guvohlik berishicha, mustamlaka ma’muriyati uzoqni ko‘zlab ish tutgan. O‘lkadagi eng e’tiborli lavozimlarga layoqatsiz, johil, Furqat ta’biri bilan aytganda, “na hukm qilsa darhol buyrug‘ini oladigan”lar qo‘yilgan. “Rus mustamlakachilari o‘zlari ishlab chiqqan “Turkiston o‘lkasini boshqarish haqida Nizom”da shariat qozilarini saylash masalasiga alohida e’tibor berdilar, – deyiladi “O‘zbekistonning yangi tarixi”da. – Xonlar zamonida savodxon va nihoyat bilimdon odamlar qozilikka tayinlangan bo‘lsa, rus ma’murlarining qonuniga ko‘ra, savodsiz kishilar ham bu lavozimga saylanishi mumkin bo‘ldi”[5].
Furqat mazkur asarida bu holni mana bunday obrazli tasvirlaydi:
Har qayda sarfayog‘lar qozishinos bo‘ldi,
Barpo qilurg‘a fitna bekamu kost bo‘ldi,
El ichra qadr topti kim xushlibos bo‘ldi,
Zoti bek o‘tmaganlar sohibasos bo‘ldi,
Rahm aylagil, Xudoyo, bechora, xastalarga,
Ranjuru zoru mahzun, ko‘ngli shikastalarga.
Shoir bu ahvoldan qattiq iztirobga tushadi. Yolg‘iz panohi – Ollohga munojot qiladi, undangina najot kutadi:
Biz Odam o‘g‘li bo‘lsak, inson ishi xatodur,
Har shay’ aslisig‘a roji’ bo‘lub ketodur,
Lutfu karamni sandin banda umid etodur,
Furqat quling – gunahkor, san sohibi atodur,
Rahm aylagil, Xudoyo, bechora, xastalarga,
Ranjuru zoru mahzun, ko‘ngli shikastalarga.
Shu o‘rinda Furqat va Navoiy munojotlarida yaqqol ko‘zga tashlanadigan farqli jihatlarga e’tibor berish zarurati seziladi. Navoiy munojotlari inson, uning mohiyati, Haq taolo ma’rifati kabi millatidan, irqidan qat’i nazar, barcha uchun, umuminsoniyat uchun birday zarur masalalar tahqiqiga, badiiy talqiniga bag‘ishlangan. Furqat munojotida esa o‘zi mansub bo‘lgan millat dardi qalamga olinadi. Shoir munojotlarini, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘z kechmishidan uzoqlashayotgan, shu bois siyosiy, moddiy va ma’naviy inqirozga yuz tutgan millatga o‘z qilmishlari oqibatini ko‘rishi, xulosa chiqarishi uchun tutilgan ko‘zgu deb atash mumkin.
Chor hukumatining manfur bosqinchilik siyosatini butun mohiyati bilan fosh qilish, millatni ogoh etishga bo‘lgan intilish, mustabid siyosatga, jabru zulmga, adolatsizlikka bo‘lgan nafrat Furqatning boshqa asarlarida ham aks etgan. Jumladan, “Bo‘ldi” radifli muxammasida shoir bunday yozadi:
Bahor ayyomi o‘tti, na gulu sarvu suman qoldi –
Ki, bulbul birla qumri o‘rniga zog‘u zag‘an qoldi,
Na jomi marg ichmay lolai xuning, kafan qoldi,
Chamanlardin nishon hech qolmadi, illo tikan qoldi,
Zimistoni ajalni bodidin bori xazon bo‘ldi[6].
Bahor – taraqqiyot ramzi. Shoirning yozishicha, u o‘tib bo‘lgan. Shuning uchun ham bulbul birla qumri o‘rnini zog‘u zag‘an egallagan. Bu – yurtni Rusiya zabt etganiga ishora. Ajal zimistoni – istibdod timsoli. U bor mavjudlikni xazonga aylantirgan. Binobarin, istibdod bois milliy an’analar toptalib, millat boshiga qora kunlar tushgan, uning huquqi, erki poymol etilgan.
Shoir bu ahvol sababini ajdodlarning asriy an’analari unutilgani, “musulmon xalqimizning to‘g‘ri yo‘ldan adashib, ma’siyat sori ravon bo‘lgani, ato birla o‘g‘ul o‘rtasida mehru shafqat, ano birla qiz orasida zarra hurmat, ag‘niyolarda xayru saxovat, faqiru benavolarda sabru qanoat qolmagani” bilan izohlaydi. Muxammas quyidagi misralar bilan davom ettiriladi:
Yumub ko‘zni, qadamni mardlar sori adam qo‘ydi,
Vafosiz dahr alarni jonig‘a toki alam qo‘ydi,
Ajal farzandi odamni jahon mulkida kam qo‘ydi,
Mingu uch yuz birinchig‘a sana tokim qadam qo‘ydi,
Hamani emdi ko‘z tutgoni bir Sohibqiron bo‘ldi.
“Yumub ko‘zni, qadamni mardlar sori adam qo‘ydi”. Adam – yo‘qlik, demakdir. Bu misrada mardlar, ya’ni millat ziyolilarining qatag‘on girdobiga tashlanganiga ishora bor. Natija shunday bo‘ldiki, “Ajal farzandi odamni jahon mulkida kam qo‘ydi”. Ya’ni, bu hol ommaviy tus oldi. “Tajriba shuni ko‘rsatadiki, – deb yozadi Turkiston general-gubernatori Rossiya harbiy vaziriga yo‘llagan maktubida, – bu o‘lkada oshkora qatl ijrosigina mahalliy aholiga yaxshi ta’sir ko‘rsata oladi. Sizdan, Rossiya hududida o‘lim hukmining oshkora ijrosi haqidagi qonunni Turkiston o‘lkasiga tatbiq etmaslik uchun zoti Oliylari ijozatini olib bersangiz, deb iltimos qilaman”[7].
