Naim Karimov. XX asr o‘zbek adabiyoti­ jahon adabiyoti kontekstida

Har bir milliy adabiyot qaysi tilda va qaysi jug‘rofiy mintaqada yaratilgan bo‘lmasin, jahon adabiyotining tarkibiy qismi hisoblanadi. Faqat bunday sharafga erishish uchun bu adabiyot shakllanish va rivojlanish yo‘lini bosib o‘tgan, boshqa milliy adabiyotlar bilan ijodiy aloqada harakat etayotgan bo‘lishi lozim.

Mumtoz o‘zbek adabiyoti uzoq asrlardan beri Sharq adabiyotining tarkibiy qismi bo‘lib kelgan. Jahon adabiyotini Sharq adabiyotisiz – buyuk fors shoirlari Abulqosim Firdavsiy, Muslihiddin Sa’diy, Hofiz Sheroziy, Umar Hayyom va buyuk o‘zbek shoirlari Alisher Navoiy, Lutfiy, Bobur, Mashrablarsiz tasavvur etish mumkin bo‘lmaganidek, shu adabiyot bag‘rida tug‘ilib ulg‘aygan yangi o‘zbek adabiyotisiz ham tasavvur etish qiyin.

XX asr boshlarida jadid adabiyoti sifatida maydonga kelgan yangi o‘zbek adabiyoti yuz  yildan ziyodroq tarixi mobaynida shunday ulug‘ shoir va yozuvchilarni yetishtirib berdiki, ularning asarlari va erishgan ijodiy yutuqlari nafaqat yangi o‘zbek adabiyoti, balki jahon adabiyoti taraqqiyotiga ham hissa bo‘lib qo‘shilgan, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Lekin biz “jahon adabiyoti” deganimizda, asosan Yevropa va Amerika xalqlari adabiyotini nazarda tutib kelamiz. Holbuki, “jahon adabiyoti” tushunchasi, bu adabiyotlardan tashqari, Osiyo, Afrika va sobiq SSSR xalqlari adabiyotlarini ham o‘z qamroviga oladi.

Yangi o‘zbek adabiyoti tarixi: jadid adabiyoti (1900–1919), proletar adabiyoti (1919–1933), sotsialistik realizm adabiyoti (1934–1960), mustaqillik arafasi adabiyoti (1961–1990) va mustaqillik adabiyoti (1991 yildan hozirgacha) davrlaridan tashkil topgan. Yangi o‘zbek adabiyoti tarixining proletar va sotsialistik realizm adabiyotlari davrini inobatga olmaganda, o‘zbek adabiyoti o‘z tarixining boshqa barcha davrlarida jahon adabiyoti bilan uzviy aloqada va shu adabiyotning magistral taraqqiyot yo‘lidan bordi. Hatto sotsialistik realizm metodi hukmronlik qilgan yillarda ham Oybek, G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Shayxzoda, Mirtemir, Asqad Muxtor singari iste’dodli o‘zbek yozuvchilari shu metodning ta’sir doirasidan batamom chiqib keta olmagan bo‘lsalar-da, badiiy yuksak asarlarni yaratdilar. Yangi milliy adabiyotimiz xazinasida kommunis­tik mafkuradan xoli, umuminsoniy adabiy, madaniy va ma’naviy qadriyatlarning mustahkamlanishiga xizmat qiluvchi asarlar oz emas.

Shu narsa ajoyibki, yangi o‘zbek adabiyotining asoschilaridan biri Abdulla Qodiriy ilk o‘zbek romanini yaratish uchun Sharq nosirlarining adabiy-badiiy an’analarini o‘rganish bilan birga, Jurji Zaydon orqali G‘arb romannavislik maktabi vakili Valter Skottning ijodiy tajribasidan ham samarali foydalandi. Cho‘lpon “O‘tkan kunlar” bilan tug‘ilgan o‘zbek romannavislik maktabiga jahon romannavisligining eng yaxshi an’analarini dadil olib kirdi. Behbudiy, Fitrat va Hamza esa o‘zbek folklori ta’sirida tug‘ilgan xalq teatri zaminida Yevropa teatri va dramaturgiyasi tamoyillari ustuvorlik qilgan professional o‘zbek teatri  va dramaturgiyasiga poydevor qo‘ydilar.

