50-yillarning boshlarida SSSR Gidrometerologiya Davlat komiteti raisi akademik Yu.A.Izrail rahbarligidagi bir guruh alpinistlar Pomir tog‘ tizmalarining shu vaqtgacha inson oyog‘i tegmagan cho‘qqilaridan birini zabt etdilar. Bu, 3000 metrdan ziyod balandlikdagi, ammo ko‘tarilish g‘oyat qiyin va mashaqqatli bo‘lgan cho‘qqi edi. V.Elchibekov, V.Ratsek, Yu.Strelnikov singari tajribali alpinistlardan iborat guruhning bu cho‘qqini zabt etishi o‘zbekistonlik alpinistlarning ulkan zafari bo‘ldi. Akademik Yu.A.Izrailning tashabbusi bilan bu nomsiz cho‘qqiga shu kunlarda og‘ir xastalikka chalingan buyuk o‘zbek mutafakkir adibi Oybek nomi berildi.
Agar yo‘lingiz tushib, Oybekning Ishchilar shaharchasidagi uy-muzeyiga borib qolsangiz, adabiy qadamjoning birinchi xonasidagi rasmga e’tibor bering. Rassom va alpinist Yuriy Strelnikov mo‘yqalamiga mansub bu rasmda Oybek cho‘qqisi tasvir etilgan.
* * *
Oybek avlodi adabiyot olamiga kirib kelgan vaqtda Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Qodiriy, Fitrat, Cho‘lpon, Hamza singari ustozlar tufayli o‘zbek adabiyoti va tilining yangi taraqqiyot davri boshlangan edi. She’riyatda barmoq vaznining kamol topishi, nasrda realistik hikoya, qissa va roman janrlari hamda dramaturgiyaning paydo bo‘lishi birinchi navbatda shu ustozlar nomi bilan bog‘liq.
Oybek 1922 yildan boshlab she’riyatda tetapoya yura boshlagan paytda Cho‘lpon va yangi turk she’riyati namoyandalarining asarlari yoshlar o‘rtasida mashhur edi. U 20-yillarda boshqa tengdoshlari qatori ana shu she’riyat jilg‘alaridan bahramand bo‘ldi. Oybek 1927-1929 yillarda Leningraddagi Plexanov nomli xalq xo‘jaligi institutida o‘qib yurgan kezlarida A.Blok, V.Bryusov, V.Mayakovskiy singari rus va E.Verxarn singari Farb shoirlari ijodi bilan tanishdi. 1936 yilda “Evgeniy Onegin” she’riy romanini tarjima qilish asnosida A.S.Pushkinning sehrli she’riyatini kashf etdi. 1938 yili esa Oybekning “Rim adabiyoti” xrestomatiyasini tarjima etishi unga jahon adabiyotining oltin sahifalari bilan tanishish imkonini berdi… Ana shu tarzda adabiy bilim doirasining kengayishi bilan Oybek she’riyati ham sayqallanib, yangi shakl, rang va ohanglar bilan boyib, o‘n turt kunlik oydek go‘zallashib bordi.
She’riyat tuyg‘ular gulshanidir. Biz Cho‘lponning “Go‘zal” singari lirik she’rlarini o‘qiganimizda qalbimiz shu gulshandan taralgan nafosat ufori bilan to‘yinadi. Ammo, afsuski, bir tomondan, o‘z ijodi bilan erk va hurriyat uchun kurashgani, ikkinchi tomondan, iskanjaga olingani va shu kurashda sog‘lig‘ini batamom yo‘qotgani uchun Cho‘lpon 30-yillarda o‘zbek lirik she’riyatini yangi ijodiy bosqichga olib chiqish imkoniga ega bo‘lmadi.
Oybekning she’riy iste’dodi xuddi shu davrda olmos qirralari bilan tovlanib yubordi. Ayniqsa, 1936 yili yozilgan va “Chimyon daftari” turkumini tashkil etgan she’rlarida Oybek, Cho‘lpondan keyin, barmoq vaznining aruz singari, hatto aruzga nisbatan ham katta badiiy imkoniyatlarga ega ekanini isbotlab berdi. U o‘zbek she’rining musiqiy-ritmik ohanglarini boyitib, nafis tashbehlar bilan bezangan tiliga yanada sayqal berdi. Lirik qahramonning ruhiy olamini shu qadar ajoyib poetik topilmalar va tasvir vositalari yordamida ochdiki, shoirning lirik tuyg‘u va kechinmani ifodalashda nafaqat Cho‘lpon, balki Pushkin maktabida ham ta’lim olgani kundek ravshan bo‘ldi. U she’rlaridagi zamon va makonni yorqin bo‘yoqlar bilan nurlantirib yubordi; binobarin, uning she’rlarida hayotiylik, haqqoniylik, badiiy haqiqat kuchaydi. Lirik tuyg‘uning teranligi, bokiraligi, porloqligi, poetik tilning esa favqulodda nafisligi Oybek she’riyatining o‘ziga xos belgilari sifatida namoyon bo‘ldi.