Keyingi misrada shoir ta’rix san’atining sarih usulini qo‘llash orqali bu fojialar ro‘y bergan sanani ham ochiq yozadi: “Mingu uch yuz birinchig‘a sana tokim qadam qo‘ydi”. Hijriy 1301 yil milodiy 1883–1884 yillarga to‘g‘ri keladi. Demak, rus bosqinining ayni avj pallasi haqida gap ketyapti. Bu, o‘z navbatida, muxammas yozilgan sanani ham bildiradi.
Beshinchi misrada yanada ahamiyatli fikr ifodalangan: “Hamani emdi ko‘z tutgoni bir Sohibqiron bo‘ldi”. Darhaqiqat, millat bu paytda Sohibqiron Amir Temurdek yo‘lboshchiga muhtoj edi. Yurtni mo‘g‘ullar zulmidan ozod qilgan Sohibqiron – milliy ozodlik timsoli. Shuning uchun ham shoir millatga uningdek bir rahnamoni orzu qiladi.
Ko‘rinib turibdiki, she’rda ozodlikka, milliy istiqlolga intilish tuyg‘usi chuqur dard, betakror badiiyat bilan ifodalangan. Bu tuyg‘u ba’zan ochiqcha, ayrim hollarda esa misralar tagmatnida aks etgani kuzatiladi.
Keyingi izlanishlar natijasida aniqlaganimiz – shoirning shu paytgacha ma’lum bo‘lmagan “Begim” radifli dastxat she’ri ham bu jihatdan alohida ahamiyatga ega. G‘azal matni bir varaq fabrika qog‘oziga binafsharang siyohda shikasta aralash nasta’liq xatida ko‘chirilgan. Varaqning o‘ng tomonida matnni o‘qishga xalal bermaydigan dog‘ bor. Ushbu 17 baytli she’r 1889–1891 yillarda Furqat Toshkentda yashagan davrda yozilgan. Dastxat XIX asr xattotlik san’atining nodir namunasi sifatida ham ahamiyatlidir. Unda baytlar muayyan mutanosiblik asosida joylashgan. Ya’ni, baytlar soni yuqoridan quyiga hamda o‘ngdan chapga bir, ikki, uch, to‘rt, uch, ikki, bir tartibida kvadrat (murabba’) shaklida bitilgan. Murabba’ning qaysi tarafidan qaramang, ayni tartib amal qiladi. Demak, faqat mazmundagina emas, shaklda ham mukammallikka erishilgan. Shakldagi ushbu mukammallikni saqlash uchun she’rning so‘nggi 17-bayti hoshiyaga ko‘chirilgan. Qo‘lyozma Furqatning yuksak xattotlik mahorati namunasi sifatida ham alohida ahamiyatga ega.
G‘azaldan olingan quyidagi misralar shoirning mustamlaka siyosatiga bo‘lgan murosasiz munosabatiga dalil bo‘la oladi:
Sho‘bada izhor etib nogoh charxi hiylasoz,
Boshladi afsun ila makru dag‘osidin, begim.
G‘unchai davlatni gul yanglig‘ parishon ayladi,
Tundbodi hodisoti mojarosidin, begim.
Oxirulamr hukumat gulshani bo‘ldi xazon,
Keldi zog‘u qoldi bulbullar navosidin, begim[8].
Mazkur baytlarda yurtning taraqqiyot quyoshi so‘nib, tanazzul shomi boshlangani so‘ngsiz hasrat bilan ifodalangan. Charxi hiylasozning afsun ila makru dag‘osi – o‘sha kezlari mamlakatda kechgan fitna-fasodlar, inqiroz jarayoni timsoli. Natijada “…g‘unchai davlat gul yanglig‘ parishon bo‘lgan. Hukumat gulshani xazonga aylangan”. Zog‘lar kelishi bilan bulbullar navosi tingan. Binobarin, bulbul bog‘da sayraydi. Zog‘ning makoni esa – vayrona. Mustamlaka iskanjasidagi Turkistonning ayanchli ahvolini Furqatgacha hech qaysi shoir bunchalik ta’sirchan ifodalay olgan emas. Bunda shoir tazod san’ati (gulshan-xazon, zog‘-bulbul) imkoniyatidan unumli foydalangan.
Dastxat hoshiyasida “Kamina Furqat va Hoji A’zam tarafidin cho‘x duo va salomlar vusulingiz o‘lsun” so‘zlari bitilgan. Savol tug‘iladi: she’r kimga bag‘ishlangan? Furqat va Hoji A’zamning “cho‘x duo va salomlar”i yo‘llangan shaxs kim? Hoshiyadagi qayddan buni aniqlash imkonsiz. Xo‘sh, u holda “begim” deya kim ulug‘lanmoqda? Uning Furqat va Hoji A’zamga qanday aloqasi bor? Shoir mustamlaka siyosati bilan bog‘liq iztiroblarini kim bilan bu qadar chin dildan dardlashishi mumkin? Bu savollarga javob berish uchun, avvalo, ushbu dastxat she’r matniga murojaat etish zarur. Xususan, quyidagi bayt bu masalaga oydinlik kiritishi mumkin:
Shah hayoti durjida bir dur eding, bo‘ldung yatim,
Qadring oshdi dahr atab qo‘yg‘on bahosidin, begim.