Yangi o‘zbek adabiyotining vujudga kelishida jahon adabiyoti va shu adabiyotning bir qismi – rus adabiyotining ta’siri katta bo‘lgani hech kimga sir emas. Agar jadid ma’rifatparvarlik adabiyotining maydonga kelishida frantsuz ma’rifatparvarlik harakati va adabiyoti  bilvosita ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, 1917 yildagi inqilobiy o‘zgarishlardan so‘ng yangi o‘zbek adabiyoti 50 – 60-yillarga qadar rus adabiyotida ishlab chiqilgan modellar asosida shakllandi va rivojlanib bordi. Proletar adabiyoti modeli yosh o‘zbek shoir va  yozuvchilarning zavod va fabrikalardan – ishchilar sinfi orasidan chiqishini taqozo etdi. G‘ayratiy singari yosh iste’dodli shoirlar zavod va fabrikalarda ishlab, “proletar shoiri” “yorlig‘i”ni olishga majbur bo‘ldilar. Keyin ularga V.V.Mayakovskiy va rus komsomol shoirlarining she’r va dostonlari “adabiy” model vazifasini o‘tadi. 1934 yilda bo‘lib o‘tgan sovet yozuvchilarining I s’ezdida sotsialistik realizm yagona ijodiy metod sifatida qabul qilingach, yozuvchilar erkin ijod qilish huquqidan tamomila mahrum bo‘ldilar. Tushunarliki, shunday adabiy-tarixiy sharoitda jahon adabiyoti namunalari bilan bahslasha oladigan asarlarni yaratish amri mahol edi.

O‘tgan asrning 50-yillarida zulm va yovuzlik dahosi Stalinning o‘limi, shaxsga sig‘inish davri fojiali oqibatlarining oshkor bo‘lishi, sovet mamlakatiga yangi hayot shabadalarining kirib kela boshlashi  bilan yozuvchilarimizda muayyan darajada erkin nafas olish va ijod qilish imkoniyati tug‘ildi. Adabiyotimizga 50-yillarda Odil Yoqubov va Pirimqul Qodirov avlodi, 60-yillarda esa Erkin Vohidov va Abdulla Oripov avlodi chaqmoqdek chaqnab kirib keldi. Shu davrdan boshlab o‘zbek adabiyoti bilan jahon adabiyoti o‘rtasidagi masofa yil sayin qisqara boshladi.

Hind xalqining dohiylaridan biri Javoharla’l Neru: “Men o‘z mamlakatim  darvozasini boshqa barcha madaniyatlarga ochib qo‘ygan edim, endi barcha mamlakatlarning darvozalari mening mamlakatim madaniyati uchun ochilib turishini istayman”, – degan edi. Yozuvchilarimiz o‘sha davrda bizning mamlakatimiz darvozasi boshqa madaniyatlar uchun ochila boshlaganidan sarxush bo‘lgan, lekin shu darvozalar bizning adabiyotimiz uchun ham ochiq bo‘lishi mumkinligini xayollariga ham keltira olmagan edilar.

To‘g‘ri, Ikkinchi jahon urushidan keyin Sadriddin Ayniy va Oybekning, keyinchalik esa Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov va boshqa yozuvchilarning asarlari ham Yevropa va Osiyo xalqlari tillariga tarjima qilinib, shu xalqlarning ham madaniy mulkiga aylana boshladi. Demak, bu yozuvchilarning asarlari jahon adabiyoti andozalariga muvofiq keladigan asarlar, ularning o‘zlari ham hozirgi jahon adabiyoti namoyandalari bilan tenglasha oladigan ijodkorlar deb topildi.

