Murakkab adabiy va ilmiy-irfoniy asarlarni sharhlash bizda qadimiy an’ana. Ibn Sino, Ibn Arabiy, Jaloliddin Rumiy, Xo‘ja Hofiz, Mirzo Bedil asarlari turli davrlarda sharhlanib tushuntirilgan. Ba’zan alohida asarlar, ba’zan butun-butun devonlar yoxud alohida olingan asarlar (masalan, Sa’diy Sheroziyning “Guliston” asari) ma’no-mazmuni, ibora va istilohlari tushuntirilgan. Bu, birinchidan, mashhur asarlar g‘oyalari, ma’nosini soddaroq tarzda keng o‘quvchilarga taqdim etishga ko‘maklashsa, ikkinchidan, shu bahonada yangi-yangi asarlarning yaratilishi, o‘lmas insoniy tuyg‘ular, tafakkur va aqliy-ijodiy kashfiyotlarning rivoji, to‘lishib borishiga sabab bo‘lgan.
Ulug‘ o‘zbek shoiri Nizomiddin Alisher Navoiy asarlari asrlar davomida turli darajada, turli tillarda izohlanib, sharhlanib kelingan. Bu uning o‘lmas g‘oyalaridan keng ommaning zavqlanishga ko‘maklashgan, ta’lim-tarbiyada muhim rol o‘ynagan.
Badiiy asar, jumladan, g‘azalni sharhlashning o‘z talablari bor. Birinchi shart shuki, sharh bu hamma vaqt asarning o‘zini anglash uchun yordamchi vosita, u hech qachon shoir asarining o‘rnini bosa olmaydi. Sharh, shu kabi, tom ma’nodagi adabiy tanqid yoxud tadqiqot ham emas, garchi unda tadqiqotiy va interpretatsion xususiyatlar bo‘lsa ham, sharhning bosh maqsadi, ta’kidlaganimizday, asarning (jumladan g‘azalning) qiyin iboralari, ko‘p ma’noli murakkab o‘rinlarini soddaroq qilib tushuntirishdir. Shunday bo‘lgach, qadimgi sharhlarda ko‘proq istilohlar, tasavvufiy-irfoniy iboralarning mag‘zini chaqishga e’tibor qilingan. Shu kabi asardan-asarga, davrdan-davrga o‘tib kelgan tushunchalarning ma’no o‘zgarishlari, timsol va tamsillar izohlangan. Bunda dastlab so‘zlarning lug‘aviy ma’nosi, so‘ngra tamsil (obraz) sifatidagi roli, keyin shu asosda shakllangan ma’no jilolari, original badiiy nafosati, ifodaviylik jozibasi haqida gapirilgan.
Biz ham Alisher Navoiy g‘azallarini sharhlaganda shu usuldan foydalandik, ya’ni: 1)asar tilidagi hozirgi kitobxonga tushunilishi qiyin so‘zlar lug‘atini berish; 2) baytlarning nasriy bayonini taqdim etish va 3) g‘azalning umumiy mazmun-ma’nosi, badiiy xususiyatlari ustida mulohaza yuritish. O‘ylaymizki, bu ancha qulay usul bo‘lib, amaliy ahamiyati ko‘proq.
Endi bir ikki og‘iz so‘z g‘azal xususiyatlari va g‘azalni o‘qish, undagi so‘zlarni talaffuz etish haqida. Zero, g‘azaldagi ma’nolarni tushunish bilan birga g‘azalni o‘z vazni-ohangi bilan o‘qish, talaffuz etish ham juda muhim. Aslini olganda, g‘azalni tushunmay, undagi satrlarni to‘g‘ri o‘qish amri mahol, shu kabi har bir g‘azal o‘z vazni bilan o‘qilmasa, undagi ma’nolar yorqin va ta’sirchan chiqmaydi. Voqean, g‘azal – bu musiqa, shu bois undagi so‘z va iboralar ham nozik, nafis, dilrabo. Bitta so‘zgina emas, bitta tovush yoki qo‘shimcha noto‘g‘ri talaffuz etilsa, ohangiga tushmasa, butun asarning ohori to‘kiladi, g‘alizlik va dag‘allik yuz beradi. G‘azal, ayniqsa, Alisher Navoiy g‘azallari g‘oyat san’atkorona to‘qilgan harir matoga o‘xshaydi, undagi ayni shu nafislik, kuy maromini ozgina buzsangiz, so‘zni belgilangan bahr talabiga rioya qilmasdan talaffuz etsangiz, harir mato chok-chokidan sitilib ketadi. Esdan chiqarmaylikki, Navoiy g‘azallarining aksari ramal (foilotul, foilotul…) va hazaj (mafoyilun, mafoyilun…) bahrlarida yozilgan. Muallif buni o‘zining “Mezon ul-avzon” asarida alohida qayd etib, har bir bahrning imkoniyat va xususiyatlari, turkiy tilni aruzga tushirish yo‘llarini belgilab bergan.