Bu so‘zlar uning shoh farzandi ekanini ko‘rsatadi. Furqat qaysi shoh zuryodi bilan yaqin munosabatda bo‘lgani, kimga “begim” deya murojaat etishi mumkinligi tahqiq etilsa, uning Xudoyorxon farzandi Fansurullobek ekani ma’lum bo‘ladi. Zero, shoir “Sabog‘a xitob” deya nomlangan she’riy maktubida ham Fansurullobekka “begim” deya murojaat etgan:
Begim, jonim, afandim Fansurulloh,
Zihi shahzodai zul-izza ul-joh.
Na man tanho, ulus shahzodasidur,
Hama shahzodalar ozodasidur[9].
Qolaversa, Furqat Toshkentda yashagan davrida Fansurullobek bilan juda yaqin munosabatda bo‘lgan. Bu haqda professor Sharif Yusupovning quyidagi fikrlari, ayniqsa, diqqatga sazovor: “She’riyatga, shoirlarga ixlosi baland Fansurullo Furqat Toshkentda yashagan yillarda 20–22 yoshlar orasidagi yigit edi. O‘zining hamshahri bo‘lmish zabardast shoir Toshkentda ekanini bilgach, tabiiyki, u bilan tanishish, do‘stlashish, ayniqsa she’riyat haqida suhbatlashish, o‘z she’riy mashqlarini ko‘rsatib, undan maslahatlar olish istagi tez orada Fansurullobekni Furqat bilan yaqinlashtiradi. Furqat Fansurullobekning Zanjirlik mahallasi tor ko‘chasidagi hovlisida bir necha marta bo‘ladi, undan iltifotlar ko‘radi. Shu bois Istanbulga borishi bilanoq eng yaqin do‘stlari qatorida Fansurullobekni sog‘inib, “Sabog‘a xitob”ning salmoqli bir qismini unga bag‘ishlaydi.
Ikkinchi tomondan, Fansurullobekning qaynotasi Jo‘rabek dodxoh ham Furqat bilan g‘oyat yaqin munosabatlarda ediki, qaynotasining Qorasuvdagi katta bog‘ida bo‘lgan suhbatlarda ham u Furqat bilan bir necha bor uchrashgan bo‘lishi ehtimoldan uzoq emas”[10].
Dastxat she’rning quyidagi misralari Fansurullobekka otasi Xudoyorxon vafoti, “charxi hiylasoz”ning shundan keyingi “makru dag‘o”lari, zulmu sitamlari munosabati bilan hamdardlik yo‘sinida yozilgan:
Odam o‘g‘li yo‘q erurkim, arsai olam aro,
Bo‘lmasa ozurdadil davron jafosidin, begim.
Kimsa mehr, ushbu jahondin, ko‘rdikim, ko‘z tutqomiz –
Bu jahon ichra jahon ahli vafosidin, begim?
Mango qilg‘on zulmini ko‘rgilki, uyla bor edim,
Sen kibi shahzodani xayli gadosidin, begim.
Ushbu 17 baytli she’r shaxsan Fansurullobekka bag‘ishlangan bo‘lsa-da, uning teran mazmuni umummilliy ahamiyatga ega. Binobarin, “g‘unchai davlatning gul yanglig‘ parishon bo‘lishi, hukumat gulshanining xazonga aylanishi, bulbullar o‘rnini zog‘lar egallashi” faqatgina Fansurullobek boshiga tushgan musibat emas, balki millat dardi va musibati bo‘lgan. Hech shubha yo‘qki, Furqat buni teran his etgan. Bugina emas. Millat dardi bilan yo‘g‘rilgan qalb kechinmalarini, ko‘ngil iztiroblarini quyma misralar orqali bayon etgan.
She’r duo mazmunida bitilgan quyidagi baytlar bilan yakunlanadi:
Jonsiporu qadrdonlig‘din bajuz bir tuhfa yo‘q,
Hazratingga Furqatiy xolis duosidin, begim:
Soyai Tangri nasib etgay saning boshingga ham,
Zoyil o‘lmas bobaqo davlat humosidin, begim.
Ko‘ringanidek, g‘azalda shoir taxallusidan keyin ham bir bayt kelgan. Shayx Ahmad Taroziy fikricha: “…ul baytekim, taxallusdin so‘ngra ayturlar, ikki nav’ bo‘lur. Birisi ulkim, taxallus bayti ma’noda notamom qolur. Bir bayt birla oni tamom qilurlar, oni mutammim ul-anqos o‘qurlar. Va bir nav’i ulkim, bovujudkim, taxallusi tamomdur, bir bayt masal tariqi birla keltururlar, andin taxallus baytig‘a rabt hosil bo‘lur, oni robita derlar”[11].
Ma’lum bo‘ladiki, mazkur g‘azalda taxallusdan keyin kelgan bayt birinchi turga mansub. Binobarin, taxallus baytida ma’no tugallanmagan. Keyingi bayt (“mutammim ul-anqos”) g‘azal mazmuniga yakun yasagan. Furqat yashagan tarixiy vaziyatda, o‘sha ijtimoiy muhitda bunday so‘zlarni bitish chinakam jasorat, Vatan va millatga fidoyilik namunasi edi.
Mazkur asarlar yozilgan sanalar (“Munojoti musaddas” 1879 yili, “Bo‘ldi” radifli muxammas 1885 yili, “Begim” radifli g‘azal 1890 yili yozilgan) ko‘rsatib turibdiki, shoirning mustamlaka siyosatiga bo‘lgan munosabati yillar o‘tishi bilan ham o‘zgarmagan. Faqat istibdodni qoralash ruhi dastlabki asarlarda ochiqroq aks etgan bo‘lsa, keyingilarida ko‘proq obraz va timsollar zamirida berilgan.