O‘zbek adabiyoti yaqin-yaqingacha “sovet adabiyoti” degan ko‘p millatli adabiyotning bir qismi sifatida yashab kelgan bo‘lsa, hozir jahon adabiyotining tom ma’noda tarkibiy qismidir. “Jahon adabiyoti”ning “sovet adabiyoti”dan farqi, avvalo, shundaki, “sovet adabiyoti”dan farqli o‘laroq, “jahon adabiyoti” oilasiga mansub adabiyotlar tasvir ob’ekti, qahramonlari, tili va uslubining milliy o‘ziga xosligini to‘la saqlab qolganligi  hamda “g‘oyaviylik, partiyaviylik va zamonaviylik” kishanlaridan xalos bo‘lganligi bilan ajraladi va qadrlanadi.

Sharq – shoirlar vatani. Sharkning ajralmas qismi O‘zbekiston ham shoirlar vatani. Jadid she’riyati bulog‘idan otilib chiqqan 30-yillar she’riyati shunday go‘zal asarlar bilan jilvalanib, ifor taratib turadiki, bu asarlarning mualliflari – Oybek, G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Uyg‘un, Usmon Nosir singari shoirlarni jahon she’riyatining shu davrda yashagan xohlagan namoyandasi bilan qiyoslang, o‘zbek shoirlarining ulardan kam emasligini ko‘rib quvonasiz. Afsuski, sotsrealizm va uning posbonlari shunday she’riyat bulog‘ini quritish uchun barcha choralarni ko‘rdilar. Lekin, 60-yillarda ijtimoiy-madaniy po‘rtananing ko‘tarilishi bilan Mirtemir va Zulfiya ijodida yangilanish jarayoni boshlandi, Asqad Muxtor intellektual-falsafiy she’riyatning darg‘asi sifatida otilib chiqdi; Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, O‘tkir Hoshimov boshchiligida yangi avlod parvoz qildi; bir oz o‘tgach, Xorazm Xayyomi – Matnazar Abdulhakimning ijod bulog‘i  ochildi. Xullas, 60 – 80-yillarda o‘zbek she’riyati yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarilib, jahon she’riyati xazinasini boyita oladigan asarlarni yaratdi. Afsuski, biz bu asarlarni sobiq ittifoq va jahon kitobxonlarining ham badiiy mulkiga aylantirish uchun Naum Grebnev, Yakov Kozlovskiy singari she’riy tarjima titanlarini topa olmadik. Hatto topish lozimligini ham xayol qilmadik.

Bu tilga olingan davr she’riyati poetik mundarijasining rang-ba-rangligi, tuyg‘u va kechinmalarning shaffofligi va jo‘shqinligi, she’riy til, uslub va kompozitsiyasining barkamolligi bilan ajraladi. Bu she’riyatning mavjlaridan  nafaqat Navoiy va Bobur, Pushkin va Geyne,  balki Rasul Hamzatov she’riyatining ham nafasi ufurib turadi.

Sir emas, adabiyot va madaniyat olamida paydo bo‘layotgan yangiliklar dastavval she’riyatning chinni kosasida aks-sado beradi. Suronli, inqilobsevar XX asr nafaqat boshqa ayrim milliy she’riyatlar, balki o‘zbek she’riyatiga ham yangi poetik g‘oyalar va shakllarni olib kirdi. Yangi asr boshlarida klassik aruz vaznining o‘z mavqeini barmoq, hatto sochma vaznlariga bera boshlagani nafaqat yangi tarixiy davr talabi, balki boshqa milliy adabiyotlar ta’sirining ham natijasidir. Ana shu “tarixiy davr talabi” va “boshqa milliy adabiyotlar ta’siri” yillar va davrlar o‘tgani sayin yanada kuchaydi. Nihoyat, XX asrning ikkinchi yarmida Yevropa adabiyotlarida avj olgan modernizm ko‘rinishlari dastlab o‘zbek she’riyatiga, keyin nasriga ham shiddat bilan kirib keldi. Binobarin, biz XX asr o‘zbek she’riyati to‘g‘risida bahs yuritganimizda, o‘zbek modern she’riyatining ham mavjudligini unutmasligimiz kerak. O‘zbek modern she’riyati Yevropa xalqlarining modern she’riyatidan quyidagi xususiyatlari bilan farqlanadi: Agar Yevropa xalqlari she’riyatidagi modernizm o‘qtin-o‘qtin absurd adabiyot unsurlari bilan uyg‘unlashib tursa, o‘zbek modern she’riyati, birinchidan, xalq hayotidan bu qadar olislashishni o‘ziga ep ko‘rmaydi. Ikkinchidan, o‘zbek modern she’riyati zamirida muayyan kayfiyatni, ma’noni, poetik maqsadni ifodalash istagi yotadi. Uchinchidan, ayrim modern shoirlar hatto o‘z she’rlarida realistik adabiyot unsurlaridan ham ma’lum darajada foydalanmoqdalar. Faxriyor, Tursun Ali, Farida Afro‘z, Xosiyat Rustamovaning shu yo‘nalishdagi she’rlari o‘zbek modern she’riyatining eng yaxshi namunalari hisoblanadi.