Alisher Navoiy asarlarining vazn xususiyatlari haqida professorlar A.Hojiahmedov, A.A’zamov, D.Salohiy, N.Jabborov, B.To‘xliyev, dotsent I.Adizova yaxshi tadqiqotlar olib borib, talabalarga yordam beradigan foydali amaliy maslahatlarni bayon etganlar.
Ammo shunga qaramay, radio va televideniye eshittirishlariga, yosh hofizlarning mumtoz qo‘shiqlarni ijro etishlariga diqqat qilsak, Navoiy, Bobur, Mashrab, Ogahiy g‘azallaridagi so‘z va iboralarning buzib aytilishi, aruziy ohangga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan xonish va deklamatsiyalar shohidi bo‘lamiz. Bu kishini xafa qiladi. Aftidan, nafaqat filolog tolibi ilmlar, balki jurnalistlar, teatr aktyorlari, san’at dargohlarida tahsil oluvchilar, ayniqsa konservatoriya talabalari mumtoz she’riyatni o‘qish, kuyga solib aytish, xirgoyi qilish, so‘zlarini talaffuz etishni jiddiy o‘rganishlari lozim. Kuzatishlar g‘azalni o‘qish va kuylashda quyidagi kamchiliklar borligini ko‘rsatmoqda. Chunonchi:
1.Aruz vaznini bilmaganlik oqibatida asarni barmoq vazniga solib o‘qish.
2.G‘azaldagi barcha so‘zlarni sidirg‘asiga sun’iy ravishda cho‘zib o‘qish.
3.Aruzning turli bahrlarida yozilgan g‘azallarni bir xil bahrda talaffuz qilib, ohanglar rang-barangligi, har bir asarga xos jiloni yo‘qotish.
4.Asardagi so‘zlar va iboralar, mumtoz she’riyatga xos til xususiyatlarini buzish.
Avvalo, shuni ta’kidlash joizki, aruz vaznida yozilgan asarlar, ayniqsa g‘azallar mayin, ohista o‘qishni talab qiladi, asar so‘zlaridagi har bir bo‘g‘inga urg‘u berish, baland ovozda zo‘r berib (ba’zan qichqirib) o‘qish mumkin emas. Bu aruz vazni tabiatiga ziddir. G‘azal latif va nozik ma’noli janr bo‘lganligi uchun uni nafaqat kuyga solib, qo‘shiq qilib kuylaganda, balki qiroat qilib o‘qiganda ham ana shu mayin, nafis ohang buzilmasligi lozim. Buning uchun esa aruz vazni, uning bahrlaridan yaxshi xabardor bo‘lish talab qilinadi. Negaki, aynan, “foilotun”, “mafoilun”, “mustaf’ilun”, “faylun” kabi shartli talaffuz o‘lchovlari, ularning o‘zaro aloqasi, qanday tovushlardan tuzilganini bilgan odamgina so‘zlardagi tovushlarning qisqa va cho‘ziqligini anglab yetadi, tovushlar kombinatsiyasidan hosil bo‘lgan bahrni ilg‘ab oladi. Aruzda so‘zlardagi tovush va bo‘g‘inlar ba’zan alohida bir-biri bilan qo‘shilib talaffuz etiladi.
