Mumtoz adabiyotimiz bobokaloni Alisher Navoiyning sermazmun hayoti, shaxsiy fazilatlari, iqtidor va kamoloti zamondoshlari uchun namuna bo‘lganidek, bugungi yosh ijodkorlarimiz uchun ham ibrat maktabidir. Ma’lumki, Navoiy juda ko‘p yosh ijodkorlarga rahnamolik qilgan. O‘nlab iste’dod sohiblari — shoir va muarrix, rassom va xattotlar bu quyoshsimon zotning himmati va hamiyati soyasida voyaga yetganlar. Ulug‘ shoir iste’dod tarbiyasi borasida, ta’bir joiz bo‘lsa, iste’dod pedagogikasini ishlab chiqqan. Iste’dodni tanish va e’tirof etish yo‘llari, tabiiy qobiliyat, bilim va mehnat, tahsil va adabiy ta’sir, rag‘batlantirish va talabchanlik, axloqiy sifatlar va uning iste’dodga ta’siri, g‘oyaviy yetuklik va mahoratni o‘stirish kabi masalalar Navoiyning doim diqqat markazida bo‘lgan.
Alloma ustozning bu boradagi qarashlari uning “Majolis un-nafois», «Xamsa un-mutaxayyirin», «Mahbub ul-qulub», «Tarixi hukamo», «Nasoyim ul-muhabbat» kabi bir qator asarlarida, shuningdek, zamondoshlari asarlarida o‘z ifodasini topgan. «Majolis un-nafois»ning uchinchi va to‘rtinchi majlislarida yosh qalamkashlar haqida, ijod ahlining tarbiyasi xususida so‘z boradi.
Navoiy ijodkor shaxs haqida gapira turib, birinchi navbatda, uning iste’dodi darajasini belgilaydi. Chunonchi, «xushtab’ kishi», «yaxshi tab’lik yigit», «tab’i ham, hofizasi ham yaxshi», «tab’g‘inasi bor», «nazmg‘a mayli bor» kabi iboralar orqali shoirning ijodiy iqtidori, she’r aytish mahoratini farqlaydi. Shundan so‘ng yosh ijodkorning she’riyatdagi qaysi bir tur yoki janrga mayli borligini (hajvgo‘y, masnaviynavis, g‘azalsaro, muammochi) hamda uning uslubini (oshiqona she’rga mayl, orifona ijod, hazinlik, quvnoqlik va boshqalar) aniqlab, shunga ko‘ra tarbiya, tahsil tadbirlarini qo‘llaydi. Haddan ziyod hazin kuylovchi ayrim yoshlarni kuzatgan shoir buning sababini aniqlagach, ehtiyotkorlik bilan ularning ruhini ko‘targan, faol va ishchan bo‘lishga chaqirgan.
Xususan, yoshlarning shaxsiy xislatlari, sajiyasi, axloq-odobi, tahsil ko‘rgan-ko‘rmaganligi ustozni ko‘p qiziqtirgan. Kamtarlik, muloyimlik, xushtavoze bo‘lish, mehnatsevarlik, burrolik, hozirjavoblikni ijodkorning fazilatlari, deb bilgan Navoiy yalqovlik, parishonlik, jununsifat yurish, kekkayish, havoyilik, sharobxo‘rlikka berilish singari yomon odatlarni qattiq qoralaydi. Bu kabi salbiy odatlar bir qancha yosh iste’dodlarni nobud etganligini “Majolis un-nafois» asarida qator misollar bilan ko‘rsatib beradi: «Mavlono Sayfiy … hushyorlig‘ va base odamivash va hayo va odoblig‘ yigitdur. Ammo sarxushlikda o‘zga mohiyat bo‘lur, balki rasvonamo bo‘lur edi. Bu uchurda tavbag‘a tavfiq bo‘ldi. Umid ulkim, istiqomatg‘a ham muvofiq bo‘lg‘ay».
