XIX asr adog‘i va XX asr avvalida dunyoga kelgan avlod orasidan shunday ajoyib siymolar yetishib chiqdiki, bu avlod o‘zbek xalqining ma’rifatli, o‘zbek diyorining ozod va obod bo‘lishi yo‘lida fidoyilarcha mehnat qildi hamda yangi o‘zbek ijtimoiy va badiiy tafakkuriga, yangi o‘zbek fani, adabiyoti va san’atiga tamal toshini qo‘ydi.
Taniqli shoir va jamoat arbobi Botu shu muborak avlodning munosib vakili edi.
Botu taxallusi bilan qalam tebratgan shoirning asl ism-sharifi Mahmud Hodiyev bo‘lib, 1904 yil 16 mayda Toshkent shahri Shayxontohur dahasining Qatorterak mahallasida bo‘zchi oilasida tug‘ilgan. Otasi Maqsud Hodiyev zamonasining o‘qimishli kishilaridan bo‘lmasa-da, ma’rifatparvar va taraqqiyparvar kishilar suhbatidan bahramand bo‘lgan, farzandining ham “elim deb, yurtim deb” yonib yashayotgan zamondoshlari izidan borishini astoydil istagan kishi edi. Onasi To‘xta aya esa aqlli, ziyrak, kitobxon, mehribon ayol bo‘lish bilan birga, ko‘plab xalq qo‘shiq va ertaklarining xazinaboni ham edi. Naql qilishlaricha, Mahmudjon besh yoshidayoq “Tohir va Zuhra” ertagini yod olib, biror so‘zini ham qoldirmay, onasiga qo‘shilib aytar ekan. Shunday zehni o‘tkir va tirishqoq bola XX asrning 10-yillarida dengiz yanglig‘ jo‘shib-toshgan ma’rifiy-ijtimoiy hayot bag‘rida tez ulg‘ayadi. U 1918 yilda “Vatan” maktabi qoshida Said Ahroriy tashkil etgan “Izchi” to‘dasi mashg‘ulotlarida, 1919 – 1921 yillarda esa Fitrat tashubbusi bilan tuzilgan “Chig‘atoy gurungi” tashkiloti yig‘ilishlarida millatparvar va hurriyatparvar inson sifatida shakllana boshladi.
1919 yilda “chig‘atoygurungchilar” Navoiyning noma’lum bir rasmini topib, matbuotda ilk bor e’lon qiladilar. Botu bu rasmni ko‘rib, uning o‘z tasavvuridagi Navoiyga aslo o‘xshamasligini aytib: “Bu xayoliy bir surat bo‘lsa kerak, chunki bu rasm, “Qiyofat ul-bashar”da aytilishiga ko‘ra, nozik tabiat, hassos, zarif va basiratli odamning suratiga o‘xshamaydi. Semiz, beg‘am, dudog‘i qalin, barcha narsaga loqayd qaraydigan shaxsni eslatadi”, deydi va yana “Men folbinga o‘xshab ketdimmi-a?” deb qo‘shib qo‘yadi. Fitrat ijozati bilan e’lon qilingan bu rasmga shubha bilan qarash ustozga nisbatan ham, uning ne hasrat bilan topgan rasmiga nisbatan ham hurmatsizlikka yo‘yilishi hech gap emas edi. Lekin Botu Navoiyga bo‘lgan katta ixlosi tufayli shunday “shakkoklik”ka jur’at etgan.
Darvoqe, Botu – yangi o‘zbek she’riyati tarixida Navoiyga bag‘ishlangan birinchi she’rning ham muallifidir. Ulug‘ shoirning katta xizmatlaridan biri, uning nazarida, forsiy tili soyasida qolib kelayotgan o‘zbek adabiy tilida she’riyat durdonalarini yaratib, tilimizning forsiydek go‘zal va boy til ekanligini asoslab berganida edi. Shuning uchun ham Botu 1925 yilda yozilgan “Navoiy” she’rida ulug‘ shoir obrazini yaratishga shu adabiy “rakurs”dan turib yondashgan:
…Arab, forsiy qullari
U so‘zlarni eshitgach,
Xoxolashib kuldilar.
