“Ha!”, adabiyot tarbiya vositasi. Buni tan olmaslikni men adabiy bodilik, deb tushunaman. To‘g‘ri, adabiyot muallim yoki ota-ona kabi bevosita tarbiya bilan shug‘ullanmaydi, ammo u tuyg‘uni, didni, ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi tasavvur chegarasini, ko‘ngil va qalbni tarbiyalaydi. Shuning uchun u tarbiya vositasidir. Insoniyatning bugungi ko‘plab fojiasi ma’lum ma’noda adabiyotdan uzoqlashishi yoki u bilan qalblarini tarbiyalamay qo‘ygani bilan bog‘liq ekani dunyo allomalari o‘rtasida tahlil qilingan va qilinayapti. San’at, jumladan, adabiyot tarbiyalamagan qalb vahshiylikka, yovuzlikka, tubanlikka moyil qalbdir. Chunki adabiyot bilan to‘lgan qalbga yovuzlik kirib olishi qiyin kechadi, ko‘ngil mayli yovuzlik tomonga o‘tishdan oldin u yerda adabiyot bunyod etgan qo‘rg‘onlarni, qal’alarni buzib tashlashiga to‘g‘ri keladi. Adabiyot bilan to‘yingan qalb, ong – poydevori mustahkam binoga o‘xshaydi. U zalolatga boshlovchi ko‘plab zilzilalarga dosh bera oladi. Adabiyot va san’at tarbiyalamagan qalb “eng past balli silkinishlarga” dosh berolmay, to‘kilib ketadi. Bu – asrlar osha isbotlangan haqiqat. Adabiyotning kishilik ongu tafakkurida, ma’naviy olami, madaniy taraqqiyotida tutgan o‘rnidan xabari bor, kalom san’atining nima uchun paydo bo‘lgani-yu uning bosh vazifasi nimaligini bilganlarga bu gaplarni gapirib o‘tirish ortiqchaday tuyulishi mumkin. Ammo xavotir-savol bekorga qo‘yilgani yo‘q, aftidan. XXI asrga kelib, adabiyotning hayotda, ijtimoiy munosabatlarda, ommaviy e’tiroflarda, tarbiyada, “olomonchilik didi hukmron didga aylangan” (Ortega Gasset) pallada ochiqchasiga shubha qilinayotgani tufayli bir og‘iz “Ha!” deb qo‘yishning o‘zi ham yetarli emasga o‘xshaydi. Tan olish qanchalik og‘ir va achinarli bo‘lmasin, adabiyot bugungi kunda o‘zining ellik yil oldingi o‘rnini butunlay olomon didiga – Herman Hessening 1943 yilda yozilgan “Biser o‘yini” romanida tilga olingan ommaviy madaniyat unsurlariga bo‘shatib berayotgani ayni haqiqat. (Romandagi asosiy voqea 2200 yilda yuz beradi. Olis kelajakning tarixchi roviysi o‘z davridan turib, bosh qahramon Knext nuqtai nazaridan kelib chiqib, o‘tmish – XX asr madaniy hayoti va jamiyatini ilmiy, falsafiy-psixologik tahlil qiladi. XX asr “feltonchilik”, bugungi til bilan aytilganda, ommaviy madaniyat gullab-yashnagan davr. Bu davrda odamlarni olomonchilik kayfiyati o‘z changaliga olgan. Asar roviysi bu kayfiyatni “feltonchilik” madaniyati, deb ataydi. “Felton” nemis tilida “ko‘ngilochar”, “ermak” degan ma’nolarni beradi. Odamlar yuksak tuyg‘ular, yuksak maqsadlar qolib, hayotlarini ermak va ko‘ngilochar faoliyat bilan o‘tkazishadi. Gazetalar, ommaviy matbuot, kitoblar, asarlar, san’at namunalari ana shu maqsadda yaratiladi. Bu davr olimlari ham haqiqiy ilm bilan emas, “Fridrix Nitsshening ayollarga munosabati”, “Rossinining sevimli taomi”, “Bo‘ydoq bo‘lishning o‘ziga xos fazilatlari” kabi tadqiqotlar, to‘g‘rirog‘i, oldi-qochdilar bilan shug‘ullanishadi. Omma maishiy va ermak madaniyatga mukkasidan ketgan. Jamiyat esa ularni eng keraksiz, hayot va go‘zallikka, insonning mohiyati va missiyasiga zid axborotlar bilan manipulyatsiya, mute qilib turadi. Bu davr odamlari bo‘sh qoldi deguncha yo oldi-qochdi o‘qishadi, yo turli shoular, masxarabozliklarni tomosha qilishadi, turli krossvordlar, skanvordlar va boshqa ermak o‘yinlar bilan mashg‘ul bo‘lishadi, san’at asari deb tomosha qiladiganlari, musiqa deb