Askiya o‘zbeklarga xos noyob milliy san’at turi hicoblanadi. Hajvning badihago‘ylik asosida, ko‘pchilik ishtirokida va bellashuv tarzida jonli tashkil etilishi boshqa xalqlarda uchramaydi. Askiya katta hayotiy bilim, ko‘nikma va hozirjavoblikni talab qiladi. Tilning o‘ziga xos xususiyatlarini mukammal egallagan, hayotdagi kamchiliklarni hazil vositasida ifodalash xususiyatiga ega bo‘lgan, juda tez mushohada qilib, raqibining izzat-nafsiga tegmaydigan darajada muloqot qila oladigan kishilargina askiya san’ati bilan shug‘ullanadi.
Xalq og‘zaki ijodining eng sara turlaridan biri hisoblangan askiya ikki va undan ortiq kishi o‘rtasida taraf-taraf bo‘lib, ma’lum bir payrov (askiyaning eng murakkab shakli) yoki mavzu doirasida o‘tkaziladigan o‘ziga xos so‘zamollik tarzidir. Aytilayotgan so‘z birovning shaxsiyatiga tegib ketmasligi uchun har bir so‘z yoki iborani ishlatishda ijrochi nihoyatda ehtiyotkor bo‘lishi lozim. Askiyaning ma’noli va ta’sirchan chiqishi ijrochining bilimi, tafakkuri, sahna madaniyati va ijro mahoratiga bog‘liq. Askiyachining hayotni bilishi, til, nutq madaniyati, yuz, ko‘z, qo‘l, tana harakatlaridan ustalik bilan foydalanishi askiyaning ham mazmunli, ham kulgili chiqishida muhim ahamiyatga ega. Katta davralarda tortisha oladigan askiyachilar zamondoshlarining hayoti, ishi va kundalik turmush tarzida uchraydigan hodisalar, kamchilik va nuqsonlarni samimiy, ochiqko‘ngillik bilan, do‘stona o‘tkir kulgi va hajv ostiga oladilar.
Hozirgacha askiya san’atining o‘ttizdan ortiq shakllari aniqlangan bo‘lib, ular oracida payrov, qofiya, radif, bahri bayt, tutal, o‘xshatdim, afsona, rabbiya, safsata, aytishuv, chiston, laqab, gulmisiz, bo‘lasizmi, shirinkor va terma singari turlari ko‘proq ishlatiladi.
Askiya atamasi qadimdan keng tarqalgan va san’at darajasiga ko‘tarilgan. Xon va beklar saroyidagi san’atkorlar orasida bir qancha mohir askiyachilar bo‘lgan. XVI asrda yashab ijod etgan Zayniddin Vosifiy Hirotda hazil-mutoyiba keng avj olganligi, Mir Sarbarahna, Mavlono Burxoni lang, Hasan voiz, Muhammad Badahshiy, Said G‘iyosiddin sharafa, Mavlono Xalil Sahof singari o‘nlab mohir askiyachilar borligi, shular orasida eng iste’dodlisi Mavlono Abdulvose’ Munshiy bo‘lgani haqida yozadi. XVIII-XIX asrlarda askiya, ayniqsa Farg‘ona va Toshkent vohasida rivojlangan. Farg‘ona vodiysining yirik madaniy va ma’rifiy markazlaridan biri hisoblangan Qo‘qon shahrida qadimdan xalq og‘zaki ijodi rivojlangan. Shahardagi xalq sayli, bayramlar musiqachilar, hofizlar, askiyachi va qiziqchilar ishtirokisiz o‘tmagan. Taniqli askiyachilar G‘anijon Toshmatov, Rasulqori Mamadaliyev, Abulqosim To‘ychiyev, G‘ulomjon Ro‘ziboyev, Hasanboy Sultonov, Mahsum Qozoqov, Jo‘raxon Po‘latov, Ne’matjon Toshmatov, Abdurahmon Qulmatov, Jumaboy Huraliyev, G‘ofirjon Mirzayev, Hotamjon Hakimjonov, Mamasidiq Alixonov, Qahramon Abduvohidov kabi mohir co‘z uctalari askiya san’ati rivojiga munosib hissa qo‘shdilar.
