Nikolay Ilin. Tugallanmagan sahifa

Yozuvchilar uyushmasi binosining yo‘laklaridagi kundalik salom-aliklar, muloqotlar chog‘ida ba’zan shunday suhbatlar ham bo‘ladiki, ularda kutilmaganda qistirib o‘tilgan iboralar ta’sirida ko‘nglingizda turli mazmunda fikrlar tug‘iladi. O‘zingiz uchun juda muhim, zarur bo‘lgan nimanidir topganday bo‘lasiz. Biroq ichki kechinmalaringiz, his-tuyg‘ularingiz haqida oshkora gapirishga shoshilmaysiz va jimgina jilmayib yo‘lingizda davom etasiz. Ajoyib inson, taniqli yozuvchi Sobir O‘nar bilan munosabatlarimiz shunday edi. Bu kabi siyrak va qisqa uchrashuvlar zamirida hali biz bir-birimizni teranroq anglashga ulguramiz, degan fikr bordek edi go‘yo. Shuning uchunmi, negadir qisqagina gaplashardik, xolos.

Tanishganimizdayoq uning tashqi ko‘rinishi meni hayratda qoldirgandi. U aksariyat paytlarda galstuksiz, qandaydir sviter yoki oddiygina ko‘ylakda yurgani uchun nozik didli, ruhiyatni chuqur anglaydigan yetuk yozuvchidan ko‘ra ko‘proq qandaydir jismoniy mehnat bilan shug‘ullanuvchi bog‘bon yoki qorovulga o‘xshardi. Lekin men uning rus tiliga tarjima qilinib, “Zvezda Vostoka” jurnalida chop etilgan “Begona mehmon” hikoyasini o‘qib, uni katta yozuvchi sifatida allaqachon kashf etgandim. U mazkur hikoyada odat tusiga aylanib qolgan zerikarli qoliplardan qochib, hayotning azobli sinovlarini boshidan kechirayotgan, baxtiga ishongan qahramonlarning hayotini o‘ziga xos usulda, samimiy talqini bilan e’tiborimni tortgandi. Kamtarlik yozuvchining nafaqat tashqi ko‘rinishida, balki uning ijodiy usulida ham aniq sezilib turardi: ta’sirchan, lekin oddiy, hech narsani ataylab o‘ylab topmasdan, keskin burilishlar va kuchli ruhiy zo‘riqishlardan qochgan holda, ortiqcha nasihatga berilmasdan hayot haqiqatini tiniq namoyon etardi. Eng asosiysi – bu voqealarni o‘qish juda maroqli edi.

Hikoya yoqib qolgani bois men uni rus tilida o‘qiydigan o‘quvchilarga ham tavsiya qildim. Keyin taniqli ijodkor, madaniyat xodimi Yevgeniy Sklyarovskiy o‘zining tassurotlarini – mazkur hikoya haqidagi hayajonli fikrlarini chop ettirdi. Shuningdek, boshqa o‘quvchilar ham o‘zlarining iliq fikrlarini bildirdilar. Men ularni avaylab to‘pladim va Sobirga ko‘rsatdim. Asarini boshqa tilda o‘qib, u haqida aytilgan ijobiy fikrlarni ko‘rish Sobir uchun juda yoqimli bo‘lgandi.

Uyushma nashriyotida chop etilishi rejalashtirilgan, viloyatda ijod qiladigan muallifning adabiy kitobiga muharrirlik qilayotganimda matndagi doimiy o‘zgartirish­lar, tahrirlar va rahbarning ko‘rsatmalari tufayli asarni qayta-qayta ko‘rib chiqish talab etilardi. Bunday holatdan bezor bo‘lib Sobirga murojaat qildim. Tinmay yangilik yaratayotganlarni tinchlantirish haqidagi umidsiz iltimosim amaliy samara berdi: u barcha o‘zgartirish va tahrirlarni to‘xtatishga muvaffaq bo‘ldi va men undan chin dildan minnatdor bo‘ldim. U o‘ta xotirjamlik bilan odamlarni to‘g‘ri qaror qabul qilishga ishontira olardi.