eshitadiganlari – barchasi shunchaki ermak, ko‘ngilxushlik, jazava, kun o‘tkazish vositalari, xolos. Bu o‘yinlarda insonni ma’nan boyitadigan, uni tozalaydigan, uni bani olam uyg‘unligiga, ruh va jism birligi – vahdat ul-vujudga undaydigan hech narsa yo‘q. Odamlar o‘zlarini iqtisodiy va siyosiy buhronlardan chalg‘itish uchun, ichlaridagi ertangi kun oldidagi xavotir va qo‘rquvlarini yashirish, o‘zlarini aldash uchun shunday faoliyat bilan mashg‘ul bo‘lishadi. Hesse roviy tilidan bunday madaniyat va jamiyat tanazzulga mahkum, deb xulosa chiqaradi.) Mabodo shunday ekan, bu xavotir va savol o‘z-o‘zidan tug‘ilgani yo‘q. Yigirma yilcha oldin Shukur Xolmirzayev ham “Adabiyot o‘ladimi?!” degan savol bilan chiqqandi. Garchi o‘sha payti hurmatli adibimizning o‘zi ham, shu bahsda ishtirok etganlar ham “Adabiyot o‘lmaydi!” degan o‘ta ko‘tarinki ruhdagi chiqishlar qilishgan bo‘lsa-da, adabiyot o‘zining ta’sir hududlarini, qamrov doirasini butun dunyoda o‘tgan yigirma yil ichida yana ham ko‘proq boy berdi. Chinakam san’at asarlari, chinakam adabiyot tor doiradagi kishilarning ko‘ngil ishlari, tashvish va kuyinishlari bo‘lib qolayotganini ko‘rib turibmiz. Bugungi didning olomonlashuvi va muammolarning globallashuvi davrida adabiyotga “tarbiya vositasi” sifatida qaralayotgani yo‘q. Chunki olomon bugun o‘zining ko‘ngil ermagini, ko‘ngil ehtiyojini boshqa vositalardan topib oldi – u bugun seriallar, oldi-qochdilar, shoular, mashshoq va masxarabozlarning tomoshalari bilan ovora. Chinakam adabiyotga ehtiyoj sezayotgani ham yo‘q. Uning didi, saviyasi, ruhi, tasavvuriga shou-biznes, tomoshalar, shov-shuvlar va seriallar “zeb” berayapti, o‘ziga moslashatirayapti. Hessening bashoratlari XXI asrga kelib o‘zining isbotini topmoqda. Achinarli bo‘lsa ham bugun dunyo adabiy didi, badiiy manzarasi shu holatda.
Aslida, didga, saviyaga, haqiqiy adabiyotga hamisha ham xuruj bo‘lib turgan. Aynan shu sababli ham biz yozilgan har bir asarni adabiyot, deb qabul qilolmaymiz. Adabiyotning o‘z qonunlari va talablari bor. Ana shu qonunga va talabga bo‘ysunmaganlar adabiyot bo‘lolmaydi. Shulardan eng birinchi talab – adabiyot hamisha ezgulik tarafida bo‘lgan va ezgulikni himoya qilgan, ruhni ezgulik tomon boshlagan. Ana shu birlamchi qoidaga amal qilinmagan bo‘lsa, bunday asarni adabiyot, deb bo‘lmaydi. Tarixda yozganlarini adabiy asar sifatida e’tirof etishlarini istaganlar xohlagancha topiladi. Adabiyotning bosh vazifasiga to‘g‘ri kelmaganlarni vaqt, baribir, o‘chirib tashlayvergan. Ammo bu yerda adabiyotni qabul qilish o‘quvchining saviyasiga, yoshiga va idrokiga bog‘liqligini inkor qilib bo‘lmaydi. Kafka bilan Kiplingni, Folkner bilan Mark Tvenni bir xil qabul qilib bo‘lmaydi. Kafka bilan Folkner o‘quvchidan ma’lum bir tayyorgarlikni, siz aytmoqchi bo‘lgan, “xoslik”ni talab qiladi. Shu sababli Kafka va Folknerni maktab o‘quvchisiga tavsiya qilish, agar u alohida qobiliyat egasi bo‘lmasa, bola ruhiyatini sindirishdan boshqa narsa emas. Kafka, Folkner asarlaridagi “ezgulik” o‘zini idroki baland o‘quvchiga namoyon qila oladi. Oddiy asarga ko‘nikkan o‘quvchida noxush taassurot, hatto teskari ta’sir o‘tkazishi ham mumkin. Siz aytgan yoshlar hali dunyo adabiyoti oqimlari va uslublarining farqiga bormay turib, inkor ta’siriga tushib qolgan o‘quvchilar. Lekin bu holat Kafkaning ham, Folknerning ham aybi emas, balki ularni hazm qilolmagan, ular haqida to‘laqonli bilimga ega bo‘lmagan o‘quvchilarning aybidir.
