Nasimxon Rahmon. Adabiyot – davrning aks-sadosi

Alisher Navoiy “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida dunyo tillarini tasniflar ekan, Nuh payg‘ambarning uchinchi o‘g‘li Yofasdan, ya’ni Abut-turkdan turkiy xalqlar kelib chiqqani va Abuturk payg‘ambarlik toji hamda elchilik mansabi bilan qardoshlaridan yuksakligini, saralab olinganini aytadi. Alisher Navoiy turkiy tilni kelib chiqishiga ko‘ra ham birinchi o‘ringa qo‘ydi, fors va hind tillari turkiy tildan keyin paydo bo‘lgani to‘g‘risida xabar berdi[1].

Navoiy turkiy tilga alohida muhabbat bilan e’tibor qaratdi. Asarlarini turkiy tilda yozdi. Hazratning o‘z iborasi bilan aytganda: “qoldi turkiy alfoz bila maqsud adosi”.

Bu o‘rinda yana har bir xalq adabiyotining ibtidosi tildan boshlanishini, adabiyot shu xalq tili bilan yonma-yon rivoj topib borishini ta’kidlamoq lozim. Ayni paytda bir davrdagi adabiyot bilan keyingi davr adabiyoti bir-birini takrorlamaydigan holatda shakllanadi. Ma’lum bir davr adabiyotining yuzaga kelishida o‘ziga xos qonuniy asoslar mavjud. O‘ziga xoslikni anglay olish adabiyotshunoslarning, qolaversa, tilshunoslarning ham vazifasi. Hatto adabiyotshunoslikda adabiy elementlar bilan davrlashtirish mezonlarini, tamoyil­larini, adabiy tasavvurlarning davrlashtirishga qanchalik aloqadorligini farqlay olmaydiganlar ham borki, ulardan ogoh bo‘lish zarur. Agar davrlashtirish adabiyotshunoslikning mayda-chuyda, ahamiyatsiz tomoni bo‘lganda, hozirda jahon adabiyotshunosligida bu masala muammo qilib ko‘tarilmagan bo‘lar edi. Adabiyotni davrlashtirish, birinchi navbatda, adabiy bilimlarni to‘g‘ri va to‘laqonli yetkazishga, ikkinchidan, adabiy jarayonning, xususan, o‘zbek adabiyotining geografik chegaralarini aniq belgilab olishga, o‘zbek adabiyoti faqat hozirgi O‘zbekiston hududi bilan bog‘lanib qolmaganini, aksincha, bizning adabiy meros qamrovi va ildizlari keng ekanini dalillashga xizmat qiladi.

Adabiyotni davrlashtirish mavjud an’analardan chekinishni, jahon adabiyotshunosligidagi yangi qarashlarga suyanishni, zamon bilan baravar qadam tashlashni taqozo qilmoqda. Slovakiyalik adabiyotshunos Dionis Dyurishinning quyidagi qarashi bugungi kunda jahon adabiyotshunoslarining diqqatini davr­lashtirish masalasiga jalb qildi: “Davrlashtirish, metodologik nuqtai nazardan ahamiyatli va muhimligiga qaramay, hanuzgacha to‘liq ishlab chiqilmagan. Ko‘plab bahsli masalalar, masalan, ikki tomonlama munosabatlar va ko‘p tomonlama munosabatlar kabi davrlashtirishga aloqador muammolar kun tartibida turibdi”. Davrlashtirish masalasiga e’tibor berish natijasida qiyosiy adabiyotshunoslik ham rivoj topishi tabiiy. Bu o‘rinda ikki tomonlama (bir hududdagi ikki tilda va ikki etnik guruhga mansub) va ko‘p tomonlama (bir necha xalqlar adabiyotining bir hududda va bir davrda o‘zaro bir-biriga ta’siri) munosabatlarni sharhlab o‘tirmaymiz, chunki o‘zbek adabiyoti qadimdan shu bugungacha ikkala munosabatdan chetda bo‘lgan emas. Ayni paytda metodologiya masalasi ham davrlashtirishga munosabatlarni o‘zgartirishni talab qiladi, qaysi metodologiya o‘zbek adabiyotini davrlashtirish uchun asos bo‘lishi kerak, degan savol qarshimizda ko‘ndalang turadi.

