Ninel Vladimirova. Pushkin Cho‘lpon tarjimasida

http://n.ziyouz.com/images/chulpon.jpgSo‘nggi yillarda o‘zbek adabiyotshunosligi global tahliliy-talqiniy tadqiqotlarga katta e’tibor bermoqda. Bu yangi tamoyilni faqat ma’qullash lozim. Ammo, nazarimda, badiiy tarjimadek muhim sohaga doir jiddiy muammolarni yoritishga negadir e’tibor susaygandek ko‘rinadi. Xalqlar o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlashda, adabiy jarayonning ildizlari va rivojlanish dinamikasini aniqlashda asosiy nuqtalardan biri hisoblanuvchi adabiy tarjimaning vazifasi kam o‘rganilmoqda. Yozuvchi-tarjimonning badiiy ongi shakllanishida tarjima qanday ahamiyatga ega, tarjimonning o‘ziga xos san’ati qay tarzda namoyon bo‘lyapti? Bu masalalar faqat lingvistik yo‘nalish bilangina emas, balki birinchi navbatda badiiy yo‘nalish bilan ham bog‘liqdir. Biz mazkur maqolada XX asrdagi mashhur tarjimonlarning rus tilidan o‘zbek tiliga qilgan badiiy tarjimalari haqida fikr yuritmoqchimiz. Aynan ularning rus mumtoz va jahon adabiyoti asarlaridan qilgan tarjimalari faqat tarjima tafakkuri harakatinigina emas, balki o‘zbek adabiyoti janrlarining rivojlanishini ham belgilab berdi. Iste’dodli so‘z san’atkorlari yaratgan tarjimalar zamirida yangi o‘zbek tarjima maktabiga mansub birinchi avlodning o‘ziga xos badiiy mahorati va ayni vaqtda o‘zbek adabiyotining o‘z betakror milliy an’analari yotadi.

XX asr boshida Pushkin ijodi o‘zbek xalqining madaniy hayotiga keng kirib keldi. Iste’dodli o‘zbek shoir va noshirlari Pushkin asarlari tarjimasiga qayta-qayta murojaat qildilar. Bu mutlaqo tabiiydir, zero, Pushkin badiiy olamidagi so‘ngsiz o‘ziga xosliklar bu shoir va yozuvchilarning o‘z ijodi uchun ham bitmas-tuganmas manba bo‘lib xizmat qilgan.

Cho‘lpon, Usmon Nosir, Oybek, Elbek, Abdulla Qahhor, Shayxzoda, Mirtemir, Hamid Olimjon, G‘afur G‘ulom, Asqad Muxtor – Pushkin asarlari tarjimalari mualliflarining uncha to‘liq bo‘lmagan ro‘yxati mana shu, ular O‘zbekistonda tarjima madaniyatining rivojlanishi tarixidagi eng yorqin sahifalarni o‘zlarida namoyon etganlar.

Tarjimonlar oldida juda ham mushkul ijodiy vazifalar turardi. “Evgeniy Onegin” tarjimasi ustida ishlar ekan, Oybek butun umri davomida bu asarning deyarli har bir yangi nashriga o‘zgartishlar kiritgani, Oybekning so‘zi bilan aytganda, “o‘z ijodining hamisha muhim omili bo‘lib qolgan” tarjimasini badiiy takomillashtirishga intilgani bejiz emasdi.

Pushkin she’riyati va nasri butun bir olam, undagi har bir qahramon – xarakter, individuallik kasb etgan. Ularda she’riy va nasriy nutq o‘z kundalik ohangi, dolzarbligini yo‘qotmagan holda jaranglab turadi. Ularni boshqa tilga ag‘darishda asar mazmunini saqlab qolish bilan bir qatorda muallif san’atini, – badiiy muqobillikni o‘quvchiga yetkazish ustuvor yo‘nalishdir.

O‘tgan asrning 20 – 30-yillarida ijod qilgan tarjimonlar o‘z ona tillarida yangi badiiy imkoniyatlarni qidirib topib, Pushkin asarlariga o‘zlaricha jilo berganlar.

20 – 60-yillar orasidagi nisbatan qisqa muddat ichida O‘zbekistonda Pushkin asarlari tarjimalari 50 marta nashr qilindi, ularning umumiy adadi bir million nusxadan oshib ketdi. Ma’lumki, 1937–39 yillarda jahon va rus mumtoz ijodkorlari asarlarining ko‘plab o‘zbekcha tarjimalari tarjimonlar nomini ko‘rsatmasdan nashr qilingan. Ularni aniqlash uchun muayyan tadqiqot ishlari zarur. Bunda chuqur ilmiy yondashuv, asliyatni yaxshi bilish, u yoki bu tarjimonning tarjima usulini aniqlash kabi ko‘plab omillarni yoritish muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

30-yillarda Pushkinning “Dubrovskiy” qissasi o‘zbek tilida ikki marta e’lon qilingan. Birinchisi, 1930 yilda bosilgan. Tarjimon – Ismoil Obid; ikkinchisi 1939 yilda nashr etilgan, tarjimoni noma’lum, Ma’ruf Hakim tahriri ostida chiqqan. Keyinroq, 1955 yilda “Dubrovskiy” Ma’ruf Hakim tarjimasida uchinchi marta chop etilgan, 1956 yilda o‘sha tarjima yana qayta nashr qilingan.