Chunonchi, Navoiyning quyidagi mashhur baytini olaylik:
Orazing yopqoch ko‘zumdin to‘kilur har lahza yosh, O‘ylakim paydo bo‘lur yulduz nihon bo‘lg‘och quyosh.Ramali musammani maqsur (foilotun, foilotun, foilotun, foilun) bahrida yozilgan ushbu bayt so‘zlarining taqte’i (foilotunlarga taqsimlanishi) quyidagicha:
O–ra–zing–yop/qoch–ko‘–zum–din/to‘–ki–lur–har/lah–za–yosh Fo–i–lo–tun/fo–i–lo–tun/fo–i–lo–tun/fo–i–lun O‘y–la–kim–pay/do–bo‘–lur–yul/duz–ni-hon–bo‘l/g‘och–qu–yosh Fo–i–lo–tun/fo–i–lo–tun/fo–i–lo–tun/fo–i–lunKo‘rinadiki, vazn chorcho‘basiga tushirish uchun yopqoch, paydo, yulduz, bo‘lg‘och so‘zlarining avvalgi bo‘g‘inlari o‘zidan oldingi so‘zga qo‘shib talaffuz qilinishi kerak. Ammo bu tabiiy va ravon chiqishi, sun’iylik yuz bermasligi lozim.
Endi tovushlarni cho‘zib talaffuz qilish hodisasiga kelsak, albatta, aruz vaznida yozilgan she’rlarda bu jihatga e’tibor qilish lozim. Lekin bu hamma unli tovushlar cho‘zib talaffuz qilinadi, degani emas. Chunonchi, forsiy va turkiy mumtoz she’riyatda ko‘pincha “o”, “i”, “e”, “u” unlilari bahr talabiga qarab ba’zi joyda cho‘ziq talaffuz etilsa (ya’ni bir yarim yoxud ikki bo‘g‘in o‘rnida), ba’zi bir o‘rinda oddiy qisqa bo‘g‘in tarzida talaffuz qilinadi. Chunonchi, “Bo‘lmasa ishq ikki jahon bo‘lmasun” misrasida ishq so‘zi bir bo‘g‘in sifatida talaffuz qilinsa, “Ishq erur durru ko‘ngul durj anga” misrasida ishq so‘zi cho‘zib (bir yarim bo‘g‘in hajmida) talaffuz qilinadi. Shu kabi Navoiy “Layli va Majnun” dostonidagi “Ey ishq, g‘arib kimyosen” misrasidagi ishq so‘zi ham ikki bo‘g‘in hajmida cho‘zib aytiladi. Ta’kidlash kerakki, osmon, ofoq, ostona, mohpaykar, mohro‘, oshno kabi so‘zlardagi “o” unlisi ko‘p hollarda cho‘zib talaffuz qilinadi. Shuningdek, yopiq bo‘g‘inlar va oxirida ikki undosh yonma-yon kelgan so‘zlar ham aruziy she’rda cho‘zib aytiladi. Masalan, do‘st, arjmand, sudmand, mustamand kabi so‘zlar shular sirasiga kiradi.
Endi turkiy tildagi “a” tovushi haqida. Fors va arab tillarida “a” qisqa unli hisoblansa, turkiy she’riyatda u goh qisqa, gohida cho‘ziq unli o‘rnida keladi. Ayniqsa, Navoiy devonlarida buni sezish qiyin emas. Shoirning:
Ko‘rgali husningni zoru mubtalo bo‘ldum sanga, Ne balolig‘ kun edikim oshno bo‘ldum sanga —baytining taqte’i: foilotun, foilotun, foilotun, foilun. Ya’ni, ramali musammani maqsur bahrida yozilgan. Bizni qiziqtirayotgan narsa shuki, bayt radifidagi sanga so‘zining oxirgi unlisi “a” cho‘ziq unli sifatida qo‘llanilmoqda. Demak, bunda “a” tovushi “o” o‘rnida kelgan. Shunga asosan, sanga so‘zini sango deb yozish ham mumkin. Bunday so‘zlarda diqqatni tortadigan yana bir narsa shuki, “ng” tarzida ikki undosh bilan yoziladigan tovush aslida bir undosh(n)dir va u bir tovush sifatida talaffuz qilinadi.