Mana bu satrlarga e’tibor bering:
Sen g‘urubning oltin qo‘llaridasen,
Tabassuming, Quyosh, so‘nar ohista.
Dala va qirlardan tiniqlik uchar,
Suvlar oynasiga shom qora surkar,
Xayolning men sokin cho‘llaridamen…
Quyosh botayotgan va tabiat ma’yusona bir kayfiyat og‘ushiga kira boshlagan manzarani Oybek shunday aniq bo‘yoqlar bilan chizgan. Biz bu satrlarni o‘qiganimizda shoirning har bir so‘zi, rassomning bo‘yoqlari kabi, oqshom manzarasini aniq gavdalantirib beradi. Biz ayni paytda tabiatning shu lahzadagi manzarasi kishi ruhida uyg‘otadigan hazin bir holatni, ruhni sezamiz. Bu holat esa bizda mavhum falsafiy o‘ylarga moyillik uyg‘otadi. Oybek o‘zini zabt etgan ana shunday holatni: “Xayolning men sokin cho‘llaridamen” satrlarida aniq va go‘zal ifodalagan.
Oybek lirik she’r ustasi. Ammo u ayni vaqtda o‘tkir nigohli ijodkor. Shuning uchun ham u tabiat manzarasi yoki inson obrazini tasvirlar ekan, siyqa so‘zlar va tussiz bo‘yoqlarga murojaat etmaydi, balki shu manzara va shu insonga xos eng muhim hayotiy tafsillarni topib, she’riyat marjoniga tizadi.
Shoir 1931 yili marhuma onasi Shahodat Nazar qizini eslab yozgan she’rida poetik tafsil san’atidan shunday mahorat bilan foydalanganki, shuning natijasi o‘laroq biz shoirning onasini ko‘z oldimizga yaqqol keltiramiz:
…O‘z chog‘i… Sen yakka ariq bo‘yida
O‘dingga kelgan bir dardli qo‘shiqni
Kuylab sekingina… xayol qo‘ynida
Qatim tortib quchding umid-to‘piqni.
Quyilarkan sekin ruhsiz oqshomlar
Sening yoniq ko‘zlaring qorachig‘ida,
Kunduzgi mehnatning izlari qator…
Biz-la o‘ltirarding ayvon burchida.
Ettinchi lampaning olov tilchasi
Qorong‘ilik bag‘rin asta tilarkan,
Tizzangda bir do‘ppi yo to‘n jiyagi,
Ishlarding tinmasdan, aslo tinmasdan.
Qahraton qish… Sovuq… Titrar qo‘llaring…
Tutolmas ignani… O‘lik bir kecha.
Iliq nafaslari so‘ngan tanchaga
O‘tqizgach bizlarni, ochib kitobing
O‘qirding ichingda…
Aslida, 14 banddan iborat bu she’rni doston deb atash o‘rinli.. Oybek butun bir dostonda ham tasvirlash oson bo‘lmagan ona obrazini ana shu she’rda buyuk shoirona mahorat bilan mujassamlantirgan. Bu she’rdan keltirilgan satrlardayoq zamon va makon obrazlari yorqin qiyofaga ega: Ona ana shu zamon va makonda sekingina “dardli qo‘shig‘i”ni kuylab, qahraton qishda, “ettinchi lampa”ning jonsiz shu’lasida sovuqdan titragan qo‘llari bilan qatim tortadi. Ona ko‘zlarining qorachig‘ida kunduzgi mehnatning izlari ayon sezilib turadi.