Dastlabki ikki tarjima – lotin yozuvida, keyingilari kirill harflarida bosilgan.

Endi ma’lum bo‘lishicha, ikkinchi tarjima (1939 y.) Cho‘lpon qalamiga mansub bo‘lib, yorqinligi, individualligi va favqulodda mahorat ila tarjima qilinganligi bilan ajralib turadi. Boshqa ikki tarjimadagi muvaffaqiyat va topilmalarni ham e’tirof etish joiz.

Ajoyib shoir va noyob tarjimon Cho‘lpon o‘sha murakkab yillarda qiyin sharoitlarda ijod etganini bilamiz,– hatto turli bahonalar bilan uni Yozuvchilar uyushmasiga qabul qilishmagandi: “… o‘rtoq Beregin meni ikki yil davomida kam ishlab, o‘zini oqlamagan deb ayblamoqchi bo‘ldi. Men Moskvadan ikki yil muqaddam kelgan edim va o‘shandan buyon Gorkiyning “Ona”, “Egor Bulichev”, Pushkinning “Dubrovskiy”, “Boris Godunov”ini, yana 25 she’rini, Lohutiyning “Ovrupoga sayohat”i va boshqa asarlarni tarjima qildim. Nazarimda, ikki yil uchun shuncha ishlar yetarli bo‘ladi, bordi-yu, bundan ortiq qilinsa, demak, yuzakichilik bo‘ladi, men esa yuzakichilikni xohlamayman”.

1939 yilda tarjimonning nomi ko‘rsatilmay bosilgan “Dubrovskiy” qissasi ham usul va uslub, ham tarjimon mahorati jihatidan Cho‘lpon qalamiga mansubligi ko‘rinib turibdi. Buni yozuvchilar yig‘ilishining yuqoridagi stenogrammasidagi Cho‘lponning so‘zlari tasdiqlab turibdi. Shu davrda shoirning boshi uzra xiyonat va sovuq qatag‘on bulutlari quyuqlashmoqda edi.

“Dubrovskiy” qissasining yuqorida aytilgan uchta tarjimasini asliyat va bir-biri bilan qiyoslab chiqaylik.

Pushkin nasri, jumladan “Dubrovskiy” voqealarning tez rivojlanishi, tasvirning ixcham va lo‘ndaligi bilan ajralib turadi. Pushkinning tili g‘oyatda ravon, jozibali, u umumiste’moldagi so‘zlarni o‘z o‘rnida ishlatish, badiiy jilo berish mahorati bilan ham ibratlidir. Ular har qanday vaziyatni, holatni g‘oyat aniq gavdalantiradi. Shoir go‘zal va tiniq jumlalar tuzadi.

Pushkinning nasriy uslubiga xos bunday san’atkorlik fazilatlarini ko‘plab pushkinshunoslar ta’kidlaganlar. Mufassallik, “tuyg‘ular tafsiloti”ga kelganda Pushkin o‘ta xasis. Birinchi satridanoq u o‘quvchini voqea girdobiga olib kiradi: “Neskolko let tomu nazad v odnom iz svoix pomestiy jil starinnыy russkiy barin Kirila Petrovich Troyekurov. Yego bogatstvo…”. Cho‘lpon tarjimasining birinchi jumlasiyoq o‘z uslubiyoti, asar qurilmasini pushkincha tushunishi, pushkincha iboralari bilan e’tiborli. “Bundan bir necha yil burun…”, Ismoil Obidda “ilgari” (“Bundan bir necha yillar ilgari…”) “Burun” va “ilgari” – umuman sinonim so‘zlar, ikkalasi ham bosh kelishikni boshqaruvchi ko‘makchi vazifasida qo‘llanadi, biroq “burun” so‘zi “prejde”, “ranshe”, “tomu nazad” ma’nolariga ega bo‘lsa, “ilgari” – eng avvalo, “do”, “pered”, “ranshe” va shundan keyingina “tomu nazad”ni bildiradi.

