Alisher Navoiy — buyuk shoir va mutafakkir zot. Bu haqiqat quyoshday barchaga ayon. Quyoshning ta’rifini takrorlayverish esa, shart emas. Ammo ana shu buyuklik qudratining har bir asarda namoyon bo‘lishini tahlil qilib ko‘rsatish, ma’nolar jilosini anglash va undan huzurlanish, albatta, foydalidir. Chunonchi, shoirning mana bu g‘azalini olaylik:
Parizodeki mushkin zulfi jonim mustamand etmish, Maloyik qushlarin ul halqa mo‘lar birla band etmish. Samandinkim yolindek tez erur, yuz shukrkim, gardun Anga bizni samandarvash, munga gardi samand etmish. Chekarga ishq otashgohig‘a devona ko‘nglimni Qazo har bir sharar torini bir o‘tlug‘ kamand etmish. Vafog‘a telbaliqdin nopisand o‘lsam, oni ko‘rkim, Jafog‘a kimni menga ul paripaykar pisand etmish. Mayi ravshan tut, ey soqiyki, ko‘nglum tiyra qilmish shayx Damu afsun bila baskim anga izhori pand etmish. Labingda no‘shu zahri hajr og‘zimda, tong ermas gar Manga har zahrxand o‘lg‘onda dil bir no‘shxand etmish. Labi la’lin malohat xoli birla bahravar qilg‘on Mening jonimni dog‘i ishq birla bahramand etmish. Birovkim sarvdek ozodvash bo‘ldi bu bog‘ ichra, Qazo dehqoni ham sarsabz oni, ham sarbaland etmish. Navoiy, kech visol ummedidinkim, haq seni behad Zalilu zoru, yoringni azizu arjmand etmish.Ushbu g‘azal ajoyib dilrabo ohangi, romantik-armoniy tasvirlari, nihoyatda nozik irfoniy ma’nolari va shunga munosib timsol va tashbehlari bilan qalbni rom etadi. Har bir bayt — bir lavha: unda Yor jamoli vasfi yoki uning karashma-istig‘nolari va buning Oshiq diliga ta’siri ifodalangan. Shunga binoan, har bir bayt ichida tazodiy ma’no bor, ya’ni ma’shuqa o‘z husnu jamoli, jazbasi bilan mag‘rur, beparvo oshiq esa bu tengsiz husnga yetishish ishtiyoqida parvonadek talpinadi.
Navoiy tasvirida dunyoviy va ilohiy ma’nolar birga, biri ikkinchisini izohlab, to‘ldirib keladi. Boshqacha aytganda, obrazlar majoziy (dunyoviy), ma’nolar esa ilohiy.
Yaxshisi, har bir bayt ustida to‘xtab, buni ko‘zdan kechiramiz. Birinchi baytning zohiriy ma’nosi mana bunday: «Qora zulfi jonimni giriftor etgan parizod malaklarni o‘z zulfi halqalari tuzog‘iga ilintiribdi». Ammo ushbu baytning botiniy ma’nosi xiyla kengroq. Pari — xayoliy mahbuba, u odam qiyofasiga kirib, ko‘zga ko‘rinishi ham mumkin. Parizod — parining farzandi, demak, ya’ni xayoliy go‘zallik va husni jamol timsoli. Mushk — ohu kindigida qattiq yugurishdan qon dog‘lari yig‘ilib hosil bo‘ladigan xushbo‘y narsa. Zulf (soch) mushkka o‘xshatilar ekan, demak, uning‘ qoraligi va xushbo‘yligiga ishora qilinmoqda. Mustamand — giriftor etish, ojiz qilib qo‘yish. Maloyik qushlari — qanotli farishtalar. Halqa mo‘lar — soch buramlari. Biroq zulfning so‘fiyona ma’nosi ham bor. «Zulf — kasrat olami martabalari, kasrat olamiga xos juz’ va kull munosabatiga ishora. Zulfning halqalari — ilohiy sirlarning pinhonligi», deyiladi lug‘atlarda. Baytga shu nuqtai nazardan qaraydigan bo‘lsak, unda — parizod — ilohiyot olamining mazhari bo‘lgan nurli bir xilqat timsoli bo‘lib, uning zulfi (sochi) esa tajalliyot olami, ya’ni moddiy dunyo (kasrat olami ham deyiladi) bo‘ladi. Demak, Navoiy tasvirlamoqchi bo‘lgan oshiqning joni Ilohiyotga yetishish yo‘lida bu dunyoning ma’naviy martabalarini egallashga bel bog‘lagan solik ekan. Uning iztiroblari ham ana shu sirlarni dilda saqlab, martaba zinalaridan ko‘tarilishdir. Ilohiy mazhar bo‘lganligi uchun ham Parizod insonlar bilan birga, malaklarni ham bandu asir etgan.
Bu Parizodning mingan oti ham go‘yo nurdandir: chunki saman — sarg‘ish rangli (quyoshday) arg‘umoq. U yashinday tez yuguradi va alangaday ko‘k sari intiladi. Oshiq shu alangaga maftun — u o‘zini alanga ichidagi samandar(o‘t ichida tug‘ilib yashaydigan afsonaviy qush)ga va shu otning tuyog‘i ostidagi g‘uborga o‘xshatadi, bundan shodlanib, Tangriga shukrona aytadi. Ikkinchi baytdagi tasvir, ko‘rinib turibdiki, birinchi baytning mantiqiy davomi. Parizod zulfiga giriftor bo‘lgan oshiq o‘zini uning oti oyog‘i ostidagi g‘uborga va olovda yashaydigan samandar qushga o‘xshatadi. Oshiqlik — bu o‘zini olovga tashlash bilan barobar. Chunki ishq — olov, oshiq — samandar, ma’shuqa — nur manbai. Navoiy tasvirida bu tushunchalar o‘zaro aloqador bo‘lganligi sababli, g‘azalning uchinchi baytida mazkur g‘oya yana aniqroq ifodalangan: oshiqning devona ko‘nglini ishq otashxonasida toblash uchun qazo (taqdir) uchqunlar rishtasidan «o‘tlug‘ kamand» — olov arqoni yasabdir. Ajoyib tasvir! Diqqat qiling: olovli arqonlar bilan bog‘langan Oshiq Ko‘ngli olov ko‘rasida turibdi. Mubolag‘ami? To‘g‘ri, mubolag‘a, lekin ilohiy ishq kuchini ko‘rsatishga munosib tasvir.
