Abdulhamid Cho‘lpon badiiy olami, poetik dunyosining shakllanishida usmonli turk adabiyotining ta’siri katta bo‘lgan. “Cho‘lpon 19 yashar paytida uylarida mehmon bo‘lganimda, u turk tarixiga doir voqealarni izlab o‘qir ekan. “Turk yurti” va shu kabi turkchilik matbuotini kuzatib bordi”,[1] — deb xotirlaydi Ahmad Zaki Validiy.
Cho‘lpon avvalo Sharq mumtoz she’riyatining betakror ohanglaridan ta’sirlangan bo‘lsa, ijod yo‘lida usmonli turk shoirlari — Yunus Emro, Tavfiq Fikratning orifona, Nomiq Kamol, Rizo Tavfiqbek, Abdulhaq Homidning o‘tli she’riyatidan oziqlangan.
“Nomiq Kamoldin Alif Sayfiy (A.Sayfiy)ga dovur usmonli adabiyotini o‘qiyman: yo ortiq yangilik, g‘arblik, yo sharqchilik! Faqat usmonlichadan Rizo Tavfiqning ba’zi bir yangi shakl bilan eski ruhda aytgan so‘fiylarcha she’rlarini o‘qiymen; shularga durustgina qonamen: undan keyin Yahyo Kamolning “Sa’dobod” ruhidagi ba’zi narsalari. Faqat ular shu qadar ozki…”[2] — deb yozadi shoir “Ulug‘ hindiy” maqolasida. Millatni yuksaltirish jadid adabiyotchilarining bosh maqsadi edi. Cho‘lpon ham jadid edi.
Turkiy adabiyotlarning bir-biriga o‘zaro ta’siri masalasiga ma’lum darajada to‘g‘ri yondashgan ilk munaqqidlardan biri — Vadud Mahmud “Bizda yangi adabiyot Turkiya adabiyoti taqlidi bilan boshlong‘ondir, — deb yozadi “Bugungi she’rlarimiz va san’atkorlarimiz” maqolasida. — Shuning uchun bizning adabiyotimiz bilan Turkiya adabiyotining umumiy sajiyasi mushtarakdur. Va shaklda Turkiston, Qofkaziya, Qrim doimo Turkiyaga ergashadur. Chunki til mushtarakdur, tarix mushtarakdur…”
Vadud Mahmuddan so‘ng ushbu mavzuni o‘rgangan nozikta’b munaqqid B.Qosimov usmonli adabiyotining boshqa turkiy adabiyotlarga o‘zaro ta’siri haqida gapirganda 1910 yillargacha bo‘lgan davrni ajratib ko‘rsatish kerak, deydi. Negaki, 1840—1860 yillar “Turkiya ijtimoiy-madaniy tarixida “Tanzimot” nomi bilan mashhur. XIX asrning o‘rtalarida Turkiya hayotida yuz bergan bu hodisalar adabiy-madaniy harakatchilikning o‘nlab iste’dodlarini maydonga chiqardi.”
XX asrning 20-yillari Turkiston adabiy harakatchiligida faol ishtirok etgan Cho‘lpon Fitrat singari Istambul tahsilini olmagan bo‘lsa-da, turk tarixi, adabiyoti bilan yaqindan tanish bo‘lgan.
Cho‘lpon sevib o‘qigan turk shoirlaridan biri — Tavfiq Fikratdir. “Usmonli adabiyotini oz-moz o‘qiganlar, uning bilan bir daraja oshno bo‘lganlardan qaysi biri bu usmonlini bilmaydi, qaysi biri muni tanimaydi? — deb yozgan edi Cho‘lpon u haqda. Usmonlilarning “Adabiyoti jadid” (yangi adabiyot)chilarining piri va ustozi bo‘lgan Tavfiq Fikratbek butun yangi nasl turklarining yuraklarina eng go‘zal, nafis va latif she’r dastalari qadamishdir. Uning keng xayoli, ravon va yengil ifodasi kimni, qaysi she’r va adabiyot muhibini tasxir etmas…?” Tavfiq Fikratning “Rubobi shikasta” kitobiga so‘zboshi yozgan turk olimi Faxri Uzzi: “Tavfiq Fikrat mamlakatimizning urfon hayotida bir daho va axloqiyoti uchun bir namuna o‘laroq kelgan bir murshid va murabbiydir. U ayni zamonda buyuk vatanparast va ishi oz bilinadigan buyuk bir insondir”, — deb yozadi.