XX asr o‘zbek adabiyotining katta yutuqlaridan biri shuki, shu davrda badiiy nasr milliy adabiyotimizning muhim qismi sifatida shakllandi va katta taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. A.Qodiriy 20-yillarning o‘rtalarida ikki yirik asari bilan o‘zbek adabiyotida roman janriga asos soldi va o‘zbek romanchilik maktabining asosiy tamoyillarini belgilab berdi. Cho‘lpon yangi tarixiy-adabiy davrda rus va jahon romanchilik maktabining eng yaxshi tajribalarini o‘rganmay va ulardan samarali foydalanmay turib, o‘zbek romannavislik maktabini rivojlantirish mumkin emasligini birinchi bo‘lib sezdi. Cho‘lpon tugallanmay qolgan “Kecha va kunduz” romanining birinchi kitobi bilan o‘zbek romanchilik maktabini ingliz, frantsuz, rus romanchilik maktablari egallagan dovonga olib chiqdi.

1937 yilning dahshatli kunlarida bu ikki adibning “xalq dushmani” sifatida ayblanib otib tashlanishi, asarlarining esa taqiqlanishi bilan o‘zbek romanchilik maktabiga nuqta qo‘yilishi mumkin edi. Lekin shoir Oybek hayotining shu qaltis yillarida o‘zbek adabiyoti oldidagi, ustozlarining yorqin xotirasi oldidagi mas’uliyatini chuqur his qilib, roman janriga qo‘l urdi. U ilk nasriy asari – “Qutlug‘ qon” romanida mustamlakachilik sharoitida yashagan o‘zbek jamiyatining ichak-chavoqlarini ochib tashladi, moddiy qadriyatlar fetishlashgan bir zamonda odamiylik,  mehr va muhabbat, qarindosh-urug‘chilik singari ma’naviy qadriyatlarning xor bo‘lishi muqarrarligini yorqin obrazlar yordamida ko‘rsatib berdi.

Shu davrda ayrim o‘zbek yozuvchilari N.V.Gogol, A.P.Chexov, A.M.Gorkiy singari rus yozuvchilari an’analarini davom ettirib, o‘zbek xalqi o‘tmishining “kirli tomonlari”ni yoritishga g‘ayrat bilan kirishgan bo‘lsalar, Oybek o‘tmishda yashagan munavvar siymolar hayotini o‘rganishga ahd qilib, “Navoiy” romanini yaratdi. Yanglishmasam, shu davrgacha rus va jahon adabiyotida Yu.Tinyanovning Pushkin haqidagi romanidan boshqa ulug‘ shoirlar hayotiga bag‘ishlangan o‘zga asar yaratilmagan edi. Oybek “katta nasr”da ilk bor Navoiy siymosini gavdalantiribgina qolmay, o‘zbek jamiyatining XV asrdagi, Husayn Boyqaro davridagi hayotini butun murakkabliklari va ziddiyatlari bilan haqqoniy yoritib berdi.