Albatta, bu yerda aruz bahrlarining barcha qoidalari ustida to‘xtamoqchi emasmiz. Biroq mumtoz she’riyatimizda aruz vazni talabi bilan uzoq yillar an’ana sifatida shakllanib qolgan jihatlarga qisqa to‘xtab o‘tishni joiz deb hisoblaymiz. Bular quyidagilardan iborat:
1)Ikki xil ko‘rinishda talaffuz qilinadigan so‘zlar. Chunonchi: gah-goh, shah-shoh, mah-moh, ne-na, bo‘lur-o‘lur, edi-erdi, dag‘a-dog‘i, yana-yona, barcha-borcha, Alloh-Olloh, yara-yora, kofir-kofar, bilan-bila-ila, uchun-chun, Muso-Musiy, Iso-Isiy, Faredun-Afredun, Iskandar-Skandar, Layli-Laylo, barahmon-barhaman, guliston-gulsiton va hokazo. Shu kabi tashdid-ikki undosh yonma-yon kelgan ikki, yetti, sakkiz, to‘qqiz, sirr, durr kabi so‘zlar vazn talabi bilan ba’zan iki, yeti, to‘qiz, sir, dur shaklida yozilishi ham mumkin.
2) Ayrim atoqli otlar va qo‘shimchalarni qisqartirib aytish. Masalan: Jamshid-Jam, Jabroil-Jibril, Habibulloh-Habib, agar-gar-ar, lekin-lek, koshki-kosh, balki-bal kabi.
3)Singarmanizm (unlilar muvofiqligi) hodisasining to‘liq amal qilishi: bo‘lur, etub, bo‘lubtur, ko‘zum, o‘qung, ko‘ngul va hokazo.
4)Uyushuq bo‘laklar ketma-ketligida “va” bog‘lovchisi hamma vaqt “u” deb talaffuz qilinadi.
5)Mumtoz adabiyotda Xitoy mamlakati Xito (yoki Chin), Armaniston — Arman, Yevropa — Farang, Uyg‘uriston — Xuton, Turkiya — Rum (Rumo) tarzida, qadimgi yunon olimlari nomi arabiylashgan shaklda (Arastu, Aflotun kabi) keltirilgan.
G‘azalni o‘qish “yoyi vahdat” (e) bilan keladigan so‘zlar ba’zan “i” deb, aksincha izofa bo‘lib kelgan “i”ni “e” deb o‘qish ham g‘azal ma’nosining buzib talqin qilinishiga sabab bo‘lmoqda. “Yoyi vahdat” (e) bir kishi yo bir narsaga ishoradir. Izofa bo‘lib kelgan “i” esa –ning qo‘shimchasi(qaratqich kelishigi)ga to‘g‘ri keladi. Masalan: “Vahdate bo‘lg‘ay muyassar jom bila may ichrakim, jomu may lafzin degon bir so‘z ila qilg‘ay ado” baytining ma’nosi quyidagicha: “Jom bilan may orasida shunday bir birlashuv, yagonalashuv hosil bo‘ldiki, jom bilan may so‘zlarini bir so‘z bilan ifodalash mumkin bo‘ladi, ya’ni ularning ma’nosi bir tushunchada mujassamlashadi”. Agar bu baytning birinchi so‘zini “vahdati” tarzida o‘qisak, hech bir ma’no chiqmaydi.
Navoiyning “Qaro ko‘zum” deb boshlanadigan g‘azali Toshkent iroqi kuyida ashula qilib ijro etilishini bilamiz. Ba’zi xonandalar g‘azalning “Navoiy, anjumani shavq jon aro tuzsang, oning bashoqliq o‘qin sham’i anjuman qilg‘il” degan maqta’idagi “anjumani shavq”ni “anjumanu shavq”, “sham’i anjuman”ni “sham’u anjuman” tarzida buzib talaffuz qiladilar. Nihoyatda qo‘pol xato bu! “Anjumani shavq” shavqu zavq, ruhiy ko‘tarinkilik yig‘ini. Anjumanu shavq-chi? Yig‘ilish va shavq demak. Ma’no yo‘qolgan, g‘azal tarovati, shoir hislari butunlay yo‘qolgan. Shu kabi sham’u anjuman birikmasi (sham’ va yig‘in) hech bir ma’no ifodalamaydi.