Shu sababli keyingi uch yuz yil ichida, o‘sha siz aytgan de Saddan tortib, Kazanovu Mazoxlarning nahs va tubanlikdan, insonni tahqirlashdan lazzat olish hissi to‘lib toshgan yozmishlarini “ijod namunasi”, deb tavsiya qilishganini ko‘z oldimizga keltirsak, unda adabiyotning bosh vazifasiga nisbatan ishonchsizlik uyg‘onishi tabiiydek tuyuladi. Umuman, so‘nggi uch yuz yillikda inson tabiat sirlarini o‘zlashtirgani, ilm-fan taraqqiy etgani, dunyo sirlari va inson anatomiyasi, ruhiy-botiniy dunyosi kashf etilgani sari adabiyot va san’atning ham asl vazifasidan chetlashish, yotlashishni “ijod” deb davo qilish yoki sharhlashga intilishlar ham shunchalik qamrovli va kuchli bo‘ldi. Fahsh, shahvat, zo‘rlik madh etib yozilgan yozishmalarni san’at asarlari, deb da’vo qilganlar ko‘paygani sari adabiyotning ham bosh va azaliy vazifasi atrofida shubha orta bordi. Bugungi kunda bu xavotir faqat sizning savollaringizda emas, butun dunyo adabiyoti va san’atida dolzarb masala sifatida kun tartibga qo‘yilmoqda. Shuning uchun biz voqelikka, hayotga tik qarashimiz va bor haqiqatni tan olishimiz kerakka o‘xshaydi. Gap shundaki, agar “adabiyot kerak emas, adabiyotning vazifasi tugadi”, degan tushkun kayfiyatni ifodalasak ham yoki “adabiyot tugagani yo‘q, u hali ham insonni tarbiyalashda, oldinga boshlashda davom etayapti, mayoq bo‘layapti”, deya umid qilsak ham, javobimiz bugungi so‘z san’atining holatiga to‘liq tashhis qo‘yolmaydi.
Aslida esa, ancha siyqa, jo‘n bo‘lsa-da, bor gap shu – adabiyot tarbiya vositasi. Buni inkor qilish tafakkurni, ongni, ma’naviyatni, insoniylikni, so‘zning muqaddasligini, umuman, insonning muqaddasligi va uni ilohiyat bilan bog‘lab turuvchi rishtalarni tan olmaslik, rad etish bilan barobardir.
Menimcha, bu savolga asl javob bizni, baribir, ijod o‘zi nima degan savol bilan ro‘baro‘ qilaveradi. Chunki haqiqiy adabiyot bu ijod mahsulidir. Ijod mahsuli bo‘lmagan narsa adabiyot bo‘lolmaydi. Shunday ekan, “ijod” o‘zi nima? Biz qay holatda asarni ijod mahsuli, deya olamiz? Ijodning hunarmandchilikdan farqi nima?! Qunt qilinsa, hunarni o‘rgansa, o‘zlashtirsa bo‘ladi. Biroq ijodni o‘zlashtirib, o‘rganib bo‘ladimi? Shu paytgacha “o‘rganib” ijodkor bo‘lganlarni eshitganimiz yo‘q. O‘rganib olim bo‘lishi mumkin, biroq ijodkor bo‘lolmaydi. Ijodkorlik insonda tug‘ma bo‘ladi. Buni hech kim inkor qilolmaydi. Mabodo, ijodkorlik kishida tug‘ma bo‘lar ekan, unda ijod qay ma’nodadir ilohiy hodisadir. Faqat bunday qobiliyati bor kishi uni yuzaga chiqishiga imkoniyat berishi qoladi, xolos. Imkoniyat esa bilimlar, o‘qib-o‘rganishlar, “99 foiz mehnat-mashaqqat” evaziga yaratiladi. Ijodkorlik asl Ma’noni o‘qiy olish va boshqalarga yetkaza olish qobiliyati deganidir. Ma’no – ezgulik shohsupasining so‘nggi pog‘onasidir. Bu xil qobiliyat inson vujudiga ruh bilan birga kiradi va hamisha yaxlitlikka, butunlikka, o‘zagiga, aslga qarab intiladi, odamdan ham shuni talab qiladi. Aynan shuning uchun ham ijodkorlik – ilohiyatga daxldorlikdir.