Shoir ona obrazini tasvirlar ekan, faqat bir narsani: uning tinmasdan ishlashini, aslo tinmasdan ishlashini ta’kidlaydi. Biz ayni vaqtda onaning ayvon to‘rida emas, balki bir burchida o‘tirishiga e’tibor qaratmoqchimiz. Zero, xuddi shunday tafsillarda o‘ta mehnatkash, mehridaryo, kamtar, jabrdiyda, xoksor o‘zbek ayollarining obrazlari ochiladi. Oybek she’ridagi yana bir g‘oyat muhim narsa onaning bolalarini yotqizgach, o‘sha sovuq kechada kitobini ochib o‘qishidir. Lirik syujet ana shu nuqtaga yetganida portlab ketgandek bo‘ladi…
“Onamni eslab…” she’ri oybekona liro-epik she’riyatning yuksak namunasi. Oybekning she’riy merosida bunday durdonalar oz emas. Kezi kelganda aytish joizki, Hamid Olimjon qalamkash do‘stini “prozada shoiru poeziyada prozaikdir”, deb bejiz ta’riflamagan. Oybek o‘z iste’dodining xususiyatidan kelib chiqib, 1933 yildan to so‘nggi nafasiga qadar doston janrida boshqa barcha o‘zbek shoirlariga qaraganda izchil va samarali mehnat qilgan va 18 ta doston yozgan. Bu dostonlar xalq, mamlakat va Oybek yashagan davr hayotining eng muhim masalalariga bag‘ishlanganligi, xalq manfaati yo‘lida yashagan va kurashgan fidoyi kishilar obrazini yaratishga bag‘ishlanganligi, o‘zbek she’riyatida realistik tasvir san’atining qaror topishidagi o‘rin va ahamiyati bilan, ayniqsa, qimmatlidir.
Oybek shoir sifatida lirik va liro-epik durdonalar yaratibgina qolmay, lirik (masalan, “Navoiy”), dramatik (masalan, “Mahmud Torobiy”)doston janrlariga asos soldi; uch satrli (tertset) va “Onegin bandi” ta’sirida o‘n satrli (“Qizlar” dostonida) band tizimlarini, shuningdek, mansur she’r janrini boshlab berdi; eng muhimi, Abdulla Qodiriy va Cho‘lponlar tufayli shakllangan o‘zbek adabiy tiliga oybekona sayqal berdi.
O‘zbek she’riyatining XX asrda yangi, yuksak bosqichga ko‘tarilishida Oybekning hissasi buyukdir.
* * *
Oybek-shoirni uch muhim fazilat ajratib turadi. Bular bilim va dunyoqarashning kengligi, tuyg‘u va fikrning o‘zaro munosabatida fikrning ustuvorligi va liro-epik tasvirga moyillikdir. Xuddi shu xususiyatlar Oybekning nasr olamiga dadil kirib kelishida asos bo‘ldi.
Oybek birinchi romani “Qutlug‘ qon”ni 1938 yili, 33 yoshida yoza boshladi. Shu vaqtda u “Tuyg‘ular”, “Ko‘ngil naylari”, “Mash’ala”, “Baxtigul va Sog‘indiq” singari she’riy kitoblarning, “Evgeniy Onegin” she’riy romani tarjimasining muallifi, mashhur shoir edi. Oybek she’riyat sohasida katta yutuqlarga erishganiga qaramay, she’riyat torlik qila boshlaganini sezdi. Chindan ham, 30-yillarning o‘rtalariga kelib, u katta ijodiy kuch-quvvatga to‘lgan, xalq va mamlakatning olis va yaqin o‘tmishi hamda hozirgi kuni haqidagi bilimi, mushohadalari, dardli fikrlari boshi va yuragiga sig‘may qolgan edi. Shuning uchun ham shoir ichki ehtiyoj talabi bilan “Qutlug‘ qon” romanini yozishga kirishdi.
1937-1938 yillarning qonli kunlarida Oybek kambag‘al oiladan chiqqanligi va sho‘ro o‘quv yurtlarida tarbiyalanganligi tufayli qatag‘on qilichidan omon qolgan, lekin xizmat qilayotgani Til va adabiyot instituti hamda O‘zuvchilar uyushmasidan haydalgan edi. Bunday kimsaning nafaqat asarlari, hatto nomining ham matbuotda chiqishi mumkin emas edi, o‘shanda. Oybekning shunday qaltis tarixiy davrda va mushkul iqtisodiy-ruhiy sharoitda roman yoza boshlashining o‘zi tom ma’noda jasorat edi.
“Qutlug‘ qon” o‘zbek xalqining XX asr boshlaridagi milliy uyg‘onishi haqidagi asar. Oybek Toshkentdagi 1916 yil voqealarining shohidigina bo‘lmay, Turkistondagi milliy uyg‘onish harakatining rahnamolaridan biri Munavvar qorining shogirdi hamdir. Shu so‘nggi omil adib dunyoqarashining shakllanishiga katta ta’sir ko‘rsatgan. U “Qutlug‘ qon”da mustamlaka sharoitida yashagan, cheksiz-chegarasiz zulm orqasida sabr kosasi to‘lgan xalqning Birinchi jahon urushi arafasidagi og‘ir ahvolini L.Tolstoy singari daho san’atkorlarga xos zo‘r badiiy kuch bilan ochib berdi.