Ha, “burun” ko‘proq arxaik ma’noga ega, biroq aynan shu ma’no Pushkinning ohangdor va musiqiy jumlasiga mos keladi. Shundan keyingi “jil starinnыy russkiy barin Kirila Petrovich Troyekurov” Cho‘lpon tarjimasida “qadimgi rus Kirila Petrovich Troyekurov yashar edi” deyilganki, bu ta’rif oddiy, qisqa va hayratlanarli darajada aniq, erkin va tabiiy, lo‘nda va izohlarsiz jaranglashi bilan diqqatga sazovor. Agar “starinnыy russkiy” so‘zma-so‘z tarjima qilinsa, tabiiyki, o‘zbek tilida “barin” yoki “ochen bogatыy chelovek” ko‘zda tutilgan bo‘lardi. “Qadimgi rus”ga qo‘shimcha izohlovchi (barin) kerak emas, u o‘zi-o‘zidan ravshan. “Starinnыy russkiy” birikmasining o‘zi boy, yer egasi, zodagonlar toifasiga mansub odamni bildiradi. Halol tarjimon Ismoil Obid bu “starinnыy russkiy barin”ni “eski rus xojalaridan” (“iz starыx russkix vladeltsev”) deb o‘giradi. Shundan keyin izohli aniqlovchi sifatida: “otliq alpovut”, ifodasi keladi, bu birikmani tushunish qiyin. “Otliq” – konnыy, vsadnik, “alp” – folklorda “bogatыr” – “bahodir”, “polvon”, bordi-yu, “alf” bo‘lsa, bu “ming”ni bildirar edi. Ehtimol, tarjimon ko‘p miqdordagi otlar uyuri, suruvlar egasini nazarda tutgandir, ya’ni gap juda boy odam ustida borayapti deb o‘ylagandir. Bu holda “starinnыy russkiy barin”ning ma’nosi kengaytirib berilgan, matnda uslub, qisqalik va aniqlikka rioya qilinmay, tushuntirib izohlangan bo‘lib chiqadi.

Cho‘lponda bunday cho‘ziqlik va izohlashlar yo‘q, chunki “qadimgi rus” – hech qanday qo‘shimcha ta’rifni talab etmaydi. Ma’ruf Hakim tarjimasida esa “burun” o‘rniga “ilgari” so‘zi olingan (Ismoil Obid kabi).

M.Hakim ajoyib, lo‘nda ibora “qadimgi rus”ni takrorlab o‘tirmagan, balki unga “barin”, “qadimgi rus barini”ni qo‘shgan. U “qadimgi rus”da pushkincha teranlikni, kenglikni his qilmagan, ruscha “barin” so‘zining tarjimasida ham cho‘lponcha erkinlikni payqamagan, holbuki, mazkur ibora tarjimada mutlaqo shart emas edi.

Darvoqe, “barin” so‘zi, garchi goho tarjimalarda qo‘llansa-da (masalan, Abdulla Qahhorning “Kapitan qizi” tarjimasida) o‘zbek tilining bironta ham lug‘atiga kirmagan. Garchi “ilgari” va “burun”, “qadimgi” va “eski” ma’nodorsh so‘zlar bo‘lsa-da, baribir ular turli bo‘yoqlarga ega. Bu o‘rinda so‘zni nozik his etish zarur edi. Boz ustiga, gap har bir ibora, har bir jumlaning pushkincha uslubi, tafakkuri va ruhini qayta gavdalantirish ustida ketmoqda.

Mana shu qisqa misollardayoq biz so‘z yuritayotgan betakror cho‘lponcha uslub, san’atkorlik ko‘rinib turibdi. Cho‘lpon nafis, beg‘ubor did egasi. U asliyatga teran kirib borar ekan, o‘ziga xos individual usullarni, o‘z ijodiy qiyofasini ham saqlab qoladi. U tarjima qilinayotgan matnning barcha ma’no qatlamlarini chuqur anglab yetgani uchun yayrab ijod etadi, o‘zining noyob mahorati bilan o‘quvchini lol qoldiradi.

Shubhasiz, Cho‘lpon-tarjimonning mahorati O‘zbekistondagi badiiy tarjima rivojiga, keyingi davr tarjima tafakkuriga, tarjima ijodiyotiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Biroq hech qanday “o‘xshashlik” Cho‘lponning o‘z individualligi, tarjimachilikdagi novatorligi bilan tenglasha olmaydi.

Matn mazmuni, til, uslubni badiiy to‘la qayta gavdalantirishda Cho‘lpon betimsol mahoratga erishgan edi.

