Taniqli munaqqid, adabiyotshunos Ortiqboy Abdullayevni ilmiy-adabiy jamoatchilik yaxshi biladi, xolis, haqgo‘y tanqidchi, zahmatkash tarjimon, publitsist sifatida qadrlaydi.
Mana, yarim asrdan beri u qaynoq adabiy, ilmiy hayot bilan hamnafas, hamqadam. O‘zbekiston Milliy universitetining o‘zbek filologiyasi kulliyotini bitirgach, bir muddat Bo‘stonliq tumanidagi maktablarda ona tili va adabiyot fanidan o‘quvchilarga saboq berdi. Lekin ijod ishtiyoqi uni o‘zligini namoyon etish uchun matbuot sari chorladi. Shu bois badiiy-ilmiy ijodni matbaa sohasi bilan bog‘lab olib borishni ma’qul ko‘rdi. U “O‘zbekiston ovozi“, “Sharq yulduzi“, “Jahon adabiyoti“ gazeta va jurnallarida adabiy tanqid va adabiyotshunoslik bo‘limlarini boshqardi. Badiiy asarlarni, adabiy jarayon hodisalarini hayot bilan, jamiyat taraqqiyoti bilan, zamondoshlar ma’naviyati bilan uyg‘un baholashda, badiiy so‘zning xalq, millat, Vatan oldidagi burchi, mas’uliyati beqiyosligini ilmiy asoslashda sidqidildan faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
O.Abdullayev adabiyotshunos sifatida printsipial, millat, jamiyat manfaatlari yo‘lida fidoyi ijodkor. Keyingi yillarda adabiyotshunoslik ilmida ayrim olimlar muayyan sohalarga ixtisoslashib, o‘z imkoniyatlarini bir qadar cheklab qo‘yishmoqda. O.Abdullayevning tadqiqot sohalari ko‘lami keng va rang-barang. Adabiyotshunoslik va tanqidchilikning aktual masalalari doimo uning diqqat-etiborini jalb etib keladi. Xususan, she’r, shoir va iste’dodning zohir bo‘lish shakllari, badiiy mahorat, lirika janrlari va poetik shakllar(ikkilik, to‘rtlik, ruboiy, sakkizlik, o‘nlik, sonet, uchlik)dagi izlanishlarni sinchkov, bilimdon tadqiqotchi sifatida teran kuzatadi. “She’riyatning tiniq osmoni”, “Ijodning qo‘shqanoti” (professor U.Normatov bilan hamkorlikda), “Qalbga ochilgan yo‘l” singari kitoblari, ikki yuzga yaqin ilmiy-tanqidiy, publitsistik maqolalari Ortiqboy Abdullayevning adabiy-ilmiy faoliyati salmog‘ini belgilaydi. Ular nozikta’b munaqqid iste’dodining namoyon bo‘lish shakllari, ko‘rinishlari sifatida e’tiborlidir.
Keyingi yillar o‘zbek nasridagi badiiy izlanishlar, uning yetakchi taraqqiyot tendentsiyalari (“Hikoyada hayot nafasi”, “Inson qalbiga yo‘l”, “Roman va zamon”, “Zarralar olami”, “Ijod olamining sehri”, “Hayot girdobi”, “Zamonga hamnafas ijod”), tarixiy mavzudagi asarlardagi badiiy kontseptsiya va qahramon masalasi (“Zamindan uzilib bo‘lmaydi”, “Ijodkorning qo‘sh qanoti”, “Uch me’yor”, “Zamon Farhodlari tasviri”, “Asrlar qa’ridan”, “Nurli ijod”) adabiyotshunos ijodida alohida o‘rniga ega. Yana badiiy tarjimachilikdagi estetik saviya va mahorat (“Men na deymanu qo‘bizim na deydi…”, “Haqiqat uchun kurashish kerak”, “Umidbaxsh izlanish”, “Axtarish va yuksalish”, “Mahorat tahlili”), o‘zbek she’riyatining bugungi ahvoli, shoirlar izlanishlaridagi mavzu-muammolar ko‘lami, badiiy-ijtimoiy g‘oyalar tabiati mavzulari ham u tomonidan chuqur o‘rganilgan. Shu bilan birga, XX asr o‘zbek badiiy madaniyatining yorqin siymolaridan Maqsud Shayxzodaning ilmiy-ijodiy merosiga bag‘ishlangan tadqiqi salmoqlidir. Teatr-sahna madaniyatiga doir kuzatishlari ham (“Sahnamiz faxri”, “Yuksak baho”, “Zamondoshlar — asosiy qahramon”) e’tiborga molik.
Badiiy tarjimadagi faoliyati bilan tanishganda Ortiqboyning so‘z ustida zahmat chekishiga voqif bo‘lamiz. Qrim-tatar adibi Aydar Osmonning “Olishuv”, «Biz bir dunyoda yashaymiz» qissalarini, rus rassomi V.Vereshchaginning “1868 yilda Samarqand” yodnomasini, Lev Tostoyning maktublari, yon daftardan sahifalarni o‘zbek tiliga muvaffaqiyatli tarjima qildi.
Badiiy publitsistikaga doir jiddiy asarlari ham O.Abdullayevning ijodiy faoliyatida muhim o‘rin tutadi. Xususan, “Achchiq mevalar” essesi, “Hasad qarmog‘i”, “Adibning achchiq qismati”, “Turkistonning qora kunlari”, “O‘rtanmagan kunim yo‘q”, “Xiva bosqini”, “Sharq falsafasi manzaralari” singari o‘nlab maqolalari kitob, risolalarga xos mazmunni o‘zida mujassam etgan asarlardir.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, filologiya fanlari nomzodi, dotsent, tarjimon, munaqqid, adabiyotshunos Ortiqboy Abdullayev yetmish yoshni qoralagan esa-da, uning ijodiy rejalari, xayrli-ezgu niyatlari bir olam. Olijanob maqsadlari yuzaga chiqishida unga ijodiy bedorlik tilab qolamiz.
No‘mon Rahimjonov,
filologiya fanlari doktori, professor
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 21-sonidan olindi.