Roman qahramonlari orasida Xo‘ja Afzal degan Navoiyning do‘sti ham bo‘lgan.  Hirotda yashagan bu shoir do‘stidan xabar olish uchun Astrobodga borib, Navoiy bilan uchrashadi. Oybek shu voqeani tasvirlab, bunday yozadi:

“Xo‘ja Afzal Navoiy poytaxtni tark qilgandan so‘ng ro‘y bergan voqealarni bir-bir ayta boshladi. Podshoh aysh-ishratga, fisq-fujurga bo‘lgan tamoyilini avjga mindirgan. Burchak-burchakda, kavak-kavakda ilonday to‘lg‘anib, yuraklariga yig‘ilgan qora g‘azabni qanday bo‘shatishning evini topmagan har xil fitnachilar birdan bosh ko‘targanlar. Devonda va butun mahkamalarda xiyonat, rishvat zo‘raygan. Davlat jilovini qo‘lga olgan Majididdin butun yaxshiliklarga ajdahoday olov va zahar purkamoqda. U o‘zini podshohning noibi hisoblaydi. Navoiyning do‘stlari, yaqinlarigina emas, hatto uning shoirligini maqtaganlar, adolatiga tan beruvchilar, xayrixohlik ko‘rsatuvchilar ham Majididdinning omonsiz gurzisi ostida qolganlar. Majididdin xazinaga mablag‘ to‘plash niqobi ostida xalqni talab, yalang‘ochlamoqda. Bosh vazirga hamqur bo‘lgan ba’zi beklar va har xil amaldorlar bir yorliq bilan  katta yerlar olib, tantanali ziyofatlarda, majlislarda haftalab mayxo‘rlik qiladilar, qimor o‘ynaydilar. Bunday qabih, harom uyalarga qizlarni keltirib, ularni fisq-fujurning sassiq tutuni bilan bo‘g‘adilar…”

Navoiy  Xo‘ja Afzalning bu mungli hikoyasini tinglab, “vatan qayg‘usi”da yona boshlaydi. Oybek davom etib yozadi:

“– Do‘stim, –  dedi boshini ko‘tarib shoir, – siz degan alam-angiz manzaralarni men quloqqa chatilgan ba’zi bir xabarlarga suyanib taxminan tasavvur qilar edim. Lekin davlat odamlarining razolat balchig‘iga bu qadar botib ketishlarini xayolimga keltirmasdim (ta’kid bizniki – N.K.)… Biz bu ahvolga hech qachon tomoshabin bo‘lib turmaymiz. Yurtning qorong‘u kechasida aql mash’alini yana baland ko‘tarurmiz.

– Biron manfaati tegarmikin? – umidsizlarcha dedi Xo‘ja Afzal.

– To‘g‘ri, ba’zi maxluqlar nurdan zulmatni ortiq bilurlar. Masalan, ko‘rshapalak uchun hayot tun kirishi bilan boshlanur. Afsuski, jahonning husni va ko‘rki bo‘lgan insonlar orasida zamonamizda shunday ziyo dushmanlari ko‘pdir. Aqlning tantanasi ularni, kuchli sel yer yuzidagi axlatlarni surganidek, hayotning maydonidan adamga sudraydi. Binobarin, biz qayerda bo‘lmaylik, misoli temirchimiz. Zulmning kishanlarini aqlning o‘txonasida eritib, undan hayot uchun kerakli asboblar yasarmiz. Do‘stim, mahkam e’tiqod kerak.”[1]

