Har qanday davr taraqqiyparvar ziyolilar oldiga umumxalq manfaatlariga doir ulkan vazifalarni qo‘yadi va bu vazifalarni ular o‘zlari uchun burch sifatida qabul qiladilar. O‘tgan asrning avvalida yuzaga kelgan milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti namoyandalari, fidoyi ma’rifatparvarlar faoliyati bunga bir dalildir. Ularning hayoti va boy adabiy merosi istiqlol yillarida o‘rganildi, targ‘ib-tashviq etildi, nomlari tiklanib, asarlari qayta-qayta nashr qilindi. Ana shunday millat fidoyilari orasida tavalludining bir yuz qirq yilligi nishonlanayotgan ulug‘ ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiyning o‘rni alohida.
Mustaqillik yillarida o‘z zamonining ijtimoiy-siyosiy muhitiga bevosita ta’sir ko‘rsatgan peshqadam arbob, yangi usul maktabi targ‘ibotchisi, o‘zbek drama san’atini boshlab bergan birinchi dramaturg, jurnalist, noshir va muharrir Mahmudxo‘ja Behbudiy faoliyati xolis o‘rganildi. S.Qosimov, A.Aliyev, N.Karimov, S.Ahmedov, Sh.Turdiyev, B.Do‘stqorayev, N.Rahmat, H.Saidov, Z.Ahrorova singari adabiyotshunos olimlar, ijodkorlar tomonidan o‘nlab ilmiy maqolalar yozildi, tadqiqotlar amalga oshirildi, risolalar chop ettirildi. Atoqli olim Begali Qosimov nashrga tayyorlagan Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Tanlangan asarlar”i dunyo yuzini ko‘rdi.
Ma’lumki, Behbudiyga bag‘ishlangan ilmiy ishlarda allomaning zamondoshlari tomonidan yozilgan maqola va xotiralar, she’rlardan asosiy manba sifatida foydalanilgan. Ushbu manbalarda ma’rifatparvar bobomizning tarjimai holi, ijtimoiy-siyosiy faoliyati keng yoritilgan. Biz quyida ana shu manbalarga tayanib, Behbudiyning yetuk ma’naviy-axloqiy olami, yuksak insoniy fazilatlari, barkamol shaxsiyati haqida imkon qadar so‘z yuritmoqchimiz.
“Mufti Mahmudxo‘ja Behbudiy hazratlari kim edi? Bu savolga javob bermak uchun gazeta sahifalari emas, jildlarcha kitob yozmoq kerak bo‘ladur”, deb yozgan edi ma’rifatparvarning safdoshlaridan biri Sadriddin Ayniy. O‘tgan asrning 20-yillaridayoq Behbudiy haqida bir necha asarlar yaratildi. Jumladan, Saidrizo Alizoda, Sadriddin Ayniy, Hoji Muin, Vadud Mahmud, Abdulhamid Azamat, Abulqosim Azimiy, Laziz Azizzoda va Zavqiy singari ziyolilarning maqolalari, xotiralari e’lon qilindi. Birgina Hoji Muinning “Mehnatkashlar tovushi”, “Turkiston”, “Zarafshon” gazetalari va “Uchqun” jurnalida maqola va ocherklari chop etildi. Ularda allomaning shaxsiyatiga doir kuzatishlar xolis ifodasini topgan. Chunonchi, Hoji Muin “Buyuk ustozimiz Behbudiy afandi” maqolasida uni shunday xotirlaydi: “Behbudiy afandi halim, ziyrak, g‘oyat zakovatli va quvvai hofizasi zo‘r bo‘ldig‘idek, so‘zga-da nihoyat darajada usta edi. U har so‘zig‘a qanoatlantirmak uchun turli misollar keltura, mavqei kelganda oyat va hadisdan dalillar ko‘rsata edi. Shuning uchun aning suhbati g‘oyat lazzatli va istifodali bo‘lur edi. Aning suhbatinda bo‘lg‘on kishi ruhlana, shodlana va aning oldindan aslo turg‘usi kelmas edi”.