O‘tgan asrning o‘ttizinchi yillaridan boshlab o‘zbek adabiyotini davrlashtirish bo‘yicha Abdurauf Fitrat, Olim Sharafuddinov, Miyon Buzruk kabi qator olimlarning kuzatuvlari, oltmishinchi-etmishinchi yillarda oliy ta’lim tizimi darsliklarida va akademik nashrlarda o‘zbek adabiyotining ma’lum bir davrlari qaysi sanadan boshlab qaysi sanada tugashi haqidagi qarashlar bugungi kunda adabiyotshunoslikda bir qator jiddiy masalalarni, jumladan, o‘zbek adabiyotini qaytadan davrlashtirish zaruratini kun tartibiga qo‘ymoqda. Davr­lashtirish adabiy jarayonni shunchaki chegaralab olishdan iborat emas, balki davrlashtirish orqali har bir davrdagi o‘zbek adabiyotining shakllanish, rivojlanish qonuniyatlarini, har bir davrdagi badiiy tafakkur imkoniyatlarini ko‘rsata bilish talab etiladi. Mustaqillik davrida oliy ta’lim tizimida o‘zbek adabiyotini o‘qitish tajribasi shu masalaga alohida diqqatimizni jalb qilmoqda.

Adabiy jarayonni qiyosiy, tarixiy-tipologik tahlil qilishga asoslangan metod o‘zining mustahkam o‘rnini ko‘rsatdi. Shuni aytish lozimki, qiyosiy metod Sharq adabiyotshunosligida o‘z tarixiga ega bo‘lib, o‘zbek adabiyotshunosligiga bevosita va bilvosita aloqador bo‘lgan mashhur olimlarning nomlari bilan bog‘liq.

Adabiyotni davrlashtirish jahon adabiyotshunosligida turli tamoyillarga tayanadi. Masalan, Yevropa adabiyotshunosligida bir guruh olimlar xronologik tartibni (X-XII asrlar) va shaxslar ijodini (Pushkin, Gogol) asos qilib oladilar. Albatta, bunday davrlashtirish tajribasi jahon adabiyotshunosligida bor. Ayrim mamlakatlar adabiyotshunosligida esa sulolalar almashinuvi bo‘yicha davrlashtirish qoida tusini olgan. Adabiyotshunoslikning yana bir qismi borki, adabiy oqimlar bo‘yicha – klassitsizm, sentimentalizm, romantizm, realizm, modernizm adabiyoti kabi davrlashtirish ham ancha ommalashgan. Adabiyot qay jihatdan davrlashtirilmasin, baribir, qiyosiy-tarixiy metodga murojaat etiladi, har bir davrdagi adabiyotning o‘ziga xos takrorlanmas jihatlarini namoyon qilishiga diqqat qaratiladi. Zotan, bir davrdagi adabiyotni boshqa davr adabiyotidan farqlash, o‘ziga xos jihatlarini ochish va davr adabiyotining qonuniyatlarini bilish uchun qiyosiy-tarixiy metod eng to‘g‘ri yo‘ldir.