Adib badiiy maqsadining ro‘yobga chiqishi uchun xalqning mustamlakachilik sharoitida ikki sohilga ajralib chiqqan vakillarini, bir tomondan, Yo‘lchi va Gulnor, ikkinchi tomondan, Mirzakarimboy va uning kuyovu farzandlarini qahramon qilib tanladi. Aslida, Yo‘lchi Mirzakarimboyning jiyani bo‘ladi: ular qarindosh. Binobarin, asarda o‘zaro yaqin qarindoshlar hayoti misolida o‘zbek xalqi tarixining muhim bir davri badiiy tadqiq etilgan.
Oybekning ushbu asarni yozishdan maqsadi xalq milliy ongining uyg‘onishini ko‘rsatish. Shuning uchun ham u, bir tomondan, xalqning ijtimoiy omillar ta’sirida turli qatlamlarga bo‘linib ketishini, ikkinchi tomondan esa, zulm va zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan qatlamning qashshoqlanishi va insoniy huquqlarining paymol etilishini tasvirlashga alohida e’tibor berdi. Xalq ikki qatlamga ajralib chiqqach, boylar qatlami kambag‘allar qatlamiga zulm o‘tkazishi, ularni xizmatkorlarga aylantirishi, ularning inon-ixtiyori, erk-irodasi bilan hisoblashmasligi tabiiy. Xuddi shuningdek, bu ikki qatlam o‘tasida nizo va janjal chiqishi ham tayin. Mustamlakachi davlat esa xalqning parchalanishidan ham, ichki nizo va kurashlardan ham manfaatdor. Lekin u Turkiston aholisini mute va itoatkor omma hisoblab, katta xatoga yo‘l qo‘yadi: Birinchi jahon urushida Rossiyaning tang ahvolga tushishi munosabati bilan 19 yoshdan 43 yoshgacha bo‘lgan kishilarning front orqasida qora ishlarni bajarishi uchun safarbarlik e’lon qiladi. Bu, sabr kosasi to‘lgan xalqning milliy uyg‘onishi va kurash maydoniga chiqishiga sabab bo‘ladi. Oybek o‘z asarida katta ijtimoiy ahamiyatga molik shu voqeani badiiy tasvir doirasiga tortadi.
“O‘tkan kunlar” romanining kitobxonlarga manzur bo‘lishining asosiy sababi Otabek bilan Kumush muhabbatining yuksak mahorat bilan tasvir etilishida. Agar “Qutlug‘ qon”da ham Otabek bilan Kumush muhabbatiga teng yoki yaqin ishqiy syujet chizig‘i bo‘lmaganida kitobxonlar ommasi asarni, shak-shubhasiz, shavq-zavq bilan o‘qimagan bo‘lardi. Oybekning san’atkorlik mahorati shundaki, u o‘z oldiga muhim ijtimoiy masalani badiiy tadqiq etganiga qaramay, muhabbat chizig‘ini asarning badiiy to‘qimasiga ustalik bilan singdirib yubordi. Natijada kitobxon Yo‘lchi bilan Gulnor fojiali muhabbatining tasviri osha asarda tasvirlangan ijtimoiy masalalarni idrok etish imkoniga ega bo‘ldi.
Xullas, adib 1937-1938 yillardagi qonli voqealarni boshidan kechirgan va yana shunday voqealar tufayli azob-uqubat chekishi mumkin bo‘lgan zamondoshlariga xalqning 1916 yil voqealariga bo‘lgan faol munosabatini eslatish bilan ularda ijtimoiy faollik va murosasizlik xislatlarini tarbiyalashga intildi.
Agar Abdulla Qodiriy “O‘tkan kunlar” asari bilan romantik tasvir tamoyiliga asoslangan va Sharq adabiyoti an’analari bilan uyg‘un bo‘lgan o‘zbek romanchilik maktabiga asos solgan bo‘lsa, Oybek Yevropa adabiyotidagi badiiy tasvir mezonlariga to‘la javob bera oluvchi birinchi realistik o‘zbek romanini yaratdi.
“Qutlug‘ qon” o‘zbek xalqining mustamlakachilik davri haqidagi asar. Ayonki, o‘zbek xalqi tarixining bu sharmandali davridan avval xalq va mamlakatning gullab-yashnagan davrlari ko‘p bo‘lgan. Shulardan biri Amir Temur va Temuriylar davridir.
Oybek o‘zining ikkinchi buyuk romanida ana shu davrga, shu davrning timsoli bo‘lgan buyuk mutafakkir shoir va davlat arbobi Alisher Navoiy hayotiga murojaat etdi.