Olam butun edi, keyin parchalandi, zarralarga bo‘linib ketdi. Zarralarga bo‘linish hamma fojianing asosi bo‘ldi. Dunyo ana shu parchalanishning uqubat va buhronlarini boshdan kechirayapti. Ijod esa zarralarni butunlikka tomon undaydi, yaxlitlikka, birikishga boradigan yo‘llarni ko‘rsatadi, tahlil qiladi. Ana shu yaxlitlikka undashi bilan u yaratgan mahsulotlarning hammasi tarbiyaviydir. Yaxlitlik va uyg‘unlikka undamagan barcha narsa tarbiyaga ham, insoniylikka ham ziddir.
Ijodkorlik ilohiy daxldorlik, ilohiy uyg‘unlikka boradigan yo‘l, ilohiy bog‘lanish, ilohiy anglanish, ilohiy go‘zallashish, ilohiy go‘zallikni tushuntirish, izohlash, sharhlash, barcha olamlarni, tabiat va nabototni, hayvonot va mavjudotni ruhan birlashtirib turadigan uyg‘unlik bilan bog‘lanish, birikishdir. Bu tushuncha bizni falak bilan, oy-yulduzlar, ko‘zimizga ko‘rinib turgan va ko‘rinmayotgan bani olam – chumolidan tortib, maysa-shabnamlar bilan bog‘lab turadi va ularni bizga, bizni ularga yashash uchun, anglash uchun, me’yor va muvozanatni saqlash, ilohiy rishtalarni his etib turish uchun mas’ul qilib qo‘yadi. Mana shu mas’uliyatni anglash va tan olishdan so‘nggina ijodkorlik boshlanadi. Ijodkorlik ana shu olamiy mas’uliyatni tushuntirib berish, go‘zallik tomon intilish, go‘zallikka, birlashishga, yaxlitlikka yo‘l izlash degani. Har qanday ijod mahsulotining tagzaminida shu izlash va izlanish turadi. Majozlar ham, obrazlar ham, badiiyat va poetika ham ana shu joyda uyg‘unlashadi, ulug‘lashadi, go‘zallashadi. Bu ilohiy vazifani tan olmaslik adabiyotni bosh vazifasidan chalg‘itaveradi. Yaxshi va yomon, yovuzlik va ezgulikka xizmat qiluvchi kitob degan tushunchalar ana shu mas’uliyat hissidan kelib chiqib baholanadi, xulosalanadi.