Navoiy Astrobodga hokim etib yuborilgandan so‘ng Hirotda ro‘y bergan noxush voqealar hamma zamonlar va hamma mamlakatlarda ham bo‘lgan. Shunday yoki shunga o‘xshash voqealar hozir ham dunyoning turli joylarida tinimsiz ro‘y berib turibdi. Majididdinlar davrida Hirot va Hirot aholisining og‘ir ahvolda qolganini eshitgan Navoiy Xo‘ja Afzalni bir oz yupatish va badbaxtliklarga chek qo‘yish istagida yuqoridagi so‘zlarni aytadiki, bu so‘zlarda aniq xatti-harakatdan ko‘ra, balandparvozlik unsuri yo‘q emas. Lekin shu hol roman poetikasining o‘ziga xosligi bilan bog‘liq bo‘lgani uchun biz Navoiy so‘zlaridan uning gumanist shoir va davlat arbobi sifatidagi obrazini yorituvchi nurlarni ko‘ramiz. Umuman, Oybek romanining shu va shunga o‘xshash lavhalarida  Navoiyga xos adolatparvarlik va haqiqatparvarlik shu qadar baland pardada talqin etilganki, G‘arb adabiyotiga xos bo‘lmagan, hatto yot bo‘lgan bu xususiyat o‘zbek adabiyotining milliy adabiyot sifatidagi o‘ziga xosligini anglatib turadi.                                                                                                                                                        

Oybekning “Navoiy” romanida ko‘zga tashlangan patetika va didaktizm unsurlari tarixiy mavzudagi sahna asarlari poetikasida ham ko‘zga tashlanadi.

Shayxzoda “Mirzo Ulug‘bek” tragediyasida ilm-fanning xalq va jamiyat hayotidagi rolini Ulug‘bekning quyidagi nutqi orqali ifodalab, bunday yozgan:

Ulug‘bek

…Fan miyaga kirgan joyda, biling, muhaqqaq,
Na shaytonga o‘rin bordir va na folbinga.
Daqiq fanlar tanishtirar bizga dunyoni.
Koinotga ochib berar es derazasin,
Olib tashlar niqoblarin sirlar yuzidan:
Zamon o‘tar, vahshat bitar, yomonlik ketar,
O‘zgaradi dunyomizda dinlar, millatlar,
O‘zgaradi millatlarda tillar, odatlar.
Ammo fanning shavkatiga cho‘kmaydi g‘ubor.
Yana shuni unutmangki, ilmu ma’rifat
Xudovandning dargohidan bizga inoyat.
U olimning shuurida omonat, xolos.
Uni fisqu fujur uchun qo‘llamoq gunoh,
Yaxshilikka, taraqqiyga xizmat etgan u,
Men sizlarga aytadigan nasihatim shu”.[2]

Ulug‘bekning shu nutqi ham bir oz patetika va didaktizmdan xoli emas. Ammo buni asar mavzui va Ulug‘bekning talabalar bilan uchrashuv vaqtidagi vaziyat taqozo etmoqda. Bu satrlardan Shekspir qahramonlarining nafasi kelayotganini sezish qiyin emas. Umuman, o‘zbek dramaturgiyasida, xususan Shayxzoda tragediyalarida Shekspir teatri an’analari ustuvorlik qiladi.

Oybek va Shayxzodaning mazkur asarlaridagi Navoiy va Ulug‘bekni be­zovta qilgan masalalar faqat o‘zbek xalqi tarixining Navoiy va Ulug‘bek yashagan davri uchungina emas, balki insoniyat tarixining qariyb barcha davrlari uchun ham xos muammolar, orzular va armonlardir. Sirasini aytganda, bu masalalar “Iliada” va “Odisseya” singari yunon eposlari, Shekspir, Gyote va Shiller singari jahon adabiyoti mumtoz namoyandalarining asarlari sahifalaridan ham o‘t sochib turadi.