Savol tug‘iladi: o‘zbek adabiyotshunosligi jahon adabiyotshunosligining bir qismi ekan, hozirda davrlashtirishda qaysi tamoyilga tayanilmoqda? Qiyosiy-tarixiy metod davrlashtirishda asosiy mezon bo‘lyaptimi? Tabiiyki, tarixiy sanalar bo‘yicha davrlashtirish ommalashgan. Ammo, bu holda davrlashtirish qiyosiy-tarixiy metodga tamomila zid. Hatto hozirda oliy ta’lim tizimida o‘qitilayotgan namunaviy dasturda o‘zbek adabiyoti shu qadar chalasavodlik bilan davrlashtirilganki, uni tuzgan muallimning o‘zi ham auditoriyaga kirib, talabaga bu davrlashtirish qaysi mezonga asoslanganini tushuntirib bera olmasdan, mulzam bo‘lishi tabiiy. Shu dasturda “Islom madaniyatining shakllanishi va musulmon intibohi (renessansi). Somoniylar, saljuqiylar, g‘aznaviylar va qoraxoniylar davrida islomiy madaniyat” degan alohida davrlashtirishga ko‘zingiz tushganda, adabiyotshunoslik emas, balki madaniyatshunoslik fani uchun tuzilgan dastur-ku bu, deb hayron bo‘lishingiz tabiiy. Bu dastur asosida filolog o‘qituvchi talabaga nimani o‘rgatar ekan, deb o‘ylanib qolasiz. Yoki shu dasturda “adabiy tasavvurlar”, “adabiy muhitlar (?)” (so‘nggi atama o‘zbek tili uslubi bo‘yicha xato) degan atamalar davrlashtirish uchun asos bo‘ladigan adabiy kategoriyalarga mansubmi yoki davrlashtirishda yangicha “mezon” kashf qilindimi – noma’lum. Bu taxlitda davrlashtirish adabiyotshunoslikka nima beradi, bunday davrlashtirishning mezoni nima, degan savol hali hech kimni o‘ylantirgan emas. Ilmda “mulla bilganini o‘qiydi” qabilida ish tutish yomon oqibatlarga – butun avlodni ma’naviy majruh qilishga olib kelishi mumkin. Zotan, Gyotening “qo‘lidan keladigan ishga emas, o‘zi tushunmaydigan ishga qo‘l urgan kishi baxtsizdir” degan hikmatini shu o‘rinda keltirish joiz. Adabiyotda ko‘z bilan ko‘rib o‘qishning o‘zi yetarli emas, adabiyot yurakning yarmiga joylangandagina maqsad aniqlashadi, intilish bo‘ladi. Adabiyotning bosqichma-bosqich rivojlanishi masalasi XIX asrdan beri olimlar o‘rtasida bahs bo‘lib keladi, milliy adabiyotlar bilan jahon adabiyotining o‘zaro munosabatlari – ta’sir va o‘zlashtirish nazariyasi bevosita davrlashtirishga ham o‘z ta’sirini o‘tkazgan edi.

Adabiyotni, xususan, o‘zbek adabiyotini davrlashtirishda har bir davr adabiyotining “qaytadan tug‘ilishi” uchun qator o‘ziga xos omillarni e’tiborga olish va o‘sha omillarni ishlab chiqish zarur. Bir davr adabiyoti uchun asos bo‘lgan omillar va vositalar keyingi davr adabiyoti uchun asos bo‘la olmasligi tabiiy. Shu bilan birga, barcha davr adabiyoti uchun umumiy omillar ham bor. Bular: matn­ning badiiy til xususiyatlari, adabiy til, adabiy elementlar, adabiy maktablar, adabiy oqimlar, adabiy janrlar, uslublar, mavzu, geografik sharoit va boshqa ayrim detallardir.

Sho‘ro davrida adabiyot mafkuralashtirilgani bois, darsliklarda, akademik nashrlarda davrlashtirish tamoyillari belgilanmasdan, faqat mafkura asosida ish ko‘rish eng maqbul usul edi. U davrda adabiy jarayonning xususiyatlari chetlab o‘tilaverdi, davrga xos adabiy elementlar, mezonlarning Sho‘ro mafkurasiga zid bo‘lib qolish xavfi tug‘ilgani uchun ko‘plab adabiy yodgorliklardan, adabiyot namunalaridan voz kechildi, o‘zbek adabiyotining geografik hududi juda tor belgilandi, hozirgi O‘zbekiston hududidan tashqaridagi o‘zbek adabiyoti namunalari inkor qilindi. Oliy ta’lim tizimida ustoz Natan Mallayevning uzoq yillar davomida amalda bo‘lib kelgan “O‘zbek adabiyoti tarixi” darsligiga ham aynan davrlashtirish masalasida Sho‘ro siyosati o‘z hukmini o‘tkazdi. U 1976 yili chop ettirgan “O‘zbek adabiyoti tarixi” darsligida davrlashtirish masalasida quyidagicha qat’iy xulosani o‘rtaga tashlagan edi: “Sovet fani o‘zbek adabiyoti tarixini o‘rganish sohasida mislsiz katta muvaffaqiyatlarga erishdi va erishib bormoqda. Markscha-lenincha fan metodologiyasiga asoslangan sovet adabiyotshunosligi o‘zbek adabiyoti tarixini o‘rganish sohasida yo‘l qo‘yilgan xatolarga, jumladan, adabiyot tarixi taraqqiyotini sulolalar yoki podsholarning, xonlarning kelib-ketishlari tarixiga qarab davrlashtirish mayllariga (ta’kid bizniki – N.R.) uzil-kesil barham berdi…” Hamma gap shunda: ma’lum bir davr adabiyotining alohida xususiyatlari, sulolalarning adabiy jarayonga munosabatlari, yangi mazmun va yangi ruh, har bir davr adabiyotida yuqoridagiday takrorlanmas adabiy kategoriyalar, omillar davrlashtirish uchun asosiy mezon bo‘la olmadi, balki hamma davr adabiyotini bitta qolipda – markscha-lenincha metodologiya asosida davrlashtirish maqbul ekanligi mafkuraviy tomondan baholandi. Sulolalar va xonliklarning adabiy jarayondagi roli tamomila inkor qilindi. O‘zbek adabiyoti tarixi bo‘yicha akademik nashrlarga ham bu siyosat va mafkura o‘z tamg‘asini bosdi. Bu munosabat xuddi boyligini o‘z ixtiyori bilan shamolga sovurgan odamning xatti-harakatiga o‘xshaydi. Adabiyotni hozirgi davrdagi hududiy chegara bilan qamrab olish oqibatida XIV asrda Misr mamluk­lar davlatida amal qilgan o‘zbek tilidagi adabiyot, Hindistonda XVIII asrgacha boburiylar sulolasi yaratgan o‘zbek adabiyoti va boshqa adabiyot namunalari e’tibordan chetda qolib ketaverdi. Bularning hammasiga yuqoridagiday, “sulolalar… xonlarning kelib-ketishlariga” ko‘ra davrlashtirishdan tamomila yuz o‘girish sabab bo‘ldi.