“Buduchi rovesnikami, rojdennыe v odnom soslovii; vospitannыe odinakovo, oni sxodstvovali otchasti i v xarakterax i v naklonnostyax. V nekotorыx otnosheniyax i sudba ix bыla odinakova: oba jenilis po lyubvi, oba skoro ovdoveli, u oboix ostavalos po rebenku. Sыn Dubrovskogo vospitыvalsya v Peterburge, doch Kirillы Petrovicha rosla v glazax roditelya…” Shundan keyin Kirila Petrovichning so‘zlari keladi: “koli v tvoyem Volodke budet put, tak otdam za nego Mashu, darom, chto ot gol kak sokol” Cho‘lpon tarjimasida jumla go‘yo so‘zma-so‘z berilganga o‘xshaydi: bironta so‘z tushib qolmaganligidan barcha iboralarning to‘laqonli o‘zbekcha ma’nolari topilgan. Jumla tuzilishi, ohangdorligi saqlab qolingan. “…bir-biriga tengqur bo‘lganlaridan” – “buduchi rovesnikami”, “bir tabaqadan tug‘ilganlaridan” – “rojdennыe v odnom soslovii”, “bir xilda tarbiyalanganlaridan” – “vospitannыe odinakovo”, “fe’l-atvorlarining bir-biriga o‘xshaganlaridan” – “sxodstvovali v xarakterax i naklonnostyax”, “i sudba iz bыla odinakovo” – “yozmishlari bir xil edi”, “oba jenilis po lyubvi” – “ikkovi ham muhabbat orqasida uylanganlar”, “u oboix ostavalos po rebenku” – “ikkovining qo‘lida bittadan bola qolgan edi”. Qatorning oxirida esa: “koli v tvoyom Volodke budet put, tak otdam za nego Mashu darom, chto on gol, kak sokol” – “sening Volodkang yo‘lini topib ketadigan bo‘lsa, unga qizim Mashani beraman; mirquruq bo‘lganiga qaramayman”. Ma’lumki, Pushkin nasri o‘ziga zamondosh nosirlarning til uslubidan farq qiladi, unda umumiste’moldagi so‘zlardan ko‘p foydalanish, so‘zlarni to‘g‘ri ma’noda ishlatish ustunlik qiladi.

Cho‘lpon tarjimasida uslubni qayta gavdalantirish, mazmunni so‘zma-so‘z aniqlikda bera olish yaqqol ko‘rinadi, u pushkincha iboralarning uslubiy tasvirini nihoyatda aniq gavdalantiradi. Ismoil Obid va Ma’ruf Hakim tarjimalari bilan qiyoslaganda bu narsa yanada yaqqolroq ko‘zga tashlanadi.

“… Bularning tolelari ham bir-birinikiga o‘xshar edi” – “tole” – “yozmish” so‘zining ma’nodoshi, ammo Cho‘lpon qo‘llagan “yozmish” so‘zning aniq ma’nosini beradi, “ikkisi ham sevgan qizlariga uylanib va tezdan ikkisining ham xotinlari o‘lib, tul bo‘lishib, ikkisi ham ikkita go‘dak bolaga ota bo‘lib qolg‘on edilar”. Tarjima mazmun jihatidan shubhasiz to‘g‘ri, biroq ma’no to‘g‘ri berilgani bilan bayon og‘irligi ko‘rinib turibdi, yengil, lo‘nda iboralar, uslub saqlab qolinmagan, butun bu parcha havodan mahrum, so‘zlar zich va bir-biriga qalashtirib yuborilgan, ya’ni uslub ham, ohang ham saqlanmagan. Bu gaplarni biz Ismoil Obidni kamsitish uchun aytayotganimiz yo‘q. 1930 yilda “Dubrovskiy”ning o‘zbek tilida paydo bo‘lishi, shubhasiz, katta voqea edi. Bundan tashqari, Ismoil Obid adabiyotda tasodifiy odam emasdi, u o‘qimishli, vijdonli kishi bo‘lgan, asliyat matnini yaxshi tushungan, undagi ma’nolarni ajrata olgan, rus va jahon mumtoz asarlaridan xabardor.

Bu tarjimalarni taqqoslayotganimizning sababi turli tarjimonlardagi o‘ziga xoslikni, tarjimonga xos sezgirlikni, idrokni, asliyat ichiga kira bilish mahoratini, pushkincha uslubni tarjimada gavdalantirishdagi o‘ziga xosliklarni ko‘rsatib o‘tishdir. “Esli v tvoyem Volodke budet put, to otdam za nego Mashu, darom, chto on gol, kak sokol”. Cho‘lpon buni qanday go‘zal tarjima qilganini yuqorida ko‘rdik. U ma’no va ohangni to‘la saqlagan holda o‘zbek tilida yorqin va aniq so‘zlarni topgan. Ismoil Obidda: “… agarda sening o‘g‘ling Volodka yaxshi bola bo‘lib chiqsa, garchi qip-yalang‘och qashshoq bo‘lsa ham men o‘z qizim Mashani unga berib, seni o‘zimga quda qilaman…” Bu o‘rinda ham ma’no berilgan, ammo tarjimon pushkincha ta’riflarni, so‘z aniqligini his etmaydi, lo‘ndalikni payqamaydi. Balki u 30-yillar kitobxoni uchun jumlaning mazmuni va ma’nosi tushunarli bo‘lishini ko‘proq o‘ylaganga o‘xshaydi. Bu, ko‘rib turganimizdek, matnda tafsilotchilikka, izohlashga olib kelgan. Tarjima uchun bu g‘oyat xatarlidir. Yuqoridagi tarjimada pushkincha uslub uchun xos bo‘lgan jumla qisqaligi va aniqligi, so‘zlarning oddiyligi, hamsuhbatlarning haqiqiy og‘zaki so‘zlashuvini gavdalantiruvchi jonli nutq sur’ati, ortiqcha hashamlardan xoli til, birikmalarda biron-bir “bezak”ning yo‘qligi kabi yuksak badiiy vositalar boy berilgan. Pushkinga xos san’at, mahorat sirlarini Cho‘lpon o‘ta ziyraklik bilan sezgani, ko‘rgani, his qilgani va qayta gavdalantira olganiga faqat tan berish lozim.