Sherozdan Hirotga o‘qishga kelgan Said Qaroza ismli kimsasiz yetim bolani Navoiy o‘z tarbiyasiga olib, unga alohida murabbiylar tayinlaydi, «shafqat va mashaqqatlar» ko‘rgizadi. Afsuski, ko‘p o‘tmay, bolada nojo‘ya qiliqlar zohir bo‘ladi. Shoir uni tuzatish choralarini ko‘radi. Ammo foyda bermaydi. Oqibatda bu yigit Hirotda turolmay, Samarqandga qaytadi va u yerdagi xamriy — mayxo‘rlarga qo‘shilib, butunlay nobud bo‘ladi. Samarqandlik yosh shoir Said Qutb Lakadang esa badaxloqligi tufayli hibsga olinib qatlga hukm etiladi. Alisher Navoiy oraga tushib qatlni bekor qilishga erishadi. Lekin «ul nokasgina» bundan xulosa chiqarmay, o‘z yurtiga qochib, yomon ishlarini davom ettiradi. Bunday hollar Navoiyni behad ranjitgan. O‘zini idora qilolmagan, yaxshilikni, hurmatni bilmagan kishilardan, garchi ularda iste’dod nishonasi bo‘lsa-da, chinakam ijodkor chiqmasligini aytib, ularning taqdiriga achinadi.
Navoiy tanqidiga uchragan salbiy xislatlardan yana biri — dangasalik, iste’dodni istifoda qila bilmaslikdir: «Mavlono Nodiriy yaxshi tab’i bor, ammo ko‘p lavanddur. Muddate faqir bila musohibat erdi, o‘zin lavandlig‘in zabt qila olmadi, yana o‘z ishini keyinga yubordi». Shoir Qobuliyning «dimog‘ida pareshonlig‘ va tavrida lavandlig‘» bo‘lganligi uchun tahsilni oxiriga yetkazmagan va muddosiga erisha olmagan. Xorazmlik Joniy degan shoirning esa «Xeyle junun zotida borkim, salohiyat kasbiga mone’dur, yo‘q ersa g‘arobatlig‘ tab’g‘inasi bor». Mavlono Kavsariy «tab’ida nazm aytur qobiliyati bor, ammo mashg‘ulluq qilmas».
Bunday yoshlarning bir qismi Navoiy va Jomiyning tanbehlarini quloqqa ilib, «tuz yo‘lga» kirganlar, ulug‘ shoir bu holni xursandchilik bilan qayd etib, ular istiqboliga umid bildirgan.
Navoiyning fikricha, ijodga dil bog‘lagan odamda, albatta, tabiiy iste’dod — tab’ bo‘lishi lozim. Quruq havas bilan shoirlik da’vo qilish yaramaydi. Eng yomoni shuki, deb kuyinadi shoir, kuruq nazmni she’r atab, «yuz mashaqqat bilan bir bayt bog‘layturgan, da’vosini esa yetti falakdan oshiraturgan»lar ham bor. Ba’zan ulardan biror yaxshi bayt ham voqe bo‘lar, lekin bu hali shoirlik da’vosini qilishga huquq bermaydi. Axir, shoir so‘zida haqiqat va ma’rifatdan bahra beradigan ma’no, shavqu zavq va «shu’la-afkan harorat» bo‘lmog‘i lozim. Shoirona tarkiblar dardli, yoniq yuraklarda paydo bo‘ladi.