Mazax qilib: “Bu kishi
Telba bo‘lmish”, dedilar.
Bunday yanglish so‘zlarga
U kishi hech boqmadi.
Buyuk tilak yo‘lida
Kecha-kunduz ishladi.
So‘zlarining haqligin
Ishlar bilan ko‘rsatdi.
“U kishi kim?” desangiz,
Aytib beray, o‘rtoqlar.
U kishini bilsangiz,
Buyuk shoir Navoiy.
Shuning uchun, bolalar,
Navoiyni sevaylik.
Navoiyning otini
Oltin bilan yozaylik.
Bu she’r yozilgan vaqtda dastlab Buxoroda Fitratning “Tong” jurnalida va keyinroq Qo‘qondagi “Farg‘ona” gazetasi tahririyatlarida xizmat qilgan Botu Moskvaga borib, 1-Moskva davlat universitetining iqtisod fakultetida tahsil olayotgan edi. U sobiq SSSRning eng nufuzli oliy o‘quv yurtida bilim olish, shu yerdagi adabiy-madaniy hayotni maroq ila kuzatish bilan birga ayni vaqtda zamona zayli bilan Moskvada uyushib qolgan Fitrat va Cho‘lpon, Turor Risqulov va Abdulla Rahimboyev, Nazir To‘raqulov va Akmal Ikromov singari vatandoshlarining Turkiston Respublikasi vakolatxonasidagi yig‘ilishlari, fikr olishuvlari, shatranj o‘ynashlarida ham qatnashib, shoir va shaxs sifatida yuksalish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Shoir Botu baxtli yulduz ostida tug‘ilgan edi. U 1919 yili yozgan dastlabki she’rlari bilan Fitratdek alloma shoir nazariga tushadi. Yosh shoirning yorug‘ kelajagiga ishongan ustoz uni “Chig‘atoy gurungi” tashkiloti yig‘ilishlariga jalb etib, unda tarixga, Vatanga, millatga muhabbat tuyg‘usini uyg‘otadi. O‘zining, Cho‘lpon va Elbekning she’rlaridan tarkib topgan “O‘zbek yosh shoirlari” (1922) to‘plamiga uning ham she’rlarini kiritadi. Bunday katta ishonchga sazovor bo‘lgan Botu ustozlar umidini oqlash uchun o‘z ustida qattiq ishlaydi. 1925 yili uning “Umid uchqunlari”, 1929 yili esa “To‘lqin tovushlari” to‘plamlari chop etiladi. She’rdan-she’rga, to‘plamdan-to‘plamga qalami charxlanib, she’rlari yashnab borayotgan Botu shu yillarda yoshlarning eng sevimli shoiriga aylanadi. Bu quvonchli holning boisi Botu she’rlarida tengdoshlarini bezovta qilgan hayotiy muammolarning, ular qalbida javlon urgan tuyg‘u va kechinmalarning yangi poetik bo‘yoqlar bilan ifodalanganida edi. Ular nafaqat yosh shoirning lirik qahramonida, balki uning she’rlarida tasvir etilgan Sora Eshonto‘rayeva, Germaniyaga o‘qishga borayotgan Xayrinisa Majidxonovalarning obrazlari ko‘zgusida ham o‘z ruhiy hayotlarining ifodalanganini, o‘z orzu-umidlarining ro‘yobga chiqayotganini ko‘rganlar va shu hol Botu ijodiga bo‘lgan qiziqishlarini muntazam ravishda alangalatib turgan.