Cho‘lpon shunday ulug‘ shoirning Turkiya hukumati bostirmagan “Rubobi shikasta” asaridan parchalar tarjima qilib 1925-1926 yillarda “Inqilob”, “Maorif va o‘qitg‘uvchi” jurnallarida bostiradi. Cho‘lponning e’tirof etishicha: “Tavfiq Fikrat “Rubobi shikasta”si ila qancha tanilg‘on bo‘lsa, “Tarixi qadim”i u dahshatli faryod ila odamlarning qalbinda buyuk-buyuk o‘zgarishlar vujudga keltirmishdir… Lekin “tarixi qadim” maxfiydir, qo‘ldan-qo‘lga ko‘chirilib yozilib yozilaturg‘on narsadir. U tarixning jinoyatlari kabi sirlidir. Har kimga ham mana men deb ko‘rula bermas. Uni bostirish mumkin bo‘lmadi. U oliy fikrli bechora Sharqning ko‘hna, chirik miyasiga sig‘madi, zabun, ezilgan sharqlining keng qalbinda joy topolmadi… Xitob yo‘li bilan yozilgan “Tarixi qadim” o‘tmishdan afsonalar emas, bobolarimiz kechmishlaridan haqiqatni so‘zlaydi. Bu “Tarix”ning har sahifasi “oh”lardan, asosi “qol”, “vahshat”dan iboratdir: “Mutlaqo bir muzaffar, o‘n mag‘lub ezgan haqli, ezilgan haqsiz. Qahrga olqish, g‘ururga sajda: karam — zaifu zillat-la doimo tav’im. To‘g‘rilik dilda yo‘q, dudoqlarda, xayr oyoqlarda, yovuzlik quchoqlarda. Bir haqiqat: Haqiqati zanjir; bir balog‘oy: Balog‘ati shamshir. Haq kuchlida, demak, yovuzlikdir; har sharaf yopma, har saodat pich; Har shayin ibtidosi, axiyri hich. Sin shahid istar, osmon qurbon; Har zamon, har tarafda qon, qon, qon…”.
Haqsizlik va yovuzlikdan iborat bo‘lgan “tarix”ning ibtidosi va intihosi shoirga ayon. Ayniqsa, Cho‘lpondek millat shoirining oz “tarix”dan mushtarak maqsadlar topmasligi mumkin emas edi. “Titilib o‘qilmas bo‘lgan tarix”imiz haqida yozishda “tarixi qadim”ning ta’siri kuchli bo‘lgan. Xususan, Cho‘lponning “Tarixdan”, “Yorug‘ yulduzga”, “Qo‘zg‘alish”, “Tortishuv tongi” kabi she’rlarining ruhi, ohangidan bu “ta’sir”ning izlari sezilib turibdi…
Tavfiq Fikrat ham, Cho‘lpon ham inqiloblar davrida yashadi. T.Fikrat 1908 yilgi yosh turklar inqilobiga, Cho‘lpon Oktyabr inqilobiga katta umid bog‘ladilar. Ammo ikki inqilob ham xalq ishonchini oqlamadi. Bu hodisalar ikki shoir ijodida ham majoziy va tamsiliy tasvirlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi.
T.Fikratning Vatan va millat taraqqiysi yo‘lidagi fikrlari mahalliy hukumat “qolip”lariga sig‘madi. Shu boisdin, “Tarixi qadim”ning bosilishiga hukumat ruxsat bermadi. Fikrat va Cho‘lponni bog‘lab turgan rishta ham Vatan va Millat manfaati bilan bog‘liq. Fikrimizni quyidagi she’riy parchalar ham tasdiqlaydi.
T: Fikratda:
Yiqil, ey ko‘hna istiqlol taxti,
Qahrlaringa inglayur nasllar baxti.
Parchalan ey, shikasta toj, yiqil,
Shu lochinlaring ehtiyoji safil.
Har sening, istar har sening asring…
Cho‘lponda:
Kishanlaring zang bosgandir, sergak bo‘lkim, uzilur;
Tomirimda qo‘zg‘olishning vahshiy qoni gupirdi.