Tabiiyki, Rusiya mustabid siyosatini qoralovchi, fosh etuvchi bunday asarlar mustamlaka ma’muriyati manfaatlariga zid bo‘lgan. Bu esa mazkur hukumat shoirdan qutulish uchun uni mamlakat hududidan chiqarib yuborishning barcha choralarini ko‘rgan, Furqatning xorijga ketishi va ona yurtga qaytmasligi masalasi general-gubernatorlik tomonidan rejali asosda maxsus uyushtirilgan, deb hisoblash uchun yetarli asos beradi.
Furqat hayoti va ijodining eng samarali o‘n sakkiz yili xorijda kechdi. Uning chet ellarga safari sanalarini eng so‘nggi ilmiy izlanishlar asosida quyidagicha belgilash mumkin: Turkiya – Yunoniston safari 1891 yil sentyabr – 1892 yil 24 fevralgacha, Arab mamlakatlariga safari 1892 yil 24 fevralidan shu yil avgustigacha, Hindiston – Tibet safari 1892 yil avgustidan 1893 yil sentyabriga qadar davom etgan. 1893 yil sentyabrida u Yorkentga boradi va umrining oxiriga qadar bu shaharda turg‘un bo‘lib qoladi.
Yuqorida shoirning chor istibdodini ochiqdan-ochiq qoralab asarlar yozgani haqida fikr bildirildi. Ta’kidlash joizki, bunday imkoniyat unda har doim ham bo‘lavergan emas. Ayniqsa, Furqat xorijda ekan, uning har bir qadami nazoratda bo‘lgan. Shuning uchun shoir endi boshqacha yo‘l tutadi. U, ayniqsa, “Turkiston viloyatining gazeti” uchun mo‘ljallangan asarlarida aytmoqchi bo‘lgan asosiy fikrlarini bilvosita, asarlari tagmazmuni orqali ifoda etadi. Jumladan, Furqatga juda ko‘p ta’nalar qilinishiga sabab bo‘lgan “Rus askarlari ta’rifida” deb nomlanib kelgan asarning nasriy so‘zboshisi – kirish qismida shoir bunday yozadi: “Habl ul-matin” va “Pesai axbor” nom Hinduston gazetlarida Rusiya davlatining yopun xalqi birla qilg‘on muhorabalari xususida o‘rusiya askari borasida aksar kinoyaomez so‘zlarni yozadur. Chunonchi, ul axborlarning zohir iborati mahz bir voqeiy holotlardur. Va lekin, mazmunini diqqat birla mulohaza qilg‘onda kinoya va hasadomez ma’nilar paydo bo‘ladur”[12].
So‘zboshidagi “Rusiya davlatining yopun xalqi birla qilg‘on muhorabalari” jumlasiga urg‘u berilayotgani bejiz emas. Bu orqali chor Rossiyasining bosqinchilik siyosatiga ishora qilingan. “Habl ul-matin” va “Pesai axbor” gazetalaridagi “axborlarning zohir iborati mahz bir voqeiy holotlar”, ya’ni haqiqatda bo‘lgan voqealar ekaniga oid shoir ta’kidi ham diqqatga sazovor. Bu orqali u rus armiyasining Yaponiyadagi sharmandalarcha mag‘lubiyatiga ishora etgan. Shoirning e’tirozi faqat bu haqda yozilgan so‘zlar kinoya va hasadomez ma’nida ekaniga qaratilgan.
Mavjud nashrlarda Furqatning boshqa ko‘plab asarlari qatori mazkur she’r ham qisqartirib bosilgan. Nashr nusxasi manba bilan qiyoslanganda, “Tanlangan asarlar”dan manzumaning 30 misrasi tushirib qoldirilgani aniqlandi. Nashr nusxada “Qisqartirib olindi” deya izoh berilgani nashrga tayyorlovchining masalaga xolislik bilan yondashganini ko‘rsatadi[13].
“Tanlangan asarlar”dan tushirib qoldirilgan 7–8-bayt mazmuniga diqqat qilaylik. Shoir bunday yozadi:
Borib Manjuriya sori urushqa,
Yopun xalqini turdi o‘lturushqa.
Qizib bozori marg andog‘ki yaksar,
Puli boru puli yo‘qqa barobar[14].
Bu – chor Rossiyasining mustamlaka urushi edi. Shoir rus askarining “Manjuriya sori borib, yopun xalqini o‘ldirishga tushgani, ajal bozorini qizitgani”ni ta’kidlar ekan, ularning o‘zga bir yurtga bosqinchilik niyati bilan borganiga ishora qiladi. Nashr nusxadan tushirib qoldirilgan 15-bayt ham rus armiyasining qonxo‘rligi ifodalangan:
Bo‘lub daryoda suv qondin namudor,
Desa bo‘lg‘ay ani daryoi xunxor.
Joriy nashrlarga kirmay qolgan navbatdagi misralar tagmatnida yashiringan mazmun shoirning asl maqsadini anglash imkonini beradi:
Birovg‘a Haq berur fathu zafarni,
Birovg‘a solg‘usi xavfu xatarni.
Onga lozim emas aslo taarruz,
Qilur nodon kishi bejo taarruz.
Jahonda zohir etmas bu “shijoat”,
Bizing oqpodshohdin o‘zga davlat. (29, 30, 31-baytlar)
Ma’lumki, mazkur asar yozilgan 1905 yilgi rus-yapon urushi rus armiyasining sharmandali mag‘lubiyati bilan yakunlangan. Shoir “Birovg‘a Haq berur fathu zafarni, Birovg‘a solg‘usi xavfu xatarni” deganda shuni nazarda tutgan. “Onga lozim emas aslo taarruz, Qilur nodon kishi bejo taarruz” der ekan, shoir bu taqdir taqozosi ekani, unga rozi bo‘lishdan o‘zga chora yo‘qligiga ishora qiladi. Taqdirga nodonlargina qarshilik ko‘rsatishga intilishini ta’kidlagan shoir bunday “shijoat”, ya’ni nodonlikni oqpodshohdan o‘zga hech kim zohir etmaydi, deya istehzo qiladi.