O‘tgan asrning o‘ttizinchi yillarida Miyon Buzruk o‘zbek adabiyotini davr­lashtirish bo‘yicha hatto Fitratdan ham ancha oldinga ketgan edi. U 1930 yili chop ettirgan “O‘rta Osiyo va o‘zbek adabiyoti tarixiga umumiy qarash” nomli kitobida qoraxoniylar davri adabiyoti; Oltin o‘rda xos adabiyoti; Chig‘atoy xos adabiyoti; Oltin beshik davri adabiyoti kabi to‘rt davr adabiyotini o‘zbek adabiyoti mulki sifatida o‘rganishni taklif qildi. Bu davrlashtirish metodologik jihatdan ham ma’lum darajada o‘zini oqladi. Uning bu davrlashtirish tamoyili A.Samoylovichning o‘zbek, umuman, turkiy til va adabiyotini davr­lashtirishiga o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Bu – ancha olg‘a siljish edi.Adabiyotni davr­lashtirishda Beruniy, Navoiy, Fitratning kuzatishlarini, F.Ko‘prulizoda, N.Poppe, I.Stebleva kabi o‘zbek adabiyotshunosligiga ko‘p mehnati singgan qator xorijlik ulkan olimlarning munosabatlarini e’tiborga olsak, bu juda muhim hodisa ekani o‘z-o‘zidan ayon bo‘ladi. Adabiyotni davrlashtirishda adabiy tilning muhimligiga bu olimlar alohida diqqat qaratganlar. Ayni paytda sulolalar hukmdorlarining roli ham davrlashtirish uchun mezonlardan biri bo‘lishi muqarrarligini e’tirof etganlar. Biz bugungi kunda sulolalar hukmdorlarining roliga davrlashtirish tamoyillaridan biri sifatida tayanishimiz zarurligini yuqorida keltirilgan qator omillar ta’kidlamoqda. Zotan, qoraxoniylar davri o‘zbek adabiyoti bilan temuriylar yoki Oltin o‘rda davri o‘zbek adabiyoti yuqoridagi barcha omillar bo‘yicha – adabiy til, adabiy elementlar, adabiy maktablar, adabiy oqimlar, adabiy janrlar, uslub, mavzu, geografik sharoit jihatidan bir-biridan tamomila farq qilishini bu o‘rinda sharhlab o‘tirish ortiqcha.