Cho‘lpon tarjimasida tayyor yechimlarni ko‘rmaymiz. Til vositalaridan foydalanish va ko‘plab boshqa xususiyatlar bo‘yicha uni hech adashmasdan tanib olsa bo‘ladi. Eslatib o‘tganimiz M.Hakimda oldingi ikki tarjimadagi fazilatlardan foydalanish imkoni bor edi. Uning yuqorida keltirilgan matnida bunga intilish sezilib turadi: iboralarni boshqacharoq ishlatish hollari uchraydi, shuningdek, “… tengqur bo‘lganlari”, “bir tabaqadan chiqqanlari”, “bir xilda tarbiyalanganlari” – kabi cho‘lponcha iboralarni o‘zgartirmasdan ishlatadi. Shundan keyin M.Hakim juda siqiq pushkincha va cho‘lponcha iboralarni yoyib yuboradi: “Ba’zi jihatdan ularning taqdirlari (cho‘lponcha “yozmishlari”) ham bir xil edi”. Cho‘lponda “ikkovi ham muhabbat orqasida uylanganlar” (oba jenilis po lyubvi) – M.Hakimda ikkovi ham sevib uylangan” (oba jenilis, vlyubivshis, polyubiv), “ikkovi ham ko‘p o‘tmasdan beva qolgan” (oba vskore ovdoveli) – bu ham Cho‘lpon tarjimasi. Bu yerda ham ibora bo‘lib tashlangan. Bitta nuqtadan keyin: “Ikkovining ham qo‘lida bittadan bola qolgan” (u oboix ostavalos po rebenku) – yana Cho‘lpon tarjimasi aynan olingan. “Gol, kak sokol” iborasining Cho‘lpon qilgan ajoyib tarjimasini M.Hakim o‘zicha qayta ishlaydi: “…hech narsasi yo‘qligiga ham qaramayman” – (“ne posmotryu na to, chto u nego nichego net”,) tabiiy ravishda bu bilan tarjimon mazmunni ham, ohangni ham g‘ariblashtirgan. Cho‘lpon tarjimasining muharriri bo‘lgan M.Hakim Cho‘lpon bilan bevosita izma-iz borishi mumkin emasligi tushunarli; boshqacha aytganda, u Cho‘lpon tarjimasi daxlsizligini saqlab qola olmasdi, ammo iboralarni bo‘lib tashlab, unga uncha aniq bo‘lmagan ayrim so‘zlar, iboralarni tiqishtirib, u, shubhasiz, tarjima sifatini buzgan – bilibmi, bilmaymi, iboralarning ravonligiga, badiiyligiga putur yetkazgan. Biz M.Hakimni qoralash niyatida emasmiz – “Dubrovskiy”ning uchinchi tarjimonligini zimmasiga olgan paytda uning ham ahvoli ancha murakkab edi. U Cho‘lponning yuksak mahoratini yaxshi tushunar va qadrlar, ammo “Dubrovskiy”ning uchinchi tarjimasini hech bo‘lmasa ozgina o‘zgartishlarsiz chiqarishga, tabiiyki, kuchi yetmasdi. Insof yuzasidan aytish lozimki, M.Hakimda badiiy saviya yetishmagan, Cho‘lponning eng kuchli va muvaffaqiyatli topilmalaridan ayrimlari zaif ifodalar bilan almashtirilgani buni tasdiqlab turibdi.

“Dubrovskiy”da xalq tilining jonli rang-barangligi, og‘zaki so‘zlashuv nutqi, tarovat va quvvat, favquloddalik va joziba balqib turadi. Pushkin umumxalq tilining barcha imkoniyatlari – so‘zlashish shakli, iboralaridan unumli foydalangan. Bularning hammasi u yoki bu qahramonning qiyofasini ruhiy holatini ifodalashga mahorat bilan bo‘ysundirilgan.