Adibning “Navoiy” romani yaratilguniga qadar Yevropa, shu jumladan, rus ijtimoiy fanlarida “Navoiy fors shoirlarining taqlidchisi”, degan qarash hukmronlik qilgan. Sovet mafkurasi Navoiyga berilgan bunday “baho” bilangina kifoyalanib qolmay, ulug‘ o‘zbek shoirini “feodal davr kuychisi”, deb ham atadi. Bu, o‘z mohiyatiga ko‘ra, Navoiy bilan XX asrdagi o‘zbek xalqi o‘rtasiga qo‘yilgan temir parda edi. Oybek o‘z romani bilan ana shu pardani parchalab tashladi. U “Navoiy” romanini yozishdan avval shoir yashagan davrni, uning hayoti va ijodini tadqiqotchi olim sifatida puxta o‘rganib, shunday ilmiy maqolalar yozdiki, bu maqolalar o‘zbek adabiyotshunosligida navoiyshunoslik fanining vujudga kelishida poydevor bo‘lib xizmat etdi.
Shunday katta tayyorgarlik bilan asar yozishga kirishgan adib Navoiyni o‘zbek xalqi tarixining burilish nuqtasida maydonga kelgan, shu davrdagi milliy uyg‘onishning timsoli hisoblangan mutafakkir va gumanist (insonparvar) shoir sifatidagi purviqor obrazini yaratdi. Roman Farb va Sharqdagi qator tillarga tarjima qilindi. Turli mamlakatlardagi kitobxonlar roman muallifiga Navoiyni xalqqa tiriltirib, qaytib bergan yozuvchi sifatida hurmat bildirdilar. Oybek bu o‘lmas asari bilan o‘zbek adabiyotida tarixiy-biografik roman janriga asos soldi.
“Navoiy” romanining “O‘tkan kunlar” tarixiy romanidan farqi avvalo shundaki, birinchidan, Oybek o‘z asariga tarixiy shaxslarni asosiy qahramonlar sifatida olib kirgan bo‘lsa, ikkinchidan, asarda bosh qahramonning muhabbati tarixini emas, balki Sultonmurod bilan Dildorning ikkinchi rejadagi qahramonlarning muhabbatini tasvir etdi va kitobxondagi ruhiy ehtiyojni shunday yo‘l bilan qondirdi. Ayni paytda bu muhabbat chizig‘ini romandagi asosiy voqealar tizmasi bilan uzviy ravishda bog‘lay bildi. Uchinchidan, adib adolatli shoh va xalq, Navoiy va xalq, Navoiy va urush, Navoiy va madaniyat taqdiri, Navoiy va xalqlar do‘stligi singari masalalarni badiiy talqin etdi hamda zamondoshlari uchun muhim, kelgusi avlodlar uchun esa ibratli bo‘lgan ijtimoiy-falsafiy qarashlarini shoir obrazi orqali olg‘a surdi.
“Qutlug‘ qon” ham, “Navoiy” ham g‘oyat nafis, shirali, kamalak nurlari bilan tovlanuvchi adabiy tilda yozilgan. Bu har ikkala asar Oybek qalamidan to‘kilgan hikmatli iboralar bilan to‘la. Mana, bir-ikki misol:
“Chaqmoq qanchalik balandda chaqmasin, egri bo‘lgani uchun yerning qa’riga borur. Shamki, to‘g‘ri, adldir – kuysa ham boshdan-oyoq nur bo‘lib kuyur”;
“Kishilarni baxtli ko‘rmakning o‘zi baxtdir”;
“Ko‘mirchining yuzi qaro, jallodning ko‘zi qon bo‘lganidek, razillarning razolati ular uchun jazo va sharmandalikdir”;
“Bir gul yuz g‘uncha ochadi”;
“Tabiatning o‘z husni mutlaqning bepoyon jilvalar ko‘rsatgan ulug‘ ko‘zgusidir”…
“Navoiy” ana shunday shohi iplar bilan to‘qilgan ajoyib asar.
Hikoya qilishlaricha, roman sho‘ro davlatining yuksak mukofotiga tavsiya etilganida, davlat boshlig‘i A.A.Fadeevdan: “Qani, ayting-chi, Aleksandr Aleksandrovich, “Navoiy» romanining qanday fazilatlari uchun uning muallifiga mukofot bermoqchisiz?” deb so‘ragan va shunda SSSR O‘zuvchilar uyushmasining bosh kotibi bunday javob bergan ekan: “Agar Aleksey Tolstoy “Ulug‘ Pyotr” romanida Pyotr siymosi orqali rus xalqining bundan 250 yil avvalgi hayotini badiiy mujassamlantirgan bo‘lsa, Oybek o‘z romanida Navoiy siymosi vositasida o‘zbek xalqining bundan 500 yil avvalgi hayotini shunday mujassamlantirgan”.