Haqiqiy iste’dod nishonasi mavjud odamda ilm olishga ishtiyoq ham, hofiza ham kuchli bo‘ladi. Navoiy buni Rumiy, Sa’diy, Hofiz, Jomiy kabi yorqin siymolar misolida ko‘rsatadi. Barcha ilmlardan xabardor bu donishmand zotlarning el orasida hakim-faylasuf, shayx — yo‘l boshlovchi kabi tabarruk unvonlar bilan upug‘lanishlariga bois shudir. Shoir yetuk faylasuf, xiradmand odam bo‘lgandagina uning so‘zi xalq e’tiborini qozonadi. Biroq bu martabaga osonlikcha erishilmaydi. Bunga katta zahmat va chidam, qunt, ta’lim va tahsil orqali muyassar bo‘linadi. Shuning uchun Navoiy hofiza — xotira, zehn, fantaziyaning ahamiyatini alohida ta’kidlab, takroriy mutolaa, mashq, she’r yodlashni tavsiya etadi. Mashq qilish, qayta-qayta ishlash iste’dodni o‘stirishga ko‘maklashadi: «Mavlono Mirakiy, … kichik yoshliq xomtab’rok yigitdur. Imkoni bordurkim, tab’iga ko‘p ish buyursa puxtaliq paydo qilur». Navoiy davrida yoshlarga ta’lim berish pog‘onama-pog‘ona ko‘tarilish usuliga asoslangan edi. Ya’ni savod chiqarilgach, avval o‘z ustozidan ta’lim olar, keyinchalik bilim va qobiliyati taqozo etsa, kattaroq ustozga qo‘l berar, so‘ng yana ulug‘rog‘iga o‘tar edi. Shu yo‘sin eng iste’dodli, saralangan yoshlar Jomiy va Navoiyga shogird tushardilar.
Qaysi sohaga qo‘l urmasin, uni tez egallab oladigan qobiliyatli yoshlar Navoiy zamonida anchagina bo‘lgan. Ham tarixchi, ham rassom, ham bastakor, buning ustiga, yaxshi shoir va hakimlik qo‘lidan keladiganlar katta hurmatga sazovor edilar. Biroq Navoiyni bir narsa tashvishga soladi: ko‘p qirrali iste’dod sohiblarining aksariyati shuncha hunarni egallagan holda amalda biror sohada o‘zlarini ko‘rsatolmaydilar. Ular goh unga, goh bunga urinib, umrni behuda o‘tkazadilar. Ko‘p o‘rganish yaxshi, lekin muayyan sohada kishilarga foyda keltirish lozim. Odamlarga nafi tegmagan iste’dod, amalga oshmagan niyat kabi, kishiga armondir.
Shu munosabat bilan ustod Navoiy yoshlarga bir sohaga yoki adabiyotning ma’lum janriga qo‘l urishdan oldin, qobiliyati yetish-etmasligini aniqlab olish lozimligini uqtiradi. Iqtidorga qaramay behuda urinish bor iste’dodni ham izdan chiqarishi mumkin. Ma’lumki, Hirot adabiy muhitida talaygina xamsanavislar maydonga chiqqan. Ular orasida bir qadar muvaffaqiyatga erishganlari ham bor. Biroq ko‘pchiligi arzirli doston bitolmasdan, unutilgan. Vaholanki, ular kichik janrlarda durustgina ijod qilishlari mumkin edi. Navoiy bunday yoshlarning «katta» asarlaridan kichik misollar keltirib, ularda yetuk san’atkorlarga xos xayol qila bilish quvvati, yuksak mahoratning yetishmasligini ko‘rsatadi.
Ulug‘ shoir ayrim yoshlardagi quruq manmanlik, salaflarni nazar-pisand qilmay, o‘zini hammadan yuqori qo‘yish odatini yomon ko‘rgan. Ko‘cha-ko‘yda, majlislarda ko‘kragiga urib: men Firdavsiy ishini bir oyda bajaraman, Nizomiy qarshimda ip esholmaydi, deguvchilar ustidan zaharxanda qiladi; ularni kamtarlikka, so‘z bilan emas, ish bilan o‘zlarini ko‘rsatishga da’vat etadi. Jumladan, mavlono Abdulloh na «Shohnoma»ni, na Nizomiy va Dehlaviy “Xamsa»larini pisand qiladi, Jomiyni e’tirof etadimi-yo‘qmi, ma’lum emas, vaholanki «biz faqirlar o‘zimizni ul janoblar dasturxonining rezachini deb bilamiz», deydi ustoz.