Yoki Zebuniso g‘azali bilan aytiladigan “Samarqand ushshog‘i”ni olaylik. G‘azalning oxirgi bayti quyidagicha:
Zakoti husn agar medihi baroi xudo, Biyo ki Zebuniso hamchu man gado injast.(Xudo yo‘lida husn zakotini bermoqchi bo‘lsang, Kelginki Zebuniso men kabi gado bundadir).
Bu qo‘shiqni o‘ndan ortiq xonandalar ijro etadilar, ammo hammasi husn so‘zini husni deb talaffuz qiladilar. Endi diqqat qiling: zakoti husni iborasidan na tojik tilida, na o‘zbek tilida biror ma’no chiqmaydi. Hamma gap shundaki, qo‘shiqni dastlab ijro etgan kishi husn so‘zini cho‘zib ikki bor talaffuz etgan. Bu – aruz vazni talabi, shunday qilmasa ohang butun bo‘lmaydi. Keyingi ijrochilar bu cho‘ziqlikni “i” deb shu andoza bilan talaffuz qilishga odatlanganlar. Ulardan loaqal birortasi shoiraning kitobini varaqlab o‘qimagan, bir-biridan o‘zlashtirib, xatoni takrorlab kelmoqdalar.
Shuningdek, g‘azaldagi so‘zlarni hozirgi ko‘rinishda talaffuz qilish ham ohangni buzishga olib keladi. Sham’ni sham, g‘ayrni g‘ayir, vaslni vasil, tama’ni tama, sur’atni surat (yoki aksincha), qat’ni qat, man’ni man tarzida o‘qib, ham so‘z ma’nosi va ham vaznni buzuvchi “g‘azalxonlar” ancha. “Sha’i shabston” deyish o‘rniga “Shami shabiston” deyish mahbuba jamoli ta’rifida aytilgan ibora o‘rniga rangsiz, ta’sirsiz tashbehni taqdim etish bilan barobar.
Shu tariqa, mumtoz she’riyat, jumladan, Navoiy g‘azallarining o‘ziga xos tili, tasviriy vositalari va aruziy ohanglarga muvofiqlashtirilgan jihatlari bor. Navoiy g‘azaliyotida aruz vaznining ramal va hazaj bahrlari ko‘p qo‘llanilgan dedik. Ayniqsa, ramal bahrida yozilgan g‘azallar ko‘pchilikni tashkil etadi, aytish mumkinki, devonlarning qariyb yarmi shu bahrda yozilgan g‘azallardan iborat. Shunga qaramay, har bir g‘azalning mazmun-ma’nosidan kelib chiqadigan ritmiy xususiyati bor, har biri alohida joziba va ta’sir kuchiga ega.
Bularni yozishdan maqsad shuki, biz o‘sib kelayotgan avlodga mumtoz she’riyatni anglash, undan ruhiy lazzatlanishni o‘rgatar ekanmiz, g‘azal, ruboiy, dostonlarning har birini o‘z vazni-ohangida o‘qish lozimligidan, g‘azal mutolaasi qanday bo‘lishidan ham saboq berib borishimiz lozim. Maktab va oliy o‘quv yurtlarida adabiyot darslari, to‘garaklarda shunga e’tibor qilinsa yaxshi bo‘lardi. Shu kabi radio va televideniye kanallarida, teatr sahnalarida chiqish qiladigan g‘azalxon boshlovchilar, suxandonlarni tarbiyalash lozim. Ayniqsa, mumtoz qo‘shiqlarni ijro etuvchi xonandalarni bu jihatdan puxta savodxon qilish kerak. Ular Lutfiy, Navoiy, Bobur, Mashrab g‘azallarini ohangi bilan ifodali o‘qish mahoratini egallashlari shart. Bo‘lajak hofiz nafaqat musiqa chalishni, notani bilishi, balki ayni vaqtda doimiy ravishda she’riy asarlarni o‘qib borishi, so‘z san’atining chinakam muxlisi bo‘lishi darkor. Shunda uning qo‘shig‘i yana ta’sirchan, diltortar bo‘ladi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 39-sonidan olindi.