Furqatning “Rus askarlari ta’rifida” deb nomlab kelingan asari mutaxassislar o‘rtasida munozaralarga sabab bo‘lgan. Bu masnaviyning nasriy kirish qismida shoir yozadi: “Habl ul-matin” va “Pesai axbor” nom Hinduston gazetlarida Rusiya davlatining yopun xalqi birla qilg‘on muhorabalari” (maqoladagi barcha ta’kidlar muallifniki. – Tahririyat) xususida O‘rusiya askari borasida aksar kinoyaomez so‘zlarni yozadur. Chunonchi, ul axborlarning zohir iborati mahz bir voqeiy holotlardur. Va lekin, mazmunini diqqat birla mulohaza qilg‘onda kinoya va hasadomez ma’nilar paydo bo‘ladur. Afsuskim, ul axborlar muallifi munsifona so‘z yozmaydurlar” (“Turkiston viloyatining gazeti”, 1905 yil, 27 avgust, 34-son. Keyingi iqtiboslar ham shu manbadan keltirildi).
Kirishdagi “Rusiya davlatining yopun xalqi birla qilg‘on muhorabalari” jumlasi ta’kidlanayotgani bejiz emas. Shuning o‘zidayoq Furqat chor Rossiyasining 1904 – 1905 yillar rus-yapon urushidagi bosqinchilik siyosatiga ishora qilmoqda. Bundan tashqari, “Habl ul-matin” va “Pesai axbor” gazetalaridagi mazkur urush haqida yozilgan “axborlarning zohir iborati mahz bir voqeiy holotlar”, ya’ni haqiqatda bo‘lgan voqealar ekanligi to‘g‘risidagi shoir ta’kidi ham diqqatga sazovor. Zero, bu orqali shoir rus armiyasining Yaponiyadagi sharmandali mag‘lubiyatiga ishora etayotganligini anglash qiyin emas. Shoirning e’tirozi faqat bir narsaga: bu haqda yozilgan so‘zlar kinoya va hasadomuz ekanligiga qaratilgan.
Aytish kerakki, joriy imlodagi nashrlarda Furqatning boshqa ko‘plab asarlari singari bu she’r ham qisqartirib e’lon qilingan. Nashr nusxasini ilk manba bilan qiyoslanganda, shoir “Tanlangan asarlar”idan (1959, II jild) manzumaning 30 misrasi tushirib qoldirilgani ma’lum bo‘ldi. Furqat majmuasida “qisqartirib olindi”, deya izoh berilgani nashrga tayyorlovchi Xolid Rasulning masalaga halollik bilan yondashganligini ko‘rsatadi.
Tushirib qoldirilgan 7 – 8-baytlar mazmuniga diqqat qilaylik:
Borib Manjuriya sori urushqa,
Yopun xalqini turdi o‘lturushqa.
Qizib bozori marg andog‘ki yaksar,
Puli boru puli yo‘qqa barobar.
Bu urush mustamlakachilik urushi edi. Furqat rus askarlarining “yopun xalqini o‘ldirishga tushib, ajal bozorini qizitganligi”ni ta’kidlar ekan, ularning o‘zga bir yurtga yomon niyat bilan borganligiga ishora qiladi.
Nashr nusxasidan tushirib qoldirilgan 15-bayt mazmuni ham dushman armiyasining qon xo‘rligi xususida:
Bo‘lub daryoda suv qondin namudor,
Desa bo‘lg‘ay ani daryoi xunxor.
Joriy nashrlarga kiritilmagan navbatdagi misralar zamiridagi mazmun-mohiyat yanada haqqoniy:
Birovg‘a Haq berur fathu zafarni,
Birovg‘a solg‘usi xavfu xatarni.
Onga lozim emas aslo taarruz,
Qilur nodon kishi bejo taarruz.
Jahonda zohir etmas bu “shijoat”,
Bizing oqpodshohdin o‘zga davlat.
Mazkur asar yozilgan 1905 yili rus-yapon urushi rus armiyasining mag‘lubiyati bilan yakunlangan edi. Furqat “Birovga Haq berur fathu zafarni, Birovg‘a solg‘usi xavfu xatarni” deganda ayni shu mag‘lubiyatni nazarda tutgan. “Onga lozim emas aslo taarruz, Qilur nodon kishi bejo taarruz”, der ekan, shoir bu yengilish taqdir taqozosi, bunga rozi bo‘lishdan o‘zga chora yo‘q demoqchi. Taqdirga nodonlargina qarshilik ko‘rsatishga intilishini ta’kidlagan shoir bunday “shijoat”, ya’ni nodonlik jahonda bizning oqpodshohdan o‘zga hech kimning qo‘lidan kelmaydi, deydi.
Endi mana bu baytlar mazmuniga e’tibor bering:
Bilursizmu yopun qaydin kelibdur,
Borib qaysi taraf, na ish qilibdur?
Turub ul o‘z makonida urushti,
O‘rus birlan eshigida ko‘rushti.