Troyekurovnikidagi tushlik chog‘ida ichiga pul solingan qizil quti ushlagan Anton Pafnutich mezbondan ayig‘ingiz sog‘ yuribdimi, deb so‘raydi. Boshqa ko‘plab mehmonlarga o‘xshab u ham xo‘jayinning “hazili” qurboni bo‘lganini eslaydi: mehmonni devorga mahkamlangan halqaga bog‘langan och ayiq yotgan xonaga itarib yuboradilar. Bu yerda faqat birgina burchak yirtqich hamlasidan xoli edi. “Misha prikazal dolgo jit,– otvechal Kiril Petrovich,– umer slavnoyu smertyu ot ruki nepriyatelya. Vot yego pobeditel. I xozyain ukazal na frantsuza Deforja”. Cho‘lpon mazkur jumlalar tarjimasida ham aniq va serjarang ma’nodosh so‘zlar topgan. “Qolganlarning umri uzun bo‘lsin” – “prikazal dolgo jit”, “dushman qo‘lida sharaflik bir o‘lim bilan o‘lib ketdi” – “umer slavnoyu smertyu ot ruki nepriyatelya”. “Ana, unga zo‘r kelgan kishi” – “Vot yego pobeditel”. Yana aniq tanlangan qisqalik va lo‘ndalik. Shu jumlalar misolida Cho‘lpon-tarjimonning asliyat uslubidagi o‘ziga xoslikka alohida munosabatini ko‘rish mumkin. Bironta ham ortiqcha so‘z yo‘q. Yana tarjima so‘zma-so‘zdek ko‘rinadi-yu, ammo unda, pushkinshunoslar aytganidek, rus adabiyoti Pushkingacha bilmagan jonli va erkin so‘zlashuv tili qayta gavdalantirilgan. Pushkin buyuk so‘z san’atkorlariga xos vazminlik, oddiylik va qisqalik san’atini puxta egallagan edi. Cho‘lpon tarjimada o‘zbek tilidagi muqobil sifatlarni berish yo‘lidan boradi. U rus tili jozibasinigina emas, pushkincha uslubni ham qayta tiklagan. I. Obid tarjimasi haqida bunday deyolmaymiz: “yaxshi ajal bilan o‘ldi” – “umer xoroshey smertyu” (shonli demoqchi) biroq – “yaxshi” so‘zi qo‘llangan. Yana bir izohlovchi” ibora: “Ul dushman qo‘lida shahid bo‘lib ketdi” – “stal nevinnoy jertvoy vraga”. “Ul bechora” degan so‘z ham bor (on, bednyaga), bu ham qandaydir hamdardlik – izohlovchi so‘z; “pobeditel” so‘zi o‘rniga “qotil” so‘zi ishlatilgan; Troyekurovning “on otomstil za tvoyu… s pozvoleniya skazat… pomnish?” – “qo‘rqib, iching o‘tib ketgani” (tebya proslabilo ot straxa). Bu shama asliyatda bor, ammo shama, xolos. I. Obidda bu shama batafsil ochib berilgan va tavsiflangan. Tabiiyki, bu holatda uslubni saqlash haqida gapira olmaymiz. Biz goho kinoya bilan “matnni yoyib berish” deb ataydigan narsa sodir bo‘lgan.

Bu parcha tarjimasida M.Hakim “sharafli o‘lim” (slavnaya smert) va “undan zo‘r kelgan kishi” (pobeditel)ni bir oz o‘zgartirish bilan olib, ayrim so‘zlarni buzib, ya’ni hozirgi zamonni o‘tgan zamon bilan almashtirib, Cho‘lpon izidan boradi va hokazo. Ayiq voqeasidagi frantsuz Deforj och hayvon bilan yakkama-yakka qolib, ruhini tushirmaydi, bu holat Cho‘lpon tarjimasida ajoyib, yorqin va batafsil bajarilgan. “Opomnivshis, uchitel uvidel privyazannogo medvedya, zver nachal fыrkat” – “Ayiq mehmonning hidini olib pishqirdi…” “… i vdrug podnyavshis na zadniye lapa, poshel na nego” – “Birdaniga orqa oyoqlari ustiga tiklanib, unga tomon yura boshladi”, “frantsuz ne smutilsya, ne pobejal i jdal napadeniya” – “frantsuz hech bir pinagini buzmadi, qochmadi, hujumni kutib qoldi”, “Deforj vыnul iz karmana malenkiy pistolet, vlojil v yego uxo golodnomu zveryu i vыstrelil” – “Deforj cho‘ntagidan kichkinagina “pistolet” to‘pponchasini oldi-da, so‘ngra och hayvonning qulog‘iga qo‘yib, otib yubordi”. Bu yerda biz butun sahna, butun manzarani qayta tiklashdagi aniqlikni ko‘ramiz. Bitta ham so‘z tushib qolmagan va ayni vaqtda ohangdorlik, uslub saqlab qolingan. Pushkin fikrlari hayratomuz aniqlik bilan berilgan, shakl va erkin harakat miridan-sirigacha qayta tiklangan. Cho‘lpon tajribasi novatorlik bo‘lib, u ko‘proq til vositalaridan foydalanishdan, lisoniy ekvivalentnigina emas, balki to‘la mutanosiblikni tiklashdan iborat.