Sobir bilan oramizda adabiy ishlarda o‘z iste’dodiga aldanib qolmaslik, kibrlanmaslik va asarlarini sun’iy ravishda ommalashtirish haqida xudbinona fikrga berilmaslik kerak, degan umumiy tushunchaga asoslangan mushtarak do‘stlik munosabatlari o‘rnatildi. Bunday iliq munosabatlarimiz o‘zini barvaqt “daho” va “iste’dodli” hisob­lab yurganlarni g‘aflatdan uyg‘otdi.

Biz do‘stona munosabatlarimizni tezroq mustahkamlashga shoshilmadik: chunki bir-birimizni tark etmasligimizni bilardik, kelajak bizning ijodiy hamda shaxsiy munosabatlarimizni, albatta, yanada yaqinlashtiradi, deb o‘ylagan ekanmiz. Afsus, taqdir yo‘rig‘i boshqacha ekan. Hayotimda katta taassurot qoldirgan insonning dunyoni to‘satdan tark etishi men uchun juda og‘riqli edi.

Yozuvchilar uyushmasi binosi koridoridagi oxirgi uchrashuvimiz hech qachon yodimdan chiqmaydi, o‘shanda u mustahkamlanishi kutilgan do‘stligimiz sari yana bir kichik qadam tashlagandi. Salom-alikdan keyin tabassum bilan: “Nikolay aka, siz bilan uchrashish men uchun judayam maroqli, sizni ko‘rsam atrof charaqlab, ko‘nglim yashnab ketgandek bo‘ladi. Biron joyda uchrashib, otamlashib, bir miriqib gaplashishimiz kerak”, deb iltifot qilgandi. Men uchun bu so‘zlar juda qadrli. Shunday bag‘rikeng insonning shirin suhbatidan ham qadrliroq narsa bo‘lishi mumkinmi? Niyatlarimiz amalga oshmagani esa juda achinarli.

Garchi suhbatlarimiz qisqagina bo‘lsa-da, ularni yuzaki muloqot deb bo‘lmasdi. Bizning o‘sha sanoqli ko‘rishishlarimiz ortida haqiqiy va go‘zal tuyg‘ular mujassam edi. Insonning dunyoni erta tark etishi qanchalik achinarli bo‘lmasin, qisqa umr u haqdagi xotiralar bor hayot yo‘lining davomiyligiga ta’sir ko‘rsatolmaydi.

O‘tkir aql bilan o‘ylamoq oni:
Tashnalik yillarcha kimning sarboni?
Kimning ko‘p, kimning xo‘p yashash armoni.
Kimning to‘kis-toza umr karvoni?
Chuqurroq o‘yladim, angladim, ya’ni
Aql ko‘zgusida ko‘rindi ma’ni:
Hamma ham yaxshiroq yashashi mumkin,
Cheksizlik siylamas lekin hammani.

Uning kitoblari, asarlari, yorqin xotirasi bizning qalbimizda qoladi. Sobirning vafotidan ko‘pchilik insonlar chin ko‘ngildan aza tutganlarini, aynan mening yaqinlarim va do‘stlarimning ham uning bu dunyoni tark etishidan chuqur qayg‘uga tushganlarini ko‘rib hayratga tushdim. Uning vafoti ko‘pgina ijodkorlarni qalban yaqinlashtirdi hamda ulug‘ va betakror insonlar yonimizdaligida ular bilan ko‘proq muloqot qilish, ularni qadrlash, ulardan insoniy fazilatlarni, g‘amxo‘rlik va e’tiborni o‘rganish lozimligi haqida yana bir hayotiy saboq berdi.

Shuni ham unutmasligimiz kerakki, ayniqsa, chinakam iste’dodli odam boshqalarni hurmat qiluvchi, mehribon, do‘stlarni sevuvchi, olijanob va kamtarin, o‘zining iqtidori va iste’dodini sun’iy ravishda bo‘rttirmaydigan insondir.

Rus tilidan Dilfuza Kushebayeva tarjimasi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 26-son