Bulardan tashqari, bugun jahon adabiyotshunosligida yuz berayotgan umumiy qonuniyatlarni va nazariy qarashlarni e’tiborga olgan holda, o‘zbek adabiyotini davrlashtirishda etnik, geografik, ma’muriy (yoki davlatchilik) mezonlarini ham, albatta, hisobga olish zarur. Biz jahon adabiyotshunosligida tajribadan o‘tgan mezonlarga shunchaki tayanayotganimiz yo‘q. Milliy adabiyotni umumjahon adabiyoti kontekstida o‘rganish jarayonida milliy adabiyotning jahon madaniyatidagi o‘rni ham oydinlashadi, ta’sir va o‘zlashtirish nazariyasi ochiladi, davr­lashtirishning mezonlari va qonuniyatlari shakllantiriladi, o‘zbek adabiyotshunosligi bundan faqat yutadi. O‘zbekiston adabiyotshunoslik sohasida ham oldingi saflarda bo‘lishi kerak. Qotib qolgan, g‘ayriilmiy aqidalarga o‘ralashib qolish faqat fanning emas, balki butun avlodning ma’naviy yuksalishi uchun xavf tug‘diradi. Shu mezonlarga tayangan holda, qadimgi davr adabiyotini Islomgacha bo‘lgan turkiy adabiyot deb davrlashtirish maqsadga muvofiqdir. Bu davr­lashtirish hududiy, tarixiy, geografik jihatdan aniq tasavvur hosil qiladi. Ayniqsa, bu davr adabiyotini alohida davr qilib ajratishda diniy oqimlar – buddaviylik, moniylik oqimlari muhim omil bo‘lgani uchun ham, diniy terminlar va tushunchalarni davrlashtirish belgisi sifatida ishlatish maqsadga muvofiqdir. Keyingi davrlar adabiyotida bu oqimlarning timsollari uchrab tursa-da (masalan, “Qutadg‘u bilig”da buddaviylik oqimida muhim o‘rin tutgan g‘or timsoli), davrlashtirish uchun muhim belgi bo‘la olmaydi. An’anaviylik tufayligina bu timsol qoraxoniylar davri adabiyotiga o‘tganini ta’kidlashimiz lozim. Bu sulolada yaratilgan adabiyotda mavzu – pandnoma, g‘oya – davlatchilikni mustahkamlash, adabiy maktab – dostonchilik bo‘lgani va xoqoniycha turkiy adabiy til sulola adabiyotining asosi sifatida muhim rol o‘ynagani uchun, qoraxoniylar davri adabiyoti deb davrlashtirish to‘g‘ri bo‘ladi, deb o‘ylaymiz.

G‘aznaviy hukmdorlarining ilm-fanga ko‘rsatgan g‘amxo‘rliklari Beruniyni nafaqat buyuk olim, balki nozik didli adabiyotshunos va ulug‘ ijodkor sifatida yetishtirdi. Shu sababdan o‘zbek adabiyotida g‘aznaviylar davri adabiyoti degan alohida davr bo‘lishi maqsadga muvofiq. Bu o‘rinda Beruniy, ibn Sino asarlarining arab tilida yozilgani o‘zbek adabiyotini alohida davrlashtirishga xalaqit bermaydi. Agar til masalasi g‘ov bo‘lganda edi, yunon tarixiy manbalarida saqlanib qolgan Turonzamin xalqlarining rivoyatlari, afsonalarini o‘zbek adabiyoti manbalari sifatida o‘rganmasligimiz kerak edi. Yoki jahon tajribasiga e’tibor bersak, masala yanada oydinlashadi. Injilning Yangi Ahd qismi milod boshlarida yunon tiliga tarjima qilingan. Ammo yunonlar yoki boshqa xalqlar Yangi Ahdga aslo mualliflik da’vosi bilan chiqmaganlar, balki Isroil xalqining milod boshlaridagi adabiy-madaniy yodgorligi sifatida e’tirof etganlar va bugungacha shu e’tirof o‘zgargani yo‘q. Islomgacha bo‘lgan va qoraxoniylar davri adabiyotidagi til, uslub, mavzu kategoriyalarini Oltin o‘rda adabiyotida yoki temuriylar davri adabiyotida uchratmaymiz. Zotan, til, adabiy yo‘nalish, mavzu, g‘oya va boshqalar tamomila o‘zgardi. Oltin o‘rdadagi adabiy hayot eski o‘zbek tilidagi adabiyotga, arab va fors tillaridan o‘zbek tiliga qilingan tarjima adabiyotlariga (Sa’diyning “Guliston” asari Sayfi Saroyi tomonidan “Gulistoni bit-turkiy” nomi bilan tarjima qilingani), yangi janrlarni (masalan, g‘azal) takomillashtirishga, payg‘ambarlar tarixiga oid badiiy asarlar (Rabg‘uziyning “Qissasi Rabg‘uziy” va Mahmud Ali ibn as-Saroyining “Nahjul-farodis” asarlari) yaratishga alohida e’tibor berdi.