Ijodning mohiyatini anglamasak va ijodning ilohiyligini tan olmasak, adabiyotning vazifasi haqidagi barcha javoblarimiz puch va shunchaki vaysaqilik bo‘lib qolaveradi. Chunki xuddi falsafaning bosh masalasi kabi ijodkorlik, ijodni qanday tushunish va tushuntirish adabiyotni tushunishning ham birlamchi masalasidir. Eng avvalo, ijodni barchaga xos bo‘lgan taassurotdan, qiziqish va ehtirosdan, mayl va istaklardan, havas va ko‘nikmadan, hunar va, A.Qahhor aytganidek, “kosibchilikdan” farqlay olishimiz zarur. Shundagina adabiyotning, san’atning muqaddas vazifasini tasavvur qila olamiz va nimalar san’at bo‘ladi, nimalar bo‘lolmaydi, degan savolga javob bera olamiz. Chunki hunar mahsuli moddiylik, ijod mahsuli esa ruhoniylikka o‘xshaydi: biri – tirikchilik ehtiyojini qondiradi, ikkinchisi – qalb, ruh ehtiyojini. Shu jihati bilan u ilohiy hodisadir. Bugun bizga “ijod mahsuli” deb tavsiya qilinayotgan ko‘plab ma’naviy mahsulotlar, aslida, ustasi farang bo‘lgan sanoatchilar va turli hunarlarning mahsulotlaridir. Bugun o‘zini ijod namunalari sifatida ko‘rsatayotgan, bu namunalarni shov-shuvlar bilan e’tirof ettirayotgan butun boshli tijorat, reklama, manipulyatsiya sanoati ishlayapti. Bu ulkan industriya de Sadlarni ham ortda qoldirmoqda. Bugun ular butun boshli shahar aholisini kiprik qoqmay, zavq bilan qirib tashlaydigan superqahramonlarni, fahshni go‘zallikdan bahra olish deb talqin qiladigan va faxrlanadiganlarni, odamlarning cho‘ntaklarini o‘margani, odam o‘ldirgani uchun qahramonlik sifatida talqin etiluvchilarni yaratmoqda, bu mahsulotlar insoniyat minglab yillar sayqal bergan fazilatlarni vayron qilish, puturdan ketkazish, insonni mohiyatdan uzib qo‘yish, san’atning asosiy mazmuni bo‘lgan gumanizmdan chekinish bilan shug‘ullanishyapti. Bu mahsulotlar ham, bu qahramonlarning ma’naviy dunyosi ham, aslida, ijodning tub mohiyatiga zid. Ammo ular bugungi zamonning qahramonlari sifatida talqin etilayapti va shu talqin bilanoq ijod ham, uning ilohiy zavqi ham ommaviy tarzda inkor qilinmoqda. Ezgulik, shafqat, mehru muhabbat, go‘zallik, insonparvarlik uchun kurashgan qahramonlar bugun eskilik qoldig‘iga aylanish arafasida turibdi. Bu qahramonlarni haqiqiy ijod yaratayotgani yo‘q, badiiylashgan sanoat yaratyapti. Boshqacha aytganda, turli manfaatlarga xizmat qilayotgan ijoddan xoli “hunarmandlar san’ati” paydo bo‘layapti. Bugun bu kabi “kosibchilik” mahsuloti bo‘lgan kitoblar ham to‘lib toshib yotibdi. Shu tufayli ham siz qo‘lingizga olgan nashr “yomon kitob” yoki “yaxshi kitob” bo‘lishi tabiiydir. Ijod yovuzlikka xizmat qilmaydi, uning ilohiy asosi bunga izn bermaydi. O‘zining bosh missiyasidan tashqari holatda ijod sun’iylashadi, o‘z qiyofasini, zavqini yo‘qotadi, oddiy “kosibchilikka” aylanadi. Kosib esa kim pul to‘lasa, o‘shaning kovushini tikib beradi. Kosibchilikni har qanday qunti va hafsalasi bor odam egallay oladi, lekin hamma ham ijodkor bo‘lolmaydi. Bugungi ma’naviy dunyoning fojiasi ijod bilan kosibchilikning farqiga bormayotganidadir, boshqacha aytganda, kosibchilikni ijod deb qabul qilishayotganidadir. Ijod yo‘q joyda voqelik ham, tuyg‘ular ham, insonning o‘zi ham sun’iylashadi, unda ilohiy-tabiiy zavq qolmaydi. Bugungi global-olomonchilik ijoddan ko‘ra hunar mahsulotlari bilan to‘yinmoqda. Boshqacha aytganda, XX asrga kelib, tabiiy mahsulotlardan