Xalq qiziqchiligining tarkibiy qismi hisoblangan askiyani “aytish”, “zarofat” deb ham ataydilar. Askiya avloddan-avlodga ustoz-shogird an’analari asosida, asosan og‘zaki ravishda o‘tib kelmoqda. Uni targ‘ib qilish va kelgusi avlodga yetkazishda ijodiy maktablarning o‘rni katta. Bugungi kunda Marg‘ilonda Mamasidiq Sherayev rahbarligida, Qo‘qonda Akromjon Anvarov boshchiligida, Andijon viloyatining Xonobod shahrida Muhiddin Sultonov rahbarligida askiyachilik maktablari faoliyat yuritmoqda.
— Askiyadagi, avvalo, yukcak madaniyat cohibi, har bir so‘z yoki iborani o‘rnini topib ishlatishga mohir bo‘lishi talab etiladi, — deydi Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahar madaniyat uyi qoshidagi “Askiyachilar klubi” rahbari Akromjon Anvarov. — Askiyaning ta’sirli chiqishi uchun, avvalambor, davraga tushgan askiyachilar bir-birini yaxshi tanishlari, tushunishlari lozim. Aks holda aytilayotgan askiya payrovi izdan chiqib ketadi. Askiyachilikni qiziqchilikdan farqlash lozim. Qiziqchilikda yakka ijrochi ham o‘z mahoratini ko‘rsatishi yoki muayyan stsenariy asosida guruh bo‘lib, teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishini namoyon etishi mumkin. Askiya esa ikki va undan ortiq kishi yoki guruhning ma’lum mavzu bo‘yicha badiiy so‘z acocida tortishuvidir. Hozirgi kunda Omonulla Tolipov, Murodjon Nosirov, Kozim Yo‘ldoshev, Otaxon Halilov kabi yosh, iqtidorli shogirdlarimiz askiyachilik san’ati sirlarini o‘rganmoqdalar.
Askiyani professional darajada egallaganlar “askiyachi” degan nomga ega bo‘ladilar. Askiya paytida ma’lum bir ishtirokchiga nisbatan ishlatilgan tanqid keyinchalik muhokama etilmaydi va chuqurlashtirilmaydi. Bunda har qanday gap hazil sifatida aytiladi va yengil qabul qilinadi. Askiya qatnashchisi qaysi tarafda bo‘lishidan qat’i nazar, o‘tkir kulgiga olib keladigan har bir chiqishni qo‘llab-quvvatlaydi va bu orqali raqib tomoniga o‘z hurmatini bildiradi. Askiyada oldindan tayyorlangan andozalardan samarali foydalanishda badihago‘ylik katta rol o‘ynaydi. Chunki ackiya jarayonida juda tez va aniq javob berish talab etiladi. Askiyachilar payrov mavzusidan chetga chiqib ketmasligi, nafsoniyatga va shaxsiyatga tegadigan gaplarni ishlatmasligi, yutib chiqishi yoki yutqazishidan qat’i nazar kek saqlamasligi, raqibini hurmat qilishi, boshqalarning fikr bildirishiga to‘sqinlik qilmasligi, o‘z fikrini barcha tushunadigan tarzda bayon qilishi lozim.
Askiya san’atini boyitish, kelajak avlodga yetkazish, targ‘ib qilish va o‘rganishda O‘zbekiston Respublikasining “Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonuni, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan “2010—2020 yillarda nomoddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish, asrash, targ‘ib qilish va ulardan foydalanish davlat dasturi” huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Askiya janrini rivojlantirish bo‘yicha Madaniyat va sport ishlari vazirligi qoshidagi Respublika xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlar ilmiy-metodik hamda axborot markazi, YuNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy komissiyasi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Badiiy akademiya va boshqa vazirliklar o‘rtasida yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Madaniyat va sport ishlari vazirligi Xalq ijodiyoti markazi tomonidan 1992 yildan boshlab har ikki yilda an’anaviy ravishda askiyachi va qiziqchilarning respublika ko‘rik-tanlovi o‘tkazib kelinadi.
Xalq ijodi muayyan xalqning donoligi va san’ati mahsulidir. Yosh avlodni yuksak ma’naviyatli, barkamol inson qilib tarbiyalashda, milliy qadriyatlarimizga e’tiqodni shakllantirishda nomoddiy madaniy merosimiz, jumladan ackiya can’atining ham alohida o‘rni bor.
Nazokat Ahmedova
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 1-son