Ayniqsa, o‘zbek adabiyotini davrlashtirishda eng katta muammo va bahs temuriylar saltanati barham topgandan keyingi XVI asr boshidan XIX asrgacha bo‘lgan adabiyotdir. Bu davr adabiyotini Fitrat domla, F. Ko‘porilizoda “tanazzul” yoki “ortga ketish davri adabiyoti” deb ajratgani ilmda o‘rnashib qolgan. Albatta, munosabatlar bildirilaveradi, bahslar davom etaveradi. Eng muhimi, adabiyotga badiiy va estetik tafakkur mahsuli sifatida qaralgandagina, davr adabiyotining muhim xususiyatlari, belgilari alohida ajralib ko‘rinadi.

XVI asr boshlariga kelib tarixiy jarayon o‘zgardi. Temuriylar saltanati davrida madaniy va adabiy markaz bo‘lgan Hirotning mavqei birmuncha susaydi. Endi adabiy markaz Samarqand va Buxoroga ko‘chdi. Bu davr o‘zbek adabiyotidagi eng muhim, ko‘zga yaqqol tashlanadigan hodisalardan biri shuki, tarixiy asarlar tarkibida xalq og‘zaki ijodidan unumli foydalanish holatlari ko‘zga yaqqol tashlanadi. Jumladan, “Abdullanoma” tarixiy asarida shu jarayonning namunasini ko‘ramiz. Asarning muallifi – Hofiz Tanish Buxoriy, u o‘zining yuqoridagi nom bilan yuritilgan tarixiy – adabiy asarida XVI asrdagi turkiy urug‘larning nomlarini keltirish qatorida, adabiy hayotga oid ayrim ma’lumotlarga ham to‘xtaladi. Jumladan, u mazkur asarida O‘g‘uzxon haqidagi kitobiy eposning biroz o‘zgartirilgan variantini keltiradi. Bu afsonada Buxoriy qadimgi “O‘g‘uz xoqon haqidagi doston”ni qayta ishlagan desak ham bo‘ladi. Zotan, biz kitobiy epos deb yuritadigan “O‘g‘uznoma”dagi hamma timsollar – O‘g‘uzxon, yoy, o‘q timsollari ham “Abdullanoma”da bor. Yoki “Boburnoma” tilining, undan oldingi tarixiy-adabiy asarlardan tamomila farqli ravishda, xalq tiliga mansubligi ham bu davr adabiyotining o‘ziga xosligi haqida so‘z yuritish uchun muhim omillardan biri bo‘la oladi. Shuningdek, bu davrlardagi romantik dos­tonlar Majlisiyning “Qissayi Sayfulmuluk”, Sayqaliyning “Bahrom va Gulandom”, Sayyodiyning “Tohir va Zuhra” kabi xalq kitoblari, “Oshiq G‘arib va Shohsanam” xalq kitobi davr adabiyotining yetakchi xususiyatlaridir. Shoirning maqsadi o‘quvchini voqealar oqimiga olib kirishdan, o‘z qahramonlarini epos qahramonlari ruhida tasvirlashdan iborat. Bu holat, asosan, klassik asarlar usulining asosiy xususiyatidir. Chuqur falsafiy mushohada, yuksak intonatsiya, ko‘tarinkilik bu davr asarlarida muhim emas. Jumladan, Sayqaliyning quyidagi bayti asar uslubi haqida shoirning qarashini ham belgilaydi:

Kel, ey roviy, o‘zungni xor tutg‘il,
 Havo birlan tabarroni unutg‘il.

Hamisha xok ro‘yi pesha ayla,
Falakni gardishini andesha ayla.

Xokisor va kamtar odam tantanali nutq so‘zlamaydi. Shoirning fikrlashicha, roviy xalq orasida kamtarligini namoyon qilishi kerak, shu bois uning hikoyasida tantanavor usul yo‘q. Shu bois ham dostonda kitobxonga notanish metaforalar, ramziy obrazlar uchramaydi. Zotan, soddalik ham mumtoz asarlar usulining muhim qirralaridan biridir. Shoirning emotsiyalari ko‘zga tashlanmaydi, tasvir ham oddiy, shuning uchun uning pozitsiyasi aniq.