ko‘ra sun’iylashgan, gibridlashgan mahsulotlar oshqozon ehtiyojini qondirayotgani kabi sun’iy san’at mahsulotlari ma’naviy ehtiyojni qondirmoqda. Siz keltirgan, garchi u daholarga mansub bo‘lsa-da, lekin mohiyati bilan ijodning bosh missiyasiga zid yaratilgan ko‘plab asarlar ham shunday mahsulotlardan boshqa narsa emas. Sun’iylik ijodga xos emas, shunday ekan sun’iylik inson manfaati va intilishi mevasi, tabiiylik esa ilohiy ne’matdir. Tiriklikning paradoksini qarang: taraqqiy etgan mamlakatlarning deyarli barchasida tabiiy, ekologik toza mahsulotlarni topish muammo bo‘lib borayapti. Tabiiy mahsulotlarni bugun bir hovuch eng badavlat kishilar iste’mol qila oladi. Boshqalarning qurbi, cho‘ntagi ko‘tarmaydi. Xuddi shuningdek, bugungi kunda bir hovuch, Ortega Gasset ta’kidlaganidek, “jamiyatning xos kishilari”gina haqiqiy ijod mahsulotini “iste’mol” qilmoqda. Haqiqiy ijod mahsulotini tushunishga keng olomon “ong” cho‘ntagining qurbi yetmayapti. Olomon hali tabiiylik bilan sun’iylik, ilohiyat bilan zalolatning ma’nosiga tushungani yo‘q: buni faqat ijod mahsulotlari tushuntiradi, sanoat mahsulotlari emas. Aslida ham san’at asarini azaldan faqat xos kishilar tushungan va sharhlagan, boshqalarga ham tushuntirgan. Mana shunday kishilargina tafakkurning, did va saviyaning, san’atning, ijodkorlikning ertangi kunini belgilab bergan. Faqat shu xos kishilargina ijodni ilohiylik bilan bog‘lanish, ilohiylikka qaytish, ilohiylik bilan to‘yinish, insonni olam va falak bilan bog‘lovchi rishta, deb qabul qilgan. Hozir ham shunday. XX asrning dastlabki 70 yiliga xos bo‘lgan ommaviy kitobxonlikdan kelib chiqib, “adabiy did shu pallada taraqqiy etgandi”, degan xulosa qilib bo‘lmaydi. Ommaviylik san’atning qadrini belgilaydigan omil emas. Bugungi badiiy industriyasi san’atni ommaviyligiga qarab baho berishi uning chinakam ijod mahsuli ekanidan emas, olomonga, uning didi va kayfiyatiga moslashib, ko‘proq foyda olishni ko‘zlayotganini bildiradi, xolos. Omma didi qanchalik yuksalmasin, o‘zining tirikchilik doirasidagi tasavvuridan balandga ko‘tarilolmaydi. Navoiyni o‘z zamonida ham, bugun ham faqat xos kishilar, ko‘nglida ijodiy mahsulotga ehtiyoji bor kishilar tushungan, tushunadi. Lekin bu holat Navoiy dahosiga zarracha daxl qilolmaydi. Ijod adabiyotning ilohiyatga daxldorligi, ilohiyat bilan bog‘lanuvchi, bog‘lab turuvchi mahsulot ekanini belgilaydi. Takror bo‘lsa ham, aytish kerakki, ijodkorlik ilohiyatga daxldorlik, ilohiyatni, g‘ayb va ko‘z oldimizdagi mo‘jizani anglash, o‘zini shu ilohiyatni, shu mo‘jizaning bir qismi ekanini his etish, ana shu his etilganlarni boshqalarga yetkazish degani. Men fikrimga diniy-ruhoniyona tus bermoqchi emasman. Ijodkorlikning asl mohiyatini taqvodorlaru diniy tasavvurlar ham tushuntirib berolmaydi. Taqvodorlik ham buni anglashga ojiz. Chunki ijod mutaassiblik, badbinlik, xudbinlik, dinlar o‘rtasidagi chegaralar bilan ham kelisholmaydi. Agar asar haqiqiy va biz tushungan ijod namunasi ekan, u eskirmaydi, yo‘qolmaydi, boy berilmaydi. Uni nechta kishi o‘qishidan qat’i nazar, yashab qolaveradi. Insoniyat adashib-adashib bo‘lsa ham, baribir, bu mahsulotlarga ehtiyoj sezadi, Kamyu aytmoqchi, do‘zaxda ham ijod insonni o‘z ko‘ngliga qaytaradi, orzu-istaklarini qaytadan bunyod etadi, uning nomini va sharafini yana yuksaklikka olib chiqadi.