20-yillardagi o‘zbek she’riyatiga nazar tashlagan kishi poetik mavzuning xiyla yuzaki, hatto plakatlashgan tasviri ustuvorlik qilganini ko‘rmay iloji yo‘q. Bunday qusur Botu she’rlariga ham begona emas. Ammo uning eng yaxshi she’rlari zamirida qandaydir sirli tuyg‘ular, sirli holatlar mavjud, shikasta qalb zamzamalari eshitilib turadi. Shoir o‘z qalbining tag-tagida tug‘yon qilib turgan tuyg‘ularni yuzaga chiqarmaydi. U o‘quvchini o‘z she’rlari mag‘zini chaqishga taklif qiladi.
So‘rma, o‘rtoq, ko‘zlarimda o‘tli yosh qaynashganin,
So‘rma hech bir yuzlarimda qayg‘ular o‘rnashganin,
So‘rma bu majnun ko‘ngilning dard ichida yonganin,
So‘rma bu mahzun xayolning qay ochunda yurganin…
“So‘rma” (1921) deb atalgan bu she’r quyidagi bayt bilan yakunlangan:
Dardlilar dard anglatolmas dardsiza so‘ylov bilan,
Ko‘rsatib bo‘lmas quyoshni ko‘zsiza maqtov bilan.
Fitrat o‘zining ilmiy risolalarida shogirdining bu she’rida qo‘llangan poetik usul va vositalarga e’tibor qaratib, ularni bir necha bor tahlilga tortganki, bu hol “So‘rma”ning unga ayniqsa manzur bo‘lganidan shahodat beradi.
Botu she’rlaridan shu narsa seziladiki, u Moskvaga qilgan safari va Moskvadagi tahsil yillarida o‘ziga va vatandoshlariga nisbatan sovuq munosabatni, hatto hurmatsizlikni ko‘rgan. Ammo shoir bularning hammasi uning ezgu maqsadi oldida hech narsa emas, deb hisoblagan. “Yo‘lchi so‘zi” deb nomlangan she’rning quyidagi satrlari shundan dalolat berib turadi:
Yurtdan, eldan uzoqda
Istiqbol deb yuraman.
Nechundirkim tuzoqda
Elim ongin ko‘raman.
Uzoq va yot yo‘llarda
Turli mudhish ko‘rinish.
Bu zo‘r, ulug‘ dunyoda
Yashash uchun urinish…
…Ko‘rdiklarim har biri
Menim uchun zo‘r saboq.
Bildiklarim har biri
Tuzoq uchun bir yaroq.
Shoirning safar va tahsil chog‘larida chekkan xo‘rlik va xorliklari bu satrlar qatidan ingrab turgandek bo‘ladi. Uning “Ko‘rdiklarim har biri Menim uchun bir saboq” singari satrlarida chaqilmagan ma’nolar yo‘q emas.
Botu yashagan davr har tomonlama og‘ir va murakkab edi.
U Moskvaning begona iqlimida yashagan yillarida yupun kiyingan va to‘yimli oziq-ovqatlarni iste’mol qilolmagan bo‘lsa kerakki, o‘sha yillarda keng tarqalgan sil xastaligiga yo‘liqqan. Hayoti uchun o‘ta xavfli xastalikdan davo topish uchun Yaltadagi shifoxonalardan biriga borib davolangan. Shoir xayolida ming xil tuyg‘ular charx urib, bir-biri bilan oshno bo‘la olmagan bu tuyg‘ular tazyiqida quyidagi satrlarni yozgan:
Kuchli borliq, sirli dunyo, ko‘ngildan ber bir darak,
Ko‘pmi g‘avg‘o, ko‘pmi savdo menga baxsh aylar falak?
Qaysi tog‘da, qaysi bog‘da, qaysi chog‘da sayr etar,
Erki ko‘ngil erkini tun-kun qo‘riqlovchi malak?
Bu cho‘lponona ruh bilan yo‘g‘rilgan she’rda Botu, Pushkinning “Evgeniy Onegin” she’riy romanidagi Lenskiy singari, keyingi taqdiriga nazar tashlamoqchi va uni bilmoqchi bo‘ladi. U, balki, o‘zini qanday sinovu dahshatlar kutayotganini sezgandir, o‘shanda. Ammo agar sezgan bo‘lishiga ham qaramay, “Men yashash maydonida qo‘rqib kurashdanmi qochay?” – deb maqsad yo‘lida ortga aslo qaytmasligini aytgan.