Eski fikr, an’analar endi butkul uzildi,
Yo bitarman, yoki sening saltanating buzilur!
T.Fikrat 1908 yili “Yosh turklar” inqilobiy tashkilotining topshirig‘i bilan “Millat sharqisi”ni yozadi:
Ezildi, yetar, borlig‘imiz jahl ila qahra;
To‘g‘randi muborak Vatanning bag‘ri sababsiz.
Birlikda butun bo‘lmali yuz dardina chora:
Jon qardoshim, qon qardoshim, shon qardoshimiz biz.
Millat yo‘lidir, haq yo‘lidir, tutdigimiz yo‘l:
Ey haq yasha: ey sevgili millat, yasha… Vor o‘l…
B.Qosimov ta’kidlaganidek: “…inqilob yillarida o‘zbek adabiyotida maydonga kelgan o‘nlab sharqiylarda bu ta’sirni sezmaslik mumkin emas”. Haqiqatan Cho‘lponning “Sharq nuri”, “Go‘zal Farg‘ona” she’rlarida bu ta’sirni chindan-da kuzatish mumkin. Turk olimi va adibi O‘rmon Qovunchi yozishicha: “Turkiyalik turkistonliklar buyuk Cho‘lponning ikkita she’rini farzandlariga albatta yod oldirishadi. Bulardan biri — “Go‘zal Farg‘ona”, uni “Go‘zal Turkiston” deb o‘zgartirganmiz. Qo‘shiq qilib kuylashadi. Ikkinchisi Anvar poshoning o‘limiga bag‘ishlangan “Baljivon” she’ri…” “Go‘zal Turkiston”ning “Millat sharqisi” ta’sirida yozilganligi she’rning ruhi, ohangidan-da bilinib turibdi:
Go‘zal Turkiston, senga ne bo‘ldi.
Sahar vaqtida gullaring so‘ldi.
Chamanlar barbod, qushlar ham faryod,
Hammasi mahzun, bo‘lmasmi dil shod?
Bilmam, na uchun qushlar uchmas boqchalaringda?
Cho‘lpon XX asr boshlari o‘zbek she’riyatida ramzchilik oqimini boshlovchidir (A.Sa’diy). Ayniqsa, inson va tabiat o‘rtasidagi munosabatlarni ramziy timsollarda badiiy ifodalash uchun Cho‘lpon T.Fikratdan ko‘p o‘rgangan.
Cho‘lpon muhabbat qo‘yib mutolaa qilgan ikkinchi bir turk shoiri — Rizo Tavfiqbek. “Rizo Tavfiqbekni tanimag‘on qaysi turk qavmi bor, — deb yozadi Cho‘lpon u haqda, — jahon urushidan burun turk matbuotini ta’qib qilg‘onlar uning to‘g‘risida juda ko‘b narsalarga yo‘liqarlar edi».
Uning oshiq tarzida va hijo vaznida yozg‘on tasavvuf hidli she’rlari, ba’zi bir tanqidlari, falsafiy asarlari uning o‘zini har yerda, har kimga yaxshi tanitqon edi… Rizo Tavfiqbekning yangi shakl bilan bitgan orifona she’rlari Cho‘lponning shakliy izlanishlariga ijobiy ta’sir etdi. “Inqilob” jurnalining 1922 yil 5-6-sonlarida Cho‘lpon tomonidan tarjima qilib berilgan Rizo Tavfiq qalamiga mansub “Oqshom hazini” she’ri fikrimizni tasdiqlaydi. Tabiatning tun og‘ushiga kirayotganini noziklik ila kuzatgan shoir sirli bir mo‘jizaning shohidi bo‘ladi: “Savdolar damida bulbul kuylardi, Sarvaston ichindan bir sas gulardi. Chelaklar qushlardan bo‘sa o‘ylardi. Koinot ishq ila majnundir sandan…” She’rning ilohiy qudrati “quyoshning oqqan rangini jo‘sh etgan” oshiqning ruhiy holatida, boshiga savdolar dami tushgan bulbulning xonishida, “chechaklardan bo‘sa tilagan qush”larning harakatlarida, butun olam ishqdan majnun qiyofasiga kirganda namoyon bo‘ladi. Bu beqiyos tasvirlar “yuzini o‘t emas, gulga burgan, samoviy zavqlarga to‘lib turgan” “haq yo‘li”ga ko‘z tikkan Cho‘lpon dunyosiga naqadar yaqin, hamohang.