Chindan ham, biz Oybek asarini o‘qir ekanmiz, unda Navoiy siymosi orqali XU asrda Movarounnahrda yashagan xalq hayotining yorqin manzaralarini ko‘ramiz. Shu ma’noda “Navoiy” romani XU asrdagi o‘zbek xalqi hayotining o‘ziga xos qomusidir.
Oybek Abdulla Qodiriy va Cho‘lponlar nomi xalq xotirasidan sitib chiqarilgan, asarlari kuydirib tashlangan, ularni o‘qish esa o‘ta xavfli bo‘lgan zamonlarda zikr etilgan badiiy polotnolari bilan o‘zbek romanchilik maktabiga g‘ubor qo‘ndirmasdan, uni yanada yuksak pog‘onaga ko‘tardi. Uning bu ikki buyuk asari yaratilajak yangi o‘zbek romanlari uchun badiiy mezon vazifasini bajardi.
* * *
Navoiy Oybek ijodining qalbi.
Oybek 1928 yildan Leningraddagi Plexanov nomli Xalq xo‘jaligi institutida o‘qib, ayni paytda Jonli Sharq tillari institutida ishlab yurgan kezlaridan to umrining so‘nggi kunlariga qadar Navoiy yashagan tarixiy davrni, shoir hayoti va ijodini tinmay o‘rgandi va u haqda turli janrlarda asarlar yaratdi. Aytish mumkinki, u butun umri davomida Navoiy olami bilan yashadi.
Oybekning bu qutlug‘ mavzuga bag‘ishlangan “Navoiy haqida” va “Xamsa”ning asosiy obrazlari” degan ikki yirik tadqiqoti 1935-1936 yillarda navoiyshunoslik ilmining ilk namunalari sifatida maydonga keldi. Shundan keyin Oybekning “Navoiyning dunyoqarashi masalasiga doir”, “Navoiyning “Majolis-un nafois” asari haqida” (1940), “Navoiyning tarjimai holi” (1941), “Navoiyning adabiy merosiga doir” (1948) degan tadqiqotlari yuzaga keldi. Oybek Navoiyning 500 yilligi munosabati bilan 1948 yil may oyining o‘zida qardosh xalqlarning o‘ndan ziyod tilida o‘ttiz dan ortiq gazeta va jurnal maqolalarini e’lon qildi. U, boshqa navoiyshunoslardan farqli o‘laroq, ulug‘ shoir hayoti va ijodini rus tili orqali sobiq sho‘ro mamlakati va jahon miqyosida targ‘ib etishga alohida e’tibor berdi. Oybekning rus adabiyotshunosi A.Deych bilan hamkorlikda yozgan maqolalari 1968 yili alohida kitob shaklida nashr etildi. 1948 yilda Navoiy yubileyining sobiq ittifoq miqyosida baland saviyada nishonlanishida O‘zbekiston O‘zuvchilar uyushmasi raisi, navoiyshunos olim va adib Oybekning xizmatlari ulkandir.
Oybek Navoiy siymosiga shoir sifatida ilk bor 1937 yil mayida, o‘zbek san’atining Moskvadagi dekadasi kunlarida murojaat etib, “Navoiy” lirik dostonini yaratdi. 1942 yilning qahraton qishida tugallangan “Navoiy” romani 1944 yilda nashr etilib, rus (1945), latish (1947), litva, eston, chex, frantsuz (1948), qozoq (1949), ukrain (1950), uyg‘ur (1952), turkman (1955), xitoy (2002) tillariga tarjima qilindi. (Birorta o‘zbek yozuvchisining asari shu vaqtgacha bu qadar ko‘p tillarga tarjima etilmagan.) Oybek ana shu tarzda, ham navoiyshunos olim, ham shoir, ham romannavis yozuvchi sifatida Alisher Navoiyni har bir o‘zbek xonadoniga barhayot siymo sifatida olib kirdi, uning jahon badiiy madaniyatidagi qonuniy o‘rnini tiklab berdi.
Oybek adabiyotshunos, tarixchi, adib sifatida o‘zbek fani va madaniyati ravnaqiga qo‘shgan katta xizmatlari uchun 1943 yilda yangi tashkil etilgan O‘zbekiston Fanlar akademiyasiga haqiqiy a’zo etib saylandi.