Oddiy, qisqa va aniq yozish san’atiga, so‘zning yuqori darajadagi mazmundorligiga intilishga Pushkin, uning ijodini tadqiq etuvchilarning ta’kidlashicha (Blagoy, Lotman), “poyma-poylik”ni, “bo‘shliq”ni, “ortiqcha”likni, quruq “yaltiroq iboralar”ni qattiq turib bartaraf etish bilan erishgan. Oddiylik, yorqinlik uning butun yozuvchilik usuliga xos asl badiiyatni tashkil etadi. Mazmunning ana shunday siqiqligi va o‘ta quyuqligi, Pushkinga xos lo‘nda va sodda ifodalarda namoyon bo‘ladi .

Troyekurovning mehmonlarga: “A chto slыshno pro Dubrovskogo? Gde yego videli v posledniy raz?” deb bergan savoliga xonimlardan biri, Anna Savvishna, o‘rtahol va oqko‘ngil boy xotin bunday deb javob beradi: “U menya, Kirila Petrovich,.. v proshlыy vtornik obedal on u menya”.

Ona tili vositalarini unumli qo‘llagan Cho‘lpon bu jumlani yorqin va jonli tarjima qilishdan tashqari tuzilishini ham to‘la saqlab qolgan. Tilga zo‘ravonlik qilish, zo‘raki jumla tuzish holati yo‘q: “Menikida (u menya), Kirila Petrovich, o‘tgan seshanba kuni tushlik ovqatni menikida qildi u” (v proshloy vtornik obedal on u menya) Ismoil Obiddagidek “menikida ovqatlanib ketgan edi ham, (u menya otobedal), Ma’ruf Hakimdagidek “menikida obed qildi” (u menya obedal) ham emas. Cho‘lponda go‘yo o‘zbekcha gap tuzilishi buzilgandek, ammo Cho‘lpon bu bilan mazmun va ohangdorlikni to‘la berish uchun olmoshni jumla oxiriga qo‘yib, ona tilining imkoniyati kengligini ko‘rsatgan. “Obedal on u menya” urg‘usini saqlab ham qolgan. Tarjimada jumla shunday tuzilganki, aynan uning asosiy ma’nosi alohida ta’kidlangan. Mazkur jumla uchun bu juda muhim omil, bunday jumlalarni Cho‘lpon xuddi asliyatdagidek jonli, hayotiy qilib tuzadi.

Cho‘lponning tarjimachilikdagi jasorati va to‘la ijodiy erkinligi Pushkin asarlarini qayta tiklashga yordam bergan. “Sar moy nebesnыy, – govorit Anna Savvishna, – chto budet s moim Vanyusheyu?” – “E Xudovandi Karim”, – deb tarjima qiladi Cho‘lpon. Ismoil Obiddagidek “parvardigor” (“tvorets, sozdatel”) emas. Ma’ruf Hakim o‘z tarjimasida Cho‘lponning “Xudovandi Karim”ini takrorlaydi, Cho‘lpon “Sar moy nebesnыy” xitobi ma’nosini yaqinroq, to‘laroq va ishonchliroq beruvchi bu variantni tanlashi bejiz emasdi. “O‘g‘lim Vanyusha nima qiladi endi” (“chto je teper budet s moim Vanyushey?”) Mana shu “endi” jumla oxirida holatning fojeiyligini ta’kidlab turibdi.

Bu yerda Cho‘lponning so‘z ranginligini, qisqa jumlaga singib ketgan ma’no teranligini tushunishi yaqqol namoyon bo‘lgan. “Znayte, Dubrovskiy sam bыl gvardeyskim ofitserom, on ne zaxochet obidet tovariщa”. Cho‘lponda “sherigini ranjitmaydi”. Bu yerda “sherik”, “hamkasaba” degan ma’noga ega, ya’ni yaqinginada Vladimir Dubrovskiyning o‘zi gvardiya ofitseri, bo‘lgan “Ranjitmoq” fe’li shunchaki xafa qilishni emas, dili lat yeganini ham bildiradi. Ismoil Obidga o‘xshab, “o‘zining o‘rtog‘ini jabrlaydi” ham emas, Ma’ruf Hakimga o‘xshab, “o‘zining o‘rtog‘ini ranjitmaydi” ham emas; darvoqe, u Cho‘lponning “ranjitmoq” fe’lini takrorlaydi, Ismoil Obiddan esa “o‘rtoq”ni olgan. “O‘rtoq” eng avvalo, do‘st, oshna, ya’ni do‘st tutingan, sheriklik qilgan tanish odamga aytiladi, “sherik” esa ma’no jihatidan asliyatda qo‘llanganiga yaqin.