Shundan keyin shoir to‘rtinchi baytda Yordan shikoyat qilib deydi: vafo yo‘lida telbalarday talpinganidan bee’tibor (nopisand) bo‘ldim, bu alam qilmaydi. Biroq «ul pari paykar»ning menga jafo berish uchun qazoni ravo ko‘rgani battar ezadi. Ha, Parvardigor bandalarini falak aylanishi, qazou qadar zulmi bilan sinov-imtihonlardan o‘tkazadi-da! Mana shu holatda solikka xonaqoh shayxi nasihat qilib, ovutmoqchi bo‘ladi. Oshiqni nasihat bilan ovutib bo‘ladimi? Ko‘ngilni ishqdan qaytarib bo‘ladimi? Yo‘q, bu mumkin emas. Oshiqlar maslagi bunga zid. Shu bois, Navoiyning lirik qahramoni shayxning pandu nasihatini «damu afsun» (sehrgarlik) deya, xonaqohni tark etib, mayxonaga — Komil inson (soqiy) huzuriga boradi va undan Ko‘ngulni ravshan qiladigan may — ilohiy fayz so‘raydi. Beshinchi baytda shu holat tasvirlangandan keyin, oltinchi baytda yana oshiqning ma’shuqaga murojaati davom ettiriladi.
Bu baytda: «lab» — rahmoniy nafasni, «no‘sh» — ilohiy so‘z — lazzat, pir so‘zini anglatib keladi. Piri Komilning yoki nurli siymo — Parizodning nafasini qo‘msagan oshiq (solik) dilini hijron qiynaydi, hijron go‘yo zahar. Ammo ma’shuqaning zaharxandi (achchiq kulgusi, kesatiqlari) oshiq uchun no‘shxand — rohat-farog‘at va huzurbaxsh lazzatdir. Lab haqidagi fikr yettinchi baytda davom ettirilgan. Bunda endi labi la’l, malohat, xol so‘zlari qo‘llaniladiki, bularning har biri bir orifona-falsafiy ma’noga ega.
«Labi la’l» — vujudni qamrab oladigan chuqur ma’noli so‘z, ilohiy kalom. «Xol» — vahdat nuqtasi, kasratning oxiri, Mutlaq zotning vahdatiga ishora. «Malohat» esa ilohiy kamolning benihoyaligi, ado bo‘lmaydigan fayzu futuhdir.
Lekin bu sifatlar ma’shuqaga nisbat berilgan sifatlardir. Agar buni jamlasak, Komil inson vasfi kelib chiqadi. Chunki faqat Komil insongina ilohiy kamolning bepoyonligini idrok etib, ilohiy fayz va rahmoniy nafasni mujassamlashtira oladi hamda buni o‘zgalarga yetkazadi. Alloh taolo Komil insonlarni o‘z nurining mazhariga aylantirgan, boshqalar ularga qarab Alloh buyukligi, jamol va jalolini his etadilar. Shunday zotlarni yaratgan Alloh ularga yuz minglab jonlarni oshiq qilib qo‘yibdi, toki kamolot bir zanjirday davomli bo‘lsin va hech vaqt uzilmasin, deb. Ammo baytning zohiriy ma’nosi ham nazardan chetda emas: sohibjamol bir dilbarning surati ko‘z oldingizda namoyon bo‘ldiki, unga dil bog‘lagan sof ko‘ngil insonlar ham ma’naviy bahra oladilar. Sakkizinchi bayt nurli siymo Yorga madhiyadir. Sarv — Komil inson haykali, qazo dehqoni — Parvardigori olam. Kamolotga intilgan, dunyodan ozod bo‘lib, ilohiy ma’rifatga to‘lishgan odamni Xudo ham qo‘llaydi va uni O‘z rahmat suyi bilan parvarish etadi. Asosiy g‘oya mana shu.
Yakunlovchi to‘qqizinchi baytda Navoiy ma’shuqa va oshiq — Komil zot va unga intilgan solik qiyosini oxiriga yetkazib, ideal timsolga yetishishning mushkilligini bayon etgan. Chunki Haq taolo oshiqni zoru ojiz, ma’shuqani esa azizu arjmand etgan. Bu — taqdir, oshiq taqdiri. Oshiq shu uchun ham har doim o‘zini xoksor, kamtar va talabgor his etadi. Oshiq nuqsondan kamolga qarab boruvchi, ma’shuqa bo‘lsa — kamol tajassumi.
Ushbu g‘azal «Nasrulloyi» kuyi bilan qiyomiga yetkazib ijro etilganda kishi o‘zini osmonu falakda his etadi. Go‘e parizodlar nurli zulflarin yozib, ilohiy tajalliy timsoli o‘laroq, poklik va mutlaq go‘zallikka tashna dillarni o‘ynayotganday, olamning behudud siru asrorini tushuntirayotganday bo‘ladilar. Bundan huzurlangan dillar so‘z sehrkori Alisher Navoiyday zotning ruhini alqab, duolar qiladilar.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 6-sonidan olindi.