Adib “Navoiy” romanini yozgan vaqtda “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun” dostonlari muallifining muhabbati tarixi hamda bolalik va yoshlik yillarini tasvirlashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ymagan edi. Shuning uchun ham u hayotining so‘nggi faslida ijodidagi shu kemtikni to‘ldirish niyatida “Bola Alisher” qissasi hamda “Guli va Navoiy” dostonini yozdi (1968).
Agar umr vafo qilganida Oybek adabiy va ilmiy navoiynomasini yaratishda yana davom etgan bo‘lardi.
* * *
Oybek nafaqat Navoiy ijodi bilan shug‘ullangan adabiyotshunos va tarixchi olim, ayni paytda zamonaviy adabiy jarayonning ham nozik bilimdoni va tadqiqotchisi bo‘lgan. U 1934-1937 yillarda hozirgi Til va adabiyot institutining ilmiy xodimi, 1943-1951 yillarda esa yangi tashkil etilgan O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi va akademiya gumanitar fanlar bo‘limining rahbari bo‘lib xizmat qilgan. Shu davrda u “So‘nggi yillar o‘zbek poeziyasi”, “O‘zbek poeziyasida til” (1934), “Abdulla Qodiriyning ijodiy yo‘li” (1936), “O‘zbek sovet” adabiyotining yuqori g‘oyaviyligi uchun” (1947), O‘zbek poeziyasining tarixiy taraqqiyoti to‘g‘risida” (1948), “Yigirma besh yil mobaynida o‘zbek sovet poeziyasi” (1949) singari tadqiqotlar, A.S.Pushkin, I.A.Krilov, L.N.Tolstoy, A.P.Chexov, A.M.Gorkiy, N.S.Tixonov singari rus, Hamza, S.Ayniy, Cho‘lpon, Fafur Fulom, Hamid Olimjon, Zulfiya, Hasan Po‘lat kabi o‘zbek, Fayz Ahmad Fayz, M.Avezov, B.Kerboboyev singari Sharq adabiyoti namoyandalari to‘g‘risida ko‘plab maqolalar yozgan. (Afsuski, Oybekning Otajon Hoshim bilan 1935 yilda yozishi rejalashtirilgan 12 bosma taboqli “Mustamlaka davri adabiyoti” hamda 5 bosma taboqli “Muqimiy va uning “Tanlangan she’rlari” tadqiqotlarining taqdiri bizga ma’lum emas.)
Oybekning adabiyotshunoslikka oid tadqiqot va maqolalari orasida Abdulla Qodiriy va Cho‘lponga bag‘ishlanganlari, ayniqsa, muhim ahamiyatga ega. “Abdulla Qodiriyning ijodiy yo‘li” monografiyasi sovet mafkurasining ta’siridan xoli bo‘lmagan va buni Oybekning o‘zi ham e’tirof etgan bo‘lsa-da, mazkur tadqiqotning asosiy pafosi “O‘tkan kunlar” romani muallifining badiiy mahoratini ochishga qaratildi. Oybek bu tadqiqoti bilan birinchi o‘zbek romanini vulgar sotsiologizm marralaridan turib baholagan Sotti Husaynga keskin zarba berdi. Uning 1927 yilda Usmonxon Eshonxo‘jayevning “O‘zbek shoirlari. Cho‘lpon” g‘ayriilmiy maqolasiga qarshi “Shoir Cho‘lpon ijodini qanday tekshirish kerak”, “Munaqqidning munaqqidi” maqolasiga qarshi esa “Munaqqidning munaqqidi” maqolasining muallifiga javob” degan maqolalari tom ma’noda ilmiy va ijodiy jasoratdir. Oybek bu maqolalarida Cho‘lponni rus aristokratiyasi vakili Pushkinga muqoyasa qilish orqali ustoz shoirni donolarcha himoya qildi.
* * *
Oybekning boy adabiy merosida tarjima alohida o‘rinni egallaydi.
Adib 1937 yilning qonli bo‘roni tingach, 1938 yil oxirida O‘quv-pedagogika Davlat nashriyotiga tarjimon lavozimida ishga qabul qilindi. Shu davrda u “Antik adabiyoti” majmuasining Rim adabiyotiga bag‘ishlangan 2-jildini tarjima qilib, o‘zbek kitobxonlariga jahon adabiyotining ilk manbalaridan biri bilan tanishish imkonini yaratdi. Shundan keyin u “Dovud Sosunli” armon eposi, A.S.Pushkinning “Evgeniy Onegin” she’riy romani, Molerning “Tartyuf” komediyasi, M.Yu.Lermontovning “Maskarad” dramasi, V.G.Belinskiyning mashhur maqolalari hamda qator xorijiy shoir va yozuvchilarning asarlarini o‘zbek tiliga o‘girdi.