Chechaklar o‘sgusi ko‘z yoshlarimdan,
Bo‘g‘inlar ungusi o‘ylashlarimdan,
Qalblar yumshagusi sayrashlarimdan,
Sevgi chamanida yayrashlarimdan.
Jannatlar yaratgay tashlangan janda.
Tilangan tillarga qon yugurg‘usi,
Bo‘shalgan inlarga jonlar kirg‘usi,
Haq yo‘li, albatta, bir o‘tilg‘usi,
Jandalar tanimga tekkan kunlarda! —
satrlarida “Oqshom hazini”ning ruh, ohang, shakl jihatidan uyg‘unligini kuzatish mumkin.
Cho‘lpon “Tavfiq Fikrat” maqolasining so‘ngida Rizo Tavfiqning ustozi vafotiga bag‘ishlangan marsiyasini keltiradi. Ulug‘lar qabri qoshida o‘z qayg‘usini izhor qiladi:
Shu hijron yilining so‘ng bahorinda
Lolalar titragan chamanzorinda
Kun bo‘g‘mazdi banda mozoringda,
Motam chechaklari dermaya keldim!
Cho‘lponning “Mahmudxo‘ja Behbudiy xotirasi” she’rida ham aziz otaning “belgisiz qabr”ini qora tunlarda sham yoqib izlagan o‘g‘ilning dard va alamga to‘la tuyg‘ulari ifoda etilgan:
Aziz otam, qo‘limdagi gullarning
Motam guli ekanini bilmayman.
Shodlik guli ko‘pdan beri so‘lganin
Er ostida pok ruhing-la sezmaysan.
Ana sochdim qalbimdagi gullarni,
Termak uchun chaqiraman qo‘llarni.
Ushbu ruhiy holatlarning Rizo Tavfiqbek tuyg‘ulariga qanchalik hamohangligini sezish qiyin emas.
Cho‘lponning zamondoshi Laziz Azizzoda 1926—1927 yillar orasida shoir bilan o‘zi o‘rtasida bo‘lgan bir muloqotni hikoya qiladi. “Shu kezlarda turli mavzularda gurunglashar ekanmiz, men unga “Siz qayda va kimdan ilm oldingiz?” degan savol bergan edim, u bunga javoban, mushfiqona bir jilmayib:
Zuhuri rangi kavrat partavi nuri xudodandir,
Talavvun hay’ati ashyoda ta’siri ziyodandir, —
degan turk shoiri Nomiq Kamolning tasavvufona misrasini o‘qib, bilimini o‘zining sa’y va g‘ayrati bilan olganligini ramz bilan bildirgan edi…”
Tariximiz, muqaddas an’analarimiz mushtarak bo‘lgan turk adabiyotidan shoirning uyg‘un holatlar izlashi tabiiy edi. Bundan tashqari, Cho‘lpon “Ishq”, “Ziyoi qamar” she’rlarini usmonli turkchada yozgan. “To‘fon” she’rini onado‘li qishlog‘ining muzaffar o‘rdulariga bag‘ishlagan.
Lekin shunga qaramasdan, Cho‘lpon o‘zining milliy zaminidan ham uzilib ketmagan. “…garchi ruh va ohang e’tibori bilan usmonlilar ta’sirida bo‘lsa-da, uning o‘ziga xos maxsus tili va uslubi bordir” (A.Sa’diy).
Umuman olganda Cho‘lpon ijodining usmonli turk adabiyoti bilan bog‘liq jihatlarini tekshirish shoir ijodini o‘rganishda katta foyda keltiradi deb o‘ylaymiz.
Normat Yo‘ldoshev,
Termiz Davlat universiteti dotsenti.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 12-son
———————
[1] Ahmad Zaki Validiy To‘g‘on. Abdulhamid Sulaymon (Cho‘lpon.) O‘zbekiston adabiyoti va san’ati. 1992, 3 aprel. B.Qosimov nashrga tayyorlagan.
[2] Cho‘lpon. Adabiyot nadir. T., «Cho‘lpon» nashriyoti. 1994.