1875 yili ma’rifatli oilada dunyoga kelgan Mahmudxo‘ja o‘z davrining diniy va dunyoviy bilimlarini puxta egallagan, fe’l atvoridagi halimlik, ziyraklik, suhbatdoshlarini ishontira bilish xislatlari bilan ko‘pchilikni bir maslak yo‘lida birlashtira oladigan salohiyat egasi bo‘lgan. Hali matbuotda maqolalari bilan ko‘rinmasidan ilgariroq, bir qator xorijiy mamlakatlarda ham e’tibor topgan “Samarqand”, “Oyina” singari nashrlarni tashkillashtirib, chop ettirmasidan, teatrchilik ishlariga kirishmasidan burunroq katta obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan edi. Bu obro‘-e’tibor unga ma’rifatparvarlik ishlarida qo‘l kelgan. Xususan, Shakuriyning N.Ostroumov tazyiqlari ostida qolgan usuli jadid maktabini Behbudiy o‘z hovlisiga ko‘chirib keladi va o‘z himoyasiga oladi. Uning bunday harakatlariga dushmanlik ko‘zi bilan qaraydigan kuchlar jim turmadi. Chunonchi, matbuotda “Samarqandning usuli jadida maktabi Turkiston taraflarinda xeyli mashhur o‘ldig‘indan faqat shuni ko‘rmak uchun vorub so‘ngra angladimki, maktabning shuhrati yolg‘uz buning muassisi o‘lon mufti Mahmudxo‘ja afandi soyasinda ekan” degan mazmundagi tanqidiy maqolalar uyushtiriladi. Biroq bu kabi tazyiqlar Behbudiy va uning safdoshlarini cho‘chitolmaydi, faoliyatdan chalg‘itolmaydi. Darvoqe, mashhur tatar ma’rifatparvari Abdurashid Ibrohimov Behbudiy va Shakuriyni “o‘zbeklar qahramoni” deya bejiz ta’riflamagan edi.
Laziz Azizzoda o‘z xotiralarida Behbudiyning bevosita shaxsiga xos ibratli fazilatlarni qalamga olgan: “Behbudiy irodasining kuchliligi, muomalada favqulodda ustalig‘i, dialiktligi, nazariyotchilig‘i ila barobar amaliyotchilig‘i, har ishni hayotdan olishlig‘i va iqtisodg‘a ahamiyat berishi ila o‘z zamondoshlaridan ayrilib, o‘ziga maxsus muhim bir o‘run oladir. Ul o‘zi Turkistonning eski madrasasidan chiqqan bir kishi bo‘lg‘on holda arab dorilfununlarini bitirib kelgan kishilarning qilmag‘on xizmatlarini ado qilib ketdi”. Ta’kidlash joizki, “nazariyotchilig‘i ila barobar amaliyotchilig‘i” allomaning shaxsiy hayotida, oilasi turmushida ham ayon ko‘rinib turgan. U taraqqiyotga erishgan millatlar yutug‘ini ijobiy baholab, ko‘p jihatdan ularga havas qilgan. To‘ng‘ich farzandi Ma’sudxo‘jani gimnaziyada o‘qitgan. Birinchilardan bo‘lib ijtimoiy, maishiy yangiliklarni o‘z hayotiga olib kirishga intilgan. Masalan, professor N.Karimovning yozishicha “Samarqandlik jurnalistlar, yozuvchilar, teatr xodimlari va chor ma’murlari shahar komutatoridan 290 raqamli manzilni so‘rashlari bilan simning narigi tomonidan Behbudiy hazratlarining “Labbay” degan muborak ovozlari kelardi”. Ya’ni u o‘z uyiga birinchilardan bo‘lib, telefon o‘rnatib, undan unumli foydalandi. Garchi taraqqiyparvarlik harakatlari bilan tahdidlarga uchragan bo‘lsa-da, raqiblariga birida matbuot orqali, birida yuzma-yuz tarzda munosib javob bergan. Javoblarida muxoliflari shaxsiga mutlaqo til tegizmagan holda, diniy va dunyoviy bilimlardan xabardor chinakam ziyolilarga xos vazminlikni saqlay bilgan. “Behbudiy afandi shaxsiy dushmanliqni xohlamas va hech kimning shaxsig‘a va shaxsiy ishlarig‘a til