Ijodkor o‘zini o‘rab turgan olamdan, o‘zi yashayotgan muhitdan, atrofidagi odamlardan, o‘zining ko‘nglidan, ruhidan “o‘qigan”larini boshqalarga yetkazish uchun yozadi. Har bir davrning o‘z bitigi bor. Uni o‘qish va yozish ijodkorlikdir. Kiyimlar, qurollar, badiiy vositalar, shiorlar, odatlar, urflar davrlar o‘tishi bilan eskiradi, ammo ezgulik va yovuzlik, go‘zallik va xunuklik, ulug‘lik va tubanlik, ya’ni dastlabki badiiy asarlar majoziy tarzda ta’riflagan “Rahmon va shayton o‘rtasidagi kurash” mavzusi eskirmaydi. Bu kurash jarayoni shaklini, qiyofasini, ismini o‘zgartirib, davrga moslashib, davr talab qilgan niqoblarga, ko‘rinishlarga o‘tib turadi, xolos. Inson ko‘nglida ezgulikka, go‘zallikka, shafqatga, mehrga, muhabbatga ozgina ehtiyoj turar ekan va bularga qarshi xavf-xatar mavjud ekan, ijodkorga ish topiladi. Faqat ijodiy ifodaning shakli o‘zgarishi mumkin, lekin mohiyat o‘zgarmaydi. Hatto virtual olam ham, baribir, ijodga suyanadi, undan kuch-quvvat oladi. Agar ijodkorlik bo‘lmasa, virtual olam faqat fizik olam bo‘lib qoladi, tasavvurlar, mo‘jizalar, ilohiy kechinmalarni tuyish va zavq olami emas. Inson ko‘nglini o‘ziniki qilishni istasa, virtual olam ham azaliy quvvat bo‘lgan ijodga suyanadi, u bilan o‘zining imkoniyatlarini kengaytiradi, u bilan bitim tuzadi, shunday ekan, kelajakda ham, garchi bizning tushunchamizdagi bosma adabiyotning shakli o‘zgarsa-da, yangi davrning o‘z qiyofasidagi adabiyoti bo‘ladi. Chunki adabiyot insonga o‘z qalbini, o‘z ildizini, o‘z mohiyatini eslatib, bog‘lab turadi – bu ildizdan uzilgan taraqqiyot esa muqarrar tanazzulga qarab ketadi. Qanchalar daho bo‘lmasin, qanchalar buyuk sanalmasin, shu mas’uliyat unutilib yozilgan har qanday dahoning yozganlari – adabiyot emas. Shu sababli men Dostoyevskiyni, Joysni va ular kabi turli qutbga taalluqli asarlar bitganlarni behad hurmat qilaman, ularning asarlarini har yili bir marta qarab, o‘zim uchun kerakli narsalarni olaman, ammo ularning men tasavvur qilgan adabiyotdan tashqaridagi qarashlariga, yozganlariga qo‘shilmayman. Men uchun adabiyotdan tashqaridagi qarashlarda Dostoyevskiy shunchaki bosqinchi yurt vakili, imperiyaning maddohi va mafkurachisi, xolos. Shu narsa ma’lumki, bu ulug‘ adib haqiqiy adabiyotga qaytganda, haqiqiy go‘zallikni madh etganda, “Aka-uka Karamazovlar”, “Jinlar”, “Jinoyat va jazo”, “Telba” kabi buyuk asarlarni yaratgan pallada adabiyotdagi ilohiy yaxlitlikni ko‘ra olgan, ilohiy go‘zallikni his qilgan, ana shu yaxlitlik va olamiy go‘zallikka tayanib, “Dunyoni go‘zallik qutqaradi!” degan, aslo imperiyaning maddohi bo‘lgan pallada emas. Biz daho va ijodkor Dostoyevskiy bilan bosqinlar evaziga o‘zini qudratli qilib olgan mamlakat vakili bo‘lgan, o‘ljaga ko‘z tikkan bosqinchilar qatorida turgan Dostoyevskiyni farqlashimiz kerak. Nachora, uning – boshqa buyuk iste’dodlarning qismati buyuklik bilan birga zamon, davr xudbinligi, badbinligi qutbida o‘zini namoyon qilib turadi.