Mana bu baytlar mazmuniga diqqat qiling:
Bilursizmu yopun qaydin kelibdur,
Borib qaysi taraf, na ish qilibdur?
Turub ul o‘z makonida urushti,
O‘rus birlan eshigida ko‘rushti. (42–43-baytlar)
Ushbu misralardan oldingi baytda shoir “Bilurg‘a so‘z durin sarrof lozim”, deya bu so‘zlar mohiyati ancha teran ekaniga ishora qiladi. Bu haqda chuqurroq fikr yuritmay turib biror xulosaga kelmaslikni tavsiya etadi. “Kimiki jug‘rofiya ilmini bilsa, o‘ylab ko‘rsin. Rusiydin yapong‘a qancha yo‘l ekanligini andisha qilsin. Rusiydin necha lak askar qancha cho‘lu biyobonlardin oshib, yemak-ichmagini toshib, og‘ir yuklarni – oloti harb anjomini olib, andog‘ olis yerlarg‘a borgani sababini mulohaza etsin” mazmunidagi misralarni bitar ekan, shoir har bir so‘z zamiriga olam-olam ma’nolarni joylaydi. Uning ta’kidlashicha, “Bu urushda yaponlar biror boshqa joydan kelmagan, rus askarlariga o‘xshab o‘zgalar yurtiga bosqinchilik maqsadida borgan emas, ular o‘z makonlarida turib, o‘z yurtlari himoyasi uchun urushdilar. Keyingi baytda shoir shunday yozadi:
Bu so‘zning ramzini dono bilur, bas,
Nechuk otashga toqat aylagay xas.
Ya’ni, shoir “Bu so‘zning ramzini dono bilur, bas”, – deyar ekan, bu yozgan so‘zlaridagi zohiriy ma’noga emas, undagi ramzlarga, nozik ishoralarga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidlaydi. O‘zga yurtni bosib olish niyatida borgan rus askarini yapon xalqining bosqinchilarga qarshi g‘azab otashi oldida bamisoli xasga qiyos etadi.
Ma’lum bo‘ladiki, Furqatning “Rus askarlari ta’rifida” deb nomlanib kelgan asari mustabid chor Rossiyasi askarlari maqtoviga emas, aksincha ularning bosqinchilik harakatini, rus-yapon urushidagi sharmandali qismatini fosh etishga qaratilgan. Shunday bo‘lgach, mazkur asar, uning mazmun-mohiyati, g‘oyaviy yo‘nalishi xususida sho‘rolar zamonida bildirilgan fikr-mulohazalar o‘sha paytdagi hukmron mafkura talabi, zamon taqozosi sifatida baholanmog‘i lozim.
Shu o‘rinda asar mohiyatidan kelib chiqadigan muhim bir xulosani – asarning nomlanishi noto‘g‘ri bo‘lganini ta’kidlash zarur. Binobarin, avvalo, ushbu nom shoirning o‘zi tarafidan emas, nashrga tayyorlovchi tomonidan berilgan. “Turkiston viloyatining gazeti”da “Stixi iz Yarkenta” sarlavhasi bilan e’lon qilingan ushbu manzumaga shoirning o‘zi sarlavha qo‘ymagan. Ikkinchidan, “Rus askarlari ta’rifida” degan nom asarning asl mohiyatiga mutlaqo muvofiq kelmaydi. Agar asarga sarlavha berish ehtiyoji sezilsa, bizningcha, uni “Rus-yapon muhorabasi xususida” deb nomlash to‘g‘riroq bo‘lar edi. Chunki, asarda muallifning mazkur urushga xolis va haqqoniy munosabati aks etgan.
Qolaversa, Yorkentdan Nikolay Ostroumovga yozgan maktublaridan birida shoir “…mundin muqaddam Yopuniyo muhorabasi xususida bir she’r xizmatingizg‘a poshta ilan yuborub edim, inshaolloh, mavsul bo‘lg‘ondur”[15] deb yozgan edi. Binobarin, Furqat rus askarlari ta’rifida emas, Yopuniyo muhorabasi xususida she’r yozganini ta’kidlayapti. Bizningcha, shuning o‘zidayoq shoir mazkur asarni yozishdan ko‘zlagan asl maqsadiga ishora qilgan.Asarda oqpodshoh, rus askarlari sha’niga maqtov mazmunidagi misralar ham mavjud-ku, degan savol tug‘ilishi tabiiy. To‘g‘ri, manzuma shunday ma’nodagi misralardan ham xoli emas va bu Vatandan yiroqda, g‘urbatda yashashga mahkum etilgan shoirning yuqorida ta’kidlangan qimmatli fikrlarini yurtdoshlariga, kelajak avlodlarga yetkazishi uchun maxsus tanlangan vosita sifatida baholanmog‘i kerak. Umuman, Furqatning mazkur asari Sharq she’riyatining o‘ziga xos ifoda usulini, ma’no serqatlamliligini o‘zida mujassam etgan yuksak namunasidir.