Yoshlardagi g‘urur, g‘ayrat va shijoatni ma’qullash lozim, bu — yaxshi sifat, biroq uni xoksorlik, kamtarlik bilan omuxta etmoq darkor, deb biladi Navoiy. Bu borada Abdurahmon Jomiyni ibrat qilib ko‘rsatadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, siystonlik Qozizodaning she’riyatdagi qobiliyatini e’tirof etsa ham, ortiqcha manmanligini yoqtirmaydi. Uni Jomiy huzuriga yuborib, uyaltiradi. Do‘stlarning to‘g‘ri, beg‘araz tanqidini qabul qilish kishiga kamol keltirsa, jizzakilik, tanqidni tan olmaslik ijodkorga yarashmaydi (Buni Navoiy samarqandlik shoir Riyoziy misolida ko‘rsatgan). «Majolis un-nafois»da pand-nasihatni qulog‘iga olmay, na iste’dodini, na ilmini ishga soladigan «ra’nosifat va xudoroyliq bilan avqotini (vaqtini — N.K.) zoye qiluvchi» Osafiy singari takasaltang, xayolparast yoshlar, «yigitlik hoyu havosi bila pareshon» yuruvchilar tanqid etiladi. Alisher Navoiy yosh ijodkor tarbiyasida mehnat, uning atrofidagi kishilar, maslakdoshlari katta o‘rin tutadi, deb ta’lim beradi. U mavlono Savsaniy haqida yozib, deydi: «Ozodavash kishidur, ko‘proq avqot Gavharshodbegim madrasasi tegrasida bo‘lur erdi, befoyda el bila musohibatlig‘ qilmas, nevchunkim, bejihat mashaqqatlarni o‘ziga ravo ko‘rmas. Umid ulkim, bu davlat barchag‘a nasib bo‘lg‘ay». Ijodkorning qalbi pok, xayoli toza, niyati ezgulik sari yetaklovchi ekan, uning do‘stlari, suhbatdoshlari ham shunday fozil, dono odamlar bo‘lmog‘i lozim. Johil, nodonlardan uzoq yurish yaxshi, ammo go‘shanishinlik maqbul emas, adabiy mahfillarga, munozara-musohabalarga qatnashmoq, hayotda faollik ko‘rsatmoq ilhomni toblaydi, ijodiy imkoniyatlarni yuzaga chiqaradi.
Ba’zi yoshlar salaflarni mutolaa qilish paytlarida butunlay ular ta’siriga berilib qoladilar. Ba’zan shunday ham bo‘ladiki, o‘zlari bilmaganlari holda salaflar misralari, iboralarini o‘zlashtirib, ishlatib yuradilar. Bunday «tasarruf»dan qutulolmagan kishi mustaqil ijod qilish qobiliyatini ham asta-sekin yo‘qotadi. Adabiy tahsil — mahoratni egallash vositasi, taqlid esa tab’ning yo‘qligidan nishona ekanligini ta’kidlaydi Navoiy. Tabiiy zavqi, mustaqil ijod etish qobiliyati bo‘lmay turib, «o‘zini she’rga mansub» deb ko‘rsatuvchi «el qoshida she’rxonlik» qiluvchilar adabiyotning ofatidir, she’riyatni ulardan pok tutish lozim, deya ogohlantiradi ulug‘ shoir.
«Majolis un-nafois»da zikr etilgan yosh shoirlarning ko‘plari bilan Navoiy shaxsan tanish bo‘lgan, suhbat qilib, sinab ko‘rgan, xulqini kuzatgan. Lekin shoir o‘zi tanimagan — «emdi paydo bo‘lg‘on» yoshlarning she’rlari haqida ham fikr yuritib, xolisona baholaydi va ular ijodiga rivoj — oq yo‘l tilaydi. Bu jihatdan ham ulug‘ ustozning tutgan yo‘li ibratlidir. Chunki ustoz oq yo‘l tilaganda yosh ijodkorning yutuqlari bilan birga qusurlarini ham ko‘rsatar, kelgusida qusurlardan qutilish choralarini tavsiya etar edi.