Mazkur misralardan oldingi baytda “Bilurg‘a so‘z durin sarrof lozim”, deya bu so‘zlar mazmun-mohiyati ancha teran ekanligiga ishora qilingan.
Muallif: “Kimiki jug‘rofiya ilmini bilsa, o‘ylab ko‘rsin. Rusiyadan Yaponiyaga qancha yo‘l ekanligini andisha etsin. Rusiyadan necha lak askar qancha cho‘lu biyobonlar oshib, yemak-ichmagini tashib, og‘ir yuklarni – oloti harb anjomini olib, bunday olis yerlarga borganligi sabablarini mulohaza qilsin”, deydi.
Furqatning ta’kidlashicha, bu urushda yaponlar biror boshqa joydan kelmagan, g‘anim askarlariga o‘xshab o‘zgalar yurtiga bosqinchilik maqsadida borgan emas, ular o‘z makonlarida turib, o‘z yurtlari himoyasi uchun urushdilar. “Turub ul o‘z makonida urushti, O‘rus birlan eshigida ko‘rushti” misralari shunga ishora. Ana shunday ahamiyatli mazmun ifodalangan mazkur baytlar zamirida.
Bu so‘zning ramzini dono bilur, bas,
Nechuk otashga toqat aylagay xas.
Ya’ni, shoir “Bu so‘zning ramzini dono bilur, bas”, der ekan, o‘z so‘zlaridagi zohiriy ma’noga emas, undagi ramzlarga, nozik ishoralarga e’tibor qaratish zarurligini alohida ta’kidlaydi. O‘zga yurtni bosib olish niyatida borgan rus askarini yapon xalqining bosqinchilarga qarshi g‘azab otashi oldida bamisoli xasga qiyos etadi: “Otashga xas toqat qilolmagani kabi, rus askarlari vatanparvar yapon xalqi tomonidan tor-mor etildi”.
Ayon bo‘ladiki, Furqatning “Rus askarlari ta’rifida” deb nomlanib kelgan manzumasi mustabid chor Rossiyasi askarlari maqtoviga emas, aksincha, ularning bosqinchilik harakatlarini, rus-yapon urushidagi sharmandali qismatini fosh etishga qaratilgan. Binobarin, asar sho‘ro davrida yaratilgan tadqiqotlarda zamon taqozosi, hukmron mafkura talabi asosida baholangan deyish mumkin.
Shu o‘rinda manzuma mohiyatidan kelib chiqadigan yana bir muhim xulosani – asarning nomlanishi ham noto‘g‘ri bo‘lganini ta’kidlash zarurati seziladi. Avvalo, bu nom shoirning o‘zi tarafidan emas, nashrga tayyorlovchi tomonidan qo‘yilgan. “Turkiston viloyatining gazeti”da “Stixi iz Yarkenta” sarlavhasi bilan e’lon qilingan manzumaga muallifning o‘zi sarlavha qo‘ygan emas. Ikkinchidan, “Rus askarlari ta’rifida” degan nom asarning asl mohiyatiga mutlaqo muvofiq kelmaydi. Agar masnaviyga sarlavha qo‘yish ehtiyoji sezilsa, bizningcha, uni “Rus-yapon muhorabasi xususida” deb nomlash to‘g‘ri bo‘lardi. Chunki asarda shoirning bu urushga xolis va haqqoniy munosabati ifoda topgan.
Masnaviyda oqpodshoh, rus askarlari sha’niga maqtov mazmunidagi misralar ham mavjud-ku, degan savol tug‘ilishi tabiiy. To‘g‘ri, asar shunday ma’nodagi misralardan ham xoli emas va bu vatanjudolikdagi shoirning yuqorida ta’kidlangan qimmatli fikrlarini yurtdoshlariga, kelajak avlodlarga yetkazish uchun tanlangan vosita sifatida baholanmog‘i lozim.
Zero, bu darajadagi haqqoniy mazmunni qilni qirq yoradigan chor nazorati chig‘irig‘idan faqat she’riyat vositasidagina o‘tkazish mumkin edi. Furqat asari ayni shu fazilatlari bilan ham Sharq she’riyatining o‘ziga xos ifoda usulini, ma’no ko‘pqatlamliligini o‘zida mujassam etgan yuksak namunadir.
Demak, Furqat har qanday sharoitda Vatan va millat manfaatiga sodiq qolgan. Zohiran “oqpodshoh” siyosatini ma’qullagandek ko‘ringan asarlari zamirida ham yo‘lini topib bor haqiqatni ayta olgan. Shuning o‘ziyoq “Yurtdan ketgan har zot Furqat emas”ligiga (Sirojiddin Sayyid ta’biri) yorqin bir dalildir. Binobarin, zamonlar o‘tsa-da, Furqat nomi vatanparvarlik timsoli sifatida avlodlar qalbida yashayajakdir.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2002 yil 9-sonidan olindi.