Furqatning mazkur va boshqa aksariyat asarlari tahlili, rus matnshunosi Dmitriy Sergeevich Lixachev ta’kidlaganidek, ularning “g‘oyaviy tahrir”dan o‘tganini ko‘rsatadi. Olim qayd etganidek: “Matnning “g‘oyaviy tahrir”dan o‘tishi asarning stilistik jihatlari bilan bog‘liq bo‘lishi yoki bog‘liq bo‘lmasligi mumkin. Tahrir ba’zan butun matn tarkibiga, ayrim hollarda uning alohida qismiga aloqador bo‘ladi. Yozma yodgorlikka butunlay teskari ma’no yuklanishi, matnda u yoki bu xil “g‘oyaviy tozalash” o‘tkazilgan bo‘lishi mumkin. Hatto asarga unda mutlaqo bo‘lmagan g‘oya qo‘shilishi yoki matnda mavjud bo‘lgan g‘oya “qisqartirilishi” hollari ham uchraydi”[16].
Furqat asarlari tadqiqida D. S. Lixachev ta’kidlagan “g‘oyaviy tahrir” muammosini har doim e’tiborda tutish zarurati seziladi. Darhaqiqat, shoir asarlariga ba’zan butunlay teskari ma’no yuklangani, ayrim hollarda ularning “g‘oyaviy tozalash” chig‘irig‘idan o‘tgani, natijada noto‘g‘ri talqin etilgani bugun mutaxassislar uchun sir emas.
Shoirning “Qasida” asari ham mutaxassislar o‘rtasida bahsu munozaraga sabab bo‘lgan. Asar hatto Furqatning chor mustamlaka siyosati mohiyatini tushunmaganiga dalil etilgan. Aslida ham shundaymi? Asar matni ustida olib borilgan izlanishlar buning ziddini isbotlaydi. Ya’ni, Furqat bu asarining ham tagmatniga chor istibdodining asl qiyofasini fosh etuvchi mazmunni mahorat bilan singdirib yuborgani kuzatiladi.
Jumladan, shoirning “Qasida”ga yozgan so‘zboshi – izohi uning mazkur asarni yozish vaqtidagi ruhiy holatini his etish imkonini beruvchi quyidagi jumlalar bilan boshlanadi: “Zimistoni shabistonlarkim, siyohbaxtlar ro‘zgoridek qaro va sohibi afkorlar andishasi yanglig‘ uzun va beintihodur. Bu laylat ud-dajoda uyqu durrojlari ko‘zlar oshyonasidin ramida qilib, xayol nasoyimi har tarafg‘a varzida qilur erdi…”[17]. Qarangki, “oqpodshoh”ga bag‘ishlangan qasidaning debochasi qanday tasvir bilan boshlanmoqda: “Siyohbaxtlar ro‘zgoridek qop-qora, zimiston tun”. Bu tasvir zamiriga shoir qanday ma’no joylagan? Bu orqali nima demoqchi? Bu tasvir mazkur debocha davomida “jo‘shi bahori rashki gulistoni Eram” deya ta’rif etilgan Farg‘ona mamlakati, “bu roqimi tasvidotning asl shajarai vujudi… obu havosi obyorlig‘i birla tarbiyat topmish bo‘lg‘on” Xo‘qand gulshanining istibdod zulmatida qolganiga ishora emasmi? Ushbu so‘zlar zamiriga xuddi shu mohiyat singdirilgan, nazarimizda. Aks holda podshoh maqtoviga oid qasida bunday dard-alam ifodasi bo‘lgan so‘zlar bilan boshlanmas edi.
Qolaversa, ushbu izoh – so‘zboshining davomi yanada chuqurroq mulohaza yuritishni taqozo etadi: “Arbobi nazardin umid ulkim, ushbu jaridag‘a munsifona ko‘ngul birla mutolaa va mulohaza aylagaylar. Mabodo xotirlarig‘a xutur qilmag‘oykim, ushbu so‘zlar xushomadgo‘ylig‘ yuzidin ado topqon bo‘lg‘ay deb. Chunki maqsudimiz asli boshqa yerga resha chekmakligi ko‘nglumiz ganjinasida maktum va muzmardur. Vassalom”[18].
Shoirning bu asarga insof yuzasidan baho berishni so‘rab yozgan ushbu so‘zlaridan keyin ham u haqda yuzaki mulohaza yuritish arbobi nazar – olimlar uchun munosib bo‘lmagan hol. Bevosita asar matniga murojaat etamiz. Masnaviy Yaratganga hamdu sano bilan boshlanadi:
Jahonda har nakim etti – Xudovandi jahon etti,
Qilib qudratnamolig‘ zaminu osmon etti.
Kamoli judi o‘n sakkiz ming olam aylabon mavjud,
Mukarram xalq etib odamni, sun’ini ayon etti.
Hama maxluqni, Boriy, muti’u zirdast aylab,
Olarg‘a Odam o‘g‘lin chiredastu qahramon etti.
Haqiqiy podshohekim, jahonni intizomi–chun
Majoziy podshohlarni jahong‘a hukmron etti[19].
Mazkur hamd-baytlarning so‘nggisi, ayniqsa, tagmatnda ifoda etilgan mazmunning teranligi bilan ajralib turadi. Ya’ni shoir “oqpodshoh”ga qarata: “Sen vaqtinchalik majoziy podshohsan, sening hukmronliging ham o‘tkinchi. Haqiqiy podshoh esa Tangri taolodir. U xohlagan kuni xuddi avvalgi podshohlar kabi sening hukmronligingga ham chek qo‘yishga qodir” degan haqiqatni obrazlar vositasida ayta olgan.
Ko‘rinib turibdiki, Furqat hatto zohiran “oqpodshoh” madhiga bag‘ishlangandek taassurot qoldiradigan asarida ham yo‘lini topib mustamlaka siyosatiga bo‘lgan nafratini ifoda eta olgan. Bu esa, o‘z navbatida, asosiy fikrlarini misralar tagmatnida berish uning xorijdagi davr ijodida o‘ziga xos uslub darajasiga ko‘tarilganini ko‘rsatadi.