U hayotining bir kunini ham adabiy mehnatsiz o‘tkazgan emas. Hamisha ijod iqlimida yashagan adib uchun adabiyot xalq va mamlakatni yuksak g‘oyalar va ideallar asosida olg‘a yetaklovchi buyuk kuch edi. U o‘zining oltin qalami bilan o‘zbek xalqini yer kurrasidagi taraqqiy etgan xalqlar qatoriga olib chiqishga intildi. Ammo bunday istak va orzu bilan yashagan kishilar mustabid davlat rahbarlari nazarida “millatchi”lar bo‘lishgan.
Stalincha qatag‘onning navbatdagi to‘lqinida 1937 yil doridan bazo‘r omon qolgan Oybek boshiga tuhmat va malomat toshlari yog‘ildi. “Do‘stlar” “Navoiy” romanini titkilab chiqib, undan millatchilik nishonalarini, “O‘zbek poeziyasining antologiyasi”ga Oybek yozgan kirish maqolasi va u muharrirlik qilgan “O‘zbek adabiyoti” darsligidan mafkuraviy “xato”larni “topdilar”. Adib qardosh yozuvchilar bilan birga Pokistonga borganida o‘sha yerda qolmoqchi bo‘lgan, deb ig‘vo tarqatdilar. Uning partiya va profsoyuzga to‘lagan a’zolik badallarini hisoblab chiqib, ozgina farqni respublika kasaba uyushmalari plenumiga ko‘tarib chiqdilar.
Oybekning kundan-kunga ortib borayotgan shuhrati tufayli kimlardir rohat va farog‘atlarini yo‘qotgan edilar. Ular NKVDning Oybek atrofiga qo‘ygan tuzoqlarini intiqlik bilan kuzatibgina qolmay, uning shu tuzoqqa ilinishi uchun baholiqudrat harakat qildilar. Natijada 1951 yil 16 aprel kuni Oybek insult xastaligiga yo‘liqib, tili va o‘ng qo‘lidan hayot asari ketdi.
Bu, Oybek ijodining minglab muxlislari uchun fojia edi. O‘zbekiston shu kunlarda Oybek tashvishi bilan bilan yashadi. Kitobxonlar sevimli yozuvchilarining sog‘ayib ketishi uchun turli-tuman tabiblarni, davo usul va vositalarini tavsiya etdilar.
Toshkent, Moskva va Pekindagi bir necha yillik davolanishdan so‘ng Oybek yana ijodiy hayotga qaytdi. U o‘z qo‘li bilan yoza olmagani sababli ko‘nglida tug‘ilgan katta-kichik asarlarni vafodor xotini Zarifaxonimga, qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, aytib turdi. U shunday yo‘l bilan 1968 yili vafot etguniga qadar “Oltin vodiydan shabadalar” romanini qayta ishladi, chala qolgan “Quyosh qoraymas” romanini tugatdi, “Ulug‘ yo‘l” romani, “Nur qidirib” , “Bolalik xotiralarim”, “Bola Alisher” qissalari, “Davrim jarohati”, “Guli va Navoiy” dostonlari, talaygina she’r va maqolalarni yozdi.
Ijodga o‘ta tashna adib 1959 yili dilidagi orzu va armonini ifodalab, bunday yozgan edi:
Xastamen… Fikrga, tuyg‘uga to‘lib,
Oy menga hamqadam sokin yuramen.
Sog‘aysam bir kuni yozamen to‘yib,
Hislarga qalbimni qo‘shib yozamen…
Kechalar yururmen telbaday horib,
Boshimda oy borur menga hamqadam.
Xayollar uchadi mash’alday yonib,
To‘yib yozajakmen bir kun sog‘aysam.
Oybekning bu moviy orzusi ro‘yobga chiqmadi. Ammo u xasta holda ham, shoir aytmoqchi, o‘limlarni dog‘da qoldirib, umrining so‘nggi nafasiga qadar ona xalqi uchun, adabiyot uchun mardona mehnat qildi. Uning 17 yil davom etgan xastalik davrida shu qadar samarali ijod qilganining o‘zi mislsiz jasoratdir. Oybek o‘zining 20 jildlik adabiy merosi bilan ko‘p asrlik o‘zbek adabiyotining eng yuksak cho‘qqilaridan birini zabt etdi.
Bu, Oybek cho‘qqisidir.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2004 yil, 12-son