yetkuzmas edi, – deb deb yozadi Hoji Muin. – O‘shandoq o‘zini takfir va tahqir etaturg‘on xasmlarig‘a-da qarshi yomon va haqoratomuz so‘zlar so‘ylamas edi. Balki shunday so‘zlarni eshitganda: “Zotan munday din va dunyodan xabarsiz kishilardan yaxshi so‘zlarda kutmak abasdur”, deb kular edi. “Munday takfirlarni yolg‘uz men ko‘rgan emas, balki o‘tgan ulamo va ulug‘ kishilar ham o‘z muosirlarindan shunday hujum va takfirlarni ko‘rganlar”, deb o‘zig‘a tasalli berar edi. Behbudiy afandida yana bir xususiyat bor ediki, xasm va dushmanlari aning ketindan har qancha haqorat etsalar-da, aning huzurig‘a o‘tirg‘onda hech bir behuda so‘z ayta olmasdan, anga tamliq va madora etarg‘a majbur bo‘lalar edi. Behbudiy afandi har vaqt o‘zining shaxsig‘a tegib so‘ylayturg‘on xasmlarig‘a: “Ajabo! Bular na uchun maning shaxsimg‘a til yetkuzalar? Men o‘zim yaxshimi-yomonmi har na bo‘lsa-da, o‘z millatimg‘a zarar yetkuzmayman, balki xalqg‘a to‘la va faol foyda yetkuzmak uchun qo‘limdan kelgancha cholishaman”, deya edi”.
O‘zining bilimi, taraqqiyparvar g‘oyalari, iste’dodi va salohiyatini millatning ma’naviy-ma’rifiy yuksalishi, jipslashishi yo‘liga bag‘ishlagan fidoyi ma’rifatparvar siymosi bir tarixiy voqea bayonida ham yorqin aks etgan. Ismoil Gasprinskiy bilan uchrashuvi haqda Hoji Muin shunday yozadi: “Bir vaqt (1908-yilda) “Tarjumon” gazetasining muharriri Ismoilbek afandi G‘aspirinskiy (25 yillik yubileysindan so‘ng) Samarqandg‘a kelganida Behbudiy afandi yig‘lag‘on holda ul zot ila quchoqlashib ko‘rushub, “Bu kun sizning huzuringizga kelib suhbatingizdan istifoda qilaturg‘on ziyolilarimiz yo‘q” dedi. Ismoilbek afandi anga javoban: “Behbudiy afandi! Yig‘lamang (majlisdagi kishilarga ishora qilib), mana bular ozmi? Yana sizlar tirishsangiz, oz bir fursatda millatg‘a kerakli ko‘b odamlar yetishdira olursiz”, dedi”. “Behbudiy afandi! Yig‘lamang…” Millat muhibiga bir taskin sifatida aytilgan bu so‘zlar aslida uning jonkuyar qalbiga, beg‘araz orzu-umidlarining ijobatiga ishora edi. Bu yig‘i nochor, zaif kishining ko‘z yoshi emas, balki buyuk qalb egasining o‘z millati taqdiri bilan bog‘liq ulkan qayg‘usi edi. Uning orzusi chinakam taraqqiyparvar, ma’rifatparvar insonlarni tarbiyalash edi. Shu boisdan ham atrofidagi yoshlarga qarata “Bizga ikki turli kishi kerak. Biri diniy ilmlarni falsafalari ila komil bilaturg‘on zotlar, ikkinchisi dunyoviy ilm ila hunarlarni yaxshi bilgan ziyolilar”, deya ta’kidlashdan charchamasdi.
O‘zi bilan bir davrda yashagan ziyolilar xotiralarida Behbudiy “oliyshon ustod” “ko‘kni yorub bezatgan quyosh”, deya ulug‘lanadi, “Saning mislingni Turkiston topolurmu, topolmasmu?”, degan armon bilan eslanadi. Va bu xotiralarda biz mustaqillik sharofati tafayli istiqlol qahramonlari qatoridan munosib o‘rin olgan allomaning siymosini aniq-tiniq ko‘ramiz. Mahmudxo‘ja Behbudiyning faoliyati va asarlarida oldinga surilgan taraqqiyparvar g‘oyalar bugungi avlodlar uchun ham ma’naviy-ma’rifiy sarchashmalardan biri sifatida qadrlidir.
Nilufar Namozova, filologiya fanlari nomzodi
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2015 yil 3-son