Furqatning Vatanga qaytish yo‘llari yopib qo‘yilishi sabablaridan yana biri uning sobit e’tiqod egasi bo‘lgani, deb hisoblash mumkin. O‘zbekiston Markaziy davlat arxivi Nikolay Ostroumov fondida saqlanayotgan hujjatlardan birida Furqat mashhur “Gimnaziya” she’rini yozgan paytda Toshkent Erlar gimnaziyasida ta’lim olgan Stepanov degan kimsaning Yorkentga borib, shoir haqida mana bunday ma’lumot yuborgani qayd etilgan: “Muhtaram Nikolay Petrovich, – deb yozadi Stepanov. – Men sizga ushbu xat bilan Yorkentda ko‘rishganim Zokirjonning she’rlarini ham yuboryapman. Ochig‘ini aytganda, Zokirjonning she’rlari menga yoqmadi. Men Furqatning samimiyligiga mutlaqo shubha bilan qarayman. Tan olish kerakki, u juda aqlli, iste’dodli va benihoya yoqimli inson. U tabobat bilan shug‘ullanadi, yerda ishlashni yoqtiradi. Mening o‘ylashimcha, u Rossiyani mutlaqo sevmaydi. (Ta’kid bizniki – N. J.) E’tiqodda benihoya sobit. Men unga she’r yozishdan tashqari, bizning sartlarimizni qiziqtirishi mumkin bo‘lgan mahalliy mavzular: bu yerning aholisi, urf-odatlari, sanoati haqida yozishni tavsiya qildim. Bu yerdagi aqlga sig‘maydigan jaholat, shuningdek, rus zulmidan doimiy ravishda norozi bo‘lgan bizning Turkiston tuzemlilari foydalanayotgan qulayliklarga alohida urg‘u berishni so‘radim”. (O‘zbekiston Markaziy davlat arxivi, fond № 1009, 1-ro‘yxat, 135-ish, 42–43-betlar.)
Stepanov to‘g‘ri ta’kidlaganidek, Furqat mustamlakachilarni mutlaqo sevgan emas. Lekin, bu yerda masalaning e’tibor berish zarur bo‘lgan boshqa bir jihati bor. Mazkur hujjatning o‘ziyoq ko‘rsatib turibdiki, Furqat chor hukumatining doimiy nazoratida bo‘lgan. Unga hatto nimalar haqida yozish ham tavsiya etib turilgan. Stepanov Turkistondagi chor ma’muriyatiga shoirdagi o‘zi yoqtirmagan quyidagi uch xususiyat haqida yozib yuboradi: 1) uning Rossiyaga nisbatan samimiyligiga shubha bilan qarashi; 2) Furqat she’rlari unga ma’qul kelmagani; 3) shoirning mustahkam e’tiqodli shaxs ekani.
Bu singari faktlar Furqat haqida muntazam ravishda ana shunday ma’lumotlarni to‘plab borgan chor hukumati millatparvar shoirning ona yurtga kelishini maqsadga muvofiq emas deb topgani va uning Vatanga qaytish yo‘llarini taqa-taq yopib qo‘ygani haqidagi xulosaga olib keladi.
Shu o‘rinda muhim bir masalaga to‘xtalish zarurati seziladi. Bu – Furqat qarashlari milliy uyg‘onish harakati namoyandalari, millatparvar jadidlar tomonidan davom ettirilgani masalasi. Binobarin, Furqat va jadidlar qarashlarida muayyan izchillik, davomiylik mavjudki, bu ko‘pdan tadqiqotchilar e’tiborini tortmoqda. Biroq, afsuski, adabiyotshunoslikda bu masala shu paytgacha tezis darajasida qolib keldi.
Bu haqda dastlab xorijlik tadqiqotchilar ishlarida fikr yuritilgan. Jumladan, boshqird olimi Zaki Validiy “Bugungi turk eli: Turkiston va yaqin tarixi” kitobining maxsus bobini “Yangi o‘zbek adabiyoti” deb nomlaydi. Olim yangi o‘zbek adabiyoti tadqiqini Furqat asarlari tahlilidan boshlaydi. “O‘zbeklarning Ovrupo va rus madaniyati ta’sirida inkishof etgan yangi adabiyoti hanuz juda yosh”[20] ekanini ta’kidlagan muallif o‘z xulosalarida Furqat asarlariga tayanadi. Shoirning ushbu yangi adabiyotning tamal toshini qo‘yganlardan ekanini alohida qayd etadi.
Major olimi Yanosh Ekman “Xorazm, qipchoq va chig‘atoy turkchasiga oid tadqiqotlar” nomli yirik asarida Turkiston jadidchilik harakatiga Furqat, Muqimiy, Zavqiy, Avaz O‘tar, Zoriy kabi shoirlarning ma’rifiy qarashlari asos bo‘lgani xususidagi muhim bir masalani o‘rtaga qo‘yadi. U bunday yozadi: “… Xivali shoir Avaz O‘tardan boshqa jadid adabiyotining dastlabki namoyandalari Muqimiy, Furqat, Zavqiy va Zoriy kabi xo‘qandli shoirlardir”[21].
Xorijlik tadqiqotchilardan yana biri Adib Xolidning fikricha, jadidchilikni muayyan sana bilan cheklash to‘g‘ri emas. Uning ta’kidlashicha, “musulmon jamiyatini zamonaviy aloqa vositalari va muloqotning yangi shakllaridan foydalanish orqali isloh qilishga urinuvchi shaxslar “jadidlar” deb ataladi[22]. Binobarin, Furqat va uning zamondoshlari xuddi shunga intilgani mutaxassislarga yaxshi ayon.