XX asrning ikkinchi yarmida rus va jahon she’riyatida shunday so‘z ustalari paydo bo‘ldilarki, asarlari inson va insoniyat hayotining dolzarb va muhim masalalarini ko‘targanligi va she’riy shaklining puxtaligi bilan she’riyat muxlislarini maftun etdi. Shunday shoirlardan biri Rasul Hamzatovdir. Uning siri o‘z she’rlarida Sharq she’riyati va avar xalq og‘zaki ijodi an’analaridan samarali foydalanishida bo‘lsa, ajab emas. Ye.Evtushenko, R.Rojdestvenskiy, A.Voznesenskiylar boshlab bergan yangi rus she’riyati jabrdiyda XX asrning og‘riqli masalalarini, sotsrealizmga yot bo‘lgan hayot haqiqatini yorqin ifodalagani bilan, ayniqsa, shuhrat qozondi. O‘zbek she’riyatining eng yaxshi namunalari esa hamisha lirik “men”ning o‘ziga xosligi, lirik qahramon ruhiy olamining boyligi bilan she’riyat shaydolarining muhabbatini qozonib kelgan. Asqad Muxtor shu an’anaviy lirik qahramon obrazini mutlaqo o‘zgacha talqin qilish mumkinligini asoslab berdi. Uning lirik qahramoni o‘zini-o‘zi tahlil qiladi va shu tahlili jarayonida paradoksal xulosalarga keladi. Shoir shu bilangina kifoyalanmay, o‘zbek she’riyatidagi qofiyaning temir qonun-qoidalarini chilparchin qilib buzib  tashlaydi.  Lekin natijada yangi, “asqadona” she’r shakli, she’r tizimi maydonga keladi.

Asqad Muxtor “Havas qilmayman” she’rida sabr degan o‘zbek xalqiga xos fazilatni badiiy tahlil qiladi:

Sabr tagi – oltin. Dono qoida,
Shunga amal qilib yashadim yillab.
Ammo unda qandaydir illat
Borligin sezardim gohida.

Ulg‘aydim, asablar qaqshadi,
Sabr qayda! Naq obijo‘shman.
Har ishga bosh suqib, aytib adi-badi,
Qancha-qancha orttirdim dushman.

Endi kuzataman sabrlilarni:
“Oltin” yig‘adilar bezahmat, besas.
Eskilarmi, hozirgilarmi –
Men ularga qilmayman havas.

Faqat ulargina oltin g‘amlarmi!
Ba’zilar yuladi o‘lik-tirikdan.
Ammo uchratmadim sabru loqaydlikdan
Bir fazilat orttirganlarni.

* * *

Chig‘anoq ichida yotaversa,
qumdan
Gavhar tug‘ilarmish nihoyat…
Quch meni mahkamroq,
sening og‘ushingda
Men ham javohirga aylansam shoyad.

Men bu genial she’rni tahlil qilishga ojizman. Men undagi “yillab-illat”, “qaqshadi-adi-badi”, “obijo‘shman-dushman” singari original qofiyalarni Asqad Muxtorning shu boradagi poetik kashfiyotlarining davomi sifatida qabul qilaman. Lekin she’rning ko‘kka turfa mushaklar shodasi yanglig‘   otilgan va  havoda so‘nmay qolgani tasvirlangan ajoyib xotimasini qarang! “Ammo uchratmadim sabru loqaydlikdan Bir fazilat orttirganlarni” satrlaridagi she’rning mudroq kishilarni uyg‘otib yuboruvchi g‘oyasi-chi?!..

Bunday she’rlar Asqad Muxtor she’riyatida son-sanoqsizdir. Men ularni jahon she’riyatining eng go‘zal namunalari bilan qiyoslamoqchi emasman. Aminmanki, Asqad Muxtor bu masalada “manman”  degan jahon shoirlarini ham dog‘da qoldirgan bo‘lishi mummin.

O‘tgan asrning 60-yillaridan boshlab rus, Yevropa va Amerika yozuvchilarining ko‘plab asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilina boshlandi. O‘tgan davr mobaynida asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan E.Xeminguyey, G.Markes, Ya.Kavabata, A.Kamyu, F.Kafka, X.Kortasar, J.Joys, P.Koelo singari xorijiy yozuvchilarning asarlari o‘zbek yozuvchilari ijodiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Ayniqsa, qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatovning global davr muammolari chaqnab turgan asarlari O‘tkir Hoshimov va Murod Muhammad Do‘st avlodlarining shakllanshida muhim ahamiyatga molik bo‘ldi. Lekin, adabiyotimiz baxtiga, bu yozuvchilar buyuk ustozlari soyasida qolib ketmadilar.