Ha, davr o‘ta og‘ir va murakkab edi. Ammo, bir tomondan, uning yuragida yoshlik taronalari baland pardalarda yangrab turgani, ikkinchi tomondan, u o‘z oldiga xalq va Vatan taqdiri bilan bog‘liq buyuk maqsadni qo‘ygani uchun davrning bu jabru jafolariga dosh berdi. Dosh beribgina qolmay, tabiatining sehrli manzaralariga suq bilan nazar tashlab, bu tashvishli dunyoni unutgandek bo‘ldi; oydin kechalardagi qora paranji yopingan daraxtlarning shitirlashlariga quloq soldi, oyning bulutlar bilan kurashib, ular qurshovidan g‘olibona salobat bilan chiqib kelishlarini ko‘rdi, go‘zal orzular oqqush yanglig‘ qanot yozgan qalbi mavjlarini qog‘ozga tushirdi:
Oyli tun, oppoq, iliq qo‘yningda ozroq dam olay,
Kuchli bir dengiz kabi to‘lqinni tashlab, tinch qolay.
Bir nafas tinch qolganimda orqa-o‘ngga bir qaray,
Kechdigim yo‘llarda qolgan turli izlarni sanay.
Turli izlar ko‘nglidan tilsimli sirlarni so‘ray,
So‘ngra turmush ka’basida sajdalarga bir qaray.
So‘ngra borliq boqchasinda qip-qizil gullar teray,
Sirli to‘lqin amriga fikru xayolimni beray…
Botuning bunday go‘zal lirik she’rlarini o‘qigan kishi uning kelajakda Cho‘lpon an’analarini davom ettirib, o‘zbek she’riyatini yangi bosqichga olib chiqa olish salohiyatiga ega bo‘lganiga qanoat hosil qiladi. Lekin, afsuslar bo‘lsinki, davr unga bunday imkoniyatni bermadi.
Biz yuqorida Botuni baxtli yulduz ostida tug‘ilgan, dedik. Afsuski, mustabid tuzum o‘zining qonli qilichini birinchi navbatda shunday siymolarga qaratgan edi.
Fitrat va Cho‘lponning shogirdi bo‘lmish Botu, zamondoshlarining shahodat berishlaricha, turkiy va forsiy adabiyotning Navoiydan boshlab hech qachon og‘izdan qo‘ymagan. “Botuning sevgan shoirlaridan biri, – deb yozgan edi Laziz Azizzoda, – Fuzuliy edi. Tabiat hammaga katta aql va yuksak iste’dodni beravermaydi. Lirikasi bir olam bo‘lgan Fuzuliy kabi bir shoirning dunyoga kelishi uchun ko‘p vaqt kutish kerak bo‘ladi. Uning:
Ey Fuzuliy, manzili maqsuda yetmak istasang,
Hech rahbar o‘zmaz, atvori mustahsan kabi
parchasidan ham lazzatli she’r, ham ko‘rkam axloq darsi olasiz,” der edi.