Ijod mas’uliyati unutib yozilgan va bizga adabiyot qiyofasida taqdim etilgan bitiklar ko‘p. Aynan shuning uchun ham kitobni farqlab o‘qitish kerak. Bu zarur. Ayniqsa, bolalarga, hali G‘arb tafakkur tarzi, adabiy oqimlari va uslublarining farqiga bormaganlar tanlab, saralab o‘qishi kerak. G‘arb tafakkurining qanchalar ohanrabo bo‘lmasin, barcha namunalari hamma uchun birdek o‘qishli va tushunarli emas. Xususan, men Joysning siz keltirgan bobi manzaralariga umuman e’tibor bermayman, meni bu sahnadagi shahvoniy mayllar tasviri emas, adibning inson ongu shuurini qanchalar chuqur, mahorat bilan, tabiiy tasvirlayotgani, adibning ustamonligi qiziqtiradi va men Joysga xos bo‘lgan ong oqimi osti tasvirlaridagi erkin ifodaga va tabiiylikka mahliyo bo‘laman. Albatta, kimdir shu sahifalardagi siz keltirgan manzaralarga e’tiborni qaratar?! Shuning uchun ham Joysni o‘qishdan oldin uni o‘qishga tayyorgarlik kerak. Do‘kondan pichoq sotib olayotgan xaridorlarning maqsadi har xil bo‘ladi: kimdir oddiy ro‘zg‘or uchun, kimdir esa qotillik uchun, boshqa birov yana boshqa maqsad uchun. Pichoq – sotib olayotgan odamning barcha maqsadiga xizmat qila oladi. Shuning uchun kitob o‘qishdan maqsad o‘zi nima? Kitobdan odam o‘zi izlagan narsasini topadi. Mabodo shunday ekan, inson qalbini zabt etish uchun abadiy kurashning qutblari bo‘lgan “Rahmon” so‘z orqali o‘zining qudratini, go‘zalligini, ta’sirini namoyish etgani kabi, “shayton” ham so‘z san’atidan o‘z maqsadi yo‘lida foydalanishga urinadi. Shuning uchun so‘z san’ati, ma’lum ma’noda, e’tiqodlar, maqsad va manfaatlar, mayl va istaklar kurash tushadigan sahna hamdir. Bu sahnaga ijod mas’uliyatidan kelib chiqib baho berish, farqlash mumkin. Shu sababli ham kitoblarni saralab o‘qitish zarur va shart. Yoshga qarab, saviyaga qarab, tayyorgarlikka qarab. Ko‘pgina G‘arb mamlakatlarining maktab darsliklarida, mutaxassislik bo‘lmagan kollej va universitetlarda Kafka, Joys, Folkner kabi ulug‘ adiblar asarlari o‘qitilmaydi. Ular haqida umumiy tushuncha berish bilan chegaralanadi. Ularning asarlari hali tafakkur tarzi bu adiblar badiiy uslubi va hayotga qarashlaridan bexabar bola, yoshlar ruhiyatiga salbiy ta’sir qilishi mumkinligi inobatga olingan. Bu bilan mazkur adiblar ijodi inkor qilinmagan, aksincha, tayyorgarligi yo‘q yoshlar ihota qilingan. Bu tajriba barcha millatga xos. Hazrat Navoiy Attorning “Mantiq ut-tayr” asarini bolaligida o‘qib, mutaassir bo‘lib qolgani uchun ota-onasi bu kitobni o‘qishni ta’qiq qilganini eslashning o‘zi kifoya. Hamma ham hazrat Navoiy kabi Attor falsafasini bolalikdan to‘g‘ri anglayvermaydi. Aslida, Mansur Xallojning “Analhaq” degan e’tirofi va unga berilgan hukm tagida ham ana shu ta’qiqni buzgani, xos kishilar tushunishi mumkin bo‘lgan haqiqatni ommaga oshkor qilgani uchun jazo yotadi. Bu tarixiy voqelik bizga abadiy ibrat bo‘lishi kerak. Xos kishilar tushunadigan masalalarni ommaga oshkor qilish – ommani jazavaga tushirish degani. Jazava esa shaytoniy junbushdir. Xos kishilar va omma didi orasida farq hali yo‘qolgani yo‘q, afsuski, bugungi olomonchilik davrida yo‘qolish haqida so‘z ham bo‘lishi mumkin emas. Aksincha, olomonchilik bugun hukmron didga, hukmron saviyaga aylanayapti: chinakam san’at asari qolib, olomon kayfiyatiga mos dumbul, mo‘rt asarlarni adabiyot deb targ‘ib qilish, didni moslashtirish jarayoni keng miqyosda davom etayapti. Bugun bu muhorabaga haqiqiy san’at asarlari dosh berolayotgani yo‘q. Bu – achinarli hol. Lekin, baribir, umid bor. Did bir kuni chinakam mo‘jizaga, chinakam hayratga, ilohiy zavqqa – ya’ni chinakam ijodga va ijodkorga muhtoj bo‘ladi: muhtojlik ehtiyojni keltirib chiqaradi. Ehtiyoj esa chinakam didni, chinakam adabiyotni tug‘ib beradi…
“Sharq yulduzi” jurnali, 2015 yil, 1-son