Oybek va Mirkarim Osimdan keyingi o‘zbek romannavisligi to‘g‘risida so‘z borganda Asqad Muxtorning “Chinor”, “Buxoroning jin ko‘chalari”, Shuhratning “Oltin zanglamas”, Odil  Yoqubovning “Ulug‘bek xazinasi”, “Diyonat”, “Adolat manzili” va tugallanmay qolgan “Osiy banda”, Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” va “Avlodlar dovoni”, Uchqun Nazarovning “Chayon yili”, O‘tkir Hoshimovning  “Ikki eshik orasi”  va “Tushda kechgan umrlar”, Omon Muxtorning “To‘rt tomon qibla”, Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar”, Erkin A’zamning “Shovqin”, Xurshid Do‘stmuhammadning “Donishmand Sizif”, Murod Muhammad Do‘stning “Lolazor”, Ulug‘bek Hamdamning “Muvozanat”, Isajon Sultonning “Boqiy darbadar” singari romanlarini tilga olmaslik aslo mumkin emas. O‘ylaymizki, bu asarlar XX asr oxiri – XXI asr boshlaridagi jahon adabiyotining eng yaxshi namunalari bilan bemalol raqobatlasha oladi. Bizning bunday fikrga kelishimizning sababi Erkin A’zam qalamiga mansub romanning ingliz va frantsuz tillariga tarjima qilinishi va shu tilli kitobxonlar tomonidan samimiy kutib olinishi, xorijda Isajon Sulton va Ulug‘bek Hamdam asarlariga bo‘lgan talabning o‘sib borayotganidir.

O‘zbek  yozuvchilari qissa janrida ham samarali ishlarni amalga oshirib, “Muqaddas” (O.Yoqubov), “Erk” (P.Qodirov), “Dunyoning ishlari” (O‘.Hoshimov), “Puankare” (A.Yo‘ldoshev), “Kuza” (X.Do‘stmuhammad), “Urush odamlari” (Nazar Eshonqul) singari 30 dan ziyod ajoyib asarlarni yaratdilar.

Hozirgi o‘zbek nasrining roman va qissa janrlari to‘g‘risida bahs borar ekan, Abdulla Qodiriy va Cho‘lpon boshlab bergan realistik hikoya janrida erishilgan yutuqlarni ham chetlab o‘tish insofdan emas. Asqad Muxtor, Shukur Xolmirzayev, Erkin A’zam, Xurshid Do‘stmuhammad, Olim Otaxon, Ulug‘bek Hamdam, Isajon Sulton singari yozuvchilar o‘zbek milliy hikoyasini shu darajada yuksakka ko‘tardilar va ko‘tarmoqdalarki, ularning sara asarlarini J.London, O’Genri, A.Chexov ijodi muxlislari hukmiga bemalol tavsiya qilishimiz mumkin.

O‘zbekistonda “Jahon adabiyoti” jurnalining tashkil etilganiga 20 yildan oshdi. Jurnal shu davr mobaynida Yevropa va Osiyo, Amerika va Avstraliyadagi milliy adabiyotlarning eng yaxshi asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish bilan birga hozirgi o‘zbek adabiyotining eng salmoqli, boshqa tillarga tarjima qilinishi mumkin bo‘lgan namunalarini ham e’lon qilib bormoqda. Umid qilamizki, bu ikki tomonlama jarayon o‘zbek adabiyotining yangi adabiy maktablar va yangi yozuvchilarning ijodiy tajribalar bilan yanada boyishi, rivojlanishi va integratsiya jarayoniga qo‘shilishida muhim rol o‘ynaydi. Bu jarayonga tortilgan har bir adabiyot unga o‘zining milliy o‘ziga xosligi bilan kirib kelishi va shunday asarlari bilangina jahon adabiyoti bag‘ridan o‘rin olishi mumkin.

 «Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 11-son

______________________

[1] Oybek. Mukammal asarlar to‘plami, VI jild. Navoiy (roman). – T., 1976. – B. 284-285.

[2]1 Shayxzoda M. Asarlar. Olti jildlik. 3-jild. Pesa.  – T., 1972. – B. 185.