Alisher Navoiyning yana bir odati g‘oyat ibratlidir. U yangi paydo bo‘lgan iste’dodli yoshlarni huzuriga chaqirib suhbatlashgan, sinovdan o‘tkazgan. Bunga iste’dodli adib Zayniddin Vosifiyning «Badoye’ul vaqoye’» asarida keltirilgan voqea g‘oyat ibratlidir. Adib o‘zining boshidan o‘tgan sarguzashtni hikoya qilgan. Vosifiy yoshligidan murakkab ma’noli asarlarni sevib o‘qir ekan, ayniqsa, kishi ismlari yashiringan «muammo» janriga qiziqib, ko‘plab muammolarni yechgan, bir nechta ustozlardan ta’lim olgan. Uning qarindoshi Sohib Doro Amir Alisher Navoiyning mulozimi bo‘lgan. Sohib Doroning qayd qilishicha, «Amir Alisher har kuni faqirni chaqirib, bugun bu shaharda (ya’ni Hirotda) bo‘lib o‘tgan ajoyib va g‘aroyib nima ko‘rding yoki eshitding, so‘zlab ber», deb so‘rar ekan. Sohib Doro ilmu adab dunyosida yetishib kelayotgan va nomi chiqqan iste’dodlar, yangi bitilgan kitoblar haqida gapirib bergan. Navbatdagi uchrashuvlaridan birida Vosifiy mahorati haqida gapirganda, Navoiy ertagayoq uni huzurimga keltir, deb ta’kidlaydi. Sohib Doro Vosifiy bilan birga yana uch yosh shoirni olib boradi. Vosifiy o‘zining hayajonlari, hazrat Navoiy siymosini ko‘rishga muyassar bo‘lganini to‘lqinlanib yozgan. Navoiy yosh yigitning bilimi, qobiliyatini yangi aytilgan bir muammo orqali sinamoqchi bo‘ladi. Vosifiy bu muammoni allaqachon yodlab olganini, ma’nosini bilishini aytganda, Navoiy tahsin aytib, yigitga oq yo‘l tilaydi.
Ushbu voqea hazrat Navoiyning qiziquvchanligi, Hirot adabiy hayotining gullashini bevosita nazorat qilib turgani, yoshlarga har jihatdan ko‘maklashishga o‘zining burchi, deb qaraganini ko‘rsatadi.
Bejiz emaski, Alisher Navoiy xoh boshlovchi, xoh tajribali shoir haqida gapirmasin, eng avvalo, ular asarining tili, badiiy san’atlarni ishlatishdagi novatorligi, fikrning ifoda usuli hamda obrazlar bilan qanchalik uyg‘un, mutanosib ekanligiga e’tibor beradi. She’rning ma’nosi deganda ulug‘ shoir yangi ifodalar orqali zavq bag‘ishlaydigan ta’sirchanlikni nazarda tutadi. Shoirning xayoloti, kuchli iboralari latif bo‘lsa — she’r shuncha «ko‘ngulga mahbub»dir. She’riy til alohida qonuniyatga ega, u «e’joz maqomida turishi» lozim. Ravonlik va latofat, serohanglik va serma’nolik, xullas, badiiy mukammallik hamma uchun birday talab mezonidir. Butun-butun dostonlarda bitta qofiya yo bir o‘xshatish noo‘rin bo‘lsa, tanqid qilinib, tuzatilishi talab etilgan. Bu shaklbozlik emas, balki so‘z san’ati uchun, badiiyat uchun kurash, go‘zallikni himoya qilish edi.
Alisher Navoiyning madaniyat va ma’naviyat, adabiyot taraqqiyoti uchun qilgan ishlari, yosh iste’dodlar tarbiyasiga g‘amxo‘rligi hozir ham ahamiyatli va ibratlidir.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 2-sonidan olindi.