Cho‘lponda so‘zlarni hayratomuz darajada his qilishni ko‘ramiz, ko‘plab ma’nodosh so‘zlar ichidan u mazkur muayyan fikrni berish uchun zarur aniq so‘zni adashmay tanlaydi. Butun jumla, butun manzaradagi ma’noning tabiiy ifodalanishi shundan.

Anton Pafnutich frantsuz Deforjnikida tunab qolib, uyqusi kelmagani, jahli chiqqanidan ruscha va frantsuzcha so‘zlarni aralashtirib, ruscha “tushit” fe’lini frantsuzcha ohangda aytishi Cho‘lpon haddan tashqari yorqin tarzda yumorga o‘rab beradi. Frantsuzga hech nimani anglatolmagan Anton Pafnutich adyolga burkanadi-da, “proklyatыy basurman” deydi.

Tarjimon Cho‘lpon bu jumla ma’nosini qayta tiklaydi: “A, la’nati kofir”. “Kofir” bu kufr qiluvchi, gunohkor, dinsiz degani bo‘lib, sharq odami nuqtai nazaridan “basurman”, ya’ni “kofir”ga mutlaqo mos va ayni zamonda haqoratni bildiradi. Bu – ajoyib ma’nodosh haqorat so‘zi o‘zining asl, dastlabki shakli va ma’nosida qayta tiklangan.

Cho‘lpon erishgan natija ko‘zga yalt etib tashlanmaydi, ammo u xira ko‘ringaniga qaramay, o‘ta jonli, hayotiy chiqqan. Bu ham Cho‘lponga xos tarjimonlik mahorati sirlaridan biri. I.Obid “basurman”ni “badbaxt pasurman” deb tarjima qiladi-da, tagidan “musulmon”dan yasalgan haqoratli so‘z” deb izoh beradi. Ma’ruf Hakim Cho‘lponning “la’nati kofir”ini takrorlaydi.

Cho‘lpon – favqulodda noyob tarjimonlik iste’dodiga ega edi. U tarjima jarayonida o‘z ijodiy qiyofasini saqlab qoladi. Ayni vaqtda tarjimada asliyatga xos badiiyat, estetik kuchni, go‘zallikni qayta tiklash, qayta yaratish jarayonida muallif irodasiga bo‘ysungandek, to‘g‘rirog‘i, u bilan qo‘shilib ketgandek bo‘ladi.

Pushkin nasrini Cho‘lpon go‘yo juda osonlik bilan tarjima qilgandek ko‘rinadi. U asliyatdagi xos so‘z va iboralarni tashlab yubormaydi, aksincha ularni qayta tiklash, qayta yaratish yo‘lidan boradi. Buning uchun iste’dod va yuksak malakadan tashqari og‘ir tarjimonlik mehnatiga chidash, izlanish lozim edi.

Cho‘lpon eng avvalo asliyatning ichki jozibasini beradi. U qandaydir mo‘jizakor qudrat bilan asliyatning badiiy latofatini to‘la tiklashgaga muvaffaq bo‘ladi. Bu tengi yo‘q hodisa edi.

Asliyatga xos asosiy xususiyatlarni saqlab qolish tarjimaning birinchi fazilatidir. “Dubrovskiy” tarjimasida asliyatga yaqin borish faqat Cho‘lponga nasib etdi – qolgan ikki tarjimon harf ketidan quvishga mahliyo bo‘lib qolganlar. Natijada muallifning o‘ziga xos uslubi, jozibasi boy berilgan, asliyatdagi teran badiiylik to‘la saqlanmagan. Ma’no va hatto aksar so‘zlar ham xuddi muallifnikiga o‘xshagani bilan ularda yuksak tarjimalarga xos erkin parvoz yo‘q, uslubiy va badiiy jilo ko‘rinmaydi.

Biz badiiy jihatdan to‘g‘ri tarjima deb hisoblaydigan narsa – asliyatning ayrim unsurlarini aks ettirishnigina emas, balki g‘oyaviy va badiiy butunlikni qayta yaratishni ko‘zda tutadi. Bu murakkab ijodiy jarayonda adabiy unsurlar bevosita va bilvosita o‘z vazifalarini ado etadilar. Cho‘lpon – tarjimonning tili, badiiy mahorati, o‘ziga xos uslubi Belinskiy “shaxsning o‘ziga xos muhri” deb belgilagan ta’rifga aynan mos keladi. “Dubrovskiy” tarjimasida adib ona tilining keng imkoniyatlarini to‘la namoyish eta oldi. Umuman, Cho‘lponning Pushkin ijodidan qilgan tarjimalari o‘zbek adabiyotining yorqin sahifalari qatorida turadi. Ularni muntazam o‘qish, o‘rganish, ilmiy tadqiq qilish muhim vazifalarimizdan biridir.

Ninel Vladimirova, filologiya fanlari doktori

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 7-son