Sharq mumtoz adabiyotiga nisbatan otashin muhabbat ruhida tarbiyalangan Botu Moskvaga borganida bilim xazinasini boyitishga katta e’tibor berdi. Agar u 1927-1929 yillarda Toshkentda ishlab turgan chog‘ida O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) olimlaridan A.L.Vaynshteyn, V.A. Klyuchevskiy, V.I.Romanovskiy, A.E. Shmidt, A.Semyonovlar bilan yaqin munosabatda bo‘lib, ular bilimidan bahramand bo‘lishga intilgan bo‘lsa, Moskvada uning qarshisida bundan-da katta imkoniyat paydo bo‘lgani uchun dunyoga mashhur olimlarning, birinchi navbatda A.V.Lunacharskiyning adabiyot va san’at haqidagi ma’ruzalarini “suvdek simirish”ni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi. Universitetda uyushtirilgan adabiy kechalarni, turli-tuman klublarda o‘tkazilgan va tongga qadar davom etgan bahs va munozaralarni, “Nikitin shanbaliklari”ni kanda qilmadi. Bu shanbaliklarda rus shoir va yozuvchilarining yangi asarlari Lunacharskiy ishtirokida tahlil qilinar, ijodiy bahslar o‘tkazilar, taniqli shoirlar o‘zlarining yangi she’rlarini o‘qib berishar edi. Botu shunday adabiy yig‘inlarda A.Serafimovich, M.Bezimyanskiy, M.Jarov singari qalam ahli bilan shaxsan tanishib, ular bilan muloqotda bo‘lgan. Moskvaning qizg‘in adabiy hayoti Botuni mahliyo qilganiga qaramay, u mumtoz rus adiblaridan Pushkin, Lermontov, Tolstoy, Chexov asarlarini ko‘proq o‘qigan. Shoirning rafiqasi Valentina Vasilevaning xotirlashicha, Pushkin uning, ayniqsa, sevimli shoiri bo‘lgan. “Botu, – deb yozgan edi u, – tabiatga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lar, go‘zal narsalarni ko‘rganda mahliyo bo‘lib qolar, quyoshning chiqish va botish paytidagi manzaraga uzoq tikilib turar, Moskvada kezinib yurishni sevar, ko‘rkam uylar, bog‘lar, haykallarga alohida diqqat-e’tibor berardi. Pushkin haykali o‘rnatilgan xiyobon esa uning eng sevimli joylaridan biri bo‘lib, u shu yerda o‘y-xayolga berilib, hordiq olar edi”.
Botu Pushkin haykali qarshisida o‘tirib, o‘y-xayolga berilgan chog‘larida ulug‘ rus shoirining so‘lim she’rlarini ichida yod o‘qir va taqdir unga ijod bilan shug‘ullanish imkonini berganida ularni, albatta, o‘zbek tiliga tarjima qilishni orzu qilar ekan. Uning tarjimon sifatida orzularidan yana biri Chexovning g‘aroyib hikoyalarini ham o‘zbek kitobxonlariga taqdim etish bo‘lgan. Afsuski, Botu Pushkinning birorta she’rini tarjima qilish sharafiga muyassar bo‘lmadi. Chexovning esa faqat “Vanka” degan hikoyasinigina o‘zbek tiliga o‘girdi, xolos.
Botu, naql qilishlaricha, Akmal Ikromov bilan do‘stona munosabatda bo‘lgan. Akmal Ikromov Moskvaga kelganida, odatda “Metropol” mehmonxonasida yashar, ammo u Moskvaga onda-sonda kelgani uchun Botu xotini bilan birga uning xonasida istiqomat qilgan. Taniqli davlat arbobining farzandi Komil Ikromov otasi haqidagi kitobida shu haqda bahs yuritib, bunday unutilmas voqeani bayon etgan: “Mahmud (Botu demoqchi – N.K.) yotoqxonada, Akmal (Ikromov demoqchi – N.K.) esa “Metropol” mehmonxonasida yashagan. Omadni qarangki, Akmal tez-tez Osiyoga borib yashagani uchun xonasini bizlarga qoldirar edi. Biz uning xonasida do‘st-yorlarimizni kutib olardik. Mayakovskiy bizning mehmonimiz bo‘lgan, palov yegan. Bir kuni Yesenin ham kelgan. Bizga uni piyanista deyishardi. U esa bir piyola ham ichimlik ichmadi. Palovdan urdi, aroqqa esa hatto qaramadi.
Mayakovskiy Akmalga Mahmudning iste’dodli ekanini aytgan. Luncharskiy ham: “O‘rtoq Ikromov, bunday shoirlarni ehtiyot qilish, ularga yordam berish lozim”, degan.