Lekin Furqat ham, u bilan bir davrda yashagan ijodkorlarning birortasi ham o‘zlarini jadid deb atagan emas. Biz ham ularni bu nom bilan atash fikridan yiroqmiz. Faqat ta’kidlash kerakki, ular jadidchilik deb atalgan va XX asr boshida millatimiz hayotining barcha – ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, huquqiy, ma’naviy-ma’rifiy jabhalarini isloh etishga bo‘lgan intilishlarni mujassam etgan ulkan harakatga zamin hozirlagan edilar.
O‘zbek furqatshunosligida shu yo‘sindagi fikr dastlab professor Sharif Yusupov tadqiqotlarida ilgari surilgan. Olimning “Xudoyorxon va Furqat” asarida “Furqat ma’rifatparvarligi bilan jadidlar qarashlari o‘rtasida bevosita davomiylik borligi” xususida mulohaza yuritilib, “…masalaning bu tomoni hali puxta o‘rganilishi, mantiqiy nihoyasiga yetkazilishi zarur”[23]ligi ta’kidlangan.
Bu mulohazalar Zokirjon Xolmuhammad o‘g‘li Furqatning milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyotining yirik namoyandasi, o‘zidan keyingi avlod ijodkorlarga ham kuchli ta’sir ko‘rsata olgan ulug‘ ijodkor, butun salohiyatini, iqtidorini Vatan va millat ravnaqi yo‘liga tikkan buyuk siymo ekani haqidagi haqqoniy ilmiy xulosa uchun asos bo‘la oladi.
«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 1-son
_______________
[1] G‘afur G‘ulom nomidagi Qo‘qon Adabiyot muzeyi, qo‘lyozma № 7050, 244b – 245a-betlar.
[2] O‘zbekiston adabiyoti va san’ati, 1997 yil 20 iyun, № 25 (3500).
[3] O‘zbekistonning yangi tarixi. Birinchi kitob. Turkiston chor Rossiyasi mustamlakachiligi davrida. T.: “Sharq” NMAK, 2000, 326-bet.
[4] Fozilbek Otabek o‘g‘li. Dukchi eshon voqeasi. Samarqand-Toshkent, 1927, 21-bet
[5] O‘zbekistonning yangi tarixi. Birinchi kitob. Turkiston chor Rossiyasi mustamlakachiligi davrida. T.: “Sharq” NMAK, 2000, 321-bet.
[6] G‘afur G‘ulom nomidagi Qo‘qon Adabiyot muzeyi, qo‘lyozma № 29, 32a –34b-sahifalar (muxammasdan olingan keyingi iqtiboslar ham ushbu manba asosida keltirildi).
[7] O‘zbekiston Markaziy davlat arxivi. Fond №1, 1-ro‘yxat, 1-ish, 99-bet
[8] Dastxat she’rning asl nusxasi Yangiyo‘lda, shoir Abdulhaq Maxzum Roiq shaxsiy arxivida saqlanadi (she’rdan olingan keyingi ko‘chirmalar ham shu manbadan keltirildi).
[9] “Sabog‘a xitob”ning Sankt-Peterburgda saqlanayotgan dastxati fotonusxasidan olindi.
[10] Sharif Yusupov. Xudoyorxon va Furqat. T.: “Sharq” NMAK, 1995, 77-bet.
[11] Shayx Ahmad ibn Xudoydod Taroziy. Funun ul-balog‘a (Nashrga tayyorlovchi va so‘zboshi muallifi Abduqodir Hayitmetov). T.: Xazina, 1996, 39-bet.
[12] Turkiston viloyati gazeti. 1905 yil 27 avgust, № 34.
[13] Furqat. Tanlangan asarlar. Ikki tomlik. T. II. . T.: Badiiy adabiyot, 1959 (Xolid Rasul keyinchalik Furqatning arab imlosidagi “Asarlar majmuasi”da masnaviyning to‘la matnini keltirgan).
[14] Turkiston viloyati gazeti. 1905 yil 27 avgust, № 34 (keyingi iqtiboslar ham shu manbadan olingan).
[15] O‘zbekiston Markaziy davlat arxivi. Fond № 1009, 1-ro‘yxat, 115-ish (2-juzgir), 111-bet.
[16] Lixachev D. S. Tekstologiya. Moskva – Leningrad, Izd-vo AN SSSR, 1962, S. 83–84.
[17] Turkiston viloyati gazeti. 1903 yil 9 iyun, № 22.
[18] Turkiston viloyati gazeti. 1903 yil 9 iyun, № 22. (Ushbu iqtibosdagi “muzmar” so‘zi shu paytgacha amalga oshirilgan Furqat asarlari nashrlarida va tadqiqotlarda “muzammir” shaklida noto‘g‘ri o‘qilgan.)
[19] Turkiston viloyati gazeti. 1903 yil 9 iyun, № 22. (Keyingi iqtiboslar ham shu manbadan olindi.)
[20] A. Zeki Velidi Togan. Bugunku Turkili: Turkistan ve yakin tarihi. Istanbul – 1981, B-501.
[21] Janos Eckmann. Harezm, kipcak ve cagatay turkcesi uzerine arastirmalar. Ankara, 1996, B-209.
[22] Adeeb Khalid. The Politics of Muslim Cultural Reform: Jadidizm in Tzarist Central Asia. PhD, Madison, 1993, 137.
[23] Sh. Yusupov. Xudoyorxon va Furqat. T.: “Sharq” NMAK, 1995, 78–79-betlar.