Darvoqe, uslubda tarixning aks-sadosi ham taraladi. Yuqoridagi dostonlarda qadim eposlardagi, ertaklardagi xalqona nutq jaranglaydi, bu dostonlar tarkibida g‘azallar ham berilgan. Bu g‘azallar muallifi Majlisiy va Sayqaliydir. Mazkur g‘azallarda eposlar tarkibidagi she’riy parchalarning ohangi bor. Qolaversa, xalq kitoblarining bu davrda ko‘plab paydo bo‘lgani ham xalqning estetik ehtiyojlarini qondiradigan asosiy omil ijodkorlar qayta ishlagan xalq dostonlari edi.

Yuqoridagi tahlillardan kelib chiqqan holda, bu davr adabiyotini “O‘rta asr xalq adabiyoti” degan nom bilan atashni ma’qul deb bilamiz. Bu terminni XVI asrdan keyingi o‘zbek adabiyotiga alohida davr sifatida ilk bor biz qo‘llayapmiz. Ammo akademik Vohid Abdullayev ham “O‘zbek adabiyoti tarixi” (Toshkent, “O‘qituvchi” nashriyoti, 1965, 32-47-betlar) kitobida bu davr adabiyotiga nisbatan “xalq adabiyoti” degan terminni istifoda etgan, ammo davrlashtirishning asosiy mezoni sifatida qaramagan. Shu davr adabiy tilini juda puxta o‘rgangan mashhur turkolog Galina Blagova, bu paytda (ya’ni XVI asrdan keyin – N.R.) adabiy tilning grammatik tizimida hozirgi o‘zbek tiliga o‘tayotgani alomatlari aniq ko‘zga tashlanadi, deb alohida ta’kidlagan edi. Biz bu terminga e’tibor qaratganimizning sababi, bir tomondan, adabiy tildagi o‘zgarishlar bo‘lsa, ikkinchi tomondan, bu davr o‘zbek adabiyotiga xos xususiyatlar jahon adabiyotida ham uchrashi bo‘ldi.

Aslida, “O‘rta asr xalq adabiyoti”ni Dioniz Dyurishin alohida davr sifatida adabiyotshunoslikka olib kirdi. U milliy-adabiy va adabiyotlararo jarayonning omillarini, vazifalarining o‘ziga xosligini, kategoriyalarini, tushunchalarni talqin qilishda o‘zgarishlarni tahlil qilar ekan, an’anaviy ravishda davom etib kelgan konventsiyaga qo‘shimcha kiritma sifatida “folklor va boshqa asarlarni mualliflar tomonidan qayta ishlash”ni kiritadi. Usul, yo‘nalish, davrlashtirish ana shu qayta ishlashga bog‘liq holda qaraladi. Adabiyotlararo kontekstdagi “xalq adabiyoti” adabiyotlararo umumiylikni belgilaydigan bitta omildir.

Xulosa qilib aytganda, har bir davr adabiyoti xususiyatlari o‘rganilganda yuqoridagi omillarni e’tiborga olish lozim. Shubhasiz, sulolalarning adabiyotga ko‘rsatgan ta’siri va xizmatlari tufayli har bir davr adabiyotida o‘ziga xoslik yarq etib ko‘zga tashlanadi. Bizning nazarimizda, bugungi jahon adabiyotshunosligida qabul qilingan qoidalarga binoan, sulolalarning adabiyotga ko‘rsatgan ta’sirini nazarda tutgan holda, o‘zbek adabiyotining har bir davri mezonlarini e’tiborga olish maqsadga muvofiqdir.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 6-son

___________________
Nasimxon Rahmonov 1952 yilda tug‘ilgan. Farg‘ona davlat pedagogika institutining (hozirgi FarDU) o‘zbek tili va adabiyoti fakultetida o‘qigan. Filologiya fanlari doktori, professor. “Toshga bitilgan kitoblar”, “Inson ruhining sadosi”, “Bitiglar olamida”, “Turk xoqonligi”, “O‘zbekistonning ko‘hna turkiy-run yozuvlari” kabi kitoblari chop etilgan.

[1] A.Navoiy, MAT, 2000, 20-jild. 16-jild, 11-bet.