Biz uchovlon bo‘lib teatr, kontsert va adabiy kechalarga borar edik. Akmalning ruxsatnomasi bor edi, shu ruxmatnoma bilan bormagan joyimiz qolmagan. Keyin esa bizga Jenya (Akmal Ikromovning rafiqasi Ye.L. Zelkina – N.K.) ham qo‘shilib, biz to‘rtovlon birga boradigan bo‘ldik”.
Bu uzuq-yuluq xotiralardan Botuning Moskvada qaynoq adabiy hayotda yashab, ham zamonaviy, ham mumtoz rus shoir va yozuvchilarining asarlarini zavq bilan o‘qigani, ular mahorati “sir”larini qunt bilan o‘rgangani ravshan bo‘ladi.
Hikoya qilishlaricha, Botu Moskvadan qaytayotganida turli sohalarga oid 3 yarim mingdan ziyod kitobni olib kelgan. Bu kitoblar orasida rus yozuvchilaridan Pushkin, Lermontov, Nekrasov, Tolstoy, Chexov va Gorkiyning, g‘arb yozuvchilaridan Gyugo va Zolyaning, olimlardan esa Bartold, Semyonov, Polivanovlarning ko‘p va yakka jildlik asarlari bo‘lgan, deyishadi.
Moskva Davlat universitetini birinchilar qatorida tugatgan Botuning 1927 yil yozida vataniga qaytishi faqat oilasi va yor-do‘stlari uchun emas, balki barcha toshkentlik yoshlar uchun ham bayram bo‘ldi. U respublikaning o‘sha yillardagi poytaxti Samarqandda qisqa muddat turli lavozimlarda ishlaganidan so‘ng maorif xalq komissari o‘rinbosari etib tayinlanadi. Komissarlik ixtiyoridagi milliy maktablar rus maktablariga qaraganda bir necha marotaba ko‘p bo‘lganiga qaramay, komissarlikka o‘rnashib olgan kimsalar maorif uchun ajratilgan mablag‘ning katta qismini rus maktablariga berib kelganlari ma’lum bo‘ladi. Nafaqat Maorif xalq komissarligi, balki boshqa davlat idoralarini ham ruslar egallab olib, milliy kadrlarga kun bermayotganlari haqidagi faktlar to‘la tasdiqlanadi. Botu shunday hollarni bartaraf etish maqsadida Maorif xalq komissarligida yerlilashtirish masalasini ko‘tardi. Bu, tegishli idoralar tomonidan millatchilik sifatida baholanib, komissarlik xodimlarining Botu boshchiligida katta bir guruhi 1930 yil 23 iyulda qamoqqa olindi.
“1929 – 1930 yillar bo‘lsa kerak, – deb eslagan edi Botuning o‘g‘li, tibbiyot fanlari doktori professor Erkli Hodiyev, – uyimizga Segizboyev, Akmal Ikromov, Fayzulla Xo‘jayev, adabiyotchilardan, yodimda bor, Julqunboy, shoir Abdulla Alaviy (u 1931 yili Yaltada o‘pkasidan qon kelib vafot etgan) va boshqalardan iborat katta davrda to‘plangan edi. Hozirgidek yodimda: norin tayyorlangan. O‘shanda otam o‘rinlaridan turib, menga bag‘ishlangan va yorqin kelajak tilagan she’rlarini o‘qib berganlar. Otam she’r o‘qib bo‘lgach, hamma men kabi bolalarning nurli kelajak me’morlari bo‘lishi va baxtli-saodatli yashashlariga ishonch bildirgan’’.
Bu Botuning oilasi va yaqin kishilari bag‘ridagi so‘nggi baxtli kunlardan biri edi. O‘n yillik qamoq jazosini Solovey orollarida o‘tayotgan Botu 1938 yil Moskvaga chaqirtirib olindi va qayta sud qilinib, o‘sha yilning 9 mayida otib tashlandi.
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 5-son